Yettinchi hayot

0
442
marta ko‘rilgan.

Onam Saida Xolmirzayevaga bag‘ishlayman

 

Kim chekmagan bo‘lsa dard, beshak,

Boshlamabdi yashashni, demak…

Rasul Hamzatov

 

Yaratgandan necha bor o‘zimga zavol co‘radim… Axir, mendan, mavjudligimdan nima naf? Ko‘zim faqat sharpanigina sezadi, oyog‘im ishlamay qolgan. Ko‘rpa-to‘shakka parchinlanib, joyimdan qo‘zg‘ala olmasam. Menimcha, bu – barcha gunohlarim uchun Xudoning jazosi.

Hech qachon o‘limdan qo‘rqmaganman, biroq qon va og‘riqdan nafratlanganman. Xuddi san’atkor Vladimir Visotskiy kuylaganidek:

 

Eh, biz qanchalar xohlar edik,

Naqadar buni biz istar edik,

Uyquga ketgandek o‘limga ketsang…

 

Narigi xonadan televizor ovozi eshitiladi. Qandaydir qiziqish bilan, zim-ziyo xayollardan chalg‘ib unga quloq berdim. Boshlovchi ko‘rsatuv ishtirokchilariga Marsel Prustdan o‘n savol berardi. Savollardan biri shunday edi: “Sizga evaziga hech nima so‘ramasdan mangu yashashni taklif qilishsa, rozi bo‘larmidingiz?”. Suhbatdoshlar taniqli shaxslar edi. Ularning birortasiyam bu savolga tasdiq javobini berolmadi. Haqiqatan ham, farzand­laringning, yaqinlaringning, do‘stlaringning qazosini ko‘rish juda dahshatli bo‘ladi. Shunda men Oskar Uayldning “Dorion Grey portreti” romanidagi bosh qahramonni nafrat bilan esladim.

Go‘yo gapirayotgan boshga aylanib qolganman. Tanam­ning boshqa qismlari ilgari bo‘lmagandek… Buni his qilish mutlaqo toqat qilib bo‘lmaydigan darajada edi. Xuddi jarohatlangan bo‘ridek bor kuching bilan uvillashni xohlaysan. Meni ko‘rishga keladigan odamlar oldiniga har kuni, keyin haftada bir marta yo‘qlashar, so‘ngra umuman ko‘rinmay ketishardi. Yagona ishonchli yordamchim menga qaraydigan hamshira edi.

Bir joyda yillab yotaverib shuni angladimki, inson oilasisiz, yaqinlari va do‘stlarisiz ko‘rpa-to‘shakka mixlanib qolib ham yashashda davom etishi mumkin ekan. Agarda yonimda onajonim bo‘lmaganida, bilmadim, qancha yashagan bo‘lar edim. Buni aytmaslik, albatta, insofsizlikdan boshqa narsa emas. Doim shunday edi, eslasam, allanechuk bo‘lib ketaman. Oilamizga qanday balo, xavf-xatar yo‘lamasin, asosiy zarba onamning gardaniga tushar edi. Men onamni quyoshga tenglashtiraman. Negaki, quyosh bizga nur, iliqlik va nihoyat hayotni baxsh etgan va evaziga hech narsa so‘ramagan.

Shu yerda oilamiz qadrdoni O‘tkir Hoshimovning otam Shukur Xolmirzayev 60 yoshga to‘lishi munosabati bilan aytgan bir gapi esimga tushdi. “Har bir yozuvchining rafiqasiga bir haykal qo‘yish kerak, – degan edi u. – Shukurning rafiqasiga esa ikki haykal qo‘yish lozim”.

Hozirgi ahvolimda faqat bir narsa bilan mashg‘ul bo‘lishim – xayol surishim va xotiramda nimanidir tiklashim mumkin, xolos. Negaki, endi na o‘qiy olaman, na yozishni uddalayman. Shunda xayolimga hayotimni boshqatdan boshlash imkoni bo‘lganida nimani o‘zgartirar edim, degan fikr keldi. Tushundimki, endi hech narsani o‘zgartirib bo‘lmaydi. Men Yaratganga va taqdirga ishonaman. Aynan shunday, boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. Ha, yana shunday qilgan bo‘lar edim…

Balki boshidan o‘zgacha taxallus bilan chiqsam yaxshi bo‘larmidi? Menga buni juda ko‘p tanishlarim aytishgan edi. Jumladan, yozuvchi Nazar Eshonqul yozganlarimni doimo otamning asarlari bilan qiyoslab ko‘rardi. Biroq endi g‘isht qolipdan ko‘chdi.

Gap taxallus haqida ketganda g‘alati bir voqea esimga tushadi. Bir vaqtlar Jizzaxga rahmatli do‘stim va kursdoshim Ne’mat Hayrat oldiga ko‘p borardim. U haqda keyinroq “Bu ham o‘tadi” nomli esse yozdim. Uning sharofati bilan Jizzax adabiy muhitiga singishib, ko‘nikib ketgandim. U “Sang­zor” adabiy klubida faol edi. Bir safar adabiy klub muhokamasida qatnashishimga to‘g‘ri keldi.

O‘shanda 20-25 yoshdagi bir yigitcha yonimga kelib so‘radi:

– Siz ham shoirmisiz?

– Yo‘q, men yozuvchiman.

– Siz qanday taxallus bilan ijod qilasiz?

– Jek London, – dedim jilmayib.

Yigit menga bir lahza taajjublanib qarab qoldi.

Tez orada u, men va vestibyuldagilar – hammamiz zalga kirib, joy-joyimizni egalladik.

