Sening sochlaringga yog‘moqda umrim…

0
11
marta ko‘rilgan.

Onam va rafiqamga

Qara, yomg‘ir bo‘lib yog‘moqda umrim,
Daraxtdan uzilgan bir yaproq bo‘lib.
Sening sochlaringga yog‘moqda umrim,
Onamning sochiga yog‘ar oq bo‘lib.

Rosti, yomg‘ir bo‘lib yog‘ilib o‘tdim,
Sening yuzlaringga yog‘dim men ko‘proq.
Ko‘proq sening qaro sochingni o‘pdim,
Onamning sochini o‘pdim men ko‘proq.

Sen yurgan yo‘llarga yog‘dim men rosa,
Goho kunduz yog‘dim, goh kecha yog‘dim.
Goh seni sog‘inib yog‘dim men rosa,
Onamni sog‘inib men ko‘proq yog‘dim.

Qog‘ozning yuziga yog‘dim she’r bo‘lib,
Goho aruz yog‘dim, goh barmoq yog‘dim.
Sening tushlaringga yog‘dim sel bo‘lib,
Onamning tushiga men ko‘proq yog‘dim.

Axir yomg‘irman-ku paymonam to‘lib,
Tuyqus yog‘may qolsam, kechir, netarman.
Dunyoga kelgandim men yomg‘ir bo‘lib,
Bir kun yomg‘ir bo‘lib qaytib ketarman…

Yeseninning Geynega

xayoliy maktubi

Osiladi yoki otilar…
Yo‘q qilinar shoirning asli.
Bilasiz-ku, axir, shoirlar
Quvg‘in bo‘lgan Odamning nasli.

Quvilgandi bir zamon Geyne,
Yana Pushkin ketgandi badar.
Bo‘lmasam ham Geyniday geniy,
Men ham quvg‘in, men ham darbadar.

Yursam hamki o‘z vatanimda,
Bo‘lsam hamki o‘rnak har ishda.
Xo‘rlash uchun meni g‘animlar
Quvg‘in qilmas endi Parijga.

Endi qattol dushmandan ko‘ra
Uchragan kas shoirga raqib.
Goho sharpa, goho senzura
Etmoqdadir meni ham ta’qib.

Garchi boshim tutaman mag‘rur,
Qismatimda ne bo‘lsa shayman.
Ammo mening dardim ko‘p og‘ir –
O‘z yurtimga begonadayman.

Janob Geyne, o‘n uch yil ne gap,
O‘ttiz yilki o‘zimga yotman.
Chekmay qo‘ydim endi ortiq g‘am –
She’rim borki, men ham hayotman.

Bir kun tinglab so‘nggi so‘zlarim
Ichsalar ham mayli reynveyn.
Yozmasa bas, menga do‘stlarim –
Shoir o‘ldi degan rekveym.

 

Nasrullo ERGASH,

Oliy adabiyot kursi magistranti

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.