(Hikoya)
Ammo tong keltirmas dilimga orom,
Ammo qayğu bilan kelar yana şom.
Uilyam Şekspir
Sumagini sibizğa qilib çalib yurgan paytidan beri ilk bor qattiq oğrib qoldi.
Ana, bir haftadan buyon közi tört bölib, palata eşigiga termilib yotibdi. Gohida derazaga ham qarab qöyadi: tong ketidan şom, şom ortidan tong otaveradi. Biroq heç kimsa uni yöqlab kelmaydi.
Töğri, şifoxonaga zambilda keltirişgan kuni bir döxtir hol-ahvol söragani kirdi. Obdan tekşirib ham kördi. Ketar çoği bir quloç keladigan qoğozni töldirib dori yozib berdi.
– Şularni olib keliş kerak, – dedi bemorning közlariga rahmdillik bilan tikilgança. – Qolgani özimizda topiladi.
Bemor dori nomlari bitilgan qoğozçani qaltiroq tutgan qöliga olib, uzoq razm soldi. Uzundan-uzoq röyxat yakunida gajakdor imzoga tikildi.
– Mayli, – dedi söng ijirğanib. – Topib kelarman.
Döxtir çiqib ketgaç, tanasidagi oğriq kuçaya boşlaganini his qildi. Çöntaklarini qoqib, avra-astarini çiqardi. Pul degani bir siqimgina qolibdi. Ellikka kirmay peşonasini zabt etgan ajinlar tirişa-tirişa raqs tuşa boşladi.
Hamşiraga şifoxonadan çiqib ketayotganini, dori olib kelmoqçiligini aytdi. U esa könmadi.
– Biror yaqiningizga xabar qiling, olib kelib beradi… – dedi hamşira.
Bemor nima deyişni bilmadi, bilmadi emas, aytişga tili bormadi…
– Özim çiqib kelmasam bölmaydi, – dedi dori yozilgan qoğozdan köz uzmay.
Hamşira buni qaysarlikka yöydi.
– Mayli, – dedi muloyim ohangda. – Faqat hovlidan çiqsangiz, tilxat yozib keta qoling.
– Nega? – deya ajablandi bemor.
– Tartib şunday, – deya qisqa qilib javob berdi hamşira.
Bemorning ensasi qotdi, biroq sezdirib ötirmadi:
– Maʼqul. Hozir yozib beraman.
Palata derazasidan dastlab şifoxona hovlisiga, kuzakning köngilni ezuvçi “ijodi” – sarğiş-u qizğiş barglarini şir tökayotgan daraxtlarga tikildi, söng osmonga – xomuş borliqqa, birpasda ğoyib bölgan yoruğlik örnini qoplab kelayotgan kulrang-u qora bulutlarga köz taşladi. “Qalinroq kiyinişim kerak ekan”, deya öyladi.
Söng sumkasi yon çöntagidagi xotira yozib yuruvçi daftardan bir varaq yulib olib, tilxat yozdi:
“Falon şifoxona rahbari
Falonçi Falonçiyevga
Tilxat
Men, falon şifoxonaning 11-palatasida davolanayotgan, jigar kasalligi bilan oğrigan, biroq nevrologiya bölimida yotgan, davolovçi vraçi etib kardiolog-şifokor biriktirilgan bemor Falonçi Falonçiyev, aqalli oğriq qoldiruvçi dori topilmaydigan şifoxonangizda mavjud bölmagan falon-falon dorilarni öz hisobimdan sotib olib keliş uçun ixtiyoriy ravişta şifoxona hududidan taşqariga çiqyapman.
Yölda biror korhol bölib ölib qolsam ham yoki bunça doriga pulim yetmayotganini öylab, yurak xurujidan mardonavor vafot etsam ham, daʼvo qilmayman. Özimga özim javobgarman.
Çeksiz hurmat va ehtirom bilan, bemor: Falonçi Falonçiyev. Sana. Imzo”.
Jiddiy tortgança tilxatni şifoxonaning uzun yölagi burçagida kasallik varaqalarini titkilab ötirgan hamşiraga uzatdi. Hamşira qoğozga qiyo ham boqib ötirmadi. Jild orasiga tiqqança töğri bölim mudirining xonasiga ravona böldi.
Bemor miyiğida kuldi va palataga qaytdi. Oradan ikki daqiqa ötar-ötmas, endigina jemperini ustiga ilayotgan edi, rangi-quti öçgan bölim mudiri hovliqib kirib keldi.
– Ming bor uzr-a, akajon! – dedi.
– Ha, nima böldi, döxtir? – dedi bemor.
– Iltimos, tilxatni bunday yozmang!
– Qanday yozay? – dedi bemor qoşlarini çimirib.
– Sizga nima yomonlik qildik, aka? – deb yalindi bölim mudiri. Söng qölidagi kasallik varaqasiga qaradi-da, aniqlik kiritib, qöşib qöydi: – Mehriddin Toşpölatoviç… Hay, mayli, tilxat-pilxat kerak emas! Hamma dorini özimiz hal qilamiz. Hozir hamşiraga aytaman, pastdagi boşqa bölimlardan topib çiqadi. Zaxiramizda bölişi kerak…
– E-e, şunaqami, döxtir! – dedi bemor.
