Dengizni ko‘rmagan odamlar

0
87
marta ko‘rilgan.

(Romandan parcha)

 

Nasimning bir so‘z demay, bir dunyo gap ayta olishi Badalga ma’lum edi. Ammo uning ko‘zlari shunday bir cheksizlikni o‘ziga jo etishi mumkinligiga Badal Armon ilk daf’a guvoh bo‘ldi. Ushbu ko‘rganidan tug‘ilgan hayratini jilovlab ulgurmasidan, Nasimning ko‘zlaridan ayni hasratni hosil qilmish kechmishi pirillab o‘ta boshladiki, bu g‘ayb ro‘yodan sal bo‘lmasa Badalning aql-hushi boshidan uchayozdi. Xuddi kinodagidek. Birin-sirin. Bor tafsilotlari bilan. Ana, Ibod, ana, Badalning o‘zi. Yana Ibod, yana uning o‘zi… Naq it-mushukday g‘ijillashgani-g‘ijillashgan. Nasim esa bunga beparvo. Nasimga go‘yo baribir. Xuddi ularning bu tarz it-mushuk bo‘lib g‘ijillashishlari sababchisi o‘zi emasdek. Nasim har gal g‘alaba izidan safarga otlanarkan, doim qayoqqa ketayotganini bilishga urinardi. Ya’ni borayotgan yeri qayerda, ob-havosi qanday, qaysi tilda so‘zlaydilar va hokazo. Bilishga Nasim urinardi-ku, ammo it-mushuk bo‘lib nuqul ular g‘ijillashardilar. Bu hozir, chetdan kuzatganda unga shunday tuyulyapti. Ibod bilan g‘ijillashayotgan dam aslo o‘zini itday yo mushukday his qilmagan edi. Umuman, o‘sha payt o‘zining haqligidan boshqa nimadir ko‘ziga ko‘ringani hozir esida yo‘q. Nasim esa beparvo. Nasimga go‘yo baribir. Hatto borayotgan yeri Ibod bilan Badal ko‘ndalangi-yu bo‘ylamasiga qayta-qayta “shudgorlab” chiqqan xaritalarning hech bittasida ko‘rsatilmagani ham. “Gapdon To‘tilar ya.o.” degan yozuv xaritalardagi raqam bilan belgilangan mayda jug‘rofiy hududlarning ro‘yxatidan ham topilmadi. Gapdon To‘tilar yarimoroli to‘g‘risida ular faqat shuni bilishardiki, u uch tomondan suv bilan qurshalgan edi. Bilaks, u, tabiiyki, yarimorol atalmasdi. Tag‘in u yerda to‘tilar, ha, oddiy emas, naq gapdon to‘tilar suhbatiga quloq tutish imkoniyati mavjudligini ham komil ishonch bilan taxmin qilsa bo‘lardi. Faqat ularning aynan qaysi tilda javrashlari butkul jumboq edi. Ibod bilan Badal o‘rtasida janjal ham ana shundan chiqdi. Uzoq o‘ylashlar va ikkilanishlardan, taxmin-u har turli tusmollardan keyin Badalning miyasiga tuyqus bir fikr keldi. To‘g‘ri, u xiyla bahsli edi. Lekin Badal zinhor uni shak-shubhasiz deb da’vo qilish niyatida emasdi.

– Tili bor-u, lekin… – dedi u qaysidir boshqotirmani eslagan bo‘lib va so‘ng Nasimga qaradi. – Balki lotincha so‘zlashishar-a?

– “Lotincha so‘zlashishar-a”, – deya mazaxlab, darrov uning og‘ziga urdi Ibod. – Hali itlar ham sening shu sassiq kapalaklaring tilida huradi deb aytarsan?

Badal lov etib o‘t oldi.

– Sassiqligini qayerdan bilding? – dedi Ibodning yoqasidan mahkam tutib.

Ibodning rangi quv o‘chdi.

– Hazil-ku! Hoy, nima, hazilni tushunma­dingmi? – dedi Badalning changalidan chiqishga urinib.

Lekin Badal shashtidan tushmadi.

– Yo‘q, ayt, qachon hidlaganding? – deb battar burovga oldi u.

Nasim safarga chiqishi arafasida bo‘lib o‘tgan bu mojaroni qo‘nish oldidan tuyqus esladi. To‘g‘rirog‘i, Badalning yarimorol uch tomondan suv bilan qurshalgan bo‘lishi lozimligi to‘g‘risidagi da’vosi esiga tushdi va shuning asnosida bu mojaroni ham yodga oldi. Biroq atrofni enlamish quyuq bulutlar pardasi ortidan hech narsani farqlab bo‘lmadi. Na yerni va na dengizni. Ammo Nasim derazadan qarab, yerni ko‘rishga urinmadi. Yerni u bilardi. Yerning rangi, shakl-shamoyili va hatto ta’mi ham unga yaxshi ma’lum edi. Bu ta’mni u hozir ham dimog‘ida his qilib borardi. Garchi osmon-u falakda, bulutlar bag‘rida uchib ketayotgan bo‘lsa-da. Chunki qanotlar o‘ziniki emas, u bu dam oynasidan qarab, dengizni ko‘rishga urinayotgan “po‘lat qush”niki edi. Buning sababini Nasim yana o‘zini osmon-u falakka, bulutlar bag‘riga olib chiqqan “po‘lat qush”ning zuvalasi ko‘kda va aslo parqu bulutlardan yoki oftob zarrasidan emas, yerda, yerning bag‘rini o‘yib olingan bir misqoldan qorilganida ko‘rardi. “Po‘lat qush”ning otni hurki­tadigan sumbatida ham u parvoz va samovot bilan bog‘liq hech narsani ko‘rmasdi. Qanotlardan tashqari, albatta. Ammo ular ham Nasimning dilida parvozga rag‘bat uyg‘otmasdi. U tayyorani qushga emas, ko‘proq o‘zining itqitish tugul, qo‘lga olish ham birovga malol keladigan qadrdon soq­qatoshiga qiyoslardi. Nasim engashib uni yerdan ko‘tarib olardi, shoshilmay yurib davraga kirardi, toshni yelkasiga qo‘yardi va boshini u tomon xiyol solintirib, so‘ng jahd bilan itqitardi. Tosh havoda ma’lum vaqt bo‘lib, yana yerga qaytib tushardi. Nasim tayyora osmon-u falakka harchand ko‘tarilmasin, bulutlar uzra qancha parvoz qilmasin, baribir yerga qaytib qo‘nishiga ko‘nikkan edi. Shu bois, u hech qachon derazadan tikilib, yerni izlamasdi. Badalning aytgani yodiga tushmasa, balki mutlaqo derazadan qaramasdi ham. Ammo Nasim Badalning aytganini esladi va yuragi g‘alati hapriqib, derazaga tumshuq tiradi. Derazadan tikilib dengizni qidirdi. Chamasi, uning tomirla­rida bu dam dunyoga kelib hech qachon dengizni ko‘rmagan, lekin bir umr uni ko‘rish istagida yonib yashagan yetti, kim bilsin, balki yetmish ajdodining qoni gupirardi.

