So‘z

0
289
marta ko‘rilgan.

(Doston)

 

Insonni so‘z ayladi judo hayvondin,

Bilkim, guhari sharifroq yo‘q ondin…

Alisher Navoiy

 

Bilmam, qanday tilsim, qanday sir, So‘z yo‘qoldi – gungga aylandim. Tevarakka boqqancha sassiz, sukut ichgan mungga aylandim. Yoppasiga so‘zlar etdi tark, turnalarday bo‘lishdi g‘oyib. Tilsiz bo‘shliq quchdi dilni talx, so‘z izladim o‘ksiz, mung‘ayib. Shu chog‘ ilkis tilim chetidan sakrab tushdi yoqutday bir So‘z: “Men ketmadim ular ketidan – senga sodiq  qolaman, ey, Do‘st! Dadil bo‘lgin. Tur, o‘rningdan qalq, bizni kutar uzoq yo‘l hali. So‘zlasa bas ko‘ksingdagi qalb, uning so‘zi – riyodan xoli…”

Ikkilandim. Holimga boqsam, undan boshqa sirdoshim yo‘q hech. Shubha-gumon sari uloqsam, u ham ketar – keyin bo‘lar kech.

“Mayli, berdim qismatimga tan, yo‘l boshlagin – sendadir izmim. Faqat… avval So‘z Sohibidan birgalikda so‘raylik izn…”

 

Avvalgi so‘z: IZN      

 

Avvalboshda So‘zni yaratib,

Jilo berding bittalab O‘zing.

Koinotga  yog‘du taratib,

Hayrat sochdi har bitta so‘zing.

Har so‘zingdan kengaydi olam,

Ortaverdi borliq zalvori.

Nedir – hali anglamasa ham,

So‘z so‘radi hamma yolvorib.

Samovotni bosdi mast yig‘i…

“Sadafi bor Co‘zlarning!” – deding.

So‘ng Odamni yaratib, yig‘ib

So‘zlaringni, birma-bir berding.

Novvot kabi solding tiliga,

Shimsin, deya, bilsin mazasin;

Naqsh aylasin So‘zni diliga –

So‘zga hayot berib yashasin…

Co‘zlaringni oliy tug‘ qilib,

O‘tdi mayoqko‘ngil insonlar.

Yangi so‘zlar bir-bir tug‘ilib,

Ranginlashdi go‘zal lisonlar.

Jamol ochdi o‘zbekiy tilim –

Bu dunyoga aytar so‘zim bor!

So‘zim bormi, demakki, dilim,

Jonim, ruhim, ya’ni O‘zim bor!

Garchi qurbim yetmas, yo‘q quvvat,

Arzigulik bir so‘z demakka.

Tirishaman baholiqudrat

Biror so‘zga hayot bermakka.

Toki haq kun huzuringda zor,

Bejon qotib, turarkanman gung,

Shu tirik So‘z aytsin istig‘for,

Mening uchun yig‘lasin yum-yum…

Hozir esa, izn ber, shu So‘z

So‘ylamoqchi menga hikoya.

Ergashaman ortidan so‘zsiz,

Ergashaman misoli soya.

Zora, buloq kabi yumilgan,

Qumlar bosgan ko‘zim ochilsa:

Ko‘zyosh to‘ksam – yana yuvilgan,

Gard qoplagan so‘zim ochilsa.

O‘zing qo‘lla!

Yiqilsam – nomus…

So‘z topolmay, to‘lg‘onar ohim.

Shukr, ziyo sochdi uch fonus:

Bismillahir rohmanir rohim!

 

Yo‘lga chiqdik. Tog‘ni ko‘rsatib, So‘z so‘radi: “Nima bu, o‘rtoq?” Ensam qotdi, dedim kesatib: “Igna emas, har holda, bu – tog‘!” So‘z jilmaydi: “Yo‘q, tog‘ emas bu… Bu – cho‘zilgan, zalvorli oyat.  Yo‘l tanobin gurung tortar-ku, tingla, aytay, senga hikoyat…” 

 

Ikkinchi so‘z: OCHUN

 

Olam asli so‘zdan iborat,

Olti tomon va to‘rtta unsur –

So‘zdan bino bo‘lgan imorat,

Izlab topa olmaysiz qusur.

 

Metin so‘zdan yaralgan tog‘lar,

Sharqiroq so‘z oqar daryoda.

Yashil so‘zni yuksaltar bog‘lar,

So‘z jivirlab yotar sahroda.

 

Kiyik emas qochgan – hurkak so‘z,

Fil emas bu – vazmin so‘z, ayon.

Yo‘lbars demang – yovqur so‘z, shaksiz,

Zaharli so‘z – qoraqurt, chayon.

 

Aqlli so‘z, shubhasiz, Odam,

Jonli-jonsiz so‘zlar sarvari.

Lek… aqlidan ayro tushgan dam

Qulaydi u tuban so‘z sari.

 

Ko‘kni bezab turgan yulduzlar –

Bu olamda mangu mayoq so‘z.

Har so‘z mudom o‘zini izlar,

Har mavjudot – sirli, sayyoh so‘z.

 

Hech kim boqiy qolmaydi bunda,

Fursat yetsa, hamma qo‘zg‘olar.

Tirik so‘zga tashna ochunda

Ma’nosini topgan So‘z qolar…

“Demak, izlar har kim ma’nisin, pinhon erur o‘zlik javhari. Kim o‘zini ichdan tanisa, chekinadi to‘siqlar bari. G‘oyib bo‘lar dag‘al pardalar, uziladi zanjirlar qat-qat. O‘char zulm, g‘azab, zardalar – tug‘iladi toza muhabbat…”

 

Uchinchi so‘z: MAVLUD

 

Balki sizga tuyular erish,

Haqiqat shu:

Bu So‘z – ikkiqat!

Garchi yo‘qdir boshida eri,

Maryam kabi pokiza xilqat.

 

Ixlos ahli tushungay uni,

(Imonimiz saqla, Rabbano!)

Tug‘ilajak, to‘lgach oy-kuni,

Masih kabi xaloskor Ma’no!

 

U dunyoga kelgani hamon

Malham bo‘lgay yetim-muhtojga.

Faqat uni johil olomon

Mixlamasa ayovsiz xochga…

 

Sudramasa hislar havoyi,

Munkir hirslar toshlar otmasa.

Etagini tutgan havoriy

Kalimalar pinhon sotmasa…

 

Ka’ba kabi yuksalar Ma’ni,

Tasbeh misol aylanar so‘zlar.

Ko‘rmaysiz hech yot kalimani –

Zikr dilga daricha izlar.

To‘siq bo‘lar na din va na til,

Yaxlitlashar ko‘ngil olami.