Tepada Ne’mat, Yozuvchilar uyushmasining Jizzax viloyati bo‘limi kotibi Turob Maqsud va hokimiyatdan bir ayol o‘tirardi. Zalda yuzga yaqin kishi bor. Shoirlar birma-bir davraga chiqib she’rlaridan o‘qirdi. Va daf’atan Ne’mat menga ma’noli qarab, so‘zga chiqishimni e’lon qildi.

O‘qilgan she’rlar va adabiy klub faoliyati haqida fikrlarimni bildirdim. Shundan so‘ng o‘tirganlar ichidan bir qiz: “Sizni ko‘proq nima ilhomlantiradi?” deb so‘rab qoldi.

– Pushkindan iqtibos olib shunday deyishim mumkin: “Haqiqiy ijodkor ilhom izlamaydi, balki ilhomning o‘zi ijodkorni izlab kelishi kerak”.

– Ayting-chi, nega o‘zbek farzandi bo‘la turib Jek London deb taxallus olgansiz? – bu savol egasi o‘sha, vestibyuldagi yigitcha edi.

– Bu nima deganingiz? Axir, Jek London amerikalik buyuk yozuvchi-ku! Uning taxallusini olishga kim jur’at etar edi?! O‘zimga kelsak, umuman taxallus qo‘yishni yoqtirmayman. Shuning uchun ham siz vestibyulda kimligim bilan qiziqqaningizda, xayolimga kelgan birinchi yozuvchining ismini aytib yuborgandim. Bu hazilimni tushundi­ngiz, deb o‘ylagandim. Shunday adabiy klubning a’zosi buni fahmlay olmasligi, Jek London haqida bilmasligi xayolimga ham kelmagandi.

Zalda kulgi ko‘tarildi. Shundan keyin yozuvchi Turob Maqsud o‘rnidan turib Jek London haqida gap boshladi va uning “Martin Iden” romanining mazmunini sal bo‘lmasa to‘liq gapirib berdi.

Biroz o‘tib meni Jek London deb o‘ylagan o‘sha yigitcha yonimga kelib g‘o‘ldiradi:

– Uzr, men sizni tushunmabman. Bundan keyin ko‘p o‘qishga harakat qilaman…

Bu voqeani “taxallus” sharofati bilan eslayapman.

Shundan so‘ng Ne’mat baxt­siz hodisa tufayli kutilmaganda olamdan o‘tganini eshitdim. Juda g‘alati. Bu voqea men avtohalokatga uchrab yotib qolgan paytlarda yuz bergandi. Uni dafn etishganida reanimatsiyada ekanman. Biroq ko‘zim ojizlashib borayotganini bundan ancha oldin – 2002 yilning dekabrida payqagan edim.

U paytda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Milliy universitet qoshidagi Oliy adabiyot kursida o‘qirdim.

Har kuni ertalab, odatdagiday, 82 avtobusga chiqish uchun uyimiz yaqinidagi shohbekatga borardim. O‘sha kun ham xuddi boshqalaridan farq qilmasdi, nazarimda. Havoni harir tuman pardasi qoplab olgandek edi. Dekabr oyi bo‘lgani uchunmi, tabiatning bu manzarasidan ajablanmadim. O‘shanda menga juda yaqin turgan avtobusning raqamini ajrata olmadim.

– Bu nechanchi avtobus? – deya so‘radim yonimda turgan yoshi ulug‘ kishidan.

– Sakson ikkinchi, – dedi u taajjub bilan qarab.

Bir necha lahzadan keyin avtobusda ketardim. Atrofimni yana o‘sha tuman qoplab oldi. Shunda o‘yladim: agar bu tuman bo‘lsa, unda nima uchun bu chol men ko‘rmagan avtobus raqamini darrov farqlay oldi?! Axir, kechagina atrofimdagi manzaralarni aniq ko‘rardim, go‘yo hech narsa yuz bermagandek edi. Biroq hozir, chamamda, uch metr uzoqlikda turgan kishilarning yuzlarini ham ko‘rmayotgandim.

Biz Qoraqamishga yaqinlashganimizda kimningdir ovozi eshitildi.

– Iltimos, Respublika ko‘z kasalliklari shifoxonasiga qaysi bekatda tushiladi, aytolmaysizmi?

– Keyingisida, – deya javob berdi chiptachi ayol.

Men ham tushishga hozirlandim. O‘qish bir gap bo‘lar, avvalo ko‘zimga nima bo‘layotganini bilish kerak edi.

Ko‘rikdan o‘tdim. O‘shanda ko‘z shifokorining aytgan gaplari xuddi hukmdek etimni junjiktirib yubordi. Bu – ko‘z nerv tolalarining qurishi ekan. U menga ko‘zim gavhari asab hujayralaridan tarkib topganini, ular o‘lib bo‘lganini bamaylixotir aytdi. Ma’lumki, asab tolalari qayta tiklanmaydi. Men to‘qson olti foizga so‘qir edim. Qolgan to‘rt foizni ushlab turish uchun muntazam davolanishim kerak ekan. Ko‘zimning bu ahvolga tushishi kuchli toliqish, meningit yoki kuchli miya chayqalishi asorati, deyishdi.

Ha, men rafiqam bilan ajrashganimda kuchli asabiylashgandim. Bundan tashqari, miya chayqalishini ham boshdan kechirganman. O‘shanda o‘n kun davolanishim kerak edi. Men esa olti kun shifoxonada yotib, zerikkanimdan chiqib ketdim.

