Bog‘lardan nay chalib o‘tdi shamollar

0
73
marta ko‘rilgan.

* * *

Salomingiz keldi – safolar keldi, 

Duolar qilibsiz – gulladi yurak.

Iso nafasiday havolar keldi,

Ey do‘st, bizga yangi hayot muborak.

Bir sharob ichdim-u…

Yo falak!

Kimman?

Yulduzlar kuydirdi oyoqlarimni.

Ey do‘st!

Muborak deng!

Endi o‘zimman!

Olovga irg‘itdim bayroqlarimni.

Endi izlamasman na haq-adolat,

“Nechun?” deb o‘zimga etmasman zulm.

Bu manzilga yetdim qalb bilan faqat:

Faqat muhaqqaqdir Hayot va O‘lim.

Na-da rutbalar bor – bilmas ahli nafs,

Mukofot emas ul va na-da jazo:

Muhaqqaq, ahli dil to so‘nggi nafas

Muhabbat jomidan ichurlar azob.

Ey do‘st!

Ayting, meni izlamasinlar,

Ketdim.

U yo‘llarda endi yurmayman.

Imkonida bog‘lar shovullab qolgan

Zaminga urilib qaytgan nurdayman.

Darchangiz sharaqlab ochilsa tunlar,

Qo‘rqmang. Oydan so‘rang. Bilsa ul zora –

Men endi shamolman – uysiz qalandar,

Yo‘qlik muborakdir, borlik muborak…

Ey do‘st!

Ikkimizga zorlik muborak!

 

 

* * *

Boshimda uchdilar qalandar qushlar,

Arang ilg‘ab qoldim vido sasini.

Yelkaga ridoday solib ketmishlar,

Umrimning eng go‘zal bitta faslini.

Barglar o‘ynab uchar o‘ng-u so‘limda,

Bog‘lardan nay chalib o‘tdi shamollar.

Tonglar tumanparda osdi yo‘limga,

Erinchoq bulutlar qolgach xayollab.

Borliq yangiladi ranglarin butkul,

Entikib bo‘g‘zimga tiqildi-ku jon.

Yam-yashil shovvaday qaynardi orzu,

Xirmon shopiradi, endi-chi, armon.

Novdalar ship-shiydam.

Qarayman mahtal,

Hasratday bir umid solar titroqqa:

Ul qalandar qushlar, balki shu mahal

Sening osmoningdan uchib o‘tmoqda…

 

 

 

* * *

Oy bu kecha negadir qizg‘ish.

Uyg‘otadi billur sukunat.

Havoni turtganday shaffof qush,

To‘kar, to‘kar xinorang qorlarni daraxt.

«Gapirma, gapirma. Hammasi yolg‘on”.

Soyalar gul otar… ko‘zim-la varaqlab

Kecha uzun qirmiz jimlikka qarab

Shunday deyman ichimda har on.

Dunyoning tubiga yetganman, illo,

Sharqiy shamol esar va xulyo oqar

O‘zimni qurbonday his etmoq yoqar

Bu qanday balodir, bu qanday balo.

Qirmiz shu’lalarda yarqirar borliq.

Yulduzlar qo‘nganday charaqlar qorlar.

Soya otgan gullardan horib

Men Seni o‘ylayman hayotni chorlab.

Qish kechasi xuddi tubi yo‘q ummon.

Men go‘yo kechadan bino bo‘lgan xalq.

Poyimda yo Xudo, osmon urar barq,

Peshonamda yulduzlari yulingan bir tong.

 

 

* * *

Buvi, buvi! Tushimga bir qush kirdi.

Hushdan ayri yodimga yo tush kirdi.

Eski hovli. Yulduz, Quyosh, Oy kirdi.

Tuni bilan shovullagan soy kirdi.

“Payg‘ambarning o‘n bir o‘g‘li bor edi.

O‘n biridan Shohyusuf gulzor edi”…

Osmon yaqin. Eski hovli keng edi.

Har yulduzi bir quyoshga teng edi.

“Shohyusufni ovga olib chiqdilar”…

To‘xta! Osmon ustimizga yiqilar!

Yetar! Murg‘ak dilim to‘la zor edi.

Suv zarbidan diydiragan tol edi.

Nahot, qo‘rqmay “bo‘ri yedi” desalar?

Shafqatsizmi hamma go‘zal qissalar?

Eski hovli quduqdanam tor bo‘ldi.