Anglagaymiz hammamiz yakdil

Yakka-yolg‘iz Voiz kalomin…

 

“To‘g‘ri, dedim, xaloskordir So‘z –  hikmat bilan to‘lsa botini. Ming vovaylo, dunyoda, afsus, Ma’noning ham ko‘pdir qotili. O‘lja izlab izg‘iydi besar, o‘z ishidan zavq tuyar g‘oyat. Agar ranjib qolmayman desang, so‘ylayman bir ezgin hikoyat…”

 

To‘rtinchi so‘z: QOTIL

 

U so‘zlarni so‘yadi pinhon,

Jon beradi so‘zlar hirqirab.

Jilmayadi (ustu boshi qon)

O‘layotgan so‘zlarga qarab.

 

O‘z qatlini kutadi qator

Qafaslarga solingan so‘zlar:

Qay biri jim – yotar bemador,

Qay biri-chi, yulqinib bo‘zlar.

 

Qilt etmas u,

Bezrayar mamnun,

Qalbi – qotib qolgan qayroqtosh.

Pichog‘ini qayraydi kun-tun,

Kundasiga so‘zlar qo‘yar bosh.

 

Murg‘ak so‘zlar bo‘ladi nobud,

Keksa so‘zlar o‘ladi bir-bir:

Kerak emas ularga tobut,

Kerak emas ularga qabr.

 

Aza ochib, tutilmas motam –

Hech kim kiymas na ko‘k va na oq.

Dunyodagi birorta odam

Bel boylamas so‘zlar o‘lgan chog‘.

 

U biladi buni…

Dasti qon –

Bo‘g‘izlaydi so‘zlarni qo‘yday.

Yozsa hamki elga dasturxon,

Qovurilgan so‘zlarni qo‘ygay.

 

Oh, Xudoyim,

Panoh ber menga,

Asra o‘zing ul g‘ayir ko‘zdan.

Umid bilan keldim zaminga,

Men odammas, men, axir, So‘zman…

 

So‘z mung tortdi. Asta tortinib, dedi: “Esga tushdi eski g‘am. Sen so‘ylagan o‘sha qotilning changaliga tushgandim men ham. Bir amallab qutuldim, shukr, yo‘liqmadim unga qayta, bot. Lek uzlatga chekindim tushkun – ranglarini yo‘qotdi hayot…”

Bosh irg‘adim: “Menga ham ayon, so‘zlar borki – to‘zg‘igan soya: zamirida zaif tortgan jon… Kel, shu haqda qilay hikoya…”

 

Beshinchi so‘z: SUIQASD

 

Qayga qochmay, qayga bekinmay,

Noxush xabar kelar basma-bas:

Olis-yaqin yurtlarda tinmay

So‘zlar qilar o‘z joniga qasd.

 

Qaysi so‘zda charchagan asab,

Shovqin ichra aqldan ozgan:

Mikrofondan baland dor yasab,

Tokli simga o‘zini osgan.

 

Qay kalima alam komida

Tubanlarga tikib ko‘zini –

Qirq qavatli kitob tomidan

Pastga qarab otmish o‘zini.

 

Men ham kecha yo‘lda, rosti gap,

Bejon so‘zning yotganin ko‘rdim.

Guvoh dedi: “Moshin ostiga

O‘zin atay otganin ko‘rdim”.

 

Bu qandayin qayg‘uli maslak?

Bu qandayin dard jilvalari?

Nega so‘zlar bizlarni tashlab

Ketyapti sukunat sari?

 

Javob qildi menga shu zahot

Minoraga naqsh bo‘lgan kalom:

“So‘zlay olmas boshqa hech jonzot,

Sizdan esa… toliqdik tamom!”

 

“Ha, zerikdik… – dedi So‘z beruh, – ammo boshqa na choramiz bor. Shukr, Ma’no quch-quvvat berur – yashagimiz keladi takror…”

“Haq, rost, – dedim – laziz juda jon, insonlar ham bordir xo‘b, sara – so‘zlar bilan yashar jonajon… Huv, bittasi kelyapti, qara…”

 

Oltinchi so‘z: PIYODA

 

Yaxshi tanish menga bu odam,

Yo‘l bosadi har kun piyoda.

Garchi bordir mashinasi ham,

Garchi obro‘, sha’ni ziyoda.

 

Sukunat-la sassiz kengashib,

Kezar yerga tikib ko‘zlarin.

Goho birdan to‘xtar… Engashib,

Olar yo‘lda yotgan so‘zlarni.

 

Manavi so‘z – sut tishidek pok,

Biror bola og‘zidan tushgan.

Manavi so‘z – cho‘g‘ kabi qaynoq,

Shaksiz, oshiq qalbidan uchgan.

 

Manavi so‘z – rangi ko‘p zahil,

Xasta dilning ezgin nolishi.

Manavi so‘z – ancha badjahl,

Tuflagandir puldorroq kishi.

 

Manavi so‘z – juda serajin,

Yo‘qotgandir cholmi yo kampir.

Manavi so‘z – chinlar ichra chin,

Kimdir yo‘lga ko‘mib ketgan sir.

 

Manavi so‘z – o‘lguday badbo‘y,

G‘iybatlarning sassiq qoldig‘i.

Manavi so‘z – kuygan… Hasadgo‘y

Yuragida yongan qobig‘i.

 

Manavi so‘z – billurday tiniq,

Xolis duo, zikrning qismi.

Manavi so‘z – turar qimtinib,

Qaysi mohichehraning ismi…

 

Xullas, bir-bir terib olar u,

Uflab, artib, qo‘yniga solar.

Parda tortgach zulmat-qorong‘u,

So‘zlar bilan yuzma-yuz qolar.

 

Shu’la sochib turar har bir so‘z,

Taratadi sha’n tuyg‘ularni –

Ochilganday go‘yo basir ko‘z…

She’r qiladi odam ularni!

 

Nahot, deysiz, bu sirli saslar

Kimlardandir qolmish to‘kilib!?

O‘qib qolsa endi ul kaslar,

Panalarda yig‘lar o‘kirib…

 

Ta’zim qildi So‘zga piyoda, Piyodaga so‘z ham yukindi: baxti bo‘lgan kabi ziyoda, xalos bo‘lgan misol yukidan…

“Battol emas odamning bari, qotil emas kimki qilsa ov. Yur, boramiz Dildaryo sari…” – yetakladim, So‘z ko‘ndi darrov…

 

Yettinchi so‘z: OV

 

Ko‘ngil degan daryo bo‘yida

Solib turar har kuni qarmoq.

Baliq so‘zlar suzar o‘yida,

Fikri ezgu – faqat qutqarmoq.

 

Suv qa’rida nahanglar kezar,

Sho‘ng‘ib yurar ochko‘z yuholar,

O‘lja isin olisdan sezar –

Yutilgan so‘z tamom yo‘qolar.

 

U so‘zlarni birma-bir tutib,

Solsam deydi akvariumga –

Ya’ni, she’rga… Bu shaffof quti

Najot bo‘lib tuyular unga.