Keyin yana Respublika ko‘z kasallik­lari shifoxonasida davolandim. Bir necha xususiy shifoxonalarga ham bordim. Ufadan tajriba almashish uchun kelgan ko‘z shifokori haqida eshitib, ko‘rikdan o‘tishga bordim. Toshkentga Amerikadan vrachlar kelgani haqidagi mish-mishlarlarni ham eshitdim. O‘sha kuniyoq ularning yoniga oshiqdim. Keyin Samarqandda taniqli professor davoladi. Ikki marta Termizda O‘zbekiston Qahramoni, professor Rahmon Muhammadiyev operatsiya qildi. Juda ko‘p bora xalqona davolash usuli bilan shug‘ullanuvchi tabiblar qabulida bo‘ldim. Xullas, yugura-yugur ko‘p bo‘ldi-yu, natija chiqmadi.

Shundan so‘ng hammasiga qo‘l siltadim. Davolanishni to‘xtatdim. Barchasi jonimga tegib, butunlay ko‘rmay qolishimni kuta boshladim. Xayolimga tez-tez o‘z jonimga qasd qilish fikri kela boshladi. Chunki hademay butunlay ko‘rmay qolaman, deb o‘ylardim.

Biroq oradan oylar, yillar o‘tsa-da, hech nima sodir bo‘lmayotgan edi. Shunda boriga moslasha boshladim. So‘qir polkovnik haqidagi “Ayol ifori” filmini qayta-qayta ko‘rardim. Hindlarning ko‘zi ojiz qiz haqidagi “Zulmatdagi raqs” filmi ham butun ruhimni jodulab qo‘ygan edi. Bu film­­da ko‘zi ojiz, qulog‘i kar qiz universitetga kiradi va a’lo baholar bilan yakunlaydi. Ko‘zi ojiz rus qo‘shiqchisi Diana Gurskaya va so‘qir rok yulduzi Stiven Uanderning qo‘shiqlarini muntazam eshitadigan bo‘lib qoldim. “Maslin V bilimlari” ko‘zi ojizlar jamiyatining raisi ma’ruzalarini diqqat bilan eshitib ko‘rdim. Bu jamoada o‘zimni yaxshi his qila boshladim.

Keyinchalik yaqinlarim va tanish kishilarning yuzlarini ko‘rmasdan, masofadan turib tanib olishga o‘rganib qoldim. Ularning ovozlari va bo‘y-bastidan tanib olardim. Yo‘lni kesib o‘tayotganda yaqinlashib kelayotgan mashinaning motor tovushini eshitib, mendan qanday masofada ekanini bilib olardim. Ba’zida nima yozganimni ko‘rmasam ham, yozishga harakat qilardim. Hammasi xotiramda edi.

Qanday sodir bo‘ldi, bilmayman, xayol olib qochdimi, yoz oqshomlarining birida xorij mashinasining motor tovushini eshitmay qolibman. Yoki yo‘lni kesib o‘tayotib o‘rtada to‘xtadimmi? Mening xira tortgan ko‘zlarimga mashina chiroqlari juda yaqin keldi. Kuchli tormoz tovushini eshitdim…

Zarba!!! Hushdan ketdim…

“Tez yordam” mashinasida ko‘zimni ochdim va og‘riqdan chinqirib yubordim. Keyin bilsam, tos suyagim singan ekan.

Yana shifoxona. Oldiniga travmatologiya bo‘limi, keyin nevrologiya. “Turon” sihatgohida ancha yotdim. Turli dorilarni qabul qilaverganimdan ko‘nglim ayniydigan bo‘lib qoldi.

Vaqt o‘tishi bilan suyaklarim tuzaldi. Biroq endi yura olmas edim. Garchi shifokorlar: “Hammasi yaxshi bo‘ladi, oyoqqa turib ketasan”, degan bo‘lsa ham.

Endi kunlarimni shunchaki yotgan holda o‘tkazishim kerak. Tirik murdadek edim. O‘zining so‘nggi damlarini kechirayotgan, qurib qolgan daraxtdan farqim qolmagandi.

Bir zamon Arximed: “Menga tayanch nuqtasini ko‘rsating, yerni o‘rnidan qo‘zg‘ataman”, degan edi. Birorta tayanch nuqta topolmasdim. Xayolimga faqat yomon fikrlar kelardi. Ba’zida boshimni sal ko‘tarib, barchasini unutish uchun ustimdan suv quyardim.

Hindular inson ketma-ket yettita hayotni yashab o‘tadi, deyishadi. Men esa yana qachondir oyoqqa tursam, hech ikkilanmasdan aytishim mumkin, ikkinchi emas – yangi hayotimni boshlayman.

Bir paytlar Maxatma Gandining “Yomon narsaga qaramang, yomon narsani eshitmang, yomon narsani gapirmang va yomon narsa haqida o‘ylamang”, degan mulohazalarini o‘qigandim. O‘sha payt­larda bu maslahatlarni umuman bajarish mumkin emasdek tuyulardi. Men endi asabiylashishdan chalg‘ish uchun faqat yaxshi narsalar haqida o‘ylashga harakat qilib ko‘rdim.

Bir zamonlar Jyul Vernga “Asarlaringizni o‘qigan kitobxon Sizni xuddi butun dunyoni aylanib chiqqan bo‘lsa kerak, deb o‘ylaydi. Bu haqiqatan ham shundaymi?” deb savol berishgani yodimga tushdi. Yozuvchi shunday deb javob qaytargan ekan: “Ha, haqiqatan ham, butun dunyoni aylanib chiqdim. Biroq buni men o‘z kreslomdan qo‘zg‘almasdan, o‘z tassavvurimda amalga oshirdim”.

