Eng buyuk maqomdir – Oshiqlik!

0
56
marta ko‘rilgan.

MYeN

 Men – suluvni ko‘rmagan oshiq

va ko‘rmasdan ketishi ayon.

Ortingizdan yetolmayapman –

Siz halloslab borursiz qayon?

 

Men – so‘zini yo‘qotgan shoir,

Qayg‘ularni sevuvchi dalli.

Pichirlasam ustimdan kulmang,

Berayapman o‘zga tasalli…

 

Siz topingan sag‘ir dunyoni

Asrab qolish bilan mashg‘ulman.

Mavlononing chorig‘iman men,

Mashrab tashlab ketgan kashkulman…

 

Men – Mansurning ko‘zidagi mung,

Men – Isoga atalgan xochman.

Nahot meni tanimayapsiz,

Men o‘shaman, o‘shaman… qochmang.

 

Sizni izlab kelganman axir,

Nega jimsiz yo‘qlaganimda.

Doimgidek xurram, befarqsiz,

Qarsak chalmang yig‘laganimda…

 

Yoningizdan besas o‘tyapman,

Tovonimdan qon sizar – chak, chak…

Ming yil meni bilmadi dunyo,

Yana ming yil sezmasa kerak…

 

 

SIZ BORSIZ…

 Yaxshiyam siz borsiz, yaxshiyam,

Ko‘zingiz – behishtning darchasi.

Dunyoda bir sizni tanidim,

Notanish barchasi-barchasi…

 

Yaxshiyam siz borsiz, yaxshiyam,

Sizsiz hayot – quduqning tubi.

Siz – mening oxirgi ilinjim,

Siz menga tangrining maktubi.

 

Yaxshiyam siz borsiz, yaxshiyam,

Tug‘ilgandan sizga zorman men.

Ko‘zimiz to‘qnashsa Yer titrar,

Borman men, borman men, borman men!

 

Yaxshiyam siz borsiz, yaxshiyam,

Dunyoning ko‘ziga boqdim tik.

Qarshimda qaltirab turibdi,

Eng buyuk maqomdir – Oshiqlik!

 

Yaxshiyam siz borsiz, yaxshiyam,

Barchasiga ko‘nikdim unsiz.

Hajringiz shirindir umrimdan,

Visoldan go‘zaldir qayg‘ungiz.

 

Yaxshiyam siz borsiz, yaxshiyam –

Tomirimda suzib yurgan Erk!

Demakki, Tangriga yaqinman,

Demakki, yashayman Odamdek…

 

 

 

BIR MARTA…

 Bir marta ko‘zimiz bo‘ldi ro‘baro‘ –

Fasllar chalkashib, aqldan ozdi.

Go‘yoki hayitlik olgan boladek

Bulutlar o‘zini yo‘qotayozdi.

 

Nogahon tiriklik isini sezdim,

Men – qismat qo‘lida tizilgan qarta.

Yulduzlar suyunchi oladi Arshdan,

Meni o‘ylasangiz agar bir marta.

 

Tog‘lar termiladi chordana qurib,

Ularning taqdiri bog‘liqdir sizga.

Ming yilga uzaydi dunyoning umri,

Bir marta sevaman deganingizga.

 

Ummonlar chayqalib aytadi takbir,

Yetti qat ko‘k bag‘ri yog‘duga to‘ldi.

Oling, shu dunyoni men sizga berdim,

Labingiz bir marta entiksa bo‘ldi…

 

 

KUZAK

Mendek zerikkanga o‘xshaydi kuzak,

Musicha singari og‘ir xo‘rsinar.

Sochlari ko‘zimga bog‘langan Nargiz,

Sarg‘aygan bog‘imiz kelib ko‘rsinlar.

Xazonlar – oshiqlar qabristoniga

Umidini ko‘mib, qaytar turnalar.

Samoda yuragim suratin chizib,

Sizning ismingizni aytar turnalar…

Bizni bu bekatda hech kim tanimas,

Hayot – men ko‘rishni istamagan tush.

Bilaman qaydadir turibsiz ilhaq –

Sochingiz yelkandek yoyib faromush.

Kimnidir, nenidir kutdim ishonib,

Osmonga termilib o‘tdim terakday.

Xazon bo‘lib hamki ketolmayapman,

Go‘yoki haliyam sizga kerakday…

Yaproqdek omonat tebranadi dil,

Tamaki tutatar yana g‘olib kuz.

Dunyoni bir go‘zal rangga bo‘yardim,

Afsus, sizdan oldin kuz keldi, afsus…

 

 

UMRIM

Umrimning qaysidir pillapoyasi

Uzilib tushdimi uchdi qabog‘im.

Balki bu uzlatga ketgan kulgimdir,

Anordek ko‘zlari yorigan ohim…

Yana sochingizni yoydingizmi, yor,

Bezgak tutgandayin titraydi tanim.

Mahshargacha bizga halovat yo‘qmi,

Umrimga tamg‘ami – yetolmaganim…

Ko‘chaga chiqaman bashang kiyinib,

Uchrashuvga ilk bor chiqqan yigitdek.

O‘ttiz yetti yilki qaytaman nochor,

Egasini izlab topmagan itdek…

Zardobdek chakkillab tomadi umrim,

Har bir qatrasida – xurram tikanlar.

Shotutdek to‘kilib borar – bag‘riqon,

Meni ishorasiz anglaydiganlar.

Muallaq yashashga ko‘nikib bo‘ldim,

Odamga o‘xshashga qolmadi chora.

Sharafga ko‘milib borganim sari,

Egilib bormoqda boshim tobora.

Devorga suyanib o‘tarman endi,

Dunyoga suyanish – bulutdek mubham.

Yerdek tebranaman qabog‘im uchsa,

Yerdek og‘irlashib boryapti shubham…

 

  Shuhrat Orif

1981 yili tug‘ilgan.

O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalis­tika fakultetida hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiya­sida tahsil olgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.