Odil IKROM: Mehr ko‘chasida kezgan gadoman…

0
247
marta ko‘rilgan.

QORA CHO‘G‘

 

Ko‘zlaring tubida tun bo‘ldi g‘oyib,

Ko‘zlaring tubida osmon yaraqlar.

Osmonga uzangan qo‘llarin yoyib,

Oyni emib yotar uryon daraxtlar.

Tun yonar ko‘zlaring qorachig‘ida,

Kiprigingga qo‘nar arzanda Humoy.

Zardobda zanglagan oftob tig‘ida

Kesilgan siynaga o‘xshab ketar oy.

Zaharlangan yerning qursog‘i kabi

Qappaygan xazonlar eslatar go‘rni.

Ko‘zlaring tubida to‘lg‘anar sabil,

Sitilgan ko‘z yanglig‘ butoqdir o‘rni.

Tuxum qo‘ygan kabi oqqush xayollar

Kallaning tirjaygan chanog‘iga jim,

Ko‘zlaring tubida ma’yus shamollar

Go‘yanda arvohday boshimda nadim.

Ko‘zlaring tubidan seni qidirdim,

Ustimda kulmoqda osmon ham, oy ham.

Men ikki dunyoni unga sig‘dirdim,

Men – ikki dunyoga sig‘magan odam.

…Faqat, senga – yolg‘on, o‘zimga – ayon,

Mening tushlarimga kiradi har kun:

Sening ko‘zlaringni eslatgan osmon,

Sening ko‘zlaringni sog‘intirgan tun.

 

DIYDOR

 

Och emasman, ochko‘z dunyodan to‘ydim,

Dunyoda bormisan, qiyomatlik do‘st?..

Ko‘ngil kundasiga boshimni qo‘ydim,

Kel, yurak qinidan sug‘urilgan so‘z!

 

Yig‘lab, o‘rtamaysan men uchun bag‘ir,

Men ham mozoringda yotolmasman tinch.

Sen menga o‘zingning tilingda gapir,

Kel, ko‘ngil qonidan yaralgan sevinch!

 

Mehr ko‘chasida kezgan gadoman,

Adoman, lek ado etilmagan farz.

O‘zimdan o‘zimga qaytgan jazosan,

Ey qo‘li duoga ochilmagan nafs!

 

Farazlar dilingga osoyish bermas,

Gar Xudo bermagan bo‘lsa iste’dod.

Nozing buncha baland,

Zoting buncha past,

Ey, sen, qusug‘iga yonboshlagan zot?!

 

Nima topding, yolg‘on quvonch axtarib,

Nima berdi senga o‘shal soxta g‘am?!

Gunohin shaytonga butkul ag‘darib,

Ey aybin ajalga to‘nkagan odam!

 

Xohlasang balanddan,

Xohlasang pastdan

Kel, o‘shal Qiyomat kelgunga qadar.

Och emasman…

Senga muhtoj emasman…

Qayga qochayapsan mendan, bachchag‘ar?!.

 

OQ ALAHLASH

 

Sog‘inch og‘ir, sog‘inch cho‘kar ohimga,

Ko‘zlarimga tig‘day botib ketar xob.

“Bir kecha shafqat so‘r qatlgohimga,

Bir kecha men bilan birga qol, oftob…”

Bejo ko‘zlarimni osmonga tikib,

Nigohimni yerdan olmasman taqir.

“Men endi ketarman jonimday chiqib,

Oymomo, meni ko‘r ko‘zlardan yashir…”

Boshim tandan judo, xayolim judo

Qon kabi sochilgan gustoh hislardan.

“Seni yuragimda asrayman, Xudo,

Xudo asrasa bas xudosizlardan…”

Sening tirnog‘ingga hatto arzimas

Ko‘zimda suyakday chaynalgan sukun.

“Dunyoning dunyodan qolgan qarziman,

Men tag‘in dunyoga qaytarman, quzg‘un…”

Qorong‘i tushmasdan kelaqolgil, tun,

Qorong‘i tushmasdan ketaqol, oftob.

“Faqat ko‘zlarimni kosasiga sun,

Faqat ko‘zlarimni… ko‘zlarimni yop…”

 

 

* * *

Bizning oramizda nima qoldi, ayt,

Yuraklar – talangan ma’voday yupun.

Oramizdan o‘tar har duoyi bad,

Oramizdan o‘tar Xudo urgan tun.

Ba’zida yurakni ko‘mar nolaga

Yuraklar oralab o‘tgan yer izi.

Ba’zida osmon ham tushar oraga:

Zarhal harf bitilgan cho‘chqa terisi.

Oradan oy o‘tar – oysiz tunlarim,

Oradan yil o‘tar – cho‘zilgan qasos.

Sensiz o‘tayotgan mening kunlarim

Mening gunohimdan o‘tmaydi xolos.

Oradan beshafqat o‘tib ketar vaqt,

Biz bevaqt qartaygan norasidamiz.

Bizning oramizda nima qoldi, ayt,

Javob ber, kimlarning orasidamiz?..

 

 

* * *

Ko‘zingda bir kalom tentirar unsiz,

Ko‘zingda bir qayg‘u jilmayar ma’sum.

Axir men – kafanga o‘ralgan bir his,

Ko‘zlaring oqiga chulg‘angan mardum.

Axir men – zaminda yashagan osmon,

Axir men – osmonga yetmagan ovoz.

Axir bu dunyoning rostligi – yolg‘on,

Axir bu dunyoning yolg‘onligi – rost.