Men ham xuddi shunday yo‘l tutdim, ko‘zlarimni yumib (darvoqe, ular baribir ko‘rmaydi-ku) xayollarim va tassavvurim bilan dunyoning qay bir chetiga safarga otlandim. Biroq qancha urinmayin, Shveysariyaning kengliklari, Niagara sharsharasi yoki hind junglilariga ko‘chib o‘tishni eplolmayotgan edim. Balki o‘sha joylarda hech qachon bo‘lmaganim uchundir? Biroq men Qirimga, Qora dengiz bo‘ylariga osonlikcha borib kelardim. Kavkazning Beshtov va haybatli Ma’shuq tog‘ining yaylovlarini kezardim. Bu joylarning manzarasini tassavvur etish juda oson edi. Negaki, bolaligimda o‘sha joylarni ko‘rganman-da!

Yo‘q-yo‘q, qirq yil umrimni bejiz yashamagan ekanman. Eslagan sayin xayolimda juda ko‘p xotiralar jonlana boshladi. Mening ham do‘stlarim, dushmanlarim bor edi. Kimdir menga yordam bergan, kimgadir men yordam berganman. To‘g‘ri, oilaviy hayotda omadim chopmadi.

1996 yil, avgust. O‘sha yillari men har yili yozning bir oyini Yozuvchilar uyushmasining “Do‘rmon” ijod uyida o‘tkazishga ko‘nikkan edim. Chunki u yerda otam ijod qilardi.

Bir kuni ijod uyining marmar zinalaridan ko‘tarilayotib Jumagul opaga duch keldim va salom berdim.

– Vaalaykum assalom. Otangiz sizga yana 20 kunga xona olib qo‘ydi.

Chap tomonimda bir guruh odamlarning yaqinlashganini ko‘rdim va beixtiyor ularga qayrilib qaradim.

– Assalomu alaykum, – dedi menga hammadan ham yaqinroq turgan qiz.

Unga qarashim bilan nigohim bir lahza to‘xtab qoldi. Menga bir juft charaqlagan katta ko‘zlar tikilib turardi. Feruzarang ko‘zlarda nur aks etardi. Bu nur o‘shanda mening ko‘zlarimda ham aks etgan bo‘lsa kerak. Uning tim qora sumbul sochlari, uzun kiprik­lari va o‘ziga yarashgan burni qalbimni rom qildi. Qiz taxminan menga tengdosh edi, nazarimda. Yonida yana ikki qiz bo‘lib, singillari bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Va yana bir ayol bor edi.

– Uzr, sizni hech tanimadim, – o‘xshovsiz g‘udurladim uning feruzarang ko‘zlaridan ko‘zlarimni uzmay.

– Bu – qizim Gulchehra. Men bo‘lsa, G‘ani Jahongirovning qizi bo‘laman. U kishi bir vaqtlar otangizni o‘qitgan ekan.

– Ha, ha, esimga tushdi. U kishi bir paytlar adabiyot fondida ishlagan.

– Ha, shunday, – javob berdi ayol.

 – Bu yerga kelganingizga ancha bo‘ldimi?

– Bugun uch kun bo‘ladi.

– Demak, unda yana ko‘rishamiz. Men hozirgina yetib keldim. Yaxshi qolinglar, – deya xayrlashdim.

Zinadan sekin “Mening feruza ko‘zlarim uchun sen meni jodugar deding” degan ashulani xirgoyi qilib ko‘tarilib borardim. Uchinchi qavatga yetganimda yonimdan ikki kishi o‘tib ketdi. Biri baquvvat, keng yelkali kishi, chehrasi juda tanish ko‘rindi.Biroq qancha urinmayin, uni eslay olmadim. Uning yonida esa bashang ki­­yingan ayol.

– Jahongir, – deya fikrimni bo‘ldi ayol ovozi. Qayrilib qaradim.

– Men Fotima opangiz bo‘laman. Bu kishini tanigan bo‘lsangiz kerak. Boks tarixida afsonaga aylangan jahon chempioni Rufat Risqiyev! Deyarli har kuni otangiz bilan uchrashib turibmiz.

Ular bilan xayr-xo‘sh qilgach, nihoyat otamning hujrasiga yetib keldim. Xonadan har doimgidek tamakining yoqimsiz hidi anqirdi. Otam yozuv mashinkasi oldida xayol surib o‘tiribdi. Men otam bilan ko‘rishdim-da, balkonga qaragan derazani ochib qo‘ydim.

– Ishlaring qalay? – so‘radi u qo‘llarimni siqib ko‘rishar ekan.

– Yaxshi, yomon emas.

Otam o‘chib qolgan tamakisini yondirdi.

– Qachondan buyon boksyorlar sizdan xabar oladigan bo‘lib qoldi? Yana qandaydir g‘alati ayollar bilan?

– Nima, sen Rufatni ko‘rdingmi? Yonidagi ayol – Fotima, Rufat haqida kitob yozgan. O‘sha kitobni uch tilda nashr qilishmoqchi. Ular kitobni o‘qib fikr bildirishimni va ma’qul bo‘lsa, so‘zboshi yozishimni istashyapti.

– Ha, tushunarli.

– Yangi hikoya haqida o‘ylayapsanmi?

– Ha.

– Bu boshqa gap.

– Dada, men boya pastda Jahongirovlar oilasi bilan uchrashib qoldim.

