Turgenov ibrati

0
47
marta ko‘rilgan.

O‘z davrida faqat o‘zi uchun emas, balki xalqi, adabiyoti uchun yangi yo‘l axtarib, tinimsiz charx urgan, sa’y-harakatlari davomida inson kechirishi mumkin bo‘lgan turli holatlar: yakkalanib qolish, musofirlik, o‘zaro tushunmovchiliklar tufayli arazlashlar, tahqiq hamda tazyiqlar, va albatta, sevgi-muhabbat mojarolarini kechirgan, ruhiy iztiroblarini chuqur dard, samimiylik bilan ifodalagan, Ivan Turgenevning hayot va ijod yo‘lida faqat uning o‘zigagina yarashadigan joziba bor. Shubhasiz, uning tarjimai holida yangi bosqichga ko‘tarilish azmu shijoatida bo‘lgan xalqining kayfiyati, ruhoniyati quyuq aks etgan.

Turgenev sahro bahodirlariga o‘xshagan yirik odam bo‘lgan. Uni ardoqlab “Spassk Garpagoni” (Molyerning “Xasis” komediyasi asosiy qahramoni) deb atashgan. Lev Tolstoyning o‘g‘li Sergeyning xotiralarida darj etilganki: “Men Turgenevning bo‘yi baland ekanini eshitgandim, ko‘rganimda esa kutganimdan ham ziyoda bo‘lib chiqdi. U menga muloyim nigohlari bilan boqib turgan, qizil yuzli, yaxshi taralgan qalin oq, hatto sarg‘ish sochli pahlavondek tuyuldi. Otam garchi bo‘yi o‘rtadan yuqori bo‘lsa-da, uning oldida kichkina bo‘lib qoldi. Muomalalaridan sezilardiki, Ivan Sergee­vichning yoshi ulug‘, otam unga bosiqlik, qiziqish va hurmat bilan, Turgenev esa jo‘shqinligiga qaramay biroz ehtiyot bo‘lib muomala qilishardi”.

 Bu manzara Turgenev 50 yoshga to‘lgan paytidagi holat, bungacha ikki muhtaram zot o‘rtasida ko‘plab sir-savdolar kechgandi…

Turgenevning sahro bahodirlariga o‘xshashi behuda emas edi. U nasl-nasabi va kelib chiqishiga ko‘ra turkiy qavmlarning avlodi edi. (U o‘zining tomirlari bilan faxrlanib yurgan; Badendagi villasini sotishga to‘g‘ri kelganda pinagini buzmay, “Men uchun uy-joy hech narsa emas, chunki tomirimda ko‘chmanchilar qoni oqadi, ularga o‘tov ham boshpana” degan ekan).

1440 yili Oltin O‘rdadan o‘rta darajali amaldorlardan biri mirzo Arslon Turg‘un (murza Lev Turgen) Vasiliy Vasilyevich huzuriga kelib, rus faqirligini qabul qilganini bildiradi va o‘ziga qo‘nimjoy so‘raydi. Knyaz unga Ivan degan ruscha ism va Kaluga guberniyasidan yer beradi. Shundan so‘ng Turgenevlar Rus tartiblarini qabul qilishadi va o‘rta toifali dvoryanlar qatoridan o‘rin egallashadi. Turgenevlar sulolasining ko‘plab vakillari Rossiya tarixida o‘z maqeiga ega bo‘lishgan. Ayniqsa, ularning ko‘pchiligi “davlat polki” – harbiy kuchlarning oliy tabaqasida nufuzli mavqeda bo‘ladi. Yakov esa Pyotr I saro­yida masxaraboz hamda boyarlarning soqolini oladigan (bu yumush o‘shanda davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan) sartarosh ham bo‘lgan, boshqa bir qarindoshlari – bobokaloni Roman Semenovich Narva yurishida qatnashgan, Poltava jangida yarador bo‘lib, podshoning nazariga tushgan ekan.

 Ivan Sergeevichga esa boshqa taqdir nasib etdi. Bu borada uning ona tomon avlodi (garchi ular davlat boshqaruvi yoki harbiy sohada jiddiy yutuqqa erishmagan va rus yilnomalarida bu sulola nomi qayd etilmagan bo‘lsa-da) muhim o‘rin egalladi. Qolaversa, yozuvchi Turgenevning tarjimai holida onasi Varvara Petrovna Lutovinovaning o‘rni bo‘lakcha.

