Hayrat
Toğ xuşomadni yoqtirmaydi, şuning uçun ham uning viqori körganlarni hayiqtiradi, hayratga soladi. Toğning qalbi pokiza, inçunun ham ğubordan xoli qorlar toğni mangu makon tutadi. Toğ şunday sofdilki, ona zaminga armuğoni bölgan uning irmoqlari yerni yaşnatadi, unga hayot baxş etadi. Zomin toğlarida, Öriklisoy balandliklarida halol, pokiza, sofdil yoş qalamkaşlarga “oq yöl” tilaş yaxşi anʼanaga aylanganki, uning hosilasi adabiyotimizning yangi ovozlarida voqeʼ bölyapti. Aslida, bularning hammasi – hayrat. Şoir yozganidek:
Daryolar guvillab çopar dengizga,
Quşlar xayolingni zavqqa öraydi.
Zamin möjizalar berar-u bizga,
Evaziga faqat hayrat söraydi.
Zomin, Öriklisoy mehribon volida misoli bizni öz bağriga olganida, toğliklarga barobar hayrat ham bizni öz oğuşiga olgan edi. Uşbu kundaligim Zomin seminaridan yoruğ nur bölib qolsin!
Birinçi kun
Atrofni kuzatiş maroqli. Ayniqsa, u senga notaniş maskan bölsa. Javonibga suqlanib qaraysan va Öriklisoy betakror tabiati, şarqirab oqayotgan yaxdek suvlari bilan xuş kayfiyat bağişlaydi.
Keçki Öriklisoy bilan tanişuv yakuniga yetgaç, hamxonalar bilan tanişiş gali keldi. Oromgohdagi 6-xonani beş qatnaşçi band qildik: ikki şoir, ikki musavvir va kamina. Ularni bir-bir tanitsam: yangiyöllik şoir Oybek Akbarov, Bekobod tumanidan – Erkinjon Hojimamatov, rassomlar – Akmal Rasulov va Jasur Abrayev. Bu insonlardan samimiyat balqib turadi. Ehtimol, şuning uçundirki, ularga hurmat bilan qarayman doim.
Keçki tamaddidan söng muşoirada qatnaşdik. Eʼtiborli jihati, şoir akamiz Botirjon Ergaşev bu anjumanning kötarinki ruhda ötişi uçun köp ter tökkani sezildi. Hamkor taşkilotlar tomonidan anʼanaviy qöşiq ijroçilari, bastakorlar, kinematografiya sohasi yoş ijodkorlari, rassomlar – kitobat sanʼati yönalişida tahsil olayotgan talabalardan iborat ijodiy guruhlarning iştiroki taʼminlangani hazilakam gap emasdi. Demoqçi bölganim, muşoirada faqat şeʼr öqilmadi – şeʼriyat keçalari nazm-u navo oqşomlariga aylandi. Oçiğini aytiş kerak, Öriklisoy oromgohida hordiq çiqarayotgan boşqalarga ham bu oqşomlar manzur keldi, katta taassurot qoldirdi, madaniy zavq ulaşdi.
Ayrim davralarda quloqqa çalinadiki, oç qoringa adabiyot kerak emas, degan gaplar. Yöq! Qalb uyğoq bölsa, adabiyot har yurakka kerak ekan. Tun yarmidan oqqan esa-da, Zominning etni junjiktiruvçi salqin havosida şeʼr eşitgan yurtdoşlarimizni kuzatib, bunga şohid bölgan kamina şu sözni aytadi. Şunday xulosa yasar ekanman, sahnada Öriklisoyni töldirib, yoş hofiz Rustam Yigitaliyev berilib tor çertar edi.
5-iyul, 2021-yil
Ikkinçi kun
Bu yilgi Zomin seminarining badiiy publitsistika yönalişida iştirok etib, amin böldimki, Öriklisoyda “oq fotiha” olgan pokqalb yoş ijodkorlar nafaqat adabiyotning umidiga, balki millatning işongan toği va haqparvar jarçilariga ham aylanadi. Ular safida bor ekaningning özi şodlig-u quvonç, öz navbatida – masʼuliyat.
