Afandining yo‘rig‘i

0
77
marta ko‘rilgan.

(Esse)

Topqirlik

O‘zbek xalqining sevimli qahramoni Xo‘ja Nasriddin afandining fazilatlari ko‘p. Bu qahramonning o‘ta bilag‘onligi, topqirligi, so‘zamolligi, epchilligi, sofdilligi, odilligi, dadilligi, mardligi, tantiligi tillarda doston! Janobi Afandi nafaqat o‘zbek, usmonli turk, ozarbayjon, qozoq, turkman, qirg‘iz, qoraqalpoq, tatar, boshqird, uyg‘ur va boshqa turkiy xalqlar, balki fors, tojik, yunon, arab, bolgar, serb va boshqa turkiy bo‘lmagan xalqlarda ham yashovchanu kurashchan qahramon hisoblanadi. Afandiga xos fazilatlardan biri, hatto birlamchisi – bu, shak-shubhasiz, topqirlikdir. Chunki afandi latifasi o‘z tabiatiga ko‘ra topqirlikning eng yorqin ko‘rinishi, yaqqol namoyishidir. “Bilgan topib gapirar, bilmagan – qopib” deganlaridek, Afandichalik mos so‘zni topib gapirish, ishning ko‘zini topib qilish chinakam san’at hisoblanadi. Har qanday sohada yangi g‘oyani topish, kashfiyot qilish eng qiyin hamda eng qadrli ish sanaladi. Xo‘ja Nasriddinning latifalarini o‘qigan yo eshitgan odamning yuziga kulgi taralib, Afandining topqirligiga “E, qoyil!” deb tan berishi bejiz emas. Keyingi yetmish yetti yil mobaynida afandi latifalari o‘zimizda jami to‘qqiz marotaba nashr etilgan bo‘lib, shulardan yettinchisi va eng to‘lasi – 1990 yili chop etilgan “Afandi latifalari” to‘plamiga ajoyib olim Bahodir Sarimsoqov yozgan muxtasar so‘zboshi “Hamisha hozirjavob janr” deb atalgan. Latifaga berilgan eng qisqa ta’rif bu! Kamina latifaga “Hamisha topqir janr” deya ta’rif berishni istardim. Sababi, hozirjavob so‘zi izohli lug‘atda “berilgan savolga, luqmaga darrov, ko‘p o‘ylamasdan javob bera oladigan, kerakli so‘z va gapni darrov topa biladigan” deya sharhlangan. To‘g‘ri, Afandi hozirjavob, ya’ni gap-so‘zga usta, lekin u ish-amalga ham usta-da. Afandi aravani quruq olib qochmaydi, balki amalda ko‘rsatadi, ya’ni faqat gapni emas, ishni ham qoyil qiladi. Xo‘ja Nas­riddin afandidek jahon adabiyo­tidagi benazir qahramonni yaratgan topqir-topag‘on-topaloq-toparman xalq “Topdim! (Evrika!)” deya xitob qilsa arziydi. Yaratgan yarlaqagan qaysi xalq yaratgan ekan bunday jahongashta elchi qahramonni, deysizmi? O‘ylashimcha, bu avliyosifat zotni bir emas, ko‘p (o‘ttizdan ortiq) turkiy xalqlar ko‘plashib-ko‘mak­lashib yaratgan!

To‘g‘ri, xalq og‘zaki ijodining so‘z o‘yiniga asos­langan aytishuv, lapar va askiya kabi boshqa ommabop janrlari bilan yozma adabiyotdagi bahri bayt va badia, xullas, tom ma’nodagi badiha (improvizatsiya) o‘z tabiatiga ko‘ra topqirligu hozirjavoblik demak! Lekin bu janrlardagi hozirjavoblikni latifalardagi topqirlikka taqqoslab bo‘lmaydi. Bordiyu taqqoslansa, yutuq, so‘z yo‘q, latifada ketadi. O‘zbek xalqining o‘zingiz xohlagan latifasini olib, uning vaznini – latifa zamiridagi badiiyat “yuki”ni salmoqlab qarasangiz, bunga to‘la ishonch hosil qilasiz.

Mana, “Afandi latifalari”1 kitobida keltirilgan “Durustroq odam topilmadimi?” nomli eng ixcham va eng hikmatli latifalardan biri: yonqo‘shni jon qo‘shnisi to‘yiga taklifnomani bir boyga oborib berishni Afandidan iltimos qilgan ekan, boy taklifnomani ola turib nopisandlik bilan shunday kesatiq qilibdi: “Taklifnoma olib kelish uchun sendan ko‘ra durustroq odam topilmadimi?” Bunday qitmirona savolga har kim o‘z fe’liga yarasha javob qiladi, albatta. Lekin Afandining hozirjavobligi barchasidan bir bahya balandroq turadi: “Durustroq odamlar ham bor edi-yu, ammo ular durustroq odamlarnikiga xat olib ketdilar”. Shu birgina latifaga olam-olam hikmat yo‘g‘rilgan. Birinchidan, “Bilgan topib gapirar, bilmagan qopib”, “Yomonlikni yaxshilik bilan yeng”, “Egilganga egilgin boshing yerga tekkuncha, kekkayganga kekkaygin boshing ko‘kka yetguncha” kabi xalqona hikmatlar. Ikkinchidan, besh kunlik dunyoda o‘zining omonat boyligiga ishonib takabburlikka berilgan va o‘zgalarga tahqir nazari bilan qarashga yomon o‘rgangan kimsani insofga keltirib, insoniylikka da’vat etishning afandilarcha to‘g‘ri va samarali usuli. Uchinchidan, boyning kesatig‘iga mos kesatiq bilan javob bera olish mahorati, ya’ni raqobatda o‘zib chiqish malakasi. To‘rtinchidan, Afandining qora xalq bilan davlat kishilari orasidagi elchilik-vositachilik yumushi, ya’ni ular orasida tinchlik-totuvlikni, teng haq-huquqlilikni, adolatni ta’minlashi va hokazo.

Adabiyot ilmida shunday bir hikmatli gap bor: “Hikoya detal bilan tirik”. Olamdagi eng qisqa va eng go‘zal hikoya bo‘lmish latifaning ham joni detalda, albatta. Keltirilgan latifadagi detallar – “qo‘shni”, “to‘y”, “taklifnoma”, “boy” va bu detallarning markazida ularni birlashtirib turgan bosh qahramon Afandi. O‘ylab qarasangiz, har bir detal orqali ko‘p fikrlar uqtirilyapti. Nega Afandining qo‘shnisi? Nega qo‘shni boyni to‘yga taklif qilmoqchi? Nega qo‘shni taklifnomani o‘zi eltmay, aynan Afandidan iltimos qildi? Nega Afandi elchilikka rozi bo‘ldi? Nega boy norozi bo‘ldi?.. Bu savollarga har kim o‘z bilimi, dunyoqarashi, hayotiy tajribasi, ma’naviyatiga mos holda javob topadi, albatta. Boyning Afandiga aytgan kesatig‘i tagzaminida ham bir qancha fikrlar bor. Jumladan, “Sendek anoyi mendek obro‘li boyga elchilikka mos emassan”, “Sendek anqovni sovg‘a-salomsiz yo‘llaganiga qaraganda to‘y o‘zingga o‘xshagan yalangoyoqnikida bo‘layapti-da”, “Sen yalangoyoqlarga to‘yni kim qo‘yibdi?” kabi ta’na-malomat yotibdi. Boyu kambag‘al bilan qanday muomala qilishni yaxshi biladigan ruhshunos Afandi tagzamini yana-da pishiq, asosiysi, haq-rost gaplarni aytadi, albatta: “Men anoyi emasman, haddingdan oshma, bo‘yningni egib qo‘yishga qurbim yetadi”, “Sen ko‘pam kekkayaverma, sendan boyroq, obro‘liroq odamlar ham bor, ular ham to‘yga taklif qilinyapti”, “To‘yda hamma to‘yadi, to‘y – xalqniki, boy-kambag‘al, yosh-qari, erkak-ayol, bola-baqra… – ko‘pga kelgan to‘y bu…” Umuman, so‘z san’ati tagma’no bilan ish ko‘radi. Lekin bu san’atning eng nodir va ta’sirchan shakli hisoblangan latifada, tabiiyki, tagma’no (tagdor imo-ishora, quloq qoqish, uchuruq…) nisbatan ko‘proq bo‘ladi. Binobarin, afandining shu bir latifada top­qirlik bilan aytgan gapining mag‘zini har kim har xil chaqadi.

Afandining topqirligi tasodif emas, qonuniyat! Boshqacha aytganda, Afandining chinakam afandiligi (bilgamishligi, so‘zga chechanligi, quvligi, uddaburonligi…) ayni shu topqirlikda ko‘rinadi-bilinadi. Lekin topib aytilgan gap yo qilingan ish bir zumda o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi, balki oylar, yillar, hatto umr bo‘yi miyada va qalbda obdon pishib yetilgan va ayni lahzada beixtiyor tilga ko‘chgan eng to‘g‘ri, eng adolatli, eng kulgili gap yo amalga oshgan ish bo‘ladi. Buni yana-da yaqqolroq his qilish uchun “Qozon ham o‘ladimi” latifasini o‘qib ko‘raylik: Afandi mingboshiga qo‘shni ekan. Uyiga mehmonlar kelganida u boy qo‘shnisidan kattaroq qozon so‘rab chiqibdi. Mingboshi qozonini bera turib tayinlabdi: “Qozonimning oy-kuni yaqin edi, tug‘ib qolsa, bolasi bilan qaytarasiz-da, a, Afandi?..” Bunday tagdor imo-ishora, quloq qoqishgina emas, ochiq-oshkor masxara-kalakaga javoban nima deyish mumkin? Bu yerda endi shoshqaloqlik bilan hozirjavoblik ketmaydi! “Tesha tegmagan” tadbir qo‘llash va ishning ko‘zini bilish kerak! Shuning uchun Afandi itoatkorlik bilan “xo‘p” debgina qolmay, ertasiga katta qozonga o‘zining kichkina dekchasini qo‘shib olib chiqibdi: “To‘g‘ri aytgan ekansiz, taqsir, mana, qozoningiz tug‘di!”. Odatda Afandi raqibini ahmoq qilishdan avval o‘zini o‘taketgan ahmoq ko‘rsatadi. Afandidan bunday ahmoqona javobni kutmagan mingboshi dekchani olibgina qolmay, katta qozonini yana bir marta so‘rab chiqqanida qo‘shnisini tentak fahmlab tag‘in qozonining oy-kuni yaqinligini uqtiradi. Afandi tag‘in xo‘p deb oladi-yu, biroq bu gal, dekcha qo‘shib qaytarish tugul, qozonning o‘zini ham qaytarmay yuraveradi! Mingboshining “Nega qozonimni qaytarmaysan?” qabilidagi kutilgan savoliga javoban avvaldan o‘ylangan va kutilmagan gapini aytadi: “Qozoningiz tug‘olmay o‘ldi!” Ana o‘shanda mingboshining “Qozon ham o‘ladimi?!” degan ko‘ndalang savoliga yuzaki qaraganda hozirjavoblik namunasi bo‘lgan, aslida, puxta o‘ylab, dil to‘rida obdon pishitilib, pinhon saqlangan gapini aytadi: “Qozonning tug‘ishiga inonib, bolasini olib qolasan-u, o‘lganiga inonmaysanmi?” Haqiqatan ham, qozon tug‘ishi mumkin emas, lekin o‘lishi, ya’ni, sinib qolishi – bu, albatta, mumkin! Foyda undirish ko‘yida shu oddiygina mantiqni nazar-pisand qilmagan kaltabin kimsa Afandining mantiqi oldida nima qiladi – taslim bo‘ladi-da!

Avvalgi latifadagi to‘y kabi, bu latifadagi qozon shunaqangi tagzamini teran detalki, uning tagida ham, ichida ham, atrofida ham gap juda ko‘p! Yodingizda bo‘lsa, buyuk G‘afur G‘ulomning “Shum bola” qissasida egasini rozi qilib pulini o‘g‘irlaydigan kissavurning ustomonligi qalamga olingan. Mingboshini rozi, ya’ni, taslim, mot qilgan holda uning doshqozoniga o‘zining dekchasini ayriboshlash… buning uchun odatda chinakam Afandining ishbilarmonligiyu tadbirkorligi kerak bo‘ladi!

O‘ylab qarasangiz, bunday ayriboshlash o‘taketgan adolatsizlik, noinsoflarcha aldam-quldam emas, aksincha, chinakam adolatni qaror toptirishdir. Agar latifadagi mingboshi – amaldorning, afandi – xalqning timsoli ekanini nazarda tutsangiz, anglashiladiki, aslida, doshqozon – xalqqa, dekcha – amaldorga tegishli bo‘lishi kerak! Boshqacha aytganda, xalq amaldorga emas, aksincha, amaldor xalqqa xizmat qilishi lozim! Amaldor o‘zicha “Qozonchida ixtiyor – qaydan quloq chiqarsa”, deb doshqozonga o‘zbilarmonlik bilan egalik qilib, xalqning kunini dekchaga qoldirdimi, bunisi yetmagandek, ana o‘sha dekchaga ham ko‘z tikdimi, bas, bunday nohaqlik-­adolatsizlik-noinsoflikka chek qo‘yib, haqni qaror toptirish uchun afandining topqirligi, ustomonligi, aql-zakovati va, nihoyat, shularning qonuniy hosilasi sifatidagi hozirjavobligi kerak! Eslatib o‘tish o‘rinliki, buyuk Sohibqiron Amir Temur hazratlari sakkiz xil ma’dan qotishmasidan tayyorlangan ulkan doshqozonni o‘zi uchun emas, xalq uchun yasattirgan, shu bois ham u piri komili Ahmad Yassaviy sharafiga o‘zi qurdirgan mahobatli maqbara ichida – xalqning ko‘z o‘ngida barchaga ibrat bo‘lib turibdi. Bu olamshumul doshqozonni ham o‘zining tomorqasiga olib kelib, omboriga qulf-kalit qilib qo‘yishni istovchi kimsalar esa, keng jahon ayvonida hamisha ko‘plab topiladi! Shuning uchun ham Sohibqiron bobomiz “Yo‘qsullarni boylarning zulmiga topshirib qo‘ymang!” deya avlodlarga vasiyat qilgan!

