50 daqiqada öqiladi

965 marta körilgan

Otamzamon hangomalari

Otamzamon hangomalari

Ötirikni eplay bilmadi

Otamga özini yaqin olganlardan biri, garçi yoşi kattaroq bölsa ham, Faqir bobo degan çörtkesar, ayni vaqtda, yolğon-çin gapini ajratib bölmaydigan sariq, yalpoqyuz, bitköz bir odam edi. Oddiy hangoma yölida ham zarur bölsa-bölmasa ötirik qöşaverganidan bölsa kerak, odamlar birovning gapiga işonqiramay qolsalar, “Bu yoği Faqir bobosi bölmasin yana”, deydigan bölişgan.

Bir vaqt bobo keç kuzda toğdagi çaylatomidan xabar olişga borib yölda uçinganmi, köziga bir balo köringanmi, birinçi duç kelgan Fayzi boboga xabar beribdi:

– Payzi aka, toğdan yaxşiyam ertaroq köçib tuşganimiz. Mana hozir çayladan çiqib qarasam, yölimdan bir töda uligan qaşqir ötdi. Orqadan, panadan turib sanadim: bir yuz yigirma bitta ekan. Köçmay turganimizda har birimizning molimizga qiron keltirar ekan, pak Xudo saqlabdi.

– E, qöy-ye, – debdi Fayzi bobo, – eşitgan quloqqayam uyat-ye. Toğni qidirib çiqsang, yigirmata qaşqir çiqadimi-yöqmi. Nimalar deyapsan?

– Payzi aka, mana şu közlarimminan kördim, ölay agar.

– Faqirqul, qasam içma. Böladigan gapdan ayt. Bir-ikkita kuçukdir, tulki yo pişakdir. Közingga köringandir. Ulay-bulay uçingan bölsang, Töxsuluv baxşiga bor, quloq-boşingni tortib qöysin.

Faqir bobo mollariga xazonbarg yiğib yurgan Irisboy muallimni töxtatibdi.

– Irisboy, mana şu kunbetkaydan hozir ön beş çoğli böri oşib ketdi, kördingmi? Men ularni çaylani oldidan quvib, soydan ötkazib qöydim.

– Es bormi senda, Faqir. Xöp eçki haydab yuribsan-a. Böri emiş! Tulki körsang, tumataqingni taşlab qoçarsan. Bor-e, bu ötirikni kampiringga ayt.

U Boliqul boboga uçrab, bu yil tiramoh toğda tulki köpligi, bolalari undan ham köpligini aytib boşlagan ekan, bobo raʼyini qaytaribdi.

– Podamidiki, tulki tödalaşib yursa. Odam isidan çöçiydigan bir jonivor bölsa. Tovuq izlab birorta kelsa, kelgandir. Indamaganga hadeb köpiraverasanmi?

Boliqul bobonikidan hafsalasi pir bölib çiqib ketayotsa, Muhammad oqsoqol körinib qolibdi.

– Şu çaylatomga ötsam, hammayoqni yovvoyi pişak bosib ketibdi…

– Qani-qani, Faqirboy, neçta edi?

– Ança boridi-yov, qiztaloq.

– Özingniki qolgan bölsa yovvoyilaşgandir-da.

– Yöq, men qişloqqa pişakni opkelganman, Muhammad, bölmasa jiydaning orasida “şitirr” etgan narsa nimaydi?..

Özingniki – özingnikiga

Burungining odamlari ham qöliga gazeta tuşsa, bekorçilikdan köz yugurtirib yotar edilar. Ismat çavandoz Faqir boboning jiyani, mening amakim. Çamasi, amakim öşa vaqtdagi yoşlar gazetasining törtinçi beti, oxirgi ustunidagi “Turfa olam” degan joyini öqib bergan. Emişki, Qozoğiston çölida ilonlar uyğonib, birvarakayiga qözğalib, avtomobil yölidan öta boşlagan. Ular şu darajada köp va ğuj bölib harakatlanganki, natijada bir neça soat avtomobil qatnovi töxtab qolgan.

Faqir bobo bu gapni ilib olgan. Köplarga aytib çiqqan. Albatta, köpirtirgan.

