Ishonch

0
32
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

Ko‘zing – o‘zingniki, qulog‘ing – o‘zganiki.

O‘zbek xalq maqoli.

 

– …Odamboy aka, keling… Ertalabki majlisda aytilganiday: bugundan boshlab shu ikki qizga boshliqsiz. Hozircha… Tez orada dugonalarining ta’tili tugasa, bular ham ko‘payishib qoladi. Tanishinglar: bu – Nozigul, bunisi – Lobar. Mana shu loysuvoq devorni hu oxirigacha oqlashlaring shart. Nozik mehmonlar keladigan. Ertaga kechgacha ulgurishimiz kerak.

Qo‘shimcha topshiriqlar bergan direktor shoshilib jo‘nadi. Hali ohaklashni boshlamaslaridan Nozigul ketish uchun ruxsat so‘radi.

– Bolam reanimatsiyada. Bormasam, bo‘lmaydi. Uning yonida bo‘lishim kerak.

– Yo‘q, – dedi Odamboy picha o‘ylanib turgach. Uning ovozida achinish yoki hokimlik qilish emas, ajablanish hissi hukmron edi. – Hozirgina ketdi-ku, nega direktorning o‘zidan so‘ramadingiz: ketaymi, ketmaymi, deb? Tushunardi. Uyam odam.

– U odam bo‘lganda, o‘zim bilardim. Iltimos, javob bering.

Qarasa, Nozigul ko‘z yoshi qiladigan, Odamboy noiloj qolib bosh irg‘adi. Ish chala qoldi: kechgacha devorning uchdan biri ham oqarmadi.

Kech kirdi. Direktor keldi. Uning ko‘zlari qizargan, qovog‘i soliq, boshi egik edi. U  oqlanishi kerak bo‘lgan devorni ko‘rib tutaqib ketdi.

– Tushunmadim! Nima uchun devor oqlanmadi, a?! A, nimaga oqlatmading?!

– Nozigulning bolasi…

– Bolasi?

– Ha. Bolasi reanimatsiyaga tushib qolgan ekan. Bormasam, bo‘lmaydi, deganidan keyin…

– Uning bolasi bor ekanmi? A?

– Ha…

– Rosa laqillatibdi-ku sizni! Hech qanaqa bolasi yo‘q uning. Men go‘l bo‘lmasam, kelib-kelib sizga ishonamanmi? O‘rinbosarmish tag‘in. Shuni qorovulimga buyurib ketganimdayam yarmini tugatgan bo‘lardi. Eh, men ahmoq… O‘zi, qo‘lingizdan biron ish keladimi? A? Yarim yil kasalman deb yotdingiz, g‘ing demadim, oyligingizni oyma-oy shaqillatib sanab oldingiz, indamadik. Yana nima kerak, inson? Nonko‘rlik qilmang-da. Shunday «yonayotgan» paytimda yordam bermasangiz, qachon yordamlashasiz?

Yarim soatlik va’zxonlik, buyruqbozlikdan so‘ng direktor:

– Ertaga saharlab mehmonimizni kutib olgani chiqishim kerak. Xullas, kechqurungacha devorimiz oppoq bo‘lsin, shunda sizam oppoqsiz, menam.

Odamboy tuni bilan uxlolmay to‘lg‘onib chiqdi. Miyasida aylanayotgan o‘ylardan yuragi sanchirdi.

“Shunchalik soddamanmi?! Ustimdan kulib aldab ketishsa-yu, sezmasam? Hech kimga ishonib bo‘lmay qoldi. Ayol haq desam, erkakning gaplari o‘rinliga o‘xshaydi”.

Odamboy qop-qorong‘i xonada o‘zini ko‘zguga solgan ko‘r odamga o‘xshardi. U o‘zining qandayligini, atrofidagilarning kimligini bilolmay qiynalardi. 

“Ertadan boshqa odamga aylanaman”.

– Nega odamni aldadingiz?

Odamboyning qizlar bilan ertalabki “salom-aligi” shunday boshlandi.

– Nima debman?

– Bolamni ko‘rgani boraman degandingiz. Bolangiz yo‘q ekan-ku?

– Nima?! Direktor shunday degandir, hoynahoy. Aytuvdim-a odammas u deb! Mening bolam yo‘q ekanmi, ishonmasangiz, mana, ko‘ring.

U sumkachasidan oq-qora fotosuratni oldi. Unda Nozigul nogiron bolachani quchoqlab turardi.

 – Endi ishongandirsiz? Yo qasam ichaymi?