 

So‘zlar esa Qaysdek qaysar,

Qarmoq insa, qochadi gurra.

Hur o‘limni ko‘radi afzal –

Tor kulbada yashashdan ko‘ra.

 

Lek nasiba degan gap ham bor –

Uch-to‘rtta so‘z ilinar har kun.

Yashayverar yana umidvor

Hayotidan axtarib mazmun.

 

Tushida ham ov qilar, hayhot,

To tonggacha qizir og‘ir jang:

Qarmog‘iga ilinar bot-bot

Dunyodagi eng ulkan nahang!

So‘z tik boqdi: “Yashirma, sen ham goh-goh qarmoq solib turasan. Dildaryodan quruq qaytgan dam omadingdan nolib turasan…”

“To‘g‘ri, – dedim, – bu ko‘p nozik jang, mag‘lub uchun yo‘qdir bahona… Hozir esa, qarshi bo‘lmasang, bizni chorlar tomoshaxona…”

 

Sakkizinchi so‘z: HUQQABOZ

 

Gir aylana, to‘garak davra,

Hayrat ichra hamma hangu mang.

Nigohlarni sehrlab, avrab,

Ko‘zboylog‘ich ko‘rsatar nayrang.

 

Cho‘ntagidan cho‘g‘day so‘z olib,

Odamlarning qo‘liga tutar.

So‘ng shu so‘zni yengiga solib,

Bir silkisa –  uchar kabutar.

 

Boshqa so‘zning ostiga o‘tin

Qalab, olov yoqar ustma-ust.

So‘ng “suf” deya so‘ndirib o‘tni –

Kul ostidan olar parcha muz.

 

Uzun so‘zni yotqizib to‘g‘ri,

Qoq belidan tortadi arra.

Bo‘linadi u bo‘g‘in-bo‘g‘in,

Sochiladi zarra va zarra.

 

Va ustidan yopar-u belbog‘,

Silkitadi sirli tayog‘in.

Sakrab turar chaqqon so‘z – bebok,

Butun boshi, qo‘li, oyog‘i…

 

Davom etar tilsim-tomosha,

Mo‘jizaga to‘la sir sandiq.

Dillar hayron, aqllar shoshar,

Kovushini yo‘qotar mantiq…

 

Hayrat ila tarqar olomon,

Huqqabozni Xizr chamalab.

Yolg‘iz qolar…

Bo‘lganday talon,

O‘tiradi boshin changallab.

 

G‘ijimlaydi to‘zg‘in sochini,

So‘z topolmas – ovozsiz bo‘zlar.

Tegrasida yotar sochilib

Kuygan, singan, yarador so‘zlar…

 

“So‘z o‘yini – eng sirli san’at, so‘z ustasi – mohir huqqaboz. Faqat ko‘zni qilib shamg‘alat, mohiyatdan sirg‘almasa – soz…”

“Mohiyatga ko‘zgu so‘zlar bor – sof go‘shada yetar voyaga. Afsus, ular e’tiborga zor. Kel, quloq tut shu hikoyaga…”

 

To‘qqizinchi so‘z: JINOYAT

 

U qishloqda yurgan So‘z edi,

Yashar edi elning og‘zida.

Baxshi bilan yaqin do‘st edi,

Yashnar edi uning sozida.

 

Bir kun qo‘qqis yuragi siqdi,

Go‘yo unga yetmasdi nafas:

“Bu yerlarda juda zerikdim,

Shahar sari yo‘l olaman, bas!”

 

Xeshlar bilan xayr-xo‘sh qilib,

Yo‘lga chiqdi erta saharda.

Mardikorlar bilan qo‘shilib,

Yetib keldi azim shaharga.

 

O, ochildi sodda og‘zi lang,

(Unga hayron tikildi ko‘zlar)

Gangib qoldi –  qildi hangu mang

Poson so‘zlar, olifta so‘zlar.

 

Va nihoyat, yig‘ib es-hushin,

Izlab ketdi biror qo‘nim joy.

Mashhur hofiz esiga tushdi:

“U bag‘riga olgay, hoynahoy”.

 

Katta kentda tentirab, ayni

Shom mahali manzilin topdi.

“Tanimayman seni, og‘ayni” –

Hofiz shartta eshigin yopdi.

 

Ranjimadi, qilmadi ta’na,

Taqillatdi olim eshigin:

“Bizga kerak ilmiy atama –

Sen-chi, fanga yotsan, kechirgin”.

 

So‘nggi ilinj – shoir…

Tantife’l,

Hotam deya qozongan u nom:

“Mayli, faqat, erta-indin kel,

Hozir esa yo‘q sira ilhom…”

 

So‘z izg‘idi, hasratda to‘zdi,

Taskini yo‘q – ovozsiz bo‘zlar…

…Bexos uning yo‘lini to‘sdi

Jinko‘chada ajnabiy so‘zlar.

 

Biri keskin sermadi pichoq,

Biqiniga biri musht soldi.

Cho‘ntaklarin qilishdi-ku qoq,

So‘z yiqildi – cho‘zilib qoldi.

 

Nobud bo‘ldi.

Odamlar loqayd,

Yotar biror daydi mast, deya.

Qishloqda-chi, kuylaydi shu payt

Baxshi juda g‘amgin marsiya…

 

Men xo‘rsindim: “Tanirdim uni, mol boqardik, o‘ynardik birga. U shaharga yo‘l olgan kuni  men ham taslim bo‘ldim taqdirga. Asrolmadim… Ha, zimmamda ayb, shu ekan-da odamning holi: turaverar tilsiz mung‘ayib, kuchlidir goh undan chumoli…”

 

O‘ninchi so‘z: MASLAK

 

Chumolining ishini qarang

(Uvoqcha ham kelmaydi o‘zi),

Yumalatib ketmoqda arang

O‘zidan ham kattaroq So‘zni.

 

Yo‘lda kimlar qilmaydi daxl,

Pistirmada yotvolib poylar –

Tekintomoq, qaroqchi, baxil,

So‘z o‘g‘risi bo‘lgan gadoylar.

 

U hech kimga qilmaydi parvo,

O‘ylamaydi mag‘lubiyatni.

O‘nqir-cho‘nqir, chalkash yo‘l aro

Mayoq qilgan yorug‘ niyatni.

 

Kurashadi, manzili uzoq,

Javob bermas hech kim sasiga.

Dumalatar, ters sudraydi goh,

So‘zni eltar o‘z uyasiga.

 

Yuksaltadi so‘z xirmonin, rost,

Kunda shunday bir juft so‘z to‘ksa…

Hayron bo‘lmang,

Bossangiz bexos,

Bir kun sizni odamday so‘ksa!..

 

“Quvvat bordir so‘z tiynatida – qumursqa ham devga aylanar. Nafis so‘zning zeb-ziynatidan oddiy tosh ham durday shaylanar”.