Axir bu dunyoda men boshqa dunyo,

Meniki emas bu o‘tkinchi kadar.

Axir men qirq yilda bo‘lay deb bunyod,

Kechdim to‘qqiz oylik dunyodan badar.

Jismimni kinnaday yorib kirgan jon

Chaqirganim bilan chiqmas bir muddat.

Yolvorganim bilan yorishmaydi tong,

Haydaganim bilan ketmaydi zulmat.

Aytsang-da – aytmasang ketarman to‘zib,

Gumrohman – yo‘limga tikaverma ko‘z.

Axir men – dunyoga o‘tmagan so‘zing,

Axir men – dunyodan o‘tayotgan so‘z…

 

 

* * *

Mana o‘sha eshik, o‘sha ostona,

Qo‘ng‘iroq tugmasin paypaslayman jim.

Nogoh yorishganday bo‘ladi xona,

Nogoh jaranglaydi bitta savol: “Kim?..”

“Kim?..”

Mendan domangir xomush bir balo,

“Kim?..”

Mening qarshimda do‘zaxiy og‘ush.

O‘zga olamdagi ozurda arvoh

Nolasiday chaqnar edi bu tovush.

“Kim?..”

So‘nggi nafasday og‘ir va o‘jar,

O‘ziday o‘zgadan bexabar sado.

Hayotim to‘xtamay bejavob o‘tar,

Xuddi etmagandek o‘z qarzin ado.

“Kim?..”

To‘xtov bilmasdan jaranglar ovoz,

Men esa tasqara misoli jimman.

Faqat kimligimni bilmayman, xolos,

Faqat g‘o‘ldirayman, xolos: “Men kimman?..”

 

 

YARIM TUN

 

Tun bo‘yi siqtagan sog‘inchlarim och,

Ko‘kragimga botgan kimning izlari?

Nechun buncha sovuq la’nati quvonch,

Nechun buncha go‘zal g‘amning ko‘zlari?

 

Bir toza yurakda kelar yashagim,

Qancha yuraklarga keltirdim malol.

Nechun o‘zim bilan o‘zim yashadim,

Nechun o‘zimdan ham o‘ligim halol?

 

Yuragim talpinar, sog‘inch rohida

Ko‘kragimni bosib o‘tdi kunlarim.

Yuraklar qonidan, yurak qonidan

Nechun ko‘ngil to‘lar,

Nechun tun – yarim?..

 

 

* * *

Qo‘lim ochilmaydi, o‘lgunimcha to

Sendan yashirganim – o‘sha bir narsa.

Mening bandaligim bo‘lguncha bajo,

Bilmaysan.

Bilmaysan, bu xayol Iskandarning ham

Qo‘lidan kelmagan orzusi, o‘yi.

Qo‘limdan keladi axir, azizam,

Qo‘lim ochilganda – sochlaring bo‘yi.

 

Yo‘lim ochilmaydi, o‘lgunimcha to

Yo‘limga sig‘magan bitta qildaysan.

Folbinlar – yolg‘onchi, ta’birlar – xato,

Bilmaysan.

Bilmaysan, bir kuni tumonat odam

Ortimdan ergashar shoshib-shoshmasdan.

Yo‘lni men boshlayman axir, azizam,

Yo‘lni men boshlayman qadam bosmasdan.

 

Ko‘zim ochilmaydi, boshqa odam u –

Ko‘zin katta-katta ochib jilmaygan.

Men sendan bir dunyo yashirdim mangu,

Bilmaysan.

Bilmaysan, sen – dunyo ko‘rmagan odam,

U – g‘amgin yurakning yostiqdoshlari.

Ko‘zimda yashaydi axir, azizam,

Ko‘zimda – ko‘zingning yoshlari…

 

 

UCHINCHI DUNYO

 

Vahdat sharobidan ko‘ngil bo‘lar mast,

Diling bilan bitta bo‘lsa zaboning.

Ikki dunyoda ham boshi qo‘shilmas,

Tilagi bir bo‘lgan ikki gadoning.

 

Qo‘limizdan kelsa, yordam beraylik

So‘zlarning bag‘rida ungan xunyoga.

Shohlar zeriktirdi, kelgin, ketaylik,

Gadolar bir-birin suygan dunyoga…

 

 

ELLIGINCHI QISH

 

Ellik yil yashadim, ba’zan ozurda,

Ba’zan dabdaba-yu dag‘dag‘a qilib.

Goh jimjitlik, goho g‘ala-g‘ovurda

Ellik yil yashadim qanaqa qilib?!..

 

Ellik yil yashadim, pinhon-u oshkor

Umrimning boriga baraka qilib.

Gohida beminnat sadaqaga zor,

Gohida jonimni sadaqa qilib.

 

Ellik yil yashadim, beg‘am, sertashvish,

Goh katta, goh kichik ma’raka qilib…

Ostonamda turar elliginchi qish,

Ellikta bahorni kalaka qilib…

 

 

DUNYONING TAGI

 

Bir yonda g‘am, bir yonda beg‘am,

Qon qonga, jon jonga qasd ekan.

Jon qadriga yetayin desam,

Kuygan jonning qadri past ekan.

 

Munofiqlar yorning ishqidan

Mast bo‘lmagan mayparast ekan.

Nomi ulug‘ ekan rizqidan,

Ohangidan avji past ekan.

 

Balogardon bo‘lmadi hech kim,

Chunki balo zabardast ekan.

Bu dunyoning tagiga yetdim,

Bu dunyoning tagi past ekan…

 

 

 

 

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.