Eng go‘zal izhorim ichimda qoldi

0
395
marta ko‘rilgan.

Qashqadaryoning so‘lim “Lochin” oromgohi. Tanlov yo festivaldamiz. Miraki tog‘ining bag‘ri, Oqdaryo soyining bo‘yginasidan o‘rin olgan bu oromgohning yozi ham salqingina bo‘larkan. Kunduzi iliq, kechasi etni junjiktiradigan havo ko‘ngilga xush yoqadi. Bir kuni qashqadaryolik ijodkor do‘stlarimizdan biri kechki ovqatdan so‘ng soy bo‘yida mushoira bo‘ladi, boringlar, deb taklif qildi. Biroz kechikib ularga qo‘shildik. Davra o‘rtasida aravachada bir qiz o‘tirardi.

O‘sha she’r oqshomi sokinligini tog‘ning salobatli viqori ham, soyning tinimsiz shovullashi ham buza olmadi. U kecha she’r yangradi! Baxtiniso yangi qo‘shilganlarga bir-bir qarab chiqar, yaqindan do‘stlashishni istar va tabiiy ravishda juda tez inoq bo‘lib ketardi. Ajablanganim shu ediki, yoshlar o‘z tengquri she’rini jo‘r bo‘lib aytishini men ilk bor o‘shanda ko‘rgandim. Baxtiniso she’r aytishni boshlashi bilanoq qolganlar ilib ketar, bu ovozlar ichida uning ovozi baribir alohida ajralib qolaverar edi. Chunki bu uning dardi, uning ohangi, uning qo‘shig‘i edi. Buni o‘zi ham yaxshigina sezib tursa-da, ba’zan “Qo‘shilmanglar-e, o‘zim aytaman”, deb qolar, she’r boshlanishi bilan esa atrofdagilar beixtiyor yana “taqiq”ni buzaverar edi.

Taniqli shoir Eshqobil Shukur Baxtiniso bilan yuzma-yuz bo‘lgunicha uning jismoniy dardidan bexabar, faqat telefonda gaplashgan, gazeta-jurnallarda she’r va nasriy asarlarini o‘qigan ekan. Bir kuni Baxtinisoni televideniyega she’r aytish uchun chaqiradi. Eshqobil aka uni kutib olish uchun chiqsa, aravachada bir qiz turibdi. Ovozidan taniydi-yu, muzlab ketadi. “Iye, qizim, men bexabar ekanman, aytmabsiz-da, o‘zimiz borardik”, deb mulzam bo‘lsa, “Ustoz, xijolat bo‘lmang, she’rni aravacham emas, o‘zim yozaman”, deydi. Eshqobil aka o‘shandan boshlab Baxtinisoga katta mehr qo‘ygan edi.

 

Mayli, bo‘lganicha bo‘lsin hammasi,

Betartib ko‘nglimni o‘rganib oldim.

Ne bo‘pti, quyoshga tik qarolmasam,

Dunyoni o‘zgartmay, o‘zgarib oldim…

 

Qashqadaryo safaridan keyin Baxtiniso bilan tez-tez xabarlashib turadigan bo‘ldik. Bir kuni internet orqali maktab kiyimidagi chamasi 7– 8-sinf qizlarining guruh bo‘lib tushgan rasmini yubordi-da, “qani, meni toping-chi”, deb qoldi (to‘g‘risi, uning avval soppa-sog‘, tik oyoqda yurganini keyin bildim). Topolmadim, desam, “anavi o‘rtadagi menman”, dedi. So‘z topolmay qoldim. U esa kulib: “hali ko‘rasiz yurib ketaman”, degandi.

Shundan keyin respublikaning qay bir go‘shasida ijodiy tanlov yo festival bo‘ladigan bo‘lsa, deyarli barchasida birga ishtirok etdik. Borish oldi telefon qilardi:

– Islom, falon viloyatga chaqiryapti, “telex”im (“qo‘riqchi”; ko‘pchilikka meni shunday tanishtirardi) bo‘lib boring, – men u payt allaqachon borish masalasini hal etib qo‘ygan bo‘lardim.

