0
42
marta ko‘rilgan.

I

Ovul sukutda edi. Paxsachilar ishini qo‘ygan kezlari edi.

…O‘sha voqeadan bir kun ilgari biznikiga O‘ljaboy akis (bolalar shunday atardik) kelgandi. Qo‘lida bir parcha qog‘oz, ruchka bor edi.

Ayvonga o‘tirgach, pichirlagannamo gap ochdi:

– To‘rt-besh so‘mingni beraman. Bilasan, savodim chatoq. Toshkentga bir og‘iz gap bor. Shuni yozib ber! Nechinchi sinf bo‘lding?.. Olti… ha, otang uyga taraddi ko‘raversa, oldidan chiqadi. Buni ushla-chi!

Ishqilib, maqtovga uchdimmi, yo buni so‘rab-surishtiradigan yoshda emasmidim, onamning barmog‘ini yanog‘iga sidirib, “uyat” deganiga ham qaramasdan, kechki ayozda qaltirab qog‘ozni bejadim:

“Assalomu alaykum, inim Suyarjon. Sog‘liq, o‘qishlar yaxshimi? Checham qanday, ko‘nikib ketdimi?.. Og‘aynilarning bari yaxshi, salom aytdi. Gapning indallosi, Suyarjon, sen ketgach, Otamning uyi karvonsaroy bo‘ldi. Sog‘ ham, nosog‘ ham shu yerda. Qarovsiz uy shu-da! Ket, degan bilan ko‘zdan pana bo‘lsa, baribir keladi. Urib-so‘kish befoyda”.

Xat shu yerga yetganda u kishi mendan so‘radi:

– Pul to‘lab uyida turadi-ku! Nima deydi, shuni?..

Men yelka qisgandim, onam:

– Kvartira, – deb javob berdi.

– Ha, – dedi akis boshini chayqab, tuksiz iyagini siypab. – Yoz..

“Bu sening shaharingmidi, uyini kvartiraga qo‘yadigan. Sen professorlikdan ortmaydiganga o‘xshaysan, mayli, ilm qil! Uchqiz bilan G‘o‘bdinning orasida umring o‘tib ketadi, bu yerga kelsang! Agar Otamning uyiga egalik qilaman, desang, qayt jumagacha. Tag‘in, o‘pkalab yurma. Imoratingning toshi ko‘chgan. O‘zaro maslahatdayam shu gap bo‘ldi. Yaxshi, gap shu-da!

Akang O‘ljaboy”.

Men “yalt” etib unga qaradim. Ichim idradi, qornimga burg‘u solingandek bezovtalandim. O‘ljaboy bobo cho‘ntagini kovlab, uch so‘mlik berdi.

 – Kerakmas… qaysi Suyar?

– Tanimaysan, u Toshkentga ketganida sen emaklab yurarding! To‘g‘rimi, kelin? Ana aytdim-ku! Biznikiga o‘t, do‘lana beraman. Gapga oyoq bitib ketmasin, yana. Tayyor uy-joy, odamlar eshitsa, jazman ko‘payadi-da! Taqdir qilgani-da!

Indamadim.

Akis qog‘ozni avaylabgina buklab, rahmatni do‘ndirib, darcha tomon odimlarkan, oyim oshxonadan turib, til uchida: “Shirkadi pishdi”, dedi.

Mening fikru zikrim haligi Otaning uyi – qarovsiz hovlida bo‘lib qoldi, shirkadini yeb o‘sha gap izidan quvmoqchi edim.

 

* * *

– Shodmonboy otaning uyi shularning ko‘ziga saroy bo‘ldi-da! – dedi onam mendan bor gapni bilgach. – Er yetgan o‘g‘li, uy bo‘lib bir oilaga bosh qizi bo‘lsa, uyning egasi o‘shalar. Sichqon sig‘mas iniga, g‘alvir boylar dumiga. U yerga O‘ljaboy aka uy tugul, katak qurishgayam qurbi yetmaydi. Ro‘zg‘ori bitta ko‘ksigirning yeliniga qaragan-u, dag‘dag‘asi olamni buzadi-ya! Yoki bir ko‘mma topdimikan?.. Oldi-orti eski imoratning qoldig‘i, ota-bobosi xumga borini tiqib tashlab ketganmikan? Dami baland, bir hunari borga o‘xshaydi, bolam?.. El-yurt nima derkan, shunga hayronman, qo‘lini burniga tiqib qolaveradimi? Dadang­ning qulog‘iga bir og‘iz shipshitish kerakmi? O‘ljaboy bobongning indamay yurgani yomon – pismiqlanib ishini bitkazib qo‘yadi. Esonboy bilan juda osh-qatiq, bir narsa deganmi u? “Bo‘lib olamiz”ga uchib, qarg‘ishga qolmasa edi.

– Boboning yashirgani bor-ov, – dedim onamga, go‘yo shu bilan O‘ljaboy akisning dimog‘i Uchqiztog‘day ko‘tarilgani ma’nisini topgandek. – Aya, Suyar akani eshitganman. Bizga og‘aynimi? Dadam ham ko‘p gapiradi.

– Ha. Bari bir otadan tarqagan. Nechi avlod ilgari bobolarimiz shu yerga kelib, el bo‘lgan. Ildizini surishtirsang, bir otaga taqaladi.

Keyin, haqiqatan ham, shu tobda Shodmonboy boboning uyi qarovsiz qolib, ivirsiq, tashlandiq bir joyga aylangani rostmi, deb so‘raganimda, onam: “Kimga zaril shu! – deb qo‘ya qoldi. – Odamlar bir parcha yerini eplolmaydi-yu, ortiqcha g‘alva kimga kerak”.

Men muhim masala tagiga yetish ilinjida yelkamga chopon ilib, qishloq manglayidagi choldevor sari chopdim.

Qosh qoraygach, kuzning allaqanday muztar qorong‘isida adras to‘nga o‘ranib, kunchiqardagi chakalakzor oralab alanglab, qo‘rqqannamo ketib borardim.

Hovlini tezroq ko‘rish ilinjida goh chopar, goh to‘xtardim: hadiksirab oldi-atrofimga qarab dirillar, tag‘in biror tanish-bilish uchrab qolsa, birga borardik, degan o‘y miyamga tinchlik bermasdi.

* * *

Toqqa tutash adir biqinidagi uy necha yillardan beri odam isiga zor edi. Bu yerga biror kishi kelib sukutdagi hovliyu o‘tganlar tinchini buzmaganidek, allaqaysi sayoq oyoq­osti qiladigan ishratxona ham emasdi. Aksincha, hovliga kirishingiz hamonoq dimoqqa yoqimli is urilar, chor-atrofda o‘rilmagan pichan payhon bo‘lgandi. Yo‘lakni farishtalar supurgandek. Qo‘y-mol o‘tlashi uchun daraxt shoxlaridan to‘sin; betartib taxlangan bolor, to‘mor, shox-shabba. Kiraverishda o‘ng qo‘l – uy, chap qo‘l – og‘il, to‘g‘rida oshxona. Oshxonaning loysuvog‘i ko‘chmagan, bitta-yarimta somonparcha chiqqandi, xolos. Faqat kichkina yaydoq derazani kun urib, so‘lini obdon sug‘urib olgan, kechki shamol oynalarini muttasil dirillatardi. Uning biqinida usti kigizda yopilgan, bir tarafi ochiq tandir bor edi. Kultepa to‘rt-besh qadam nari, soyga tushar joyda.

Quyuq terakzor. Qir kindigini o‘yib qurilgan og‘il. Bir-biriga chatishgan sada, tagi suruvyotoq. Undan past – buloqqa yolg‘izoyoq yo‘l tushgan. Buloq suvi ikki qishloqqa amal. Ehtimol, qishloq etagidagi hovuz qurib borayotgani uchun uyni buzish gapi ko‘tarilgandir. Molxona ustidan tomchi o‘tib, devor biroz qiyshaygan, ustun joyidan siljigan, poydevordan tosh ko‘chgandi. Molxonaga bir ko‘z tashlagach, to‘g‘ri uy tarafga yurdim.

Menimcha, bo‘sag‘ada ikki-uch avlod yumalab o‘sgan edi. Eski-tuski matohlar va imoratning eski tarxi, bichimi shundan guvohlik berardi. Uzun ayvondan xonalarga o‘tilar, har bir eshik yonida tokcha, aftidan, chiroq yoki obdasta qo‘yish uchun bo‘lsa kerak. Qibla tarafdagi ikki xonali mehmonxonaga ko‘z qirini tashlab qo‘ydim.

Peshayvonning shiftiga uya solgan musichalar, chumchuqlar vijir-vijirlab yoniga chorlar, allaqanday noxushlikdan ogoh etmoqchidek chirillab uchar, tag‘in qismatiga ko‘ngandek tinchib qolardi. Qushlar qish tashvishida shunday ilhaqdir, degan o‘y miyamga kelsa-da, bo‘sag‘ada chalajon, uzala yotgan To‘rtko‘zning bunday o‘yi yo‘qmidi, derdim o‘zimga-o‘zim.

It qariganini it ko‘rmasin. To‘rtko‘zning suyak­lari bo‘rtib, yungi to‘kilgan, ko‘zlari kirtaygan: turishga urinadi-yu, oyoqlari qiyshayib, qovurg‘alari bo‘rtib ketadi, g‘ashini keltirayotgan itchivinlarga ham madorsizgina tumshug‘ini nuqib qo‘yadi.

Hovli etagi – soy tomondagi darchadan chiqib ketayotganimda uzun, ko‘kka ustun, quchoqsig‘mas teraklarning shoxlarida gala-gala qarg‘alar qag‘-qag‘idan etim uvishdi. Abrikmi, yantoqmi, qushqo‘nmas, xas-xus daf’atan shitir-shitirlab o‘takamni yorayozdi. Boyo‘g‘lilarning ovoziyu olazarak ko‘zlaridan battar qochdim. Yo‘l-yo‘lakay qirning sarg‘aygan o‘t-o‘lanlarini bosib borarkanman, “Shodmon otaning dunyosi bir qish och ovulni boqqan, haliyam boqadi”, degan gap behikmat emasligi-yu, yana “Uyni buzaman deganni tuz uradi” degan matalga goh ishonib, goh ishonmasdim.

Darvoqe, bu chinmi, o‘tirikmi, bilmadim, ilgari darchadan chiqishdagi o‘ra o‘rnida yakkamix bo‘lganmish. Bir kishi uni olaman deb, tagini kovlaganida bir xum tillo topganmish. Keyin bosar-tusarini bilmay, o‘raning oldi-atrofini kalamushdek ilma-teshik kovlab tashlabdi, biroq hech vaqo topilmabdi. Ancha vaqtdan so‘ng bir safar kechqurun shu yerdan o‘tayotsa, kimdir ismini aytib chaqiribdi. U nari-beriga alanglabdi, biroq tirik jon ko‘rinmabdi. Qarasa, chuqurda bir narsa yaltirarmish, hovliqib shartta o‘sha tomonga sakrabdi-yu, haligi yaltiroqni olib darrov tishlabdi, tish botmabdi. Toshni cho‘ntagiga tiqib, o‘radan chiqish ilinji ila jon haybatda yantoq tomiriga chirmashibdi. Shu tobda bir narsa oyog‘iga o‘ralib, o‘raga tortaveribdi. Uning oyoq-qo‘li qaltirab, qichqiribdi, ovulni yordamga chaqiribdi, axiyri, yiqilibdi…

Ertasiga murdasini xalq olib ketibdi. Ke­­yinroq keksalardan o‘sha o‘lgan kishi Shodmonboy otaning cho‘poni bo‘lganini eshitganman. Ular yana: “Choldevorga duo ketgan, tuprog‘iyam birovga do‘stlik qilmaydi”, deb qayta-qayta gapirardi.

 

* * *

Qishning boshi ekan. Shodmonboy ota kechqurun qo‘ylarini suruvyotoqqa qamab, qishloqni aylanib yursa, biror hovlidan tutun chiqmasmish. Har bir uyga devor osha mo‘ralab chiqibdi. Esonboy boboning otasining uyiga yetganda eshik qoqmay to‘g‘ri kirib boribdi, qarasa, bolalar ayvonda kuydirilgan tak-tak yeb o‘tirgan ekan. Shu haqda onam takrorlardi:

“– Shu buvdoyoq qorin to‘ydiradimi? Qozon qoraytirishgayam un yo‘qmi? – debdi uyboshiga qarata.