Buyuk G‘afur G‘ulomning afandilarcha topqirlik bilan mirzasiga aytib yozdirgan kattakon latifasi – o‘zbek adabiyotidagi eng go‘zal hikoya “Mening o‘g‘rigina bolam” yodingizdami? Bu hikoyada ham qozon detali keltirilgan. Uyda holsizlikdan sulayib yotgan kampir tom boshida o‘tirgan o‘g‘riga “Qutlug‘ uydan quruq ketasanmi endi, mening o‘g‘rigina bolam? Anavi qozonni olib ketsang-chi!” deganida o‘g‘ri bu “Hotamtoyning onasi” desa degudek mehru saxovat sohibasining taklifini keskin rad qiladi. “Men o‘g‘ri bo‘lsam ham bu qadar insofsiz emasman, onaxon! Hali bu xonadonda ham ulkan doshqozonlar osiladigan payt keladi!” deya yorug‘ kunlarga umid bilan qaraydi. Ana endi, og‘izda “kambag‘alparvar davlat!” deya jar solingan ulkan saltanatdagi xalqning xizmatkori hisoblanuvchi amaldor devdek bir dumalab “xalq otasi”ga aylansa-chi? Bunday misli ko‘rilmagan evrilish va o‘taketgan nohaqlikdan yuragi o‘rtangan haqgo‘y esa, “xalq dushmani”ga chiqarilsa-chi?.. Mana shunday ham kulgili, ham fojiali holatlarni dil-dildan teran his qilgan kitobxongina bizga zamondosh bo‘lib yashagan buyuk mutafakkirimiz Abdulla Oripovning, masalan, shunday bir to‘rtligini kulibgina emas, o‘ylab, tagma’noni anglab, shu bois yig‘lab mutolaa qiladi: Kulma, kulma, nega kulasan Xijolat chekkanning holiga? /Nega qo‘l uzatding kambag‘alning /O‘g‘rilardan qolgan moliga?!

Sho‘ro tuzumidagi amaldor zotining oldiga ko‘ndalang qo‘yilgan chinakam afandilarcha savol edi, aslida, bu to‘rtlik!

Ko‘rinib turibdiki, latifa nasrgagina emas, she’riyatga ham, og‘zaki adabiyotgagina emas, yozma adabiyotga ham mansub bo‘lishi mumkin! U faqat hikoya emas, to‘rtlik ham, kattaroq she’r ham, masal ham, hattoki maqolmi-mataldek birgina hikmatli gap ham bo‘la oladi! Shunday latifasifat “qanotli” gaplardan biri, masalan, buyuk hakim Abu Ali ibn Sinoga tegishli: “Agar menki kofir o‘lsam, bu olamda musulmon yo‘q!” O‘zini kofirlikda ayblagan kaltabinlarga shayxurrais bergan chinakam afandilarcha javob – hozirjavoblikning eng yorqin namunalaridan biri bu!

Keyingi paytlarda gazeta va jurnallarimizda jahon adabiyotidagi eng qisqa hikoyalar namunalari muntazam chop etib qelinmoqda. Hatto yaqinda “Drabbllar (Dunyoning eng kichik hikoyalari)” deb atalgan kattakon to‘plam nashr etildi. Tabiiyki, “Drabbllar” nima ekan deya so‘zboshiga ko‘z tashladim. Bu inglizcha so‘z “parcha”, “bo‘lak” degan ma’noni anglatar ekan. Rus tilidagi “drobleniye”, ya’ni, “bo‘laklash”, “maydalash” ma’nosidagi so‘zning o‘zagi! Bu so‘z o‘zbek tili uchun yangi so‘z bo‘lsa bordir, lekin adabiy janrning nomi sifatida o‘zbek adabiyoti uchun mutlaqo yangilik emas, deb o‘ylayman! Chunki “qisqa hikoya” tilimizda “latifa”, latifaning eng ko‘p shov-shuv qo‘zg‘agan shakli esa, “hangoma” deb ataladi. Yuqorida tilga olingan “Afandi latifalari” to‘plami so‘zboshisida nuktadon olim Bahodir Sarimsoqov o‘zbek yozma adabiyotidagi latifanavislik va latifaxonliklarning eng yorqin namunalari sifatida Avfiyning “Jome ul-hikoyot va davome’ ul-rivoyot”, Ubayd Zakoniyning “Risolai dilkusho”, Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirot ush-shuaro”, Zamaxshariyning “Rabe’ ul-abror”, Abdurahmon Jomiyning “Bahoris­ton”, Ali Safiyning “Latoyif ut-tavoyif” va Xondamirning “Makorim ul-axloq” kitoblarini tilga oladi. Bu bilan latifa janrining o‘zbek xalq og‘zaki ijodidagina emas, yozma adabiyotda ham naqadar chuqur ildizlarga ega ekanini uqtiradi. So‘zboshida alohida tilga olinmagan Otoyi va Lutfiy she’riyatidagi “Mana, chinakam lutf-latifa!” deya ko‘rmas-ko‘rolmas ko‘zlarga ham nuqib ko‘rsatsa bo‘ladigan shohbaytlarni-ku, qo‘yaverasiz – bu alohida mavzu! Mazkur so‘zboshida muazzam Sharq adabiyotshunosligining nazariy masalalarini ham puxta biladigan olim latifa janrining shunday lo‘nda ta’rifini beradi: “Latifa xalqning aql-zakovatini, mehr va nafratini, kulgisi va pichingini lo‘nda, zaminida nazokat yotuvchi soddalik bilan dialog shaklida ifodalovchi bir epizodli asardir”. Ya’ni, latifa kichik hikoya demakdir. Bu olamda latifadan qisqaroq hikoya yo‘q! Ayni chog‘da, u bo‘lak emas, butun asar, to‘laqonli asarning parchasi emas, ana o‘sha to‘laqonli badiiy asarning o‘zidir! Binobarin, “drabbl” so‘ziga nisbatan “latifa” so‘zi hodisaning mohiyatini aniqroq ifodalay oladi. Agar asar latifa janri talablariga javob bera olsa, albatta. Har qalay, adabiyotshunoslik ilmi latifa, hangoma, qatra, lavha, mansura, qayirma, mana endi, drabbl kabi bir-biriga ancha yaqin janrlarning ichki tabiati, mushtarak va farqli jihatlari, bu janrlar o‘rtasidagi o‘ta nozik chegaralarni aniqlashtirib olishi kerakka o‘xshaydi.

Odatda hamma latifalar ham hangoma bo‘lavermaydi. Latifaning hangomaga aylanishi uchun u jamiyatda sezilarli shov-shuv qo‘zg‘ab, og‘izdan og‘izga, tillardan tillarga ko‘chib yurishi kerak. Masalan, bundan roppa-rosa bir asr muqaddam shunday bir purma’no-purhikmat to‘rtlik o‘z zamonining eng zo‘r latifalaridan biri og‘izdan og‘izga ko‘chib bizning zamonamizga qadar yetib kelgan: “Hangoma talab bo‘lsang, mahkamaga yo‘rta ko‘r, Uch echkini bir lo‘li afsun ila o‘ynatur!” Laqabi “lo‘li” bo‘lgan bir amaldor – tarixiy shaxsning laqablari “echki” bo‘lgan uch amaldor – uch tarixiy shaxs bilan tarixiy ahamiyatga molik munosabatlari tilga olingan eng qiziq latifa, eng qisqa she’r, eng mashhur hangomalardan biri bu! Abdulla Oripov va Erkin Vohidovning she’riy hangomalari, ya’ni, o‘zbekona hazil-mutoyibaga yo‘g‘rilgan mashhur she’rlarini kim bilmaydi deysiz! Tilimizda “nomalar, hangomalar” degan purhikmat ibora bor. “Yozma adabiyot va og‘zaki adabiyot” degani, aslida shu! Boshqacha aytganda, “noma” – xatga tushirilgan latifa, “hangoma” – og‘zaki aytiladigan latifa demakdir. Nomaning hangomaga aylanishi oson emas! Adabiyotimizda ham noma, ham hangoma, ham masal, ham maqol, ham matal, ham ma’joz…, qo‘ying-chi, ham yozma, ham og‘zaki adabiyotning eng beqiyos namunasi buyuk mutafakkirimiz Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” falsafiy dostonidan keyin mavlono Muhammadsharif Gulxaniyning “Zarbulmasal” asari hisoblanadi. Aytish mumkinki, o‘zbek tilidagi so‘z san’atida bu asardan yirikroq latifa yo‘q! Muqimiy va Avaz O‘tar hajviyalari, Zavqiyning “Ahli rasta hajvi” she’ridek durdona asarlar ham latiflik-latifalik bobida “Zarbulmasal” asari bilan bo‘ylasholmaydi. Zotan, muallifga zamondosh bo‘lgan tarixiy shaxslar hayoti haqqoniy, kulgili va hech kim tirg‘alolmaydigan darajadagi yuksak badiiyat bilan yoritilgan, shu bois o‘z davrida beqiyos shov-shuv qo‘zg‘agan boshqa asar yo‘q! Agar bor bo‘lsa, u, avvalo, buyuk Abdulla Qodiriyning o‘z tabiatiga ko‘ra afandi latifalariga hamohang “Toshpo‘lat tajang nima deydi?”, “Kalvak maxzumning xotira daftaridan” singari kichik nasriy asarlaridir.

Buyuk G‘afur G‘ulomning butun ijodiy faoliya­ti mobaynida yaratgan hikoyalari va ayniqsa, “Shum bola” qissasida muallifning tabiatidagi o‘ychanlik bilan topqirlik hozirjavoblikdan ming karra ustunroqligini aniq-ravshan ko‘rsatib turibdi. Bu asarlarning qariyb barchasi Afandi latifalari asosida, ayrim latifalarning mag‘zini chaqish va ularga ijodiy yondashish asnosida dunyoga kelgan! Agar o‘xshatish o‘rinli bo‘lsa, tarixnavis adib Mirkarim Osim o‘zining go‘zal tarixiy hikoyalari va qissalarini tarixiy shaxslar haqidagi mavjud afsona-rivoyatlar asosida yaratganidek, G‘afur G‘ulom nafaqat “Afandi o‘lmaydigan bo‘ldi” bilan “Afandi va shayton alayhi la’na” hikoyalari, hattoki “Hasan Kayfiy”, “Hiylai shar’iy”dek bir qarashda afandi latifalaridan yiroqdek tuyuluvchi asarlarini ham latifalarga tayanib yaratgan! Bu holni yana bir mohir novellis­timiz Abdulla Qahhor hikoya­larida ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Masalan, Abdulla Qahhorning eng mashhur “O‘g‘ri” hikoyasini Afandining bir latifasiga qiyosiy tahlil qilib qarasangiz, bunga o‘zingiz ham amin bo‘lasiz. Mana, o‘sha “SAVOLGA YARASHA JAVOB” deb nomlangan latifa: “Afandi eshak o‘g‘irlatganini eshitib, uzoq-yaqindan oshna-og‘ayinlari kelib ko‘ngil so‘rashdi… Ularga osh-suv qilgani uchun Afandining eshak narxidan o‘n hissa ortiqroq puli ketdi. Bu ham yetmagandek bir ezma og‘aynisi kelib, Afandiga har turli savollar bera boshladi: – Afandim, eshagingizni bir kishi o‘g‘irladimi, ko‘pchilikmi? Eshakni minib ketdimi, yetaklab ketdimi? Eshak ostonadan chiqishda o‘ng oyog‘i bilan yurib chiqdimi, chap oyog‘i bilan chiqdimi?.. Afandi javob berdi: – Yanagi safar eshak o‘g‘irlatadigan bo‘lsam, sizni aytib kelaman, hammasini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz”. Bu latifa shuning uchun ham “Savolga yarasha javob” deb atalganki, savol qanchalik tuturuqsiz va g‘ashga tegadigan bo‘lsa, javob ham shunga yarasha mantiqsiz va kulgi qo‘zg‘aydigan. Axir, o‘g‘ri shuning uchun ham o‘g‘riki, u o‘marayotgan mulkning egasiga o‘zining qorasiniyam ko‘rsatmaydi-da. (Hattoki “Mening o‘g‘rigina bolam” hikoyasi qahramoni ham kampirga o‘z ovozini eshittiradi-yu, qorasini ko‘rsatmaydi – qo‘rqqanidan emas, uyalganidan!) Binobarin, o‘g‘ri eshakni minib ketdimi, yetaklab ketdimi, eshak uyidan qay oyog‘i bilan chiqdi, Afandi buni bilmasligi aniq! Bilmasligini bilish uchun ham katta aql kerak emas! Bila turib tuturiqsiz savollar bilan yongan yurakka battar o‘t yoqish-da bu! O‘t yoqarning o‘ziga o‘t yoqib, uni kulib yengish hamisha topqir-hozirjavob afandiga xos!.. Mana shu, aslida, oshna-og‘aynilar o‘rtasidagi birmuncha yengil hazil-mutoyiba, “Eshagidan to‘qimi qimmat” degan purhikmat maqolga asos bo‘lib xizmat qilgan latifalardan biriga Abdulla Qahhor chinakam so‘z san’atkori sifatida ijodiy yondashadi. Adibning “O‘g‘ri” hikoyasi mazmunini bu yerda eslatishga hojat yo‘q. Unda hazilkash Afandining o‘rnida bechora Qobil bobo, eshakning o‘rnida ho‘kiz, oshnaning o‘rnida ellikboshi! Savollar ham oshnaning savollaridan besh battar tuturiqsiz va kalakaomuz: “O‘g‘ri yetaklasa ketaveradigan qanday ho‘kiz edi u? Yetaklaganga ergashib ketaverma deb tayinlab qo‘yilmagan ekan-da, a?..” Sezilib turibdiki, buyuk adib latifadagi yengil kulgini achchiq zaharxandaga, oshna-og‘aynining shaxsiy munosabatlarini ijtimoiy hodisaga, ya’ni, yumorni satiraga aylantirgan. “O‘g‘ri o‘g‘ri emas, boshingga mushkul ish tushganida ko‘mak berishning o‘rniga, aksincha, qaroqchidek o‘g‘ridan qolgan-qutganini ham talon-toroj qiladigan manavilar o‘g‘ri!” deya o‘quvchiga baayni nuqib ko‘rsatadi. Bu bilan mohir yozuvchi latifaga ijodiy yondashishning ibratli namunasini namoyish qiladi. Adib qalamiga mansub yirik nasriy asarlarning eng go‘zali – “O‘tmishdan ertaklar” qissasidagi har bir hikoya ham “O‘g‘ri” hikoyasidan, demakki, ichakuzdi latifadan qolishmaydi. Xullas, G‘afur G‘ulom va Abdulla Qahhor hikoyalarining favqulodda zavq-shavq bilan qayta-qayta o‘qilishiga bosh sabab ularning latifaga eng yaqin asar, tom ma’nodagi hikoyalar ekanidadir.