Nozigulning ko‘zlari jiqqa yoshga to‘ldi. Odamboy qaqqayib qoldi.

– Mayli, – dedi Odamboy zo‘rg‘a o‘ziga kelib. – Kechgacha ohaklab tugatinglar.

– Men yana kasalxonaga borishim kerak.

– E, qiziq ekansiz-ku, ertalabdan ketadigan ekansiz, nega keldingiz ishga?

– Sizga ishonib keldim. O‘zingiz tushunadigan odamsizku: erta-indin oylik beradigan. Pul topishning boshqacha yo‘lini bilmasam…

– Kechiring-u, sizga javob berolmayman. Meniyam tushuning: birovning dod-faryodini manavi yerimga olaversam, – Odamboy chap ko‘ksini ko‘rsatdi. – O‘zimnikini qayerga sig‘diraman? Agar ishdan ketsam, bu diplomim bilan shahardan boshqa ish topolmayman. Men ham yashashim kerak. O‘zi, direktor bilan o‘rtamizda ishkal bor. Shuning uchun devorni oqlab bo‘linglar-u, istagan tomonlaringga ketaveringlar.

– Akajon, o‘zingiz yaxshi odamsiz-ku, tushuning, o‘g‘limning ahvoli og‘ir. – Nozigul ho‘ngrab yig‘lab yubordi. – Iltimos, oxirgi iltimosim, meni himoyangizga olib turing, ishdan bo‘shatib yubormasin. Do‘xtirlar o‘g‘lingizni besh kunligi bormi-yo‘qmi, bilmaymiz, deyishyapti. Nega ishonmaysizla-a-ar?

Lobar Nozigulni bag‘riga oldi. Odamboyning ham ko‘ngli buzildi. Nozigul ketaversin, degan ma’noda Lobarga ishora qilib qorovulxonaga kirib ketdi.

Lobar kechgacha ishlaganidan so‘ng devorning yarmigina oqlandi. Odamboy Nozigulga ruxsat berib to‘g‘ri qildim, deb o‘ylagandi, lekin direktor kelib uning ishonchini shubhaga aylantirdi.

– Shunga ishonib o‘tiribsizmi? O‘g‘lim bor degan o‘sha yolg‘onchining tilini sug‘urib olmadingizmi? Birovning bolasini ko‘rsatgandir o‘g‘lim deb. Bu yerda yetti yildan beri direktorlik qilaman. Bunaqa muttaham, firibgarlarning mingtasini sinovdan o‘tkazganman. Menga ishonasizmi, ungami? A? Menda xodimlarimning hamma ma’lumotlari bor: kim uylangan, nechta farzandi bor, nechta xotini, nechta o‘ynashi – hamma-hammasini bilaman. Bilmadim, nima qilsangiz, qiling, ertaga tush paytigacha devor oqlansin, oqlanmasa, arizangizni yozing, uyam yozsin. Agar shundan keyin ham ishni qilolmasangiz, qildirolmasangiz, arizalaringiz stolimning ustida bo‘lsin, bo‘lmasa, ayab o‘tirmayman…

Odamboy aldagani uchun Nozigulni ishdan bo‘shatishga qaror qildi. Ertalab ish joyiga kelib devor oqlayotgan Lobarning o‘zini ko‘rdi.

– Nozigul hozirgina ketdi, – dedi Lobar. – Aravachada o‘g‘ilchasini opkelgandi. Shiringina kulib o‘tirgan bolakay birdaniga hushidan ketib tipirchilab qoldi. Yugurganicha yana kasalxonaga ketdi.

“Biz hammamiz shunaqamiz. Bir ishni qilayotganimizda vijdonni, burchni unutamiz, qilayotgan ishimiz to‘g‘riday tuyuladi. Lekin vijdonimiz uyg‘onganda, burch, e’tiqod tushunchalari esimizga tushganda, o‘zimizdan uyalamiz, xatomizni tan olamiz”.

Odamboyning hozirgi ahvoli shunday edi. Lobarning gapini eshitib, Nozigulning ketganini to‘g‘ri deb o‘yladi. Lekin ko‘zi bilan ko‘rmagani uchun va vazifasini, direktorni eslab fikridan qaytdi.

Direktor kechki payt Odamboyning ishdan bo‘shash haqidagi arizasini stoli ustida ko‘rdi.

 

O‘zbektosh QILICHBEK

 

1986 yili tug‘ilgan.

She’ri va hikoyalari “Kaftdagi nihol”,

 “Zangor fasl” bayozlariga kiritilgan.

“Quvonch” hikoyalar to‘plami nashr etilgan.

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti magistranti.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.