(hikoya)
Çaqiruv qoğozini olib, töğrisi, parişon böldim. Agar xizmatdan boş tortsam, meni kutib turgan jazolar haqidagi ogohlantiriş-u tahdidlar bilan tölgan maktubni qayta-qayta öqib, oyoğiga tuşov tuşgan otday his qildim özimni. Ayb özimda. Agar qunt bilan öqib, öqişga kirganimda bu körgilik yöq edi. Umrimning ikki yili behudaga sarf böladi endi.
Sir boy bermaslik uçun özimni quvonganga solişga majbur edim. Yigitman, axir. Ğururim özimga yetarli. Noroziligimni sezdirsam, ota-enam battar ezilişmaydimi, qizlar ustimdan kulişmaydimi?
– Gaplaşib olti oyga qoldirsammikan? – dedi otam. – Yozda öqişga kirib ketarmiding.
Tan olib aytsam, özi kallamda bilim unça köp emas. Yana yiqilsam…
– Ketaveray, – dedim otamga. – Vaqtni çözib nima qilaman. Qutulib kelganim maʼqul.
Harbiyda bölgan qişloqdoş akalarimizning boşidan keçirganlarini köp va xöp eşitganmiz. Ularning oxir-adoği yöq hikoyalari hayratlanarli, xuddi ertakka öxşaydi. Maʼlumki, akalarimiz murakkab tösiqlarni sabr-matonat bilan yengib ötişgan. Ğururi, hamiyati, or-nomusini mardonavor himoya qilişgan. Tadbirkorlik, ustamonlik, zehni, aql-zakovati, ziyrakligi, topqirligi orqasidan öziga gard yuqtirmay, kökrak kerib, yoruğ yuz bilan ona qişloği – Köktoşga qaytib kelişgan. Oralarida qiynalganlari, tayoq yeb qasdini ololmaganlari, kamsitilganlari yöq. “Armiyaga borganda böş ketmanglar, – deyişardi ular. – Heç kimga siringni oldirma. Qörqoq, lapaşang bölsang, toptalib ketasan. Hammaning oldida “pozor” bölasan”.
Men qanday askar bölaman?
Tibbiy körikdan ötdim. Ketadigan kunim aniq böldi. Yaqin qarindoşlar, hali harbiyga olinmagan örtoqlarimni uyga çaqirib ziyofat berdik. Jönaydigan kunim buvim non tişlatdi. Enam yiğladi. Özim ham bözlab yuborgim kelayotgan bölsa-da, zör-bazör: “Enamning yiğlaşini qarang, – deya hiringladim. – Qöying-e, ena, hademay qaytib kelaman-ku”.
Hamma bilan xayr-xöşlaşib, yelkamga törvamni osdim-da, jonajon Köktoşimni tark etdim.
Çaqirilganlarni poyezd vagoniga tiqib katta şaharga olib borişdi. Barçamiz xira suvaraklardek bir xil tusda edik. Bu kiyimda birovni tanib kör-çi. Samolyotga çiqib osmonga parvoz qildik.
Qayoqqa uçayotganimiz sir. Beş soat böldi hamki, qöniş haqida gap yöq. Illuminatordan bulutlarga boqib xayol suraman: nimalar qilib qöydim özi? Otamning aytganini qilib armiyadan qolsam bölmasmidi? Uyga omon-eson qaytamanmi, yöqmi? Hali, manavi samolyot ham Xudo asrab yerga beşikast qöna olarmikan?
Nihoyat, köhlikkina styuardessa kelib kamarlarni taqişimizni tayinlab çiqib ketdi. Qönarkanmiz.
Soğ-salomat qöndik. Şukur! Maʼlum böldi, xorijga tuşibmiz. Birinçi körganim qalin örmon, havo juda salqin.
Mana, bizning samolyotdan tuşgan özbeklar, ana, qarşimizda boşqa samolyotdan tuşgan özga millat vakillari, saf tortib turibmiz. Ikki-uç kunlik qismlarga böliniş jarayonida özbeg-u boşqa millat vakillari aralaş-quralaş bölib ketdik. Tariqday soçildik.
Men va yana ikki eldoşim – Şukur bilan Boymat tuşgan piyodalar polki kiçik bir şaharçaga yaqin örmon yoqasida edi. Ulkan kazarmada yuz ellik kişi istiqomat qilamiz.
Oddiy askar, yefreytor, serjant, starşina kabi rasmiy unvonlardan taşqari “ded”, “çerpak”, “limon”, “plafon” kabi norasmiy unvonlarga ega rotadoşlarimiz safiga “dux” bölib qöşilganmiz. “Dux” degani – heç kim. U ded, çerpak, limonlar tomonidan beriladigan ahmoqona buyruqlar, yumuşlarni kiprik qoqmay bajarişga, mazax, zuğum, qiynov-qistov, ermaklariga çidaşga mahkum.
Kunduzi ötkaziladigan siyosiy, jangovar öquv maşğulotlaridan sönggi çarçoqlar bir taraf, keçki ovqatdan keyin boşlanib to tong bözargunga qadar davom etadigan qiynoqlar bir taraf bölib, tinka-madorimizni quritardi.
