(Hikoya)
Gorvald ortida sirenaning dunyoni buzib çiyillayotgan ovozini eşitsa ham, gazni oxirigaça bosib turgan oyoğini olmasdi. Oç kulrang patrul maşinasidan qoçib ketişga uning közi yetmas, lekin oyoği öziga böysunmasdi. Yöl nazorati politsiyaçisining “jip”i u ötirgan maşinaning orqasiga urilganida Gorvald hali tezlikni pasaytirmagandi.
U töğriga baqrayib qarab ötirarkan, oğir botinkaning şağal yölni şitirlatişini eşitdi va avtoinspektor:
– Tezlikni pasaytiray demaysiz, mister. Sirenani eşitmadingizmi? – degandagina boşini burib qaradi.
Gorvald taʼbi tirriq bölib xörsindi.
– Keling, bu ğalvani tezroq biryoqli qila qolaylik. Juda şoşib turibman.
Guvohnoma va boşqa hujjatlarini qidirarkan, Gorvaldning yuzidan avval ham bunday vaziyatlarga tuşganini seziş qiyin emasdi. Inspektor hujjatlarni tekşirdi va yon çöntagidan qalin daftarçani çiqardi.
– Leon Gorvald, Filadelfiyadan. Uyingizdan olislab ketibsiz-ku, mister Gorvald. Bizning ştatdan ham çiqib ketasizmi?
– Hoziroq çiqib ketişga tayyorman.
– Endi biroz kutişingizga töğri keladi. Sizga jarima yozib beraman, beş kun içida tölaysiz. Spidometrim maşinani yetmiş mildan yuqori tezlikda haydaganingizni körsatyapti.
– Tuşunsangiz-çi, men biznesmenman, – dedi Gorvald yonidagi örindiqqa qöyilgan papkani paypaslab. – Muhim işlarim bor. Balki yölini qilib kelişarmiz. – U çöçqa terisidan tikilgan, çetidan yigirma dollarlik pul çiqib turgan hamyonini oldi. – Jarimani şaxsan özingizga tölasam-çi? – dedi hamyonni oçarkan közini qisib.
Inspektor darhol kvitansiya daftarini yopdi-da, bir qadam ortga çekindi.
– Tuşunarli, – dedi u. – Maşinadan tuşing.
– Şoşmang…
– Tuşing, mister, vaqtingizni olmay.
Gorvald pul beraman degani uçun özini laʼnatlab maşinadan tuşdi. Yölda turarkan, politsiyaçining özidan bir fut baland ekanini payqadi va bu muskuldor kimsaning oldida özini noşud baqaloqday his qildi.
– Ortiqça ovoragarçilikdan qutulmoqçi edim, xolos, – tuşuntirmoqçi böldi Gorvald.
– Endi bu yoğiga rosa ovora bölasiz. Men pora berganlarni yomon köraman, mister. – Politsiyaçi boş barmoği bilan patrul maşinasi tomonga işora qildi. – Qani oldimga tuşing-çi. Maşinangizga yaltiroq belgi örnataman, keyin Perrivilga boramiz.
– Perrivilingiz nimasi, jin ursin?
– Uning yonidan beş daqiqa avval ötdingiz. Maşinani yeldek uçirganingiz uçun payqamabsiz çoği. Şaharçamiz kiçkina bölsa ham, bitta zör muassasasi bor. Turma.
Perrivilda, haqiqatan ham, turma bor ekan. Uni körgaç, Gorvald irganişgami, umidsizlikkami öxşaş bir tuyğuni his qildi. Pişloq qutisiga öxşaş turma binosi oq rangda bölgani uçun şaharçadagi eng toza imoratga öxşab körinardi. Lekin bu binoda maqtaşga arzigulik heç vaqo yöq edi. Perrivil turmasining içi zax va qoronği, devorlari yaşil moy böyoqli, jihozlarining şaloği çiqqan, papkalar solinuvçi, yupqa taxtali javoni bor edi. Binoning törida qalin temir panjarali ikkita kamera joylaşgan.