– Topganimiz shunga yetdi, – debdi momo yelka qisib, kavshanarkan. – Birovdan so‘rashga iymandik. Qo‘ni-qo‘shnidayam shu ahvol, birovga berar yegulik yo‘q. Yeganimiz o‘zimizga yuqmay yuribmiz. Bizgayam qarashib tursangiz, qolib ketmas. Mana bular odam bo‘lsa, yelkamizdan yukni olar…

– O‘ljaboyni jo‘nating, eshakka mindirib. Bir xalta bug‘doy beraman, suv tegirmonga chiqarib, birato‘la uyga olib keladi. Bolalarni och qo‘ymangizlar, ertaga elni chaqirib qo‘y so‘yaman. Uyda hech kim qolmasin, hamma borsin! Bir kosa suv qo‘shsak, bitta odamning rizqida.

– Xo‘p-xo‘p, boy aka. O‘zim jamoat qilib, aytib chiqaman, – deya uyboshi Shodmonboy otani kuzatgani tashqarilabdi. – Bizni ertaroq aytavering, xizmatini qilamiz. Ortgan-qutganini uyga berarsiz…

– Olib ketaqol, mayli. Ochko‘zlik qilma, lekin. Bu xulqing bolalaringga o‘tadi. Senga o‘lguningcha xalal beradi, bilib qo‘y”.

Eshitishimcha, O‘ljaboy bobo Shodmonboy otadan undirilgan undan xufiyona o‘g‘irlab, sotib yuboradi.

 

II

Qishloqning to‘rt-beshta qo‘li uzuni O‘ljaboy boboning choldevori yonida nimanidir kengashar, tortishar, yana akisga maslahat solardi.

Men paxsadevordan nari ketolmay, gap poyladim. Ne’mat bobo hoshiyasi kirlanib qoraygan, yaltiragan qalpog‘ini yechib boshini shamollatdi:

– Buzishga buzasan, lekin el birlashmasa, ming tirtangla, qish tushguncha imorating bitmaydi. Qish – bo‘sag‘ada. Suyar kelmas, kelsa-chi, qishi bilan uyma-uy tentiraydimi? Qish o‘chog‘i tor, bola! Yozda butun ovul siqqanga, qishda bir jon ortiqcha. Bir kun Ne’matga rahmat aytasan, shu gapi uchun. O‘ljaboy, otaning cho‘ponidan farqing yo‘q. Yuraging ikkita bo‘lsa, buz, ammo buni shunday tashlab qo‘ymayman. Eshitib ol, sening beting bilan, keting bir. U yoqqayam o‘ynaysan, bu yoqqayam. Agar Suyardan bir og‘iz qattiq gap eshitsak, o‘zingdan o‘pkala.

O‘ljaboy akis chegraydi:

– Ih, joni huzurda. Shu itqaramas chakalakzorga kelaman, deb o‘lib turibdimi?! Tillo bersayam kelmas. Otaning qirqida ko‘rganim, shundan beri soyasini solmaydi.

– Bu chakalakzor – otamizning uyi. O‘t bossa bosaversin, tomchi o‘tsa lo‘mboz qilamiz, berkitamiz. Qulasa, ko‘taramiz. Lekin tirnog‘ini tekizganning oyog‘ini urib sindiraman. O‘g‘li baribir qaytadi, Amirkaga ketmaydimi. Ota uyini buzganning biri ikki bo‘lmaydi. Qaysi kuni Suluvxolni Buloqboshida ko‘rib qoldim. “Shu uyda otamning isi bor”, deydi. Ammo kelolmaydi, hech kim yo‘q. Kuyovi qurg‘uram ko‘p ichadimi, deyman, singilning ko‘zi ko‘karibdi. So‘raydigani yo‘q, deb o‘ylaydimi?.. Ha, shu obro‘gayam tuf, tashlab kelaver. Munglig‘laringni chirqillatmay… – Mahmud qassob jahllandi, qo‘li mushtlandi.

– Uyimga janjal ko‘targani keldinglarmi, – dedi O‘ljaboy bobo akisligi tutib. – Suyar, Suluvxon – bari o‘zimniki. Ularning g‘amini yemay qo‘yaqolinglar. Suluvxon biznikidan chiqmaydi, kelganida. Tug‘ilib-o‘sgan – to‘rkunida so‘rovsiz qolarmidi?! Lekin Shodmonboy akamning imorati ko‘klamga chiqmay baribir qulaydi. Men buzmasam, o‘zi buziladi. To‘ng‘ichimizga dang‘illama uy solib bersak… Birov foydalansa, qulab tushgandan yaxshi-ku!

Yon-atrofdagilar bobilladi:

– Ishingni oti nima?

– Uy egali, egasi o‘lgani yo‘q.

– Bor, toshingni ter. Qulasa, ko‘klam ko‘taradi.

Hartugul, kelishuv mujmal tugagani O‘ljaboy akaga ma’qul edi. Uning yuz-ko‘zida mamnunlik zohir bo‘ldi. Odamlar ariqdan hatlab to‘g‘ri Chiroqchi tomonga yo‘l solishdi.

O‘ljaboy aka esa g‘o‘ng‘illadi: “Shodmonboyning davriyam o‘tdi-ketti. Kampiri chimildiq ko‘rpasi titilmay o‘ttizida beva qoluvdi. Kimga ishonadi, hayronman. Qaraydigani yo‘q, arzandasi eri bilan kunda g‘alvada. Bir bolaning onasi haliyam o‘zini bosib olmagan. Biramak o‘g‘li tishini kavlab yuribdi, yuraversin. Endi uy beega”.

U “Uy beega”, deb birov eshitishi kerakdek ovozini balandlatdi.

Devordan g‘isht sindirib olib, ezdi.

 

* * *

Meni haligacha O‘ljaboy boboning o‘sha kungi shashti hayratga soladi. Qo‘l uchida kun ko‘radiganning egni qisiq bo‘ladi, dimog‘ bilan gapirmaydi, gapirolmaydi. Keyinroq eshitganim bor: ushbu voqea yuz berishidan to‘rt-besh yil ilgari u kishi momomga chol topib berish ishtiyoqida ancha yongan.

Momo boshqa uy qurmagan.

Momo qizini uyli qilgach, ikki yilda yolg‘izlikdan zerikdimi, qo‘rqdimi, o‘ldi-ketdisi – besh metr surp, joynamoz, imomu g‘assolga berarlik matoni bo‘g‘jamaga tugib-yashirib, Toshkentga otlangandi.

“O‘shandan ikki hafta o‘tar-o‘tmas otaning uyi naq karvonsaroy – ishratxona bo‘ldi: halol ham, harom ham o‘sha yerda. Kechdan tonggacha bazmu jamshid avjiga minardi. Qimorbozlarning g‘ala-g‘ovuri, uyi buzilgan, shaharchadan chaqirilgan ayollarning shiqing-shiqingi; chalajon alkash va bangilarning dovrug‘i qo‘lansa is, sukunat ingan uyni bo‘g‘ardi, go‘yo.

Shodmonboy akaning salobatidan haymiqib, eshik hatlashga jur’ati yetmaganlar endi oyoq cho‘zib to‘rda o‘tirar, soyasiga ko‘rpa to‘shaganlar uning otini ham unutgandi. Sabr kosamiz to‘lgach, to‘rt-besh kishi galalashib, ichimizda O‘ljaboy bobong ham bor edi, haligilarni quvib chiqardik. Do‘qladik, yoqasidan oldik, urdik, ishqilib, bir amallab haydadik. Uybuzarlarning qorasi o‘chdi. Bo‘lmasa, uy oyoq ostida qoladigandek edi. Ovul yana tinchidi”, – derdi otam o‘sha gaplar uy ichida ko‘tarilib qolsa.

 

III

Keyinroq haligi xat Suyar akaga yetib bordimi, yoki bu ham ko‘z-ko‘zga uyushtirilganmidi, ancha o‘ylab yurdim. Sabohat yanga bilan gapning tagiga yetdim. Yanga bug‘doyrang, bo‘ylari uzun, qalin qora qoshli ko‘hlikkina ayol edi.

Kunlarning birida Sabohat yanga gap ochdi:

“O‘shanda akangiz allaqanday asabiy holda oldimga keldi. Gaplashdik. Ilmiy ishi tayyorligini bilsam-da, negadir qishloqqa qaytishi zarurligini aytdi. “Men bilan qishloqqa ketasanmi?” dedi dangal. To‘g‘risi, ilgaridan menda ko‘ngli borligini sezsam-da, ochiqcha aytmagani uchun, ota-onasining topgani bordir, deb o‘ylardim. Qarorini eshitib, ajablanmadim-u, yuz-ko‘zidagi o‘zgarishdan bir to‘xtamga kelmaganini sezdim.

– Otang bilan gaplashaymi? – dedi.

– Otam ustozingiz-ku!

– Ustozim yo‘q demas…

– Bilmadim, “yo‘q demas”.

…U kishi otam bilan gaplashgan.

… Otam zalda kutib turgan ekan, imlab chaqirdi. Xonasiga kirdik. Dadamning ko‘zlarida allaqanday bir muammo aksi ko‘rinar, keng mang­layi tirishgan, to‘kilgan sochlari yanada siyraklashgandek edi. Yana, shoshilinch harakatlaridan mas’udligini ham fahmlash qiyin emasdi.

– O‘tir-chi, qizim, – dedi stulni ko‘rsatib.

Keyin biroz taraddudlandi.

– Haligi, onang sirdoshing edi, taqdir ekan. Umrini bolalariga qo‘shib bergan bo‘lsin! Endi men ham sirdoshman. Sizlarning baxting uchun yashab yuribman-da. Buni yaxshi bilasan. Singling ham bo‘y yetdi-da endi. Onang sizlarni uy-joyli qilishni menga topshirib ketgan. Har kimning boshida bor, bu savdo. Aksioma, hayotning aksiomasi. Keyin bemalol oyoqni cho‘zib yotsam bo‘ladi.

Otam o‘siq qoshlarini uchirdi:

– Anovi, Suyar akangni taniysan-a? Ko‘p keladi biznikiga. Shogirdim-ku, esladingmi?

Bosh irg‘adim.

– Odam qo‘yibdi. Onasi… Bir javob aytish kerak. Shunga nima deysan? Yomon bola emas. Ilmi bor. Sal yo‘l-yo‘riq ko‘rsatsa, yo‘lini topib ketar.

Dadam onam o‘rnida onam ham edi, garchi o‘rtada qalin bir devor bo‘lsa-da, ra’yimga qarar, ammo gap ohangidan so‘rab keluvchilarga “yo‘q” deyish istiholasi ustida boshi qotar va qiziga bundan avloroq xaridor chiqmog‘iga ishonmasdi, nazarimda. Bu mening ko‘nglim uchun ham to‘g‘ri, xush edi.

Oradan bir kun o‘tib, Suyar akaning qishloqqa qaytganini eshitdim: Erkin ismli do‘sti qo‘limga bir parcha qog‘oz tutdi, xatni ochdim, ko‘zlarim juda qattiq bosib yozilgan harflar ustida yugurdi:

“Otamning uyini to‘yga sozlayman. Tez bormasam, bo‘lmaydi, ko‘nglim g‘ash. Aytgancha, tayyorgarligingni ko‘raver, uydagilar kelinini qishgacha yig‘ib olmoqchi. Hafta turib, qaytaman. Onamdan uyalib, qochib yurma, zerikadi. Erkin aka uchrashtirib qo‘yadi”.

 

* * *

Ovulga sovuq sukut kirgan kezlari biz ham Suyar akani Toshkentdan uylangan, deb eshitardik. Rosti, to‘yning ovulda o‘tkazilishini intiq kutganman, tengqurlar bilan to‘nka ustida o‘tirib, yeng shimarib palov yeyishning gashti bor-da. Lekin, bu to‘g‘rida biror kishiga til yormaganman.

Darvoqe, momom o‘sha kuni to‘yni tezlashtirish uchun shaharda tunaydi. Qizni ko‘radi: ko‘rsa ko‘rgudek, ko‘ngil to‘lgudek – tustar. Gaplashadi, tilidayam, dilidayam bor. Ikkovining gapi gapiga, ishi ishiga mos tushadi, endi bor gap domlada… Domlayam ro‘yxushlik bildiradi. Ikki-uch qo‘ni-qo‘shni chaqirilib, to‘y belgilanadi.

Xullas, momom “to‘yning kelasi yakshanba o‘tkazilishidan ko‘ngli ham g‘ash, ham to‘q”, edi. Ammo domla kelin-kuyovning keyinchalik Toshkentga qaytishi to‘g‘risida uzil-kesil bir gap aytmasa-da, baribir qizi shaharda yashashi, shogirdi professorlik maqomiga erishishidan umidvor bo‘lgan.