Xilvatda qolsak, uç-tört özbek dardlaşardik. Şundan biroz yengil tortardik göyo. Suhbatlarimiz uşbu mazmunda bölardi:
– Bu azoblar qaçon tugaydi?
– Özimni bir balo qilib qöyaman.
– Qölimga miltiq tuşsa, falon dedni otib taşlayman.
– Otsang, qamalib ketasan. Şu kerakmi senga?
– Çidaş kerak. Olti oydan keyin yengil bölarmiş.
– Nega duxlarni “baran” deyişadi.
– Yuvoş bölganimiz uçun. Birikmaymiz-da.
– Boqiyev, sen rusçani qayerdan örgangansan?
– Rusça kitoblarni köp öqiganman.
Barça jonli va ölikka aylana boşlagan hujayrali mavjudotlar singari inson ham, albatta, taqdirga tan bermay yaşab qoliş ilinjida moslaşiş, hiylakorlik yölini qidiradi. Duxlar ham bundan mustasno emas. Oradan maʼlum vaqt ötib kiçik jussali Boymat jöramning feʼl-atvorida menga aslo xuş yoqmaydigan alomatlar körina boşladi. U ded, çerpaklarning könglini ovlaş uçun kör-körona xuşomad yöliga ötib oldi. Buyurilgan işlarni ikki karra ortiği bilan bajarar, qarşilarida maymundek irğişlar, sadoqatini izhor etar, maqtardi. Qarangki, bu iş berdi. Muştumzörlarning mehrini qozongaç, Boymatning turmuşi yengillaşdi. Dedlarning erkatoyiga aylanib, köpgina yumuşlardan ozod böldi, qiynoqlardan qutuldi.
Şukur jöram tanlagan yöl özgaça edi. U basavlat gavdasi, tund başarasini işga soldi. Buyurilgan işni bajarmay bezdek qotib turadigan odat çiqardi. Oğzaki pöpisa-yu qörqitişlarga parvo qilmas, agar ded unga qölini tekkizgudek bölsa, şunday öqrayardiki, zöravon şoşib qolardi. Issiğining borida undan nari ketgani maʼqul. Mabodo dux taşlanib qolsa, dedning şarmandasi çiqişi aniq. Keyin toptalgan obröni tiklab bölmaydi.
Kolya degan oşnam esa öta sözamol çiqib qoldi. Ötirib olardi-da, hayotdan, zobitlar, xizmatdoşlaridan tinmay nolir, noroziligini izhor qilar, töxtovsiz vaysardi. Dedlarning döq-pöpisalari unga kor qilmadi. Tayoq yesa ham oğzi tinmaydi. Natijada, dux-u ded, hamma undan nari ketdi. Öz holiga taşlab qöyişdi.
Duxlar örtasida moslaşuv jarayoni izçil davom etardi. Gitarada qöşiq aytib dedlardan muxlislar orttirgan kim-u, soç olib rotaning mohir sartaroşiga aylangan kim. Keçalari kazarmaga tansiq yegulik, içkilik topib keladigan ustamon kim-u, “noyob” maʼlumotlari bilan zobitlarning pinjiga kirib himoya topganlar kim. Çora topolmaganlarning hayoti yaxşilanmadi.
Tabiatan odamovi, taʼsirçan, ğururli edim. Köpçilikka singişib ketolmasdim. Harbiylar hayoti esa mening feʼl-atvorimga mutlaqo teskari qutbdagi fazilatlarni egallaşimni talab etardi. Harakat qilsam-da, bu qölimdan kelmasdi. Nimadir qilişim, hayotimni özgartirişim zarur edi. Ayniqsa, “baran” degan tamğa bilan yurişni aslo hazm qilolmasdim.
… Bolalikda, yaylovda qöy boqib yurganlarimiz yodimga tuşdi. Jöralar bilan öyinga çalğib mollarimizni yöqotib qöyardik. Yaylovdan olislab, toğ içkarisiga kirib ketgan qöylarni topib qaytarib kelgunimizça kun keç bölib ketardi. Qoronğiga qolmaslik uçun şoşiliş zarur bölardi. Baqir-çaqir qilib qöylarni yugurtirardik. Ildamlasin deb böriga öxşab uv tortardik; “U-u-v-v, a-u-u-v-v…”
Qarasam, vaqt ötgani sayin duxlar ham tabaqalarga bölinib borayotir. Yuqori, örta va pastki tabaqalar. Dastlabki ikki tabaqa vakillari har holda ustamonliklari orqasidan unça-munça özlarini tutib olişgan, men mansub uçinçi tabaqa esa hamon haqiqiy “baran”lik libosini kiyib yuribmiz.
– Bakiyev, örtoq, – dedi bir kuni rotamiz sartaroşi. – Soç olişdan heç qölim tegmayapti, gimnastyorkamni tikib bermaysanmi? Tikib ber, iltimos.
Dux sartaroşga hayron bölib qaradim. Oldimda Boymat ham turibdi. Nima deyişimni bilmay qoldim. Sartaroşning iltimosi har qança samimiy bölmasin, harbiyda bu iş buyurişga ötadi-da, axir. Jahlim qözidi. Unga dedim:
– Mening ham vaqtim yöq, özing tik.
– Nima qipti, soçingni olib turaman-ku.
– Tikmayman.
Sartaroş dux menga yomon qaraş qildi-da, nari ketdi.
