Mantipaz va birodarlar (Hikoya)

0
113
marta ko‘rilgan.

“Yangiobod” bozoriga tushdim. Bir yaxshi “bukinist” bor. Onda-sonda noyob o‘qishli kitoblar kelib qolsa, xabarini yetkazadi. Ammo bu safar omadim kelmabdi, kimdir o‘sha kitobni mendan oldin xarid qilishga ulguribdi. Mayli, hamma zamonlar olg‘irniki bo‘lgan, bo‘ladi ham.
Mashinani bozorning g‘arb tomonidagi chiqish darvozasi – temiryo‘l izi tarafga qo‘ygandim. Yo‘l-yo‘lakay ko‘zim tushdi; bir mardum yerga, o‘rislar aytmoqchi, “otklyuchyonnыy” bo‘lib dumalagan. Zahar-zaqqumni me’yordan ko‘p yutgan, ahvoli xarob, yonverida esa “mazmuni bitgan” ikki shisha yumalab yotardi. Ha, xamr shunday vositayi joh, Alpomishni ham Surhayl maston shu ko‘yga keltirib, keyin chohga itarib yuborgan.
– Nima deysiz, endi. Uch kun avval onasi o‘libdi. Alamidan ichibdi. Undan sal avval opasi va jiyani – ikkisi bir kunda qazo qilgan ekan. Tushunish kerak.
Bosh ko‘tarib, ovoz kelayotgan tarafga qaradim. Qo‘shhamyonli, kir-chir peshbandini qornidan oshirib bog‘lagan mantipaz o‘tgan-ketganga vaziyatni shunday izohlar va bu izohda odamlarning rahmi kelib, yerparchin mastni uyiga olib borib qo‘yishar degan imdod zohir edi. Demak, tuproqqa qorishib yotmish o‘sha mantipazga dardini aytib ichgan, bu sulloh esa goh-goho “voy-voy-ye” deya gazagiga manti uzatib turgan. U ichavergan, buning bozori qiziyvergan. Oxiri yiqilgach, (endi kerakmas) rastasidan daf qilmoqchi. Yana abgorga qaradim. Ana, og‘zidan so‘lagi oqa boshladi. Judayam jirkanch manzara, lekin inson…
– Alloh asrasin, – shundoqqina biqinim tomondan shivirladi bittasi.
Unga-da boqdim. Mo‘minnamo qiyofa chizib olibdi. “Alhazar” deya boshini sarak-sarak qilib uzoqlashdi.
Qancha serrayib turdim, bilmadim, shu payt bir ozg‘in ayol paydo bo‘ldi, engashib mast odamni o‘rnidan qo‘zg‘atish uchun turtkilay boshladi. Qabatida undan-da ozg‘in, o‘n bir yoshlar chamasi qizaloq. Va, haybati toypaxtadek keladigan ikki sumka. “Xotini, qizimikan?”
– Tur, turaqolsang-chi, bo‘lmasa ketib qolaman!
Kuchi yetmaydi, xirsday erkak. Qizaloq yordamlashmoq payida bor ovozi bilan yopishadi.
– Tog‘-a-aaaa!
Shugina chinqiriq quloqlarimda batabang aks berdi; o‘ydan uyg‘otdi. Lahzada mastning oldiga yetdim. Ikkovlashib o‘rnidan turg‘azmoq bo‘ldik. Qani endi, oyoq-tirgak bossa. Yo‘q, yelimshak matoh deysiz, butun tanasi mayishib ketyapti. “Yo yelkamga olsammikan?”
– Qayt qivoradi, – deydi boyaqish ayol.
Noiloj atrofga boqamiz. Yakkash, juft-juft, ola-g‘ovur solib kelayotganlarning hech biri yordamga oshiqmaydi.
– O‘z holiga qo‘yinglar, biror ikki soatda hushiga keladi. Yo‘rg‘alab ketadi uyiga, – maslahat beradi soqoli paxmoq mo‘ysafid. Keyin yengilgina kulib qo‘shib qo‘yadi: “Boshdan o‘tgan-da.”
“E, bor-e, o‘lib qolmas!”
Majbur qayishidan tortqilab ko‘tardim. Mastning qaddi egilib, dol ko‘rinish oldi.
– Mana, mard bor ekan-ku! – davradagi bakovuldek ayqiradi mantipaz.
– Undan ko‘ra yordam bersangiz-chi, tovoqlaringiz ham bo‘shabdi. Hech kim tegmas, – deyman g‘ijinib.
– E-e ukam, bu alyumin tovoqlarning har biri qancha turishini bilsang edi, – kaftlarida havoni kesib, ming‘irlaydi sullohlarcha.