Biror oylardan keyin Ismat çavandozning öziga aytib yotgan emiş:

– Jiyan, endi buyam bir körgilik-da. Qara, Qozoğiston çölida ön milliyondan ziyod ilon ön kilometr bölib poyezd yöl, moşin yöl, hammasini bir oy tösib qöygan, hammasi zaharli kölvor ilon desang, ularning orqasidan ön kilometrlik toşbaqa, ön kilometrlik yumronqoziq karvoni qözğolibdi desang. Qozoq endi qayga boradi, a, qayga boradi? Biz çigirtka balosini körib oç qolganmiz. Ey, Ismat, bu kölvor ilon-ku. Toşbaqa, yumronqoziq, qurbaqalar ham ergaşganiga qara, erta-indin şu Qörğontepadan oşib, bizning qişloqqayam örlaydi-yov…

Raşid jöra

U yoşimiz teng bölgani bilan bizdan ikki yoş kiçiklar bilan öqib maktabni tugatgan. Böladi-ku şunaqasa ham. Sinfdan bir emas, ikki marta qolsa şunday böladi. Lekin Raşidning kuyadigani bu emas. Keyin hatto öşa vaqtning men degan oliy öquv yurti – xalq xöjaligi institutiga kirişga ham kuç topdi. Bilim topmasayam, kuç… yaʼni pul topdi-da. Bitirmadi, şekilli. Köknori biznesiga aralaşib, hayoti alğov-dalğov bölib ketdi. Qamalib çiqdi. Qutulganida ota-onasi, jigarlari – jami olti yaqinidan ajragan edi. Odam bunday judolikka doş berolmay tentak bölib qolişi heç gap emas. Boşda borini köz köraverar ekan. Xudoyim bandasini saqlayman desa, qirq yillik qirğinda ham asrar emiş. Töğri, Raşid jöra afğon uruşida ham uç yil yurgan. Quloğining orqasidan oskolka ham yegan. Na bölğay, ota-onasi umidini uzib ötirganda ğoz yurib, tik oyoqda uyiga kirib kelgan.

– Pokistonning çegarasi, Qandahorda xizmat qildim, – deydi. – U yer endi bir ajalxona edi. Qöqqisdan minaga, daydi öqqa uçib qolaverasan. Qarğaning şarpasini sezasan, lekin afğon “bosmaçi”ning qorasini körolmaysan. Oyoğing ostidan yo osmondan tarillatib öqqa tutib qoladi. Özingni önglaguningça safdoşlaringni titib taşlagan, qarasang – izi ham, soyasi ham topilmaydi. Şuytib, biz ulardan, ular bizdan alamzada, körinsa ayamas edik. Ayol, bola, qari deb ötirmay otib taşlasang ham, birov bir narsa demaydi.

Bir kuni ştabdan qora çodra yopingan ayolni opçiqişdi. Qirğiz askari va menga buyruq böldiki, toğning narigi kamariga oborib otib taşlanglar. Ayolning tiliga tuşunmaymiz, biroq imo-işoralaridan oltita bolasi borligi, biri kökrak emadigan çaqaloq ekanini anglaymiz. Bunaqa holat köp böladi: ering qayda, bosmaçilar qayerdaligini ayt – javob bölmasa, ölimga mahkum. Bu beçoraning boşida ham şu kun ekani maʼlum. Kim ham behuda juvonmarg bölib ketişni xohlaydi? Köhlikkina ayol. Bolajon, musulmon, yiğlab javrab boryapti, sen ham musulmon bolasidirsan, deydi. Negadir juda rahmim keldi, onam, opalarim köz oldimga keldi. Samatga nima qilamiz, dedim. Bilmasam, deb yelka qisdi. Kel, dedim, şuni öldirmaylik. Lekin bizni qorovulminor tepasidagi navbatçilar durbinda kuzatib turişadi. Hiyla qilganimizni payqab qolişsa, özimizni otib taşlaşadi.

Ayolga özimizça tuşuntirdik: yetib töxtaganda biz ustingdan oşirib öq otamiz, sen guppa taşlab “ölib” qolasan.

Adirda jasadlar jayrab yotibdi. Dunyoda odamning murdasiday sassiq, badböy narsa bölmaydi. Eskilari etsiz suyak, skeletlarga aylangan, parranda-darranda yegan çiqar. Köpçiligi… ayol. Bor-yöği bir daqiqadan söng bu kelinçak ham şular safiga qöşilişi kerak. Töxtadi. Otdik. Yiqildi. Yiqilgaç, yana otdik. Tipirçilab qöydi – rolni yaxşi bajardi.

Qilarini qildig-u, vahimadamiz: bilib qolişsa – tamom. Axir, u yurib şu yerlardanmi, qayerlardandir ötadi-ku. Bir-ikki kun ötdi oradan. Hartugul, gap çiqmadi.

Ittiqofo, bir kuni keçki smendamiz. Şeriklarim öris askarlar. Rosa çekkilari kelib qoldi. Keçasi biror şarpa sezdirişing juda xavfli, payqagan zahoti otadilar. Çekmanglar, deb tixirlik qilsam ham, unaşmadi, özlariça şinelga bekitib çeka boşlaşdi. Zahar tang qilib, böşaniş uçun sal nariga yurişimni bilaman, boşimning ustida bir nima momaqaldiroqday gumburlab ketdi-ku. Huşimga kelganimda quloğimning orqasidan şarillab qon oqar, askarlar, sançastdagilar atrofda timirskilanib yurar edilar.