– Şunday ölik bölib yuraver, – deb malomat qildi Boymat. – Kördingmi, duxlar ham senga iş buyurib boşlabdi.
– Iş buyurganda qilarmidim.
– Hali qiladigan bölasan. Lapaşanglanmay “şustriy” bölsang, bölmaydimi? Özbeklarni pozor qilyapsan.
– Yöğ-e, özing-çi? Pozor qilayotgan özingsan. Dedlarning tovonini yalab, yaltoqlanayotgan sen emasmi?
– Heçam-da, men yölini qilyapman. Senga öxşab menga duxlar iş buyurolmaydi.
Boymat haq edi. Menga alam qildi. Nima qiliş kerak? Xuşomadgöylik, jilpanglaş, sotqinlik, hiylakorlik? Ded bilan muştlaşay desam, özimga işonçim kam. Ança-munça çayir bölsam-da, jussam kiçik, şunday dedlar borki, sumbatidan ot hurkadi. Tepki tagiga tuşsam, bir umrga mayib bölişim aniq.
Öşa kuni ham kayfiyatim yomon edi. Boymat bilan Şukurning dakkilari jon-jonimdan ötdi. Keçki ovqatdan söng kazarmaga qaytib keldik. Odatdagidek dedlardan biri kelib gimnastyorkasini oldimga taşladi: “Oq yoqa tikib, olib borasan”, – dedi u. Boymatning karovati meniki bilan yonma-yon. Jöram başaramga tikilib miyiğida kulib turibdi. Özi bunday işlardan qutulgan. Alamdan vujudimda yengil titroq turdi. Boyagi ded biror soat ötib narigi qatordagi karovatida ötirgança:
– Dux Bakiyev! Gimnastyorka qani?! – deb baqirdi.
Men miq etmay ötiraverdim. Yoqa ham tikilmagan edi.
– Bakiyev deyapman!
Men yana javob bermadim. Bu holat kimlarningdir eʼtiborini tortdi. Vujudimga biroz qörquv oraladi.
– Bakiyev, “baran”!
Boymat jöram:
– Tikmovdingmi? – dedi sekin. – Nega javob bermaysan? Kelyapti, anavi kelyapti.
Maykaçan ded yonimga keldi. Pinak buzmay ötirgan duxni, yoqasi tikilmagan kiyimini körib qöllarini beliga qöydi:
– Dux Bakiyev, nima gap? – dedi.
Men indamay gimnastyorkani olib dedning oyoqlari tagiga taşladim va:
– Olib ket, – dedim. – Men tikmayman.
– Tuşunmadim, – dedi ded joyidan jilmay. – Qani tur! Tur dedim, “baran”!
Köpçilik buni kuzatib turar, ğişt qolipidan köçgandi. Qörquvim jahlga aylandi. Sekin örnimdan turib dedga qarab öqraydim. Biroz kallamni ham işlatişga harakat qildim. Raqibimning imkoniyatini özimniki bilan çamalab kördim. U mendan novçaroq, baquvvatroq edi. Çayirligim evaziga balki…
– Kim baran? – dedim köziga tik boqib.
Ded yon-veriga ayyorona köz yugurtirdi-da, menga qarab öşşaydi:
– Sen hali… – deya yoqamdan oldi.
Men portladim. Dedga yopişdim-da, bor kuçim bilan devorga surib bordim. U özini önglab olguniça bir-ikki muşt tuşirişga ulgurdim. Ded men öylagançalik çaqqon, çapdast emas ekan. Zarbamga çap berolmay qoldi. Buni körib battar quturdim. Uni özimga teskari qilib olib ikki qöl bilaklarim bilan böynidan mahkam qisdim. Şu payt köksimda bir nido paydo bölib böğzimga tiqilib keldi. Bir zum tek qoldim. Böğzimdagini çiqarişga kuçli ehtiyoj sezdim: “Mana, mana hozir qanaqa “baran”ligimni körasizlar”, degan öy miyamdan lipillab ötdi. Iyagimni çözdim-da, xuddi böridek uv tortib yubordim: “U-u-v-v…”
Dux döpposlayotgan örtoğiga kömak beriş uçun jonholatda yugurib kelayotgan dedlar tödasi joyida taqqa töxtadi. Men esa Köktoş yaylovlarida jöralarim qatori böri bölib uvlaşning obdon hadisini olgan, boşqaça, çözib aytiladigan nisbatan tabiiyroq turlariniyam bilardim. Buni kazarmadagi “qöy”larga ham ijro qilib berişda davom etdim: “U-u-v-v, a-u-u-u-v-v-v…”.
Qattiq siquvdan böğilib qolgan raqibim xirillaşga tuşganini sezmabman.
– Bakiyev! – degan öta taniş ovozni eşitib öşa tomonga ögirilganimda lab-lunjim aralaş kelib tuşgan serjantning oğir muştidan çayqalib beixtiyor dedni qöyib yubordim. Qöllarim bilan oğzimni bekitdim. Kimningdir xoxolab yuborganini eşitdim. Qolganlar unga jör böldi. Qah-qah otib kulişlar, huştak, qiyqiriq, sökiş, mazaxlar ostida serjant meni tortqilagança yuviniş xonasiga olib bordi. Oğzim qonga tölgan edi. Muşt yegan çoğim yuqori labim tişimga qattiq botgan ekan. Xayriyat, tişlarim omon. Serjant nazorati ostida qon töxtagunça oğiz-burnimni yuvib turdim. Keyin kanselyariyaga kirdik. U yerda navbatçi zobit, serjant hamda “jabrlangan” ded bor edi.