Odatda latifanavislik bilan latifaxonlikning oldiga o‘tib bo‘lmas to‘siq qo‘yish mumkin, albatta. Lekin latifago‘ylikni hech qachon hech bir kuch taqiqlab-to‘xtatib qololmagan. G‘afur G‘ulom va Abdulla Qahhorning uncha-muncha latifadan qolishmaydigan “qanotli” gaplari adabiy jamoatchilik orasida og‘izdan og‘izga o‘tib yurgani barchaga ma’lum. Hattoki bashariyat tarixidagi eng mustabid sho‘ro tuzumida ham xalq og‘zaki ijodining eng gullab-yashnagan turi latifago‘ylik, ayniqsa, siyosiy latifago‘ylik bo‘lgani ko‘pchilikka ayon. “Yangisidan eshitaylik!”, “Yangisidan bor!” qabilidagi xitoblar zamirida doston, ertak, qo‘shiq, hikoya, maqol-matallar emas, aynan latifa nazarda tutilishi bejizmi, axir! Bu hol Afandi latifalarining va latifago‘ylikning, xuddi Afandining o‘zidek, naqadar o‘lmas va yashovchanligini ayon ko‘rsatib turibdi. Keyingi yillarda adabiyotimizda Alisher Navoiy davrida keng quloch otgan latifanavislik an’anasi qayta jonlanmoqda. Shu o‘rinda bir paytlar “Yoshlik devoni” bilan mumtoz adabiyotimizdagi g‘azal janriga yangi nafas baxsh etgan ajoyib shoirimiz Erkin Vohidov bilan bu zukko, chinakam afanditabiat adibning munosib izdoshlaridan biri Shodmon Otabek nomini yana bir karra tilga olishni istar edik. Erkin Vohidovning “Donishqishloq latifalari” she’riy turkumi bilan Shodmon Otabekning “Do‘rmon hangomalari” nasriy to‘plami qayta-qayta nashr etilayotgani hech kimga sir emas. Agar sir bo‘lsa, bu sir har ikki adibning afandilarcha topqirlik-hozirjavoblik namunalarini amalda namoyish etib turgan latifanavislik mahoratidagina emas, ayniqsa, hozirgi yalpi kitobxonlik davrida xalqimizning latifaxonlik ishtiyoqi latifago‘ylik havasidan ming karra kuchliroq ekanidadir.

Kamina “Tesha tegmagan bir so‘z yoxud lutf-latifa qadri haqida” degan bir maqola 1997 yilning 13 iyulida haftalikda e’lon qilinib, unda, jumladan, “Donishqishloq latifalari” bilan “Do‘rmon hangomalari”ning ilk nashrlari qizg‘in olqish­langan edi. Bugungi kunda afandilarcha topqirlik-hozirjavoblikning yorqin namunalari bo‘lgan har ikki latifalar to‘plamlari xalqimizning eng sevimli kitoblari qatoridan mustahkam o‘rin egalladiki, ularni atroflicha tahlil qilish uchun boshqa kattaroq maqola yozsa arziydi.

Modomiki, Afandi latifalari xalq ijodining eng yorqin va topqir janrlaridan biri ekan, u xalq ijodining boshqa janrlari bilan chambarchas bog‘liq, albatta. Deylik, latifalarda ertak va rivoyatlarning o‘ziga xos “xamirturushi” bor. Masalan, “Xabarchi o‘g‘ri” latifasini o‘qib ko‘ring: “Afandi bir kuni qirqta o‘g‘riga duch kelibdi. O‘g‘rilar: Yuring, Afandi, podshoning o‘rdasiga o‘g‘irlikka boramiz, siz o‘rdadan xabar olib chiqadigan bo‘lasiz, – deyishibdi. Afandi: Bo‘pti, men oldin kirib qorovulini o‘ldirib chiqaman, – deb kirib ketibdi. Tomdan asta-sekin borayotgan vaqtda xazinaning tuynugidan tushib ketibdi. Xazina ichida aylanib yurib, ko‘ziga bolalar chaladigan qo‘shnay ko‘rinib qolibdi. Afandi nayni olib chalib yuboribdi. Podshoning yasovullari uyg‘onib qolib quloq solishsa, xazina ichidan qo‘shnay tovushi chiqayotgan emish. Sekingina borib Afandini ushlab olishibdi. Qirqta o‘g‘ri ham qo‘lga tushibdi. Ularni so‘roq qilgani podshoning oldiga olib borishibdi. Podsho Afandidan: “Nima uchun shunday ish qilding? – deb so‘rabdi. Afandi: Ey, podshohim! Sizning o‘rdangizga qirq o‘g‘ri kirayotgan ekan, sizga xabar qilgani qo‘shnayni chaldim-da, – debdi. Sizga bu latifa “Uch og‘a-ini botirlar” ertagini eslatmayaptimi? Esingizda bo‘lsa, ertakda to‘ng‘ich botir ajdarhoni (jaholat timsoli), o‘rtancha botir arslonni (nafs timsoli), kenja botir esa, qirq qaroqchini (insoniy illatlar timsoli) yengadi. Yana shunisi borki, ertakda ham kenja botir podshoh saroyiga qaroqchilardan avvalroq kirib olib, so‘ng birin-ketin kirgan o‘g‘rilarni qilichdan o‘tkazadi. Bu jasorati va xizmati uchun podshoh uch qizini uch aka-ukaga beradi-da, kenja botir taxt vorisiga aylanadi. Qirq o‘g‘rini boplab tuzoqqa tushirish – mana buni topqirlik – topib qo‘llangan tadbirkorlik desa bo‘ladi. Aytish mumkinki, Afandining yo‘rig‘i, ya’ni tutgan yo‘li har jihatdan ibratli: birinchidan, o‘g‘rilarning taklifiga “yo‘q, men o‘g‘rilik qilmayman” deb norozi bo‘lmaydi, sababi, o‘g‘irlik sirlaridan xabardor bo‘lgan “sherik”ni tirik qoldirmaslik­larini yaxshi bilgan. Ikkinchidan, “dushmanning ichida bo‘l” deganlaridek, Afandi dushmanning ichida bo‘lib, uni ichdan qo‘pormoqchi. Hamma zamon va makonlardagi urushlarda ko‘pincha dushmanning sir-asrorini bilgan tomon yutib chiqqan-da. Uchinchidan, o‘g‘rilarning ko‘zicha Afandi saroyga ayg‘oqchi, ya’ni o‘g‘rilarni xatardan ogohlantiruvchi sifatida yashirincha kiryapti, aslida esa, saroydagilarni o‘g‘rilar xataridan ogohlantirmoqchi. To‘rtinchidan, to‘ppa-to‘g‘ri saroy yasovullariga borib xabar qilsa, o‘zi ham o‘g‘rilarga sherik sifatida jazolanishi mumkin. Shuning uchun Afandi xazina ichiga tushgach, ya’ni murod-maqsad manziliga yetgach, saroy ahliga xabar beryaptiki, bu bilan asl maqsadi xazinani o‘marish emas, balki haqiqatan ham, o‘g‘rilarni tutib berish ekanini bildirmoqchi. Beshinchidan, latifa podshoning so‘rog‘iga Afandining javobi bilan taqqa tugagan. Na podshoning, na o‘g‘rilarning bo‘lgan voqeaga munosabatlari bildirilmagan, ya’ni qissadan hissa chiqarilmagan. Bu, albatta, latifaga xos eng muhim xususiyatlardan biri – muammoning yechimi berilgach, uni qanday yo‘yish o‘quvchi va tinglovchiga havola. Masalan, podshoning qanchalik oqil yo johilligiga qarab Afandi siylanadi yo qiynaladi. O‘g‘rilar ham Afandiga e’tiroz bildirisholmaydi, sababi, u “nima qilay, xazinaning ichiga ag‘anab tushib qamalib qoldim, shuning uchun sizlarni yordamga chaqirdim, qo‘lga tushgach esa, podshoning jazosidan qutulish uchun sizlarni sotishga majbur bo‘ldim, baribir sizlar jazodan qutulolmaysizlar-ku?!” deya o‘zini oqlashi mumkin-da… Qarang, qisqagina latifaga shunaqangi katta hayotiy haqiqatlar singdirilganki, qo­yil qoladi kishi. Latifadagi bolalar chaladigan qo‘shnay xalq og‘zaki ijodidagi to‘y, karnay-surnay, qozon-tovoq kabi yuqorida keltirilgan va keltirilmagan ko‘pgina timsollardan biri bo‘lib, uning zamirida ham teran ma’nolar bor. Qo‘shnay bolalarcha soddadillik-beg‘arazlik-oqko‘ngillik bilan sirni fosh qilish va haqni qaror toptirish vositasi hisoblanadi. Mashhur rivoyatdagi Iskandarning shoxini ko‘rib qolgan sartaroshning bu sirni ichiga sig‘dirolmay tashlandiq quduqqa aytgani, quduqdan bir qamish o‘sib chiqqani, bir usta bu qamishdan nay yasab chalganida undan “Iskandarning shoxi bor” degan gap atrofga taralgani bejiz emas, albatta. Rivoyatda haqiqat ertadir-kechdir o‘zini ko‘rsatadi, sir sirligicha qolib ketmaydi, qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yildan keyin ham chiqadi, degan ma’no san’atkorona ifodalangan. Lekin Afandining qo‘shnayi to‘g‘riso‘zlik-haqgo‘ylikning mazkur rivoyatdagi nayga nisbatan ikki karra kuchliroq timsolidir. Zotan, unda kattalarga, ya’ni, rivoyatdagi sartaroshga o‘xshab sir saqlashdan asar ham yo‘q. Unda bolalarcha oqko‘ngillik-beg‘arazlik bilan afandilarcha topqirlik uyg‘unlashgan holda o‘ziga xos tarzda tantana qiladi. Yana bir mashhur rivoyatdagi Shiroqning yolg‘iz o‘zi butun boshli eron qo‘shinini boplab tuzoqqa tushirgani, shu maqsadda quloq-burnini kesib bosqinchiga peshvoz chiqqani yodingizdadir? Yuqorida aytganimizdek, ertakdagi Kenja botir bilan romandagi Otabek yovlarni o‘ldirib, aktiv harakat qilgan bo‘lsalar, bu rivoyatda Shiroq o‘zini qurbon qilib, shahidlik yo‘lini tutmoqda, ya’ni, aytish mumkinki, passiv harakat qilmoqda. Nima bo‘lganda ham, Shiroq el-yurtini bosqinchilardan qo‘rigan xalq qahramoni, Afandiga xos top­qirlik qilgan qahramon, aldanganlarini tushungan bosqinchilar Shiroqni tilka-pora qilsalar-da, u xalq yodida hamisha barhayot qahramon, albatta. Biroq chinakam Afandi o‘lmas qahramon, garchi uni o‘ldirishga ko‘p urinishlar bo‘lsa-da, u har qanday qaltis vaziyatlardan omon-eson chiquvchi, yashovchan qahramondir. Shu nuqtai nazardan Xo‘ja Nasriddin afandi boshqa har qanday adabiiy qahramonga nisbatan qahramonroq, chunki ularning barchasiga nisbatan topqirroq, pishiqroq, quvnoqroq, to‘g‘riroq, ishbilarmonroq, oqko‘ngilroq, yashovchanroq, o‘lmasroq…

Xulosamiz shuki, Afandining topqirligiyu hozirjavobligi hamisha bor bo‘lsin! Xalqda afandilar ko‘paysin! “Kurashadi ikki to‘lqin, qarab turaymi?!” deya xitob qilgan edi buyuk afandilarimizdan biri Oybek. “Men endi jim qololmayman!” degan edi yana bir buyuk afandi. “Oxiridan yorlaqasin” deydi donishmand xalq. Ijodiy faoliyatini, o‘zining haq e’tiqodida sobitlikni afandilarcha namoyish qilish barcha yozuvchilarga nasib qilsin! Namoyish mavridi kelib turganida ham, gapirish shart bo‘lgan payt­da ham baliqdek jim turish, ayniqsa, gapirish-­yozish imkoniyatidan mosuvolik, ya’ni tilsizlik fojia­sidan Tangrining o‘zi saqlasin!.. Zero, islomiy aqidaga ko‘ra, kishi nohaqlikni ko‘rsa, qo‘l bilan qarshilik qilsin, yo‘qsa, til bilan qarshilik qilsin, hech bo‘lmasa, dilida qarshilik qilsin, deyilishi bejiz emas. Eng quvnoq qahramonimizning aynan “Nasriddin afandi” deyilishi ham bejiz emas, albatta. “Nasriddin” so‘zining tub lug‘aviy ma’nosi “dinning nasri” demakdir. Ha, Afandi dinning eng birlamchi himoyachisi, adolatparvar, insonparvar, tinchliksevar, taraqqiyparvar, qo‘ying­chi, eng qutlug‘ insoniy fazilatlarni o‘zida birlashtirgan, ong bilan qalbni din-diyonatga esh qilgan eng sevimli Qahramonimiz Afandi latifalari kulib-kuldirib-kuydirib adab beradi.