– Bu yerda uning qizi va nevaralari dam olishyapti. Sen tug‘ilib o‘sgan yozuvchilar uyi kalitini rahmatli G‘ani Jahongirov topshirgan edi. Ha, aytgancha, uch kundan keyin aylanamiz.

– Bo‘pti, tushundim, – deya javob berdim.

Dadam “aylanamiz” deganda gazeta va jurnallar, teleradiokompaniya tahririyatlaridan yozilgan gonorarlarni borib olishni nazarda tutar edi. Bu safar biz yana teatr arboblari jamiyatiga ham kirib o‘tishimiz kerak edi. U yerda dadam “Teatr san’ati rivojiga qo‘shgan hissasi uchun” mukofoti bilan taqdirlanishi kutilayotgan edi. Biroq bularning hammasi yana uch kundan keyin yuz berishi kerak. O‘sha kuni dadam bilan yana bir oz suhbatlashib o‘tirdim-da, keyin xonamga o‘tdim. Narsalarimni joy-joyiga qo‘ydim va sochiqni olib basseynga yo‘naldim.

Basseyn oldidagi o‘rindiqlarda odam ko‘p edi: Uyg‘unning nevarasi, Uchqun Nazarovning farzand­lari, Asqad Muxtorning nevaralari… Burchakda esa menga tanish Jahongirovlar oilasi… Gulchehra onasi va singlisi bilan turardi.

– Siz nimaga cho‘milmayapsiz? – dedim Gulchehraga ko‘zim tushishi bilan.

– Men suzishni bilmayman.

– Unda men sizga o‘rgatib qo‘yarman.

Gulchehra sokin jilmaydi. Men esa o‘zimni suvga otdim. Birozdan keyin basseyndan chiqib, yana ularga yaqinlashdim.

– Bilmaysizmi, bu yerda kim shaharga tez-tez tushib turadi? Ahmoqlik qilib sigaret obkelishni unutibman. Agar kimdir borsa, iltimos qilmoqchi edim.

So‘zimga onasi javob berdi.

– Bu yerga yaqin mahalladagi bir hovlida do‘koncha bor ekan.

– Uzoq emasmi?

– Yo‘q, yo‘q, unchalikmas. Gulchehra bir marta qatiq uchun borgandi, yarim soatda keldi. Qizim unda Hamid bilan borgan edi. Endi esa u bilan hamroq bo‘lgisi yo‘q. Bir o‘zini esa u yoqqa yubormayman. Balki sen Jahongir bilan borib kelarsan? – deya so‘radi u Gulchehradan.

Gulchehra “xo‘p” degandek boshini qimirlatdi.

Birozdan so‘ng qalin uzumzor oralab suhbatlashib ketib borardik.

– Eshitishimcha, siz ham yozuvchi ekansiz, shu to‘g‘rimi?

– Ha, to‘g‘ri. O‘zingiz nima ish qilasiz?

– Men pedagogika institutining uchinchi kursida o‘qiyman.

– Qaysi fakultetda?

– Muzika bo‘yicha.

– Maktabda musiqa o‘qituvchisi bo‘lasizmi?

– Bolalar bog‘chasida muzikachi bo‘lishim ham mumkin. Men bolalarni yaxshi ko‘raman.

– Men ham.

– Siz, menimcha, “S-1”dagi Yozuvchilar uyida tursangiz kerak.

– Ha, bu uyning kalitini dadamga sizning bobongiz topshirgan ekan.

– O‘sha uylarga yaqin joyda mening dugonam Mavluda yashaydi…

– Shunday deng. Ayting-chi, Hamid kim o‘zi?

Gulchehra jilmaydi.

– Ha, umi, “Litfond” raisining jiyani. Shu yerda yashaydi. Doim men bilan suhbatlashishga va nima bilandir mehmon qilishga urinadi.

– Anglashimcha, u sizga yoqmasa kerak.

– Ha, u menga yoqmaydi.

Yaqinimizdan ot tuyoqlarining tovushi eshitildi.

O‘girilib qaradik. Ot yonimizga kelib to‘xtadi. Unda qo‘lida bir dasta atirgul ushlagan yigit o‘tirardi.

– Sizga nima kerak, Hamid? – deya Gulchehra xo‘mrayib so‘radi.

– Bu sizga, – deya g‘udurladi Hamid qo‘lidagi guldastani uzatarkan.

– Gulni yaxshi ko‘rgan qizingizga sovg‘a qilarsiz, menga kerak emas, – dedi Gulchehra.

Hamid izimizdan qolmasdi.

– Hamid, chamamda, Gulchehra sizni ko‘rishni istamayapti, – dedim.

– Men unga shunchaki gul sovg‘a qilmoqchi edim. Axir, bu gul-ku, olsa nima bo‘pti?!

– Birinchidan, Gulchehra gulni olmoqchi emas, ikkinchidan, gulni olsa nima bo‘pti, deb noto‘g‘ri aytyapsiz. Qiz bola begona erkakdan gul olavermaydi-ku. Bilmadim, sizlarda qanday, ammo Toshkentda bo‘lg‘usi kuyov va kelin uch marta uchrashadi. Birinchi marta – tanishuv, ikkinchi uchrashuvda kafe yoki kinoga borishadi. Uchinchi uchrashuvda esa yigit qizga guldasta sovg‘a qiladi. Agar qiz gulni olsa, demak, unga turmushga chiqishga rozi bo‘lgan bo‘ladi. Agar olmasa… bu yog‘ini o‘zing tushunarsan. Keyin, Gulchehra bu yerda yolg‘iz emasligini aytmasam ham ko‘rgan bo‘lsang kerak.