– Nima böldi? – deb söradi navbatçi zobit har ikkimizdan.
– Men unga yomon gapirganim yöq, – dedi ded behayolarça. – Karovatda ötirma dedim. Negadir, u quturib ketdi.
– Şu töğrimi, – deb söradi zobit mendan.
Oğriq tobora kuçayib, şişib borayotgan labimni uşlagança jim ötirdim.
– Javob ber! – dedi zobit döq aralaş.
– Ha, – dedim sekin.
– Xizmatingni boşlaganinga qança vaqt böldi?
– Uç oy-ça, şekilli.
– Aniqroq?
– Uç oy-u ön bir yarim kun.
– Yaxşi, ammo harbiy nizomni özlaştirib oliş uçun bu muddat yetarli senga, töğrimi? Otboygaça karovatga yaqinlaşiş mumkin emasligini bilasanmi?
– Bilaman.
– Unda nega eski soldatning aytganini qilmading? Ustiga-ustak u bilan muştlaşibsan?
– Boşqa qaytarilmaydi.
– Quruq keçirim söraş bilan qutulolmaysan endi. Ertaga rota komandiriga javob berasan. Jazongni olasan, tuşundingmi?
– Xuddi şunday.
Zobit men keçirim söragaç dedni çiqarib yubordi.
– Endi töğrisini ayt, – dedi zobit. – Nima böldi?
– Ded aytdi-ku.
– Ikkalang ham yolğon gapiryapsan. Mayli, ertaga rota komandiri özi aniqlaştiradi. Lekin bir narsani aytib qöyay. Agar hozir men kazarmada bölmaganimda dedlaringdan tayoq yeb ölarding, töğrimi? Nega ular bilan muştlaşib yuribsan?
– Şunday böp qoldi-da. Endi qaytarilmaydi.
– Qaytarilmasin. Ular bilan murosa qiliş kerak. Yölini top. Nimayam qilardik, “ded”, “dux” deganlari armiyada bor narsa. Hozirça çidab tursang, erta-indin sen ham ded bölasan, bildingmi?
– Xuddi şunday.
– Serjant, – deb murojaat qildi zobit navbatçi serjantga, – keçasi huşyor böl. Men yöğimda Bakiyevni anavilar pöstagini qoqib yurişmasin tağin. Özingning urganing ham yetadi bunga. Qara, tumşuği ham börinikiga öxşab qopti öziyam. Ha, aytganday, nega uvlading? Serjant ham uvladi deb aytyapti.
– Aniq bilmayman. Dedlardan qörqib ketgan bölsam kerak.
– Mayli, bor endi. Ertaga javob berasan.
Oğzimni qölim bilan tösgança joyimga qaytib keldim. Kazarmadagilar meni birinçi bor körayotgandek tutişardi özlarini. Söroq tugul hol-ahvol ham söraşmadi. Boymat ham jim. Dedlar ham beparvo. Bu narsa içimga ğulğula, vahima soldi. Bir köngilsizlik bölişi aniq.
Uyqu vaqti yaqinlaşganda qarşimda men döpposlagan ded paydo böldi. Qölini bigiz qilib:
– Sen endi öliksan, – dedi-yu, xuddi hozir men taşlanib qoladigandek darrov iziga qaytdi.
– Zobitga borib ayt, – dedi Boymat sekin, – kazarmadan bugun ketmasin. Yalinib bölsa ham qoldir. “Karpat” şaxsan özi sen bilan şuğullanarmiş.
“Karpat” degani Karpatlik toğdek bir yigit, dedlarning dedi edi. Uni böysundiriş qiyin bölganidan koptyorkaçi qilib közdan, xizmatdan nari itqitişgan. Asli mayda-çuyda narsalar bilan işi yöq, özi bilan özi ovora bölib yuradi. Aytişlariça, agar biror yoqimsiz narsaga nazari tuşsa, dahşatli maxluqqa aylanarmiş. Duxlar bilan işi yöq, xizmatkorlari dedlardan. Dedlar xizmatini qilib hurmatini joyiga qöyişadi. Duxlar uçun “Karpat” avliyodek gap.
Favqulodda uvlaşim bilan Karpatning diqqat-eʼtiborini tortganim aniq. Endi nima böladi? Biroq najot sörab navbatçi zobitga borsam, şarmandam çiqadi.
Endi ortga yöl yöq. Boşlagan işimni poyoniga yetkazişim şart. Sabr-toqatim tugadi. Yo “baran”ligimça qolib adoyi tamom bölaman, yo böriga aylanaman.
“Otboy” berilib çiroqlar öçirildi. Könglim ğaş, sodir böladigan noxuşlikni kutgança mijja qoqmay yotdim. Yuqorigi labim löqillab oğriydi. Bugun ertalabgaça taqdirim uzil-kesil hal bölsa, ajabmas.