 

To‘g‘rilik

O‘zbek xalqining “Uch og‘a-ini botirlar”, “Zumrad bilan Qimmat”, “Ur, to‘qmoq” kabi hikmatga boy ertaklaridan biri “To‘g‘ri bilan Egri” deb ataladi. Bu ertakda to‘g‘rilik bilan egrilikning nimaligi badiiy vositalarda teran yoritiladi. Umuman, ertaklarda to‘g‘rilik va egrilik, yaxshilik va yomonlik, ezgulik va yovuzlik, saxiylik va baxillik, ishchanlik va yalqovlik kabi tushunchalar hayotiy misollarda sodda va ravon tilda tasvirlanadi. Shuning uchun bobo-momo, ota-ona, aka-opalaridan ertak eshitib o‘sgan bola hayotda to‘g‘ri yo‘lni topib ulg‘ayadi. Ertak eshitish baxtidan mahrum bo‘lgan, ertaklarning ijobiy qahramonlariga havas bilan qaramagan, kelajakda ularga o‘xshab bilimdon, botir, mehribon, to‘g‘ri bo‘lishni orzu qilmagan bola esa, afsuski, kelajak hayotida to‘g‘ri yo‘lini topolmay, egri yo‘llarga kirib ketishi mumkin. Biroq inson hayotining har bir bosqichida o‘ziga xos va mos badiiy janr­lar mavjud. Deylik, xalq dostonlarini kattalar uchun ertak, deb sanasak bo‘ladi. Dostonlarda ham to‘g‘rilik va egrilik kabi tushunchalar keng miqyoslarda ko‘rsatiladi. Lekin xalq ijodining shunday bir janri borki, u yetti yoshdan yetmish yoshgacha insonlar uchun mos bo‘lib, unda to‘g‘rilik va egrilik kabi tushunchalar ixcham va asosiysi kulgili yo‘sinda ko‘rsatiladi. Zero, asalning ozi shirin, deganlar. Baayni asaldek ozginayu sozgina asar, eng latif va eng jajji janr, albatta, latifadir.

Avvalo, to‘g‘ri nimayu egri nima? Izohli lug‘atlarda to‘g‘ri so‘zining o‘nga yaqin ma’no tovlanishlari berilgan. To‘g‘rilik va egrilik shunaqangi purma’no-purhikmat so‘zlarki, ularni nafaqat badiiy vositalar, balki ilmiy tushunchalar orqali ham cheksiz tahlil va talqin qilishga aql-zakosi yetadiganlar yanada boyitadiganlar ko‘plab topiladi. Qolaversa, to‘g‘rilik va egrilik tushunchalari xalq maqollarida juda ta’sirchan aytilgan: “To‘g‘ri yurdim – yetdim murodga, egri yurdim – qoldim uyatga”, “To‘g‘rilik najot yo‘liga boshlar, Egrilik halok chohiga tashlar”, “To‘g‘ri bo‘lsa oshin yer, egri bo‘lsa boshin yer”, “To‘g‘riga duo yog‘ilur, egriga balo yog‘ilur”, “To‘g‘ri til tosh yorar, egri til bosh yorar”, “Egri ko‘chadan yursang ham to‘g‘ri yur”…

“Egri” so‘zi “egmoq” so‘zidan yasalganidek, unga ma’nodosh “bukmoq” so‘zidan “bukri” so‘zi yasalgan bo‘lib, ulardan “egri-bugri” juft so‘zi yaratilgan. “Bukurni qabr to‘g‘rilaydi” degan hikmatli gapda ham jismoniy, ham ruhoniy ma’nolardagi bukurlik nazarda tutiladi. Bukurni to‘g‘rilash suyakni sindirish bilan baravar bo‘lganidek, ruhiy bukurlikni to‘g‘rilash, deylik, asli tabiatan yomon odamni yaxshiga aylantirish ilojsiz ishdir. Tuya­dan “nega bo‘yning egri?” deb so‘rasalar, “qayerim to‘g‘ri?” deb javob bergan ekan. Mana bu latifadagi to‘g‘rilik va egrilikning eng qisqa tasviri. Afandi latifalarida bunday tas­virni istagancha topish mumkin.

Yuqorida ertakning bola tarbiyasidagi o‘rni haqida gapirdik. “Afandi latifalari” kitobida keltirilgan “Afandining nasihati” latifasida ham bola tarbiyasi haqida gap ketadi: “Afandi qizini uzatdi. Kelinchakni olib ketayotganlarida odamlar Afandiga: Qizingizga fotiha bering, ehtimol, aytadigan nasihatingiz bordir, – de­yishdi. Afandi qizining yoniga kelib qulog‘iga shivirladi: – Borgan yeringda chok-pok tikadigan bo‘lsang, ipning uchini tugib qo‘yishni unutma, agar unday qilmasang, ip chokda sira turmay, mehnating zoye ketadi”. Avvaliga Afandining bu antiqa gapini eshitgan odam ensasi qotib, uning ustidan kulishi mumkin. Lekin bu gapni chuqurroq o‘ylab qaragan odam beixtiyor “E, gap bu yoqda ekan-ku?!” deb qoyil qolishi tayin. Gap shundaki, tikish-bichish, pishirish-tushirish, supurish-sidirish, artish-surtish kabi uy-ro‘zg‘or ishlari asosan xotin-qizlarning zimmasida. Odatda qizini uzatayotgan onaizor “baxtli bo‘l, borgan joyingda toshdek qot, suv kelsa simir, tosh kelsa kemir” kabi tilak bildiradi. Tikkanda ipning uchini tugib qo‘yish tilagi ham odatda otadan emas, onaizordan chiqishi kerak. Modomiki, Afandi shunday tilak bildiryaptimi, demak, u qizining tarbiyasida, ya’ni ro‘zg‘or yuritish uquvida bevosita qatnashgan. Qolaversa, ota qiziga o‘zi tushunadigan tilda nasihat qilib, to‘g‘ri yo‘l-yo‘rig‘ini beryapti. Buning ustiga, gap faqat tikish haqida emas, balki har qanday ish – qaynota-qaynonaning hurmatiyu xizmatini joyiga qo‘yish bormi, erning ko‘ngliga qarash bormi – ro‘zg‘or ishlarini qoyillatish bormi, qo‘ni-qo‘shni bilan xush muomala qilish bormi, barcha-barchasini maromida qilish haqida ketyapti. “Har bir so‘zni mix qilib qoqib, qalpog‘ini uchirib yuborish kerak, toki uni hech kim sug‘urib ololmasin” degan edi ulug‘ so‘z san’atkorlarimizdan biri. Ammo bu hikmatli gap Afandi latifasichalik kuchli va mantiqan asosli emas, chunki qalpog‘i yo‘q mix birlashgan yog‘ochlarni yetarlicha mustahkam ushlab turolmaydi, shunday emasmi? Xuddi ipning tuguni kiyimni tutib turgani kabi mixning qalpog‘i qurilmani tutib turadi-da. Odatda “toparmon-tutarmon”dagi birinchi so‘z oiladagi erkakka, ikkinchisi esa, ayolga taalluqli. Onaning tutib turishi, tutumi, “tuguni” otaning topishidan kam ahamiyatga ega emas, hatto bunisi unisidan muhimroq! Shuning uchun xalqimiz “Erni er qiladigan ham, qaro yer qiladigan ham xotin” degan hikmatli gapni yaratgan. Ko‘rinib turibdiki, Afandining qiziga nasihati bema’ni emas, aksincha, o‘ta bama’ni!

Oila boshlig‘i sifatida Afandining to‘g‘riligini “Sening gaping ham ma’qul” latifasida ko‘rasiz: “Afandining oldiga birov kelib, yomon ko‘rgan bir odami ustidan arz qildi. Afandi, gapingiz ma’qul, deb jo‘natib yubordi. Ertasiga boshqasi kelib, undan shikoyat qildi. Afandi unga ham, gapingiz ma’qul, deb chiqarib yubordi. – Erkak bo‘lmay qoling, – dedi Afandining xotini, – har ikkalasiga ham, gaping ma’qul, dedingiz. Dunyoga kelib siz ham “Yo‘q, gaping noma’qul” desangiz-chi! Afandi o‘ylab turib: – Xotin, sening ham gaping ma’qul, – dedi.” Hayotda odamni to‘g‘ri yo‘ldan ozdiraman, tuyasini adashtiraman, baloga yo‘liqtiraman deydigan urishqoq-buzuqilar, baloxo‘rlar, g‘iybatchiyu yaramaslar har qadamda uchraydi. Bunday kimsalarning qutqulariga uchmay, o‘zi va yaqinlarining boshlarini omon saqlash katta hikmat va to‘g‘rilikning belgisidir. Bunday baloxo‘r va g‘iybatchi odamlar bilan muomalaning eng to‘g‘ri yo‘li, “sen yaxshi, sendan it yaxshi” deganlaridek, betaraf turishdir. Sababi, bunday qaltis vaziyatlarda urishqoqlarning orasiga tushib odam baraka topmaydi. Afandi xuddi shu muomala madaniyatini, to‘g‘ri yo‘l-yo‘rig‘ini xotiniga, u orqali bolalariga uqtirmoqda. Kulgili latifaning og‘ir yuki mana shunda. Tibbiyot tilida gapirsak, achchiq dorini shirin suv yoki shirin so‘z bilan ichirish mana shunday bo‘ladi.

Nima to‘g‘riyu nima egri ekanini ba’zan Afandidek bilgamish odam ham bilolmay boshi qotib qoladi. “Malomat” latifasida shunday: “Afandi bir kuni o‘g‘lini eshaka mindirib, o‘zi piyoda ketayotgan edi, odamlar masxara qilib: Anavi tentakni qaranglar, so‘laqmonday o‘g‘lini eshakka mindirib, o‘zi piyoda ketyapti, – deyishdi. Afandi o‘g‘lini eshakdan tushirib, o‘zi minib oldi. Biroq yo‘lda odamlar yana masxara qilishdi: V-a-a, anavi kishini qaranglar, bolani piyoda quyib, o‘zi eshakda ketyapti. Afandi o‘g‘lini mingashtirib oldi, lekin odamlar bunga ham kulishdi: Anavi noinsofni ko‘ringlar, kichkina bir maxluqqa jabr qilib, ikkovi minib olibdi. Afandi darhol eshakdan tushdi, o‘g‘lini ham tushirdi, odamlarga qarab: Mana, shunday qilsam, malomatdan qutulamanmi? – deb eshagini opichib oldi. Unday qilsa ham – yomon, bunday qilsa ham – yomon, o‘tirsa – o‘poq, tursa – so‘poq, deb shunga aytadilar-da. Qani endi tanqid va masxara qiluvchi odam to‘g‘ri yo‘lini aytib maslahat bersa. Afsuski, shunday yaramas, baloxo‘r, noinsof odamlar borki, ular to‘g‘rini egri, egrini to‘g‘ri, deb turaveradilar. Abdulla Oripovning “Sharq hikoyasi” she’ri mana shu latifa asosida yaratilgan. Agar latifada Afandi eshakni opichlab olish malomatdan qutulishning eng so‘nggi chorasi deb bilsa, she’rda boshqacharoq mantiqiy xulosa chiqariladi – bir eshak sabab ota bilan o‘g‘ilning orasi buzilgani aytiladi. “Eshakka yuk tushmasin” latifasida Afandi azbaroyi odamlarning malomatidan qutulish uchun o‘zicha to‘g‘ri, chinakamiga afandilarcha tag‘in bir yo‘lini topadi: “Afandi bir kuni bir qop yukni eshagiga ortib, ustiga o‘zi minib olib ketar edi. Yo‘lda bir odam uchrab: Afandi eshakka juda jabr bo‘libdi-ku, yuk ortib, tag‘in uning ustiga o‘zingiz minib olibsiz, – dedi. Afandi, sening aytganing ham to‘g‘ri, deb eshagidan tushib, qopni o‘z ustiga olib, yana eshagini minib oldi. Haligi kishi yana uchrab qolib: Bu nima qilganingiz, Afandi? – dedi. Shunda Afandi: Eshakka yengil bo‘lsin dedim-da, – deb bamaylixotir yo‘lida davom etdi.” Bu latifani eshitgan yo o‘qigan odamning kulgisini qistatadigan narsa, albatta, Afandining to‘g‘riligi bilan soddaligi. Unga “Hoy, Afandi, modomiki qop bilan siz eshakka ortilar ekansiz, qaysi tartibda bo‘lishning farqi yo‘q, yuk o‘sha-o‘sha bo‘ladi-ku” degingiz keladi. Ammo Afandi qopni o‘z ustiga ortib olgan ekan, demak, u ham eshakka qo‘shilib joni qiynalyapti-ku, uning dardiga hamdard bo‘lyapti-ku, deya o‘ylab qolsangiz ajabmas. 