 

Dengiz Nasimga o‘zini ko‘rsatmadi. Tayyora nihoyat pastlab, yerga qo‘ngach, Nasim tashqariga chiqib, daf’atan yuziga urilgan va ko‘zlarini qamashtirgan begona quyoshga nigohi ko‘nik­kach ham dengizni ilg‘amadi. Lekin uning nafasini his qildi. Rost, Nasim umri bino bo‘lib o‘zining yetti, kim bilsin, balki yetmish ajdodi singari dengizni ko‘rmagan, demakki, uning nafasini ham tuymagan edi. Ammo u yerning hidini bilardi. Shu tobda dimog‘iga urilib, tomirlaridagi hech qachon dengizni ko‘rmagan, lekin umr bo‘yi uni ko‘rish istagida yonib yashagan yetti, ehtimol, yetmish ajdodidan meros qonni battar gupirtirayotgan bu nafasni esa aslo yerniki deb bo‘lmasdi. Nasim dimog‘ini chog‘ etmish ayni matlub nafasni huzur qilib simirib, tayyoraning darchasiga g‘ildiratib keltirib tirkashgan zinalardan asta pastlar ekan, Ibod ta’birlamish “kapalaklar tili”ga mansub yodiga tushgan birinchi so‘zni aytdi:

– V e n i[1].

Ammo hech kim eshitmadi.

U haqda ko‘p so‘zlashardi. U haqda ko‘p yozi­shardi. Uning g‘alabalaridan hayratlanishardi. Uning g‘alabalarini olqishlashardi. Chamasi, bu olqishlar va hayrat izhorlari uning dilida shavq uyg‘otib, yangi g‘alabalar sari undaydi, deb gumon qilishardi. Ammo u o‘zi haqidagi gap-so‘zlarga quloq solmasdi. O‘zi haqida yozilganlarni hech qachon o‘qimasdi. Uning dilida shavq, yangi g‘alabalarga rag‘bat uyg‘otishi taxmin qilingan olqishlar, hayrat izhorlariga ham mutlaqo befarq edi. Olqishlovchi, hayrat izhor etuvchi avom uni omad, g‘alaba, g‘oliblik timsoli hisoblardi. Ammo u o‘zini omadli deb bilmasdi. G‘alaba, g‘oliblik hissi ham unga butunlay begona edi. U itqitish tugul, qo‘lga olish ham birovga malol keladigan zil-zambil soqqatoshni ko‘tarib, davraga kirarkan, kimnidir yutish, kimdandir ustun kelish haqida o‘ylamasdi. U hatto raqiblari to‘g‘risida ham hech narsa bilmas, bilishga urinmasdi. Hech kim yutmagani bois, u g‘olib chiqardi – bor gap shu edi, xolos. U asli itqitish tugul, qo‘lga olish ham birovga malol keladigan zil-zambil soqqatoshni emas, o‘sha, hozirda o‘zini olqishlab, hayrat izhor etishdan charchamayotganlardan biri bo‘lgan payti qisman eslagan, qisman nomi bor-u, o‘zi yo‘q shoirning ash’oridan o‘qib bilgan o‘tmishini jahd bilan nari itqitardi. Ammo u harchand tirishmasin, qanchalik jahd qilmasin, tosh havoda ozroq uchardi-da, o‘n besh-yigirma odimcha nariga borib “tap” etib tushardi. U hatto ko‘z ochib yumishga ham zo‘rg‘a ulgurardi. Va aynan shu, ko‘z ochib yumgulik lahza uning dilida umid uchqunlardi. Balki shu safar tosh qaytib tushmas, balki shu safar “tap” etgan tovush quloqqa chalinmas va o‘tmishning tavqi la’nati meni tark etar, degan umid. Lekin tosh baribir qaytib tushar va uning umidini chilparchin qilardi. Shunisi qiziqki, tosh yerga “tap” etib tushib, uning umidini chilparchin qilishi barobar, o‘yingohni to‘ldirgan tomoshatalablar joylaridan irg‘ib turishar, qiyqiriq va olqishlardan yer-ko‘k larzaga kelardi. Nasim labini alamli qimtib, boshini xam qilgan ko‘yi davradan chiqarkan, kimlardir chopib kelib uning bo‘yniga osilar, qo‘lini siqar, yelkasiga qoqar va hatto yuzlaridan cho‘lpillatib o‘pardi. Shu tarz ular Nasimni g‘alaba bilan qutlashar, go‘yo uning sevinchiga sherik bo‘lishardi. O‘zlarining nazdida, albatta. Aslida-chi? Aslida, Nasimga ayni dam yer-ko‘k qorong‘i edi. Bu lahza dunyoda Nasimdan mag‘lubroq kimsa yo‘qligini hech kim xayoliga keltirmasdi. Hatto uni so‘zsiz anglamoqqa qodir yagona inson – Badal ham. Lekin birinchi o‘rinda – Zulun Farmon. Agar Nasimni eshitmaydiganlar o‘rtasida birinchilik o‘tkazilsa, g‘oliblik, shubhasiz, unga tegardi – Zulun Farmonga. Ammo u shusiz ham Nasimning g‘alabalari soyasida orom olardi va chamasi, bundan ortig‘iga da’vo qilmasdi. Rahnamoligi ostida qo‘lga kiritilayotgan g‘alabalarning o‘zi unga kifoya edi.