Karavotlararo yölaklarda askarlar ğimirlab qolişdi. Tungi hayot boşlandi. Demak, zobit ketibdi. Karpat navbatçi serjantni sariq çaqaga ham olmaydi. Şaxsan dedlardan biri kelib:
– Tur, ketdik, Karpat çaqiryapti, – dedi.
– Nega?
– Bilmadim. Tur, ketdik. Unga gap qaytarib yurma. Nima desa mayli degin.
Dedning bunday nasihatomuz muomalasidan battar vahimaga tuşdim. Örnimdan turib kiyindim-da, dedning orqasidan ergaşdim. Kazarmada heç kim uxlamagan. Hamma mening tomoşamni kutib yotibdi. Hozir işim hal böladi.
Kazarmada çiroq yoqilmadi. Katta derazadan tuşib turgan şuʼla yoruğiga yetganimda töxtatişdi. Qarşimdagi karavotda oyoqlarini çaliştirgan köyi kaftlarini boşiga yostiq qilgança besönaqay Karpat yastanib yotardi.
– Familiyang nima? – deb söradi u.
– Boqiyev.
– Xöş, Bakiyev, böri bölib uvlaşni qayerdan örgangansan?
– Heç qayerdan.
– Yolğon gapiryapsan, Bakiyev, juda öxşatding lekin.
– Rost, aldamayapman. Qanday uvlaganimni özim ham bilmay qolaman.
Karpat karavotni ğijirlatib örnidan turdi. Men bir qadam ortga tisarildim.
– Mayli, – dedi Karpat. – Mendan qörqma. Dedni urgan bölsang, urgandirsan. Bu meni qiziqtirmaydi. Sendan talabim, bitta uvlab berasan.
Men öylanib qoldim. Aytganini qilsammi, yöqmi? Agar hozir uvlab bersam, tamom, keyin Karpatning xohlagan payti dimoğini çoğlab yuradigan öyinçoğiga aylanaman-qolaman. Boşqa tomoni, şu bilan Karpatning himoyasiga ötib, bir zumda azob-uqubatlardan qutulib, duxlik davrim bilan manguga vidolaşişim ham mumkin.
Avval boşda neni öylab uvlagandim özi? Haqiqiy, qaysar, özbilarmon böri bölib körinişni rejalaştirgandim. Toki meni heç kim “baran” deyolmasin. Şunday ekan, qandaydir Karpat degan hökizning talabiga köra undan qörqib uvlab bersam, böriligim qoladimi? Özbekligim, özimga bekligim qoladimi?.. Şu kabi faylasufona, balandparvoz öylarimdan söng biroz dadillaşib:
– Hozir uvlayolmayman, – dedim. – Ehtiyoj tuğilganda özim uvlayman.
– Qiziq, qaçon ehtiyoj tuğilarkan?
– Har zamon-har zamonda. Kutilmaganda bezovta böla boşlayman. Öz-özidan asabim qöziydi. Qayerdaligim, nima qilayotganimni bilmay qolaman. Şunda beixtiyor uv tortib yuboraman. Ana şundan söng içim böşab asablarim tinçlanadi. Özimga kelaman.
Yon-verimdan piqir-piqir kulgan tovuşlar, şaʼnimga tegadigan masxaraomuz gap-sözlar eşitildi.
Bundan aççiğim çiqib:
– Şunday paytlarning birida bilmasdan ilgari bir qöyni söyib qöyganman,– dedim.
Atrofda baralla kulgi kötarildi. Karpatning bir işorasi bilan şovqin tindi
– Hoy, baran, – deya öşqirdi u. – Çöpçagingni eşitdik, bas. Men sening ehtiyojingni kutib ötiradigan ahmoq emasman. Uvlab berasan dedimmi, tamom. Hoziroq uvlab berasan. Qani, boşla!
– Aytdim-ku, hozir qölimdan kelmaydi.
U qalin, temirdek panjalari bilan yoqamdan çangallab deraza tomonga yengilgina surib bordi. Tokçaga taqalganimda kökragimdan ezib boşqa qöli bilan boşimga sustroq zarba berdi.
– Uvla deyapman, uvla!
– Qölimdan kelmaydi hozir, iltimos, qöyib yuboring.
Öpkam qisilib nafas olişim oğirlaşa boşlaganida Karpat meni qöyib yubordi.
– Yöqol, – dedi birdan xotirjam tortib. – Közimga körinma.
Ortimga burilib karavotim tomon ğizilladim. Joyimga çözildim.
– Boqiyev, jöra, – dedi Boymat. – Karpatdan ham qutilganing rostmikan işqilib? Qattiq urmadimi özi?
– Yöq, qattiq urmadi.
– Nega unday qildi? Aytganini bajarmading-ku?
– Bilmadim.
Narigi karavotda yotgan Şukur ham suhbatimizga qöşildi:
– Nega urmaganini men bilaman.
– Nega ekan?
– Sababi, senga öxşagan bir paçoq duxni döpposlab ötiriş Karpatning obrösiga töğri kelmaydi…
Uyqum batamom öçdi. Heç narsaga erişolmaganimdan alamim keldi. Böri bölaman deb kulgiga qoldim. Karpat ham şarmandamni çiqardi. Menga qöyga qilinadigan muomalani qildi. Böri örnida körmadi. Bor-yöği böriga öxşab uvlab beradigan öyinçoq qöyga aylantirmoqçi böldi. Nayrangim iş bermadi.
