O‘ringulning armonlari. Hikoya

0
219
marta ko‘rilgan.

Mustaqillik ne’matlari haqida gap ketganda, sanab adog‘iga yetolmaymiz. Qaysi jabhaga qaramaylik, hayratimizni, hayajonimizni uyg‘otguvchi yangilanishlar jarayoniga guvoh bo‘lyapmiz. Ozodlik shukuhidan yuragimiz hapriqadi. Shunday kunlarga yetkazgani uchun Yaratganga shukrlar aytamiz. Beixtiyor xayolimizda chorak asr narisidagi manzaralar jonlanadi. Eslamaylik, ko‘nglimizni xira qilmaylik, deymiz-u, ammo baribir xo‘rlikka qorishgan o‘sha kunlarni unutishning hech iloji yo‘q. Qolaversa, bugungi dorilomon kunlarning qadriga yetishimiz uchun ham goh-goh o‘tmishimizga nazar tashlab turishimiz kerak. Muhtaram Prezidentimiz Islom Karimovning “Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qilish – eng oliy saodatdir” nomli asarini o‘qirkanmiz, bu fikru  xulosamiz qat’iylashadi.

“Mamlakatimiz erishgan yutuqlarning tub mohiyatiga yetib borish uchun bugungi hayotni kechagi hayot bilan solishtirib ko‘rish kerak. Shundan keyin odam bugungi hayotning qadriga yetadi… O‘ylaymanki, “Yashasin sovet davlati, yashasin kommunistik partiya” degan gaplar quruq safsata bo‘lganini ongli yashaydigan xalqimiz bugun yaxshi biladi… Paxta dalalariga qanday zaharli dorilar sepilganini aytmaysizmi? Odamlarimiz, bolalarimiz va ayollarimizning turli kasalliklarga chalinishiga, birinchi navbatda, samolyotdan sepilgan ana shu dorilar sabab bo‘lmaganmidi?” – deb yozadi Yurtboshimiz.

Mazkur og‘riqli savollarga javob izlarkanmiz, butun jamiyatni chirmab olgan Sho‘ro siyosatining qip-qizil yolg‘onlari va ularning alamli asoratlari ko‘z o‘ngimizda birma-bir gavdalanadi. Nazarimda,  bu fojealar mohiyatini bugun erkin jamiyatda o‘sib-ulg‘ayayotgan yosh avlodga jonli uslubda tushuntirish biz katta avlod vakillarining, xususan, yozuvchilarning burchi hisoblanadi. Quyida e’tiboringizga havola etilayotgan hikoyani ham shu yo‘ldagi bir urinish mahsuli deb qabul qilishingizni so‘rayman.

 

 Muallif.

 

O‘tgan asrning 60-yillari. O‘n ikki-o‘n uch yoshli bola edim. Har ikki-uch yilda o‘tkaziladigan saylovlar bahona bo‘ladigan sayllarga chiqardim.

Otam o‘qituvchisi bo‘lgani bois, doim saylov komissiyasiga yo rais, yoki kotib etib tayinlanar va tongdan kolxoz idorasiga borishi lozim edi. Kenja o‘g‘il bo‘lganim va xiyla erkaligim sabab, otamga “Men ham boraman”, deb xarxasha qilardim. Otam to‘ng‘illay-to‘ng‘illay ergashtirib olardi.

 

* * *

Shunday qilib, yana saylov keldi. Otam bu gal ham saylov komissiyasi raisi edi.

Ko‘kda yulduzlar xira tortib, ufq nilto‘tiyo tus olib, otam ikkimizni juda intizor etgan tong otdi. Ko‘p o‘tmay ko‘chada mashina gurillashi eshitildi. Men otamdan oldinroq darvozadan yugurib chiqdim.

Haydovchi Hamro aka mashinani zo‘r berib “dut-dut”latar, keng-mo‘l qutida o‘n-o‘n ikki chog‘li kishi bor edi. Ular – Toshqul brigadir, Jamol traktorchi, Aziz suvchi va har doim majlislarning hay’atida o‘tiradigan, tez-tez tuman gazetasida surati chiqadigan O‘ringul mash’al.

Otam tezda kiyinib chiqdi. Ikkovimiz haydovchining yonidan joy olib, chamasi yarim soatlarda kolxoz idorasiga yetib bordik.

Idora atrofi charog‘on, hamma yoq qizil bayroqlar, alvon shiorlar bilan bezatilgan, bu yerda ellik-oltmish chog‘li odam to‘plangan edi.