– Ammo… Mehriddin Toşpölatoviç, – dedi döxtir alohida taʼkid bilan, – sizga ruxsat, tilxat yozib ötirmasdan, istagan paytingiz köçaga çiqib kelavering! Bemalol!
– Yöq, – dedi Mehriddin Toşpölatoviç gajirligi tutib. – Endi bunaqasi ketmaydi. Har safar tilxat yozib ketaman. Doriniyam olib kelaman, dedimmi, olib kelaman. Har olib kelgan dorimni rasmga tuşirib, röyxatini ilova qilib, vazirlikka jönataman. Maʼqulmi?
– Jon aka, unday qilmang, bizning ham bola-çaqamiz bor, – dedi döxtir. Söng öşa kungi qabulxonadagi gapni esladi-yu, ohangini sal yumşatdi. – Mehriddin Toşpölatoviç, öşa kuni kördingiz-ku ahvolimizni. Jigaringiz oğrib kelgan bölsangiz ham, azbaroyi kasal köpligidan, joyimiz esa çeklanganidan sizni nevrologiya bölimiga bazör joylaştirdik. Noiloj edik. Qölimizdan kelgan hamma narsani qilyapmiz. Bizni ham tuşuning. Döxtirlarimizning ayrimlari betob, baʼzilari taʼtilda. Yaxşi mutaxassis yetişmayapti…
Mehriddin Toşpölatoviç eşitişni ham istamay, örnidan qözğaldi. Döxtir yalingança izidan ergaşib, liftgaça bordi, lift eşigi uning uzun burnini qisib qolay deganda ortga tisarildi.
…Dorixonama-dorixona izğib, röyxatdagi dori-darmonni topguniça sillasi quriy dedi. Naq bir quloç keladigan röyxatdagilardan ikkitasi anqoning uruği ekanmi, topilmadi. Töğri, bir dorixonada bor ekan, ammo aytilgan narxning şamolidan bemorimiz qurğurning quloği şanğillab ketdimi, aptekaçining gapini eşitmadi. Şunça qarzi turganda, bu dorini içiş çikora, göyo zarur emasdek qöl siltadi: “Kerakmas…”
Dorini qöltiqlab qaytgan bemor qovoğini uygança hamşiraga yelimxaltani tutqazdi: “Mana, barini, aniqroği, borini olib keldim…”
Hamşira soxta ginadorlik qildi:
– Bekor ovora böldingiz-da, özimizda ham topilar edi-ku…
Mehriddin Toşpölatoviç unga qaradi, lekin sukutni afzal bildi.
Hamşira qizardi, gapiga hatto özi işonmaganidan yer çizib qoldi.
1
…Kallayi saharlab çopa-çop boşlandi. Boş şifokor yiğiliş qilarmiş.
Döxtirlar yugurib zalga kirib kelgan mahal boş şifokor qovoğini uygança, tördagi stolda ötirar, bağoyat bezovta körinar edi. Yuz-közida allaqanday besaranjomlik zohir bölib, ğazab otiga minganday tuyilardi.
Onda-sonda uçrab turadigan bu holat yiğilganlarni çöçitib yubordi. Ular sasini çiqarmasdan, pisibgina kelib, joy-joyiga çökişdi.
Majlis boşlanişi bilan boş şifokorning telefoni jiringladi. U pinagini ham buzmay, qölidagi qoğozlarga betoqat qarab ötirdi.
Söng eşik sekin taqillab, kotibaning sutga çayilgandek oppoq yuzi körindi.
– Keçirasizlar, – dedi kotiba mayin ovozda. – Anvar Sirojiddinoviç, sizni bir odam telefonda sörayaptilar, ulab beraymi?
Boş şifokor:
– Kim ekan? – deya söradi.
– Kimligini aytmayaptilar…
Boşliqning ensasi qotdi.
– Bölmasa, kutib tursin. Majlisdan keyin qönğiroq qilsin.
– Xöp böladi, – dedi kotiba va sekingina eşikni yopdi.
Boş şifokor qölidagi qoğozlarni ğijimladi.
– Bu nimasi, endi?! – dedi qoşlarini çimirib. – Nega tartib-intizom bu ahvolga kelib qoldi? Hamşiralar ustidan şikoyatlar köpayib ketyapti! Bemorlarning köpi norozi. Bunga kim javob beradi?! – deya qoğozlarni havoda öynatdi.
Ötirganlarning dami içiga tuşib ketdi. Qança közlar tuflisining uçini tomoşa qildi.
Biroq yana eşik ohista oçildi-yu, boş şifokorning gapi bölindi. Kotiba tağin mayin ovozda:
– Keçirasizlar, uzr, – dedi ahli majlisga qarab. – Anvar Sirojiddinoviç, boyagi odam yana qönğiroq qilyaptilar. Tuşuntirsam ham tuşunmayaptilar. Juda zarur, deyaptilar.