Biz – yoş publitsistlarga Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi aʼzolari: Özbekistonda xizmat körsatgan jurnalist Ahmadjon Meliboyev, filologiya fanlari nomzodi Tölqin Eşbek va “Madaniyat va maʼrifat” telekanali direktorii, şoir Vohid Luqmonning mahorat darslaridan bahramand böliş nasib etdi.
– Jurnalistika, bu – aniq raqamlar, aniq tahlil. Masalan, bu yerda bir bino bor, deb tasavvur qilaylik. Öşa bino birdan qulab tuşdi. Endi şu voqelikni yoritiş kerak. Ijtimoiy tarmoqlar falon joyda bir bino quladi, jarohat olganlar va halok bölganlar bor, deb xabar beradi. Bu hodisani televideniye körsatsa, binoning qulayotgan vaqtini namoyiş eta olmaydi. Televideniye voqea sodir bölganidan söng keladi. Agar jurnalist bu holatni yoritmoqçi bölsa, bino nima sababdan qulab tuşganini aniqlaşi, yoritişi va tahlil qilişi kerak. Jurnalist aniq faktni yozişi lozim.
Mana bu olma daraxtining uçidagi mevalarga eʼtibor bering. Bu yerda katta falsafa bor. Jamiyatdagi qarama-qarşiliklarni şu holatga öxşatiş mumkin. Daraxtning tagiga suv quysangiz, hosil kattalaşaveradi, lekin vaqt ötib mevalar zalvori şoxni sindirib yuborişi mumkin. Demak, odam öz oldiga maqsad qöysa, bir meʼyorda ketişi lozim. Birdan odam bilimdon bölib qolmaydi, asta-sekinlik bilan ösib boradi. Jurnalistning uçta közi, uçta quloği bölişi kerak, – dedi ustoz Ahmadjon Meliboyev.
Tajribali publitsistlardan örganganlarimiz şu böldi: ijodkorning qalbi pok bölsa, uning asari ham pok böladi, tabiiyki, pokizalikdan bahra olgan adabiyot muhibi-da halollik, oqköngillik, odamiylik kabi fazilatlar sari odimlaydi. Aslida, söz ham pokiza neʼmat. Uning uvolini biliş, isrofidan tiyiliş kerak. Nur nurdan yoruğlik olgani kabi pok sözdan poklik taraladi. Şu jihatdan yondaşilsa, bugun jamiyatga sof asar-u sof axborotni yetkaziş kerak. Axir, Erkin Vohidov bejiz yozmagan-ku:
– Istasang toza köngilga
qönmasin zarra ğubor,
Pok söz-u pok iş va pok dil,
pok xayol bölmoq kerak.
Mahorat saboqlarida Ahmadjon Meliboyev töğri taʼkidladi: ötgan asrning 90-yillari publitsistikasi ehtiroslar asosiga qurilgan edi. Bugungi kun öquvçisi esa hissiyotni emas, dalillarni talab qiladi. Şunga binoan aytilsa, bugungi davr tahliliy publitsistik asarlar yaratilişini taqozo etadi.
Suhbatlarning davomida bu haqiqatga yana bir karra iqror böldik. Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi Toşkent viloyati bölimi muassisligidagi “Adabiyot ziyosi” gazetasi boş muharriri örinbosari, şoir Zohidjon Olov bilan örindiqda suhbat qurar, şuning barobarida ona tabiatning pokiza tabiatidan hayronligimizni yaşirmay ifoda etar ekanmiz, olam bağridagi odam bolasi ham pok bölişi kerak, degan xulosa yasadik. Haqrost, Zohidjon aka aytganidek, dard köçirma bölmasligi kerak. Agarda dard nusxalandimi, ijodkorning qalamidan tökilgan asar ham takror bölib qoladi. Öz navbatida, dard ham porloq, nurafşon bölişi lozim.