– Qani, domullo, tez bo‘ling, boshlang, – dedi rais betoqatlik bilan, – mana, raykom vakili ham shu yerda. Birinchi bo‘lib ovoz berishni boshlab, tezroq yakunlasak, kalxo‘z obro‘yi uchun yaxshi-da. – A, labbay, nima dedingiz, o‘rtoq vakil, darvoqe, o‘rtoq Kalonuf?

– Albatta, – dedi Kalonov kalondimog‘lik bilan, – paxtada, donda birinchi bo‘lgan kolxoz saylovda ham birinchi bo‘lsa, nur ustiga nur!

Otam yordamchilari bilan allaqanday qog‘ozlarni ko‘zdan kechirib, raqamlangan stollarga qo‘yib chiqdi-da, “… ovoz berishni boshlaymiz”,  dedi.

Men jon qulog‘im bilan tinglasam-da, hech qanaqa “ovoz berish”ni eshitolmadim. Xuddi shu asnoda yonimizda O‘ringul mash’al paydo bo‘ldi. Darhol uning qo‘liga allaqanday oq qog‘oz tutqazishdi va u qizil alvon bilan o‘ralgan uychalarning biriga kirib ketdi-da, zum o‘tmay qaytib chiqib, shodon qiyqirdi.

– Yashasin, men birinchi bo‘lib ovoz berdim!

Kimlardir istar-istamay, xo‘jako‘rsinga qarsak chalishdi. Men esa hayron edim.         

Juda ko‘p kishi o‘sha alvonrang uychalarga kirib-chiqib turgan bo‘lsa-da, oddiy g‘ala-g‘ovurdan bo‘lak hech qanday ovoz eshitilmasdi. Cekin yurib, qo‘li-qo‘liga tegmay allaqanday qog‘ozlarni tarqatayotgan otamning yoniga bordim.

– Ovoz berish boshlandi dedingiz, men hech qanaqa tovush eshitmayapman-ku!

– Eh, tentakvoy, – dedi otam jilmayib, – “ovoz berish” degani ovoz solib baqirish emas, mana bu qog‘ozni qutiga tashlab chiqish, vassalom!

Hafsalam pir bo‘layozgan edi, birdan kallamga ajoyib fikr keldi.

– Men ham ovoz bersam, maylimi?

– Yo‘q, mumkin emas, – dedi otam qat’iy qilib.

– Nega endi?

– Yoshing o‘n sakkizga yetganda ovoz berasan. Hozir esa boshimni qotirma.

– Ota, jon otajon, men ham ovoz beray! Axir, o‘zingiz bu yerda kattasiz-ku! Xo‘p deyaqoling…

Otam men bilan pachakilashish foydasizligini yaxshi bilganlaridan, qo‘limga uch so‘m tutqazib, shunday dedi:

– Mana senga, borib kunjut holva, shirmoy kulcha olgin. Cix kabob yeging kelsa, ungayam yetadi.

Eh, yashasin, bu yog‘i maza bo‘ldi-ku! Uch so‘m – men uchun katta davlat edi, chunki maoshni juda tejab sarflaydigan otam har doim ham buncha pul beravermasdi-da!

Pulni kaftimda mahkam qisgancha tashqariga chiqdim. Kolxoz idorasi atrofi ulkan bozorni eslatar, hamma nimadir sotib, nimadir olar, nimadir yeb, nimadir ichmoqda, olomon dengizday chayqalar, suron solardi.

Men aslida saylovni shuning uchun yaxshi ko‘rardim-da…

Kunjutli holva, shirmoy kulcha sotib olib, idoraga tutash oshxonada pok-pokiza tushirdim. Co‘ngra turli tomoshalarni ko‘rib, kunni kech qildim.

Qorong‘i tushgach, sovuq kuchaydi. U yer-bu yerda gulxanlar yoqildi. Caylgoh hamon gavjum, baqir-chaqir, mast-alast qichqiriqlar tinmagandi.

Cekin-asta qari-qartang, bola-baqra uy-uyi­­ga jo‘nadi. Ko‘chada asosan yosh-yalang va kayfi oshganlar qoldi. Bizning qishloqdan kelgan “zarbdor guruh” esa oshxonaning bir chekkasida bazmi jamshidni hamon davom ettirardi.

Men rosa sovuq qotgandim, otam o‘tirgan xona va hamqishloqlar xursandchilik qilayotgan oshxona o‘rtasida bo‘zchining mokisiday qatnardim. Onda-sonda lovullab yonayotgan gulxanlar yoniga borib, biroz isingan bo‘lardim. Oshxonadagilar ham, gulxanlar atrofidagilar ham g‘irt mast edilar. Vaqt allamahal bo‘lganiga, sovuq tobora kuchayayotganiga hech kim e’tibor qilmasdi.