Bugungi axborot asrida ham xuddi o‘tmishdagi kabi munajjimlarga ishonadigan odamlar talaygina. Hatto to‘y kunini belgilash bormi, ish haftasining rejasini tuzish bormi – munajjimlar maslahatiga qarab ish tutadigan odamlar uchrab turadi. Osmonda bulutlar harakati, havo bosimining o‘zgarishi, shamol va suvning o‘zaro munosabatiga qarab ob-havoni bashorat qilish mumkin, albatta, lekin odamning omadini, taqdirini bashorat qilishga faqat Yaratgan qodir. Shunday ekan, munajjimning, ya’ni yulduzlarga qarab bashorat qiluvchi odamning gapi to‘g‘riligiga hech qanday kafolat yo‘q. Xo‘sh, Afandiga munajjimlikni taklif qilsalar, yana kimsan – mamlakat hukmdori taklif qilsa, to‘g‘rilikka o‘rgangan Afandi nima qilsin, qanday to‘g‘ri yo‘l tutsin, sixni ham, kabobni ham qanday kuydirmasin? Buni “Afandi – munajjim” latifasidan o‘qib bilamiz: “Podsho bir kuni Afandidan so‘radi.

– Saroybon munajjimni istab hech yerdan topolmayapman. Siz munajjim bo‘lib qo‘ya qolmaysizmi?

– Shohim iltifot qilsalar, xotinim ikkalamiz bo‘lar edik.

– Nega endi?

– Chunki, – tushuntira boshladi Afandi, – men xotinim bilan so‘zda, ishda sira murosa qilolmayman. Men bir xil gapirsam, u teskarisini aytadi. Men, bugun yomg‘ir yog‘adi, desam, u, yog‘maydi, deydi. Mana, uzoq yillardan beri sinaymanki, yo mening yoki uning aytgani bo‘ladi, uchinchisi bo‘lmaydi. Shuning uchun xotinim ikkalamiz munajjim bo‘lsak, hamma narsa bizning aytganimizcha bo‘ladi.” Qalay, Afandining aqliga qoyilmisiz? Qozoqchasiga aytganda “Jamg‘ir jag‘sa jag‘ar, jag‘masa jo‘q” degani bu.

Afandi hamisha to‘g‘rilikdan, to‘g‘ri yo‘ldan adashmagan, hamisha g‘ururini baland tutgan. “Nega qulluq qilarkanman?” latifasini o‘qib bunga guvoh bo‘lamiz: “Afandi yashab turgan qishloqda bir katta boy bor edi. U birovlarning o‘ziga qulluq qilishini hammadan ham yaxshi ko‘rardi. Qo‘l ostidagi barcha xizmatkorlarini har kuni uch mahal qulluq qilishga majbur etardi. Kunlardan birida shu boy ko‘chada ketayotib, Afandiga duch kelib qoldi. Afandi unga salom ham bermay, qanday kelayotgan bo‘lsa, shunday o‘tib ketaverdi. Boy uni to‘xtatib:

– Mulla Nasriddin, mening kimligimni bilmaysizmi? dedi.

– Bilaman, nega bilmas ekanman endi.

– Bo‘lmasa nega menga qulluq qilmaysiz?

– Nega endi sizga qulluq qilarkanman? Boy bo‘lsangiz o‘zingizga. Ming qulluq qilganim bilan, baribir boyligingizni menga bermaysiz. Nima qilaman o‘zimni past tutib?!

– Agar boyligimning uchdan birini bersam, qulluq qilasizmi?

– Yo‘q. Sizga ikki hissa qolsin-u, menga bir hissasi o‘tsin-da, yana sizga qulluq qilaymi? Bu insofdan emas.

– Xo‘p, yaxshi, bo‘lmasa sizga boyligimning yarmini beraman. Ammo shu shart bilanki, menga hamma vaqt qulluq qilib yurasiz.

– Yo‘q, bo‘lmaydi. Boyligingizning yarmini bersangiz, ikkalamiz teng bo‘lamiz. Shunday bo‘lgandan keyin, nega endi sizga qulluq qilarkanman? – Obbo Afandi-yey! Boyligimning hammasini bersam, qulluq qilarsiz. – Yo‘q, unda men boy bo‘laman-u, siz kambag‘al bo‘lib qolasiz. Boyning kambag‘alga qulluq qilganini hech qayerda ko‘rganmisiz?” Xullas, Afandi har qanaqasiga boyga bosh egishga rozi emas. “Pul qo‘lning kiri” deganlaridek, Afandi istasa har qanday boydan boyroq bo‘la oladi, lekin har qanday boy har qancha chiranmasin Afandidan aqlliroq bo‘lolmaydi. Bas, shunday ekan, aqlli odamning aqli kamroq odamga bo‘yin egishi bema’nilikdir. Afsuski, hayotda o‘z aqli, vijdoni va to‘g‘riligiga emas, boylik, shon-shuhrat, mansabga qulluq, ya’ni qul bo‘lgan odamlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Muqaddas kitoblarda jonsiz but va sanamlarga sajda qilishdan qaytarilib, to‘g‘rilikka, ya’ni Haq taologa sajda qilishga da’vat qilinishi bejiz emas, albatta.

Johil va zolim odamlarning “Oldingdan to‘g‘riso‘z odam bilan ilon chiqsa, avval to‘g‘riso‘zni o‘ldir” degan maslahati bor. Nega? Sababi, ular to‘g‘riso‘z odamdan o‘lgudek qo‘rqadi va uni o‘zlarining bosh dushmani deb hisoblaydi. Afandi shunaqangi to‘g‘riso‘zki, “Boshingga qilich kelsa ham rost gapir” deganlaridek, to‘g‘ri so‘zni hatto podshoga ham topib ayta oladi. “Kim baxtsizlik keltiradi?” latifasini o‘qing: “Podsho ertalab ovga borar edi, ro‘parasidan Afandi chiqib qoldi. Afandining ko‘rinishi ancha xunuk bo‘lganidan podsho o‘z odaticha xodimlariga buyurdi: – Ovning boshidan shunday badbashara odam uchradi, bugun ov yurishmaydi, olib borib uni zindonga tashla, hali ovdan qaytganda gaplashaman u bilan! Olib borib Afandini zindonga tashladilar. Ammo shu kuni podshoning ovi juda yaxshi yurishdi. Podsho ovdan qaytgach, Afandini chaqirtirib, dedi: – Agar bugun ovim yurishmaganda, seni o‘ldirar edim, baxting bor ekan. – Bir savol so‘rasam, maylimi? – dedi Afandi. – So‘ra! – Baxtsizlik keltiradi, ovim yurishmaydi, deb meni ertalab qamatdingiz, aksincha, ovingiz yurishib ketdi. Men ham bola-chaqamning shu bugungi tirikchiligi uchun bir parcha non topgani chiqqan edim, kechgacha zindonda yotib, tirichkilikdan qoldim, bola-chaqamning holi nima kechganini bilmayman. Qani, ayting-chi, ikkalamizdan qaysi birimiz baxtsizlik keltirar ekanmiz?” Yetarlicha dalil keltirib, ayb­lanuvchining bo‘yniga qo‘yish, uni o‘z aybiga iqror qildirish, so‘ng tegishli jazo tayinlash har qanday adolatli sud tizimining bosh vazifasi hisob­lanadi. To‘g‘riso‘z Afandi shunday inkor qilib bo‘lmas dalil keltirib, savolni ko‘ndalang qo‘yyaptiki, podsho har qancha johil va zolim bo‘lmasin, agar g‘irt ahmoq, jinni yoki befarosat bo‘lmay (unday bo‘lsa, podsho bo‘lolmasdi!), zig‘ircha mantig‘i va fikrlash qobiliyati bo‘lsa, bu to‘g‘ri gapni tan olmasligi mumkin emas. Bu latifa boyligi, yuqori mansabi, obro‘li tanish-bilishlariga ishonib istagan qing‘irlikdan qaytmaydigan noinsof odamlarning qiyofasini yaqqol chizib ko‘rsatadi. Afandi ana shunday odamlarni bizga tanitib, ularni qanday tergash kerakligini o‘rgatadi! 

Yuqorida sud tizimi haqida gapirdik. Sud tizimi adolat va to‘g‘rilik posbonidir. Afandi xalq hayotining barcha jabhalarida ana shunday to‘g‘rilik qo‘rchisi-qo‘riqchisi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. “Afandi – malikushshuaro” latifasini o‘qib ko‘ring: “Afandining xotini hammomga borgan edi, hammomchi malikushshuaroning xotini keldi, deb hammomga qo‘ymadi. Xotin qaytib kelib Afandini xafa qildi: – Siz ham shoirman deb yuribsiz-da! Bo‘ladigan bo‘lsangiz, malikushshuaro bo‘ling, bo‘lmasa javobimni bering! Afandi eng yaxshi she’rlarini bir cho‘ntagiga, eng yomon she’r­larini bir cho‘ntagiga solib saroyga, malikushshuaro oldiga bordi: – Men ajoyib she’rlar yozib keldim. Siz manzur qilsangiz, keyin xonga o‘qib bersam… Malikushshuaro o‘zi po‘staki shoirlardan bo‘lsa ham, eshitganini esdan chiqarmaydigan odam edi. Shuning uchun ulug‘ shoirlar yozib kelgan she’rni bir o‘qishda yodlab olib, qo‘lyozmani qo‘liga qaytarib berar, shoir ketganidan keyin xonga o‘qib berib, in’om olar edi. Bu sirni yaxshi bilgan Afandi chap cho‘ntagidan tuturiqsiz she’rlarni olib o‘qidi, keyin malikushshuarodan so‘radi: – Bu she’r sizga manzur bo‘ldimi? Malikushshuaro maqtadi: – She’r degan shunchalik bo‘ladi, mana buni xonga o‘qib bersangiz, arziydi. Qani, saroyga!.. Malikushshuaro Afandini qabulxonaga qo‘yib, o‘zi xonning oldiga kirdi: – Nasriddin Afandi o‘g‘ri shoir desam, mening so‘zimga ishonmagan edingiz. She’r yozib kelgan emish. Qabulxonada o‘tiribdi. Ijozat bersangiz, kirib o‘qib bersa-yu, keyin mening da’vom haqligiga ishonsangiz. Afandining o‘tkir shoir ekanini bilgan xon ijozat berdi. Afandi kirib, poygakdan joy oldi va o‘ng cho‘ntagidagi yaxshi she’rlarni olib o‘qiy boshladi. Har bir she’rni o‘qib tugatganidan keyin, malikushshuaroga qarab: “Bu she’r ham siznikimi?” deb qo‘yar edi. Ortiq xursand bo‘lgan xon Afandiga to‘n kiydirib, in’omlar berib bo‘lganidan keyin so‘radi: – Har bir she’rni o‘qib bo‘lganingizdan keyin malikushshuaroga qarab, bu ham siznikimi, deganingizning boisi nima? Afandi qo‘l qovushtirib javob berdi: – Sizga o‘qib berib, manzur qilib, malikushshuaro bo‘lib yurgan yaxshi she’rlar malikushshuaroniki emas, menga o‘xshagan fuqaro shoirlarniki. Agar men bu she’rlarimni oldin malikushshuaroga o‘qib berganimda, sizning yoningizga kirishdan mahrum bo‘lar edim. Xon tushundi, malikushshuaroni bekor qilib, o‘rniga Afandini tayinladi. Afandi saroydan chiqib, o‘pkasi og‘ziga tiqilib, uyiga bordi: – Xotin! Xotin! Hammomga boraver, Afandi – malikushshuaro! – dedi.” Tasavvur qilyapsizmi, malikushshuaro er, aslida she’r o‘g‘risi (ko‘chirmakash, nusxakash…), uning xotini – yer o‘g‘risi, ya’ni hammomda o‘zi xon, ko‘lankasi maydon! Afandining ustaligi bilan o‘g‘ri sharmandali quvilib, to‘g‘ri uning o‘rnini, ya’ni o‘ziga munosib mavqeni egalladi. Adolat va to‘g‘rilikning tiklanishi shu emasmi?! Lekin hayotda bunday tiklanish va adolatning qaror topishi latifadagidek oppa-oson ro‘y bermaydi. Natijada hayotda, deylik, Abdulla Oripovning “Nusxakashga” degan she’rida yozilganidek, malikushshuaro ham “Asl nusxaman deb dod solmasang bas!” deya iltijo qilishga majbur bo‘lib qoladi goho. Naql qilishlaricha, Charli Chaplinga taqlidchilarning tanlovi o‘tkazilganida buyuk qiziqchining o‘zi ham yashirincha ishtirok etgan va so‘nggi o‘rinlardan birini bazo‘r egallagan emish! Bunday tragikomik holatlarga munosabatda o‘zbek xalqining bir hikmatli gapi bejiz aytilmagan: “Eshak o‘z egasini ortiga mingazmaydi”, holbuki, eshakning asl egasi – janobi Afandi!..