 

* * *

Qizig‘i shundan keyin boshlangandi.

Kayvonining xayoli haligi choldevorga yetib, to‘y tashvishlari yechilib, shahardan kelin ilib boradi, go‘yo. Butun qishloq to‘yga hozirlanib, ko‘chib chiqadi, go‘yo. Ovul choldevorni qo‘shqo‘llab epiga keltiradi, go‘yo. Bir kunda el sarpo ko‘tarib kelib, bo‘g‘jamani to‘ldiradi, go‘yo. Og‘ayni­-jamoat kengashib, guruch, moy tashvishini yechadi, go‘yo. Bir kunlik to‘y yugur-yuguri tinib, kelin tushirib oladi, go‘yo. Buning bari momoning xayolida, xolos.

Odamlarning to‘yga taqalgan mingta nayrang­­i bor edi.

…Shu tobda o‘ylab ko‘rsam, hammasi kino uchun sahnalashtirilgandek tuyuladi. Biri-biriga chambarchas bog‘langan voqealar. Men esa o‘sha paytlari ovulda g‘aram yonganining to‘yga borib taqalishini o‘ylab ham ko‘rmasdim…

 

IV

Ovul haliyam sukutda edi.

Kuzning adog‘i. Izg‘irin kishini chaqar, ahyon-ahyon ko‘cha-ko‘yda boshini choponi yoqasiga yashirmoqqa uringan odamlar uchrar, sovqotganlar qaltiragancha o‘tib ketardi. O‘tib-qaytayotganlar shu darajada bee’tibor, hafsalasizki, na baqirganni, na chaqirganni eshitadi. Ehtimol, eshitar, o‘zini garangga solar. Ularni faqat bir vahm bilan chorlash mumkin edi. Shu vahm iliqqanlarni chorlab, o‘y-fikrlarini to‘zg‘itib, o‘z domiga tortishi, g‘arqobdek yutib yuborishi mumkin edi.

… Onamning qozonpatiri pishishini kutib, oshxona atrofida kuymalanib yurganimda, allaqayerdandir tutun hidi keldi. Avvaliga e’tibor bermadim, o‘choqdan chiqayotgandir, deb. So‘ngra qo‘rqa-pisa, pichan g‘arami tomonga chopdim. G‘aram yonsa, qish bamisoli azob. Shamol Olatayoq tomondan esayotgani uchun og‘ilga tiralgan narvonga chiqib, alangladim: tutun buruqsib, chor-atrofni zabtiga olar, osmonga o‘rlagani sayin olomon hayqirib chopar, ayollarning fig‘oni falakka ko‘tarilar, olov qishloqqa yopirilardi.

Bir payt qarasam, yosh-yalang toshloq yo‘ldan pildirib o‘sha yoqqa borayapti: birovining qo‘lida paqir, birida ketmon.

Tom ustidan yelkadosh tomlar osha ularning ortidan quvdim. Ikki ko‘zim Olatayoqda, sakrab-sakrab ketib borardim. Traktor ovulga o‘t o‘tmasin uchun “tar-tar”lab yer haydardi. Quruqshagan xas lovullab yonib, toshloq yo‘lgacha yetdi. Shamol o‘chakishgandek xas-xus uchirardi.

Qancha oshiqmay, shuncha kechikayotgandek o‘pkamni qo‘ltiqlab yugurardim.

– Ja, vahima ko‘taradigan emas ekan, – dedi chollar yetib borganimda. – Kimning qo‘li qichidi ekan. Bolalar eshik hatlab chiqqani yo‘q. Esonboy “sen-men”ga boradiganlardan emas. O‘ljaboy alanglab yuruvdi, o‘shaning qo‘limikan? Joni nechta, tayyor g‘aramga o‘t qo‘yib. O‘zidan bir ayb o‘tgan-ov.

Shu gapdan keyingina olomonning biroz hovuri pasaydi. Olovning dami esa baland edi. O‘ljaboy bobo so‘kinib, eski shinel bilan o‘tni o‘chirar, yon-veridagi bolalarni urishar, ba’zilarga zarda qilib, nishini suqib olardi:

– Qaysi ko‘rolmas kuni kuyib o‘t qo‘ydi ekan? Shodmon otaning g‘arami qishin-yozin turardi, inson qo‘lini tekkizmasdi. Ih, boyning o‘zi yo‘q-da. Insof ko‘tarilganga o‘xshaydi oramizdan. Falokatdan asrasin, Xudoyim.

Pichan tutab, buriqsib ko‘kka o‘rlardi.

– Endi Esonboyni sog‘adi, – dedi yuzi qizarib ketgan Umir ilgirchi. – Qayishdimi, bir dardi bor. Qurg‘ur cho‘ldan ham “hiq-hiq”lab suv ichadi.

 – Eplagan qiladi-da, shuniyam aka Umir.

Biz bolalar tomosha ko‘rayotgandek hayratlanib o‘tirib olgandik. Olov “chars-churs” xas-xusni otar, hamma tobora kichrayib borayotgan g‘aramni qo‘rg‘alardi.

To‘rt-besh telajka pichan bilan Esonboyning dunyosi kamayarmidi?.. Kamayarkan. Mol-qo‘yi qishdan qanday chiqadi? To‘rt-besh suruv… bir-ikkita bo‘lsayam, boshqa gap. Shuncha yemishni qayerdan topadi?! Ovul ham qarab turmas, somon bermasa poxol, jilla qursa, nushqurt berar, lekin qo‘lda berganga qush to‘ymas.

Xullas, qish o‘tguncha Esonboyga kimdir topganini, do‘konchi ortganini, Xidir bobo ataganini ilinadigan gap chiqdi.

– Esonboy juma bozorga yigirmata qo‘chqor chiqarsa, o‘n telajka beda beradi. Suruvi qishda qimirlamay yeydi. Shu bozor narx ham tushadi, – dedi Ne’mat bobo yarim hazil, yarim chin.

 

* * *

Dadam juma bozorga taraddudlandi.

Men ham ergashish ilinjida erta uyg‘ondim: ammo menga moltopar do‘ppingni kiy, deb buyurilmadi. Kun sovuqligi uchun indamadi, deb o‘yladim, iyartishiga ham ko‘zim yetmasdi. Ayvon labida dirillab turaverdim. Keyin uyurga qarab kelaman, degan o‘yda timirskilana-timirskilana nari-beriga yurdim.

Otamning ortidan ko‘chaga chiqqanimda chor-­atrofda tutun hidi kezinib yurar, ahyon-ahyon zax devor isi kelar, achimsiq havo barini bo‘g‘ar, mog‘or bosgan to‘rva isidek dimoqqa o‘rnashib borardi.

Dadam ko‘p uy ko‘targani uchunmi kuldi:

– Qishga yetmay kimning tomi quladi ekan? Uch oy sabr qilganda, ko‘klam el ko‘chib chiqardi hasharga. O‘zi suv muzlab bo‘ldi, endi qirov tushsa, loy changallab o‘tiradimi? Ahmoq odam ham ko‘p-da! Ustun-pustun tirab, suyab qo‘ymaysanmi!

– Esonboy akaning g‘arami yondi. Shuning isi.

– Yo‘q, bu uy, eski devor isi. Kimdir tok tagiga tashlamoqchimi? Uzumning tagida qoladi, o‘ziyam. Uy qurish uchun uch-to‘rt yil tilini ko‘ndalang tishlash kerak. Bu yil qorakishmish pul bo‘ldi, ikki yil shunday hosil olsa, dang‘illama uy-da.

Otam Egiz sada tomon yurdi.

– Uyurni Suvlisoy tomonga hayda, o‘ti yaxshi, – dedi yorilib qavargan qo‘li bilan qirga ishoralab. – Baytalni tuyog‘iga qirrach tosh kiradi, oqsoqlanib yurmasin, qarab qo‘y.

– Xo‘p, Suvlisoydan cho‘pontayoq yasab kelaman.

…O‘shanda xayolimga qishloqdagi boqibeg‘am, tepsa-tebranmas odamlar bir-bir gavdalanar, qaysisining imorati qulagan ekan, deb o‘ylaganman. Nega o‘ylamay, axir, kattalar unikida-bunikida yashayveradi, bolalar-chi? Qishi bilan chug‘urlashib, birovning uyiga sig‘maydi, qornim ochdi, deyolmaydi, emin-erkin o‘ynolmaydi.

Yo‘l-yo‘lakay Beshbuloqqa – otlarni ko‘rishga otlandim, garchi kuz ayozi ayovsiz chaqayotgan esa-da. O‘shanda Quloqboshida O‘ljaboy akis bilan Esonboy akani uchratdim, ular nimanidir chamalar, tushuntirar, gap-so‘zidan bir shumlikni boshlaganini fahmlash qiyin emasdi. Ariq suvini hayotga o‘nglash bahonasida ikkovini tinglashga urindim.

– Olifta qaytdimi, olchanglab, – deb so‘radi Esonboy aka baqbaqasi liqillab O‘ljaboy bobodan. – Amakining ham tilini moylab qo‘yish kerak. Bir-ikki so‘m bersang, orqasi o‘choqdek bo‘lib qoladi. Shu bilan saroy qurmaydi. Bolasi er yetib qolgandir, ishni o‘sha buzishi mumkin.

Esonboy aka dadam haqida gapirayotganini tushundim.

O‘ljaboy akis qimtidi, sarg‘imtil, so‘yloq tishlari ko‘rinib iljaydi:

– Ha, uni o‘zimga qo‘yavering! Bir so‘mning gadoyi, ko‘nadi. Suyarmi, u kelmaydi. Qo‘li mehnatda qotmagan. Shuncha ishni ko‘rib-bilib… tillo bersayam qaytmas. Suv muzladi. Qo‘ni-qo‘shnining eshigida qaqshab yurish osonmi?! Akasi sig‘dirarmikan, Xudo biladi. Kelgandayam kun bermaymiz, ketadi, to‘rvasini qo‘ltiqlab.

– Buni o‘zing yopasan, ming‘ir-ming‘irni eshitmay…

– Hech gap tegmaydi sizga.

Bobo boshini sarak-sarak tebratib, menga qo‘lini sermadi. Bu – ket, degani. Imlashlar asta-sekin miyamga olov yoqdi.

Ham ularning hangomasi adog‘ini eshitish, ham kuzak suvining nozik, shildir-shildiri zavqiga tushib, dara oralab qirga o‘rladim. Onda-sonda yalpoq tosh olib, ariq bo‘ylab sakratish uchun otardim, keyin “tars” etgan tovush eshitilar, qushlar vijir-vijirlashib har tomonga qochardi. Yana tiniq suv ichidagi toshlardan saralardim-da, uzoq-uzoqlarni mo‘ljallab otardim. Tagi yedirilgan kovushda avaylab qadam bosardim.

Daraning tusiyam ming turli – Sangnoqning sarg‘imtir, qo‘ng‘ir, malla, oq toshlari yuziga chang yuqmagan. Yashil archalar husnidan kibrlangandek, xokisor kuzda faqirlanib yerga kirgudek. Tik xarsanglar kekkayib, mayda toshlarni siqib tashlayotgandek…

 

* * *

Uyurni Suvlisoy tomonga haydab, shirg‘aytayoq yasadim. Chuchuk bodom shoxidan sindirguncha, qo‘lim toldi. Keyin darrov izimga qaytdim: to‘rt qir oshguncha nafasim bo‘g‘zimga tiqildi, boringga shukr, baytal, dedim ichimda. Borarda, kovushim nam so‘qmoqlarda toyinib-toyinib ketavergach, otga minib olgandim. Butami, abrikmi ushlab zo‘rg‘a qirga chiqardim. Darada tulkilarni qo‘rqitish uchun hushtak chalib, shirg‘aytayoqni o‘zimcha har tarafga o‘qtaldim. Mullasoydan jar yoqalab ikki tulki qochdi. Uyur birdan hurkdi. Kishnashib, tepsindi. Otlar qishin-yozin tog‘da yuradi. Bir safar Uchqizdan oshib naryoqqa o‘tganda dadamning tojik oshnalari tashlab ketgandi. Suyunchiga bitta toy berganmiz. “Bo‘ri otlarga teginmaydi, ikki oyoqli bo‘rilardan qo‘rqqulik”, derdi onam ot tashvishi ortgan paytlarda.

G‘orlisoy ustidan ovul ko‘rinadi. Quyoshning horg‘in tafti odamlarni noodatiy bir hadikka qo‘ygandek… Xirmonga tushgan qumursqadek bari g‘imirlar: tandiriga o‘t qo‘ygani qaysi, otini choptirgani qaysi, tomini yoptirgani qaysi?.. Kimdir tom ustidan bir narsa tashiyapti. Oshqovoqmi, deyman. Bir talayi adirning narigi tarafidan o‘tin tashiyapti: bolor ko‘tarib ketayotgan uch kishi, anovi kampirning yelkasidagi nima?..