Orlov guberniyasining cho‘loldi unumdor yerlarida Chapligin o‘rmoni, unda Spassk bog‘i yoyilib yotar, uning bag‘rida dvoryanlar avlodidan bo‘lgan Lutovinovlar umrguzaronlik qilishardi. Uch o‘g‘il va besh qizning otasi Ivan Andreevich Lutovinovning kenjasi Pyotr Yekaterina Ivanovna Lavrovaga uylanadi va yagona farzandi tug‘ilishidan ikki oy oldin vafot etadi.

O‘g‘illarning qolgan ikkalasi yolg‘iz o‘tishadi, biroq ikkinchi o‘g‘il Ivan Ivanovich yaxshi ma’lumot oladi, Pajlar korpusida mashhur faylasuf A.Radishchev bilan birga xizmat qiladi. U fransuz, lotin tillarini o‘rgangan, ancha ma’rifatli bo‘lishi bilan birga, ota mulkida katta bog‘ va uy-joy yaratadi. Ota vafotidan so‘ng tug‘ilgan qiz (yozuvchimizning bo‘lajak onasi) keyinchalik ana shu mulkka yagona qonuniy merosxo‘r deb topiladi va kutilmaganda katta boylikka ega bo‘ladi. Yetim qolib, turmush zarbalariga uchragan (onasi boshqa erga tekkan, Varvara u muhitda doimiy xo‘rlash va kamsitish sharoitida yashagan) qiz ancha pishiq-puxta, qolaversa, shafqatsiz bo‘lib tarbiyalangan edi. U bir muddat Vatan urushi yaradorlariga ko‘ngilli bo‘lib shafqat hamshirasi sifatida yordam ham ko‘rsatadi. Katta mulkka ega bo‘lgach esa uni qattiqqo‘llik bilan boshqaradi. Hatto boshqaruvda imperator ayollardek tutumni yo‘lga qo‘yadi (xizmatidagi amaldorlarini “ministrlar” deb atar ekan). Hamma narsa ko‘ngildagidek, faqat Varvaraning yoshi o‘tib borayotgan, u bo‘lajak shahzodaning oq otda kelishini intizorlik bilan kutib tonglarni ottirayotgan edi.

1815 yil Oryolga otliqlar polki ko‘chirilgan edi. Tezda harbiy maqsadlarda ot sotib olish uchun safarbar etilgan remontyorlar safida Spasskka yigirma ikki yoshli navqiron, xushro‘y poruchik Sergey Nikolayevich Turgenev kelib qoladi. Bu joylarning tanho bekasi Varvara Petrovna taqdir unga mo‘jizani duch qilganini darhol sezib garchi o‘zidan olti yosh kichik bo‘lsa ham, poruchik atrofida parvona bo‘ladi, bu omadni qo‘ldan chiqarmaslikka tirishadi. Butun san’atini ishga solib, muomala qiladi, mulkini ko‘rsatib, mehmonning ko‘nglini ovlaydi va yana kelishiga va’dasini olib, jo‘natadi. Bu paytda Turgenevlarning moddiy ahvoli yaxshi emas, voqeadan xabar topgan otasi “Lutovinovaga uylan, uylan, bo‘lmasa, ro‘zg‘orimiz to‘zib, gadoyning holiga tushamiz” deb astoydil qistaydi. Shunday qilib, 1816 yilning 14 yanvar kuni to‘y marosimlari bo‘lib o‘tadi. Bu nikohdan uch o‘g‘il farzand tug‘iladi. Biz uchun qadrdon o‘rtancha o‘g‘il Ivan 1818 yili 28 oktyabr, dushanba kuni dunyo yuzini ko‘rgan ekan. Bu haqda Varvara Pet­rovna uy daftariga aniq-tiniq yozib qo‘ygan edi.