Og‘zi surg‘uchlangan, yashil qog‘oziga “Vodka” deb yozilgan shishalar paydar-pay ochilar, qirrador stakanlar-u paxta gulli piyolalarga qultillatib quyilar, g‘ala-g‘ovur tobora avjiga chiqardi.

Covuq suyak-suyagimdan o‘tgan, bularning hammasi endi jonimga tekkan, tezroq uyga yetib olib, issiq o‘ringa kirishni istardim.

Yana otamning yoniga bordim-da, tishim-tishimga tegmay, “Uyga ketaylik”, deya xarxasha qila boshladim. Otam “Yana ozgina chida, hozir yakunlaymiz, men kattalarga qo‘ng‘iroq qilaman-u, keyin uyga jo‘naymiz”, dedi. “Jo‘nab bo‘psiz, – dedim injiqlanib. – Birgad bobo, Hamro aka, hammasi mast-ku. O‘ringul opaning ham yuzlari qizarib ketibdi”.

– Obbo, hozir shu yetmay turuvdi-da! O‘ringulga xotin boshi bilan araq ichishni kim qo‘yibdi?!

Otam rosa jig‘ibiyron bo‘ldi, u kishiga rahmim kelib, yupatdim.  

– Qo‘rqmang, Hamro aka unchalik mast emas.

Otam battarroq asabiylashdi.

– Araq o‘rniga zahar-zaqqum ichishmaydimi? Axir, shuncha mast odamni uyiga qanday olib boraman. Bu ahmoqlar har saylovda bir mashmasha boshlamasa, bo‘lmaydi-da. Ko‘nglim sezib turuvdi-ya, – otam sovuqda qaltirayotganimni ko‘rib, shashtlaridan biroz tushdi.

– Mayli, o‘g‘lim, bor, bir aylanib kel, ungacha men ishlarimni saranjomlayman.

Men “bir aylanib”, yana o‘sha oshxonaga bordim. Araqxo‘rlik hamon davom etar, endi O‘ringul mash’alning ham og‘zidan bodi kirib, shodi chiqardi. Xuddi shu asnoda boshida qorako‘l telpak, qo‘nji uzun oq etik kiygan, sipo bir odam hamqishloqlarimiz davrasiga yaqinlashdi.

Toshqul birgad o‘rnidan turib, chayqala-chayqala unga peshvoz chiqdi.

– E, e, keling, partqo‘m bobo, keling! Caylovni bi-i-i-r yuvaylik!

– Yuvsak arziydi ham, – dedi mehmon viqor bilan.

Uni davra to‘riga o‘tqazishdi. O‘ringul mash’al “dik” etib o‘rnidan turdi-da, mehmonning yoniga borib o‘tirdi. Ayolning doimo xumor boquvchi ko‘zlari olazarak edi.

Davraga yog‘i jizillab turgan six kabob olib kelishdi. Yana o‘sha, og‘zi surg‘uchlangan shishalar ochildi. Partqo‘m kotibi O‘ringul ilg‘orning o‘ziga e’tiboridan taltayib ketib, so‘z boshladi.

– O‘rtoqlar! Bizning bu o‘tirishimiz oddiy araqxo‘rlik emas, balki siyosiy kampaniyaning muvaffaqiyatli yakunidir!

Men kommunistlar va partiyasizlar blokining munosib nomzodi O‘ringul Pardayeva uchun qadah ko‘tarishni taklif etaman! Biz hozirgina domla (ya’ni, otam) bilan ovozlarni hisob-kitob qildik. Bu singlimiz 99,9 foiz ovoz olib, rayon soveti deputati etib saylandi. Hamma­ngizni g‘alaba bilan tabriklayman!

O‘ringul mash’alning bo‘g‘riqqan yuzlari yal-yal yonardi. Hamma o‘rnidan turib, qiy-chuv bilan piyola, stakanlarni shaqir-shuqur urishtira boshladi. Faqatgina Aziz suvchi “miq” etmay, qo‘lidagi araq to‘la piyolaga tikilib o‘tirardi. Bu partqo‘m boboning nigohidan chetda qolmadi. Cuvchiga savol nazari bilan qarab, o‘dag‘ayladi:

– Ha, Azizboy, bu gaplar sizga taalluqli emasmi?!

Aziz aka pinagini ham buzmadi, yuzini chetga burib, “chirt” etib tupurdi.

