Usmon Qo‘chqor

0
66
marta ko‘rilgan.

1953 yilning 15 iyulida Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning filologiya fakultetini tugatgan.

Shoirning “Hayajonga ko‘milgan dunyo”, “Akssiz sadolar” (1986), “Uyqudagi minora” (1987), “Og‘ir karvon” (1991), “Chamangul”, “Shiroq” kabi she’riy kitoblari chop etilgan.  Buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriy hazratlari haqida “Imom Buxoriy” nomli she’riy drama yozgan.

Usmon Qo‘chqor ozarbayjon adiblaridan Husayn Jovidning “Amir Temur” va “Shayx San’on” dramalarini, Jalil Mammadqulizodaning qissa va hikoyalarini, Yusuf Samad o‘g‘lining “Qatl kuni”, Anorning “Besh qavatli uyning oltinchi qavati” va boshqa asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Shoir 2017 yil 21 sent­yabrda Toshkent shahrida vafot etdi.

***

Usmon Qo‘chqor adabiyotimizda, xususan, she’ryatimiz va tarjima san’atimizda yorqin iz qoldirgan shoirlarimizdan biri. 

Usmon mohir tarjimon edi. Xalqimiz ongini o‘stiradigan, milliy tushunchani shakllantiradigan asarlarni tarjima qilgani bilan ko‘pchilikning hurmatini qozondi. Yusuf Samado‘g‘lining “Qatl kuni” romani, Husayn Jovidning asarlari fikrimiz dalilidir. Usmon ozarbayjon adabiyotidan qilgan tarjimalari bilan o‘zbek-ozarbayjon adabiy aloqalarini yana bir pog‘ona yuksaltirdi.

Usmon bilan tengdosh, fikrdosh, yo‘ldosh edik. G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida, “Jahon adabiyoti” jurnalida birga ishladik. Bilimli, iste’dodli, vijdonli muharrir edi. Bu uch fazilati bilan u halol non topdi, oilasini boqdi, adabiyotimizga, matbuotimizga, xalqimizga xizmat qildi. Usmonning boshqalardan farqi ana shu uch fazilatida deb bilaman va shuning uchun doim uni hurmat qilganman, qadrlaganman. Turkiston adabiyoti, turkiy dunyo adabiyoti deb yashagan Usmon bir chog‘lar: “Moviy dunyolardan nafasim kelur…”, deb yozgani kabi nafasi endi samoviylashdi, moviylashdi.

Do‘stimni Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin.

 

Tohir Qahhor

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.