– Kim ekan axir u? – deya yana söradi boş şifokor.
Kotiba qimtinibgina, past ovozda:
– Rim Papasiman, deyaptilar… Lekin aniğini bilolmadim, – dedi.
Qovoğini uyib, yerga tikilib ötirgan döxtir-u hamşiralar “piq” etib kulib yuborişdi.
Boş şifokorning jahli çiqib ketdi: “Kim ekan u nobakor? Muddaosi nima? Rim Papasiman, deyişgaça borgan ekan, demak, mavqeyi balandroq biror kas bölsa kerak. Yo qandaydir telba…”
Eşikda sarosimaga tuşgança, kulişni ham, kulmaslikni ham bilmay turgan kotiba oğzini poylayotganini körib, jiddiy qiyofada döq urdi:
– Ayting, Sezar band ekan, deng!
Kotiba “xöp, xöp” degança eşikni sekingina yopib qöydi.
2
Sahar çoği uyqusi qoçdi. U tomoniga ağdarildi, bu tomoniga ağdarildi, bölmadi – tong uzun keldi.
Palata ikki kişilik bölib, ikki kun avval şerigi – jaydari bir fermer odam soğayib, uyiga javob berişlari bilan şataloq otib ketdi. Ketar jafosiga izidan kelgan odamlar taşlab ketgan yeguliklarning barini muzlatgiçga soldi. “Buytib oç yotmang, aka. Yaxşi ovqatlaning, mador böladi, tez tuzalib, otday böp ketasiz”, – dedi.
Fermer töğri aytadi, quvvatga kirgan bemorgina tezroq soğayişi mumkin. Kördi, fermer tuşmagur kasalxonaga kelganidan beri oğzi tinmadi. Turgan-bitgani iştaha! Oldidan çiqqanini yamlamay yutadi. Söng huzurlanib kavş qaytaradi. Har kuni qarindoşlari körgani kelişadi. Tölib-toshib kelişadi. Göyo fermer qurmağur şifoxonada emas, kurortda yotibdi, xuddi u bemor emas, ovqatlaniş böyiça jahon çempionatida qatnaşayotgan xöranda. Göştxör çempion!
– Orqangizdan sörab keluvçi bölsa, yaxşi-da, böla, – dedi fermer bir kuni erta tongdan turib olib, dudlangan şirvoz göştining sonidan tişlab, huzur bilan çaynarkan.
– Ha, nimasini aytasiz… – dedi bemorimiz yotgan köyi közlarini zörğa oçib.
Fermer, albatta, bu gapi bilan bemorimiz qalbidagi çeksiz oğriq torlarini çertib yuborganini sezmadi. Axir bemorimizning nainki noz-neʼmatlar bilan siylagani biror yaqini kelmadi, hatto hol-ahvol söraş uçun sim qoqib ham qöyişmaydi. Bu oğriq fermerning taniga begona ekanligini, bu kabi tuyğuni heç qaçon his qilolmasligini pişillagança tovuq göşti ustidan kabobni maydalab çölpillatib çaynay boşlaganida ham seziş mumkin edi.
Bemor fermerning qadoq bosgan qöllariga qaradi. Barkaşday kaftlari, ötmaslaşib, dami qaytgan öroqdek bölib qolgan tirnoqlari va ular orasidagi kir uning umr böyi ketmon dastasidan özgasini tutmaganini körsatar edi. Odam bölib, bundayini körmagan edi.
– Aka, şunça ovqatni qanday hazm qilyapsiz? – deya söradi hazillaşib.
– Bizdi manovi tegirmonday gap, böla, – dedi fermer, qornini silagança jilmayib. – Temir tuşsayam, parça-parça qip hazm qip jubaradi.
– Ha-a, şunaqami, – dedi bemor. – Oşqozon baquvvat ekan-da.
– Baquvvatlikka-ku, baquvvat. Lekin kattalarimiznikiçalik emas…
– A?
– Kattalarimizni aytaman. Bir xillari butun boşli tumanni yeb bitiryapti-ku. Vo-ha-ha-ha…
Fermer oğzini katta oçib, şaraqlab kuldi. Özining gapidan özi ilhom olib, tağin kulaverdi. Tişlari orasidagi mayda çaynalgan luqmadan uşoqlari tuşib ketgunça kuldi. Söng ğijimlangan va sarğayib ketgan römolça bilan yoşlangan közlarini artdi.
– Gap yöğida gap-da buyam, böla, – dedi. Göyo qaltis gap aytdi-yu, “böla”si uni kimgadir sotadiganday, köngliga şubha va hadik oraladi.
Şu mahal palata eşigi uç marta ohista taqillab, “oşxona malikasi” möraladi.
– Keçirasizlar, – dedi u jilmayib. – Yaxşi uxlab turdingizmi?
– Rah-ma-a-at! – dedi fermer kavsh qaytarib.
– Rahmat, singlim, keling, – dedi bemorimiz örnidan turib, ötirar ekan.
– Nonuşta olib kelaveraymi?