Nachora, “ulog‘im”ning o‘mganini chap qo‘limda suyab ketaberdim. Ahyon-ahyon orqamga qarayman, sudralgan oyoqlar shag‘al-qumoq yerda egri-bugri iz chizib kelyapti. Chiziq ba’zi joylarda uzilib qolgan. Bular tin olib, bot ko‘targan joylarim.
“Kechmishingga – aftodayi holingga suvrat solib kelyapsan, og‘ayni! Uzuq-yuluq joylari ko‘p ichgan damlaring” chalg‘ish uchun nash’a qilaman unga.
Baribir eshitmaydi-ku.
Biror ikki yuz metrcha yurilgach, haytovur, bir kishi o‘ktam ovoz bilan ko‘makka chog‘lanadi. O‘g‘li esa ketimizdan pishshillab kelayotgan ayolning qo‘llaridan zil-zambil sumkalarni oladi. Buyog‘iga taxminan yana shuncha masofa qoldi.
Mashina orqa o‘rindig‘iga yotqizdik. Qizcha tog‘asining yonidan suqildi. Mast bo‘g‘iq ovozda g‘o‘ldiradi. Anglolmadik. “Hayriyat”, degan bo‘lsa kerak, hoynahoy. Axir yarim chaqirim sudrab keldik, qiynaldi.
– Kasalxonaga eltaylik, o‘ziga keltirishadi, – yuzlanaman old o‘rindiqqa mingashgan ayolga. – Uyga oborsak, baribir dardisar bo‘ladi.
– Yo‘q-yo‘q, ertaga ma’rakamiz bor. Tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. Uyga boraylik, pulini to‘layman, – jovdiraydi juvon.
Buyog‘iga jim ketdik.
Yo‘l qayrildi. Juvon bozorda boshlangan va boyadan beri yig‘ilib kelayotgan o‘kirigini g‘ilt etib yutdi, unsiz yig‘lab yubordi. Shunda ko‘rdim: kipriklari deyarli to‘kilib ketgan, surp ro‘mol ostidan xiyol chiqib qolgan bir tutam sochi esa poxolpoyaga o‘xshardi.
– Ko‘p ichadimi?
– Bir hafta bo‘luvdi, ichmayotuvdi.
– Mantipaz azador, dedi?
– Ha, nobakor pochcham mastlik ustida opamni qizi bilan birga so‘yib tashladi. Hozir qamoqda. Opam va jiyanim o‘lmasdi agar… Ona-qiz ko‘chada yarim soatcha qiynalib yotgan, hech kim yordamga shoshmagan. Do‘xtir aytdi: ancha qon yo‘qotgan ekan, har ikkisi…
– Onangiz musibatni ko‘tarolmabdi-da…
– …
– Boshqa aka-uka, opa-singillar bormi?
– Ha.
Manzilga yetdik. Rutubati shunday ayon hovli eshigida uzun-kalta bo‘lib, ikki kishi bizni kutib turgan ekan. Ko‘chada esa yakkam-dukkam odamlar ko‘rinib qoladi.
– Darvozani oching, ichkarida tushirganimiz ma’qul, buyoqda.., – dedim boyagi ikkisiga – qosh ko‘tarib ko‘cha tarafga nuqirkanman.
– Ha-ya…
Eh-he, ko‘pchil ekan-ku bular. Katta oila. Bu orada aka-uka hiringlashib, mastni orqa o‘rindiqdan tushirib oldi. Men tushunmaydigan, faqat shu oilagagina xos qochirim-qichiq gaplar, piching yangradi. Ochig‘i, hayron qoldim. Negadir bu yerdagi hech kim azador tuyulmasdi. Qandaydir bir qorishiq kayfiyat hukmron edi. Faqatgina kipriksiz ayol burchakda qimtinib turar, nazarimda xayoli yo‘lkirada edi.
– Yotqizishdan avval bir cho‘miltirilsa tuzuk, – dedim hardamxayolligimni bildirmaslik maqsadida.
– Ha, cho‘miltiramiz. Shunday cho‘miltirayki, qanday o‘ziga kelganini bilmay ham qoladi, – xandon otadi sariqroqdan kelgan yosh qiz.
“Singlisi bo‘lsa kerak”.
Mashinaga o‘tirdim. Kipriksiz ayol tovushsiz qadam bosib, yon oynadan mungli bir alpozda boqdi. Chap tomonimga burilib, aka-ukalarga qaradim. Ular parvoyipalak nimanidir suhbatlashib turishardi. Negadir xayolimda yana mantipaz gavdalandi. Tomoq qirdim.
– Shartmas. Arzimaydi…

Asliddin Almardon

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.