Tayoqni irg‘itdim-da, o‘qdek otilib soylikka tushib, jilg‘a yoqalab chopdim: oyog‘im chakalak tomiriga ilakishdi, surindim, toydim, yiqildim. Lekin buni his etadigan holda emasdim. Tepalikni aylanib o‘tdim. Yantoq, qushqo‘nmas oralaganimda tikoni boldirimga, sonimga sanchilaverdi. Lekin og‘riqni sezmasdim.

Borsam, olomon Shodmon otaning qulagan uyining bor-budini bo‘lar – birov ustunga, birov eshik-derazaga, dadili zabarovga, bo‘sh-bayo­­vi yog‘och tovoqqa ega chiqqandi.

Biroz ko‘zim singgach, atrofga sersoldim: yetim mehmonxonaning oynasi to‘kilgan, bir tarafi qulagan, go‘yo chayladek oldi ochilib, shiftidan qamishlar shalvirab turardi. Oshxonaning bolori sinib tushgandi.

Otaning uyi bir onda xaroba bo‘ldi. Kuzning namxush havosi, kechasi sebalagan yomg‘irgina chang-to‘zonni bekitardi, xolos. Paxsa devor tagidan tarvuzdek toshlar mo‘ralar, ipirisqi qamishlar har tarafga sochilgan, chumchuqlar vijirlashib norizolanar, qumursqalar mo‘r-malaxdek daraxtga o‘zini urar, sichqonlar chi­­yillashib qochar, do‘ppidek uya atrofida bir-ikkita ari uchib yurar, To‘rtko‘z esa go‘yo o‘likdek taqdirga tan berib, qayrag‘och ostiga cho‘zilgandi.

Joyida faqat yakkamix qolibdi, deb o‘yladim. U meniki, yoki og‘zimni ochib turaymi? Shu payt ustun tagidan uzangining bir uchi ko‘rinib, xayolimni buzdi. Baribir yakkamixga kuchim yetmaydi. Bu kimgayam kerak? Chilviri andak chirigan ekan. Bildirmaygina o‘tib, uzangining “qulog‘i”dan tortib olgach, qo‘ltig‘imga qistirib, juftini izladim. Uylig‘ib yotgan ashqol-dashqol, xas-cho‘p, qamish orasidan tepib, titkiladim. Katta bolorlarni ko‘tarishga qiynalib, shirg‘ay tayoqda tagini ochdim. Baribir chiqmadi, menga o‘xshagan son mingta, bittasi ko‘targan-ketgan-da! Men orqalashga yaraydigan tuzukroq matoh ham yo‘q, borini supurib ketishgandi. Mehmonxona eshigi lang ochiq, ammo u tarafga o‘tishga iymandim. Ko‘rpa-to‘shak, olacha, julbaroq va kigizdan bo‘lak hech vaqo yo‘q. Kuni shunga qolgan ekan, deb kulmasin Xolboyga o‘xshaganlar.

… Ini buzilgan qushlar ayyuhannos solib, chor-atrofni boshiga ko‘tarar, arilar “g‘iz-g‘iz” u yoqdan-bu yoqqa tentirar, Suyar akaning holi bulardan kam emas. Katta janjal boshlashi tayin, degan xayolga bordim.

Egarni bekitib qo‘ydim. Otam: “Egarda baraka bor”, degani esimga tushdi. Uloqchi ot olsak, egarlayman. Toy ham ikki-uch yilda ko‘pkariga qo‘shilar.

Bu yerga ko‘ngil bosganim uchunmi, ichimda nimadir uzilgandek edi. Aybni kimga to‘nkaymiz? O‘ljaboy akayam o‘zicha haq. Menga uyni sen buzgansan, deb yopishsa-chi? Nima deb oqlayman o‘zimni. To‘g‘ri, xatni men yozganman. Lekin kimdir bu xususda g‘alva boshlashiga ko‘zim yetmaydi. Bunda boboning qo‘li bor. O‘ylab ko‘rsam, hammaning uy buzilishida qo‘li bor. Boshqalar ham shu yerdan u-bu narsa yeyapti, ular ham mum tishlaydi.

Xurjun opichlagan Qadam aka, keli ko‘targan Qarshiboy muallim, zanglagan poytesha, bolta, o‘roq tutgan usta Nizom yo‘lga tushdik.

Masjidga yetganimizda ro‘paramizdan ochiq yuzli, ozoda kiyingan bir yigit ko‘rindi. Yuz-yuzma kelgach, salom berdi, quchoqlashib ko‘rishdik. Mening qo‘limni siqib qo‘ydi. Uzuq-yuluq ahvol so‘rashdik.

– Eshonimga ishonib eshagimdan ayrildim. Ertaroq kelmabsan-da! – dedi usta Nizom. – O‘zimiz – usta, amallab ko‘tarib berardik. Oxiri quladi. Qarovsiz yotgandan keyin shu-da! Omonating bizda. Devor ostida yo‘qolib ketadi. Uying bitganda qaytaramiz. El shunday dedi. Er kishining rizqi ko‘cha-da, deydi. Bu yerda nima bor, qishin-yozin ishlaysan, biring ikki bo‘lmaydi. Butun umr qora mehnat odamni egib qo‘yadi. Sillang quriydi. Shaharing tinch-ku!

– Eski-tuski nima kerak o‘zi, to‘g‘rimi, Suyarjon? – dedi Qadam aka. – Hemiriga yangisidan beradi-a? Eskini tuzatguncha esing ketadi. Zanglaganini boshingga urasanmi?!

Uzangini ko‘ylagim etagiga yashirgandim. Egasi sezishidan qo‘qqandek qizardim.

Suyar akaning yuzi bo‘g‘riqdi. Uzoq kalovlangach, “ha-ha”lab o‘sha tomonga ketdi. Uning bir dardiga ming dard qo‘shilganini fahmladim.

Uyga qaytarkanman, daraxtlarning yalang‘och tanlari qattiq qaltirayotgandek tuyulardi.

 

* * *

Uy buzilgandan so‘ng…

Suluvxon opam ham tentiray-tentiray, axiyri, biznikiga qo‘ndi. U Suyar akamdan yozg‘irdi:

– Kel, iting adashdimi shaharda, dedim. Begona elga el bo‘lish osonmi, dedim, ko‘nmadi. Qaytaman, shu choldevorni birov ko‘tarib ketarmidi, dedi. Egasiz uyga birovning ichi achiydimi?! Azobini yeydi, endi bitguncha. Tag‘in to‘y boshlab qo‘ygan! Otam rahmatli qiynalmasin deb o‘qitdi. Yedirdi, ichirdi, qiyinchilik ko‘rmadi. Tarallabedod yurishi ko‘paydi. Endi qishloqqa qaytgisi kelmaydi…

Onam uni yupatishga urindi:

– Elga gapmi, bitta imorat… ha, desa, to‘ygacha ko‘chib oladi.

Opa hafsalasiz qo‘l sermab, qansharini artdi.

– Bir o‘ziga osonmi? Ahmoqning og‘zidagi gap bu. U kishim qo‘lini sovuq suvga urgan emas. Bitta qarashadigani erimmi, hey… shu uydan yesam, deydi. Tavba, bo‘l-bo‘l bo‘lsa, begona-ku ketar, lekin o‘zimizdikidan ortmaydi. Haliyam insofi o‘yilmapti, mehmonxonani bir “tishlab” qo‘yibdi. Endi nima qilsin, bechora, uylansinmi, uy qursinmi? Katalak solishgayam uquv yo‘q. El deysiz, yanga, bular kishi o‘lsa qo‘lini cho‘zmas. Ko‘p sinaganman, yordam beradigani barmoq bilan sanarli. Birovning uyini birov qo‘riqlaydimi?! Yo‘q, o‘ziniki qiladi, darrov. Akam o‘ziga tashvish orttirdi. Uy yo‘q, joy yo‘q, xotin saylar, degandek.

Daraxtlarning yalang‘och badanlari yanayam qattiq qaltirayotgandek tuyuldi menga.

Opaning ko‘zlaridagi mung hali-hanuz ko‘z o‘ngimda gavdalanadi. Ho‘ngrab yuboray derdi, faqat oriyat kuchli, tishini tishiga bosardi.

Endi-endi uyning buzilishi voqealarini eslarkanman, bir muammoning tagiga yetolmayman: nega boshida tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqqanlar keyin o‘zlariyam sherik bo‘ldi? Qaynatsa qoni qo‘shilmaydigan Safar mulla va O‘ljaboy birdan aka-uka tutindi?

Buning tagida bir gap bor edi.

 

* * *

Suyar akamning uyi-joyi yo‘q, borar joyi yo‘q edi. O‘sgan yerida musofirdek yashardi – na yemakdan, na ichmakdan, na kiymakdan tayin bor. Otam: “Uyat, kap-katta odam og‘il ustida yotadimi”, deb sudrab kelmaguncha o‘rligi tutdi. To‘rt-besh kun biznikida mehmondek yashagach, axiyri, ko‘nikdi.

Azon uyiga ketadi, kech qaytadi. Tushlikni o‘zim olib boraman.

Uy qursang, yo o‘g‘ling bo‘lsin, yo puling: bitta bolorni tikka qilish uchun bir soat tirtang­ladi: oldin bu yoqdan ko‘tarib tortdi, keyin narigi boshini aylantirdi, o‘ydim-chuqur ayvondan o‘tkazguncha terga botdi. Yelkasi shilinib ketdi, o‘ngarib oldi. Men kuchim yetgancha ko‘tarishdim. Qibla tarafdagi tomga biriktirib, ip tortib, chamaladi: toshdan poydevor urdi.

– Bu yilcha yashab-turishga uch xona bo‘ladi, – dedi u to‘nka ustidagi kigizga o‘tirib choydan ho‘plarkan. – Keyinroq pul ko‘paysa, kengaytirib olamiz. Hali shifergayam to‘rt-besh so‘m kerak.

– Hammaniki loysuvoq. Bir-ikkita odamni aytmasa… Doniyor jo‘ramlarnikiyam shifersiz. Yaqinda ko‘chib chiqqan, – dedim go‘yo Suyar akamni yupatmoqchidek.

– Dadang qachon keladi?

– Peshingacha amallab turinglar, devdi.

U joyidan qo‘zg‘aldi.

– Ichkaridagi lash-lushlarni oshxonaga tashiyver. Kosa-tovoq, ko‘rpa-to‘shak, sandiq, yana bir narsalar bor. Shularniyam ko‘tarib ketadigan chiqadi.

Gap menga tegib ketdi.

Ashqol-dashqollarni o‘tkazgunimcha kech kirdi.

Suyar akamning ham ishi unmaganini achchiqlanib toshlarni har tarafga ota boshlaganidan sezdim. Poydevor qoziqlarini sug‘urib tashladi. Kimnidir so‘kdi, o‘zini koyidi, laqma, deb.

– Bizgayam bitar dunyo. O‘shanda ko‘ramiz. O‘zi zarilmidi shu qishloqqa qaytib menga. Bir kunim shahardayam o‘tib turuvdi. Kelmaganimda bunday xor bo‘lib yurmasdim. Ust-boshim toza edi, loy changallab o‘tirganim yo‘q edi. Bitta katalak o‘sha yoqdayam bitardi.

Endi eslasam, o‘sha ondayoq uning ruhi singan ekan.

 

V

Ovulga yana sukunat cho‘kdi.

Suv muzlagan kezlari Suyar aka rezina etik kiyib loyga tushdi: zil-zambil qolip topib, g‘isht quydi, lekin el kelmadi, bizga qarashmagan, deb. Horma oshiga ham yaramagani qancha? Keyinroq O‘ljaboy akis bilan Suyar akamning orasidan gap qochganini eshitdim. Ikkovining ham mushti tayyor. Qishloqqa esa Suyar akam yomonotlig‘ bo‘ldi: u janjal ko‘tardi, lekin biror kishi uning tarafini olmadi, shu alam qildi. Faqat Suluvxol opamning kuyovi burnini jiyirib kelib, to‘rt-besh kun qarashdi, xolos. Boshqasi soyasini solmadi.

Sovuqdan ijirg‘ansam-da, bir kun hasharga taraddudlandim. Ayoz, tuflasang yerga tushmaydi. Bitta g‘isht qo‘yish malol, loy changallash azob. Butun badan muzlagandek bo‘ladi. Tosh qo‘lga tekkanda sovuq miyaga yetadi, ma’quli – u-bu kerakli narsani uzatib turish.