Qabulxonada heç kim yöqligi bois, politsiyaçining özi böyoği köçgan devordagi ilgakdan kalitlar boğlamini oldi-da, kameralardan birini oçdi va imlab Gorvaldni içkariga taklif qildi. Biznesmen tönğillab-tönğillab kameraga kirdi.
– Sudyani qaçon köraman? – söradi u. – Sudya bilan gaplaşişga haqqim bor-ku.
– Topganimda körasiz. Bugun yakşanba, mister. Yakşanba kunlari bu yer jimjit böladi. – U orqa eşikni oçdi-da: – Hoy, Montegyu! – deb qiçqirdi.
– Sandi! Biror odam bormi? – heç kim javob bermagaç, u yelka qisdi. – Ovqatlanişgami, boşqa biror joygami jönavorişgan şekilli. Sudya Vebsterning uyiga borib, unga kutayotganingizni aytaman. Töpolon qilmay ötiring.
U eşikka yönalgaç, Gorvald norozi böla boşladi:
– Hoy! Meni bu yerga qamab ketişga haqqingiz yöq!
– Kutişdan boşqa ilojingiz yöq, mister. – U yana orqa eşikka qaradi. – Tavba, hamma qayoqqa daf böldi, – dedi u. – Balki…
Köça eşigi ortidagi şovqin uning fikrini böldi. Xonaga oq soçli qariya otilib kirdi, qattiq hayajonlanganidan ajin bosgan, bujmaygan yuzi tekislangandek tuyilib ketdi.
– Charli! – bökirdi u. – Seni körib boşim osmonga yetdi, oğayni! Maşinangni körişim bilan Xudoga şukronalar öqidim. Anavi qaysar nusxa…
– Jin ursin, özi kim haqida gapiryapsan, Montegyu?
– Xudo haqqi, Charli, yarim asrdan beri Perrivilda bugun tongda röy bergandaqa jinoyat sodir etilmovdi. – U yötali tutib, kamaridagi töpponça ğilofini şappatiladi. – Lekin bu işni qilgan kimsani biz qölga tuşirdik, yaʼni men bilan Sandi, şunday ekan, tekin oşga şerik bölaman, deb ovora bölma. Sening işing uni bu yoqqa sudrab kelib kameraga tiqişga kömaklaşiş, xolos.
Montegyu gapdan töxtab, Gorvaldga qarab baqrayib qoldi.
– Yo alhazar, Charli, manavi nusxa bu yerda nima qilib ötiribdi?
Qariya stolning bir çetiga ötirib peşona terini kafti bilan artdi.
– Umrim bino bölib bunaqa qörqinçli manzarani körmovdim, Charli, – dedi u şivirlab. – Vaqtida Fransiyada köp narsani kördim, lekin bunaqa dahşatni!.. Qiz burda-burda qilib taşlangan. – Uning rangi oqarib ketdi. – Frimontlarning qizi. Tanirmiding? Ismi Syuzi edi?
– Yöq, tanimayman.
– Tovuq fermalari bor. Tanasini ukasi uylaridan çorak mil naridan, örmondan topibdi. Qiz beçora şox-şabba yiğişgami, gul terişgami borgan ekan. Boyoqiş juda sohibjamol bölmasa ham, yoqimtoygina edi. Hozirgi ahvolini körsang edi, Charli! Bu telbani Xudoning özi keçirsin.
– Qizni öldirgan kim ekan özi?
– Çamamda, yölda maşina tutib şahardan ötayotgan bölgan, bu yerda uni heç kim tanimaydi. Tana yotgan joydan çamasi öttiz yard narida maşinaga minayotgan ekan, ketidan qiçqirdik. Oyoğini qöliga olib yugura ketdi. Bir amallab tutdik. Aniqroği, Sandi tutdi, men bunçalik tez yugurolmayman. Qarşilik körsata boşlovdi, Sandi revolver bilan boşiga tuşirdi. Daydi ekani körinib turibdi, lekin qaçonlardir mexanik bölgan körinadi. Ikki tomoniga “Seneka garaji”, deb yozilgan eski oq korjoma kiyib olibdi. Balki garajning qayerda joylaşganini aniqlarsan.
