SEN
Gohi ko‘z o‘ngimda sarob kabisan,
Ichish taqiqlangan sharob kabisan.
Nima… ro‘yomisan va yo chinmisan?
Biroz qizg‘anchiqsan, biroz jinnisan.
Kelmay uchrashuvga ketishga shoshgan,
O‘zining jahliga o‘zi chulashgan.
Fe’ling ming turlangay, bilmas chegara,
Ming bir alfoz bilan ammo… sevasan!
Qalbingni anglolmay g‘aflatda qolar,
Oshig‘ing haliyam savodsiz bola.
Sen esa hamon bir tugun kabisan,
Aruzda eng chigal rukn kabisan…
Turkiy qo‘shiq
Turkiy yuragim bor, turkiy shuurim,
Hatto ruhim turkiy, o‘zga shonim yo‘q.
Musht bo‘lib tugilgan qo‘llarim turkiy,
Vo darig‘, birgina Turkistonim yo‘q.
Lahjamda turkiylar nafasi bordir,
Shu g‘urur vujudim taxtiga ega.
Oshiq bo‘lsa netay, qul o‘lsa netay,
Qalbim qadim turkning turkulariga.
Bas… Umrim yo‘liga tavallo ne naf,
Qismat bitigi shul… Sachragan qonman!
Turkistonim manim, ming yillik shonim,
Istagingda o‘lmish turkiy isyonman!!!
* * *
G‘aroyib tabibsan, juda g‘aroyib
Bemoring seni deb chekadi g‘urbat.
So‘zlasa shol bo‘lar, indamay tursa,
Tanida oshadi harorat.
Yozilgan darmonlar besamar bari,
Ammo kibring qilar battar havolash.
Bir senda bor bo‘lsa kerak, tabibim
Yarani tuz sepib davolash…
* * *
Bu qiz gul kutmaydi tashriflarimdan,
Bir og‘iz so‘zga ham mushtoqligi yo‘q.
Sassiz turaversam yetadi unga
Yuragin ezsa ham axloqiy buyruq.
Vaqt ham chegaraga solib qo‘yilgan,
Oshsa me’yoridan ranjishi tayin.
Mening yodlab qo‘ygan bitta gapim bor,
U hech unamasa qanday aytayin?
Shunday muhabbatni qurib olganmiz,
Ammo o‘z holicha mustahkam devor.
Uni hatlolmayman axir o‘rtada
Ahd degan muhtasham majburiyat bor.
Bu qiz hayotimni so‘ramas meni,
Men ham hayotini olmayman yodga.
Ehtiyoj yo‘q bunday so‘rovga axir
Aylanib bo‘lganmiz bitta hayotga….
GOHIDA
Bizning ul bog‘lara xazonrez tushmish,
Yaproqlar sarg‘ishtus libos kiymishlar.
Meni yolg‘iz ko‘rib ul yo‘llar xomush,
“Shodiya qayda?” deb so‘rab qo‘ymishlar.
Turnalar uchmishlar olis ellara,
Qanoti vidodan silkinib og‘ir.
Ularga xayr-xo‘sh etganim sari,
Eslab Shodiyani, yuragim og‘rir.
Tun bo‘yi derazam beomon chertgan
Yomg‘irlar betinim so‘radi sani.
Qo‘shiqlar tinglasam – dardim aritgan,
Berahm kuy ingrar: “Shodiya qani?”
Seni unutmadim, ey otashnigoh,
Xotira qo‘shini qo‘zg‘aladi boz.
Netayin, yodima tushasan, goh-goh,
Gohida yodimdan ketmaysan, xolos.
FilologNING
sevgi izhori
(Matnazar Abdulhakim
she’riga o‘xshatma)
Kel, tilchi qiz, go‘zal filolog,
Undov bo‘lsin muhabbatimiz.
Bu izhorlar tugamas – vergul,
Boshlay qolsin qo‘shma gapimiz.
Ega-kesim – eskirgan ta’rif,
Men – hokim so‘z, sen – tobe bo‘lak.
Undalmangni yo‘lla o‘zimga,
So‘roqlarga to‘lmasin yurak.
Muhabbat – bu bizning fe’limiz,
Bo‘lsin mudom bo‘lishli, sodda.
Hayotimga kirish so‘z bo‘lgin,
Iboradek qol doim yodda.
Hislarimiz emas antonim,
Hayotimga sifatsan axir.
Qo‘y sevgimiz majhul bo‘lmasin,
Kel, birgalik nisbatga chaqir.
Kelar bir kun farzandlarimiz –
Quchoq-quchoq orttirma nisbat.
Qara, qanday moslashuv axir:
Mendek otga sen kabi sifat!
Men sen uchun – ajralmas ravish,
Sen men uchun – aniqlik mayli.
Necha yilki ona tili ham
Bizdek gapni ko‘rmagan hali.
Qo‘shma gapmiz keyin bir umr –
Xatolarsiz, imlosi puxta.
Yuz yillarcha birga gap tuzsak,
Keyin mayli qo‘yamiz nuqta.
Nuqta bilan asar tugamas,
Davom kutar jumlalarimiz:
Bosh harf-la yozadilar so‘ng
Yangi gapni bolalarimiz.
O‘sha kuni ikkimiz – ega,
Kuzatgancha imlolarini,
Ko‘zoynak-la o‘qib chiqamiz
Jujuqlarning insholarini…
Xurshid Abdurashid
1995 yili tug‘ilgan.
She’rlari va hikoyalari vaqtli matbuotda nashr qilingan.
Oliy adabiyot kursi tinglovchisi.