Hamid otini burib choptirib ketdi.

– U bu atirgullarni ancha tanlagan ko‘rinadi.

– Keling, u haqda gapirmaylik, – dedi Gulchehra va chapga burilib bir shingil uzumni uzib oldi. Bir donasini ehtiyotkorona artdi-da, menga uzatdi.

– Qara, qo‘llarim yuvilmagan, sen uni og‘zimga yaqin obkela olmaysanmi?

U qo‘llarim toza ekanini bilardi, albatta. Biroq uzum donasini og‘zimga tashladi. Orqaga qaytayotganimizda undan birpas kutib turishni iltimos qildim. Yaqinimizdagi dala gullaridan guldasta yasadim. Sovg‘amni Gulchehraga berganimda u jilmayib gullarni quchog‘iga oldi-da, to‘yib hidladi.

Uning nafasini butun tuyg‘ularim bilan sezgandek bo‘ldim. Bu juda go‘zal lahzalar edi, atrofimizdagi manzaralar ham nafosatga burkangan edi.

Shu kundan boshlab bu kabi sayrlarimiz odatiy tus oldi. Kun o‘tgan sayin bir-birimizga ko‘nika boshladik.

Dam olish kunlarimiz dadam rejalashtirganidek yaxshi o‘tdi. Bir necha kundan keyin Rufat Risqiyevning haydovchisi bilan borib onam, opam va jiyanlarimni olib keldim. Dadam osh damladi. Men onamni Gulchehra bilan tanishtirdim. Hammasi ko‘ngildagidek yaxshi ketardi.

Ertasiga dadam bilan tahririyatlarni aylandik. Undan keyin teatr jamiyatida o‘zbek baleti afsonasi Bernora Qoriyeva dadamni mukofot bilan taqdirladi. Yana ijod olamining qator namoyandalari ham mukofot bilan taqdirlandi. Mukofot sharafiga bazm uyushtirildi.

O‘sha bazm kechasida dadamga Gulchehra haqida gapirdim. Otam bu qarorimdan xursandligini yashirmadi. U bizning birga sayr etganimizni bir necha bor xonasi derazasidan ko‘rgan va shunday bo‘lishini oldindan bilgan ekan.

Otam bizni har tomonlama bir-birimizga mos va to‘g‘ri keladi deb hisob­ladi. Yonimizga Husan Sharipov kelib o‘tirganida, ular oilaviy hayotimga oq yo‘l tilab qadah ko‘tardilar. Go‘yo to‘yimiz allaqachon bo‘lib o‘tgandek edi.

Shaharga qaytganimizdan keyin Gulchehra bilan yana bir necha bor Anhor bo‘yida uchrashdik. Bu sayrlarimiz avvalgilaridan-da sururli va esda qolarli edi.

“Do‘rmon” ijod uyidan qaytganimizdan ikki hafta o‘tgach, 1996 yilning 29 avgustida bizning to‘yimiz bo‘ldi.

Ammo ikkimizning birgalikdagi hayotimiz ko‘p cho‘zilmadi. Bor-yo‘g‘i bir necha yil davom etdi. Bunga bizning yosh va irodasizligimiz sabab bo‘ldi, deb bilaman. Mayda-chuyda gap-so‘zlar, gap ketidan ko‘p quvganimiz va hech qachon bir-birimizga yon bermaganimiz tufayli murosamiz kelishmadi. O‘ylashimcha, men birinchi bo‘lib ko‘nishim va taslim bo‘lishim kerak edi.

Keyin men yana uylandim, ammo baxt­­li bo‘lolmadim.

Chexovning bir hikoyasida o‘qigan edim. O‘sha asar qahramoni kema sahnida yotganicha jon taslim qilayotib, qontalash boshi bilan dod-uvvos solarkan, o‘z ayolini chaqiradi. Yonidagi ayolini emas – u ikkinchi xotini edi – qachonlardir ajrashib ketgan birinchi xotinini chorlaydi.

Ba’zan men bilan ham xuddi shunday bo‘ladi, deb o‘ylab qolaman. O‘zimning turli yoqimsiz fikr-xayollarimdan, xotiralarimdan tiyilib, bugungi kunimga qaytaman. Ba’zi xotiralar ezgin ruhimga ilinj, yorug‘lik bag‘ish­laydi.

Men ularni Babuga aytib berdim. Babu bu tukli duxobadan qilingan o‘yinchoq ayiqcha. Uning yoqimli panjasiga “Baby” yozuvi tushirilgan. Albatta, bu inglizcha talaffuzda “Beybi” bo‘lib jaranglaydi. Menga esa o‘zbek-lotin imlosida o‘qib-talaffuz qilish yoqadi. Babu bilan juda uzoq dardlashgan paytlarimiz bo‘lgan. U doimo mening fikrimga qo‘shiladi.

Bir paytlar taniqli fransuz qo‘shiqchisi Edit Piafdan “Siz o‘limdan qo‘rqasizmi?” deb so‘rashgan ekan.

– Yo‘q, men ko‘proq yolg‘izlikdan qo‘rqaman, – deb javob bergan ekan u. Men uning javobini ich-ichdan tushunaman. Yolg‘izlikdan aqldan ozishimga bir bahya qolgan paytlar ham bo‘lgan.