Varvara Petrovna va Sergey Nikolayevichning nikohini ikki tiniq chashmaning qo‘shilishiga qiyoslash mumkin. Zero, asil nasllar toza palak­larda tup yozadi. Bu holni ming yillik tarix isbotlagan. Bundan yuz yil oldin Spasskdagi cherkovda nikoh marosimiga guvoh bo‘lganlarda ham shunday tuyg‘u bo‘lgani shubhasiz: Turgenevlar ham, Lutovinlar ham o‘z nasl-nasabi jihatidan e’tirof etilgan oilalar edi. Bu tantanalarning boshqalarga o‘xshamagan yana bir jihati bor edi: amalda bo‘lgan tartiblarga zid ravishda to‘y kuyovnikida emas, kelinning mulkida bo‘layotgandi. Ushbu vaziyatni kelinning haddan tashqari ishtiyoqi balandligi va kuyovning moddiy imkoniyatlari pastligi bilan izohlash mumkin. Keyinchalik ham tabiatan shaddod, birinchilikka moyil Varvara Petrovna mavqeini qo‘ldan bermaydi, ichkuyov unga quloq tutishga majbur, mulkda esa ayolning xohishi qonun.

I.Turgenev shaxsiyatidagi yuksaklik uning bolalik chog‘laridan nishon berganligini tasdiqlovchi ko‘plab dalillar yozib qoldirilgan. Uning go‘dakligidanoq shirintoyligi, kulgili qiliqlari hammaga yoqsa-da, to‘g‘riso‘zligi, qolaversa, betgachoparligi Varvara Petrovnani noqulay holatlarga tushirib qo‘ygan choqlari ko‘p bo‘lgan. Bir safar ularnikiga tevarak-atrofda e’tiborli knyaginyalardan biri mehmonga keldi. Uning yoshi o‘tib qolgan, ko‘rinishi haddan tashqari ohanjama, pardoz-andozga zo‘r bergandi. Unga chuqur hurmat ko‘rsatildi, bolalarga tanishtirildi. Kolya va Seryoja mo‘minqobillik bilan bosh egishdi, xonimning qo‘lini ko‘zlariga surtishdi. Vanya esa mehmonga uzoq tikilib qoldi, rangi o‘chdi va birdan tomdan tarasha tushgandek hammaga eshitarli qilib, shunday dedi: “Siz maymunga o‘xshaysiz!” Onasi bo‘lganicha bo‘ldi.

Yoki oilaning yaqin do‘stlaridan masalchi shoir Ivan Dmitriyev tashrif buyuradi. Obro‘li mehmonning hurmati uchun 3-4 yoshlarda bo‘lgan Vanichkani taklif qilib, masallardan yoddan o‘qib berishini so‘rashadi. Bolakay uyning o‘rtasiga turib olib, baland tovushda she’rni o‘qiydi. Bundan keksa shoir juda ta’sirlanadi. Bola esa yoltoqlanib mehmonga yaqinlashadi, unga tikilib: “Sizning masallaringiz yaxshi, ammo Ivan Andree­vich Krilovniki juda yaxshi”, deydi.

Bola bunday to‘g‘rilikka tug‘ma ravishda mo­yilga o‘xshardi, uning boshqacha bo‘la olmasligi ma’lumdek edi. Ha, shunday ham bo‘lib qoldi. Yozuvchi Ivan Turgenev jahon adabiyoti tarixida haqiqatni gapirgan (yozgan), uni himoya qilgan, u uchun kurashgan buyuk qalamkashlar ro‘yxatida mangu qoldi. Zotan, har qanday sharoitda adolat tarafida bo‘lish, bor gapni qo‘rqmay ayta olish ham nodir xislat hisob­lanar ekan. Hamma ham to‘g‘ri gapni boricha so‘zlay olmaydi, bu xislat odamning tarbiyasiga bog‘liqmi yoki tabiiy fazilatmi – bir narsa deyish qiyin. Axir, nozandek salobatli odamlar arzimagan manfaat uchun g‘irt yolg‘on gapirib turganini yoki chin gapni aytish lozim bo‘lganda til chaynab qolganini ko‘p ko‘rganmiz. Har holda “Gar qilich boshimga ham kelsa degaymen rostin” – bu insonni bezaydigan ma’naviy yuksaklik!