– Özi hozir qayerda?
– Taşqarida, Sandining maşinasida ötiribdi. Ön daqiqa burun tavbamizga tayantirayotuvdi, lekin hozir tinçib qoldi. Olib kirişga yordamlaşasanmi?
– Mayli. Keyin ştab-kvartira bilan boğlanaman, balki meni jinoyat joyiga yuborişar. Tana hali ham topilgan joyidami?
– Bölmasam-çi, Charli. Men özimning işimni bilaman. Yoniga ikkita yordamçimni qoldirib keldim. – U yana Gorvaldga qaradi. – Buni nima qilamiz? Nima iş qilibdi?
– Tezlikni meʼyoridan oşirdi, ustiga ustak menga pora bermoqçi böldi, – pönğilladi inspektor. – Buning masalasi hal. Mexanigingni esa, narigi kameraga tiqamiz.
Ularning gapini diqqat bilan eşitib turgan Gorvald ayuhannos sola boşladi.
– Sudyani talab qilaman! Jarimani olib meni qöyib yuboringlar!
Qariya bezovtalana boşladi.
– Menga qara, Charli, bunaqa vaziyatda… Bor-yöği yöl harakati qoidasini buzgan ekan. Özing bir öylab kör…
– Nima böldi senga, şerif? – yöl politsiyaçisining qovoği uyildi. – Ikkita mahbusga kuçing yetmay qoldimi?
– E, gap bundamas…
– Boşimni oğritma, Montegyu. Qonunni buzdimi – ötirişga majbur. Sudya Vebsterga borib aytaman, kelib buning işini köradi, tamom-vassalom.
– Şu qonunçiliging heç yöqolmadi-da, Charli, – pönğilladi şerif. – Otang ham şunaqa edi. – U xörsinib stoldan tuşdi-da, ğiçirloq töqima kursiga yastandi. – Böpti, Sandi ikkoving anavi mexanikni olib kiringlar, ungaça men sudyaga telefon qilib köraman. Ehtiyot böl, Charli, mexanik pixini yorgan nusxaga öxşaydi.
Politsiyaçi taşqariga yönaldi. Gorvald jahl bilan kamera panjarasini urgandi, qariya pati yulingan kurkaday unga öqrayib qaradi.
– Özingizni bosing, mister, – dedi u.
Şerifning urinişlari zoye ketdi. Gorvald liniyaning narigi tomonidan kelayotgan gudok ovozini eşitdi, lekin trubkani heç kim kötarmadi. Uç daqiqadan keyin eşik yana oçilgaç, inspektor bilan sariq soçli qoruvli yigit sudrab kelişayotgan barzangini körib, biznesmenning afti burişib ketdi.
Jinoyatçining uzun soçi qalin qoşlariga tuşgan, közlarida ğazab uçqunlari yiltirardi. Örta böyli, lekin yelkalari keng, kir bosib oq rangdaligi bilinmay qolgan eski korjoma kökragiga yopişib turardi. U kuçandi-yu, lekin aytarli qarşilik körsata olmadi.
Keyin qariya qöşni kamerani oçdi va Gorvald endi Perrivil turmasida yolğiz yotmasligini tuşundi.
– Endi bu bizlarni bezovta qilmaydi, – dedi nafas rostlagaç şerifning sariq soçli yordamçisi ğururlanib. – Yöldayoq muşt kötarmaydigan qilib qöydim.
Politsiyaçi panjara orasidan yangi mehmonga qaradi va:
– Isming nima, mister? – deb söradi.
– Qorangni öçir! – bökirdi barzangi.