– Bugun restoranimizda nima ovqat? Kiyik göştimi yo timsoh göşti? – deya söradi fermer jaği-jağiga tegmay.
“Oşxona malikasi” jiddiy turib:
– Böri göşti! – dedi.
– Ö-ö-ö! Böladi-böladi! – dedi fermer. – Börilar qirilib ketgan desam, hali borakan-da!
“Bu saharmardondan şunça göşt yeb olib, hali nonuşta ham qilsa kerag-ov, – degan öy ötdi bemorning xayolidan. – Ğirt oçofat ekan. Oçofat tişi bilan öziga gör qazir, deydilar…”
Fermer “oşxona malikasi” keltirgan qaynatilgan tuxumni arçiy-arçiy kotletni ham birvarakayiga paqqos tuşira boşladi.
– Bu, deyman, şaharliklaringiz ovqatni heç bilmas ekan, – dedi pişillab. – Ölamsa narsalar beradi, bir tişlamgina narsani ovqat deydi.
– Nega ekan? – deydi hayron bölib bemorimiz.
– Berayotgan narsalarini qarang, kasal odam battar kasal böladi-ku! Oçidan öladi-ku! Odam tuzaladimi şunga? Bizdi qişloqda beşikdagi tişi çiqmagan çaqaloqlar emib bölib, hazm qilarga jeydi bundayçikin narsalardi…
– Obbo! – dedi bemorimiz içida ğijinib. – Kasal odamga parhez buyurilgan-u.
– Töğriku-ya, lekin ovqatning kuçi bölmasa, tuzalmaydi-da. Mana, masalan, meni oling. Erta tongdan bir stakan sut içaman. Izidan ovqat. Qarang, ovqatda göşt bölmasa, içib, oğzimni ovora qilib ötirmayman. Soat önlarda yana ikkita somsami, bir bölak göştmi jeyman. Abed mahali bir kosa şörpami, boşqa suyuq ovqatmi içaman, ustidan palovni uraman. Palov bölmasa, tört sixgina kabob. Keçqurunni aytib ötirmayman: bökkunça jeymiz. Tez hazm böp ketadi. Kuni böyi işlagandan keyin şuytib jemasangiz bölmaydiyam-da, böla. Sillangiz qurib, qovoçoqday qotib ketasiz.
– Ha, şundaymi? – deydi bemorimizning iştahasi oçilib.
– Şunday, şunday… Qorin borida jegan yaxşi-da, böla. Baribir bir kuni oç töyar, yalanğoç kiyar, ölgan ketar. Mendan sörasangiz, mana, qarindoşlar, heşlar ham nonpolvonligimizni özlari bilib, ana şuytib, paket-paket ovqat opkelişyapti-da, – deya kuladi fermer.
“Bir hisobga bunikiyam töğri, – deya öyladi bemorimiz. – Buning tirikligi – ovqat, öy-xayoli – yegulik, dard-u taşvişi – taom. Bundaylarning hayoti mazmuniyam ovqat, aslida…”
Bemorimiz fermer yotgan böş karavotga qaradi. Xuddi u töporilarça qarab: “Turing endi, böla, ovqat jeymiz”, deganday köz oldida jilmaygança gavdalandi.
“Afsuski, mening dardimga ovqat malham bölolmaydi”, deya öyladi bemorimiz. Közlarini yana yumib oldi. Öyladiki, endi vaqtni ortga qaytarib bölmaydi. Bari ötdi-ketdi. Dunyosi qançalar beğubor edi-ya. Odamlar xuddi şu fermerday sodda edi, betaşviş edi. Gurunglar taʼmasiz, kulgilar samimiy edi. Içidan nimadir toshib keldi.
3
Tunov kuni edi-ya, uning ham atrofi töla edi. Döstlari köp edi. Şu paytgaça şifoxonaga yotmagan edi-yu, biroq tumovlanib uyida biror kun yotib qolguday bölsa, tinim bilmay qönğiroq qilişardi. Döstlari-ku, ertasi kuniyoq bostirib kelardi, xabar oliş bahonasida uyida birpas mehmon bölib, ikki şişani böşatib ketişardi. Hatto, tomoği oğrib qolganida ham yöqlaguvçilari möl edi…
Bugun esa u yolğiz. Atrofida öz şarpasidan bölak zoğ ham yöq.
Jigari işdan çiqa boşlagan, dard ustiga dard yopişayotgan bugungi kunda öz yoğiga özi qovriliş nimaligini his qilyapti. Işi orqaga keta boşlagan öşa kunlardan buyon orti ham, oldi ham siyraklaşib, böşadi: ostonasidan avval bundayroq tanişlar, söng eng yaqin döstlarining ham qadami uzildi. Bari juda tez va oson köçdi. Heç kutmagan edi bunçalik bölişini. Ayniqsa, tobutkaşim degan döstlarining tutumini tuşunolmadi. Nahotki, bari yuz ögirdi? Yigitning yiqilgani – singani, degani şunçalik rost edimi?