– Tillo, bachchalar, faqat tillo! – deb uqtirardi u hammani uzun safga tizib, bellashuvga boshlab chiqarkan. – Sadaf ham, birinj ham emas, faqat tillo!

Barcha tushunadigan tilda bu: “G‘alaba, faqat g‘alaba!”, degani edi. Lekin u butun musobaqa davomida ham turgan yo o‘tirgan joyida asabiy yer tepib, faqat o‘zinikini takrorlardi:

– Tillo, faqat tillo!

Bundan avval, ya’ni har erta azonda shaxsan Zulun Farmonning o‘zi hammani ortidan badan tarbiya mashg‘ulotiga yetaklab chiqardi.

– Yak, du! Yak, du! Ha, bale, bale!

Buni Zulun Farmonning shotirlaridan biri u aytgandek qilib, ular bilan tengma-teng lo‘killab chopib takrorlardi. Zulun Farmonning o‘zi esa bu paytda yumshoq chim ustiga keltirib qo‘yilgan kursida issiq junko‘rpaga o‘rangancha yaslanib, qahva ichib o‘tirardi. Jajji quloqpiyoladagi qaynoq xushbo‘y qahvaga asta lab tekkizarkan, u har zamon-har zamon xuddi nimanidir ma’qul­lagan kabi o‘zicha bosh silkib qo‘yardi. Chamasi, shu asno Zulun Farmon o‘z rahnamoligi ostida o‘tkazilayotgan ayni badantarbiya mashg‘uloti qo‘lga kiritilajak g‘alabalarga nechog‘li mustahkam zamin hozirlayotganini qahvaga uqtirishga urinardi.

“Tillo” vasvasasi Zulun Farmonni tunda uyqusida ham tark etmasdi – ular orqavarotdan o‘z davralarida shunday hangoma qilishardi. Ammo bor gapni uning yuziga dangal aytishga hech kimning haddi sig‘masdi. Aytishdan naf ham yo‘q edi – bu uning vosvos kasalini battar zo‘riqtirardi, xolos. Ularning quloqlariga yetib kelgan gap-so‘zlarga qaraganda, Zulun Farmon kimsan – Bashirjon ota Zaynishuvning[2] o‘zlariga tegishli odam edi. Bu yerga nimadir bo‘lib adashib kelib qolgan va endi “tillo” sanab, “tepa”dan “xushxabar” kutardi. Zulun Farmon haqida Nasimning biladigani yana shu ediki, u, o‘z homiysi Bashirjon ota Zaynishuv kabi, Shoshda yashaydigan hofizning barcha zamonlarda va zaminlarda ham o‘z egalarini topajak qo‘shig‘ini xush ko‘rar, rahnamoligi ostida qo‘lga kiritilgan g‘alabalar sharafiga be­riladigan ziyofatlarda o‘zi suygan shu qo‘shiqni mashshoqlarga qayta-qayta ayttirar, ozgina “qizib” olgach esa, sahnaga chiqar va ularga qo‘shilib davrani qizdirardi:

Zamon, zamon, bizning zamon, davron bizniki-i-i,

Qo‘limizda yer-u osmon, imkon bizniki-i-i…

Eng ma’qul yo‘l – parvo qilmaslik edi. Zulun Farmonning vosvos kasaliga ham, uning kimsan – Bashirjon ota Zaynishuvning o‘zlariga tegishli odam ekanligi-yu bu yerda “tillo” sanab, tepadan “xushxabar” kutayotganiga ham. Nasim aynan shunday ish tutardi. Ya’ni parvo qilmaslikka urinardi. Ko‘p holda buni uddalardi ham. Ammo gohida miyasiga qon tepardi. Itqitish tugul, qo‘lga olish ham ko‘pda birovga malol keladigan zil-zambil soqqatoshini Zulun Farmonning: “Tillo, faqat tillo!”, deb javrayotgan chakagini mo‘ljallab otish yoki shartta yurib borib, uning o‘zini o‘tirgan kursisi-yu quloqpiyoladagi qahvasi bilan ko‘tarib irg‘itish fikri tug‘ilmasdi, yo‘q. Dilida boshqa bir istak jo‘sh urardi: bellashuv ayni avjga chiqqan pallada, odatdagidek, itqitish tugul, qo‘lga olish ham ko‘p-da birovga malol keladigan zil-zambil soqqatoshni ko‘tarib, olqish va qiyqiriq sadolari ostida davraga kirish, kirib, sukunat qo‘pishini kutib tin olish, nihoyat, ovozlar tinib, ehtiroslar bosilgach, itqitish tugul, qo‘lga olish ham ko‘pda birovga malol keladigan zil-zambil soqqatoshni xuddi salmog‘ini chamalagan kabi qo‘lda bir-ikki o‘ynatib, so‘ng yelkaga qo‘yish, yelkaga qo‘yish-da, boshni xiyol u tomon solintirib, bukchaygan asno fursatni kutish, tomirlaridagi qon vijirlab qaynab, muskullar uzilgudek tarang tortiladigan fursatni, tomirlardagi qon vijirlab qaynab, muskullar uzilgudek tarang tortilgach, “Ha-a-ayt!”, deya qichqirib, toshni jahd bilan nari itqitish, itqitish va tek qotib, uning nechog‘li olisga otilganini bilmoqchidek, ortidan tikilish, vujudi quloqqa aylanib, toshning yerga “tap” etib tushishini kutish, nihoyat, bu ovoz eshitilib, yer-ko‘k olqishlardan larzaga kelgach, kimlardir g‘olibning bo‘yniga osilish, qo‘lini siqish, yelkasiga qoqish, yuzlaridan cho‘lpillatib o‘pish yoki boshqacha bir tarzda qutlash maqsadida u tomon oshiqqan, Zulun Farmonning “tepa”dan kelishi lozim bo‘lgan “xushxabar”ga intiq ko‘zlarida “tillo, faqat tillo” jilosi o‘ynagan lahzada esa, bellashuv rusumiga ko‘ra ortga burilmay, olg‘a qadam tashlab davradan chiqish, ya’ni hakamlarga hal qiluvchi sanalmish bu behad omadli urinishdan, demakki, g‘alabadan ham voz kechganini anglatish, olqishlab, qiyqirib terlagan olomonning: “Shuncha tomoq yirtganimiz hayf ketdimi?”, degandek norozi uvlaganini eshitish, bundan ham muhimi – Zulun Farmonning, ha, aynan uning tepa sochi tikka bo‘lganini ko‘rish, dahshatdan baqraygan nigohini his qilish…