Kameralarni bir-biridan ajratuvçi temir tösiq orasidan qarab turgan Gorvald yötaluvdi, mexanik uni körib ğazab bilan şunday öqraydiki, Gorvald beixtiyor ortga tisarildi.
– Bunaqada özingga jabr qilasan, – dedi politsiyaçi pinak buzmay.
– Lekin agar bizga yordam bersang…
Mexanik ensasi qotib tupurdi va bunga javoban şerifning yordamçisi muskuldor qölini panjara orasidan tiqib uning yelkasiga kafti bilan bir tuşirgandi, korjomaning çangi çiqib ketdi.
Mahbus uç-tört qadam nariga borib tuşdi, keyin kameraning eşigini şunaqangi kuç bilan silkitdiki, temir eşik şaraqlab ketdi. U hammani böralatib söka boşladi va qöqqisdan ortiga ögirilib karavotga quladi. Söng ötirib paxmoq boşini çangallagança turmada yotişga könikkan odamlardek jimib qoldi.
Gorvald közlari kosasidan çiqqudek bölib uni kuzatardi.
– Xöş, sudya masalasi nima böldi? – söradi politsiyaçi. – Topildimi?
– Ovora bölmanglar, – dedi Sandi. – U xotini bilan Blantonga, qarindoşlarinikiga ketgan, har yakşanba mehmonga borişadi. Töqqiz yarimlarda qaytadi. Uni öşanda topasan.
– Jin ursin, – dedi Montegyu. – Bundan çiqdi, kamida uç soatdan keyin keladi. Söng tuşlik ham qiladi. – U xijolat bölib Gorvaldga qaradi. – Keçirasiz, mister, biz qölimizdan kelganini qildik.
Politsiyaçi aftini buriştirdi:
– Kutadi, endi şoşilişdan foyda yöq. Sandi, men bilan Frimontlarnikiga borasanmi?
– Agar Monti yöq demasa, bajonidil.
– Men qarşimasman.
– Keyin sening nomingdan boşqarmaga axborot yuboraman, – dedi politsiyaçi. – Bir özing qorovullikni eplaysanmi?
– Xavotirlanmay qöyaqol, – dedi şerif pinak buzmay. – Bemalol eplayman.
Perrivil turmasida yana odam ovozi eşitilgunça yarim soatdan köp vaqt ötdi. Mexanik boşini çangallab hamon karavotda ötirar, bunaqa xavfli kimsa bilan qöşni bölganidan özini yöqotib qöygan Gorvald kameraning bir burçagiga tiqilib oluvdi. Kiçkina turmaning yagona qorovuli – qariya şerif allaqanday uzundan-uzoq xatni yoziş bilan ovora edi.
Mexanik faqat bir marta qimirladi. Boşini kötarib Gorvaldga qahr bilan şunaqangi öqraydiki, biznesmen ingrab yubordi. Mexanik nafrat bilan miyiğida kulib oyoğini karavotga çözdi-da, devorga qarab yotib oldi. Turma içkarisi nimqoronği bölgani uçun aniq aytiş qiyin-u, lekin Gorvaldga uning paxmoq soçlariga qon quyqalari yopişgandek tuyildi.
Mexanik tinçib qolgaç, Gorvald kamera eşigining oldiga pusib kelib:
– Hoy, bu yoqqa qarang, – deb şivirladi.
Qariya maʼnosiz nigohini unga qadadi.
– Siz bilan gaplaşmoqçi edim. Iltimos.
Şerif uf tortib, ğirçilloq kursidan turdi.
– Sizga nima kerak, mister?
– Bir neça soat ötdi, axir…
– Bir soat ham ötmadi.
– Sudya bilan gaplaşişga haqqim bor-ku, jin ursin! Qonunda yozilgan!
Qariya iyagini qaşidi.
– Bir marta telefon qilişga haqqingiz borligini bilaman. Bu bor gap. Kimgadir telefon qilmoqçimisiz?
– Yöq, – ingrab yubordi Gorvald. – Heç kimga telefon qilmoqçi emasman.