Töğri, ançagina yuqori taşkilotlarni gullatgan, mansab pillapoyalaridan, sekin-asta bölsa-da, öz kuçi bilan kötarilgan Mehriddin Toşpölatoviç gödakligidan keyin bir marta yiqildi. Biroq yiqilganda ham qaytib önglanmaydigan bölib yiqildi…
…Öşa kuni bölgan qönğiroq olislardan bir qadrdonining samimiy salomini yetkazdi unga.
– Mehriddinjon! – degan gurillagan ovoz keldi göşakdan. – Bormisiz, döstim!
Darrov tanidi: armiyada birga xizmat qilgan vodiylik quroldoş dösti Azizbek!
Quyuq söraşdilar. Birpasda armiyadagi ajib davrlarni esladilar. Quroldoşi tölqinlanib gapirdi. Söng:
– Endi gap bunday, döstim, – dedi. – Töy boşladim, kenja öğilning qölini halollayapmiz. Kelmasangiz bölmaydi. Şu aytganim – taklifnoma berganim. Keling! Kelinniyam, bolalarniyam olib keling.
Mamnun bölib xayrlaşdilar.
Töy zör böldi. Röldaman, deyişiga qaramay, döstlari qadah tutişdi.
– Jiçça-jiçça içsa, osmon uzilib yerga tuşmaydi, döstim, – dedi töy xöjasi. – Bugun mehmonim bölasiz, ertaga yölga çiqaverasiz! Bir kun – ming kun emas-ku!
Quroldoş döstining qölini qaytarmadi. Öşa oqşom unikida qönoq böldi. Bolalari mezbon bolalari bilan tezda çiqişib ketdi, ayoli ham xotin-xalaj bilan çahçahlaşib, çehrasi yorişib ötirdi.
Ertasi kuni yölga çiqar ekan, uzoq xayrlaşdilar.
Bu payt osmon olatasir bölib, hamma yoqni bulut qopladi. Tezroq yetib oliş maqsadida maşinani şiddat bilan haydadi. Dovonga yaqinlaşar ekan, yomğir şivalab quya boşladi. Maşinaning oyna tozalagiçi şitob bilan aylanar, oynaga kelib urilayotgan yomğirni bazör tozalab ulgurar, yölni töliq köriş imkoni çeklana borar edi. Mehriddin Toşpölatoviç neça yillik tajribasiga tayanib, röl çambaragini işonç bilan boşqarib ketayotgan edi. Şu zaylda ança masofa bosib ötildi.
Ammo dovondan ötib, quyiga enayotganda kutilmaganda maşina bir tebrandi-yu, gandiraklab-gandiraklab ketdi. Mehriddin Toşpölatoviç röl çambaragini mahkam öngarişga urindi, ammo natija çiqmadi. Maşina sirğangança, qiyalik tomon boraverdi.
Yonidagi örindiqda ötirgan ayoli dod dedi. Qöllariga yopişdi. Göyo, rölni burişga yordamlaşmoqçi böldi. Nimalar bölayotganini anglolmayotgan bolalari qiy-çuv qildi. Rangi dokadek oqarib ketgan ayoli:
– Töxtating! – deya baqirdi.
Ammo qani endi maşina töxtay qolsa. Oxiri bor kuçi bilan tormozni bosdi. Maşina bir munkib, çayqalib, aylandi-yu, jarlikka qarab quladi…
Qulayotganda ayolining “Xudoyjonim, Özing asra!” degan çinqiriğini eslaydi, xolos. Ammo…
Uç kundan söng şoşilinç tibbiy markazda közini oçganida keç bölgan edi. Juda keç edi. Xudoyjon asramagan ekan… Oilasi endi yöq edi. Ayoli, öğilçasi va hali gödak qizçasi nobud bölgan edi… Qarindoşlar barini yerga qöyib bölgan edi…
Momataloq bölib ketgan badani oğriqlarni sezgandir, ammo öşanda yuragida his qilgan zirqiraşlar hanuzgaça uni tilka-pora qiladi. Bir kunda sevikli ayoli, jondan aziz farzandlaridan judo bölgan odamning ölikdan farqi qolmas ekan.
Mehriddin Toşpölatoviç öşanda, endigina huşiga kelganida yonida oilasini emas, oq xalatdagilarni körganida xayollari uçqur otdek ming köçaga kirib çiqqani, tili aylanmay gapirolmagani, ayoli, bolalarining ahvolini sörolmay qolganini doim yuragida sançiq bilan eslaydi.
