Salom bilan, Qirmizxon!

0
68
marta ko‘rilgan.

(Jo‘natilmagan maktub)

Rahmatli Ne’matjon Aminov, ya’ni avtorjon aka!
Ushbu xatni Siz hayotligingizda boshlagan edim. Lekin hech tugatolmayapman. Yozgim keladi-yu, Sizga o‘xshab qiziqarli, kulgili qilib yozolmayman-da. Men yozsam, Bashirjon akamdan boshqa hech kim kulmaydi. Qiyomxon akamla ham kulmay qo‘yganlariga ancha bo‘ldi. Zamon o‘zgarib jiddiy bo‘lib qoldilar. Jiddiy yoki jimjit yursangiz omad va amal eshik­lari ochilaveradi, deb o‘ylardilar Qi­yomxon akamla. Shu uchun pista qilib yuribdilar…
Oh, akajonima, Sizning hayotdan juda erta ketganingizni eshi­tib, hamon qayg‘udamiz. “Yolg‘onchi farishtalar” degan hajviy roman yozib, bizlarni judayam mashhur qilib ketdingiz. Iloyo, joyingiz jannatning to‘rida bo‘lsin!
Sizdan keyin qahramonlaringizni hayoti, turmush tarzida katta-kichik voqealar sodir bo‘lib turibdi. Lekin ularning asl mohiyati, qiyofalari o‘zgargani yo‘q. O‘ziyam aslo o‘lmaydigan zo‘r qahramonlarni yaratib ketgansiz-da, aka! Bosh qahramoningiz Bashirjon Zaynishev akamla o‘sha-o‘sha dumbul, hangomatalab, laqma, landovur va hamon kulgiga nishon kimsa. Faqat Vafo attorga og‘ir bo‘ldi. Nogiron xo‘tikchalari u kishining boshlariga yetdi. Xo‘tikchani oyog‘iga nag‘al qoqayotgan ekan, Vafo attorni shundoq ham tepibdiki, og‘zidagi oxirgi tishlari to‘kilib, jag‘i shaqillab qolibdi. Ochilsa yopilmaydi, yopilsa ochilmaydi. Hozir tuman “Mahalla” bo‘limi raisi bo‘lib ishlayotgan Bashirjon Zaynishev “bir uyda ikki nogironni boqish bizga og‘irlik qiladi”, deb Vafo attorni nogironligini bekor qildilar. Shu kunlarda Vafo attor Bashirjon akamning ustidan partalga kunba-kun yozib turibdi.
Shu desangiz, Akaxonimiz Shamsi To‘rayevich ham zamonlar o‘zga­rib, mansabidan ketib, ancha sarson-sargardon bo‘luvdilar. U kishini ko‘p katta dokladlarda tanqid qilishdi. Hatto u kishining rasmlarini siz ishlagan “Mushtum”da bosishdi. Husan Sodiqov degan rassom Shamsi To‘rayevichning basharasini rapida qovoqqa o‘xshatib chizibdi. U kishi haqida gapirmagan. Rasmni ko‘rib kulmagan odam qolmadi. Birov “ashaddiy poraxo‘r” desa, birov “o‘larday mansabparast” deydi. Bittasi “xotinboz” desa, bittasi “yo‘q, xotinlar shamsiboz” deyishdi. Lekin u kishi haqida yaxshi gap eshitmadik…
Xalqimiz aytgandek: “Oyning o‘n beshi qorong‘i bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘” ekan. Zamon yana bir evrildi-yu Shamsi To‘rayevich batamom oqlandilar. Hozir hatto oldingi lavozimlaridan ham yuqori kursida savlat to‘kib o‘tiribdilar. O‘sha viqor bilan yurishlar, o‘sha kerilishlar, o‘sha manmanlik odatlari qolmagan. Quturgan. Shu kunlarda deng, Bashirjon akam o‘pkaning qurtiday g‘imirlab qoldi­lar. Mish-mishlarga qaraganda, tuman “Nuroniy” jamg‘armasini zabt etsalar kerak. Axir, yuqorida soyabonlari Shamsi To‘rayevich turibdilar.
Yana bir gap, akajon! Siz To‘tixon degan mashhur otarchi haqida: “Go‘yandalik san’ati gullab-yashnayotgan bir paytda jon taslim qildi”, deb yozgansiz. U alvasti Sizni boplab aldagan ekan. O‘lmabdi yaramas. Yaqinda uni Abu Saxiy bozorida o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rib qoldim. Yulduzxon opaga o‘xshab, rosa ochilib ketibdila,yuzlarini Amerikaga borib torttirib kelgan, shekilli, g‘o‘najinning yeliniday yaltirab yotibdi.