Umuman, ularning oilasi o‘ziga to‘q bo‘lishi bilan birga (ko‘proq ona tomonning yutug‘i, hissasi) ma’rifatga oshno, jamoatchilikka tanilgan mashhur kishilarga yaqin edi. Ana shu ikki omilning qo‘shilishi va boladagi tabiiy iqtidor Rossiya tarixida ma’lum bir yirik shaxsning kamolga yetishini ta’minlagan, deb aytish mumkin. Demak, oila muhiti havas qilgudek edi. Masalan, dastlabki rus romanlaridan biri “Yuriy Miloslavskiy”ning muallifi M. Zagoskin otasining do‘sti bo‘lgan, ularnikiga tez-tez kelib turgan. Roman bilan esa nemis muallimi Krauzening pansionatida tanishadi. Rus xalqining polyak-litva bosqinchilariga qarshi 1612 yilgi kurashini aks ettirgan asar xalqona shirali tili bilan o‘quvchini jalb qilgan bo‘lsa, Minin, Pojarskiy singari xalq yo‘lboshchilarining qahramonligi vasfi bilan yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘ularini uyg‘otgan edi. O‘sha yillarda fransuz, ingliz, nemis madaniyati iskanjasida bo‘lgan rus ziyolilari ana shunday qahramonnomalar ta’sirida milliy g‘ururlari uyg‘ona boshlagan, ular milliy o‘zligini topish borasida birlashayotgan edi.

O‘qish yillarida ham Turgenev ko‘plab taniqli zotlardan saboq olish baxtiga muyassar bo‘lgan. Moskva davlat universitetining ilohiyot fakultetida tahsil olib yurgan choqlari uchinchi kursda tarix fanidan N.Gogolning ma’ruzalarini tinglagan. Shunisi borki, domlalikda o‘z uslubiga ega bo‘lgan Gogolning saboqlari unga boshqa tomondan ta’sir qilgan. Imtihonlarning birida domla va talaba bir-birini tushunmagan, juda ko‘p kitob o‘qigan Turgenev o‘rta asrlardagi jazo turlari haqidagi savolga shunchalik ko‘p misollar keltirganki, ularni na Gogol, na assis­tentlik qilayotgan rektor Shulgin bilar edi. Bu yog‘i qiziq: baho “qoniqarsiz” bo‘lgan va bunday munosabatdan keyin Turgenev o‘quv yurtini tark etgan. Shunaqasi ham bo‘lib turadi.

Keyinchalik Turgenev katta yozuvchi sifatida tanilgan paytida bu ikki yirik shaxs qayta uchrashadi, talabalik yillari eslolmagan, shekilli, Gogol “Biz ancha oldin uchrashishimiz kerak edi”, deb taassuf bildirgan ekan. Ma’lumki, Nikolay Vasilyevich Gogol rus badiiy tafakkurida o‘chmas va yorqin iz qoldirgan, o‘z vaqtida tan olingan mashhur shaxs. Behudaga 1836 yilning 19 aprelida Alesandrinskiy teatrida “Revizor”ning premyerasiga podshoh Nikolay I qatnashmagan.

Xuddi shunday, Berlin universiteti falsafa fakultetida o‘qib yurgan choqlarida “XIX asr Aristoteli”deb shuhrat qozongan Karl Gumboldning ma’ruzalarini tinglaydi, mehmondorchiliklarda suhbatlaridan bahramand bo‘ladi. Rossiyada “Haqiqiy hayot haqida og‘iz ochish mumkin emas, biroq istagancha falsafa so‘qsa bo‘ladi” tarzida aqida qaror topgan sharoitda yirik olimlar, gumanistlar bilan suhbatlar yosh yigit dunyoqarashida keng qamrov va teranlikni tarbiyaladi.

Bo‘lajak yozuvchining shaxsiyati shakllanishi, adabiy iqlimni his qilishida Vissarion Belinskiy bilan uchrashuvi va keyingi munosabatlari katta rol o‘ynaydi. Turgenev Belinskiy bilan yuzma-yuz ko‘rishganda 25 yoshda edi. Bungacha u mashhur shoir Jukovskiy bilan uchrashgan, “Sovremennik” jurnalida yurtdoshi, yirik olim Timofey Granovskiyning yordami bilan uchta she’ri e’lon qilingan, poemalar yozgan, nemis klassik falsafasi ruhidagi donishmandlar bilan bahslashgan, Faust (Gyotening mashhur qahramoni)ning birdaniga oliyjanob shaxsga aylanib qolishidagi sun’iy talqinni tanqid qilib, tilga tushgan, Berlin universitetini tugatgan edi. Belinskiy uning “Parasha” poemasiga yuqori baho beradi. Parashaning Faust, Onegin, Pechorindan farq qilib, taqdir in’om etgan tuhfalardan mast bo‘lib, o‘zini turli kuylarga uradigan romantik qahramon emas, balki ezilgan, xo‘rlangan kishilar(Rossiyada bundaylar tiqilib ketgan edi)ning timsoli ekanligini ta’kidlab, shoir uning g‘am-g‘ussalarini juda ta’sirli ifodalab, jamoatchilikda quyi tabaqa vakillariga e’tibor va mehr-shafqat uyg‘ota olganini maqtaydi. Turgenevning o‘zi sezib-sezmay qilgan xizmati – adabiyotni oddiy xalq hayotiga yaqinlashtirganini ulug‘ mutafakkir va insonparvar tabriklaydi. “Umuman, u Rusni tushunadi, – deydi Belinskiy Turgenev haqida. – Uning barcha mulohazalarida haqiqat va haqqoniyat ko‘rinib turibdi. U har qanday mavhumlikning dushmani. Shuning uchun unga qulluq qilaman”.