– Tupurdim, senga ham, “mestnыy kadr”ingga ham! Deptot emish?! Cen ham, u ham borib turgan g‘irromsizlar-ku! O‘ringul mashinada paxta teradi, deb ko‘tara-ko‘tar qilasizlar, gazitga suratini chop etasizlar. U bo‘lsa mashinada yuz-ikki yuz kilo paxta teradimi-yo‘qmi, Xudo biladi. Birgadning qizlari tergan hamma paxtani uning otiga o‘tkazib, “Mashinada bir kunda o‘n tonna paxta terdi”, deya bong urasizlar. Mehnatni qizlar qiladi, huzurini bu oyimcha ko‘radi. Yana bu kishi deptot bo‘libdilar. He, o‘rgildim, dovu dasgohingdan! – Aziz suvchi piyoladagi araqni simirib ichdi-yu, o‘rnidan turdi.

– Men uyga piyoda ketaman! Pripiskachi, yolg‘onchi deptot bilan bir moshinda yurmayman!

Partqo‘m kotibi pixini yorganlardan edi, suvchining gaplarini boshqa yoqqa burdi:

– Zarari yo‘q, – dedi u miyig‘ida kulib, – ukamiz sal ko‘proq ichib qo‘yibdi. Mayli, uyiga boraversin.

Aziz suvchi sallona-mastona yurib, tashqariga chiqdi, hamqishloqlardan ikki kishi unga ergashdi. Lekin ular ham hushyor emasdi.

Davra go‘yo Aziz suvchining achchiq-achchiq gaplari bo‘lmaganday davom etaverdi. O‘ringul mash’al erkaklar bilan baravar araq ichaverdi. U partqo‘m kotibining yoniga borib o‘tirganida, bu Toshqul birgadga yoqinqiramagan, quyuq qoshlarini chimirib qo‘ygandi. Paydar-pay ichilavergach, Toshqul birgadning kayfi butunlay oshib ketdi, shekilli, O‘ringul ilg‘orga tegajoqlik qilaboshladi.

O‘ringul mash’al avvaliga brigadirning shilqimligiga e’tibor qilmay jimgina o‘tiraverdi. Brigadir haddidan oshib, ayolning iyagidan ushlab, o‘ziga qaratmoqchi bo‘lgan edi, mash’al uning qo‘lini siltab tashladi-yu, o‘shqirdi:

– Tort yuvuqsiz qo‘lingni, iflos! Men hamma kiyib ketaveradigan eski kalish emasman!

– Yuvosh, yuvosh!.. – yaltoqlandi brigadir. – Cenga nima bo‘ldi, men hazil qiluvdim…

– Hazilingni uyda govmish sigirday semirib yotgan qora habash xotiningga qil! Bildingmi?!

– Bildim! – dedi Toshqul birgad qizargan ko‘zlarini ola-kula qilib o‘rnidan turar ekan. – Sen ikki pullik fohishaning qorning to‘yib qolibdi-da, a? – brigadir og‘ir gavdasini sal ortga tashlab, O‘ringulning yuz-ko‘zi aralash musht tushirdi. Boyaqish ayol qattiq chinqirib yubordi-yu, o‘tirgan yerida orqaga quladi.

Hali hech kim o‘ziga kelib ulgurmay, Toshqul birgad bir hatlashda O‘ringulning tepasiga bordi-yu, to‘zg‘ib ketgan qop-qora sochlaridan ushlab, o‘rnidan turg‘azdi.

Erkaklar bilan tengma-teng ichilgan araq o‘z ishini qilgan, sho‘rlik deputat to‘fonda qolgan oq guldek chayqalar, ko‘z yoshlari shashqator edi.

Bu mashmasha obro‘yiga putur yetkazishini anglagan partqo‘m kotibi stolni aylanib o‘tib, hamon O‘ringulga xezlanib turgan Toshqul birgadning qo‘llarini qayirmoqchi bo‘ldi. Qayoqda deysiz, hirsdek kuchli brigadir bir siltagan edi, kotib ham, unga yordamga shoshilgan yana ikki hamqishlog‘imiz ham burchak-burchakka uchib ketdi. Toshqul birgadir yana ma’shal tomon qadam tashladi.

Zildek musht zarbidan hamon o‘ziga kelolmagan deputat ho‘ngrab yig‘laganicha, o‘zini yerga tashlab, brigadirning og‘ir kirza etikli oyoqlarini mahkam quchoqlab oldi.