Bosh silkidim: “Ha, so‘zda qurb bor, mag‘zidagi  malhamday g‘oya ta’siridan tuzalar bemor… Bu haqdamas ammo hikoya…”

 

O‘n birinchi so‘z: ESKI DARD

 

U yiqildi ko‘ksin changallab,

Yomon sanchdi yuragi bu kez.

Hamkasblaru  do‘stlar amallab

“Tez yordam”ga olib bordi tez.

 

Turfa asbob-uskuna ila

Tekshirdilar avra-astarin:

Jilla gumon qolmasin dilda,

Ne usul bor – qo‘llashdi barin.

 

Bosh chayqadi oxiri jarroh:

“Tig‘ tegmasa degandik zora,

Havas emas bizgayam yormoq,

Ne qilaylik, yo‘q o‘zga chora…”

 

Chap ko‘ksini ochdilar kesib,

Pardalarni nozik tildilar.

Yurak degan olamni kezib,

Tomirlarni sayr qildilar.

 

“Yo xudoyim!..”

Notanish hisdan

Jarroh so‘zsiz tilin tishladi.

Nafis qisqich bilan ohista

Nimanidir olib tashladi.

 

Yengil tortdi.

Chiqdi tashqari,

Chekdi. So‘zga majoli yo‘qdir.

O‘rab oldi do‘stu xesh bari:

“Nima bo‘ldi, bir so‘z deng, do‘xtir!?”

 

U jilmaydi:

“…Qutqarib qoldik,

Shafqat qildi Xudoning o‘zi…

Yuragining tubidan oldik

O‘ttiz yillik zanglagan So‘zni…”

 

“Ha, so‘zlar bor tig‘ kabi keskir, yuraklarga behis qadalar. Toza qonni qilgaydir tez kir, tomirlarga tushsa, maddalar. Shubhasiz, bu – Zulmatning ishi, so‘rib olgay so‘zlarning nurin, tong ufurgan shu’lani shimib, joylaydi so‘ng qop-qora qurum…”

 

“Ombor kabi so‘z yig‘ar Yurak, farqi yo‘qdir ne bilan to‘lsa. Bir parcha til – beminnat kurak, olib chiqar unda ne bo‘lsa. Qadrli so‘z bir chetda turmas, yombi mangu qolib ketmas sir… Til qoraysa, demakki, durmas – yurakni zich to‘ldirgan ko‘mir…”

 

O‘n ikkinchi so‘z: QORA ISH

 

So‘z yig‘adi u mijoz kutib,

O‘z korini savobga yo‘yar:

Qorday oppoq so‘zlarni tutib,

Qora, quyqa ranglarga bo‘yar.

 

Kabutarday beozor kalom

Aylanadi zumda boyqushga…

…Oq so‘zini izlar beorom –

Kimdir zordir u boyoqishga.

 

Bu yoqda-chi, qoradil kosib

Qushlarini qo‘lma-qo‘l pullar.

Xaridorlar kelar munosib –

Qora so‘zga ishqiboz ular.

 

Yuraklari yig‘adi kuya,

Tomirlari tortar qora qon.

Ruhi – qora qushlarga uya,

Ongi – zog‘lar charx urgan makon.

 

Tunday qora, mubham qushlarni

O‘qday otar ko‘zlarga joylab.

Yaralaydi oppoq tushlarni,

Qorong‘uda o‘qrayar poylab.

 

Tipirchilar oq tilak nochor,

Oydin orzu potirlar halak:

Boyo‘g‘lilar cho‘qilab qochar,

Tashlanadi quzg‘unlar lak-lak.

 

Lek.. qo‘qqisdan to‘zg‘iydi zulmat,

To‘kiladi ko‘kdan oq kukun.

Yoziladi yerga oppoq xat –

Adolatli, charog‘on hukm.

 

Simurg‘ so‘zi –

Xolis, hur, odil:

Oq qanotli so‘zlar qutular.

Qora qushlar topmay murodin,

Qonga tashna bo‘lib qutirar.

 

Qahri qo‘zib qaytar iniga,

Qora qismat xatin o‘qiydi:

Sodiq qolib qora ishiga,

Egasining ko‘zin cho‘qiydi!

 

“Ko‘rdim ig‘vo-bo‘hton yuqidan yuzi qora bo‘lgan so‘zlarni, shu so‘zlarning og‘ir yukidan qaddi bukik qorako‘zlarni…”

“Yaxshiyamki, oftobdillar bor, haqqa qalqon – mustahkam qoya. Yuraklarga obkirgay bahor… Shu haqida endi hikoya…”

 

O‘n uchinchi so‘z: SAXIY

 

U saharlab chiqadi yo‘lga,

Cho‘ntagini so‘zga to‘ldirib.

So‘z tutar har uzangan qo‘lga,

Uylarga ham o‘tadi kirib.

 

Sado berar: “Kimga so‘z kerak?

Tarqataman beto‘lov, tekin.

Faqat uni qilmaysiz ermak,

Uni uvol qilmaysiz lekin”.

 

Har bir so‘zga loyiq odam bor,

Kalima bor har kimsaga teng:

Kimgadir bir so‘z tuyular tor,

Kimgadir bir so‘z keladi keng.

 

Kim ulushin himmatga yo‘yar,

Rozi bo‘lmas kimdir oziga…

…Qandday shirin so‘z solib qo‘yar

Yig‘layotgan bola og‘ziga.

 

Qatqaloq qalb yo‘liqsa tuyqus,

So‘z quyadi suvday singguvchi.

Sovuq qotsa qay dilda tuyg‘u,

Tomizadi so‘z  –  isitguvchi.              

 

Ko‘ngli cho‘kkan, siniqqan kimsa

Umidiga suyar tirgak so‘z.

Zimdan kimga xatar tikilsa,

Tuhfa qilar hushyor, sergak so‘z.

 

Yengil kaslar o‘pkasin bosib,

Zilday so‘z-la boylaydi poyin…

So‘z uzatar, xullas, munosib –

Har bir so‘zning topadi joyin.

 

So‘z ulashar kezib har yonni,

Qoldiradi yoniq so‘zli iz.

Shom mahali, bo‘shab hamyoni,

Qaytib kelar uyiga so‘zsiz.

 

Rafiqasi so‘zdan choy damlab,

Yonboshiga qo‘yar so‘zyostiq.

Farzandlarin davraga jamlar,

So‘zbezakli dasturxon yozib.

 

Yashar mehr, ishqqa qongancha,

Ahil, totuv, inoq yashaydi.

Oilasi bilan tonggacha

Yana yangi so‘zlar yasaydi!

 

“Ha, tanidim. Meni ham, o‘zi, senga o‘sha saxiy ulashgan. Ko‘payadi kun sayin So‘zi – zulmat yo‘lin to‘suvchi lashkar…”

“Rost, tonmayman, ulg‘aydim durkun shunday hotam insonlar bois. So‘z yo‘lida borarkan bu kun, ularga bosh egmog‘im joiz…”

“Balli. Bu – hech ado bo‘lmas qarz, kamsuqumlik – oqil xislati. Hammamizga bo‘lgay achchiq dars havolangan so‘zning qismati…”

      

O‘n to‘rtinchi so‘z: QISMAT

 

U kitobda tug‘ildi avval,

Juda sokin, vazmin so‘z edi.