6-iyul, 2021-yil
Uçinçi kun
Öriklisoyning tanga huzur bağişlovçi kunlari davom etyapti. Öriklisoy tabiati şeʼr tinglaşda bardavom. Özbekiston xalq şoirlari – Sirojiddin Sayyid, Mahmud Toir va Enaxon Siddiqova boşlab bergan muşoirani Faxriyor, Nodir Jonuzoq, Orif Töxtaş, Xosiyat Rustamova davom ettirdilar. Zomin toğlari bilan birga viloyat hokimi Ergaş Soliyev, viloyat hokimi örinbosari Furqat Jöraqulov; viloyat Içki işlar boşqarmasi boşliği, general-mayor Ğayrat Qodirov ham şeʼr sehrini tuydilar.
Tuşlikdan söng Zomindagi şarşaraga ekosayohat uyuştirdik. Şarşara Öriklisoydan beş-ön çaqirim yuqorida ekan. Tayin qilingan vaqtdan keçikib, attang qilib qoldik. Seminar qatnaşçilarini olib, avtobus yonginamizdan ötdi-ketdi. Qiziği, xonadoşlarimizdan Oybek Akbarov, Jasur Abrayev va Erkinjon Hojimamatov avtobusda edi. Akmal aka bilan aççiq qilib, ortga ham qaytmoqçi böldik. Ortga ögirilganimiz hamono ön çoğli iştirokçilar bilan adiba Maʼmura Zohidova va şoira Mahfuza Imomova kelar edilar. Na iloj, ular bilan piyoda yölga tuşdik. Har narsa maromida, rejadagidek bölsa, hayotning qiziği qolarmidi? Yurgan soğliqqa foyda, deya yuqorilay boşladik. Yöl-yölakay Mahfuza Imomova va boşqalarni taksilarga ötqazib yubordik. Eng oxirida Maʼmura opa, Akmal aka va men yarim çaqirim yölni piyoda yurdik. Axiyri, bir “Jiguli” töxtadi. Şarşaragaça eltib qöyadigan böldi.
Haydovçi qavmi azaldan şunday – gapga çeçan, gapdon.
– Zamon özgardi, – luqma taşladi haydovçi.
– Zamon joyida… Odamlar özgargan, – deya “kirakaş”ning fikrini inkor qildi Maʼmura opa.
Haydovçi inkorni inkor qilib, tağin söz aytmoqçi böldi, biroq öqilgan şeʼr uni tappa töxtatdi qöydi:
– Ja özing ham yaxşisan,
Yomonni yomonlama.
Menga qara, ey odam,
Zamonni yomonlama.
…Ey odamzod zuryodi,
Tasodifning bunyodi,
Zamon – Xudoning oti!
Zamonni yomonlama.
Şarşarani kördik, suratlarga tuşdik, muharrirlar bilan yaqindan tanişdik… va Öriklisoyga qaytdik. Keçki taomdan söng, odatdagidek, nazm-u navo keçasi böldi. Endi davrada Şuhrat Daryo sel bölib kuylardi.
7-iyul, 2021-yil
Törtinçi kun
Ibtido borki, intiho bor. Bu yilgi Zomin seminari ham nihoyalay boşlagandi. Taqdirlaş marosimi, hayajonli taassurotlar bayoni, gul-gul çehralardan tökilayotgan tabassumlar… hammasi Öriklisoyning öriklariga qaytadan örik gullarini taqqandek edi.
Seminarning ilk kuni katta qiziqiş, iştiyoq bilan tanişganimiz – Öriklisoyning past-u balandliklari, tol-u arçalari, şabboda-yu soylari endi notaniş emas, bilʼaks, bölakça qadrli. Qani endi bu zamin bağridan uzilmasangiz! Ha-da, tört kun içida bu yerda hazilakam hodisalar bölmadi, deysizmi? Qançadan qança muşoiralar, nazm-u navo keçalari, qalamdoşlaring bilan tortişuv va bahs-u munozaralar, eng muhimi, döstlik riştalariga, ijodiy hamkorlik aloqalariga beşik bölgan bu maskan yoşlikning, umr bahorining sölmas örik guli bölib mangu qoladi.
8-iyul, 2021-yil
Otabek ISROILOV
1999-yili tuğilgan.
Özbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi. Respublika yoş ijodkorlarining Zomin seminari iştirokçisi (2021).
2021/7
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