Tong otsa, albatta, yiğiliş ötkaziladi. Rota komandiri pöstagimni qoqadi. Oldingidan battar azoblarga duçor bölaman endi.
Şişib ketgan labim löqillab oğrib turganiga qaramay, çarçagan ekanman, dong qotib uxlab qolibman. Bir mahal nimadandir seskanib, uyğonib ketdim. Yarim tun, hamma uyquda, kazarma tinç. Lab-lunjimdagi oğriq töxtabdi. Uşlab körsam bezdek şiş burnim, yuzimga ham ötibdi. Oğzimni bazör oçib-yumaman. Yuviniş xonasida qölimni yuvayotib oynaga qaradim. Aksimni körib qörqib ketdim. Yuqori labim dördayib şişib çiqibdi. Lab-lunjim naq börining tumşuğiga öxşaydi.
Endi tamom, deya öyladim. Ertaga hammaning qarşisida kulgiga qolaman. Buni pozor böliş desa böladi.
Osmonga qarab yotarkanman halovatim yöqoldi. Tong otib bir noşud ahmoq sifatida hammaga masxara bölganimdan köra… ölganim yaxşimasmi? Ölganimdayam bir iş qilib… Miyamga kelgan fikrdan aqlim ravşan tortdi. Sekin örnimdan turdim. Ölsam ölamanki, masxara bölmayman.
Boya yuviniş xonasidan qaytayotganimda zaldagi dnevalniyning bedor tik turiş örniga nizomni buzib avtomatga suyangan köyi tumboçkada mudrab ötirganini körganim yodimga tuşdi. Navbatçi serjant ham yaqin orada körinmagandi. Asta-sekin yurib borib dnevalniy tomonga möraladim. Şovvoz, avtomatini devorga tirab qöyib oyoqlarini tumboçkadan osiltirgança devorga suyanib, boşini kökragiga taşlab, uyquni taşkil qilgan ekan. Yoniga bordim-da, avtomat stvolidan xanjarni ajratib oldim-u, tezda ortimga qaytdim. Karpat yotadigan karavot tomonga yurdim. “Karpat, hökiz, – deb murojaat qildim özimça. – Juda intiq eding, mayli, bir uvlab beray senga, eşitib maza qil. Keyin qölimdagi mana bu xanjarniyam körib qöy. Öşanda bilmasdan haligi qöyni söyib qöyganimga işonasan. Meni közga ilmaganingdan puşaymon bölasan. Undan söng esa iflos şoxlaring bilan meni tilka-pora qilib taşla, mayli…”
Mana, Karpat pişillab uxlab yotgan karavot. Devor tomonga ötib uvlaşga taraddudlandim. Yuragim dukillab urar, oyoqlarim qaltirardi. Qölimda katta xanjar. Iyagimni xiyol kötargança oğriğiga çidaş berib lunjimni çöççaytirdim. Avval qornimni, söng öpkamni, oxirida ömganimni havoga töldirdim, söng: “U-u-v-v… a-u-u-v-v…”
– Chiroqni yoq! – deb baqirdi kimdir.
– Tezroq yoqsang-çi!
Men esa davom etardim: “A-u-u-v-v…”
Çiroq yoqilganida karavotda ötirgan köyi dahşat bilan tumşuğimga tikilib turgan Karpatning başarasini kördim. U men hali uvlaşning içimdagi nafas tugaşi arafasida aytiluvçi nolali ovoz pasayib boradigan yakuniy qismini tugatmasimdan bir sakrab kökragimga tepdi. Ovozim öçib zarbdan koptokdek uçib ketdim, kuragim bilan devorga urildim. Ötirib qoldim. Nafasim içimga tuşib ketgan, böşaşib huşimni yöqotayozdim. Biroz ötib xirillab nafas ola boşladim. Boşimni kötarganimda atrofimni rotadoşlarim qurşab turişardi. Xayriyatki, endi ularning aft-angorida kulgi-mazax emas, aksinça, hayrat, biroz qörquv, hadiksiraş ifodasini kördim.
Navbatçi serjant oldimda yotgan xanjarni oldi. Hammani joyiga yotişga buyurdi. Karpat haliyam angraygança qilt etmay joyida ötirar, nima qilarini bilmasdi. Nihoyat u:
– Buni yöqot! – dedi serjantga. – Bölmasa, tilka-pora qilib taşlayman. Xanjarni qayerdan olibdi?
Serjant:
– Dnevalniy! – deb çaqirdi.
Xanjarsiz avtomatni kötargança yugurib kelgan dnevalniy yalingansimon ohangda serjantga tuşuntira ketdi:
– Qasam içib aytaman, men berganim yöq xanjarni. Qanday olganini bilmayman. Men…
– Hali hammasi uçun javob berasan. Ma, ol xanjarni, joyingga bor.
Serjantning buyruği bilan men ham örnimdan turib joyimga yönaldim. Karpatning karavoti yonidan ötayotganimda:
– Keçir, Karpat, – dedim “samimiy”. – Men senga yomonlik soğinmayman. Nimalar qilganimni, rosti, bilmayman. Hozir özimga kelib qoldim, keçir. Birovga ziyon yetkazmadimmi işqilib?