Tong otgaç, öris şeriklarimning parça-parça göştlarini yiğib olişdi…

Qişloq oralab “tozalaş” ötkazib turamiz. Biz izlagan “bosmaçi”lar odatda uyga kirib qamalib ötirişmaydi-yu, baribir qiladigan işimiz nima – eşiklarni tepib, buzib oçib kiraveramiz. Navbatdagi eşik ham oçilmadi. Turumini buzib, qulatib içkariga kirsak, olti afğon bola nafas yutib qaltirab ötiribdi, onasi örtada ğoz turibdi. Şunaqa, biz ularni ölimga tik qaraşga örgatib qöyganmiz. Boşqa xonalarni titkilaşga ötdik. Bir mahal haligi xotin mening yengimdan tortadi, desang. Qarab tanib qoldim: öşa yolğondakam otganimiz – kelinçak. “Tek, damingni çiqarma!” deb döq qilgan böldim. Tintuv tugagaç, bir toğora olma opçiqyapti haligi. Nima bölsa böldi deb çöntaklarimni töldirib oldim. Ne bölsa bölar deb komandirgayam ulaşdim. “Qayoqdan olding?” deydi. “Özim, boğdan terdim”, deyman. “Avval özing ye”, deydi. Qarsillatib tişlayberaman, keyin u ham qöl çözadi…

“Boş qattiqmi, toş qattiqmi”, deb tiraşib yaşab kelaman, jöra,  deb osmonga qaraydi Raşid. Hoynahoy, tepadan ne savdolar tuşadi deb öylar. Ölmagan qul yaşaydi, yaşay beradi. Judoliklar uni egsa eggandir, lekin sindirmadi, yançib taşlamadi. Toğdan iskana qildi. Bunga ham yigirma yillar böldi. Otasi Xoldor aka qişloqning molini boqib yurib, Oqzovdan ötib, Qiyomatning oğzidagi bir parça yerning toşini tozalab, ön beş tup yonğoq ekib edi. Mol-holdan asrab daraxt qildi. Boşqa mayda-çuyda ham ekdi. Ota-ona, jigarlar ketgaç, şu yer Raşidga qoldi. Xotini Ozoda bilan kelib, otasining çaylasiga yonboş ikki xona qöşdi, ustiga şifer bosdi, eşik-deraza qöydi. Qişloqdan yigirma çaqirim naridagi  toğ içida hovli paydo qildi. Daraxtdan taşqari sabzavot ekdi. Toş aralaş qora tuproqda qovun-tarvuz ham ekib kördi. Bölar ekan. Ağdarilib qoldi. Palak mezon shamolini yesa, pişmagan sapça qovun ham bolday bölib ketadi. Gap mezonga yetişda. Toğda tez salqin tuşadi. Yozda ham köz yoşiday mildirab yomğir tökilib qoladi. Haytovur, bilsak, bu yerlarni sel yuvmas ekan. Nima bölsa pastda – soylar qöşilgan joyda bölar ekan. Keyingi kezlarda ayni yoz çillasida ham sel ayqirib kelib, hammayoqni balçiqqa, toşga töldirib, köpriklarning eng zörini ham sanab-sanab, birma-bir oldiga solib “haydab” ketadigan böldi. Sangloqda köprik qurişga ham odamlar çöçib qoldi. Lekin kerak. Ikki yil burungi  eruvda ham köprik qolmagan edi. Har yili haşarga aytib, tört-beş söm pul yiğadigan oqsoqollar ham bir nima deya olmay qoldilar. Mana, bu yil baribir qurişga töğri keladi.

Oyday enam – onamning onasi aytar edi: Abdullasoy, Solisoy, Burgutlining tepasiga yozda çayla qurib çiqar edik. Buğdoyliq möl edi. Oralasa qöy-eçki körinmay ketar edi. Öttiz-qirq qöy-eçkini, mollarni soğib, kunböyi kuvi pişib çarçar edik. Öntalab qorin moyi tölatardik. Davlatning çigit moyini keça eşitdik. Buğdoyliq yeb semirib, dumi tars yorilib ketgan qöçqorlarni öşanda körganman. Lalmi qovun ham naqd tönkarilib qolardi. Handalak, börikalla, kampirçopon, böriboy, olatarvuzning tuynagi tubiga toş tirab çiqmasang, bandidan uzilib soyga dumalab soçilib ketar edi.