O‘tgan-ketgandan gap ochilganda quloqni o‘nglayman. Dadam Normat otaning g‘ajirligiyu Qarshiboy otaning gapga chechanligidan so‘z ochdi.

Suyar akam yetti otamizni surishtira ketdi.

Hangoma borib-borib, olovlanib, uyning buzilishiga taqaldi-yu, Suyar akam qizishdi, O‘ljaboy boboni so‘ka boshladi.

Otam uning hovliqmaligiga kulib qo‘ya qoldi:

– O‘ljaboy akaning joni nechta uyni buzib? Bizdan o‘tib qo‘l tekkiza olarmidi?! Imorating shamolga hilpirab turuvdi, o‘zi. Nechi yil bo‘ldi, soyangni solmaysan, qulaydi-da. Gumon – yomon, o‘z ko‘zing bilan ko‘rsang, boshqa gap. Ushlab oldingmi buzganida? Jim bo‘l, ayb o‘zing-da. Bu uy seniki, unga sen qaramasang, birov baribir buzadi. Otaning uyiga farzand ega…

Otamning uy haqidagi uydirmasi juda ishonchsiz chiqdi, mening xayolimda.

Suyar aka qolipga loy tashladi, men unga tosh suqib zichladim, keyin qolipni tortdim. Eski imoratning g‘ishti uning joniga ora kirdi. Shu ishini o‘rjitdi.

 

O‘sha payti Suyar akam to‘yga qurbi yetmasligini ro‘y-rost aytdi. Besh-olti kunda uy tikka qilish ahmoqning og‘zidagi gap-da!

– Xayolim yana Toshkentga ketadi, – dedi u jindak afsuslangannamo. – Lekin to‘yni shu yerda o‘tkazishga so‘z berganman. Nima degan odam bo‘ldim-a? Hali bu uy rosa boshimni yeydiganga o‘xshaydi. Oddiy arifmetika bari, ammo ustaning ishi ekan-da qurilish. Men tinchgina qog‘oz-qalam bilan shug‘ullanganim yaxshi.

Dadam uning yelkasini qoqdi:

– Bilasan, ikkovimizning oramizda seniki-­meniki, degan gap yo‘q. Biznikida o‘tadi to‘y. Uzun o‘n bir bolorga chimildiq ilamiz, ma’qulmi? Yashayverasan, qish chiqquncha. Bahonada, yangangga ermak topiladi. Shumi tashvishing?..

U horg‘in nafas oldi.

– Men-ku, chidarman, onam nima deydi, el-­elat-chi?.. Bitta kelinniyam o‘zining uyiga tushira olmapti, demaydimi?! Bir amallab qishni o‘tkazsak, u yog‘i Xudo o‘ngiga boshqarar. Qishloqqa keliningiz ko‘nikib ketgancha… Ishim orqaga ketdi.

Otam yupatgannamo dedi:

– Ruhi tushganning oti ham yurmaydi. Bitgan ishni endi cho‘zma. Odamlarning gapiga kirsang, faqat yotsang – yaxshisan. Endi, nima bo‘lsa bo‘ldi, bosh yorilgani do‘ppi ostida. Tag‘in, kimga qiziq, seni gapirib. Hammamiz bir otadan tarqaganmiz, bir urug‘miz. Lekin esingdan chiqarma, hozir tashlab ketsang, birovning ketmoni uchadi.

– Elga ermak bo‘lgandan… ketgan ma’qul. Itning kunini ko‘rib yuribman. Uyini sotadigan ham yo‘q-da.

– Mening gapimga kir!

– Siz tishingizni tishingizga bosib chidashingizga to‘g‘ri keladi. Ikki qozon qaynatish kerak, bir tandir yetmaydi…

* * *

O‘ljaboy bobodan qanchalik nafratlanmay, unga bor aybni to‘nkolmasdim. Yillar o‘tib, buni Suyar akamga aytmaganim to‘g‘ri ekanini angladim. Ehtimol, o‘sha xatni O‘ljaboy bobo yozmaganida Suyar aka haliyam qishloqqa qaytishini Xudo bilardi.

 

VI

“Uyni buzganning o‘zi buzilsin! Yolg‘iz bolamni tentiratib nima baraka topardi?! Biri ikki bo‘lmasin!”. Barchin momom qishloqqa qaytib, ich-etini yedi, uy buzuvchilarni qarg‘adi, siqtadi. Lekin endi kech edi. Bir-ikki kun biznikiga sig‘may, ertadan kechgacha to‘rt-besh marta otamning uyiga borib kelar, charchab holdan toysa­-da, har soatda: “Uy bitdimikan?” deb alag‘da bo‘lardi. Uyning ha deganda bitmasligiga ko‘zi yetsa ham…

 

VII

Uy ichi ilmliq, tashqari sovuq edi: ahyon-ahyon qarg‘alarning ayyuhannosi alamzada tabiatning dardiga tuz separdi go‘yo. Kuz oyog‘ini cho‘zib turibdi, qish aksiryapti.

Ovulning ishi ichkariga ko‘chgan kezlari edi. Onam tandirdan qozonpatir uzib, bitta-bitta chanochga solarkan, darcha ochilib, Suluvxol opam kirdi, o‘g‘li – Niyatni opichlab olgandi.

– Qaysi shamol uchirdi, qiz?

– Shu shamol biznikida, hasharga keldik, tog‘amiz imorat boshlagan ekan. Jiyanlari boramiz, deb qo‘ymadi. Uy ichilar tinchmi?

– Ha, shukr.

Onam tugunchani menga tutqazib, ularni dahlizga ergashtirdi.

Momom darrov: “Ha, yana ering urdimi?” deb tillandi. Ular ancha payt indamay o‘tirishdi.

– O‘zingdan bir gap o‘tgandir, bir mushtga uy buzilib ketaversa, hay-hay, tavba degulik… Momom ro‘moli uchini tishlab qo‘ydi.

Suluvxol opam xo‘rsindi:

– Uy qilmayman, er zoti shu bo‘lsa, toq o‘tay. Shu go‘dakni amallab katta qilsam…

– Bolam, buncha yengil bo‘lma! Qizishib aytgan gapingni unut, ota uyingga qayt, deb uzatmaganman. Sening uying o‘sha yerda. Birinchi uying uy… qolgani baxt bermaydi. Bolangni chirqillatib, baraka topmaysan. Otasiz o‘sgan uysiz o‘sgandan ham yomon.

– Ha, otamning uyiga sig‘may qolibman. Bitta boradigan yerim shu yer edi. O‘rni bilin­ayapti otamning. Ko‘chaga bunday tashlab qo‘ymasdi.

– Uy qilish osonmi, ro‘zg‘or – boru yo‘g‘iga, kamu ko‘stiga chidaganga. Ne kunlar o‘tmadi boshdan – birov bildi, birov bilmadi. Joriyaga jar solganda ish bitarmidi?! Yomon yashamadik, ursayam seniki ma’qul, dedik.

U o‘qchib qo‘ydi.

 

* * *

Otam ham o‘sha gap ichida bo‘lgan. Xo‘sh, unda nega qarshi chiqmagan? Endi uni pinjiga olgani nimasi? Buni so‘rash uyat, yana momom eshitsa… Momom ham uch-to‘rt kun to‘mrayib yurdi, qulog‘iga bir gap yetganmi? Faqat onamga ichini yorardi.

Momom “uh-uh”lab yotganida beixtiyor ichkariga o‘zimni urdim. Dahlizga yugurib kirsam, oyim unga choy ho‘platib o‘tirgan ekan. Butun vujudi dirillar, o‘qtin-o‘qtin yo‘talar, tinimsiz varaja tutardi.

– Uhhu, uh, o‘lsam birovga og‘irligim tushmasa, yengilgina olsa. Uyingda o‘lsang, o‘sha yerdan chiqarsa, qaniydi. Uh-hu, uh. Bu yo‘tali qurg‘ur to‘xtamaydi. Ha, qurib ketsin-yey!

Onam momomning damini kesdi:

– Ha, endi shu gripga o‘labersak, dunyoda odam qolarmidi?!

Barchin momom manglayiga sochiqni bosdi:

– Ketadiganga o‘xshayman, bir qarzim – Suyarni uylamadim. To‘yini ko‘ramanmi, devdim, peshanaga bitmaganga o‘xshaydi.

– Nevaralar-chi?

–…

Momom onamni engashtirib qulog‘iga shivirladi:

– Eringizga ayting, ovsin! Bizning uyga qarashsin! Oqqan daryo oqmay qolmaydi, baribir dunyo ungayam bitadi. Ota-bobosi elning oldi bo‘lgan, qayerga ketadi?.. Shuncha dunyo egasiga qaytadi-da!

Oyim bosh silkidi.

 

* * *

– Bir qism tuprog‘idan olib keldim, qo‘shib ko‘m, – dedi momom yarim yonboshlagan ko‘yi objo‘sh ho‘plarkan. – Cholimning izi tushgan, ag‘nagan. Uying bitmadi, o‘lsam el bilan tortishma, kim nima eksa shuni o‘radi.

– Tortishmayman. To‘y-chi? Kim bosh bo‘ladi? Keliningiz-chi? O‘lmaysiz!

Suyar akam momomning qoqmol qo‘llarini mahkam siqdi.

– To‘yni qoldirma, mendan boshqasi senga qayg‘urmaydi. Amallab o‘tkazaver, hech kim kulmaydi. Momo yutindi. – O‘zing uchun o‘l yetim. Ko‘zim ochiqligida to‘yingni ko‘ramanmi, devdim. Uh-hu, uh-hu.

– Ko‘rasiz.

 

* * *

To‘y yaqinlashgan sayin Barchin momomning ahvoli badtar og‘irlashardi. Qarilikmi yoki eski dard zo‘rlik qildimi, ishqilib, boshini ko‘tarolmay qoldi. Suyar akamning tashvishi ortdi.

Otam O‘rol mullani chaqirib, chilyosin o‘qitdi, sal tuzalganday bo‘ldi.

Ertasi kuni tengqurlar maktabdan qaytarkanmiz, ko‘chamizga talay odam yig‘ilganini ko‘rdik: hammaning belida belbog‘. Kim bo‘lsa? Xayolimni ming o‘y kemirardi.

Bolalar tasalli berdi:

– Yig‘lama, jo‘ra, o‘lgan qaytib kemaydi.

– Momommi, deyman…

– Joyi jannatda bo‘lsin!

Darchadan kirguncha yuragim yorilayozdi. “Onam”layotgan qishloq ichidan dadamni izlardim. Qayerda ekan?.. Suyar akam-chi? Oruvlayotgan xotinlar uvvosi ko‘nglimni bo‘shashtirdi. Bel bog‘lagan Suyar akam o‘zini u yoqdan bu yoqqa tashlaydi.

Odam uyilib ketdi. Go‘yo to‘rt tog‘ orasi ko‘chib kelgandek edi.

Suyar akaning yolg‘izligi bilindi. Xotin-­xalaj, qari-qartang “onam”ladi. Yosh-yalang, chollar “onam”ladi.

Tobutkashlar birma-bir, qo‘lma-qo‘l mayitni yelkalashdi. Suyar akam uvvos soldi. Barchin momoni biznikidan chiqardi, unga alam qilgani – o‘zining uyi bitmagani. Otasini o‘z uyidan tuproqqa topshirgandi. Onasini-chi? Yuragi yonib ketdi, o‘kiraverib.

Momom o‘lar chog‘ida har vaqt shu gapni gapirardi: “Uyimni bitkaz, birovga yukim tushmasin! Somonxona bo‘lsayam, mayli. Qirqimga kelganlar talmovsirab o‘tirmasin, do‘st bor, dushman bor. Bolam, senga aytadiganim shu. O‘z uyimda chirog‘imni yoqib tursang, bo‘ldi. Go‘rimga tosh qo‘yma, uy qur”.

Momoni so‘nggi yo‘lga kuzatib, tuynugi yo‘q uyga qo‘yib keldik.

Suyar akam misoli garang edi: biror ishi o‘nglanmadi. O‘ziga o‘zi so‘kinib, g‘ijinib yurdi. Igna yegan itdek ozib-to‘zib ketdi.

Uy bitmagandi. Momoni uyidan chiqarmagandi.

* * *

U savobu janozani, ertasiga xudoyi marakani o‘tkazib, lash-lushini yig‘ishtirib, negadir shaharga ketish taraddudiga tushdi. Bu yog‘i qish oyoq tirar – suvning yuzi qota boshlagandi. Tuman tushib, birdan muzgalak yog‘di. Avvaliga dadam Suyar akamni bu sovuqda ketolmaydi, deb o‘yladi. Ko‘chaga chiqqach esa, urishdi.