O‘zlariga millat, vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini yuqtirib olgan bu ikki ziyolining insoniy munosabatlari samarali davom etdi. Belinskiy uchun barcha masalalarda Turgenev tengi topilmas suhbatdosh edi. Berlindan yaqinda qaytgan sobiq talaba yaratganning mavjudligi va mangulik masalalarida kechalari uyqusi qochib yurgan olimning ko‘plab savollariga mashhur faylasuf Feyerbax ta’limotidan kelib chiqib, jo‘yali javoblar qaytarar, salmoqli xulosalar yangi talqinlarga ufq ochar, suhbatlar esa qizigandan qizirdi. “Belinskiyning xotini eriga va menga yalinib, biroz tin olishiimizni so‘rar yoki vrachning qog‘ozini eslatib qo‘yardi, – deb eslaydi Turgenev. – Belinskiy esa bir oz zarda bilan menga “Biz hali Xudoning mavjudligi haqida bir to‘xtamga kelmadik. Siz ovqatlanishni xohlaysizmi?” deb qo‘yardi”.

Albatta, bu suhbatlarning bosh mavzusi abadiylik fonida Rossiyaning keyingi taqdiri bo‘lgani shubhasiz. Moddiy (tabiiy) boyliklari mo‘l-ko‘l mamlakatlar emas, tafakkuri yuksalgan mamlakatlar insoniyatni boshqargan. O‘sha damlarda Rossiyaning kelajagi haqida ikki xil qarash mavjud edi. G‘arbchilar taraqqiyot andozasini Yevropadan va undan naridan olish kerakligini uqtirishsa, slavyanparastlar vatanlari kelajagini qadimiy slavyan madaniyati unsurlarida, deb bilishar, hatto Pyotr I ni milliy tartiblarga zaxa yetkazganlikda ayblashardi. Davralarda bu ikki oqim tarafdorlari murosasiz kurashar, har kim o‘z fikrida haq edi. Bu borada Belinskiy va Turgenev hamfikr chiqib qolishadi. “Belinskiy Buyuk Pyotr ko‘rsatgan yo‘ldan boshqa najot yo‘qligiga qat’iy ishonardi, – deb qayd etgan Turgenev, – u G‘arb tajribasini faqat qullarcha, ko‘r-ko‘rona emas, xususiyatlarni, tarixni, hatto iqlimni hisobga olib qo‘llash tarafdori edi. Ha, u Rossiyani sevardi; shuningdek, u otashin ehtiros bilan ma’rifat va erkinlikni sevardi: o‘zi uchun eng oliy qadriyat bo‘lgan ana shu ikki narsani yagona voqelikda ko‘rishni xohlardi – mana, uning hayotining mazmuni nimadan iborat edi, mana, u butun umri davomida nimaga intilgan edi”. Keyinchalik ham ularning do‘stligi samarali davom etdi, mutafakkir tanqidchi Turgenev ijodini muttasil kuzatib, o‘z bahosini berib bordi. Turgenev tarjimai holida yorqin iz qoldirgan buyuk shaxslar ko‘p bo‘lgan.

 

Hakim Sattoriy

1953 yili tug‘ilgan.

Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ni tamomlagan. Xotira karvoni”, Amir Temur sevgan yurt”, Hazrat Sohibqiron”, Imzoli xatlar”, Malak toshi”, Vaqt manzaralari” singari badiiy publitsis­tik kitoblari, Sog‘inch” romani nashr etilgan.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.