Haliyam öşa-öşa yerlar. Faqat nafs, oçközlik balosimi, daraxtlar – soy böyi keta-ketgunça sariq tol, yaʼni majnuntollar bilan qoplangan, orasidan zörğa ötib borarding, qöling uzilgurlar, na imoratga yoğoç böladi, na devorbop, na ötinlikni obod qiladi – şularniyam bitta qöymay qirqib olişgan-a. Solisoyning oğzida bir tupgina yovvoyi qizil olma bölib, öşaning şarafiga bir parçagina yer Qizilolma atalar va hamma uçun tuşunarli manzil hisoblanardi. Olmani to pişmagunça oğizga olib bölmas, taxir bir balo, ammo pişgaç, juda mazali, suvli, yeganda jon baxş qiluvçi mevaga aylanardi. Soy çetida qayrağoçday sersoya bölib turuvçi şu olmaniyam kesibdilar – böyningga ot tepgurlar. Bir soyda ikki-uç tup yovvoyi örik, yana birida yovvoyi olmurut – nok, Tokli degan joyda yovvoyi uzum ösadi. Uç tupgina uzum. Uniyam faqat pişganda tatiş mumkin, xolos. Bölmasa, oğzingni şunaqa taxir qilib taşlaydiki, uç kungaça yegan-içganingning taʼmini sezmay yurasan.

Xayriyatki, toğ yonbağrida, Qorazovning pastida tik qirda ösgani boismi, odamlar unga tegmabdi, Oybek domla aytgani yangliğ, “öşşaygan qoya labi”da oçofat mollarning hamlasidan ham xoli, bir xil kökarib, közni yaşnatib turibdi. Oç baççağardan qoç baççağar – tik qirda ösgani özining jonini saqlaşga bois bölgan, çamasi. Qişloq töqsabosi – yuz yil avval, töqsaboning otasi mening boş bobom ham undan totingan. Bilarsiz-bilmassiz, tok qarimaydi, çinorga öxşab ming yil yaşaydi.

Yana bir holat: toğda tez oçqaysan. Non ham gohida  bir yoqimli ovqatday ketadi. Sariyoğ surib ursang, göyo oşga töyganday maza qilasan. Unda-bunda uçrab qolgan mevalardan yesang ham töymaysan. Bu dunyoda tamom begunoh yaşab ötgan otajonim bir safar xurjunini töldirib öşa qizil olmadan opkegan. Bir-ikki kunda uni tinçitib, mazaxörak bölib, söng özimiz tağin eşakka xurjunni bosib, qizil olmaga borganmiz. Öziyam, avval salkam bir xurjun olmani ukam ikkimiz paqqos tuşirib taşlaganmiz. Qorinlar dömbira bölgan, yöl-yölakay daraxt panalab, töxtab-töxtab kelganmiz…

Gapning kaltasi, şu yil may oyining töqqizida jöra, amakivaçça, bola-baqra Raşid jöraning çaylatomiga borib, sayil qiladigan böldik. Fotihali joylarga kirdik, qarindoşlarni  kördik, Boytemir, Abduşukur, Abduvali, Ğaybulla sinfdoşlarimizni ham kördik. Söng uzun-qisqa bölib, bir ot, uç eşakka ötirib toqqa örladik. Yaqin döstim, beğubor inson Abduolim men bilan birga borgan. Fozil amakim bir serka söygan, göştini nimtalab şaşlikbop qilib xurjunga joylagan. Soliqçi döstim Abduolim  toza “öris bolasi”dan ham olgan ekan, çarçoqbosdi ham gapni qovuştiradi deb. Xolmurod, Jozil, kamina, Abduolim kölik – eşak, otda, qolganlar poyu piyoda soy kesib, qaydasan Qiyomat deb urib turibmiz. Darhol salqin boşlandi. Toğlik ğamini yeydi-da: Fozil har birimizga bittadan çopon olibdi. Borsak, Raşid yöq, mollarni tugal qilgani toqqa ketibdi. Xotini Ozoda poy-patak bölib qoldi. Sariyoğ, çakkilarni uyib taşladi. Qumğonda çoy qaynatdi. Şom bölay deganda Raşid ikki tarğil sigirini oldiga solib qiyşanglab kelib qoldi. Abduolim “Toşkentniki tabarruk”, deb ikki piyola bostirib uzatgan edi, jigit çeçilib jönadi-ku. Boyagi afğon voqealarini aytdi. Xotinining bir yomon dardga yöliqib, döxtirlar odam bölmaydi degaç, şu toqqa opkelib soğaytirganini sözladi.