Biroq xuddi qo‘llab-quvvatlab turishga kelishishgandek, dabdurustdan hol-ahvol so‘ragani yaqinlarim kelishardi. Bir necha marta kursdoshim va do‘stim Davron Rajab yo‘qlab ketdi. Mana, kim bilan suhbatlashishim kerak. Ha, bu Babu emas. Keyin qarindoshlarim, tanishlarim kela boshladi. Qo‘llarimga jon kirgandek bo‘ldi va o‘rnimdan turib o‘tirishga harakat qildim. Oldiniga ikkala qo‘lim bilan karovatim yonida turgan tumbochkani ushlab, o‘rnimdan turishga harakat qildim. Keyin esa tumbochkani ushlamay ham tik tura oladigan bo‘ldim. Iltimosimga ko‘ra, turli audio kitoblar olib kelishdi. Aristotelning “Pompey”i, Gyugoning “Parij cherkovi ilohasi”, Robinzon Kruzo, Shekspirning bir nechta fojealarini ovozli kitoblar yordamida “mutolaa” qildim. Garchi qachonlardir bu kitob­larni o‘qigan bo‘lsam-da, ularni intiqlik bilan navbatma-navbat ting­lab chiqdim.

Xayolimda ikkita hikoyani pishitib qo‘ygandim. “Bahor qaytadi” va “Daydi bulutlar”. Qog‘ozda nima yozayotganimni ko‘rmasam ham, yoza boshlagan edim. Keyin “Bu ham o‘tadi”, “Birinchi qadam” deb nomlangan esselarimni xayolimda tiklay boshladim. Do‘stim Davron Rajab men bilan uchrashgani adabiyotshunoslarni boshlab kelardi. Bu orada oldingi hamshiram Jannat ham xabar olib turadigan bo‘ldi. Uning qiziq qiliqlari bor. O‘zi qozoq millatiga mansub bo‘lib, o‘zbekchani to‘la-to‘kis o‘rgangisi keladi. Aslida o‘zbekchada juda yaxshi gapiradi.

U oxirgi kelganida mendan “Zimis­ton qayerda joylashgan?”  deb so‘radi. Men o‘zimni kulgidan tutib tura olmadim.

– Sen bu so‘zni qayerda eshitding?

– Uyimiz oldida o‘zbek ayollari gaplashganida eshitdim. Bir ayol ikkinchisiga, qarang, zimiston bo‘p qoldi, ketishim kerak, degandi. Bilishimcha, Sirdaryoda Guliston bor, Samarqandda esa Registon, ammo hayronman, “Zimis­ton” qayerda joylashgan ekan.

– Jannat, zimiston bu – qop-qorong‘i degani. Bu tuman yoki ko‘cha nomini anglatmaydi. Tunda ko‘chaga chiqsang, zimistonga duch kelishing mumkin, – dedim men.

Xullas, nimadir yuz berayotgandek edi. O‘zgarish yaxshilik tomonga edi, nazarimda. Men tikilayotgan qorong‘ilik oxirida g‘ira-shira nur ko‘rinayotganday bo‘ldi. Va bu g‘ira-shira nur borgan sayin yorug‘lashib borayotgandek. Men paypaslanib eshikni topdim va uni ushlab o‘rnimdan turdim. Boshida besh, keyin o‘n lahza va bir daqiqa…

Nazarimda, oldingiga nisbatan ravshanroq ko‘ra boshlagandekman. Bunday bo‘lishi mumkin emas edi-ku. Kuch topib, og‘riqlarga bardosh berib, mashq qila boshladim. Har kuni shu tartibda harakat qilishga urinardim.

Men jismonan va ruhan o‘lgandim. Qayta tirilishim peshonamda yozilgan bo‘lsa, bu albatta, birinchi navbatda onam sharofati bilan edi. Boshimdan kechgan voqealarni qog‘ozga tushirar ekanman, hammasi uchun onamga qarzdorlik hissini tuyaman. Taqdirimning baxtli yakun topishiga ishonmagan, umid qilmagan edim. Biroq yana qayta va takror aytamanki, Xudoga va taqdirga ishonaman. Shu kunlarda sekin, ehtiyotkorlik bilan qadam tashlab zinamiz suyanchiqlarini ushlagancha tashqariga chiqdim. Yuzimni kuz quyoshining ojiz nurlari silagandek bo‘ldi. Bu nurlar menga iliqdek tuyuldi. Yengil shabada ko‘ng­limni ko‘tardi. Agar taqdir hukmi bilan oyoqqa turib ketishim kerak ekan, demak, bu dunyoda hali qiladigan ishlarim ko‘p, deb o‘yladim. U dunyoni o‘ylashga esa hali vaqt bor, chamamda.

Oliy adabiyot kursida o‘qigan yillarimni tez-tez eslab, xotiralarni qog‘ozga tushirishga harakat qilib turaman. Bilmadim, yoqimli xotira bo‘lgani uchunmi, o‘sha davrlar ruhimda sog‘inch tuyg‘usini uyg‘otadi. Agar qirq yillik hayotimning eng yaxshi uch yili haqida so‘rashganida, bir yilni o‘ylab ko‘rardim-u, qolgan ikki yilini o‘ylab o‘tirmay o‘sha Oliy adabiyot kursida o‘qigan chog‘larim, deb aytgan bo‘lardim. Negaki, u yerda o‘zimga o‘xshaganlar bilan adabiyot ummonida birga suzgan edik.

Bizga dars bergan o‘qituvchilarni-ku aytmay qo‘ya qolay. Ular o‘qituvchilardek ma’ruza o‘qishmas, mashg‘ulotlar o‘zaro do‘stona suhbat tarzida o‘tar edi. Dars chog‘ida biz o‘zimizni professor va taniqli adabiyotshunoslar bilan teng­dek tutardik. Har birining o‘ziga xos dunyosi, o‘ziga xos dars o‘tish uslubi bor edi. Saboqlarni qanday “hazm” qilish bizning ishimiz edi.