Xuddi beşikda yotgan çaqaloqday ojiz sezadi özini. Qöl-oyoği boğliq, dardini aytişga til-zaboni yöq gödakday his etadi. Faqat içida biğillab yiğlaydi. Dard-alamlarini içiga yutib, bözlaydi. Har qaragan odamga javdirab boqadi: “Nega?! – deydi çeksiz nadomat-u armon bilan, – Nima uçun, axir? Endi qanday yaşayman?! Bari tamom böldimi, a?! Qanday boş kötarib yuraman… Oh, bolalarim yaşasa bölmasmidi… Özim ketsam bölmasmidi…”
Tirik qolganning şöriga şörva tökilar ekan: Mehriddin Toşpölatoviçni bilganlar rahmi keldi, bilmaganlar, ana, tirik murda, deya yuz burib, özini undan olib qoçdi. Boşiga tuşgan kulfatning zahri ketmasidan döstlari ham ostonasidan qadamini uzişdi. Ular bilişardiki, endi Mehriddin Toşpölatoviç avvalgi Mehriddin Toşpölatoviç emas. U endi ilgarigi Mehriddin Toşpölatoviç bölmaydi. Bölolmaydi. Çunki u sindi. Singandayam, ulay-bulay sinmadi. Endi undan sirayam naf yöq…
Ölmagan qul bir kunini körar ekan. Mehriddin Toşpölatoviç ming joyidan singandir, hatto öz hayotiga nuqta qöyişga urinib ham körgandir, ammo nimadir uni uşlab qoldi. Köngil puçmoqlarida nina teşigidek bir yoruğlik, qandaydir bir ilinj yaşaşga undadi. Mayli-da, yolğizning yori – Xudo, dedi.
Ammo şu könikkanlariga endi biroz açinadi ham. Ayniqsa, mana, bugungidek şifoxonada yotganlarida. Ayniqsa, nimadir kerak bölib qolsa-yu, hamşiralar bilib-bilmay, “Uyingizdagilarga ayting, olib kelib beradi”, deyişsa… Ayniqsa, mana bu xonadoş “bördoqi” fermerga öxşaganlar izidan xabar oluvçi yaqinlari, sumkasini töldirib yegulik taşuvçi bolalari haqida oğzini töldirib gapirganlarida… Ayniqsa, bunday palatadoş bemorlar: “Ha, aka, ovqatdan oling. Siznikilar olib kelsa, keyin menam tortinmay jeyberaman”, deya ösmoqçilaganlarida… Ayniqsa, nega sizning uyingizdagilar xabar olişmayapti? Uzoqda yaşaysizmi yoki, deya atay burovga olganlarida… Ayniqsa, yolğiz qolgan çoğlarida döstlarining hayotdan sarmast-u sarxuş çehralarini köz oldiga keltirganlarida… Ularning doim yonida payti aytgan iliq gaplarini eslaganlarida…
…Titrab ketadi. Yuraklari çok-çokidan sitilib, jigar-bağridan nimadir uzilganday böladi. Içidan zil ketadi.
Odamlar doim ojiz tomoningni nuqib körsatişga usta böladi. Yaxşiyamki, şifoxonadagi manavi bandalar Mehriddin Toşpölatoviçning dardidan bexabar. Xabardor bölişsa, sal öylab gapirişarmidi…
Yöq, deya öylaydi Mehriddin Toşpölatoviç, öylab gapirişmas edi. Qaytanga, jörttaga gapirişardi. Ezib gapirişardi. Gap-söz-u gurunglar murodini ham atay şu tomonga qarab burişardi. Bular-ku, mayli, begonalar ekan, ularga dardi-hol qilmagan maʼquldir. Ammo eng yaqinlaring ham şunday qilişi alamli-da. Şu sababli ham Mehriddin Toşpölatoviçning dili iztirob-u zardobga tölgan. Faqat heç kimsaga sezdirgisi kelmaydi, xolos.
“Qayeringdir oğrisa, heç kimga bildirma. Ayniqsa, döstlaringga sezdirma. Bölmasa, ular aynan öşa yeringni barmoqlari bilan ezib-ezğilab, azob berişadi…”
Xayollari esa çeksizlik va muallaqlik aro tentirab qoladi. Tanasida jon bormi-yöqmi, sezmaydi. Tirikmi, ölikmi, bilmaydi. Eski xotiralar-da bir-bir jonlanib, tinçlik bermaydi…
4
Bunday çoğlarda hadeb bir xayol kelaveradi köz oldiga: olislarda, qaysidir yurtda, köhna va mumtoz bir zaminda meni kutguvçi bir qora köz bor, deb öylaydi. U kaminani yoniga çorlayveradi, deya xayol qiladi. Menda ne iş-yumuşi yo dardi bor – bilmayman, deydi.
“Ammo közimni yumsam, mudom öşa mumtoz siymo gavdalanadi, imlab çaqiradi. Bu nigohda goh quvonç, goh anduh, goho mehr tafti ufurib turadi. Men öz vaqtida unga dardimni heç aytolmadim”, deya kuyunadi.
“Öşanda ham ikkilanardim. Aytay derdim, tilim aylanmasdi. Dardim tökis çiqmaydi. Fikrlarim çuvalaşib ketadi. Qalbimda asrab yurganlarimni bayon etişga jurʼat topolmayman. Qaçonlardir unga köngil rozlarimni, albatta, aytişimga işonib yaşadim. Faqat… faqat bir narsadan qörqaman: könglimni unga oçsam, yaşaşdan maʼni qolmay qoladiganday… Qöşiq misol aytgim keladi. Şeʼr qilib hayqirib öqigim keladi. Ammo aytolmayman.