– Yöqol dedim! – baqirdi Karpat.
Men, qolaversa, rotamiz uçun favqulodda tun nihoyasiga yetdi. Yangi kun boşlandi. Yiğiliş rota miqyosida emas, tor doirada, kanselyariyada ötkazildi. Unda rota komandiri va tungi sarguzaşt iştirokçilari qatnaşdik. Komandir suriştiriş işlarini olib bordi. Tunda sodir bölgan voqealardan voqif bölgaç, bu iş uçun, albatta, tegişli çora körişga, aybdorlarni jazolaşga vaʼda berdi. Söng hammani çiqarib yuborib meni olib qoldi.
– Yon-atrofingga qara-çi, – dedi u. – Kim bor?
– Sizdan boşqa heç kim.
– Töğri, sen hadiksiraydigan heç kim yöq. Endi yolğonlarsiz oçiqça gaplaşsak böladi. Aniğini bilsam, senga yordam beraman. Yöqsa, özingga jabr qilasan. Seni jinni sifatida topşirib yuborsam nima bölişini bilasanmi?
– Yöq.
– Unda bilib qöy. Tibbiy körikdan ötkazişadi. Jinniliging isbotlansa, yotqizib davolaşadi. Oğir-oğir ukollar olasan, quti-quti dorilar yeysan. Agar isbotlanmasa, şu qiliğing uçun qamoqxonaga yuborişadi. Senga qay biri maʼqul?
– Yöq, örtoq kapitan, unday qilmang, men jinni emasman.
– Unda nega bu işni qilding?
– Bilmayman, rost, keça Karpatga, bugun sizgayam tuşuntirdim-ku. Özingiz öylang axir, agar huşim joyida bölganida öz oyoğim bilan uvlagani Karpatning oldiga borarmidim?
Kapitan qölidagi qalamni stolga töq-töq urib öylanib qoldi. Nihoyat:
– Unda seni topşirmasam bölmaydi, şekilli, – dedi.
– Yöq, örtoq kapitan, yöq. Topşirmang, endi qaytarilmaydi, söz beraman.
Kapitan yalinib-yolvorişlarimni diqqat bilan eşitdi. Aftidan, soğ yoki jinniligimni, eng avvalo, özi aniqlab olişni istayotgan edi. Söng:
– Xöp, yaxşi, – dedi. – Endi eng muhimiga keldik. Rostini ayt, xanjarni dnevalniydan tortib oldingmi yo aldab qölga kiritdingmi?
– Esimda yöq. Balki, uxlab ötirganida olgandirman.
– Nima, uxlab ötirganida?
– Ha, yuviniş xonasiga borganimda tumboçkada uxlab ötirgan edi.
– Avtomat qölidamidi?
– Yöq, devorga tiralib turgandi.
Kapitan qölidagini töqillatişdan töxtab tek qoldi. Keyin zarb bilan qalamni stolga urdi.
– Yaramaslar, – dedi birdan tutoqib. – Bu rotada heçam tartib örnatib bölmas ekan-da…
Şu topda men rota komandirining jon joyidan tutganimni sezib qoldim. Endi uning meni jinni sifatida polk ştabiga topşirib yubormasligiga umid boğlasa böladi. Topşirsa, uçi-quyruği yöq sörovlar, tekşirişlar paytida rotaning avra-astarini ağdarişadi, harbiy nizom buzilişlari oşkor bölib qoladi. Oqibatda yuqori körsatkiçlar keskin tuşib ketişi aniq. Namunaviy rota degan şarafli nomdan mahrum bölişni kapitan sirayam xohlamaydi.
U özini bosib olgaç, yana sörovni davom ettirdi.
– Bakiyev, ayt-çi, armiyaga kelayotganingda tibbiy körikdan ötganmiding?
– Albatta, ötganman. Avval rayonda, keyin oblastda tekşirişgan.
– Senda biror kasallik aniqlaşmaganmidi?
– Yöq.
– Undan oldin uyingda ham uvlaganmisan?
– Töğrisi, ha. Bir-ikki marta uvlaganman.
– Ota-onang nega uvlaysan deb söraşmaganmi?
– Yöq, çunki boşqa örtoqlarim ham özlariça uvlab yurişardi, şuning uçun ota-onam mengayam eʼtibor qilişmagan.
– Örtoqlaring ham uvlaydimi hali?
– Ha, ular mendan örganişgan. Yolğondakam uvlaşadi. Men rostdan uvlayman.
– Qanaqasiga endi? Rostdan deganingni qanday tuşuniş mumkin?
– Içim tölib ilhomim keladi birdan. Uvlaşga ehtiyoj sezaman. Agar öşa payti birov xalaqit bersa, jahlim çiqib ketadi. Xalaqit qilmasa, heç narsa bölmaydi. Uvlab bölgaç darrov tinçlanaman.
– Unda, Bakiyev, haligi qöyni nega söygansan? Nima, qöy sening uvlaşingga xalaqit berganmidi?
– E-e, örtoq kapitan, Karpatni qörqitiş uçun jörttaga aytuvdim buni. U qöy uvlaşimga xalaqit bermagan. Ustiga minib öynagandim. Zöriqib, ölmoqçi bölganida, noilojlikdan, söyganman, halollaganman.