Mana, Nasimning dilida qanday istak jo‘sh urardi! Itqitish tugul, qo‘lga olish ham ko‘p-da birovga malol keladigan zil-zambil soqqatoshini ko‘tarib, davraga kirguniga qadar. Davraga kirdi deguncha u hammasini unutardi. Zulun Farmonni ham, uning tepa sochini tikka qilish, dahshatdan baqraygan ko‘zlariga miriqib tikilish istagini ham… Nasim jahd bilan davrada gir aylanib, toshni itqitardi. Itqitardi-yu qo‘llarini musht qilib tugib, bo‘g‘ziga kelib qadalgan achchiq nimanidir yutishga uringancha, burilib davradan chiqardi. Atrof olqish va qarsaklardan larzaga kelardi. Ammo u hech qanday ovozni eshitmay, ko‘zlari hech narsani farqlamay, maydonni tark etardi. Zero, ko‘zyoshi bilan bog‘liq yana bir kechmishni ko‘tarolmasligi, ko‘tarsa ham, uni o‘zidan nari itqitolmasligiga aqli yetardi. Aqli esa Nasimga kamdan-kam pand berardi. Yo‘qsa, u aql bo‘lmas edi. Havoda dengiz nafasi gurkirab kezdimi, demak, u shu yaqin orada ekanligi va to‘lqinlab, qirg‘oqqa urilayotganini Nasimga anglatmasdi. Ammo u shu tobda ko‘proq ko‘zlariga ishonardi. Ko‘zlari esa ayni chog‘ maydondagi ko‘m-ko‘k chim ustiga keltirib qo‘yilgan kursida yaslanmish Zulun Farmonni ko‘rardi. Qo‘llari, oyoqlari quloqlarida shang‘illamish amrga bo‘ysunardi:

– Yak, du! Yak, du! Ha, bale, murg‘ak, bale!..

Havoda esa dengiz nafasi gurkirardi. Chamasi, buni Zulun Farmon ham his qilardi. Quloqpiyolani ohista og‘ziga yaqin keltirib, undagi qaynoq qah­vaga cho‘chibgina lab tekkizardi-da, so‘ng kalta bo‘yniga ulangan boshini orqaga tashlagan asno huzur qilib havoni simirardi.

– Yak, du! Yak, du! Ha, bale, bale!

Nasim birdan dengizni Zulun Farmonga rashk qildi. Yolg‘iz o‘zi uchungina emas, dunyoga kelib hech qachon dengizni ko‘rmagan, ammo umr bo‘yi uni ko‘rish istagida yonib yashagan yetti, kim bilsin, balki yetmish ajdodi uchun ham. Zulun Farmon ham o‘zi bilan bir yurtdan ekanligi, uning ham tomirlarida dunyoga kelib hech qachon dengizni ko‘rmagan, lekin umr bo‘yi uni ko‘rish istagida yonib yashagan yetti, kim bilsin, balki yetmish ajdodidan meros qon gupirishi mumkinligini negadir eslamadi.

Nasim ufurayotgan dengiz nafasini bag‘riga yashirmoq istagida quchog‘ini yozdi. Lekin qu­chog‘i torlik qildi.

– Yak, du! Yak, du! Yak, du!

Nasim bu tarz lo‘killab chopishi boisini bil­moqqa urindi. Ammo oldinda hech qanday manzil ko‘rmadi.

– Yak, du! Yak, du! Yak…

Nasimning qadam tashlashi sekinlashdi. Nasim qo‘llari, oyoqlari quloqlarida shang‘illagan amrga bo‘ysunayotganlar guruhidan ortda qola boshladi.

– Hay, Najimbe-ye-yek, chopi-i-i-ing! Yak, du! Yak, du!

Nasim joyida taqqa to‘xtadi. To‘xtab, ovoz kelgan tomonga o‘girildi. O‘rnidan turib, qo‘llarini shop qilgan ko‘yi nimalardir deb o‘ziga gap uqti­rishga urinayotgan Zulun Farmonga ko‘zi tushdi. Nasim uning nima deyayotganini farqlamadi. Nasim uning aytganini farqlashni istamadi. Bir zum Zulun Farmonga shu asno – befarq tikilib turdi-da, so‘ng shartta u tomon qarab yurdi. Ko‘z ochib yumguncha yugurish yo‘lkasini kesib o‘tib, chimga oyoq bosdi. Hanuz qo‘lini shop qilib, gap uqtirishini qo‘ymayotgan Zulun Farmonga tik qarab, bostirib borarkan, tuyqus nigohi uch-turt qadamcha narida, chim ustida dumalab yotgan o‘zining itqi­tish tugul, qo‘lga olish ham ko‘pda birovga malol keladigan zil-zambil soqqatoshini ilg‘adi. Nasim yo‘lni u tomon soldi. Tosh tepasiga kelib to‘xtab, engashdi-da, uni dast ko‘tarib oldi. Xuddi salmog‘ini chamalagan kabi, toshni qo‘lida havoga otib o‘ynab, Zulun Farmonga zimdan tikildi-da, yo‘lida davom etdi.