– Qishloqqa qadamingni bosma! Sen ham yigit bo‘ldingmi-yey, bitta onangning qirqini uyingda o‘tkazolmasang! Oyog‘ingni sindiraman, kelsang, bilib qo‘y.

Suyar aka yomg‘irpo‘shini ustiga yopinib ketdi.

– Akamning ruhi tinch qo‘ymaydi seni, ketaver, sang‘i! Oring bo‘lsa, shu uyni ko‘tararding, ko‘ngling Amirqoni tusamasdi. O‘z uyim – o‘lan to‘shagim.

U bir to‘xtadi-da, yana yurdi.

Qo‘limga tosh oldim…

* * *

Suluvxol opam uyma-uy tentiradi. Jiyanni iyartib, kirmagan uyi qolmadi. Birovning uyidan somonxona tuzuk. Axiyri, o‘sha choldevorga kuni qoldi.

* * *

Dadam ham oxiri taqdirga tan berdi.

O‘ljaboy bobo biznikiga adashib kirdimi, atayinmi, bilmayman, dadamga rosa nish suqdi.

– Ko‘na po‘stakdek sudradingiz, ini? Ketishi ma’lum edi-ku, – dedi u dadamga qarata, sir boy bergisi kelmay. – So‘g‘imlarni boqaman, deb bo‘yningizga olganmisiz. U yoqdagi cho‘pni bu yoqqa qo‘ymasa, mengayam, sizgayam tashvish.

Dadam tutaqdi:

– Ha, uyiga ertaroq ega chiqmoqchimidingiz? Ana huvillab yotibdi. Chechamning qirqini o‘sha yerda o‘tkazamizmi, devdim. Bitta o‘zim qay biriga yuguray.

 O‘ljaboy aka pinagini buzmadi.

– O‘lgan o‘ldi-ketdi. Endi qurbi yetsa, to‘rt-besh tovoq osh qilib, qirqini o‘tkazsin, qurbi yetmasa, hech kim o‘pkalamaydi. Yana qayt, deb bola bechorani qistamang! O‘zi, uy quraman deb beli sindi-yov.

Dadam uning niyatini allaqachon sezgani uchunmi kulib qo‘yaverdi.

Kulish ma’nisini tushungandim.

VIII

Uyda rosa toriqdim. Kun ham o‘zini qo‘ygandi. Bolalar qirda “taq-taq” o‘ynaymiz dedi. Taxta to‘pponchalarini olib, toqqa qarab ketishdi.

Onam bodom moy olish uchun omborga kirishi hamonoq qo‘shnimizning terakzori oralab yugurdim, ortimdan baqirganlarini eshitmaganga solib qochdim.

Otaning xarobasiga yetganimda, birdan ko‘ng­limda g‘ayri ixtiyoriy og‘riq uyg‘ondi: fayzli imorat o‘rnida muztar xonalar, to‘zg‘igan ki­­yim-kechaklar, bemorning rangidek sap-sariq xazon­rez, adirdan sel tushib buzilgan hojatxona… endi kuchuk ham ko‘rinmasdi.

O‘yin rosa qizigan: bolalarni har qancha tomog‘im bo‘g‘ilib chaqirmay, hech birining qorasi ko‘rinmas, o‘n chog‘li bola shu yerga singib ketgandi, go‘yo. Shunda xayolimni ho‘l barglarning ojiz shitiri buzdi. Oshxonaning pastak devoridan sakrab, o‘yilgan tandir o‘rniga tushib, yashirindim. Kovushim loyga botdi. Tomiz kesak erib, burchak sariq allambalo rangga bo‘yalgan ekan. Dahliz tokchasidan pisinib alanglayotgan Yaxshiboy meni ko‘rib: “Eshik oldida kim bor”, deb imladi. Yelka qisdim.

Shunda uning ortidagi devor ilkis nuray boshladi.

– Taq, Yaxshiboy, ketding! Chiq, ko‘rdim, tokchadasan!

U norizolanib qo‘lini ko‘targancha sada tagiga o‘tdi.

Bolalarning “taq-taq”i yana zo‘raydi.

Men xalal bermaslik ilinjida Yaxshiboy tarafga yurdim.

O‘yin qizidi, ichim qizidi, lekin kechikkandan keyin shu-da!    

Yutqazmaslik uchun Yaxshiboy ishoralar, u ham barmoqlarini raqiblari “pildir-pildir”iga mos o‘ynatar, ba’zan “qoch” degandek tishlanib qo‘yardi.

Chayir O‘rozali qo‘liga kesak oldi-da, og‘il chetiga otdi. Hammaning xayoli o‘sha tomonga og‘di, u-bu joydan kallalar ko‘rindi, u darrov “taq”illata boshladi.

– Mamadiyor, O‘rol, Po‘lat uchovingniyam ko‘rdim, derazaning ikki tarafidasan! Taq-taq.

O‘rozali o‘yinni halladi.

Po‘latning avji keldi:

– Tom boshida yotaman-ey,

Dushman kelsa otaman-ey.

Qator-qator qizlarning

Kokilidan tortaman-ey…

Yana ikkiga bo‘lindik. Toshloq yo‘lning o‘ngi va chapi.

Endi shaylangandik:

– Egasi ko‘rsa hammamizni uradi, – dedi menga xavotirlanib qaragancha Mamadiyor.

– Uydami? – deb so‘radi O‘rol.

– Ha…

– Boshqa qayergayam borardi.

Ular birvarakayiga kulishdi. Bu bilan meni masxaralagandek tuyuldi, lekin qo‘shildim kulgiga.

– Chertmaydi, – dedi Po‘lat chinchalog‘ini sermab. – Murod quvib yuboradi, keyin kimnikiga boradi. Shu yerga keladimi? 

Gapni O‘rol ilib ketdi:

– Murodning dadasiyam ko‘ngan ekan: “Mayli, baribir uddalolmaydi, ham shahar, ham qishloqqa yugurib. Ikkovidan birini tashlashi kerak”, deb.

– Ey, bilmasdan suraverma, biz bir otadan tarqaganmiz, dadam aytdi. Sen ham, men ham. Men eshitganman: Ota hammani qishdan chiqaraman, deb, o‘lib ketgan, – dedim qo‘limni musht tugib, O‘rol tomonga yurdim.

– Bizga nima? O‘zlari kelishib oladi, hammamiz yosh bo‘lsak…

O‘rozali bolalarni joyidan qo‘zg‘adi.

Tarqaldik.

Bo‘y barobar handaqqa o‘zimni tashladim: qibla tarafdagi burchakka bekindim. Tagimda qavat-qavat xazon to‘shalgan. Zax yer oyoqdan oladi. Quyoshning ojiz nurlari yuzi chayilgan xazonlar ustida jimirlaydi. Atrof sukutda, go‘yo olam shunday oniy sukutga cho‘mgan.

Asta poyladim, Mamadiyor hojatxona tomonga pisinib yurdi:

– Taq, Mamadiyor, o‘t bu yoqqa…

Qo‘limda shifer sinig‘idan yasalgan to‘pponcha, har “shitir-shitir”ni eshitganimda alanglayman. Shu payt tap etib yelkamga qush axlati tushdi.

– Chaqir hammasini. – Kimdir “chars” etib shapaloq tortdi. Suyar akamning ovozini tanidim.

– O‘yin buzaloq. Chiqinglar bu yoqqa, – O‘rozalining ovozi qaltiradi.

Engashib qaradim, Suyar akam uning qulog‘idan cho‘zdi. Ichim “shig‘” etdi. Qochib qayoqqa ham borardim, barini shu yerda yopish kerak. Dadamning qulog‘iga yetsa bormi?!

Mamadiyor pisinib soyga tushib ketdi.

Uy egasi qator tizdi, keyin galma-gal tepa ketdi. Meni tepmadi. Xivchin olib savaladi, undayam menga tegmadi. Lekin uning ko‘zidagi mung vujudimga olov yoqardi.

– O‘zi, sanlarda ayb yo‘q, eldan fikr ketgan. Baringning uyingda shu gap bo‘lgan. Uyni buzib baraka topdilaringmi? Ol, tashib ket hammasini. Tuprog‘iyam qolmasin! Otamning eski choponi bo‘lardi. Kim ilib ketdiykan? Shuniyam ko‘p ko‘rdinglarmi?       

Shundan keyin bu to‘g‘rida gap qo‘zg‘almadi.

… Hali-hanuz o‘sha voqealarni eslaymiz.

 

* * *

Momomning qirqi chiqib… Suyar akam uylandi.

Uyimiz to‘ldi.

Uyga chimildiq tikdi. Chimildiq ham uy ekan.

Uyto‘l xola quyuq duo qildi: “Sabohat baycha uyim-joyim deydigan kelin bo‘sin! O‘zlari shu uydan ko‘paysin!”.

 

* * *

Suluvxol opamni to‘ydan keyin bir ko‘rdim. Xayol bilan choldevor tomonga ketib borayotgan ekan. “Ha, bu yoqda adashib yuribsiz”, desam, “Otamning isini sog‘indim”, dedi o‘ksinib. Chala bitkazilgan uyni ko‘rgandan so‘ng biznikiga yurdi. Yarim soatlar Sabohat yangam, onam uchovi gurunglashgach, uyiga jo‘nadi.

Onam o‘sha kuni momomning o‘zidan rosa yozg‘irganini eslatib qoldi: “O‘lamanmi, uydan chiqmay o‘tirsam, bolalarim birovnikida bunday tentiramasdi. Birovnikida o‘lolmay yotmasdim”.

Yangam “piq-piq” yig‘lab yubordi.

 

* * *

“Uy qilaman, degan qiz ekan”, derdi keyinchalik Sabohat yanga haqida gap ketsa, qishloqning qo‘li uzunlari.

 

* * *

– O‘z uyingga o‘zing egalik qil, – dedi dadam Suyar akamga kelin-kuyovning chillasi chiqar-chiqmas. – Kun o‘zini qo‘ygandan gulandava qilib, ko‘ch. Akamning uyiga sig‘may qoldim, deb o‘ylama. Lo‘mbozdan keyin hech kim qarashmaydi. Oshxonang ham bemalol yotib-turishingga bo‘ladi.

Suyar akamning ko‘zlari kirtaydi, olachaga tushgan ushoqlarni terishga tutindi.

– Ko‘chaman, og‘aynilardan to‘rt-beshta kigizmi, gilammi yig‘ay… qozon ham yo‘q.

– Ilgari bir kigiz, bir po‘stak, bir qozon bilan chiqib ketavergan. Dadam oyog‘ini sandalga tiqib o‘tirdi. Shodmon akamdan oldin Normat, undan oldin Qarshiboy o‘tgan. Sening uying Qarshiboy otamdan qolgan. Odamlarning aytishicha, ota elga ocharchilik kelganda to‘rt tog‘ – Molguzar, G‘o‘bdin, Urgut, Turkiston orasiga suruv-suruv qo‘y tarqatib, elni el qilib qolgan ekan. Bu uyning egasiga duo ketgan, deyishadi. Shuning uchun o‘tgan-ketganlar: “Otamning uyini ko‘rib ketaylik”, deydi.

Suyar akam boshini ko‘tardi.

– Ota moli qo‘shilmasa, bola boyimas, degan. To‘rt devordan boshqa hech narsa yo‘q. Ertaga nima qilaman? Sizning bir-ikki og‘iz gapingiz bilan bir narsa o‘narmidi? Hamma ish gurkirab ketarmidi?

Dadam tishlandi:

– Bilgan nomaqbulchiligingni yeyver, bo‘lmasa! Yo‘lingni to‘ssam, betimga “tuf” de.

Suyar akam indamay joyidan turib ketdi.

 

* * *

Sabohat yanga yigirma kundirki, besaranjom edi. Ahyon-ahyon: “Otamning uyini qachon ko‘rsatasiz?” deb hadeb so‘rayverardi.

Bir kuni maktabdan ertaroq kelib imladim. Eridan ruxsat teggach, o‘ranib kiyindi.

Yangam imoratning ichiga kirib ko‘rdi: izillagan sovuq deraza teshiklaridan o‘zini urar, shiftdan tomchi o‘tgan, burchaklar loy, tokchalar o‘yilib tushgandi.

Mehmonxona dahlizi va o‘n bir bolorida qishni o‘tkazsa, bo‘lar, degan o‘yda o‘sha yoqqa odimladik. Eshikni ochib ichkariga hatladik.