Xilvat joyni ko‘rardi afzal,

Ma’no bilan yaqin do‘st edi.

 

Bir kun ilg‘ab qoldi qay muxbir,

Gazetaga ko‘chirdi sudrab.

G‘unchaladi mag‘zidagi sir,

Ayon bo‘ldi yashirin qudrat.

 

Nashrlarda bo‘ldi qo‘lma-qo‘l,

Maqoladan xabarga ko‘chdi.

Qog‘oz uzra bosib uzoq yo‘l,

Qanot qoqib chopdi-yu… uchdi!

 

To‘lqinlarga ilashib, qarang,

Chiqib oldi zangor ekranga.

Endi har kun sochadi jarang,

Tuslanishni qilmaydi kanda.

 

Usiz o‘tmas endi biror to‘y,

Biror aza, biror marosim.

Hali kelmay fikr, xayol, o‘y,

Ko‘rsatadi darrov qorasin.

 

Ulfatlari o‘ziday sergap,

Gap otadi, qilar tamanno.

Uni hech kim qo‘ymaydi tergab –

Allaqachon tark etgan Ma’no.

 

Ohori yo‘q siyqa libosi

Zo‘rg‘a yopib turar tanini.

Qo‘zg‘alganda eski ibosi

Eslab qolar kim ekanini.

 

Ayriladi shunda tinchidan,

Alamidan sochini yular.

Tushlarida… Kitob ichida

Ma’no bilan egizak yurar…

 

Biz ham So‘z-la egizak kabi yo‘limizda etardik davom. Ortda qoldi sahrolar – kabir, ortda qoldi necha bir dovon. Va… duch keldik nogoh majlisga, anglamasdan qo‘shilib qoldik. Berilgancha otashin hisga, chaynar edi bir so‘zni notiq. O‘tirardi yuzlab qorako‘z, qilt etmasdan na tuk, na eti. Evoh, notiq og‘zidagi so‘z – o‘zgalarning saqichi edi…

 

O‘n beshinchi so‘z: SIR

 

Har oqshom shu:

O‘chganda chiroq,

Uxlayman deb kirsam o‘ringa –

Nimalardir o‘rmalar, biroq

Chiroq yoqsam, hech ne ko‘rinmas.

 

Yuguradi yuz, bo‘ynim bo‘ylab,

Goh qitig‘im, goh g‘ashim kelar.

“Nimadir bu?” – yotaman o‘ylab,

Xayolimga kelmaydi nelar.

 

“Nahot meni bosgan bo‘lsa bit?

Yo ko‘rpamda ko‘paygan burga?” –

Hammayoqni qilaman tit-pit,

Xotinim ham izlaydi birga.

 

Natija yo‘q.

Har tun shu ahvol,

Uxlayman deb kirsam o‘ringa,

Nimalardir o‘rmalar, alhol,

Chiroq yoqsam, hech ne ko‘rinmas.

 

Va nihoyat, bir kuni chaqqon

Hamla bilan tutvoldim birin…

Shundan buyon qiynoqdadir jon,

Shundan buyon chaqadi sirim.

 

Axir, kimga aytayin buni,

Aytsam, tag‘in ko‘paymasmi gap?

Mayda urchib yotgan qayg‘uni

Yolg‘iz o‘zim qanday qilay daf?

 

Bo‘ldi,

Sabrim tugadi, do‘stlar,

Yengil tortay, sirimni aytib:

…Yuragimga yetmagan so‘zlar

Qulog‘imdan chiqarkan qaytib…

 

“Har bir odam asli So‘zsandiq, umr bo‘yi so‘z yig‘ar inson.  Kimdir o‘lsa, bu – bitmas chandiq, odam bilan so‘zlar berar jon…”

“So‘zdaryoga o‘xshar har elat – millat to‘zsa, tili ham o‘lik… Boshiga shum savdolar kelar… Shu to‘g‘rida tingla bir o‘tuk…[1]

 

O‘n oltinchi so‘z: KO‘MCHU

 

Shahar cheti. Tush. Terlab-pishib,

Qadimshunos qiladi emgak[2].

O‘ra kovlar… Uning bu ishi

Kimlargadir tuyular ermak.

 

Kimdir kular: “Bu dalli odam

Yer tubidan izlaydi ko‘mchu…”[3]

Parvo qilmas pichingga hech ham,

Avut-avut[4] tuproq elar u.

 

Avom gapi bo‘lmaydi evshuk[5],

Alinidan[6] oqar reza ter.

Moziy sari axtarar eshik,

Bag‘rin ochar unga Ona Yer.

 

Goh ivriqqa[7] duch kelar hayron,

Goh chiqadi sirli sirichg‘a[8].

Tasavvuri bilmaydi poyon –

Yetsam deydi olam siriga…

 

Tark etmas hech qalbini tamkin…

…O, izrikka[9] tegdi cho‘kichi.

Ulkan ukak![10] Egildi tarkin[11],

Ochdi: so‘zga to‘ladir ichi!

 

Tovlanardi ukil[12] kalima,

Tovlanardi besado tilsim.

Qadimshunos lol edi…

“Nima,

Yo‘qotdingmi, ey odam, tiling?!”

 

Sado berdi uzug‘[13] So‘z nogoh:

“Rahmat senga, ey sodiq sag‘dich[14].

Yutgan edi bizni tubsiz choh,

Yotgan edik bezovta, notinch…

 

Aslida-chi,

Na tas[15], na armon,

Bilmas edik  –  shonimiz ulug‘.

Eltar edi bizni zo‘r karvon,

Har tevada – bebaho ag‘ruq[16].

 

Yo‘l bosardik aqrin[17] va tekis,

Yo‘l bosardik xotirjam, bedard.

Bilar edik – yo‘limiz cheksiz,

Ortimizda qolib sonsiz art.[18]

 

“To‘xtang!” – dedi bir kun qulavuz[19],

Ko‘p yo‘l yurdik, tiklang alachu[20].

Bunda bir pas o‘ynab-kulamiz,

Bitganmi hech yo‘lning chalasi?!”

 

Oyoq ildik. Ochildi xumlar,

Bir lahzada bo‘ldi el esruk[21].

Go‘yo ozod bo‘lgan mahkumlar

Yelkasidan tushgan kabi yuk.

 

Navolandi quvnoq ikama[22],

Ko‘ngillarda mastona o‘rkuch[23].

Maslagini unutdi hamma,

Asir etdi makkor kundi[24] kuch.