Chamasi, Zulun Farmon nimanidir tushundi – avvalgi shasht uni sekin-asta tark etdi. Qo‘lini shop qilishini, so‘ng esa gap uqtirishini ham yig‘ishtirdi.

Zulun Farmonning ko‘zlarida xatar sharpasi aks etdi. Buni Nasim aniq ko‘rdi. Holbuki, o‘rtada hali ancha masofa bor edi.

Nasim o‘z ortida hay-haylagan ovozlarni eshitdi.

Zulun Farmonning ko‘zlari endi iltijoli tikildi. Avval Nasimning ortidan hay-haylab ovoz berayotganlarga. So‘ng esa Nasimning o‘ziga.

Nasim Zulun Farmonga bir qadam chamasi yetmay to‘xtadi. Uning ikki yoniga shalvirab tushgan qo‘llari, iltijo aks etgan nigohi va ayanchli gezargan lo‘ppi yonoqlaridan ko‘z uzmay, birpas turdi. Banogoh, Zulun Farmonning burnidan pastroqda irg‘ib chiqqan va uning o‘zi singari qo‘rquvdan titrayotgan moshdan sal katta go‘shtli xolni ilg‘adi. Yo menga ko‘rindimikin, deb ko‘zlarini ikki-uch yumib ochdi. Nega shu xolni ilgari payqamaganiga hayron bo‘ldi. Tag‘in picha vaqt Zulun Farmonga shunday – hayrat va taajjub aralash tikilib turdi-da, qo‘lidagi zil-zambil soq­qatoshini uning oyoqlari tagiga tashladi. Tosh ko‘m-ko‘k chim ustiga “tap” etib tushishi barobar, miqti Zulun Farmon joyida kulgili irg‘ishlab, o‘zini jon holatda orqaga olib qochdi.

Lekin Nasim kulmadi. Chunki Zulun Farmonning bu tarz irg‘ishlashi unga hech kulgili tuyulmadi. Umuman, bu lahza u Zulun Farmonga nisbatan dilida hech qanday kudurat sezmadi. Shu tobda Nasim o‘zini ilk bora barcha noqis tuyg‘ulardan forig‘ his qildi. Bo‘ynini ilgari cho‘zib, Zulun Farmonning boshi uzra gurkirab kezayotgan dengiz nafasini ko‘ksini to‘ldirib simirdi-da, burilib, undan uzoqlashdi. Ochko‘zlik qilmadi. Unga ham ozgina qoldirdi.

Erk hissi behad totli edi. Begona shaharning notanish ko‘chalari bo‘ylab sarsari kezarkan, Nasimning dilida o‘zining bu tuyg‘usini atrofdagi barcha bilan baham ko‘rish istagi jo‘sh urardi. Ammo qayoqqa yuz burmasin, qayoqqa nigoh tashlamasin, bu hisni g‘ippa bo‘g‘uvchi manzaralarga ko‘zi tushardi. Atrofdagi hamma-hamma narsa – baland-past uylar, binolar, maydonlar, gulzorlar sovuq temir panjaralar bilan qurshalgandi. Hatto daraxtlar ham odam bo‘yidan baland panjara bilan o‘ralgan, qo‘l cho‘zib, ularning tanasi yoki shoxidan tutmoqlik mahol edi. Ko‘chalar, yo‘lkalar bir-biridan xitoy devori misol uzun cho‘zilib ketgan panjaralar bilan ajratilgan bo‘lib, ularning orasidan yo‘l topib chiqquncha kishining sillasi qurirdi. Atrofdagilardan yordam so‘rash esa befoyda edi. Atrofdagilardan yordam olishni o‘ylagan xomtama bo‘lardi. Nasim buni bir marta sinamadi. Yordam so‘rash niyatida kim tomon qarab yurmasin, ko‘zlari uning temir panjara yang­lig‘ sovuq nigohiga to‘qnash kelib, joyida taqqa to‘xtardi. Faqat shahargina emas, uning odamlari ham temir panjara bilan o‘ralgan kabi tasavvur tug‘ilar, ularga yaqinlashishni ko‘zlagan muqarrar ravishda shu ko‘rinmas to‘siqqa to‘qnash kelardi.

Yolg‘iz bir narsa Nasimga madad berardi. Yolg‘iz bir narsa uning dilidagi tug‘yonga qanot baxsh etardi. Panjaralar oralab ilgarilagani sari gurkirab, dimog‘ini chog‘ qilayotgan dengiz nafasi.

Nasim dengizni so‘roqlab sarson bo‘lmadi. Dunyoga kelib hech qachon dengizni ko‘rmagan, lekin umr bo‘yi uni ko‘rmoq istagida yonib yashagan yetti, kim bilsin, balki yetmish ajdodidan meros botiniy bir tuyg‘u bilan Nasim dengiz tomon yo‘l topib bordi. Uning nazarida, bu yurtdagi yagona hur ma’vo shu dengiz edi. Nasim dunyoga kelib hech qachon dengizni ko‘rmagan, lekin umr bo‘yi uni ko‘rmoq istagida yonib yashagan yetti, kim bilsin, balki yetmish ajdodi o‘zi bilan u dunyoga olib ketgan achchiq armonni shu dam angla­gandek bo‘ldi…

Nihoyat, kun qaytib, ufq qontalash tus ola boshlagan mahal olisda suvning shovullashi quloqqa chalindi. Nasim buni o‘zicha to‘lqinlar­ning shaxd bilan qirg‘oqqa urilib, chiqargan ovozi taxmin qildi. Dunyoga kelib hech qachon dengizni ko‘rmagan yetti, kim bilsin, balki yetmish ajdodidan farqli o‘laroq, bu unga tanish edi. To‘lqinlarning shaxd bilan qirg‘oqqa urilishini kinoda ko‘p ko‘rgan, bunda chiqadigan ovoz quloq­lariga mahkam o‘rnashgandi.

Nasim yuragi hapriqib, qadamini jadallatdi. Hech qancha yurib ulgurmasidan dengiz uzra charx urayotgan qushlarning shodon hayqiriqlari qulog‘iga chalindi. Har qalay, Nasimga ular shodon tuyuldi. Chamasi, dilida bu lahza shunday hislar jo‘sh urayotganidan…

Nasim sevinchi bo‘g‘zidan toshib, olg‘a tashlandi.

