Ro‘yo

0
67
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

 

…u qushday uchib keldimi yo kimdir tashlab ketdimi, bu sinoatni anglab ulgurmasdan odamlar girdobiga singidi-ketdi. Hamma joy g‘alati. Hamma narsa o‘zgacha. Go‘yo o‘zga olamga tushib qolgan-u, nima qilarini, nima gapirarini bilmaydi. “Odamlarning ko‘pligiga qaraganda bu yer bozor, shekilli”, degan o‘y keldi xayoliga. Nima bo‘lsa bo‘lar. Notanish bu joylarni bir aylanib, ko‘rgilik narsa topsa-yu ko‘ngil yozsa nima ketdi undan. “Bir ko‘raylik-chi, nimalari bor ekan?” U borar ekan odamlar g‘uj-g‘uj bo‘lgan, ko‘rinishidan juda allambalo narsalar sotadigan do‘kon oldida to‘xtadi va u ham bunga qiziqsindi. Tur­naqator tizilganlarning orasida bir chiroyli juvon, ayniqsa, e’tiborini tortib, o‘zgacha ko‘rinib ketdi. Endi unda odamlar bu do‘kon oldida nimaga tizilib turishganini bilishdan ko‘ra ayolni yaqinroqdan ko‘rish ishtiyoqi ortdi. “O‘-ho‘, uning navbatiga oz qolibdi-ku, men esa ancha orqa­daman”. U shuni o‘ylarkan, ichkaridan bir odam chiqdi-da, baland ovozda dedi:

– Oralaringda tarozi ishiga tushunadiganlar bormi? Bo‘lsa, marhamat, ishimizni osonlashtirib, yordamini ayamasin!

– Men! Men ustaman! – u qo‘lining ko‘tari­lishiga o‘zi ham hayron boqarkan, “o‘zi hech tarozi tuzatganmanmi, nega bunday dedim”, o‘tkazdi xayolidan.

– Shu kishiga yo‘l beringlar! – ichkaridan chiqqan kishi navbatning oxiri tomoniga qo‘l cho‘zarkan, go‘yo qo‘li yetadi-yu bir urinishda uni odamlar orasidan “sug‘urib” oladiganday tuyulardi.

Uni ichkariga boshlar ekan, yelkasiga qoqib-qoqib qo‘ydi. Do‘konning kiraverishi unchalik yorug‘mas, nima bor-yo‘qligi ham aniq bilinmas, sham xiragina nur sochardi. Shuncha odam bu qorong‘i joyga nima istak bilan keldi ekan-a? Tavba! Bir tomonda oq qog‘ozga o‘ralgan katta qoplar, boshqa tomonda qora qog‘ozga o‘ralgan sal kichikroq qoplar. Nima bor ekan-a ichida?

U xayollari bilan bo‘lib, do‘konga nimaga kirgani esidan chiqdi. Do‘kondor unga tarozini ko‘rsatdi. Qarasaki, bir pallasi tushib qolgan tarozi. Uni bir pastda tuzatib qo‘yaman, o‘yladi u. Yo‘g‘-e, ustachilikni biroz cho‘zmasa bo‘lmaydi, o‘sha suluv ayolni yaqindan ko‘raman, ovozini eshitaman deb kirgan bu joyga. Ishlarni biroz cho‘zmasa bo‘lmaydiyov…

Tarozini tuzata boshlarkan, do‘kondor boshqa tarozini oldiga qo‘yib, xaridorga kiravering ishorasini berdi. Semiz, ko‘rinishidan sovuq va qo‘pol bir kishi kirib keldi. “Menimcha, bu kishi o‘sha go‘zaldan ikki yo uch kishi oldinda edi” xayolidan o‘tkazdi. O‘sha sovuqning ovozi ham sovuqqina do‘rilladi:

– Menga bir kilo savob torting.

“Nima dedi?” – Uning xayol qulog‘ini ding qildi bu savdo. Balki shu nomdagi mahsulotdir, o‘yladi ichida. Nima bo‘lsa bo‘lar, qo‘shib qo‘ydi yana ichida. Keyingi so‘rov yana-da dahshatli bo‘ldi:

– O‘shaning yoniga ikki kilo gunohdan ham torting. Maylimi?

“Nima dedi? Gunoh?! Ikki kilo? Tortilgan gunoh? Hazil qilyaptimi bu sovuq? Savoli o‘zidan battar-a?”

– Bo‘lmaydi, aka, ikki kilo ham, bir kilo ham yo‘q. Tarozimiz buzilgan. Ana ustaga aytganmiz, tuzatyaptilar. Hozircha, shu bir kilo savobni olib tura qoling. Istasangiz mana, ikki kilo?

– Iya, boshimga uramanmi ikki kilo­n­gizni?! O‘zingizga siylov?

Sotuvchi xaridorga “mahsulot” o‘rab berarkan “kelib turing”, dedi.

– Kelmayman, agar keyingi gal kelganimda gunohni ortig‘i bilan bermasangiz, qaytib qa­dam qo‘ymayman do‘konizga.

Nimalar bo‘lyapti o‘zi? Tush bo‘lsa tezroq uyg‘onay! Tavba! O‘pkalashini-chi! Jinnimi?