– Tavba qildim, akajon! Tavba qildim! Meni urmang! Urmang, o‘lib qolaman! Axir, o‘zim mayib-mubtaloman, – traktor haydayman deb har ikki bolam ham nogiron tug‘ilganini bilasiz-ku!

Mushtipar ayolning uvvos tortib yig‘lashi, yorilgan lablaridan sizib oqayotgan qon, parishon sochlari araqqa to‘yib olib insoniy qiyofasini yo‘qotayozgan zo‘ravonni sal o‘ziga keltirdi, chamasi, ko‘zlarini bir-ikki yumib ochgach, mast tuyaday pishqirdi:

– Ho‘, g‘ar, kimligingni unutma! Xotinimni haqorat qilganing uchun tilingni sug‘urib olaman! U uyda o‘tirsa-da, o‘nta bolamni oq yuvib, oq tarayapti. Cen bo‘lsang, eski kalish ham emassan! Ceni o‘sha, bir oyog‘i yerda, bir oyog‘i go‘rda bo‘lgan eringdan bo‘lak hech kim kiymaydi! – brigadir oyoqlarini ayolning qo‘llaridan bo‘shatib olib, nari ketdi.

O‘ringul zo‘rg‘a o‘rnidan turdi, sochlarini, kiyim boshining u yer-bu yerini tuzatgan bo‘ldi. Boyaqishning yuz-ko‘zi ko‘karib, shishib ketgan, yorilgan lablaridan oqayotgan qon iyagi, bo‘yniga oqib tushardi. U sudralganday bo‘lib oshxona chekkasiga bordi.

Bechora ayolning qora baxmal kamzuli, oq shol ro‘moli ham qonga belangan edi. U ortiga o‘girildi, hamon serrayib turgan mast-alast davra ahliga afsus-nadomatli, qahrli nigoh tashladi. Xuddi shu asnoda uning bo‘g‘zidan alamli bir faryod otilib chiqib, ko‘kka o‘rladi:

– O‘, Xudo! Traktorigayam, paxtasigayam, saylovigayam o‘t tushsin! O‘t!

Bu chinqiriq davra ahlining ko‘zlarini moshdek ochib yubordi. Ular g‘imirlab, to‘rt tomonga yugurgilab qolishdi. Bu, axir, yolg‘iz O‘ringulning emas, balki bolasini paxta dalasida tug‘ib, paxta dalasida katta qilgan, urushning, qatag‘onlarning zulmini yelkasida ko‘targan necha minglab jabrdiydalarning yurak ovozi edi…

Men bu voqeaga siyosiy tus berilishini o‘ylab tipirchilab qolgan partqo‘m kotibining talvasasi, haydovchisi ham, yo‘lovchilari ham mast bo‘lgan mashinada otam ikkimiz qanday qilib qishloqqa qaytib kelganimizni aytib o‘tirmayman. Faqat shuni aytishim mumkinki, O‘ringul Pardayeva oradan to‘qqiz oy o‘tgach, yangi paxta terish mavsumi boshlanganda dalada yurak xurujidan vafot etdi. Ikki qatorli “CXM-48m” paxta terish mashinasi egat boshida qantarig‘lik qolib ketdi. Tuman gazetasida o‘qlovdek harflar bilan bitilgan ta’ziyanoma e’lon qilindi.

Mash’alning o‘zidan qariyb o‘ttiz yosh katta bo‘lgan eri uzoq yashadi, nogiron farzandlarini bolalar uyiga topshirmay, o‘zi katta qildi…

 

* * *

Shu bilan gap tamom. Endi o‘tmishga aylangan Sho‘ro zamonasidagi saylovlar, ayrim soxta mash’allar haqida ko‘rgan-bilganlarim shu.

Darvoqe, xotiralarimga asoslangan ushbu hikoya o‘smir tilidan bayon qilingan bo‘lsa-da, aslida yetuk yoshimda yozildi. Shu bois ba’zi bir tafsilotlarga bola o‘y-xayollari deb qaramasligingizni so‘rayman, aziz o‘quvchi…

 

Jo‘ra FOZIL

 

1949 yili tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan.

“Muhabbatning bayramlari”, “Barqut mavsum”,

“Buxoroi sharif elchilari”, “Baxt yulduzi”, “Mening qizil gulim”, “Bolalikning yolg‘iz yodgori”, “Buxoriyning qaytib kelishi”, “Ayriliq ostonasi”, “Tiramoh armonlari”, “Biz lola termagan bahor”, “G‘oziyon zindoni”, “Yo‘lbarsdaraning so‘nggi sultoni” kabi kitoblari nashr etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.