Dengizning shovullashi dam sayin kuchayib bordi. Qushlarning hayqirgan tovushi olamni tutdi.

Nihoyat, Nasimning qarshisida ko‘z qamramas, quchoqqa sig‘mas moviy kenglik namoyon bo‘ldi. Ufqda ulkan bir gardish cho‘g‘lanar, uning mis yonoqlari dengizning moviy sirtida g‘aroyib tarzda aks etardi.

Nasim ko‘z o‘ngida gavdalangan bu betakror go‘zallik qarshisida bir lahza lol qoldi. Faqat bir lahza, xolos. Chunki bu ko‘rayotgani, ho‘v ufqda, qo‘l yetmas uzoqlikda edi va gardish ufq ortiga o‘tib yo‘qolishi barobar, ko‘rgan ko‘zni o‘ziga mahliyo qiluvchi aks ham sekin-asta so‘nib borardi. Yaqinda, shundoq qo‘l cho‘zsa yetgudek yerda esa to‘lqinlar bir-biri bilan olishar, ko‘pirib, shaxd ila qirg‘oqqa kelib urilardi.

Nasim dengiz uzra charx urayotgan qushlar yanglig‘ shodon hayqirib, quchog‘ini keng yozgan asno o‘zini to‘lqinlar bag‘riga otdi. Ammo dengizgacha yetib bormadi. Oyoqlari yerdan uzilib, ko‘ksiga dengizning muzday shabbodasi tekkanini biladi, tuyqus qarshisidan devorday o‘sib chiqqan baland nimagadir qattiq urildi-yu chalqancha quladi. Yaxshiki, yumshoq qum ustiga, zarang yerga emas, bilaks, u bu qadar tez o‘ziga kelmagan, demak, gap nimadaligini ham hali tushunib yetmagan bo‘lardi.

Nasim oyoqlari yerdan uzilib, ko‘ksiga dengizning muzday shabbodasi urilgan lahza tuyqus yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lgan nimanidir ko‘rib, boshda o‘z ko‘zlariga ishonmadi. Lekin ishonmaslikning sira iloji yo‘q edi. Dengiz bilan o‘zining o‘rtasida Qorabotirdek bo‘lib, o‘sha – tanish temir panjara qorayib turar, nazarida, uni mazaxlab kulardi.

Nasim qoni qaynab, sakrab oyoqqa turdi va temir panjarani aylanib o‘tish niyatida sohil bo‘ylab chopdi. Uzoq yugurdi. Lekin hech adog‘iga yetmadi. Adog‘i ko‘rinmadi ham.

Nasim to‘xtab, ortga burildi. Yana yugurdi. Yana temir panjaraning adog‘iga yetmoqni ko‘zladi.

Dengiz shovullab Nasimni o‘ziga chorlardi. To‘lqinlar bir-biri bilan olishib charchamas, ko‘pirib, shaxd ila qirg‘oqqa kelib urilardi. Nasim esa hanuz ularga yetolmas edi. Sohil bo‘ylab dengizga yo‘l topmoq ilinjida halloslab chopgani sari ulardan uzoqlashib borardi. Qachondir o‘zini dengizning bag‘rida ko‘rishga bo‘lgan umid dam sayin uni tark etayotganini his qilardi.

Nasim yugura-yugura, axiyri sillasi quridi. Oyoqlaridan mador qochdi. Nimani istayotgani, nimani izlayotganini ham unutdi. Tag‘in ozroq shunday sudralgach, ko‘zlari tinib, qumga bemajol yiqildi…

Nasim qumga ko‘krak bergan asno dengizning shovullashini eshitib yotarkan, yurtiga qaytgach, o‘zi va uni kutib olganlar o‘rtasida kechishi muqar­rar musohabani xayolan tasavvur qildi:

– Dengizni ko‘rdingmi?

– Ko‘rdim.

– Qanaqa ekan?

– Qafas ichida…

Bundan boshqa javobni Nasim bilmasdi. Bundan ortiq dahshatni ham u tasavvur qilolmasdi.

Dengiz esa shovullab, Nasimni o‘ziga chorla­shini qo‘ymasdi. Dengiz baayni undan najot kutardi. Nasim buni faqat endi angladi. Qafas dengizning nafasini bo‘g‘ardi. Qafas dengizning erkini tushovlardi. Nasim bu yurtga qadam qo‘ygani zahoti dengiz bu haqda unga ishora bergan edi. Qaysidir ma’noda ular qismatdosh edilar. Nasim va dengiz. Ikkovi ham najotga muhtoj edi. Ikkovi ham bir-biridan najot izlardi. Shu ilinj ularni ayni dam bir-biriga ro‘para qilgandi. Dengiz shovullab, Nasimdan o‘rtalaridagi g‘ovni olib tashlashni o‘tinardi. Ammo Nasim g‘ovni olib tashlash tugul, undan oshib o‘tmoqning ham ilojini qilolmasdi.

Tuyqus xayolidan o‘tgan bu fikrdan Nasim­ning ko‘z oldi yorishib ketdi. Oshib o‘tish… Ha, oshib o‘tish! La’nati panjaraning ohanjamalariga oyoq qo‘yib ko‘tarilish-da, shartta undan oshib o‘tish! Tamom-vassalom! Nega bu oldinroq xayoliga kelmaganiga, rosti, uning kulgisi qistadi. Holbuki, bundan osoni yo‘q edi. Ya’ni o‘zi va dengiz o‘rtasidagi bu bosh-adog‘i yo‘q g‘ovdan oshib o‘tishdan. Ayniqsa, bolalik chog‘i har kimning mevazor bog‘iga oshib o‘taverib-oshib o‘taverib, buning ko‘p hadisinn olgan odamga. Qanaqangi baland devorlardan oshib o‘tishga to‘g‘ri kelardi-yu, eh-he! Bu panjaradan oshib o‘tish esa, Nasimning nazarida, bir lahzali ish edi.