 

 

Va o‘rtada qo‘pdi zil irtash[25],

Guvazlikdan[26] buzildi kudan[27]

Quyun qo‘pib, quturdi-ku dasht,

Go‘yo devlar qalqdi uyqudan.

 

Ostin-ustin bo‘ldi archilar[28],

Hammamizni yamladi tublu[29].

Holimizga kim ham achinar –

O‘g‘an Ezi[30] jazosidir bu.

 

Ko‘kka uchib ketdi tinimiz[31],

To‘zg‘ib ketdi bebaho o‘kma[32].

Uyukti[33] suyukli tilimiz,

Sumlimlarga[34] to‘ldi bu o‘lka.

 

Shukr, yana yorishdi o‘zlak[35],

Yana chiqdik jumla – jahonga.

Ujuk-ujuk[36] tirildi so‘zlar –

Vujudimiz qovushdi jonga…”

 

Qadimshunos lol edi hanuz,

Abaqiday[37] turardi qotib.

Quyosh – eski tilla tanga tus –

Alvon ko‘lga borardi botib…

 

Bir sandiq so‘z – ko‘hna o‘runchaq[38],

O, kimlarga, oling, deb tutdi.

Qiziqmadi hech kimsa uncha,

So‘ng… ularni bittalab yutdi.

 

Shundan buyon bu mo‘lak[39] odam

Mung‘an[40] bo‘lib, sayraydi biyron.

Garchi uni tinglasalar ham,

Tushunmaydi birorta inson…

 

“Qancha so‘zlar bor edi chapdast, tildan tilga uchar edilar. Savlat to‘kib turarkan gapda, safdoshini quchar edilar…”

“Bugun-chi, yo‘q, bermaslar sado, umrlari top­mish nihoya. Tannoz so‘zlar qildilar ado… Shu haqdadir g‘amgin hikoya…”

 

O‘n yettinchi so‘z: G‘AMGIN HIKOYa

 

Birga o‘sdi ikki jondosh so‘z –

Yaralgandi bitta o‘zakdan.

Tutindilar qiyomatli do‘st,

Yasholmasdi ayri, uzoqda.

 

Bog‘lab turar edi bitta son,

Bitta turkum, bitta kelishik.

Arazlashib qolsalar, oson

Ketardilar darrov kelishib.

 

Bir jumlada chopib izma-iz,

Zichlar edi ma’no ta’sirin –

Ayiruvchi so‘zlar kelsa, tiz

Cho‘kmay, birga berib ta’zirin.

 

Sirlashardi sahifa bo‘ylab,

Kezar edi mudom juft soya.

Yashardi bir maslakni o‘ylab,

Sof do‘stlikni qilib himoya.

 

Ammo bir kun o‘zga lisondan

Kirib keldi bir satang kalom.

Biri ko‘rib qoldi… Shu ondan

Oromini yo‘qotdi tamom.

 

Endi tez-tez hamrohini u

Chalg‘itgancha etar edi tark.

Tanho o‘zi simirib qayg‘u,

Bo‘lar edi anduh ichra g‘arq.

 

Tushunmasdi sherigi sira,

So‘z so‘rasa – siniqardi jim.

Ahvolini o‘ylab, xavfsirab,

Pinhon yerdi u ham ich-etin…

 

Bir kun tamom yo‘qoldi do‘sti,

Izladi zor: qayda, kim bilar?

Mash’um mish-mish yo‘lini to‘sdi:

Qochib ketmish satang So‘z bilan!

 

To‘rt tomonga yoyildi g‘iybat,

Shum kulgilar bag‘rini ezdi.

Chidolmadi, qiynalib behad,

So‘roq (?) bilan tomirin kesdi.

 

U yoqda-chi, makkora tannoz

So‘rib oldi oshiq jonini.

So‘ng tap tortmay, kechib ketdi voz,

Gapga ko‘mib ustixonini.

 

Shundan buyon ko‘nikdi barcha,

Ikki sirdosh beiz yo‘qoldi…

…Bizning esa, sharmandalarcha,

Kunimiz shu satangga qoldi…

Kuldim: “Og‘ir muhabbat dardi – u so‘zning ham olarkan esin…”

“Muhabbat shu bo‘lsa agarda, uni qashqir, bo‘rilar yesin!”

Qalqib tushdi yo‘l yoqasida qo‘l ushlashib turgan yigit-qiz. Visol-hijron chorrahasida so‘zlashardi yuzma-yuz, unsiz…

 

O‘n sakkizinchi so‘z: OMONAT

 

– So‘z ber menga,

Bergil menga so‘z! –

Javdiraydi bir o‘ksik nigoh,

Javdiraydi o‘tinch to‘la ko‘z,

Ne deyishni bilmayman men, oh.

 

Nima qilay?

Qanday chora bor?

Qay puchmoqqa bekitay o‘zni?

Axir, qayta topmog‘im dushvor –

Yo‘qotganman u bergan So‘zni…

 

Dilni ezdi ushbu tillashuv, o‘n soniya zo‘rg‘a kuzatdik. Yo‘limizdan chiqqan so‘zni shu yigit bilan qizga uzatdik.

“Ko‘p yo‘l yurdik, qolmadi mador – tuz totmadik, zaiflashdi jon…”

“Zap pazanda bir tanishim bor, bizni siylab, qilgay u mehmon…”

 

O‘n to‘qqizinchi so‘z: PAZANDA

 

U bozorga borar ertalab,

Yangi, barra so‘z sotib olar.

So‘ng qozonga so‘zdan o‘t qalab,

Eng mazali so‘zlarni solar.

So‘z qaynaydi uzoq biqirlab,

Har bitta so‘z go‘yo sayraydi.

Pishgach, unga tekkizsangiz lab,

So‘z ta’midan ko‘ngil yayraydi.

 

So‘ngra sarxil so‘zlarni solib,

Banka yopar – yeydi qish g‘amin:

Qahratonda so‘z-sassiz qolib,

Gung misoli g‘o‘ng‘illar zamin.

 

Tayyorlaydi so‘zlardan qoqi,

Muzxonaga g‘amlaydi mo‘l-ko‘l.

U biladi, bir kun yutoqib,

Hamma unga uzatadi qo‘l.

 

Shaksiz, siz ham ochiqib rosa,

Tashnalikdan taningiz idrab –

Uzatasiz unga bo‘sh kosa,

Umid bilan, qo‘lingiz titrab.

 

Shunday ekan, toki fursat bor,

Ko‘maklashing beg‘araz, tekin:

So‘zni asrang… Yana hosildor,

Toza navli so‘zlarni eking.

 

Hech bo‘lmasa, uning boshida

Zulmat bo‘lib qilmang qorong‘u.

Sham yoqay deb ketsa, oshiga

Yeng uchida qotmangiz og‘u…

 

“O‘ylab ko‘rsam, yoshlik chog‘imdan Hayot meni siylabdi tamom. Lekin o‘zim dil o‘chog‘ida pishirdimmi bir shirin taom? Hech bo‘lmasa, zo‘r pazandaga obkeldimmi biror masalliq? Menday lavang bir arzandaga kim beradi endi tasalli?”