U bu yerdagi ko‘rgan-u eshitayotgan-u ang­lolmayotganini fikrlamay turib hassaga tayangan chol qoralandi. “Otaxon, sizdan oldingi xaridor esini yeb qo‘yibdi, purma’no so‘zlaringizdan ay­ting, meni o‘zimga qaytaring, otaxon!” ichida iltijo qilarkan, lablari qimirladi.

– Menga bir kilo gunoh ber, – deya sotuvchi oldiga tanga tashladi chol.

– Iya-iya, boboy, tinchlikmi? Zo‘rsiz-ku! Savob qancha bo‘lsin?

– Keragi yo‘q, – qo‘l siltadi chol.

– Naga? Naga kerakmas, boboy?

– Yigitligimni eslay, bir gunohlay deyappanda, bola! Ol muni! – Chol pulga ishora qildi.

– Boboy, bugun gunohtarozi buzilgan, ertaga keling. Usta chaqirganman. Pulizni olib keting.

– Ustami? Tez tuzatsin. Ko‘p kuttirmasin. Pul… pul sanda qolsin. Xabar qil.

Qariya ketarkan uning qulog‘i qabul qilgan so‘zlarni miyasi ziddiyatlardi. “To‘xtang, axir, siz…” aytilmagan so‘zlar ichida qoldi.

– Menga shu pulga yetadigan qimmat narsangizdan berarkansiz, dadam aytdi, – yugurib kelgan bola nafasini yuta-yuta zo‘rg‘a gapirdi.

– Dadangga bu pulga bo‘ladiganni o‘lchaydigani buzilibdi, kerak bo‘lsa arzonidan berarkanlar degin, dedi sotuvchi.

– Yo‘q, arzoni shartmas ekan…

Bola uf-uflab chiqib ketarkan, sotuvchi uni to‘xtatdi.

– Ma, buni ol. Hech kimga ko‘rsatmay, ko‘yla­gingga o‘rab ket. Dadang meni o‘rtog‘im bo‘lgani uchun taroziga tortmay beraman. Aytib qo‘y dadangga, gunoh o‘lchaydigan tarozisi buzilibdi, do‘stim bo‘lgani uchun beryapman, dedi deb qo‘ygin, – sotuvchi bu ishidan mag‘rurona qa­dam olarkan ustaga yaqinlashdi.

– Bugun tayyor qilasizmi, usta? Qarang, qancha oluvchilarimni bekor jo‘natyapman. 

U muzlab qolganday tilini aylantira olmas, hozir u agar uxlayotgan bo‘lsa kimdir turib uyg‘otib yuborishini istar, yo o‘ng bo‘lsa… yo‘q, buni o‘ylash…

Birdan ostonada o‘sha go‘zal ayol paydo bo‘ldi va rastaga yaqinlashdi. “Uning kelishi, uning ovozi meni bu bema’ni dunyodan… tushdan qutqaradi. Sening ovozing o‘zingday. Ha, o‘zingday dilbar va mayin ovozing qutqaradi meni bu yerdan. Gapir! Meni o‘zimga keltir! Gapir! Seni tinglamoq istayman..” yodidan kechayotgan so‘zlarni yonidagi go‘zalga aytmoq istagida og‘iz juftlashga tayyorday qadam tashlamoqchi edi…havoda qotdi…

– Hasad urug‘i topiladimi?

“Nima dedi bu? Hasad urug‘i deyaptimi?.. Nahot bu ham o‘shalardan biri bo‘lsa? Uning yorug‘lik, najot istab turgan o‘tinchlarini o‘zi­ning, ko‘zining, so‘zining rangidan-da qora jarlikka itardi go‘yo…

– Bor, yaxshi qiz, bor. Nega bo‘lmas ekan? Siz uchun topamiz-da! Qanaqasidan bo‘lsin? Bir yillikmi yo ko‘p yillik?

– Bir yillik. Hozircha shu bo‘ladi, – sumkasidan tanga olib uzatdi.

– Sizga o‘n gramm qo‘shib beraman, go‘zal ekansiz, – sotuvchi irshaydi.

Go‘zal esa bitta kulib qo‘ydi-da, qanday qilib kelgan bo‘lsa, shunday nozlana-nozlana chiqib ketdi.

Yo‘qqq!.. Endi bunisiga chidab bo‘lmaydi! Bu yerning kulini ko‘kka sovuraman! Yo‘q, uning kulini ko‘kka sovurib bo‘lmaydi! Ko‘k butun yerniki. Uni butunlay yo‘q qilish kerak! Bilma­dim! Bilmadim!.. Nega bilmayman? Tamom!

U shu yerdagi xira yonayotgan shamni olib qog‘oz qoplarga qarata otdi. Yo‘q, oldin bu tarozini chil-chil qilish kerak. Qani endi gunohni savobdan og‘ir o‘lchab ko‘rsin-chi!

U tashqariga odimladi. Do‘kondor “ushlang­lar”, deb baqirar, olomon esa unga yopirilishga shay edi. U “Endi o‘ldim, lek bu do‘konni yo‘q qildim”, deb o‘zini odamlar qurshoviga otdi. Tanasi yengil uchar, xuddi qanot o‘sib chiqqanday qo‘llarini ikki yonga yoyardi. Birdan nimadir qarsillab tushdi.

Ko‘zini ochdi.

– Yaxshiyam, tush ekan… – dedi-da yoqasiga tuflab qo‘ydi…

Zebo SOBIROVA,

Oliy adabiyot kursi magistranti

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.