Dahlizning bir burchida elak, g‘alvir, yog‘och tovoq uylig‘ib yotardi.

Yangam har bir tirqishga ser solib, yuzi yorishdi:

– Izillab yotgandir, deb o‘ylovdim. Amallab pechka qursak, sovqotmaymiz. Akangizga qolsa, bahorniyam birovnikida o‘tkazsa… Qish o‘chog‘i tor, qaynim!

– Oshxona yaxshiroq-ku! Issiq ushlaydi, yanga! To‘rt-beshta xoda bilan isitib olasiz, o‘tin deb yugurmaysiz.

– Akangiz, ko‘nsa… Kal bo‘lsam ham ko‘nglim nozik, dermidi? Yana aynib qolsa, bir hunarni boshlamasin!

 

* * *

Yangi oy chiqqach, onam Suyar akamni o‘z uyiga ko‘chirdi: olacha, julbaroq, kigiz, to‘rt-besh ko‘rpa­-ko‘rpacha, qozon, kosa-tovoq bilan.

Qahraton qish, izg‘irin suyakni o‘yadi. Suyar akam bo‘zraydi.

– Ertami, indinmi baribir uy kerak. Kam-ko‘stni hozirdan yopmasangiz, keyin qiynalasiz. Biz ham bitta ko‘rpani qo‘ltiqlab chiqib ketganmiz, o‘lganimiz yo‘q. Sizning hamma narsangiz bor. Otadan qolganiyam nechi uyga yetadi.

Sabohat yangam avval ko‘chishga juda ishqiboz esa-da, endi biroz hayiqdi. Lekin sir boy bergisi kelmasdi.

– O‘choq qursak, amallab qishni o‘tkazarmiz. Tandiringizga non yopib ketib turaman-da.  Hovlidagi yorilibdi, o‘zi.

Onamning qizg‘anchiqligi tutdi.

– Kelguningizcha xamir qayzib qoladi, qayzigandan keyin non bo‘lmaydi. Bitta qozonpatir qilsangiz, ikkovingizga yetadi, o‘tin mo‘l-ku! Bola-chaqa demasangiz, menga o‘xshab.

Suyar akam olachani yelkasiga tashlab, indamay jo‘nadi. Mening qo‘limda bir bo‘g‘jama kiyim-kechak orqalagan ko‘yi “g‘arch-g‘urch” qadam bosib ketib borardim.

Otaning uyi daraxtlar orasida g‘aribona ko‘rindi. Yeta-yeta Suyar akamning avzoyi buzildi.

– Bu yerda qotib qolamiz. Mehmonxona shartmas. Oshxona torroq, issiqni ushlaydi, ham panaroqda. Sabohat, siz o‘t yoqing pechkaga. Murodjon qarashib turadi.

Umrida tutantiriq ushlamagan yangam ancha ovora bo‘ldi. Keyin o‘zim ho‘l-quruq o‘tinni aralashtirib, pechkaga tiqdim, puflab olov yoqdim. Tutay-tutay yonib ketdi. Oshxona ichini ilitguncha qorong‘i tushdi.

Ikki soatlar o‘tirib, uyga qaytdim.

 

* * *

Qish qishligini qildi: chilla o‘tguncha eshik hatlab birovnikiga chiqolmadim. Kelin-kuyovni ko‘rishga qancha intiqlanmay, uydagilar unamadi.

Bir safar tegirmonga borganda Suyar akamni ko‘rib qoldim, sal o‘pkaladi bizdan. Ketayotganda: “Yangamga salom ayting! Kun isib qolsa, o‘taman ko‘rishga”, dedim.

 

* * *

Uy bo‘shadi: ko‘rpa-to‘shak toqqa ko‘chdi.

Otaboyqir qo‘ltig‘iga dadam o‘tov tikdi, yalang­likka qo‘ra qildi – suruvni qamashga, deb.

– Suyar akangnikidan bolta olib kel. Qo‘raga eshik yasash kerak, – dedi dadam sim to‘rni tarang tortarkan. – Bir qish o‘tdi ko‘rmaganing­­ga, ham xabar olib kelasan. Adirga chiqsin, arpa-bug‘doyga joy ko‘rsin, ayt! Hamalda yerga urug‘ qadasa, yig‘im-terimda o‘zini o‘nglab oladi.

Tosh kalishda toyib, Suyar akamnikiga chopdim. Mol-qo‘y o‘tmasin deb xoda-cho‘p tortib yasalgan pastak to‘siqdan sakrab o‘tib, ayvon tomon yurdim. Bo‘sag‘a supurib-sidirilgan, tandirxonada o‘tin botartib taxlangan. Kuli olinmagan o‘choq odam isidan darak bersa-da, negadir uy huvillagan edi.

“Suyar aka, yanga”, deb qayta-qayta chaqirdim, tovush chiqmadi. Keyin oshxona tarafga o‘tdim: eshik yopiq, katta bolor tirab qo‘yilgandi. “Qishloqqa tushgandir”, degan o‘y o‘tdi xayolimdan.

Chamasi bir soatlar vaqt oqdi. Kutdim, toriqdim. Suruvyotarga qaytsammi, deb tomorqaga o‘tgandim, O‘ljaboy bobo va Esonboy aka kelaverdi. Qayrilib ayvonga yurdim.

– Nima qip yuribsan, timirskilanib? – dedi o‘dag‘aylab O‘ljaboy bobo.

Salom berdim. Xayolimga bir shumlik keldi.

– Qara, deb tayinlab ketgan.

Esonboy aka istehzoli kuldi.

– Uy egasini topgan, bor ketaver. Otangga ayt, Suyar aka uyini pullab ketibdi, de. Endi ming yugursa ham foydasi yo‘q. Ming yalagani bilan, bizga taqdir qilgan ekan.

Negadir miyam muzlab ketdi. Ichimdan bo‘g‘iq na’ra chiqdi. Otamning uyi uchun talashadigan kuch gurdamda endigina uyg‘ona boshlagandek edi. Tilimni kesib tashlasa-da, ichimdagini aytishga jazm qilardim. O‘ldirsa, shu yerda o‘ldira qolsin, degan o‘y miyamni kemirayotgandi.

– Bu uy otamniki-ku. Hech qayerga ketmayman.

– Talashmagan sen qoluvding, – dedi O‘ljaboy bobo qulog‘imni cho‘zarkan. – Gap bunday, seniki-­meniki, degandan bir ish bitmaydi. Kengashib, o‘zaro maslahatlashib ko‘ramiz. Esonboy: “Toshkandan uy olib beraman”, dedi Suyarga. Ish pishgan, o‘zi ko‘ndi Suyar.

– Qiynalganda biz qarashdik. Uy otamniki.

Ular to‘ng‘illab og‘ilxona tomon ketishdi. Balki, men bilan tortishib obro‘sini to‘kkisi kelmagandir.

 

* * *

– Uyi kuyib qopti-ku uning, – dedi dadam mendan bor gapni bilgach, allaqanday taajjub bilan. – Tez uyga borib ko‘rpa-to‘shak, olacha olib kel. Izi o‘chmasdan oshxonasiga kirib olaylik, bo‘lmasa, o‘ziniki qiladigan chiqadi. Birov kirib olsa, quvib bo‘psan. O‘zi, uning tuturuqsizligi ma’lum edi. Mayli, bizga qoldi, endi otni qamchilayik.

Birdan etim uvishdi. Dadam birinchi marta uyga egalik istagiga tushgandi. Yuz-ko‘zida ham allaqanday tushuniksiz bir ruh botiniy quvonch­dan nishona berib turardi.

– Nega ertaroq olib qo‘ymadik? – dedim otamga e’tiroz bildirib. – Yordam berdik. Ket, desangiz indamay ketardi.

– Qaytsa, bizga o‘ligini osib olardi. El gapirardi, bir otadan tarqab uy talashib, qirilishib yotibdi, deb. Oldimga maslahat solishga kelmagan, beti chidamagan-da.

– Uy kerakmas menga. Uni buzib tashlamasin!

– Hech ko‘ngling bo‘linmasin, haqqimizni ajratib olamiz.

– Buzmasa, Esonboy akaga beraqoling!

– Birovning tashvishini qilmay qo‘yaqol. Bo‘ladigan ish bo‘lgani yaxshi. Uyda birov yashamasa, kimdir foydalanishi kerak. Bog‘ida qancha daraxt bor.

Yo‘l-yo‘lakay ketib borarkanman, endi otaning uyini bo‘lib tashlaydigandek, otaning xayoli ham odamlarning xotiridan ko‘tariladigandek edi.

Lekin meni shu o‘y qiynayapti. Uy ham mendan boshqani qiziqtirmay qo‘ygandek: “Uy buzilsa, o‘rnida bitta katta imorat quriladi. Boshqa hech narsa o‘zgarmaydi. Dadam shuni istayaptimi? Ilgari kuyinib gapirardi. Endi esa loqayd, lanj. Odamlar bilan kurashgisi yo‘qdek. Kurashdan charchadimi yoki? Yo‘q. Endi oson yo‘ldan yurmoqchi. Hammasiga qo‘l siltab, O‘ljaboy akaning o‘yiniga ko‘nish niyatida. Nahot, shuncha mehnat zoye ketgan bo‘lsa-ya. Nahot yillab kurashgan kishida bardosh qurigan?!

 

IX

– Uylagan o‘zim, uyini ko‘tarishgan o‘zim, endi sizlar ega chiqdilaringmi?! Shu vaqtgacha qayerda eding? – dadam o‘shqirib O‘ljaboy akisga yaqinlashdi.

– Bizga buyurgan ekan, keldik. Borib ayting o‘ziga, norozi bo‘lsangiz! “Uyga Esonboy kirib olibdi. U beradigan pulni men beraman”, deng. Olam guliston shu bilan!

Dadamning rangi buzildi. Qabog‘ini uyib, jag‘ini qashidi.

– Uy Suyarnikimas, bo‘lmasa tashlab ketmasdi. Esonboy otxona qurishiga boshqa joy ko‘p. Bu uyda ota-bobomiz o‘sgan. Tepkilaydigan boshqa joy topinglar.

– O‘zingni diyonatli ko‘rsatma, – deb dadamga tik qaradi O‘ljaboy akis. – Shuni bo‘lsak, hammamizga yetadi. Niyating ham shu, bilib o‘tiribman.

Dadam negadir indamadi, vujudimda og‘riq qo‘zg‘aldi.

 * * *

Onam ko‘rpa-to‘shakni dahliz to‘riga tashlab o‘tirib oldi. O‘ljaboy bobo chiq, deb ko‘rdi, indamadi. “O‘shqirmay, ketavering, sizgayam et bitib qolibdi-­­da. Dadasi keladi hozir, gaplashasiz”, dedi.

– Nimasini gaplashamiz? It talashmay ishi bitmas, deganday, yana nima balo boshlayapsizlar! – dedi achchig‘i kelgandek bezrayib.

– Uyni qurishmagan bo‘lsangiz, endi elni elirtib uyga ega chiqibsiz. Xatingizdan biluvdim, shuni egallamoqchiligingizni.

– Baribir bo‘linadi, ayol boshing bilan aralashib nima qilasan, hayronman!

Onam ham bo‘sh ketmaydi:

– Erkak boshingiz bilan kuchingiz ayolga yetdimi? Keting tez. Barchin checham go‘rida tik turgandir, bu ishlaringizni bilib.

– Kelishib olamiz hali.

 

* * *

Otamning uyini ular bo‘lib olayotganini maktabdan qaytgach ko‘rdim.

– Ota, bor, uydan qoziq olib kel, – dedi dadam. – Shu qoziqdan bu yog‘i – qibla taraf bizniki, yuqorisi Esonboy akangniki. Senga dang‘illama uy quramiz. Bu choldevorni buzamiz. Etagi ariqqacha senga, O‘ljaboy bobong olma ekib beraman dedi. To‘rt-besh yilda hosilga kiradi.

O‘ljaboy akis bosh silkidi.

– Ha, ikkovimiz amallaymiz. O‘zim o‘rgataman, bog‘bonlikni.

Negadir O‘ljaboy boboga ko‘nglim ilidi. O‘rtamizdagi kek yo‘qolgandek edi. Endi go‘yo bu uy otamniki, degan o‘y mendan ancha olislagan edi. O‘zi, kim edi ota? Menga kim bo‘lgan? Nega hamma Ota deydi? Ilgarigidek shu chigalliklar endi bezovta qilmas, shu onda barini unutgan edim.

Og‘il chetidan zanglagan qoziqcha topib keldim-da, O‘ljaboy boboga berdim.

U yerga singirib qoqdi qoziqni.

– Endi gap bunday, – dedi menga uqtirib.