O‘ylarimni ilg‘aganday jim, yetgan kabi tilsim-asrorga – go‘yo oshkor bo‘lganday ko‘nglim, So‘z boshladi meni bozorga…

 

Yigirmanchi so‘z: SO‘ZBOZOR

 

Qizib yotar ko‘hna so‘zbozor

Yaxshi-yomon so‘zlar cho‘g‘idan.

Oluvchidan sotuvchi bisyor –

Bir-birini tinmay cho‘qigan.

 

Kimdir olib chiqqan o‘z so‘zin,

Bir burchakda sotadi halol.

Ayyorona qisgancha ko‘zin,

Paydo bo‘lar yonida dallol.

 

Olibsotar kaslar bor yana,

Darrov ilg‘ar, yetar qaydan naf.

Jag‘i bilan – sotar chakana –

Yirik so‘zni mayda-maydalab.

 

Kun ko‘radi so‘zbo‘yamachi

Safsataga yorliqlar taqib.

Garchi bilar, holi ayanchli,

So‘zsinchilar qiladi ta’qib.

 

O‘g‘rilar-chi, kezar chekkalab,

Kuppa-kunduz chiqishgan ovga.

O‘zgalarning so‘zini talab,

Pullab qochar arzon-garovga.

 

Sara, asil so‘zlar bor… Jilo

Sochar oltin, olmos misoli.

Kimdir xarid qilar yuz kilo,

Kimdir zo‘rg‘a olar misqolni.

 

So‘z bozori qiziydi, toki

Ohanrabo so‘zlar bunda jam.

Xaridorin topar hattoki

Chirib-aynib ketgan so‘zlar ham.

 

So‘zfurushmiz hammamiz, ha, rost,

(Yo‘q, deb elda kulgi uyg‘otmang)

Faqat, sizdan bitta iltimos:

“Vatan” so‘zin hech qachon sotmang!

 

“Mol sotadi savdogar dunyo, narx qo‘yadi kaftin ishqalab. Qarg‘ar kimki boqmasa qiyo, mozoriga pishiq g‘isht qalab. Lekin dunyo rastalaridan yuksakroqda oliy so‘zlar bor. Ozod – egri dasttalaridan, ko‘rgay uni kim bo‘lsa Bedor…”

“Ha, bu – bor gap, – dedim men xushhol, – elu ulus guvoh bo‘ldi, do‘st: yuraklarni qildi-ku ishg‘ol shiddat bilan ko‘chgan Bedor So‘z…”

 

Yigirma birinchi so‘z: BEDORLIK

 

Jarangladi birdan Bedor So‘z,

Turg‘un so‘zlar tinchini buzib:

“Keng dunyoga ochajakmiz yuz,

Berk lug‘atni oshkora tuzib.

 

So‘zdan qo‘rqsa so‘zlar, bu – dahshat,

So‘zlar yesa bir-birin mag‘zin;

So‘z oldida qaltirab-qaqshab,

G‘oyib bo‘lsa so‘zdagi mazmun…”

 

So‘zlar qalqdi:

Hurlik, Adolat,

Yangilanish, Tashabbus, Bardosh,

Fidoyilik, G‘ayrat, Sadoqat,

Do‘stlik, Shafqat, Oqibat, Qardosh…

 

G‘ijinsa-da xoin, kir so‘zlar:

Hasad, Qullik, Loqaydlik yanglig‘ –

Tilin yog‘lab, dilin xaspo‘shlar,

Sezar – xufya rejasi yanglish.

 

Hukmfarmo loflar bor chetda,

To‘zg‘itsam der inoq jumlani:

O‘z g‘oyasi bo‘lsa har betda,

Sarlavhani u qo‘ysa ya’ni…

 

Ming shukurki, Azal Kotibi

Har biz so‘zni qo‘yar joyiga.

Kimki riyo mayin totdimi –

Tiz cho‘kadi Mantiq poyiga.

 

Tinim bilmas bir zum Bedor So‘z,

Azon aytar, chalar qo‘ng‘iroq.

U biladi: yumildimi ko‘z,

Manzil qochar tobora yiroq.

 

Ildamlaylik!

So‘z dovonida

Ko‘kka yondosh xitob bo‘laylik.

Kitoblarning hur javonida

Qadri baland Kitob bo‘laylik!

 

“Bunday oliy Kitobda bitik bo‘lmoq uchun arzish shart, beshak”.

“Buning uchun ne lozim?”

“Biqiq qoliplardan qutulmoqlik shart! Hur so‘zlardan tizilsin jumla, fikr bo‘lsin riyodan xoli – ozod so‘zlar tuzsin anjuman, hukm bo‘lsin samimiy, xolis…”

 

Yigirma ikkinchi so‘z: OZOD SO‘Z

 

U tutilar shunday, tuzoqsiz,

Ichdan chorlang – kelar har kuni.

Na izohli va na izohsiz

Lug‘atlardan topgaysiz uni.

 

Ozod so‘z u – biror kimsa yo

Narsalarga bandi bo‘lmagan.

Tashviqotdan tashqari dunyo,

Qizil rangga bangi bo‘lmagan.

 

Navoiyga yukingan, beshak,

Koshg‘ariyning o‘pgan izini.

U – Boburning tojida bezak:

Hur ruhlarga berar tizginin.

 

Siz ham erkin olsangiz nafas,

Tilingizdan yechilsa tushov,

Qo‘lingizda bo‘lmasa qafas,

Poyingizda to‘zg‘ib ketsa g‘ov –

 

O‘z-o‘zidan bo‘ladi paydo,

Tegrangizda aylanar gir-gir.

Go‘yo sizga bo‘lgan-u shaydo,

Qo‘nsam deydi qoshingizga bir.

 

Yo‘q, haydamang,

Dam olsin bir pas,

Hali ezgu safari uzoq.

Ozod bo‘lsa qayda bitta shaxs,

Huzuriga uchgaydir shu chog‘.

 

Hozircha siz zavq oling undan,

Hurligini qiling tomosha.

Boshqalarni ham shunga undang,

Ko‘zingizdan hayratlar tosha.

 

Boshingizga qo‘ngan Humo – shu,

Baxtingizdan bermish u nishon.

Demak, sizni yamlamabdi shum

Qora ro‘zg‘or…

Ey, ozod Inson!

 

Men his etdim, nima uchun So‘z olib chiqmish meni safarga – u istaydi: mendagi kam-ko‘st yitsin, kiray masrur saflarga…

“Ha, yetibsan niyatim anglab, borliq maqsad bilan tirikdir. Endi pishiq so‘zlarni tanlab, o‘zing uchun bir libos tiktir…” 

 

Yigirma uchinchi so‘z: LIBOS

 

So‘zdan tikmish o‘ziga libos,

So‘z kiyadi doim… Qiyini,

O‘zgarsa-da bahor, qish, kuz, yoz –

O‘zgarmaydi uning kiyimi.