U toqatsizlanib qöllarini silkita boşladi.
– Tuşunsangiz-çi, bor aybim yer yutkur şaharçangizdan ötayotib tezlikni oşirganim. Tuşunyapsizmi? Tezlikni oşirdim, xolos.
– Boşqa gapingiz yöqmi?
– Yöq, şoşmang. – Gorvald hamyoniga qöl çözdi. – Menga qarang, agar ikkimiz…
Şerif taajjub bilan unga tikildi. Gorvald yana xato qilganini tuşundi. Hibsga olinişiga sabab bölgan ahmoqona halollikka laʼnatlar öqib hamyonini çöntagiga tiqdi. Şerifga u haqida nima deb öylasa, barini aytmoqçi bölib turuvdi, eşik lang oçilib içkariga şerifning sariq soçli yordamçisi yugurib kirdi. Uning rangi bözargan, keltirgan yangiligini aytolmay nuqul hansirardi.
– Darrov qaytdingmi? – ajablandi şerif. – Charli bilan Frimontlarnikiga bormoqçi eding-ku…
– Charlining özi ketdi…
Yordamçisi şerifning bilagidan uşlab çetga tortdi, lekin Gorvald panjaraga qapişib, u aytgan voqeani bemalol eşitdi.
– Ölay agar, Monti, bir nima bölyapti. Ketayotganimizda Makmurtining bari oldiga töp-töp odam yiğiluvdi, baqir-çaqir avjiga çiqqan, bunaqa paytda ahvol qanday bölişini özing bilasan-ku. Makning oğzi quloğida, xuddi Mavlud ayyomi kirib kelgandek, qöli-qöliga tegmay içkilik sotyapti. Charli biror köngilsizlik bölişidan qörqib, şu atrofda yur, olomondan közingni uzma, deb tayinladi.
– Qanaqa köngilsizlik? – dedi boşi qotgan qariya. – Mendan nimani yaşiryapsan?
– Jim! – şivirladi Sandi va yöğon körsatkiç barmoği bilan mexanik yotgan kameraga işora qildi. – Bu şahardagi ayrim yigitlarni taniysan-ku, Monti… Bökib içgaç, töpolon qilişlarini bilasan. Nima, ular Frimontlarning qizi haqida bilişmaydi, deb öylaysanmi… Balki bularning barini sir saqlamoqçidirsan? Şuni muhokama qilişyotuvdi. Tuşundingmi?
– Xöş, nima bölibdi, jin ursin? Bu şahardan Teddi Ruzvelt ötgan paytdan buyon röy bergan eng şovşuvli voqea bölsa, seningça, ular yana nima haqida gaplaşişi kerak, baliq ovi haqidami?
– Monti, sen bu yerda ançadan beri şeriflik qilasan, lekin şu paytgaça biror marta çinakamiga jiddiy vaziyatga röbarö kelmading.
– Gapni çözma, – tönğilladi qariya.
– Olomon bökib içgan, hammasining tomi ketgan. Nima demoqçiligimni tuşunyapsanmi? Ular anavini muhokama qilişyapti, – şerifning yordamçisi yana körsatkiç barmoği bilan kameraga işora qildi.
Katalagining eşigiga yopişib turgan Gorvaldning nafasi içiga tuşib ketdi.
– Miyang aynib qolibdi, – dedi şerif. – Mexanikni toşböron qiliş uçun hammasi bu yerga bostirib keladimi? – miyiğida kuldi şerif. – Sem Duglas-u Vins Merrit boşçiligida-ya? Esingni yeb qöyibsan, Sandi.
– Men, axir, öşa yoqda böldim, – dedi qariyaning ozğin bilagini siqarkan maʼyus tortib Sandi. – Barga ham kirdim. Bu yigitlarning köpçiligi suv toşqinidan buyon işsiz yuribdi, ularga bahona topilsa bas, hamma yoqni ostin-ustun qiladi. Sen ğazablangan olomonni körmagansan. Men esa Riverxedda kördim. Gapimga işon, Monti, boşimizga ğalva orttirib oldik.