– Sobir jöra, olti oy qiynalib yotdi, döxtir nima kasal ekanini aytolmaydi, oxiri beçora behuş bölib komaga tuşdi. Qaramay ham qöyişdi. Uç kun koridorda yotdi. Majoli yöq, tinkasi quriydi. Amallab şu çaylagaça opkeldim. Nima bölsa bölar deb har xil toğ ötini damlab içiraverdim. Yöq, Xudo boqdi: asta-sekin jon kirganday özgaraberdi. Haytovur, bir kunlari oyoqqa ham turdi. Hay, yoz ötib tiramoga kelganda odam böldi-da. Mana, yuribdi, joni toş ekan, ölmadi.

Raşid piça kulimsirab, Yaratganning marhamatidan töliqibmi, ortiga, xotini tomonga burilib qöyadi. Ozoda bölsa iyagiga römol tanğib, ketmon kötarib, kunçuvoqdagi yangi ekilgan pomidorga suv tarayapti. Urçuqday xizmat qilib yuribdi. Bir mahal u bir dasta kök piyoz taşlab ketdi.

– Manov kattalarni taniysanmi, ey? – deydi Raşid mazaxlanganday.

– Ha, – deydi u.

– Göringni taniysan, – deydi Raşid. – Bular katta, körmagansan, Toşkentda turadi.

– Raşid jöra, kelinni olib öting poytaxtga, – deydi Abduolim, atay kelinga eşittirib.

– Köramiz, – deydi Raşid yuz grammning taʼsiridanmi, tağin xotiniga ögirilib: – Ay, men seni katta kuçuk qilib bularga maqtab yotippan, – deydi-da, özining gapi öziga nashʼa qilib enkayib-enkayib kuladi.

– Çuççisiz-da, tuzingiz yöq, – deydi xotini va Fozilning ikkita pişgan şaşlikni opketing deb hay-haylaşiga ham qaramay, juftakni rostlaydi.

– Fozil, bor, oborib ber, uyaldi, – deyman men.

Fozil rezinka şippakni oyoğiga ilgança yangasining ortidan yörtadi.

– Endi ölmaydi, – deydi Raşid sekingina.

Tağin bir yutumdan keyin avjlanib hangomaga şaylanadi.

– Sobir oşna, şu çaylada olti qişladik keliningiz bilan. Bozor-öçarniyam bollar eplab turişadi, yemiş, ötinniyam ğamlab olganmiz, sabil qolsin, jondor köp kelar ekan. Bir kuni mollardan xabar olay deb ötayotsam, simdarvozaning oldida bir qora turibdi. Odam deb öylab, “Keling, mehmon”, debman. “Tak-tak” qiladi. It ham emas, anglab qoldim, mol haybatli bir qop-qora böri. Uzluksiz tişini takillatadi.

Bosar-tusarimni bilmay yugurgilab, uyning taşqariga oçiladigan eşigini içkariga qarab itaraveribman. Keliningiz hadaha eşikni oçib, suv sepib huşimga keltirdi. Yomon qörqdim. Eşikni har balolar bilan tambalab, uxlamay tong ottirdim.

Tong otib bilsam, har qalay tinç ketibdi.

Bir qulayi keldi, sirtlon urçitdim. Bilsangiz, böri bilan itning çatişuvidan kuçukbaççalar beşta, olti, yettitadir, tuğilib, şularning biri sirtlon böladi, oyoğida qöşimça bir belgi – ortiqça panja böladi. Böri buni biladi, baççaligidayoq yo opketadi, yo eplayolmasa böğizlab ketadi. Çunki ulğaysa öziga kun bermaydi-da.

Qişloqda amallab ikki yaşar qilib oldim. Uçinçi yili çaylaga opçiqdim. Gavdasi qozoqning olaboyidan katta edi. Undan boşqayam bir qozoqi kuçugim bor edi, qiş kuni şu ğingşiyverdi, keyin vovullaşga ötdi. Özi, asli bu meni uyğotişga kelgan ekan. Ortidan ergaşib borsam, bir narsa sulayib yotibdi. Boşini kötarolmay harsillaydi, fonusni tutsam, boşi qonab yotibdi. Sirtlon ham çarçab qolgan, tilini çiqarib indamay turibdi. Oğildan ketmonni opçiqdim-da börining boşiga ikki marta soldim. Qolgan joni ham çiqib ketdi. Sirtlon böriga bas kelişini şunda öz közim bilan körganman.

Raşid keyin sirtlonni asray bilmagan. Öğirlatgan. Toğ ortidan kelgan xeşlarning işi deb öylaydi. Pastki qişloqlarda bölsa, topilardi. Köp söradim, ularga kerak emas, axir bu it bilan tulki ovlamaydi-ku, deb qöyadi.