Nasim nimaga osilish, nimaga esa oyoq qo‘yishni chamalab oldi-da, qarshisidagi panjaraning ohanjamalariga tarmashib, yuqoriga o‘rladi. Ammo hech qancha ko‘tarilmasidan qandaydir chayir qo‘llar uning oyoqlariga changakdek yopishib, uni pastga qarab tortdilar. Nasim zo‘r berib ularning changalidan yulqinib chiqishga urindi. Kim bilsin, balki yulqinib chiqardi ham. Agar xuddi shunday begona qo‘llar uning bilaklaridan ham mahkam tutmasa. Tutgach esa, tayinki, kuch bilan pastga qarab tortmasa…

Nasim holsizlanib, o‘zini butkul ularning izmiga topshirdi. Qo‘llar Nasimni tepadan tortib olishdi. Qo‘llar Nasimni qopday silkitib, so‘ng zulmat qo‘yniga itqitishdi. Ketidan temir eshik sharaqlab yopildi va u o‘zining qafasga qamalganini angladi. Xuddi dengiz kabi. Faqat uning ichida dengiz shovullamasdi. Uning ichiga dengiz sig‘mas ham edi.

Nasim qorong‘ida timirskilana-timirskilana ketini qo‘ygani zo‘rg‘a bir enligina joy topdi. Qayoqqa qarab yurmasin, u yerda to‘nkadek cho‘zilib yotgan gavdalarga qoqilardi. Xonani butkul g‘aflat nafasi qoplagan edi. Yana – asabni qaqshatadigan xirillashlar, uzluksiz alahlash va xurrak ovozlari. Bu tovushlarga qo‘shilib, ba’zan xonaning shundoq ham biqiq havosini battar behuzur qiladigan badbo‘y sadolar ham chiqib ketadiki, boshingni yashirishga teshik topolmay qolasan…

Nasim shiftga termilgancha mijja qoqmasdan najotga umid qilib yotarkan, Ibod ta’birlamish “kapalaklar tili”ga mansub ikkinchi so‘z nuqul tilida aylanardi:

– …v i d i[3].

Nihoyat, allamahalda eshik ortida gurs-gurs yurgan qadam tovushlari quloqqa chalindi.

Nasim yotgan joyida tuyqus sergak tortdi. Nimanidir sezgandek, yuragi potirlab ura ketdi. U joyidan irg‘ib turib, ovozlar eshitilayotgan tarafga yuzlandi.

Qadam tovushlari yaqinlashib kelib, eshik oldida to‘xtadi. Bir lahza sukunat cho‘kdi. Chamasi, eshikbon qulfga kalit solish taraddudida tin oldi. Nasimga bu bir lahza yuz yilga cho‘zilgandek tuyuldi. Nihoyat, sharaqlab qulfga kalit solindi. Bu­ning ketidan yangragan sharaq-shuruq tovushlar kalitning qulfda aylanayotganini anglatdi. So‘ng cho‘ziq g‘iyqillab eshik ochildi va Nasim beixtiyor ko‘zlarini yumib, yuzini chetga burdi– eshik ochilishi barobar, tuyqus yuziga urilgan yorug‘lik uning ko‘zlarini qamashtirdi.

Sezgisi Nasimni aldamagan edi. Ko‘zlari yorug‘likka ko‘nikkach, qarshisida namoyon bo‘lgan badqovoq kimsa nigohi bilan: “Oldimga tush”, degandek ishora qilib, buni unga anglatdi.

Nasim o‘ziga eshik ochgan badqovoq kimsa­ning oldiga tushib ketib borayotgan uzun yo‘lak nurga cho‘milardi. Yo‘lakning ikki tarafida qator joylashgan temir eshiklar ortida zulmat hukmron ekaniga ishonish mushkul edi. O‘z boshidan o‘tkaz­magan odam buni tasavvuriga ham sig‘dirolmasdi. Masalan, Zulun Farmon. Nasim uning yo‘lak yorug‘ida alomat yiltirayotgan tepakal boshini olisdan ilg‘adi. Ilg‘ashi barobar shunga imon keltirdiki, agar bu qator temir eshiklar ortidagi tor, qorong‘i qafaslardan biriga Zulun Farmonni tashlashsa, uning ichi manavi yo‘lakdan yorug‘roq bo‘lardi.

Zulun Farmon ham Nasimni ilg‘amay qolmadi. Miqti gavdasi bukchayib, qovog‘i solingan asno xayol surib turarkan, u o‘zidan olisda qadam tovushlarini eshitib, ovoz kelgan tarafga yalt etib qaradi va Nasimni ko‘rib, chehrasi yorishdi.

 

Nasim Zulun Farmonni ilk bor bunday jonsarak holatda ko‘rishi edi. Shungami yo boshqa biror o‘zi anglamagan sababga ko‘rami, xuddi eskidan qatiq yalashgan qadrdonini uchratgandek sevinib, u tomon oshiqdi. Bora solib, uni yerdan ko‘tarishni va mahkam quchishni niyat qildi. Ammo Zulun Farmon Nasimdan chaqqonroq chiqdi. Nasim hali quchoq ochib ulgurmasidan, Zulun Farmon pildirab kelib, kalta qo‘llari bilan uning bo‘yniga osildi.

– Nasibbek… Nasibbek… Nasibbek… – deb takrorlardi u tinimsiz, ko‘zlaridan tirqirab chiqayotgan sevinch yoshlarini Nasimning kir ko‘ylagiga surkab.

Noxos Nasim Zulun Farmonga nisbatan dilida atigi bir necha lahza oldin tug‘ilgan iliq tuyg‘ular o‘zini tark etganini his qildi. Ularning o‘rnini bo‘shliq egalladi. Zulun Farmonga ham, havoni bor bo‘yi tutgan dengiz nafasiga ham mutlaqo befarq bo‘shliq…

Tashqarida ularni kutib turgan ulovda qayoq­qadir qarab ketib borisharkan Zulun Farmonning og‘zidan quyilayotgan so‘zlarni Nasim faqat elas-elas eshitardi.