 

Bir libosda to‘zg‘itib borar

Xuruj qilgan vaqtning lashkarin:

Ochiladi tusi tobora,

His qiladi ko‘rkamlashganin.

 

Tegrasida odamlar tez-tez

Yangi chiqqan so‘zlarni qiyib

(Tuslanishni qo‘msab qolgan kez),

O‘zlariga bicharlar kiyim.

 

U biladi barini zimdan:

O‘tar ekan xaloyiq aro,

Kulib qolar ortidan kimlar,

Egnin qoqar – qilmaydi parvo.

 

Ta’sir qilmas omma bosimi,

O‘z yo‘lidan boradi tikka –

Egnidagi yolg‘iz libosin

Xudo bergan so‘zlardan tikkan.

 

Shu boisdan avaylar juda,

Shu sababli qilar ehtiyot:

Tanishlari so‘rar – behuda…

Orzu qilmas, hatto, yetti yot.

 

Chunki jondan so‘ralganda boj,

Chorlaganda Tangri imosi,

Hamma qolgay nochor, yalang‘och –

Yashnab turar uning libosi!              

 

“Qoyil! – dedim. – Yuz bora qoyil!”

Yana tilim biyron so‘yladi!!

 

“Ulkan baxtga bo‘lding sen noil, so‘zdan endi hatto ko‘ylaging!”

 

“Sen-la safar bo‘ldi maroqli. Rahmat…”

“Sen ham baxtga bo‘lgin yor. Yaqinlashdi manzil-marohil, yo‘l so‘ngida ne tilaging bor?”

 

Yigirma to‘rtinchi so‘z: UY

 

Menga shinam uy qurib bering,

Metin so‘zdan qo‘yingiz tamal.

Pishiq so‘zni g‘isht kabi tering,

Shoh bayt kabi bo‘lsin mukammal.

 

Nafis tashbeh bo‘lsin gulqog‘oz,

Timsollardan yasalsin ustun.

Qofiyali ayvon bo‘lsa – soz,

Ma’no bilan yopingiz ustin.

 

Uyim bitsa,

Ko‘zlarim porlab,

Tomirimda so‘zday oqur qon.

Do‘stu yorni mehmonga chorlab,

Shirin so‘z-la qilgayman mehmon.

 

Balki bu so‘z kimgadir yoqmas,

Balki g‘alat tuyular fe’lim:

“Uy ko‘rdi”ga buyum-matohmas,

Biror yangi So‘z olib keling!

 

Adashsangiz,

Bo‘lmang betoqat,

Yo‘l ko‘rsatgay uyim bilganlar.

Manzilimni topgaydir faqat

So‘zga xolis xizmat qilganlar!

 

Xayrlashdik So‘z bilan uzoq, har kim aytdi dildagi rozin. U jilmaydi: “So‘rasang, shu chog‘ yuragimda bor bitta orzum. Yolvoraman So‘z Me’moriga – xayolimda yo‘q boshqa xohish – sen tilagan Uy devorida bo‘lib qolay men ham bitta g‘isht!”

Hayajondan  dil qalqdi yakbor – hayratlandim So‘z tilagiga. U menga qo‘l silkib so‘nggi bor, tushib ketdi ko‘nglim tagiga. Koshki yana u bilan qolsam – u o‘zimni qaytarib berdi: oh, qay so‘zni tilimga olsam, “Shukr” bo‘lib jaranglar endi!

 

Oxirgi so‘z: ShUKR

 

So‘z Sohibi,

Azal Kotibi,

Dil tubiga tushdi qatim nur.

Bir so‘z ila qilgum xotima:

Shukr, shukr va yana shukr!   

 

Yayrab sezdim so‘zning ta’mini,

So‘zdan libos kiydim-ku bir qur:

Raso qilding egri ta’bimni –

Shukr, shukr, o‘n bora shukr!

 

Anglab yetdim:

Har bir so‘z – tirik,

Chig‘anoqda bekinganday dur,

Ma’nosini avaylar tiniq…

Shukr, shukr, yuz bora shukr!

 

Kengaymoqda ko‘zim gavhari,

So‘z tubiday qarog‘im chuqur –

Ishqing bilan to‘lmoqda qa’ri…

Shukr, shukr, ming bora shukr!

 

Ozod so‘zga hamroz aylading,

Raqsu samo qildim so‘z-la hur.

“Shukr” degan so‘zga aylandim –

Shukr, shukr, toabad shukr!!!

 

                                       2018 yil, oktyabr

 

[1] O‘tuk – ertak, hikoya

 

[2] Emgak – mehnat

 

[3] Ko‘mchu – xazina

 

[4] Avut – hovuch

 

[5] Evshuk – to‘siq

 

[6] Alin – peshona, manglay

 

[7] Ivriq – ko‘zacha

 

[8] Sirichg‘a – shisha

 

[9] Izrik – qattiq narsa

 

[10] Ukak – sandiq, tobut

 

[11] Tarkin – tez, darrov

 

[12] Ukil – ko‘p

 

[13] Uzug‘ – hushyor

 

[14] Sag‘dich – do‘st, o‘rtoq

 

[15] Tas – yomon, past narsa

 

[16]  Ag‘ruq – yuk, mol

 

[17] Aqrin – sekin

 

[18] Art – dovon

 

[19] Qulavuz – yo‘lboshlovchi

 

[20] Alachu – chodir, boshpana

 

[21] Esruk – mast-sarxush

 

[22] Ikama – bir turli cholg‘u

 

[23] O‘rkuch – mavj, to‘lqin

 

[24] Kundi – past, razil

 

[25] Irtash – talashish, tortishuv

 

[26] Guvazlik – taltayish, mag‘rurlanish

 

[27] Kudan – ziyofat

 

[28] Archi – to‘rva

 

[29] Tublu – go‘r, qabr

 

[30] O‘g‘an Ezi – Qodir Xudo

 

[31] Tin – ruh, jon, nafas

 

[32] O‘kma – to‘planma, jamlanma

 

[33] Uyukti – ko‘mildi, botdi

 

[34] Sumlim – turkiycha bilmaydigan kishi

 

[35] O‘zlak – zamon

 

[36] Ujuk – hijo, bo‘g‘in

 

[37] Abaqi – ko‘z tegmasin uchun qo‘yiladigan poliz qo‘riqchisi

 

[38] O‘runchaq – omonat

 

[39] Mo‘lak – tinch-og‘ir kishi

 

[40] Mung‘an – sergap, ezma

 

Nodir Jonuzoq

1976 yili tug‘ilgan.

Samarqand davlat universitetining

o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.

“Tomchilar”, “Sizni sevar edim”, “Mehribonim” nomli she’riy to‘plamlari chop etilgan.  

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.