– Nima ish qilopsiz, – deb so‘rasam. “Man tadbirkorman”, – deydi, – “To‘ti­xon” degan firma ochib olganman. G‘iz etib Turkiyaga, g‘iz etib Dubayga borib-kelaman. Bu yog‘i Qo‘qon, Urgut, G‘ijduvon, Hazorasp, u yog‘i vodiy bozorlarini tovarga to‘ldirib tashlaganman. Labihovuzda turistlar uchun “To‘tipalas” degan mehmonxona qurmoqchiman.
Aka shunaqalarga xudo berdi hozir.
To‘tixon opani shaxsiy oxranasi borakan. Ikkita barzangi kelib, “ko‘p savol bermang”, – deb bilagimdan ushlab chetga chiqarib qo‘yishdi. Qo‘llari toshdan bo‘lganmi, bilaklarim ko‘karib ketibdi.Undan ko‘ra belimdan ushla, he, hezalak. Qiyomxon akam ko‘kargan bilaklarimni ko‘rib qolib, rashk qildilar. “Kimga ushlatdingiz?” deb dag‘dag‘aga o‘tgan edi, man ham shartta yuzlariga solib: “Siz ushlamagandan keyin ushlaydiganlar bor!” dedim. Qiyomxon akam bu gal ham somon dag‘dag‘adan nariga o‘tmadilar. Ko‘zlarini astagina suzib, odatdagiday yerga qaradilar. “Boring-ye, odamni uyol­tirdingiz”, – deb oshxonaga kirib ketdilar. Ana shundoq qilpillab uyalib yuravering, demoqchi edim, tilimni tishladim.
Bozordan chiqib ketayotib “Qirq uchinchi pochcha” kitobingiz qahramoni Chori Niyozni ko‘rib qoldim. Qarib qu­yilmagan sho‘rlik chol, yana bittasiga uylanib olibdi. Xotinchasini darrov tanidim. Mandan keyin Erali aka bilan to‘ylarda yurgan Bodomcha degan raqqosa. Basharasi qurt tushgan puch bodomga o‘xshab qolibdi. Qora ko‘zoynak taqib, qopday kalta ishton kiyib olganiga o‘laymi? Koshki yarashgan bo‘lsa…
Aka, Sizda ozgina ginam bor. Shuni ham qistirib (yana boshqacha tushunmang) ketay. Mani kitobga yozaykansiz bir og‘iz aytmaysizmi yoki bundoq ishora qilmaysizmi? Ba’zi joylarini o‘chirib tashlash kerak edi. Masalan, sug‘urta idorasida Bashirjon Zaynishevga kotibalik qilgan davrimni ochiq-oydin yozgansiz. Har safar o‘qiganda entikib ketaman. O‘ziz ham shu joylarini juda ilhom bilan yozgansiz-da, akajon! Shularni pardaga o‘rab yozsansiz bo‘lardi, deyman-u lekin aslida Bashirjon akamning na rahbar, na odam sifatida sovsem pardasi yo‘q edi. U kishi o‘sha-o‘sha – be­pardaligicha qolgan, na fahm-farosati, na zig‘irdek aqli bor sho‘rlik dovdirning! Lekin shu Bashirjon akani zo‘r qilib yozgansiz-da. Qoyil sizga…
Kitobingizni “U o‘lgan edi. Yana kim biladi, deysiz!” deb yakunlagansiz. Aslo unday emas. Bashirjon Zaynishev o‘lmaydigan, yitmaydigan barhayot qahramonlardan biri. Hayot bor ekan, Bashirjon Zaynishevga o‘xshagan noyob tiplar yo‘qolmaydi. Bashirjon Zaynishev bor ekan, bizga o‘xshab, kulgiga mahkum etilgan qahramonlar ham yashayveradi.
Salom bilan. Qirmizxon!

Xatga ilova: Siz menga qo‘ygan Do‘ltayeva familiyasini ataylab yozmadim. Bunaqa familiya hozir modadan qolgan. Pasportimga Qirmizxon Qosim Hojibobo qizining nabirasi, deb yozdirmoqchiman. Siz nima deysiz?!..

Ashurali Jo‘rayev

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.