– Naimbek, dodar, bizga ham oson tutmang-da, endi…

Yo‘l, nazarida, adoqsiz edi. Yo‘l uni g‘ussaga cho‘mdirardi.

– Nadimbek, axir, bizdan ham so‘raydilar…

Chunki bu his aldoqchi edi. Ya’ni yo‘lning adoqsizligi. U, albatta, qaydadir uzilishini Nasim bilardi. Aynan qayerda uzilishini ham. Garchi u bu yo‘ldan ilk bor yurayotgan, ilk bor aldoqchi hislar qutqu solib, dili g‘ussaga to‘layotgan esa-da.

– Najibbek, dodar, aknun hamma umid – sizdan!..

O‘yingoh tagiga baland o‘t yoqilgan ulkan doshqozonni eslatardi. O‘yingohda ehtiroslar biqirlab qaynardi.

– Nosirbek, sizni e’lon qilishdi-ku, axir, bo‘lmaysizmi?

Ammo Nasim shoshilmasdi. Zulun Farmonning bu tarz joniqishi sababini ham u tushunmasdi. Zero, musobaqa rusumiga binoan, har bir urinishga uch daqiqa vaqt berilardi. Rosa uch daqiqa!

– Ey Xudo, sanga nima yomonlik qiluvdim-a?! Nodirbek, jon uka, ayting, nima qilay, oyog‘ingizga bosh uraymi, a, tiz cho‘kib yolvoraymin?

Tiz cho‘kib yolvorishning aslo hojati yo‘q edi. Oyoqlariga bosh urishning ham. Musobaqa rusu­mini bilishning o‘zi kifoya edi. Xususan, bir urinishga rosa uch daqiqa vaqt berilishini. Axir, uch daqiqa ichida Nasim bahs boylab, Baqaho­vuzning u labidan bu labiga yuzib o‘tardi. U itqitmoq tugul, qo‘lga olish ham ko‘pda birovga malol keladigan zil-zambil soqqatoshini ko‘tarib, kirishi lozim bulgan davra esa, ana, ikki qadamgina joyda edi.

Nasim Zulun Farmonni tiz cho‘kib yolvorishga qo‘ymay, dast o‘rnidan turdi. Zulun Farmonning o‘tinchi ko‘nglini buzgani uchun emas, urinishni bajarishga berilgan vaqtning uchdan birigina qolgani tufayli. Buni u o‘yingoh peshtoqidagi bahaybat raqamli soatga qarab bildi.

So‘nggi daqiqaning lahzalari o‘tib borardi. Lahzalar yo‘qlikka chekinardi. Ellik bir… qirq yetti… qirq to‘rt…

 

Nasim shoshilmay borib, mis jomni eslatadigan idishda qo‘yilgan oq kukunga qo‘llarini buladi. So‘ng qaytib, yerdan soqqatoshini dast ko‘tardi-da, asta davra sari yo‘naldi.

O‘ttiz uch… o‘ttiz bir… yigirma to‘qqiz…

Nasim davraga kirib, har doimgidek toshni itqitish oldidan tin olarkan, birdan qarshisila jimirlab tanish qumloq qirg‘oq ko‘ringandek bo‘ldi. So‘ng suvning qattiq-qattiq shaloplashi va unga hamohang jo‘r bo‘lib qichqirgan ovozlar quloqqa chalindi:

– O‘n to‘rt! O‘n uch! O‘n ikki!..

Ovozlar ham Nasimga tanish va hatto allane­chuk aziz tuyuldi.

– O‘n! To‘qqiz! Sakkiz!..

“…yetti… olti… besh…”, deb sanab, Nasim ham beixtiyor ularga qo‘shildi. So‘ng qo‘lidagi zil-zambil soqqatoshni o‘ng yelkasiga qo‘yib, boshini xiyol u tomon solintirgan asno engashdi-da, ko‘ksini to‘ldirib nafas oldi.

– To‘rt! Uch! Ikki!..

– Ha-a-a-a! – degan hayqiriq titratdi o‘yingohni. Nazarida, u tosh havoda ma’lum vaqt uchib, yerga “tap” etib tushganidan keyin ham xiyla vaqtgacha aks sado berib turgan bo‘lardi. Agarda yer-ko‘k qarsak va olqishlardan larzaga kelmasa.

Nasim, xuddi yelkasidan bosib turgan og‘ir yukdan xalos bo‘lgan kabi yengil tortib, davradan chiqarkan, tishlari orasidan chetga tufladi:

– V i c i[4].

Bu uning mehmondo‘st Gapdon To‘tilar zami­nida aytgan so‘nggi kalomi edi. Ozgina o‘tib ma’lum bo‘ldiki, faqat mehmondo‘st Gapdon To‘tilar zaminidagina emas, balki Badal Armon ayni dam Nasimning ko‘zlariga qadalib, nafas yutmasdan tomosha qilayotgan safar tafsilotlarida ham aytilgan so‘nggi so‘z shu ekan. Zero, Nasim shuni aytishi barobar, birdan qora-qura nimalardir pirillab, tasvir uzildi va Badal uning ko‘zlarida o‘zini ko‘rdi – nafas yutmasdan, tosh qotib ularga tikilib turgan ziroat va ziravorshunoslik kulliyotining tolibi Badal Armonni.

Badal Nasimga qariyb tumshuq tirab qolganini payqab, xiyol ortga chekinarkan, xuddi uning ko‘zlarida hali kino boshlanmay turib aks etgan hasrat o‘ziga o‘tgandek, chuqur xo‘rsindi: “Film tugadi”.

 

[1] V ye n i (lot. ) – keldim.

 

[2] Bu yerda muallif yozuvchi Ne’mat Aminovning “Yolg‘onchi farishtalar” satirik romani qahramoni Bashirjon Zaynishevni nazarda tutgan. (Muharrir izohi.)

 

[3] V i d i (lot. ) – ko‘rdim.

 

[4] V i s i (lot.) – g‘olib chiqdim.

To‘xtamurod RUSTAMOV

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.