Sirtlonning yöqolişidan söng jondorga işonç yöq, tağin qişlovga qişloqqa köçib tuşadigan bölibdi. Öt-xaşak, ötinni töplaydi, salqin tuşişi bilan epini qilib taşiydi. Mol-holni oldiga solib, özlari ham tuşib kelişadi.

Biz bölsak – dam oliş, mayovkaning uyini kuydirgan zotlar, quyoş çiqib ketgan, soyga, buloqlarga yuzimizni çayib, toqqa bir örlab kelamiz. Qayda, baland qirning ortida undan ham balandi bor. Örkaç-örkaç toğlarning ortida, tizmaning adoğida Bel bor. Toğning beli. Undan oşsang, tojik xeşlarning qişloği – Mojrimga tuşasan. Forişga qaraydi.

Qirdan toğrayhon, kiyiköt, telpakgul, şiraçnikiga öxşagan uzun böyli gul terdim. Miltillabgina suvi qözğalib, lekin oqmay turgan buloqlarga közim tuşdi. Raşid jöra u yerlarga ham yonğoq, olma, örik ekibdi. Şaharda bozorga pişgan öriklar çiqdi. Bu öriklarning esa hali danagi qotmagan, barra dovuçça.

Çoy içib bölgaç, zilol buloq suvlaridan qöşilib, şarqirab oqib yotgan soydagi qölbola hovuzda çömilamiz. Özimizça uni kengaytirib, içidan toşlarni olib çuqurlatamiz. Boya etga piçoqday sançilayotgan soy suvi endi muloyimlaşganday, qandaydir tanaga xuş yoqayotgan edi.

Raşid jöra toğning bir kamarlaridan mollarni topib, boşini töplab qaytib keldi. Tuş payti borib suğorib, yotqizib, undan keyin yana ötga haydar emiş. Mollar halitdan tirsillab, yaltirab semirgan, soğsa çelak-çelak sut beradi. Buyam bir baraka, salomatlik, rohat-faroğotlik. Bir hisobda Raşidga havas qilasan. Kvartira, kommunal tölov, gaz puli, issiq-sovuq suvlar tölovi yöq, birov pişagini “pişt” demaydi. Toğ havosi, suvi toza. Harakating ham, yemaging ham foyda.

Yaşa, yaşab qol, oğayni.

Safar qarib ulovlarga minamiz. Eşaklarga xalaçöp uriladi.

Raşidning xotini yana sigir soğyapti. Yelinlari tölgandir-da. Sut va ötga töyingan, xuddi onalari singari ikki qönğir buzoqça şataloq otib öynoqlaydi.

Raşid oğilxona yonida. Soğilayotgan sigirga, soğayotgan kelinga bir-bir qarab qöyadi.

– Abduolim oşna, – deb uni töxtatadi. – Haligi kök börini şu yerda, manovi yoğoç qoziqning oldida tinçitganmiz-da. Esizgina sirtlonim, qayerlarda ekan.

Keyin bemalol:

– Sabilning terisini şilib, ketgan bahosiga sotibjardim. Tirnoq-tişiniyam söraganlarga tarqatdim. Birovlar uni pulga sotaymiş, – deb yirik tişlarini körsatib kuldi. – Yana kelasilar bir.

– Toşkentga öting, Toşkentga.

– Hay endi, Toşkent… Yöl tuşsa, körarmiz.

Bu Toşkentni qöyaver, biz şu yerga boğlanib qolganmiz yoki bu jannat turganda şaharingni boşga uramanmi deya yotgan, dunyoga, biz ortidan yugurayotgan – şuhrat, obrö-izzat, mol-pulga mutlaqo befarq oddiylarning oddiyi, bir jömardning şunçaki qöl siltaşi edi.

Şaharga yaqinlaşganing sari nafs otliğ bir jodugarning tobora komiga kirib borayotganday sezasan özingni.