She’riyatda ham, boshqa san’atlarda ham, umuman, hayotda, ayniqsa, savdo-sotiq ishlarida halollik va to‘g‘rilik o‘ta muhim, aytish mumkinki, hal qiluvchi ahamiyatga ega. “Sotuvchi to‘laydi” latifasi aynan shu haqda: “Afandini qozilik lavozimiga qo‘ymoqchi bo‘ldilar. Uni podsho oldin ulamolar o‘rtasida imtihon qilib ko‘rish kerak edi. Afandini chaqirib kelishdi. – Faraz qilaylik, bir odamning echkisi bor, – dedi podsho Afandiga. – Uni bozorga olib bordi. Bir odamga bor baraka qilib sotdi. Hali pulini olguncha bo‘lmay, echki qo‘lidan chiqib qochdi. Bir odam uni ushlayman degan edi, echki suzib, uning ko‘zini chiqardi. Endi bunga xunni kim to‘laydi? Sotuvchimi, oluvchimi? Afandi dovdirab qoldi. Keyin tavakkaliga: – Sotuvchi… – deb yubordi. – Sabab? – Chunki echkim suzong‘ich, qochganda tutaman degan kishining ko‘zini chiqazib ko‘r qiladi, deb avvaldan aybini aytmagan.” Ko‘rinib turibdiki, Afandi dovdir bo‘lsa bordir, lekin to‘g‘ri, topqir, hozirjavob, pishiq… Shuning uchun uning tavakkal aytgan gapi ham to‘ppa-to‘g‘ri bo‘lib chiqaveradi! Narsa sotganda undan foydalanish qoidalarini, ehtiyot choralarini, ayniqsa, uning aybini aytib sotish to‘g‘ri va halol hisoblanadi. O‘sha aybi uchun narxini tushirish yanayam to‘g‘ri. Hozirgi kunda tovarlar qutilari ustiga turli yo‘riqnomalar yoziladi yoki chiziladi. Deylik, sinuvchan, yonuvchan, namdan saqlang, quyosh nuridan saqlang, muayyan haroratda saqlang, bu yerdan oching, dumalatmang va hokazo ogohlantirishu tavsiyalar beriladi. Hayvonlarni esa, masalan, itlarni maxsus bo‘yinbog‘ va tumshuqbog‘larda olib yurish shart. Shuning uchun echki sotuvchi ehtiyot choralarini ko‘rmadimi, mendan ketguncha, egasiga yetguncha, qabilida ish tutdimi, demak, u aybdor! Latifada mana shu to‘g‘ri va adolatli qoidalar kulgili va ta’sirchan yoritilgan. Yana shuni qo‘shimcha qilish mumkinki, qonunchilikka ko‘ra ekinzorlar payhon qilingan joyda ushlangan chorva mollari (masalan, qo‘y, sigir) mahalla fuqarolar yig‘inlariga topshiriladi hamda ular faqat chorva mollari egasiga nisbatan ma’muriy jazo (masalan, jarima) choralari qo‘llangach va yetkazilgan zarar to‘liq undirib olinganidan so‘ng egasiga qaytariladi. E’tibor bersangiz, yuqoridagi latifada sotuvchi hali pulni olib ulgurmagan, demak, rasman uning egasi hisoblanadi. Javobgarlik uning bo‘ynida-da!

Qonun barchaga barobar bo‘lmog‘i kerak. Ba’zida shunday bo‘ladiki, kichkina jinoyat, deylik, mayda o‘g‘irlik qilgan kambag‘al katta jazo oladi-yu, katta jinoyat, yirik o‘g‘irlik qilgan boy kichkina jazo oladi yo olmay, yo‘lini qilib qutulib ketadi. “O‘g‘ri” latifasida Afandi ana shunga nozik ishora qiladi: “Afandi hokimning mahkamasida o‘tirgan edi, o‘g‘rini tutib kelishdi. Hokim o‘g‘rini tanib: – Bachchag‘ar, sen qanday benomus o‘g‘risan? Shu bilan mening mahkamamga sakkizinchi kelishing! – deb dashnom berdi. Hokimning bu so‘ziga Afandi kulib yubordi. Hokim qahrlanib Afandiga qaradi: – Mening so‘zimga nega kulasiz? Afandi javob berdi: – Mahkamangizga bu o‘g‘ri sakkiz marta kelgan bo‘lsa nima qilibdi, har kuni keladigan o‘g‘rilar ham bor-ku!” Gap egasini topadi, deganlaridek, bu yerda gap tashqaridan tutib olib kelinadigan o‘g‘rilar emas, ichkarida xizmat qiladigan qing‘ir, poraxo‘r, tamagir o‘g‘rilar haqida ketmoqda. Tashqaridan tutib kelinadigan mayda o‘g‘rilarga qaraganda ichkaridagi yirik o‘g‘rilar xavfliroq. Ya’ni, tuzatish va tozalash ishlarini, avvalo, o‘sha adolat qo‘riqchilari ichidan chiqqan balolardan boshlash kerakligiga ishora qilmoqda Afandi janoblari. Nega deysizmi? Mana, masalan, “Bir mardlik qilmaysanmi?” latifasidagi qing‘irlikni o‘qib ko‘ring: “Afandi shaharda qozilik qilar edi Mirshablar qaynonasini o‘ldirgan bir qotilni tutib keltirdilar. Afandi mirshab­larni xonadan chiqarib yuborib, so‘roq boshladi: – Nega odam o‘ldirding, noinsof? – Qizini mendan chiqarib olib, bir boyvachchaga bermoqchi bo‘ldi. Shuncha yalinib-yolvordim, amin, ellikboshi, oqsoqollarga arz qildim, natija chiqmadi. Nochor o‘ldirdim, qanday jazo berilsa, roziman, – dedi u. – O‘limdan qo‘rqmaysan, shundaymi? – Xuddi shunday! O‘liming oldidan bir mardlik qilmaysanmi? – Men har qanday ishga tayyorman! – Sen baribir o‘limga mahkumsan. Hozir qo‘yib yuborsam, mening qaynonamni ham birato‘la o‘ldirib kelmaysanmi?” Hayron bo‘lyapsizmi “Afandining o‘zi qing‘ir-ku!” deb? Xulosa chiqarishga shoshilmaslik kerak. Bu latifani turlicha yo‘yish mumkin. Birinchidan, Afandi qozilikni to‘kis bajaryapti, ya’ni jinoyatchining asl niyatini, fe’l-atvorini, ilmiy tilda aytganda “shuurli (tuzalar)” yoki “shuursiz (tuzalmas)” ekanini aniqlamoqchi. Bilsa hazil, bilmasa chin, deganlaridek, agar jinoyatchi Afandining taklifiga ko‘nsa, demak, u ashaddiy qotil. Agar ko‘nmay, Afandiga e’tiroz bildirsa, demak, unda ong-shuur bor, vijdoni butkul yo‘qolmagan. Oilasini saqlab qolish uchun ming bir chora qo‘llagan bechora kuyov o‘z qaynonasini o‘ldirishdan boshqa iloji qolmaganini aytib hasrat qildi. Bundan chiqdi, u Afandining taklifiga ko‘nmasligi tayin. Ikkinchidan, bu latifada to‘g‘ri Afandi va bechora kuyov o‘rnida o‘g‘ri qozi va o‘g‘ri (jon o‘g‘risi) kuyov bo‘lishi ham mumkinligiga ishora qilinmoqda. Ya’ni, o‘g‘ri-muttaham qozi odatda o‘z atrofiga taptortmas shotirlar va yollanma qotillarni to‘plab, ular yordamida o‘z qing‘ir va qabih ishlarini amalga oshiradi. Afsuski, “jinoyatingni yashirish evaziga joningni menga sot” deguvchi shayton qozilar (jon o‘g‘risi) ham, qanday bo‘lmasin, adolatli jazodan qutulib qolishga urinuvchi jinoyatchilar ham hamma zamon va makonlarda bo‘lgan. Bu ma’noda ham latifa ibratli hisoblanadi. “O‘ynashmagin arbob bilan, arbob urar har bob bilan” deganda arbob bevosita emas, bilvosita, ya’ni o‘zining o‘nlab-yuzlab shotirlari yordamida urishi nazarda tutiladi-da.

To‘g‘ri yo‘ldan adashish, ya’ni, egrilikning buk­rilik qadar tuzatish o‘ta mushkul bir “turi” borki, u xalqona tilda “qo‘li egri” deya ta’riflanadi. Bu yerda gap to‘g‘rilikning tom ma’nodagi ziddi bo‘lmish o‘g‘rilik haqida ketmoqda. Jismoniy ma’nodagi egri qo‘lni to‘g‘rilash suyakni sindirish bo‘lganidek, o‘g‘rining tabiatan egrilikka moyil qo‘lini kesish qadimdan ota-bobolarimiz tomonidan o‘g‘rilikka barham berishning eng to‘g‘ri yo‘li sifatida qaralgan.

Turfa egriliklar, ya’ni, Haq yo‘lidan ozish, Adolatni tan olmaslik, iymon, vijdon, insof, diyonat va tavfiq kabi eng muqaddas qadriyatlarni mensimaslik, munofiqlik, riyo, aldam-quldamlar avj olgan jamiyatda, tabiiyki, o‘g‘rilar ham o‘z-o‘zidan ko‘payadi. Natijada turli toifalardagi egri-bugrilar bilan o‘g‘rilar qurshovida qolgan to‘g‘rilarning holi tang bo‘ladi. Ularning To‘g‘ri Yo‘ldan yo o‘ngga, yo so‘lga og‘ib ketmay to‘g‘ri yurishi tobora mushkullashib boraveradi. Natijada insoniy jamiyat tanazzulga yuz tutadi. Aksincha, turfa egriliklar bilan o‘g‘riliklarga o‘rin qoldirilmagan insoniy jamiyat va huquqiy demokratik davlatda to‘g‘rilar unib-o‘sib, to‘g‘rilik tantana qiladi. Bunday yetuk jamiyat va davlatni buyuk mutafakkir bobolarimizdan biri Abu Nasr Forobiy “Fozil odamlar shahri” deya ta’riflagan edi. G‘ofillar, johillar, razillar butkul yo‘qolib, yetti yoshdan yetmish yoshga qadar barcha insonlar fozil odamlardan iborat bo‘lgan shahar (jamiyat, davlat)ni o‘zingiz tasavvur qiling! Tabiiyki, olamdagi eng obod shahar (jamiyat, davlat) bo‘ladi-da u!

Sevimli qahramonimiz Xo‘ja Nasriddin afandi va uning purhikmat latifalari ana o‘sha,  “fozillik”, “to‘g‘rilik” tantanasi yo‘lida beminnat xizmat qiladi. Shuning uchun ham Afandi latifalarining anchagina qismi bevosita to‘g‘rilik bilan o‘g‘rilik o‘rtasidagi munosabatlarni atroflicha yoritadi.

Qarang, Afandi va o‘g‘ri munosabatlariga bog‘liq latifalar turkumidagi bironta latifada Afandi ham, uning mulkiga ko‘z olaytirgan qo‘li egri o‘g‘ri ham boy emas, balki har ikkisi kambag‘al-yo‘qsul bo‘ladi. Xususan, o‘g‘rining maqsadi boylik orttirish emas, yashash uchun kurashish! O‘g‘ri tushgan uy ham boyning koshonasi emas, kambag‘alning kulbasi! Nega? Buning bir sababini, masalan, G‘afur G‘ulomning “Mening o‘g‘rigina bolam” hikoyasi qahramoni aytadi. Hikoyada uy egasining “Nega hech vaqosi yo‘q mening uyimga o‘g‘irlikka tushasan-u, anavi boyning uyiga tushmaysan?” qabilidagi ko‘ndalang savoliga javoban o‘g‘ri qizishib tushuntiradiki: “Boyning uyiga o‘g‘irlikka tushish osonmi, onaxon, qo‘sha-qo‘sha bo‘ribosar itlari, baland-baland paxsa devorlari!..” Gap faqat boyning uyiga o‘g‘irlikka tushish o‘ta qiyinligida emas, asosiy gap o‘g‘rilik bilan kambag‘allikning xuddi bir juft kavushdek bir-biriga o‘ta mos va xosligida! Avvalo, o‘g‘rilikning o‘zi ma’naviy-ruhiy qashshoqlikdan – turmush mashaqqatlariga chidayolmay, to‘g‘ri yo‘ldan yurishga qiynalib, qing‘ir yo‘lga kirishga majbur bo‘lganlikdan kelib chiqadi. Hech bir o‘g‘ri o‘g‘rilik ortidan olamshumul shon-shuhrat va dovrug‘ qozonay va yo hamma boylardan ham boyroq bo‘lib ketay degan niyatlarda bu qing‘ir ko‘chaga qadam qo‘ymaydi, balki tirikchilik-tirriqchilik vajidan, to‘g‘ri yo‘lda yurishga qiynalganidan shu yo‘lga kiradi. Hindiston aholisining katta qismi o‘ta qashshoq yashaydi. Hatto ko‘chada tug‘ilib, ko‘chada ulg‘ayib, ko‘chada o‘ladigan odamlar oz emas. Masalan, hind kinosanoatining eng yorqin yulduzi Raj Kapur bosh rolni o‘ynagan “Daydi” filmini eslang. Unda odamlar to‘da-to‘da bo‘lib qoq ko‘cha-ko‘yda og‘ir ahvolda yashashi ko‘rsatiladi. O‘qib, ta’lim-tarbiya olish bu yoqqa tursin, kunini o‘tkazishga qiynaladi ular. Shu sababli ular o‘lib qolmay yashash uchun mayda o‘g‘irlik qilishga majbur. Bosh qahramon Raj – ko‘chada yashovchi daydi va kissavur, u ko‘ngil qo‘ygan qiz esa – prokurorning boqib olgan jiyani, yosh advokat hamda maktab o‘qituvchisi. O‘g‘rilik va to‘g‘rilikning to‘qnashuvi san’atkorona ochib berilgan kino asari bu! Eng qizig‘i, aksariyat hollarda o‘g‘ri urayotgan kambag‘al o‘g‘rilik ko‘chasiga kirgan kambag‘aldan ham kambag‘alroq bo‘lib chiqadi. Chunki o‘g‘rilik va bosqinchilik ham zo‘ravonlikning bir turi bo‘lib, zo‘ravon odam odatda o‘zidan ojizroq odamga kuchini ko‘rsatadi. Shu bois bir latifada uyiga o‘g‘ri tushganida Afandi sandiqqa kirib berkinadi. O‘g‘rining “Xo‘sh, sandiqning ichida nima qilib yotibsan?” degan savoliga javoban: “Uyda senbop hech narsa yo‘q, shunga xijolat bo‘lganimdan bekinib oldim” deydi. Yana bir latifada “Afandi, turing, uyga o‘g‘ri kirdi” degan xotiniga u shunday deb shivirlaydi: “Jim yot, men uyg‘oqman. Ovozimizni eshitib o‘g‘rilar qopni ko‘tarib qochib qolmasin. Men qopdagi buyumni mo‘ljallab turibman”. Uchinchisida xotiniga “Tur, xotin, chiroqni yoq, ko‘chada nima g‘avg‘o bo‘layotganini bilib kelay” deya yelkasiga choponini tashlab chiqishi bilan o‘g‘riga choponini oldirib qaytgan Afandi “Hamma g‘avg‘o mening choponim ustida ekan! Choponni olishdi-yu, g‘avg‘o bosildi” deydi. To‘rtinchi latifada esa, Afandi yarim kechasi “Dadasi, turing, uyga o‘g‘ri kirdi” deb uyg‘otgan xotiniga “Jim-jim! Ovozingni chiqarmay jim yot! O‘g‘ri uyni xo‘p ko‘rsin, hech narsa topolmasa, bizga rahmi kelib, biron narsa tashlab ketar” dey­di. Beshinchisida uyidan hech narsa topolmasdan chiqib ketayotgan o‘g‘rining ortidan Afandi: “Bir nima berib ketinglar, quruq chiqib ketaverasizlarmi?“ deb qichqiradi…

Bu latifalardan murod-maqsad esa, o‘g‘rilikning ham, muhtojlik-kambag‘allikning ham qanchalik kulfat, biri-biridan og‘irroq fojia ekanini ko‘rsatib, shu orqali o‘g‘rini to‘g‘rilikka, insofga chaqirishdir! Zero, “o‘g‘ri bo‘l, g‘ar bo‘l, insofli bo‘l” deb bejiz aytilmagan.