Qariya qölini böşatib, eşik yonidagi kiçikroq derazaning oldiga bordi. Qoronği tuşayotgan köçaga diqqat bilan tikildi, lekin xavotirlanişga arzirli biror nima körmadi. Stolning yoniga qaytib, telefonga qöl çözdi.
– Balki, Makka qönğiroq qilsam…
– Gapimga işon, Monti, men yigitlarning gapini eşitdim. Darhol biror nima qilmasak bölmaydi…
– Mening qölimdan nima keladi? Federal xizmatga qönğiroq qilaymi? Ular yarim soatdan keyin kelişadi.
– Bu juda keç. Balki agar Charli şaharga qaytişga ulgursa…
– Sandi, gaplaringga işongim kelmayapti!
Sandi zaharxanda qildi.
– Anavini sirtmoqqa osişganini körsang, işonasanmi?!
U şunaqangi baland ovozda öşqirdiki, mexanik uyğonib ketdi, paxmoq soçlari dikkayib örnidan turdi. Oğzini oçib, közlarini çaqçaytirişidan qörqib ketgani sezilib turardi.
– Sirtmoq? – ğöldiradi mexanik. – Kim sirtmoq haqida gapiryapti?
U karavotdan turib kameraning eşigiga yaqin keldi.
– Kim sirtmoq haqida gapiryapti? – bökirdi u yöğon temir panjarani çangallab.
Şerifning stolidagi telefon jiringladi. Sandi trubkani olib, bir neça soniya quloğiga qöyib turdi-da, keyin kafti bilan mikrofonini yopdi.
– Makmurti ekan, – dedi u. – Ha, Mak, nima gap?
Yana ön soniyaça eşitib turgaç, trubkani uloqtirdi.
– Monti, agar biror nima qilmoqçi bölsang, vaqtni çözma. Makning aytişiça, olomon bu yoqqa qarab yölga tuşibdi. Ularda uçta miltiq bor ekan, hammasi mast, turmani öqqa tutişlari tayin.
– Yo, alhazar! – dedi qariya kapalagi uçib.
– Meni qöyib yuboringlar! – bökirdi mexanik panjarani silkitib. – Qöyib yuboringlar meni!
Qariya yana derazaning yoniga keldi.
– Heç narsa körinmayapti. Kelişsa ham narigi tomondan kirişadi. Sandi, sen orqa xonadan ov miltiğini olib çiq. – Qariya ğilofni oçib, töpponçani oldi-da, barabanidagi öqlarni sanay boşladi.
Sandi orqa xonaga yugurib borib, katta kalibrli ov miltiği va bir quti öq kötarib keldi. Miltiq va töpponçasini öqlagaç:
– Monti, ikkalamiz şu olomonni töxtata olamiz, deb öylasang… – deya gap boşlovdi, şerif tutaqib ketdi:
– Nima qilay bölmasa, jin ursin?
– Meni qöyib yuboringlar! – hamon bökirardi mahbus. – Qöyib yuboringlar! Ular meni öldirişolmaydi! Meni heç kim öldirolmaydi!
Qariya qovoğini uyib unga qaradi.
– Balki gapida jon bordir. Bir tiyinga qimmat jonini saqlaymiz, deb eski qadrdonlarimizdan birortasini otib qöygandan köra, bu gazandani qöyib yuborgan maʼquldir…
– Men-çi? – gapga aralaşdi Gorvald. – Meni bu yerda qoldirişga haqqingiz yöq!
Ular özlari bilan özlari ovora bölib Gorvaldga eʼtibor ham berişmadi.
– Men taşqariga çiqib olomonni vaqtinça bölsa ham töxtatişga urinib köraman, – dedi Sandi. – Sen esa, anavini orqa eşikdan olib çiqib, “Ford”ga ötir-da, Frimontlarning fermasiga qarab gazni bos. Öşa yerda Charlini topsang, nima qilişni özi aytadi.