Bu yoşimda buni aytiş kulgili… Ustimdan kulmasmikan, deya öylayman ham. Biroq naçora, ötgan kunlar saboği samimiy odam bölişimga yöl qöymayapti. Munosabatlarda darrov kalavaning uçini yöqotib qöyyapman.
Inson böyniga sirtmoq osib, ölimini kutib turgan paytida ham biror içakuzdi latifa aytsangiz, bexos kulib yuborişi mumkin. Bu uning ongi boşqarilişidan, hissiyotlari taʼsir quvvatiga boğlanganidan dalolatdir.
Ammo heç kim mening böynimga sirtmoq solgani yöq. Hayotimning özi sirtmoqqa döndi, undan qoçib qutuliş uçun boşqa bir sirtmoqqa boş tutmoğim lozim.
Seni butkul unutişni qança xohladim. Ammo unutolmayapman.
Endilar özim ham yolğizlik istayapman. Mana, ketmonqöl fermer ham ketdi. Palatada yolğiz özim qoldim. Ukol-u dori yutişdan ham çarçab ketdim, rostini aytsam. Ruhim oğirlaşib boryapti. Hatto qölimni qimirlatiş ham malol kelyapti. Faqat miyamni fikrlar, ziddiyatga töla öylar böridek ğajiyotganini hisobga olmasa, jim yotib kuni bilan xayol surgim keladi. Heç kimni körarga közim yöq.
Jonim oğrimasa-yu, hamşiralar ham kirib, bezovta qilmasa, ukol urmasa, manavi doringizni içib oling, deb holi-jonimga qöymay, xayollarimni çuvalaştirib yubormasa, qani edi; haftalab özim bilan özim gaplaşib yotsam, hojat uçun ham joyimdan turmasam, misoli ölikdek şiftga termilib, xayollarga berilsam, ötmişimizni eslasam, birga keçirgan damlarimizni xotiramda tiklab, yuraklarim dukurlab urib ketganini yana bir bor his qilsam, qani edi, öşa baxtiyor yoşlik çoğlarimga bir kungina qaytsam, qilgan xatolarimni anglab, ularni töğri amallarga döndirsam, besamar ketgan vaqtimni foydali işlarga sarflasam, yonimda doim özlarini sadoqatli döstdek tutib, vaʼz öqigan, neça yillar umrbod döstlik haqida safsata sotib, bir kunda duşmanimga aylangan “döst”larim bilan yölimni ayro tutsam-u, boşqa adaşmasam, qani edi, könglimga har doim azob berib kelgan qançadan-qança notöğri işlarimni töğrilaş imkoniga ega bölsam, qaçonlardir öz oldimga qöygan maqsadlarim – halovatli kasbimga qaytib, odamlarning ğubor bosgan qalbini sozlasam, çirkin öy-xayollari va urçib ketgan bad tuyğularidan foriğ etib, köngillarini nurafşon qilsam-u, tağin olqişlar olsam, qani edi, bir umrga sendan ayrilganim öşa maşʼum kunni eslamasam, aniqroği, öşa qora kun hayotimda sodir bölmagan bölsa, qaniydi azob-uqubatlar içra qolib ketgan, heç tugamasdan çözilgan uzun yillarimni xotiramdan çiqarib, uloqtirib yuborsam-u, tilim-tilim bölib kuyiblar ketgan yuragimga malham topsam, qaniydi orzu atalmiş noyob tuyğuni yançib, kunpayakun qilganimni, sendan keyin huvillab qolgan könglimga çiroq yonsa-yu, hayot yöllarim biroz ravon, umrim tirnoqday bölsa-da, halovat bilan bezalsa…
Afsuski, unday bölmadi. Taqdiringni özing yaratmaysan, ammo yaratib berilgan taqdiringni özing istaganday yaşaşga urinib körişing mumkin.
Urinib köryapman, lekin bölmayapti. Xayollarni qöy, hayotda ham yolğiz qoliş naqadar azobli. Çin yetim bölmaganimda, ehtimol, hozir aka-ukam dardimga malham bölarmidi… Heç bölmasa, opam yo singillarim dalda berarmidi.
Aksiga olib, tus yetimman… Yetimning körgan kuni qursin.
Hayot yöldoşlarim, bir zamonlar tobutkaşim degan döstlarim ham endi yöq – jon döst kim-u, mol döst kim – keç angladim. Insonning asl yuzini uning senga heç qanday ehtiyoji qolmaganidan sönggina körib, bilasan ekan. Ungaça xomxayollarga aldanasan…”
5
…Palata eşigi taqillab, hamşira kirib keldi. Oçiq çehrali, kulimsirab turuvçi hamşira mayin ovozda:
– Ukolingizni qilib qöysam maylimi? – deb söradi.
– Bemalol! – dedi Mehriddin Toşpölatoviç horğinlik bilan.
Hamşira qölidagi tibbiy aşqol-daşqolini tumbaga qöyib, tomçi ukol uçun ninani sozlay boşladi.