Masalan, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali bizga estetika fanidan dars berardi. Esimda, u auditoriyaga kirishi bilan bugungi darsimiz hind eposi “Ramayana” haqida bo‘ladi, deya e’lon qilgan edi. Ba’zi hamkurslarimiz norozinamo bir-birlariga qarab olishdi. Menga esa hindlarning bu xalqona asari qiziqarli tuyuldi va asar haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishni xohladim. Buning ustiga, bilishimcha, u kishi eposni o‘zbek tiliga tarjima qilgan. U asar mazmunini go‘yo Brahma ilohining yonida turgandek hikoya qilib berardi. Xonada barcha tinglovchilar, hatto boya mavzudan norozi bo‘layotganlar ham eposning davomi bilan qiziqib qolishgandi.

Ha, Muhammad Ali mavzuni tinglovchilarga yetkazish psixologiyasini mukammal egallagandi. Axir, har yili bir oy davomida AQSHning Vashington shahrida dars berayotgani bejiz emasdi-da.

U bir gal bizdan: “Siz dunyo deganda nimani tushunasiz?” deb so‘rab qoldi. Shoirlarimiz har doimgidek bittadan she’r o‘qib berishdi. Doim shunday bo‘ladi: shoirni davraga taklif qilsang yoki so‘z bersang, o‘zining eng yaxshi chiqqan she’rini o‘qib berib, vaziyatdan chiqishga harakat qiladi. Shuning uchun ham shoir deymiz-da ularni.

 Kursda nosirlardan ikki kishi edik. Ikkinchi prozachimiz savolga javob berar ekan, dunyo – hech qachon chiqib bo‘lmaydigan panjara, deb falsafa so‘qishga harakat qildi.

– Siz aytgandek panjara bo‘lsa, demak, uni buzib tashqariga chiqish kerak, – dedi Muhammad Ali.

– Men bu panjarani buzolmayman. Bu narsaning imkoni yo‘q, deb o‘ylayman, – deb o‘z fikrida turib oldi kursdoshimiz.

Javob berish navbati menga keldi. “Nazarimda, – dedim, – dunyoni qanday ko‘rishimiz, bu bizning ayni paytdagi ruhiy holatimizga, ichki nigohimizga bog‘liq. Agar ichimizda zulumot bo‘lsa, og‘riq-qiynoqlar ta’sirida butun olam bizga jahannam kabi tuyulishi mumkin. Aksincha bo‘lsa, ya’ni borlig‘imiz yorug‘ tuyg‘ular og‘ushida bo‘lsa, dunyoni jannatga tenglashtiramiz. Ya’ni, hammasi ayni damda suyangan haqiqatimizga bog‘liq”.

Javobim ustozimizga yoqqanini angladim. Nazarimda, u dunyoning aslida nimadan iborat ekanini bilishimizni, to‘g‘ri idrok qilishimizni istaganday edi. Ruhiy notinch­lik, bezovtalik bilan yozilgan asarlar doim bahsga sabab bo‘lardi. Men u kishi bilan uch yildan keyin, otam vafot etgan kuni uchrashdim. Otamning shogirdlari, tutingan ukalari ko‘p edi. Ularning ayrimlari o‘sha kuni hamdardlik bildirishga ham kelmadi. Biroq Muhammad Alini otamning barcha ma’raka kunlarida ko‘rdim. Garchi, to‘g‘risini aytganda, u kishi bilan otam judayam yaqin emas edi. Ammo yozuvchi sifatida bir-birlariga hurmat bilan qarardilar.

– Yozayapsanmi? – degan edi u otamning ma’rakalaridan birida.

– Ha.

– Bu yaxshi, eng muhimi shu, unutma…

Bu jumla otamning so‘zlarini eslatdi. U doim yozishdan to‘xtatmasligimni, birinchi navbatda ijod muhim ekanligini ta’kidlar edi.

Shu kunlarda Sayyora opam bilan telefonda gaplashdim.

– Yozuvchilar uyushmasi raisi qabulida bo‘ldim. Otamning asarlari beshinchi jildi nashri haqida suhbatlashdik. U seni ham so‘radi.

– Men haqimda nima dedi? Mayli, aytmasangiz ham bo‘ladi, bilaman. U “Jahongir yozyaptimi?” degan bo‘lsa kerak?!

– Ha, u aynan shunday deb so‘radi.

Bu gap menga katta kuch, dalda bo‘lganini sezdim. Ichimda bir ovoz “Taslim bo‘lma, Jahongir, sen yana yozishing kerak” deganday bo‘ldi. Va hozircha yozganlarimni sizga ilindim…

 

Jahongir XOLMIRZAYEV

1974 yili tug‘ilgan. O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi hamda O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Oliy adabiyot kursini tamomlagan.

“O‘tgan kunlardan”, “Ovchi”, “Oltinchi hukm”, “O‘lmagan jondan umid”, “Aborigen”, “Sovg‘a”, “Yozuvchining so‘nggi kunlari”, “Orzu daraxti” kabi hikoyalari, “Xush qol, sehrli diyor!”, “Faqat hayot abadiy” singari qissa va “Yigirma yildan so‘ng”, “Bu kunlar ham o‘tib ketar”, “Ilk qadam” esselari matbuotda e’lon qilingan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.