– Mayli, – boş sermadi qariya. – Urinib köraman. Sen olomonni töxtatib tura olasanmi?
Yordamçisi miltiqning qöndoğiga şartillatib urdi.
– Köp uşlab turolmayman, – dedi u hayajonlanib. – Şuning uçun tezroq qimirla.
Mexanik panjaraga yopişib harsillab nafas olar, şerif va uning yordamçisidan közini uzmasdi. Sandi taşqariga çiqqaç, u yana panjarani silkita boşladi.
– O-key, – tönğilladi qariya. – Sen aytgandek böla qolsin, yigit, faqat özingni bosib, hunar körsatmay tur.
U devordan kalitni olib, revolverini çiqardi-da, kameraning eşigini oçdi. Mexanik kameradan ilondek sirğalib çiqdi. Keyin ibodat qilmoqçi bölgandek kaftlarini juftlab gardaniga qöydi-da, qariyaning böyniga bor kuçi bilan tuşirdi. Şerif ingraşga ham ulgurmay yerga quladi, kalitlar va revolveri ham yerga tuşib jaranglab ketdi.
Bularning bari şunçalik tez röy berdiki, Gorvald qörqişni ham unutib, yerda yotgan şerif va mahbusga qarab angrayib qoldi. Mexanik engaşib kalitlar va revolverni oldi, keyin Gorvald ötirgan kameraga qarab kela boşladi.
Mexanik kalitni qulfga solib kamera eşigini oçganini körgan Gorvald ortga tisarildi. Balki gazandaga insof kirib, qöyib yuborar, deb umidlanib turuvdi, mexanik revolverning uçini uning kamzulining örta tugmasiga töğriladi.
– Kamzulni yeç, – xirilladi mexanik.
– Nima?
– Hammasini yeç, oşna. Kamzul, şim, köylak. Tez böl!
– Nima deyapsiz özi! – tutaqdi Gorvald. – Yeçmayman!
Mexanik töpponçasining tepkisini kötardi, şunda xiviç bilan urgandek “şiq” etgan ovoz eşitildi.
– Xöp! – şoşib qoldi Gorvald. – Yeçaman!
U şoşa-pişa kamzulini yeçib kursiga qöydi. Keyin şimini yeçib odatdagidek taxlab qöymoqçi edi, mexanik qölidan yulib oldi. Iştonsiz qolgan Gorvald qalt-qalt titrab, köylak va böyinboğini yeça boşladi.
– Tezroq! – öşqirdi mexanik. – Tezroq deyapman, jin ursin!
Gorvald kiyimlarini yeçib bölgaç, mexanik revolverni çap qöliga olib, öng qöli bilan moyga botgan korjomasini yeça boşladi. Nega bunday qilayotganini tuşuntiriş uçun Gorvaldga yana öşqirişga majbur böldi.
– Kiy! – dedi korjomani unga uloqtirib.
– Nega? – söradi ust-boşini almaştirişgaç, nima bölişini anglab esxonasi çiqib ketgan Gorvald. – Nega men buni?..
– Kiymasang, kallangni olaman!
Gorvald böysundi.
Kiyimlar almaştirilgaç, mexanik Gorvaldni kameradan çiqarib qöşni kameraga tiqdi-da, eşikni qulflab, kalit va revolverni polda yotgan şerif tomonga uloqtirdi.
– Yöq! – ötina boşladi Gorvald. – Rahmingiz kelsin…
Ammo mexanik Gorvaldning kamerasiga kirib eşikni yopdi, lekin qulflamadi. U vaqtida harakatini qilib ulgurgan ekan. Bir soniya ötar-ötmas miltiq qöndoği zarbidan qamoqxona eşigi lang oçilib ketdi.