– Şerigingiz ketdilarmi? – dedi jilmayib. – Bir özingiz zerikmayapsizmi?
– Bu yer öz oti bilan kasalxona-da, kelib-ketuvçi bilan-da… – dedi Mehriddin Toşpölatoviç.
– Töğri, – dedi hamşira. – Zerikmay turing, erta-indin yangi bemor kelib qoladi, zerikmaysiz keyin…
Hamşira şunday deya ninani bilagiga suqar ekan, ğoyatda mehribonlik bilan yana söradi:
– Oğrimayaptimi?
Mehriddin Toşpölatoviç yöq deya işora qildi.
– Bir xil kasallarimiz bor, ninani tiqmasimizdan dodlaydi, – dedi hamşira kulib. – Kap-katta odamlar-a! Şunçayam qörqişadimi…
Mehriddin Toşpölatoviç uning közlariga sinovçan tikildi va:
– Haqiqiy oğriq nimaligini hammayam bilmaydi-da… – dedi.
Hamşira buni şunçaki, yöl-yölakay aytilgan gap deb tuşundi.
“Ana, – deya öyladi Mehriddin Toşpölatoviç, – buyam tuşunmadi gapimni. Jismoniy oğriq odamni öldirmaydi…”
Hamşira ketar çoğida bir parça qoğozni oldi-da, yozdi. Söng tutqazdi:
– Mana, hozir söragan telefon raqamingiz, – dedi jilmayib. – Boş şifokorimiz bugun işda bölarkan.
Mehriddin Toşpölatoviç qoğozçani olib, aylantirib qaradi. Raqamni darrov yodlab oldi. Hamşiraga rahmat aytib, qoğozçani tumbaga solib qöydi.
…Ertasi kuni tongdanoq öşa raqamga qönğiroq qildi. Kotiba boş şifokor majlis qilayotganini aytib, göşakni qöyib qöydi.
Jahli çiqdi. Raqamni qaytadan terdi. Ovozini balandlatibroq gapirdi. Kotiba noiloj qoldi. Hozir, dedi-yu, tezda qaytib kelib, keyinroq qönğiroq qilişni aytdi. Bu gap boyagidan ham oğir botdi. Nashʼa qilib ketdi. Yana raqam terdi. Kotiba beorlarça, kimsiz özi, dedi. Tili qiçiblar ketdi. Xayoliga bu gap qayerdan keldi – bilmadi:
– Rim Papasiman! – dedi u zarda qilib. – Tez çaqiring boşliğingizni!
Kotiba kalovlanib qoldi. Heç nimaga tuşunmadi, şekilli, yana hozir dedi va birpasda qaytib: “Sezar band ekan”, dedi qurmağur.
Mehriddin Toşpölatoviç öşa lahzalarda nima deyişni bilmay qolgani rost. Qiçigan tili kalimaga kelmay qoldi. Qizgina rosa bopladi-ku! Oğziga gap bilan çunonam urdiki, bu javobdan söng Mehriddin Toşpölatoviç ikki qölini kötarib, taslim bölmoqdan özga çora topolmay qoldi.
Xöş, endi nima ham derdi? Nima qiladi? Mayli, boş şifokor göşakni kötardi ham deylik. Unga nima deydi? Soğliğidan şikoyat qiladimi? Yöğ-ey, unday qilib bölmaydi. Hamşiralar ustidan mağzava ağdaradimi? Yöq, bularda ne ayb? Tili şirin, oyoq-qöli çaqqon, qöli yengil şifokorlar-u hamşiralar ustidan şikoyat qilsa, nonkörlik bölar. Dori-darmon berilmayotganini aytib yozğirsinmi? Yöq, meniki bölmagani bilan döxtirlarning bola-çaqasi bor… Unda nima deydi boş şifokorga?…
E, ha! Topdi!
Qönğiroq qilib, palataga boşqa bemorni qöymaslikni söraydi!
Özi, ana, bir haftadan buyon közi tört bölib, palata eşigiga termilib yotibdi. Gohida derazaga ham boqib qöyadi: xuddi kimdir – biror odam yöqlab keladiganday tuyilaveradi. Har tong, har tun şunday tuyilaveradi.
Biroq tong ketidan şom, şom ortidan tong otaveradi. Ammo baribir heç kimsa uni yöqlab kelmaydi.
Şunday ekan, özi oz kuni qolgani, şu oz kunlarni bir özi, yolğiz ötkazmoqçi ekanini aytadi. Odamlar orasida tuzala olmasligini tuşuntiradi…
Yolğizlik – ukol-doridan ham yaxşi taʼsir qilişini aytib, yolğiz qoldirişlarini ötinib söraydi…
Toşkent
2024-yil, noyabr
Jasur KENGBOYEV
1985-yili tuğilgan. Özbekiston davlat jahon tillari universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida tahsil olgan. “Köhna belboğ”, “Yurakning bir çeti”, “Özbekning qarzi”, “Hadik” nomli kitoblari çop etilgan.
“Yoşlik” / 2025 / 8
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