– Sen ham katta yigit bo‘lib qolding, otangga uy tashvishi tushadi. Biz kelishdik, shu uyni senga beramiz.

– Ha, senga bu uy…

Uy menikidek cheksiz quvondim.

 

* * *

– Uy bitmagan ekan peshanasiga, – dedi otam bir kuni. – Yana qishloqqa qaytdi, ota uyini tashlab ketgandi. Bir hisobdan rahming kelsa, bir hisobdan badtar bo‘l, deysan. Shaharda pishirib qo‘yibmidi, ot aylanib…

Otam egniga choponini ilib, ostonaga chiqdi.

Ayvon ustuniga suyanib Suyar aka turardi. Ko‘rinishidan bechorahol. Salom berib, otamga yaqinlashdi. Qo‘l uzatdi, dadamning rangi gezardi.

– Qaytdingmi?

– Yo‘q. Qishloqdoshlardan bir xabar olay deb keluvdim.

– Ko‘rdingmi, endi qaytaver. Bu yerda yo‘qlaydigan jiyaning bor. Singilchayam bir-bir kelib turardi. Otamning izi bor, deb. Endi soyasini solmay qo‘ydi. Shodmon akamning choponini ilib qo‘yganman, moltopar choponi. O‘shani kiysa, bozori o‘rjirdi, oldi-sotdi bitardi. Baraka shunda ekan-da! Kir ko‘rasan.

– Yo‘q, keyingi kelganimda.

Uning ko‘zlarida tushunib bo‘lmas bir mung zohir edi.

– Devor o‘radik, soylikka Esonboy dacha qurdi. Otxona qurdi. Sen ko‘chada qorning to‘yganiga mastsan. Kelin, bolalaring yaxshimi?

– Yaxshi, yoshiga yetib qoldi. O‘ting Toshkentga, ­– dedi tirjayib Suyar aka.

– Itim adashdimi Toshkaningda! Menga shu yer ma’qul, – otam qo‘lini sermadi.

 

* * *

Otam ham uyning buzilishiga alalxusus ko‘ngan. Kunda janjal: u meniki, deydi, bu menikimas, deydi. Yana boshqalar ham uyga egalik da’vosi bilan chiqdi. Shu urishdan charchadi, deb o‘ylovdim. Lekin dadam elu yurt orasida gap bo‘lmasin, deb shu ishga aralashgandek tuyulardi menga.

– Ota, talashib-tortishmasak, shu bir qarich yer ham yo‘q edi bizga. Qolgani bir gap bo‘lar. Suluvxolning uyi buzilibdi. Shuyam hech o‘zidan tinib ketmadi. O‘zlari qilib bersin, katalak bo‘lsayam, – dedi dasturxon boshida otam.

– Kim qurib beradi, – dedi achingandek labini tishlab onam, to‘nglagan yog‘ni qozonpatir ustiga surkab eritarkan. – Qo‘lida bolasi bor.

– Eri-da, nima, menmi? Endi uydan umidini uzsin! Yana ro‘zg‘or qursin, hali yosh. Butun umr “oh-uh” deb o‘tmaydi-ku. Jiyangayam ota kerak.

– Butunboy oshpaz so‘rab yurganmish! Besh bola ustiga…

– Na iloj, endi chiqqaniga tegadi-da! Xotin qo‘ygan oladi baribir.

– Kichkina do‘lta bo‘lsayam qurib bermadik. Tuzukroq er topilguncha, yashab turarmidi?

Dadam xuddi suv ho‘playotgandek qaynoq choydan ho‘pladi.

– Uf-f, yeb qo‘yding! Nima, ularni uy-joy qilaman, deb bo‘ynimga olganmanmi?! Kunini ko‘rsin, o‘zimni tanam o‘zimga og‘ir bo‘lib turgan paytda shu kam edi.

Onam o‘ziga o‘zi to‘ng‘illadi:

– Qushning uyasi buzilsa, iching achiydi. Bularning ayroni achimaydi-yey.

Dadam so‘kindi.

 

* * *

– Uy qilaman, degan niyati yo‘q. Kuyov bo‘lmay ket, qo‘lingga kuydirgi chiqqur, kunda uravergan-yey. Boradigan joyi yo‘q, deb o‘ylaganmi? Akasi kelib uyga egalik qilsa, chertishgayam qo‘li bormasdi. Qizi qurg‘urdayam chidam yo‘q-da, tepsayam ketmabmiz, ro‘zg‘or, deb. Shu mushtni ko‘tarmasang, uy bo‘ladimi?

Onam ko‘klamning yomg‘irli kunlarida tong azonlab Suluvxol opamni yarashtirish uchun ketdi. Choshgohdan o‘tganda rang-quti uchib qayt­­di.

Pochcha qarg‘ishning tagida qolganini sezdim. Chindan ham, ammamning borar yeri yo‘q edi.

– Butunboy akadan tuzukrog‘i chiqmaydiganga o‘xshaydi. O‘lsin, manglayida borini ko‘radi. Tengi endi shu-da! Yashab ketar, o‘ldimi? Bir ro‘zg‘orni ko‘rdi.

 

* * *

Ovul to‘s-to‘polon edi. Faqat mening ichimda sovuq sukut kezinardi.

Ilgari Otamning uyi bor edi, endi esa yo‘q.

Ilgari shu uyning loysuvoq tomi ustiga chiqishga odamlar iymanardi, endi esa yo‘q. Ilgari ovul bu uyni “otamning uyi” derdi, endi esa yo‘q. Ilgari otam Otamning uyini buzishga qarshi chiqqandi, endi esa yo‘q…

Otamning uyi buzilib ketarkan, go‘yo shu ovulning o‘tmishi ham shu uy kabi ko‘z o‘ngimda nurab, buzilib borayotgandek tuyulardi. Bunga ba’zan o‘zimni aybdor sanardim, o‘sha ikki enlik xatni yozib berganim uchun…

 

* * *

Uy buzilayotganini eshitgandan beri onam­ning paytavasiga qurt tushgan edi: “Dadangga ayt, mayli, shu uy O‘ljaboy akaga qola qolsin! Talashib o‘tirmang, menga kerakmas, de”.

– Menga kerakmas deganim bilan indamay o‘tirmaydi-ku! O‘zingiz ko‘rdingiz, qoziq qoqib bo‘lganini. Bo‘pti, aytaman.

– Keng dala turib, bari shu uyga tiqiladi, talashadi. Nima, boshqa joy qurib qolganmi? Otaning ruhi urmasa bo‘ldi bularni. Tavba qildim… O‘ljaboy bobongning oldiga o‘tib kelay-chi, nima derkan? Bizga sotarmikan?! Otni sotib bo‘lsayam, uyni olsak. O‘lmagan qulga ot bitar, lekin uyni buzish yomon.

– Dadam baqirib yurmasin, eshitib.

– Baqirib-baqirib ko‘nadi. Baribir biladi, otni bozorga kim chiqaradi, bo‘lmasa?..

 

* * *

Onam O‘ljaboy bobonikidan qaytganda kun choshgohga yetgandi. Asabiylashib qaytganidan sezdim, ishi bitmagan. O‘ziga o‘zi kimnidir qarg‘ab, ayvonga chiqib o‘tirdi. Keyin birdan negadir yuzi yorishdi:

– Bolam, ma, qog‘oz, ruchkani ol! Hammasi kechagidek ko‘z oldimda. Tez yoz-chi, ilgariyam sen yozib berganding, esingda bor-ku!

– Nimani?

– Xatni. O‘ljaboy bobo kelib, yozib ber, deb qistagani esingdami? O‘shanday yoz. Suyar akang baribir qaytadi, o‘z uyiga o‘zi egalik qilsin! Bir amallab saqlab qolaylik.

– Kelmayman, deb ketibdi-ku.

– Qariydi, qartayadi, o‘ladi – shu tuproqqa qo‘yiladi. Yomon bo‘lsayam, shu el ko‘madi. Boshqa qayerga boradi, o‘zining eli shu yerda.

– Yozganimni O‘ljaboy bobo bilib qolsa-chi?

– Bilsa, bilar. Otaning qilgan yaxshiligini hech qaysisi bilmayapti-ku. Ungacha Xudo poshsho, bir gap bo‘lar. Otaning uyi boshqacha baribir. Mingta saroy qursayam, unga teng kelmaydi. Qayerda bo‘lsayam, uning qadri o‘tadi. Qaytmasa, shunday tursin! Turaversin!

Endi o‘zim istab xat yozib berdim:

“Assalomu alaykum, Suyarjon! Yaxshi ishlab yuribsizmi? Uy g‘alvasi haliyam tingani yo‘q. To‘rt-besh kishi kengashdik, oxiri shuni Murodjonga qoldirsakmi, deb o‘yladik. Hamma shunga rozi, lekin oxirgi gapni sen aytasan baribir. Esonboydan sariq chaqa kutma, baribir hech narsa bermaydi. Aravangni o‘zing tort.

Mendan xotirjam bo‘l, buni birovga aytmayman. Faqat sendan gap qochmasa bo‘ldi. Oxirgi gapingni kutaman.

Akang O‘ljaboy”.

 

* * *

Xatning javobini ancha kutdik. “Keldimi-kelmadimi”, deb pochtaga qatnadim, O‘ljaboy bobo jo‘natdi, deb. Oradan bir oylar o‘tib, xat kelganini eshitdim.

Aniq esimda, o‘shanda dadam og‘zi qulog‘ida uyga keldi. Suyar akaning xat jo‘natganini aytdi. “Uy endi seniki”, dedi. Na kulishni bilardim, na yig‘lashni. Na quvonishga, na achinishga arzirdi.

Onam negadir mung‘aydi.

 

X

– Uy bitmadi boshiga! – dedi otam Suyar akani eslab. – Darbadar hayoti tugamadi. Shuncha vaqt o‘tdi-ketdi. Shaharda qorni to‘yganiga mast bo‘lib yuraveradi. Yoshiyam qirqni qoralab qoldi: o‘g‘il-qizi bo‘y yetayapti. Ulargayam uy-joy tashvishi tushadi. He, shu o‘zimizning choldevordan qo‘ymasin ekan. Uyi borning o‘yi yo‘q.

– Xoldon momosi aytdi, ovulga kelayotganmish, – dedi onam xamir yoyib gapga qo‘shilarkan. – Ko‘nglim sezuvdi, qaytishini. Xush ko‘nglim – xushboq ko‘nglim, deb bir umr yashab bo‘lmaydi-da.

Dadam g‘ijingandek burnini tortib-tortib qo‘ydi.

– U yoq yoqmay qopti-da! Ha, endi bu yoqqa qarab o‘rlasa, kim uy berarkan. Yalangoyoq kelsayam, birov darvozasidan kiritmas.

 

* * *

Qancha uy qurildi, qancha uy buzildi. Lekin otamning hovlisi shu holicha turibdi. U endi meniki. Endi men ham tom solishim kerak. Ertami-­indin Suyar akam uy da’vosini dastak qilib kelsa, na chora ko‘raman? Asrolmagan esa-da, otasining uyi. O‘ylab ko‘rsam, uning uy to‘g‘risida gap ochishga haqqi yo‘q. Ota uyini tashlab ketgan-ku.

Ilgari mehrim iyib ketgan kezlari, qaytaraman, derdim o‘zimga o‘zim. Buni esdan chiqarganimga ancha bo‘ldi.

Ahyon-ahyon uning to‘y-ma’rakaga kelgani haqida eshitaman-u, biroq o‘zini ko‘rmayman. Ko‘rmaganim ham yaxshidir. Endi ota ekkan daraxt­lar qaridi, o‘rniga yangi ko‘chat o‘tqazish kerak.

Men qaramaganimda, uy allaqachon buzilib ketardi. Qir labidagi otxonani ming ur-yiqit bilan ko‘chirdik. Xullas, so‘rashga beti bormikan akaning?! Ehtimol, yana sotib yuborish uchun kelayotgandir. Men bilan savdolashsa-ya! Uyni sotishga qanday ko‘zim qiysin! O‘zi, O‘ljaboy boboning og‘zini yopishga chakana pul ketmadi.

Odamlar haliyam uyni “Otaning uyi” deydi. Yoniga ikkita katalakdek tom qo‘shgani bilan uy Suyarniki bo‘lib qolmadi. Men u yerga saroy qursam ham, baribir, otaning uyi, deydi. Men faqat Otaning uyiga egaman, xolos.

 

Tugadi.

Olim Jumaboyev

 

1987 yili tug‘ilgan.

O‘zbekiston jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan.

“Xarsangtosh nolasi” nomli qissa va hikoyalar to‘plami chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.