Turma şu ondayoq qiçqirayotgan olomonga töldi. Gorvald hammasini tuşuntiriş uçun ayuhannos solsayam heç kim eşitmadi. Kalit qulfga mos kelib önlab qöllar uni kameradan tortib çiqarganda va ğazabga erk berib eşik tomonga sudray boşlaganda Gorvald dodlab yubordi.
U özining kim ekanligini aytişga, ular adaşişayotganini tuşuntirişga urindi, lekin boşi Perrivil turmasining qattiq va muzdek yeriga urilgaç, köz oldi qoronğilaşib, tili kalimaga kelmay qoldi…
– Gapirma, – dedi politsiyaçi.
Va göyo nima qiliş kerakligini amalda körsatmoqçidek, ehtiyotkorlik bilan Gorvaldning oğziga höl latta tiqdi. Keyin yölda uçraşganlaridan buyon birinçi marta jilmaydi.
Gorvaldning gardanida yonğoqdek ğurra paydo bölgandi. Lekin oğriğiga çidasa bölardi. U politsiyaçining moşrang kiyimli yelkasi oşa qarab, yana özining kamerasida yotganini, faqat bu safar eşik oçiqligini kördi. Gorvaldning qöllari turma körpasining qattiq matosiga tegdi.
– Nima böldi? – söradi u zörğa ovoz çiqarib.
– Seni qutqargani uçun Sandiga rahmat de, – dedi politsiyaçi. – U olomonning tepasidan oşirib uç-tört marta öq uzib, ularni qörqitdi. Ayni şu paytda men şaharga kirayotuvdim. Patrul maşinasini körgaç, hammasi tumtaraqay qoçdi.
Gorvald turib ötirmoqçi böldi. Politsiyaçi şoşilmaslikni maslahat bersa ham baribir bilganidan qolmadi. Keyin xonaga köz yugurtirdi-da, xömrayib olgan politsiyaçiga qaradi.
– Ha, quşçamiz uçib ketdi. Katta tezlikda. Lekin xavotirlanmasang ham böladi, uni baribir qölga tuşiramiz. – Politsiyaçi örnidan turib boş barmoğini şimining kamariga tiqdi. – Biz tufayli rosa pöstagingizni qoqişdi, mister Gorvald. Şunday ekan, kvitansiyani unuting, men esa siz taklif qilgan porani unutaman, – u jilmayib qöydi. – Lekin şahardan çiqayotib maşinani uçirmang, bölmasa yana qölimga tuşasiz.
– Uçirmayman, – dedi Gorvald hovliqib. – Işonavering.
U ertasi kuni tongda jönab ketdi. Boşi doka bilan boğlangan, bu şaharda topgani – kir-çir kamzul qöltiği va belini qisardi.
Yöl çetida çang bosgan xaltaçasini oyoği ostiga qöyib boş barmoğini kötarib turgan tor kök sviterli qizni körgaç, avval beixtiyor tezlikni pasaytirdi-yu, lekin keyin uning yonidan ötib ketdi. Yana biror ğavğoga yöliqiş niyati yöq edi, şunisi özi yetarli.
Lekin yon tarafdagi oynadan yolğiz qolgan qizning gözal qomati qanday kiçrayayotganini kuzatib, yuz yard yurgaç, maşinani töxtatib orqaga haydadi.
Qizning yoniga maşinani sekin haydab kelarkan, uning erinmay pardozlangan yuzida tabassum paydo bölganini payqadi. Qiz gözal emasdi-yu, lekin biznesmen bundan ham xunuklarini körgandi. Hozir Gorvald faqat maşina tortmasidagi piçoqni taşlab yubormaganidan xursand edi.
Genri SLEZAR
(1927–2002). Amerikalik yozuvçi.
“Kulrang flannel kafan”, “Qotillarning kirişi”, “Şerlar köprigi”, “Eşikdagi omonat”, “Yurak kasalliklari şifoxonasidagi qotillik” kabi detektiv-fantastik ruhdagi romanlari maşhur.
Alişer Otaboyev tarjimasi
2023/8
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