Ğaroyib toğ ortda qoladi. Ortda qolgan sari ulkanlaşayotganga öxşaydi…

Tönğiz bolasi

Ovloqul otam – Önar bobomning kiçik ukasi uruş körgan, çap yelkasidan yaralanib, ömrov suyagidan ayrilgan, ammo pay-etlari joyida bölganidan mehnat qobiliyatini yöqotmagan, qaytanga, şu holida yer çopib, köp ter tökadigan, hammadan oşib tuşgan zör boğbon edi. Boz ustiga, biz kabi bolapaqir nevaralarni köp sevguvçi, iskayman deb nos hidi anqib turgan soqolini tomoğimizga piypab obdon bezor qilguvçi, bolajonligidan bölsa kerak, yaktagi yengini sirib qöyib, etidan börtib çiqib turgan çala suyaklarini xunuk körsatib bizni qörqitguvçi, söng ötirib olib uruş taassurotlarini tamom yolğon-yaşiq aralaştirib örtoqlaşguvçi, teşik quloqqa tayyor hangoma berguvçi qiziq bir çol edi. Sözlaganda özi ham rolga kirişib ketardi. Aytaylik, mening esimda qolgani – u kişi Kalaşnikov avtomatini uşlab olib, nemisni qiyratgani qiyratgan, köringanini soğ qöymagan, uruşga birga borgan Narziqul toğa yoki Mansur toğa ölgan duşmanlarni sanayverib eslari ketgan… Ukkağar nemislar judayam avom xalq ekan-da, deb bizlar açinib qöyar edik. Buning ustiga, uruşda mağlubiyatga uçragan bölsa beçoralar.

Ömir amakim bölsa bu hangomani öziça talqin qilar edi: “Bular – bir töda qişloqilar uruş körmay qaytib kelgan: til bilmasa, miltiq uşlaşni eplayolmasa…

Ovloqul otam qaysarfeʼl edi. Uç marta uylangan bölsa, uçinçi kampiri, katta quşnoç Musal enamni xalaçöp bilan dodlatib urganlarini köp körganmiz. Şu holiga yaraşa uyida baraka bor edi. Boğiga gilos, sarxil olma, antiqa örik, behi, anor, turli gullardan tortib biz “çaqaloq panja” deydirgan patison ham ekar edi. Jitirmasida, yaʼni qoronği ğallaxonasida qişda ham karsillagan toyfi uzumlar şoxda ilingan turardi. Biz nevaralariga mehri iysa, bir boş berib yeyişimizni tomoşa qilib ötirar, oxiri yeyilgan uzum yo behiga ğaroyib narx-navo belgilab odamni xunob qilişni xuş körardi: “Uzum bir boş, ikki behi, parvarda, çoy – hammasi bölib beş sömu qirq olti tiyin böldi. Otangda bormi şunça pul, bölmasa topganida olib ketadi seni, ungaça qamab olib ötiraman!”. Yiğlagandirmiz, yolborgandirmiz, qutulgandirmiz, lekin ikkinçi yo uçinçi kuni şu hol baribir takrorlanar edi…

Otamning aytişiça, şu mehnatkaş, qadoqqöl, ör­feʼl çol juda qörqoq bölgan. Bir gal toqqa haydagan mollarini tugal qilib qaytay deb Gumsoyga borib, otam bilan hangomalaşib qolib ketibdi. Bilasiz, toğda jimjit hayot. Keçasi yana zimiston. Burganing uçişiniyam eşitsa böladi. Jonivorlarning tovuşi-ku juda vahima. Şu atrofda “pirq-pirq” etib bir narsa şarpa berib qolarmiş.

– Hamza, hoy, Hamza. Uxlamayapsanmi?

– Hoy aka, nima gap?

– Anov pirqillayotgan nima, eşitdingmi?

– Çöçqalar-da, oqşom suvga kelgan çiqar.

– Iye, çöçqa bormi bu yerda? Yorib taşlaydi-ku!

– Odam bilan işi yöq, uxlasangiz-çi.

– Tentakmisan, işi bölmasa odamning oldida nima qiladi?

– Pastda kölmak bor, balçiq oralaydi-ku bu.

– Ey, sen mening qabatimga kelib yot! Bir toş joyga örin solibsan, munday hangoma qilib yotaylik.

– Aka, uyqu bermayapsiz. Uxlaylik, odam çarçagan.

– Bölmasa çöçqalaringni yöqot, yomon pirqillayapti, mening isim yoqmayapti, çoği, tönğiz odamxör deb eşitganman…

– Toza jonga tegdingiz-da…

Şunday deb otam uzalib yonida yotgan kalladay toşni olib soyga otibdi. “Pirq-pirq” töxtabdi. Lekin Ovloqul otam uxlamabdi. Tong otgaç, sekin soyga möralasa, endigina muguzi börtgan bir qop-qora tönğiz bolasi boşi qonga böyalib kölmakda yotganmiş.