– Unda nega Karpatning oldiga ham xanjar bilan bording? Uniyam minganmiding? Zöriqib ölmoqçi böluvdimi?
– Yöğ-e, balkim uni qörqitmoqçi bölgandirman. Sal oldin uvlab ber deb jiğimga tekkandi. Axir men buyurtma böyiça uvlayolmayman-ku. Örtoq kapitan, meni keçiring, boşqa bunday qilmaslikka harakat qilaman…
Kapitan bir nuqtaga tikilgança sukut saqladi. Ikki öt orasida qolgandir, ehtimol. Bir narsalarni rejalaştiryaptimikan yo?
– Senga muddat beraman, – dedi u sekin. – Gaplaringga işondim. Agar birovga ziyon yetkazgudek bölsang, ikkalamizgayam yomon böladi. Judayam yomon böladi. Seni himoya qilganim uçun meni sirayam keçirişmaydi. Sen-ku yo jinnixonada, yo qamoqxonada ölib ketişing tayin. Tuşundingmi?..
…Kanselyariyadan çiqib kazarmaga kirib borganimda meni rotadoşlarim rostdanam böri sifatida qabul qilişdi çoği. U dedmi yo çerpak, limonmi yo plafon, kim bölişidan qatʼiy nazar ayriça diqqat-eʼtiboridan, hadiksiraş, hayrat bilan qaraşlaridan buni sezdim.
Nahotki, niyatimga yetdim. Kunlar ötgan sayin börimonand lab-lunjim tuzalib ilgarigi turqimga ega çiqqanimga qaramay “Volk” degan laqab orttirdim. Bu menga juda xuş yoqib tuşdi. “Volk” qayda-yu “baran” qayda. Bir bilimdon rotadoşimning eʼtirofiça, men yangi kasallik – böri sindromiga çalinganmişman. Birov ğing deyolmaydi. Duxça hayot bilan manguga xayrlaşdim. Nafaqat askarlar, balki serjant, zobitlar ham menga yaxşi muomala qilişadi, ehtiyot bölib gaplaşişadi. Egallagan mavqeyim yuqorida aytganim, eng past tabaqaga mansub dux şeriklarim hayotiga ham ijobiy taʼsirini ötkazdi. Men ularga qalqon bölib unça-munça azoblardan qutulişdi, kökragiga şamol tegdi.
Işonç bilan aytişim mumkinki, rota komandiriga özim sezmagan holda uning “namunaviy rota” nomini mustahkam saqlaşida yaqindan yordam berib yuradigan biriga aylanganim ham mutlaqo töğri. Çunki kazarmada kelib çiqişi duxlardan bölgan “volk”ning istiqomat qilişi navbatçi serjant va dnevalniylarning avtomat xanjaridan ajrab qolmaslik uçun harbiy nizomga töla rioya qilgan holda tunlari bedor xizmatlarini ado etişlariga zamin yaratgan edi.
Olti oy xizmat ötib “plafon”likka qabul qilindik. Duxlikni yangi kelgan ukalarimizga topşirib özimiz bir poğona yuqoriladik. Karpat boşliq dedlar rotani tark etişdi. Aslida, bunday özgarişlarning şaxsan menga taalluqli joyi yöqdek.
Erkinlikning ham yuki oğir bölar ekan. Bundan bu yoğiga endi özimni qanday tutişim lozim, degan savol qarşimda köndalang böldi. Karpatga öxşab yakkahokim bölib olaymi? Yo bölmasam…
Yakkahokimlik şerlarga xos, ayyorlikni tulkilar qiladi, yirtqiçlarga yem bölmaslik uçun doim sergaklikda qörqib yaşaş quyonlarning qismati. Men esa böriman. Mağrurlik, sirlilik, hiylakorlik, mardlik feʼl-atvorimga xos xususiyatlar bölişi darkor.
Har uç-tört oy oraliğida keçki paytlar, asosan tunda majburlab özimda ilhom uyğotardim. Qornimni, öpkamni havoga töldirib, lunjimni çöççaytirgan holda uv tortib yuborardim: “U-u-v-v-v… a-u-u-v-v…”. Qöy emas, böriligimni eslatib qöyardim. Menga hasad bilan qaraydigan zöravon ğanimlarim, navbatçi serjant, dnevalniylarni sergaklikka çorlardim.
Xizmat tugab, Vatanimizga qaytiş uçun samolyotga çiqdik. Osmon-u falakka parvoz qildik. Illuminatordan ostimizdagi töda-töda oq bulutlarni, gözal sayyoramizni tomoşa qilib uçyapman. Şu momo yer bağrida men xorijlarga alişmaydigan, xaritalarda körinmaydigan kiçkinagina Köktoş degan qişloq ham mavjud. U yerda harbiy xizmatim haqidagi uzundan-uzun çöpçaklarimni jon quloği bilan tinglaşga şay turgan sodda va xayolparast hamqişloq bolalar kutib ötirişibdi.
Isʼhoq ISMOILOV
1960-yili tuğilgan.
Toşkent Gidrometeorologiya texnikumini tamomlagan. “Jaydari kovboy” nomli kitobi naşr etilgan.
Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi aʼzosi.
2023/8
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


