Ertaga

0
44
marta ko‘rilgan.

Bir musofir tomog‘ini ho‘llab olish uchun mayxonaga kirdi. Ko‘zi bexosdan devordagi e’longa tushdi. Unda «Ertaga sharob bepul beriladi» degan yozilgan edi.

– Nahotki shu rost bo‘lsa!? – deb so‘radi u sotuvchidan.

– Nimani aytyapsan? – tushunmadi sotuvchi.

Musofir e’longa ishora qildi.

– E, ha, bumi… Ertaga kelsang, ko‘rasan.

Bunday saxovatdan foydalanib qolish ilinjida u bir kecha shu shaharda tunab qoldi. Ertasi tongda u yana mayxonada paydo bo‘ldi.

– Mana, men keldim, – dedi u sotuvchiga. – Qani, menga atalgan bepul sharobingni keltir!

– Gapingni tushunmadim, – dedi sotuvchi.

Musofir yana devordagi e’longa ishora qildi.

– E’lonni aytyapsanmi?! – ensasi qotdi sotuvchining. – Xat-savoding bormi, o‘zi?! U yerda «ERTAGA bepul» deb yozib qo‘yilgan. Shunday ekan, ertaga kel, bugun esa boshimni qotirma, jo‘na!

Bunday javobni eshitgan musofirning havoyi xayollari bir zumda tarqalib ketdi va o‘ziga kelib manzil sari davom etdi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.