Ma’lumki, insoniy jamiyatning qanchalik unib-o‘sgani, avvalo, unda muhtoj-kambag‘al bilan o‘g‘ri-kissavurning yo‘qligiga uzviy bog‘liq. Odatda kambag‘allik muhtojlikni oshiradi, muhtojlik esa, o‘z navbatida, o‘g‘rilarni ko‘paytiradi. Har ikkisini kamaytirish, iloji bo‘lsa, butkul yo‘qotish har qanday insoniy jamiyat hamisha intilib kelgan eng oliy yuksaklik hisoblanadi. Masalan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi 170dan ortiq mamlakat va hududlarda qashshoqlikni yo‘q qilish, adolatsizlikka barham berish va teng huquqlilikni ta’minlash kabi sohalarda o‘z faoliyatini olib boradi. O‘zbekiston BMTga 1992 yil a’zo bo‘ldi. 1993 yili esa, Toshkentda BMTning Taraqqiyot Dasturi vakolatxonasi ochildi. Bu tashkilot mamlakatdagi davlat va nodavlat tashkilotlariga iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni samarali amalga oshirishda, xalq tinchligi va farovonligi uchun zarur bilim, tajriba va salohiyatni orttirishda bevosita hamkorlik qilib keladi… Xalqning ma’naviyati va huquqiy savodxonligini oshirishda, nima to‘g‘riyu nima noto‘g‘ri ekanini tushuntirishda, o‘g‘rilik, poraxo‘rlik, zo‘ravonlik, noinsoflik kabi ijtimoiy illatlarga qarshi kurashishda Afandi latifalarining ham ozmi-ko‘pmi o‘z hissasi bor. Afandining o‘g‘ri bilan bog‘liq latifalari, qolaversa, ayni shu xildagi latifalar ta’sirida yaratilgan o‘zbek nas­ridagi har ikki go‘zal hikoya – G‘afur G‘ulomning “Mening o‘g‘rigina bolam” asari ham, Abdulla Qahhorning “O‘g‘ri” asari ham mavjud jamiyatning noto‘kisligi va zamonning nosozligini to‘g‘ri aks ettirib, ana o‘sha eng oliy yuksaklikka da’vat qilishi bilan alohida qadrlidir. Birinchi hikoyada o‘g‘ri bilan muhtojning zamonning og‘irlashib borayotgani haqidagi sidqidil has­ratlashuvlari, ikkinchi hikoyada esa, o‘g‘ri urgan muhtojni qaroqchilar qanday o‘lganning ustiga tepgandek qilib talon-toroj etishgani san’atkorona ko‘rsatiladi… Navbatdagi “Afandining bahosi” latifasini o‘qib, ana shunday noinsof va haddidan oshgan o‘g‘riyu qaroqchilarning basharalarini aniq-ravshan ko‘rgandek bo‘lamiz: “Afandi bozordan echki olib, uning boshbog‘ini eshakning egariga bog‘lab, yetaklab kelar edi. Uch o‘g‘ri uning iziga tushdi. Biri payt poylab echkining arqonini yechib olib qoldi. Bir ozdan so‘ng ikkinchi o‘g‘ri Afandiga salom berib: – Nega bozordan quruq qaytdingiz? – deb so‘radi. Afandi orqasiga qarasa, echki yo‘q. Afandi faryod qila boshlagan edi, o‘g‘ri: – Xafa bo‘lmang, buva, men hozir echki yetaklab ketayotgan odamni ko‘rdim. Tez boring, qaytarib olasiz, men eshagingizga qarab turaman, – dedi. Afandi peshingacha echkini qidirdi, qaytib kelsa, eshagi ham yo‘q. Afandi uyga ketayotgan edi, quduq tepasida yig‘lab o‘tirgan odamni ko‘rdi-da: – Nima musibat tushdi, nega yig‘layapsan? – deb so‘radi. – Yer-suv, hovli-joylarimni sotib, bir xurjun qilib, shaharga ko‘chib kelayotgan edim. Shu yerga kelganda xurjunim quduqqa tushib ketdi. Tushib olishga qo‘rqib, birorta xudojo‘y odam kelishini kutib turibman, – deb javob berdi u. Afandi ham uning yoniga o‘tirib yig‘lay boshladi. – Nega yig‘laysiz? – deb so‘radi u. Afandi unga bo‘lgan voqeani aytib berdi. – Yig‘ining foydasi yo‘q, – dedi u. – Turing, ikkalamiz sallamizni bir-biriga ulaymiz, siz quduqqa tushib xurjunni olib chiqasiz. Men sizga shuncha tilla beramanki, unga bir necha eshak, bir suruv echki sotib olishingiz mumkin. Afandi yechinib quduqqa tushib ketdi. U odam uchinchi o‘g‘ri edi. Afandi quduqqa tushishi bilan sallaning uchini katta toshga bog‘ladi-da, Afandining hamma kiyimlarini olib qochdi. Afandi quduqdan hech narsa topolmay qaytib chiqdi. Qarasa, ust-boshlari yo‘q. U o‘g‘ridan o‘zini himoya qilayotgandek, qo‘liga kaltak ushlagancha, uyiga qarab chopdi. Yo‘lda bir to‘da odamlari bilan shahar hokimi kelayotgan ekan, ularga kaltak o‘qtalib qichqirdi. – Keting, keting! Sizni bir yoqli qilaman. – Nima bo‘ldi? – deb so‘radi hokim. – Nima bo‘ldi emish-a, talmovsirashini qara! – Javob berdi Afandi. – Do‘stlaringdan biri echkimni, ikkinchisi eshagimni, uchinchisi esa ust-boshimni olib qochdi. Meni o‘g‘irlashga endi sening o‘zing keldingmi? Qo‘l-oyog‘imni bog‘lab bozorga olib chiqsang, besh-o‘n tangalik bo‘lishingga aqling yetadi-da, a?! Endi meni aldab bo‘psan, shu kaltak bilan bir urayki, o‘g‘ri bo‘lganingga yuz marta pushmon yegin.” Ha-a, bu latifani o‘qib kulishni ham, yig‘lashni ham bilmaydi kishi. Afandining naqadar to‘g‘riligi, oqko‘ngilligi, tantiligi, ishonuvchanligini qarang-u, bechora Afandini bir emas, ikki emas, uch marta ketma-ket chuv tushirib, bor bud-shudini talab, yo‘qsulga aylantirgan o‘g‘rilarning naqadar noinsof va yaramasligini qarang. Qayta-qayta pand yeyavergach, har qanday to‘g‘ri odam ham asabiy, jizzaki, gumondor, boringki, urishqoq, qing‘ir, shumga aylanishi hech gap emas. Lekin ko‘r ko‘r bilan qorong‘ida topishadi, qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi, deganlaridek Afandi shahar hokimiga “do‘stlaring” deb juda to‘g‘ri va topib aytayapti. Gap shundaki, hokim bevosita o‘sha o‘g‘rilarni yo‘llamagan bo‘lsa ham, ularning qing‘ir ishlariga to‘siq qo‘ymay, Afandiga o‘xshagan to‘g‘ri odamlarni talatib qo‘yibdimi, demak, bosh o‘g‘ri – o‘g‘riboshi shahar hokimidir. Masalan, Amir Temur saltanatining jahonshumul barqarorligi va taraqqiyoti bu saltanatda o‘rnatilgan tartib-intizom, qonun-qoida, tinchlik-totuvlik, qo‘ying-chi, kishilik jamiyatining unib-o‘sishiga zarur shart-sharoit yaratilganining sharofatidir. Rivoyat qilishlaricha, bir bolakay boshiga bir lagan tillani qo‘yib saltanatning u boshidan bu boshigacha yurib o‘tsa, hech kim tillaga ko‘z olaytirmagan ekan. Demak, yuqoridagi latifa nafaqat o‘g‘rilarni, balki boshliqlarni ham to‘g‘rilikka, sergaklikka, qattiqqo‘llikka undaydi.

Afandi latifalarida o‘g‘ri urgan muhtoj Afandini ko‘plab uchratishingiz mumkin, biroq muhtojning uyiga o‘g‘irlikka tushgan Afandini kunduzi chiroq yoqib qidirsangiz ham topolmaysiz! Bu hol Afandining, demakki, xalqning tabiatida o‘g‘rilik xohishi yo‘qligini ko‘rsatuvchi eng yorqin alomatdir. Lekin bu “Afandi hech qachon o‘g‘rilik qilmagan!” degani emas. Mana, Afandining o‘g‘rilikka qo‘l urganini yaqqol ko‘rsatuvchi “Eng oson yo‘li” degan latifa: “Afandining birovda puli bor edi. U pulga zoriqib, pul olgan odamning oldiga bordi. Biroq Afandidan pul olgan odam yonida bir chaqa ham yo‘qligini bildirib, biron haftadan keyin kelishni aytdi. Afandi noumid bo‘lib uyiga jo‘nadi. Yo‘l uzoq, cho‘ntagida bir ti­yin yo‘q edi. Qorni nihoyatda ochdi. Yo‘lda bir nov­voyxona uchradi. Novvoyxona oldida bir savatda to‘la non turar, novvoyning o‘zi novvoyxonaning ichkarisida edi. Afandi savat oldida to‘xtab, osmonga qaradi va ikki qo‘lini ko‘tarib, Xudoga arz qilgan bo‘ldi: – Parvardigori olam, o‘zing bilasan, menda hozir bir tiyin yo‘q, nasiya ham unmadi, qorin och. Hozir men shu savatdan ikkita non olaman. Buning haqini sening o‘zing mendan qarzdor bo‘lgan odamdan olib, novvoyga berib qo‘yasan. Shunday deb savatdan bir nechta nonni olib, kavshab jo‘nadi.”

Xo‘sh, chinakam o‘g‘ri kim: Afandimi yoki qarzini qaytarmagan odammi? To‘g‘ri, qarzdor odam bevosita o‘g‘irlik qilmadi-ku, deya e’tiroz bildirish mumkin. Lekin o‘g‘irlikning turlari ko‘p: omonatga xiyonat qilish, birovning jufti haloliga ko‘z olaytirish, Yaratganning nema’tiga kufr keltirish, va’dasida turmaslik, sotqinlik… Afandi-chi: u do‘ppi tor kelganda birovning do‘ppisini birovga kiydiryapti, xolos. Sirasini ayt­ganda, bu latifa juda o‘tkir muammoni ko‘tarib chiqyapti. Gap shundaki, bir korxona o‘z ishchilariga maoshni o‘z vaqtida bermasa, ishchilar nima qilsin? Yoki o‘z omonatlarini saqlagan bank tanazzulga uchrab yopilib qolsa, omonatchilar nima qilsin? Qarz olgan odam qarzini berishdan bo‘yin tovlasa, qarz bergan odam nima qilsin? Bunday vaziyatlarda eng to‘g‘ri yechim – kelishuv yoki kafolat qog‘ozi, albatta. Deylik, qarzdor odam Afandiga o‘z qarzini bermasa, demak, Afandi kelishuv qog‘ozi yordamida o‘z qarzini qonun yo‘li bilan undirib olishi yoki u qarzni boshqa odam yo tashkilotga sotishi mumkin. Latifada Afandi Xudoga murojaat qilar ekan, aslida, aynan mana shu qonunchilikka ishora qilmoqda. Bu murojaat uning Xudoga ishonishini, Xudodan umidvor ekanini, Xudodan qo‘rqishini, ya’ni tom ma’nodagi o‘g‘ri emasligini ko‘rsatib turibdi. Agar latifada qahramonning qanchalik muhtojligi, qarzga bergan pulini qaytarib ololmay, uzoq yo‘ldan ovora-sarson bo‘lib qaytgani, juda ochqagani batafsil aytilmaganida edi, afandining shu ishini o‘g‘irlik deya talqin qilish mumkin edi. Qolaversa, u gadoyning to‘rvasidan o‘g‘irlayotgani yo‘q, novvoyning savatda ko‘z-ko‘z qilib qo‘ygan bir dasta nonidan bir juftini o‘zicha “halollab” olyapti, xolos. Eng muhimi, Haq taoloning hamisha haqni qaror toptirishiga astoydil ishongani uchun shunday qilmoqda. Mabodo, ko‘ng­lida Uning Qodirligiga shubha tug‘ilgudek bo‘lsa, novvoy bilan qarzdordan bu “qarz”ning uzilgan-­uzilmaganini aniqlashtirishga, agar uzilmagan bo‘lsa, uzishga ham tayyor u!