Oxirgi “telex” bo‘lganim o‘tgan yilgi respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari bo‘ldi. O‘shanda Baxtiniso butun seminar ishtirokchilari­yu ustozlar diqqat-e’tiborini band qildi. Bu shunday tabiiy yuz berdiki, odamlar uning jismoniy ojizligi uchun emas, azbaroyi Baxtinisoning o‘ziga ohanrabodek tortib oluvchi ajib sehri, qalb mehri va doim chaqnab turadigan ko‘zlari orqali edi. Hammaning unga mehribonlik ko‘rsatgisi kelar, kim meva tutgan, yana birov shirinlik bergan. Biz esa ovqatlanish payti u bilan nuqul nimalarnidir talashib o‘tirardik. Bu samimiy tortishuvni atrofdagilarning ba’zilari tushunib kulib qo‘yar, tushunmaganlari esa meni noshudga chiqarar edi.

Ustoz shoir Usmon Azimni yaqindan taniganlar yaxshi biladi. U kishining yaxshi she’r eshitganda, “va-ya-a-a” deydigan odati bor. Bu – ustozning zavqidan nishona. Baxtinisoning she’rlarini o‘qigan Usmon Azim ko‘p bor “va-ya-a-a”lab yubordi. Shu birgina misol ham uning iste’dodi naqadar yuksak ekanidan darak.

Baxtiniso o‘ziga odamlarning achinish ko‘zi bilan qarashlarini sira ham qabul qilolmasdi. Ba’zan o‘ksinib qolardi: “Islom, men ham hamma qatori odamman-ku, faqat shu… yurolmayman. Nima qipti, nega odamlar menga buncha mehribonlik qilaveradi?” derdi. “Ular seni ko‘rolmaydi”, desam, dunyoni to‘ldirib kulib yuborardi. Bugun o‘sha kulgilaringni sog‘inyapman, do‘st. Telefonimda qancha audioyozuvlaring bo‘lsa, hammasini qayta-qayta eshitdim. To‘g‘risi, boshda eshitolmadim, jur’atim yetmadi. Lekin baribir senga bo‘lgan sog‘inch ustun kelaveryapti.

Bir safargi xating so‘ngida yozgan ekansan: “Yana nimalar demoqchi edim-a? Baribir eng go‘zali ichda qolar ekan va bu cheksiz bo‘lmog‘i kerak. Ketdim, uxlashga urinaman. O‘zingizni asrang!” Men ham senga, sening haqingda nimalardir degim kelyapti-yu, baribir aytmoqchi bo‘lgan gaplarimning ko‘pi ichimda qolib ketaver­yapti.

 

* * *

Baxtinisoning dardi chinakam ma’noda millat dardiga aylanganini ko‘rdik, his etdik. U uchun qay­g‘urgan, darddosh, yelkadosh bo‘lgan insonlar­ning sanog‘iga yetish mushkul edi. “Hammanglar meni yaxshi ko‘rasilarmi?” deb qolardi ba’zan. Men bo‘lsam atay jig‘iga tegishni yoqtiraman: “Qayoqda?”

Uning operatsiya qilinishi va sog‘ayib ketishi uchun zarur mablag‘ yig‘ilishida, ustoz Usmon Azim ta’biri bilan aytganda, “eng quyi qatlam vakillari” – bir guruh talabalarning o‘quv dar­gohlarida tashkil etgan xayriya konsertlari katta turtki bo‘ldi. O‘quvchilar auditoriyasi keng bo‘lgan internet saytlari, bir nechta telekanallar, ijtimoiy tarmoqlarda zarur mablag‘ni yig‘ish aksiyasi boshlandi. O‘shandan keyin ko‘ngil chirog‘i o‘chmagan butun O‘zbekiston ahli oyoqqa turdi. Shu paytgacha bunday mo‘jiza ko‘rmagan edim. Baxtinisoning o‘zi Qashqadaryoda. Telefonim tinmaydi. “Ishxonangiz qayerda? Baxtinisoning operatsiyasi uchun ataganimiz bor edi”. Umrimda ko‘rmagan odamlar bilan ko‘rishaman. Qo‘limga dasta-dasta pul tutqazib ketishadi. Ko‘pchiligi hatto ismini-da aytmaydi. Quchoqlab, minnatdorlik bildiraman. Yuzimdan issiq tomchilar sirpanadi. O‘zimdanmi yo u kishidanmi; ang­lash holatida bo‘lmayman. “Alloh rozi bo‘lsin”, deyish uchun tangla­yimga yopishib qolgan tilim zo‘rg‘a aylanadi. Titrab-titrab qolaveraman.