Karvon kelmay, ufq uzun dor bo‘ldi.

Yoydi – tongning ko‘ylaklari ol bo‘ldi.

Oh desam, nafaslarim shol bo‘ldi…

Men bilaman, buvi, hanuz uyg‘oqsan.

Suzgan bulut, daryo, tirik tuproqsan.

Gulchanglarni olib uchgan shamolsan.

Suvlar uzra hovurdayin xayolsan.

Yog‘olmayin, ma’yus tushgan tumansan.

Qizg‘aldoqsan – qir uchinda kulgansan.

Tuni bilan shovullaydi soy hanuz.

Sojidadir navqiron ul Oy hanuz.

Hanuz qissang ichindaman… Bag‘rim cho‘g‘.

Endi “qo‘rqma…” demakka bir Sendek yo‘q.

Men bilaman, uyg‘oqdirsan… Gohi dam

So‘z deysan-u, ovozing yo‘q, shafiqam.

Qachon ohsiz yerlariga yetarman?

Yakuniga yetmay oyo ketarman?

Qush edim-a… Shol ayladi g‘ussalar.

Qayg‘ulimi hamma go‘zal qissalar?

 

 

SIMMETRIYA

 

O‘rtamizda azim bir daryo,

Yulduz kirdi tushingga bu tun.

Derazangga urildi yaproq,

Uyqusirab xo‘rsinding uzun.

Dunyo moviy xazonlarga g‘arq,

Xotiralar gullagan qiyg‘os.

Daryoning bir qirg‘og‘ida Sharq,

Men yog‘ida botadi quyosh.

Chulg‘adi bir noma’lum quvonch,

Xo‘rsindim-u uyg‘onib ketdim.

Guldiraklar solardi suron

Daryo uzra betin-betinim.

Derazamga urildi yaproq,

Moviy ko‘lga quladim tuyqus.

To‘ldirgandi osmonni shundoq

Yonayotgan bir dona yulduz.

 

 

 

ARAFA

 

Hademay osuda tortadi quyosh,

Zaminni o‘raydi gulday havolar.

Olis kechalarda bamisli ko‘z yosh

Oqib kelaverar g‘amgin navolar.

Olis kechalarda uzoq-uzoqdan

Oy nurida yo‘lga tushadi kimdir.

Erigan zumradlar oqqan soyloqda

Balki mahzun bo‘lar, cho‘kmaydi ko‘ngil.

Ayvondan qaraysan xotirfaromush:

Tuproqqa tushguncha o‘ynar xazonlar.

Qaydandir sokinlik, yot bir osoyish

Ruhingda suzadir moviy oqshomlar.

Har jism shaffofday…

Qa’da ichinda

Ko‘ksingga termulib, chekursan iyzo.

Behuda umidlar qiynamas endi.

Boricha anglaysan – ne bo‘lsa dunyo.

Hademay azaliy sokinlik inar.

Munojot aytasan subhi kozib payt.

Ko‘klardan ilohiy bir nafas enar:

“So‘ragil, so‘ragil… so‘ragil faqat…”

* * *

Bu gavjumda, bozor dunyoda

Sizni qanday topdim, bilmayman.

Shundan beri  oq-oydin shomda

Oyning chiltorini chalgayman.

Kezar edim kuz bog‘larinda,

Har bitta barg – yo‘qlikdan chopar.

Dedingizki, qaroqlaringda

Nastarinlar ochilib yotar.

Tirnar edi bo‘g‘zimni dam-dam

Ovozimning singan qilichi.

Dedingizki, bazmdir kuz ham, 

Barglar – noxin, bog‘lar – cholg‘uchi.

Dedingizki, asotirlardan

Tushib qolgan tushga o‘xshaysan.

Qanotingda chopqilar izi,

Afsonaviy qushga o‘xshaysan.

Birdan oyning  yuziga boqib

Dedingizki, qayg‘urma, kuyma…

Tepamizda yulduzlar yoqib

Suzar edi muazzam kema.

So‘ng ketdingiz… O‘shandan buyon

Ruhim aro uyg‘otar larza

Bulutlarday uchrashib, bir on

Yetti osmon yorishgan lahza.

Tasodifmi topganim Sizni,

Bu gavjumda ro‘y berdi tilsim:

Qanday tortdi nigohingizni

Mening siyoh chaplangan ismim?

 

Nodira AFOQOVA

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.