Fikrimizning qanchalik to‘g‘ri ekanini “Ketmon bilan qumg‘onni o‘g‘ri olib ketdi” degan yana bir latifa ham aniq ko‘rsatib turibdi. Latifada to‘g‘rilik bilan o‘g‘rilik o‘rtasidagi o‘ta nozik munosabatlar ta’sirchan yoritiladi. Unda dalaga ishlagani ketayotgan Afandiga otasi tayinlaydi: “O‘g‘lim, ketmon bilan qumg‘onni biron joyga ko‘mib kel, o‘g‘ri olib ketmasin!” Dili to‘g‘ri, ko‘ngli toza, sodda-beg‘araz, to‘g‘riso‘z, xullas, chinakam Afandi daladan qaytayotganida mahalladagi masjid oldida bir to‘da odamlar bilan gaplashib turgan otasiga o‘zining to‘g‘ri so‘zini baralla aytadi, albatta: “Dada-dada, ketmon bilan qumg‘onni yong‘oqning tagiga ko‘mib keldim”. Tabiiyki, nuroniy ota uyga qaytganida soddadil o‘g‘lini koyiydi: “Yashirgan narsani ham baqirib aytadimi kishi!” Otasining bu koyishini o‘zicha tushungan Afandi ertasiga tag‘in masjid oldida odamlar bilan suhbatlashib turgan otasining yoniga kelib, sekin qulog‘iga shivirlaydi: “Dada-dada, ketmon bilan qumg‘onni o‘g‘ri urib ketibdi”. Mazkur latifadagi ketmon bilan qumg‘on xuddi avvalgi latifadagi buzuq qo‘l mashinasi kabi mag‘zi to‘q detalki, uning zamirida olam-olam ma’no bor! Dehqonning eng muhim ish quroli bilan tirikchilik vositasi nima? Albatta, ketmon bilan qumg‘on-da. Unisida mehnat qiladi, bunisida choy qo‘yib ichib, tanovul qilib, chanqog‘ini bosadi. “Oshing halol bo‘lsa, ko‘chada ich” degan gap bor. Otasining nasihatiga amal qilib, shu eng muhim ish quroli bilan tirikchilik vositasini yong‘oqning tagiga ko‘mib kelganini, diqqat qiling, aynan machitning oldida turgan odamlarga eshittirib aytgan bo‘lsa, aslida, buning nimasi noto‘g‘ri, xo‘sh? Shu ish ayb­mi?! Aslida, machitning oldida turib, Afandi bilan otasi o‘rtasidagi oilaviy sirni bilgan va bundan ustalik bilan foydalanib, bechoraning eng muhim ish quroli bilan tirikchilik vositasini o‘g‘irlab ketgan noinsof mahalladosh­lardan birida emasmi ayb?! Nega ketmon bilan qumg‘onni yashirib kelganini baralla aytgan Afandi endi ular o‘g‘irlanganini otasiga shivirlab aytyapti? Otasining koyishidan tegishli xulosa chiqargani uchun shivirlashga o‘tdimi? Latifaning mana shu avj nuqtasini o‘qigan yo eshitgan odam, “ha, mana endi aqli kiribdi” deb kuladi. Lekin bu yerda bosh­qa chuqurroq gaplar bor! Birinchidan, “O‘zingni ehtiyot qil, qo‘shnini o‘g‘ri tutma” deganlaridek, Afandi ehtiyotkorlik qilyapti. Kim bilsin, balki, “Bolaga ish buyur, ketidan o‘zing yugur” deganlaridek, otasi u buyumlarni uyga olib kelib qo‘ygandir. Ikkinchidan, “Jinoyatchi jinoyat joyiga, albatta, qaytib keladi” deganlaridek, Afandi o‘g‘rilik haqidagi sirni oshkor qilmagani ma’qul. Darhaqiqat, tergov-surishtiruv qoidasiga ko‘ra, to jinoyat to‘la fosh etilmaguncha, tergov tafsilotlari oshkor qilinmaydi. Uchinchidan, haqiqat baralla aytilmaydigan, basharti aytilgudek bo‘lsa, machitning oldida turgan odamki undan ustalik bilan foydalanib mahalladoshining eng birlamchi ish quroli va tirikchilik vositasini ham o‘g‘irlashdek qing‘ir ishga qo‘l uradigan bo‘lsa, bunday noinsoflik, nohaqliklar odatda shivirlab, quloqqa aytiladigan bo‘ladi-da! “Aytsam – tilim, aytmasam – dilim kuyar”. Baralla aytish mumkin bo‘lmasa, shivirlab aytiladi-da, Haq So‘z qay shaklda bo‘lsa-da, aytilishi kerak! O‘tgan-yitgan sho‘ro tuzumi davrida ko‘p haqiqatlarni ro‘y-rost aytishning imkoni bo‘lmagani, bu yoqda esa, har qadamda o‘g‘rini qaroqchi urayotganini ko‘rib-bilib turgan odamlar nima qilsin, o‘zaro shivirlashadi, pichirlashadi, hasratlashadi, turfa xil qing‘irlik­larga barham berishning eng to‘g‘ri yo‘llarini birgalikda zimdan qidirishadi-da!

Afandidek adabiy va abadiy qahramon uchun esa, bu tabiiy hol. Agar tabiatan to‘g‘ri Afandining ashaddiy raqiblaridan biri o‘g‘ri bo‘lsa, ikkinchisi, yolg‘onchi-aldamchidir. Yuqorida keltirilgan latifada otaning buyrug‘ini nochor-noiloj bajarib, ketmon bilan qumg‘onni yashirgan Afandining bu sirni barchaga oshkor qilishi zamirida otaga itoat, lekin aldamchilikka qarshi isyon yotibdi. Lekin otaning o‘zi aldam-quldamga yo‘l qo‘ysa-chi? Bunday paytda ham otaga itoat qilib, uning aldam-quldamlariga sherik bo‘lib yuraverishi kerakmi? “Aldagani bola yaxshi” deydilar, lekin u bolaning o‘ziga emas, uni aldab turgan kattalargagina yaxshi! Aslida, bolani aldamaslik kerak, chunki bu olamdagi hech bir kuch bola ko‘nglini aldov va yolg‘on qadar jarohatlayolmaydi. Tabiatan to‘g‘riso‘z Afandining bola ko‘ngli har qanday aldov, soxtalik, ayniqsa, otasining yolg‘onini ko‘tarolmaydi. Bunday paytda otaga bo‘ysunishdan unga qarshi chiqish to‘g‘riroqdir. Mana, “Bu pul bo‘lmay nima?” deb nomlangan latifa! “Afandi bolaligida otasi birovdan ikki yuz tanga qarzdor edi, ana-mana deb qarz bergan kishini ovora qilar edi. Bir kuni u kelib pulini qistagan edi, otasi: – Jonim bilan berar edim-u, bir chaqa ham pulim yo‘q, sabr qilasiz, birodar, deb turgan edi, Afandi uydan bir hamyon tangani ko‘tarib chiqib: Dada, bir chaqa ham yo‘q deysiz, bu pul bo‘lmay nima?! dedi-da, yerga to‘kdi”.

Agar ota azbaroyi muhtojlik sabab qarzini qaytarolmayotganida edi, bola Afandi unga xayrixoh, hamdard va hatto ko‘makdosh bo‘lishi tayin edi. Lekin yelkasidagi qarz yukidan qutulish imkoniga ega bo‘la turib bir paytlar yordam qo‘lini cho‘zgan qarz beruvchini hadeb ovora-sarson qilaverish va oshkora aldash insofdanmi?! Ota oshkora noinsoflik qilayotganini ko‘ra-bila turib jim qolish mumkinmi?! Yo‘q, chinakam Afandi uchun bu mumkin emas, chunki u tabiatan to‘g‘ri va to‘g‘riso‘z!

Sud mahkamasida guvohlik beruvchi odam to‘g‘ri va rost gapirishi shart. Afandi bu ma’noda eng ishonchli guvoh bo‘la oladi. Nega deysizmi? Buni “Zamzam” latifasini o‘qib bilib olasiz: “Afandini qozi guvohlikka chaqirdi. So‘roq navbati kelganda, javobgar tomon qoziga murojaat qildi: – Taqsir, qozim! Bu kishining guvohligini qabul qilmaysiz, chunki bu kishining yetarli miqdorda moli bo‘lsa ham, hajga borishdan qochib yuribdi. – Bu kishi bekor aytadi! – dedi Afandi qoziga. – Men haj qilganman. Qozi Afandidan so‘radi:

– Agar hajga borgan bo‘lsangiz, ayting-chi, zamzam qudug‘i Ka’baning qaysi tomonida? Afandi javob berdi:

– Men hajga borganda bir to‘da arablar, zamzam qudug‘ini qayerdan kavlasak ekan, deb joy qidirib yurgan ekan”. Afandi jahongashta va umriboqiy qahramon hisoblanadi. U barcha zamon va makonlarda yashagan, odamlarni kuldirgan, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatgan. Demak, bunday odam eng ishonchli guvoh bo‘la oladi-da! Yuqorida Afandining yigirmadan ortiq xalqlarning qahramoni ekanini ta’kidlagandik. Jumladan, u arablarda ham keng tarqalgan. Demak, Afandi arab diyorini obdon kezgan qahramon, haj qilgan qahramon. Kezi kelganda qiziq bir ma’lumotni aytsak: bir afanditabiat rus tilshunosi “haj” so‘zini ruscha “xodit, xojdeniye” so‘zi bilan o‘zakdoshligini faraz qilgan edi… Shunday safar-sayohatlarning birida Afandi o‘z hamkasbi, boringki, raqibi Aldarko‘sa bilan uchrashib qoladi-da, u bilan so‘zda bellashadi. Tafsilotlarini “Ro‘za tutish vaqti” latifasida o‘qiymiz: “Bir kuni Afandi bilan Aldarko‘sa uchrashib qolibdilar. Afandi Aldarko‘sadan so‘rabdi, ro‘zani qachon tutib, qachon ochsa bo‘ladi, deb. Aldarko‘sa bunday debdi: – Agar osmonga tosh otsalar, ko‘rinmasa shu holgacha ro‘zani tutib ochish mumkin, – debdi. Buni eshitgan Afandi:

– Bordi-yu, kuppa-kunduz kuni ham ikki tog‘ning oralig‘iga kirib, qorong‘i yerida ovqat yeb chiqsa ham bo‘laverar ekan-da, – debdi”. Afandi ro‘za tutish qoidasini bilmagani uchun so‘rayaptimi yoki sinash uchunmi? Hoynahoy, keyingisi. Aldarko‘saning javobiga e’tiroz bildiryaptimi, demak, uning javobidan to‘la qoniqmagan, ya’ni uni sinashda davom etyapti. Bu latifani o‘qigan yo eshitgan odam asl qoidani bilishga qiziqishi tayin. Ma’lumki, ro‘zada og‘iz quyosh chiqquncha yopilib, quyosh botgach, ochiladi. Muqaddas Qur’onning Baqara surasi 187-oyatida: “Tong paytida oq ip qora ipdan ajraguncha yeb-ichavering. So‘ngra ro‘zani kechasigacha batamom qiling”, deyiladi. Aldarko‘sa aytgandek, tosh otish qoidasi yo‘q, demak, Aldarko‘sa Afandini aldamoqchi, ehtimol, u ham Afandini o‘zicha sinamoqchi bo‘lgan.

Xulosa o‘rnida aytishimiz kerakki, Afandining o‘zi to‘g‘ri, so‘zi to‘g‘ri, ishi to‘g‘ri, niyati to‘g‘ri… Afandi latifalarida bunday to‘g‘riliklarni topib o‘rganish barchamizga foydali. Topganga esa, Afandining sovg‘asi bor. Qanday sovg‘a deysizmi? Buni “Shaftoli ekanini kim aytdi” latifasidan o‘qib to‘g‘ri javobni o‘zingiz toping: “Afandi bir xalta shaftoli ko‘tarib, ko‘chada borar ekan, bir to‘da bolalarga qarab: Xaltadagi nima ekanligini topsalaring, bitta shaftoli beraman, – dedi. Xaltangizdagi shaftoli, – de­yishdi bolalar. Shaftoli ekanligini sizlarga qanday badbaxt aytdi? dedi Afandi ajablanib”…

 

1To‘plab, nashrga tayyorlovchilar: Bahodir Sarimsoqov, Farida Yo‘ldosheva. G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1990 y.

 

(Boshi. Davomi kelgusi sonda)

 

OTAULI

1949 yili tug‘ilgan.

Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning o‘zbek filologiyasi fakultetini tamomlagan.

“Osmon to‘la yulduzlar”, “Qalb darchasi”, “Surnay navolari”, “Elchi (Afandi o‘lmaydigan bo‘ldi)”, “Ruhiyat ehromi”, “Zamona zayli”, “Tilsim”, “Otning qashqasi”, “Ko‘zlarga to‘tiyo so‘zlar”, “Bilga xoqon dostoni” kabi qissalar, badialar, hikoyalar, nasriy doston va adabiy-tanqidiy maqolalar to‘plamlari chop etilgan.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.