Hozir o‘ylayman: shukr, bizning odamlar tilida ham “Alloh rozi bo‘lsin”, degan muborak kalom tez-tez aylanyapti. Ha, Baxtiniso hali yurtimizda saxovatpesha, hotamitoy, saxiy insonlar borligini shu jajji jussasi bilan isbotlab ketdi. U odamlarga insoniy tuyg‘ular hali o‘lmaganini his ettirdi. U o‘zining shu birgina dardi bilan xalqning bir mo‘jaz jipslashuvini namoyon eta oldi.

Baxtiniso Turkiyaga ikkinchi va so‘nggi bor ketayotganida aeroport ichkarisigacha hamroh bo‘ldim. Xayrlashish oldidan: “Yaqinda o‘zim yurib qaytib kelaman, kutib olishga chiqasiz”, deb ketgandi. Kutib oldik, faqat… faqat sen o‘sha aravachangda bo‘lsa ham qaytib kelmading. Seni Toshkentdan olis Chiroqchiga olib ketgunimizcha yomg‘irning bir me’yorda tomchilaganini sezgandirsan? Bu xuddi yig‘layotgan ko‘nglimizga o‘xshardi…

Ko‘ngildagi bo‘shliqqa ko‘nikolmay yurgan kunlarning birida telefonim jiringladi. Qaradim-u, telefon qilayotgan odamning ismini ko‘rib, titrab ketdim: “Baxtiniso Mahmudova”… Bu sen eding, do‘st. O‘sha payt bo‘lib o‘tgan noxushliklarning hammasi tush bo‘lishini ich-ichimdan istadim. Telefonni olishni ham, olmaslikni ham bilolmay garangsib turib qoldim. Qo‘llarim titrab, nafas chiqarmay jim turibman. “Islomjon, men momongizman…” Momom shu qisqa fursatda o‘zini ancha oldirib qo‘ygani sezildi. “Baxtinisoning telefonini bugun yoqdik. Sizlar bilan gaplashsam, biroz ovinamanda, bolam”, dedi bechora.

Baxtiniso, bugun oramizda yo‘qsan. Lekin qalbimizda mangu qolding, sen doim biz bilansan. Dunyomizning bir tomoni huvillab qolgandek go‘yo. Yo‘qligingga ko‘nikish og‘ir. Yagona tasallimiz shu: armon bilan ketmading. Qayerda bo‘lsang ham biz doim sen bilanmiz.

 

Men bilansan,

Kunlarimda ohor bordir,

Ohang bordir,

Ko‘zlarimda bahor bordir.

Ko‘zlarimda muruvvat bor va zor bordir,

Men bilansan!

 

Muhabbat bor, muzlarimga olov bergay,

Olam bergay,

So‘zlarimga oro bergay.

Bir yig‘lasam, yupatguvchi birov bergay,

Men bilansan!

 

Osmonlarda faqatgina qushlar qolmish,

Goh zaminiy, goh samoviy kuchlar qolmish.

Yulduz sanab… tushlarimda tushlar qolmish…

Men bilansan!

 

Yuragimga yuragini to‘kdi shomlar,

To‘ldi shomlar.

Daryolarga cho‘kdi shomlar.

Meni olib ketgunicha namozshomlar,

Men bilansan,

Men bilansan,

Men bilansan!

 

Islomjon QO‘ChQOROV

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.