Dimog‘imda ising bor, tuproq…

0
71
marta ko‘rilgan.

Kutgin meni…

 

Kutgin sog‘inch yomg‘irlarini,

Men yuzingda shabnam bo‘laman.

Yulduzlarga singil tutinib,

Vujudingda baxtga to‘laman.

 

Olislarga ketmadim, aslo,

Hali dilga qaytishlarim bor.

O‘shal ma’yus ishq kuylarimiz,

Qo‘shiq qilib aytishlarim bor.

 

Unib chiqsa yerdan bir chechak,

Iforida yashayman shaksiz.

Biz yaratgan ajoyib ertak,

Asrniki bo‘lar shubhasiz!

 

 

 

Sog‘inish

 

Keng shaharda o‘qiyapman, do‘st,

Keng shaharda baxtliman, Ona.

Bu yerda yo‘q biror kamu ko‘st,

Axir, poytaxt yakka-yagona.

 

Tovonimda yaltirar yo‘llar,

Tuproq emas biror joyi ham.

Bunda qadoq bo‘lmaydi qo‘llar,

O‘zgachadir ko‘kda oyi ham.

 

Binolari osmoncha yetar,

Aylantirar bu sodda boshim.

Aql shoshib, o‘zidan ketar,

Endi o‘sma bezamas qoshim.

 

Zamon dedim, tovonim o‘pgan,

Sochlarimni to‘zg‘itdi shamol.

Endi esa qishloqni sevib,

Yo‘qlamoqlik kelmoqda malol.

 

Odamlari osmoncha yetar,

Og‘ritadi boqsam ko‘zimni.

Aql shoshib, o‘zidan ketar,

Taniyolmay qoldim o‘zimni.

 

Bu yerda bor faqat tosh yo‘llar,

Dimog‘imda ising bor, tuproq.

Shu shaharning bir chekkasida,

Seni sevgan qizing bor, tuproq.

 

Maftuna RAIMQULOVA

1998 yili tug‘ilgan.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi.

Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari ishtirokchisi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.