– Hamza, hey Hamza, – deb uyğotibdi otamni. – Anov bir qora narsa yölimda yotibdi, olib taşla, men qişloqqa qaytaman…

Buzoqboşdan qörqqan çol

Men Hamzaning öğli, Hamza Önarning öğli, Önar Sulaymonning öğli, Sulaymon Xidirning öğli, Xidir Ğoyibnazarning öğli, Ğoyibnazar Xolboyning öğli, Xolboy Qobilning öğli, u yoği katta uruğ – Şörliq, Şörliq esa Bögajili, Bögajili bölsa Turkman yo Qönğirotga borib ulanib ketadi. Men öqigan bir neça tarixiy kitoblarda Bögajili(Böxçali) Qönğirot deyiladi, ammo neçukdir Ergaş Jumanbulbul va boşqa ijodkorlarimiz turkmanga taalluqli ekanimizni uqtirişgan. Hayron bölaman: turkmanga yovuq til yo odatimiz bölmasa…

Mayli, bu tarixning işi. Men bilganlarimni sözlayman. Sulaymon bobomni otam va onam yaxşi eslaşardi. Temirçi usta bölgan ekan. Jini kuçli bölgan çoği, yasagan ketmoni obdon qizargaç, yalang oyoğining kaftini ketmonga bosib turarkan, oyoq tutab, hammayoqni hid bosib ketarkan. Ajabki, asli oyoğining oyasiga heç narsa qilmas, boboy heç narsa körmaganday mökkisini kiyib ketaverar ekan. Odam terisi olti qavat böladi deydi, siz bilan biz bu işni qilolmaymiz, qilsak, olti qavat terimiz ham göştigaça kuyib ketadi.

Qora uyni bilasizmi? Ötovni eslang. Bobom pirlarimi, jinlarimi qözğayversa, ötovning devorlaridan yonlamasiga tik oyoqda yurib aylanaverar ekan. Qora uy özi bir omonat narsa, oyoğingni qöysang, albatta, yoğoçlar odam vazniga doş berolmay, tob taşlab yuboradi yo qoruvli erkak yukiga çidamay, çonğoroği – tepa tuynugi bilan qöşilib yerga qapişib qoladi. Şuning özidan bilib olaverasiz bobomizning sir-sinoatli harakatlarini.

Sulaymonning otasi Xidir bobom çavandoz ötgan, özi maydaroq, lekin çorpaxildan kelgan öta polvon odam bölgan ekan. Negadir köpkariga baytal çopgan, baytalining fazilati köp bölgan, çamasi, ehtimol, kuçli va özğirligi, ayğirlardan özarmonligi sabab töqsaboning nazariga tuşadi va… oqibat bobomiz ulovsiz qoladi. Ön puddan ziyod yuk bosuvçi zör töqsaboning tagiga boşqa otlar çidaş berolmas ekan. Bular butkul boşqa hangomalar. Mavridi bilan boşqa safar gurung qilarmiz.

Sulaymonda ikki kampir bölgan. Biridan Önar otam, ikkinçisidan Egamqul, Ovloqul otamlar örgigan. Töqsuluv, Nozanin, Nozik ammalarim ham yaşab ötişdi. Ulardan bir dunyo öğil-qiz, ana ulardan esa bir qişloqqa siğmas nevara, çevara, evaralar yuribdi. Barçasi bizni toğa deydi, oçiq tan olay: taniganimizdan tanimaganimiz köp. Odamzotniki şu ekan-da: bora-bora bir-biringdan uzoqlaşaverasan. Kuning yetsa ajalga tob yöq, buniyam böyningga olasan… Hay-hay, hay-hay!.. Bizdan nari, sizdan nari!..

Önar otam barvasta böy, polvon çol edi. Umrining sönggida öz çorboğini öğillari Hamro, Hamza, Hazan, Omonga bölib bergan edi. Çorboğdan örib olingan 300-400 bovliq yemişni eşakka ortişga erinib özi yelkasiga dast kötargança orqalab taşib taşlar edi.

Ovqatni ham polvonlarga xos yerdi. Danakli mevalarning danagini çiqitga çiqarib ötirmas ekan. Sin solganlar yuz-ikki yuz dona, yarim çelakning ziyodroğini çamalaşarkan. Saroyning Qurisoyidan Davir bobo bir mahal suv yoqalab kelib, çorboğda soyalab ötirib, bir uyum danakni toş bilan çaqib yeyayotgan emiş. Soydan eşagiga somon ortib ötayotgan Safar bobo jörasidan hol sörabdi.

– Danak şirin ekanmi?

– E, şirin bölganda qanday!

– Hafta burun şu yerda Önarboy zardoli yeb ketgan ekan… Töğri aytasan, şirin bölişi kerak…

– Ö, oting öçsin, Önaringningam oti öçsin! Öl, öl!

Şunday deya Davir bobo oğzidagi danak mağizlarini jirkanib tupurib taşlayotganmiş…

* * *

Bobom buzoqboşdan qörqişini odamlar afsona qilib aytişadi. Öroq vaqti Örtaçöl daştida bobom işdan çarçab piçanga boş qöyib uxlab yotsa, şötanoq jöralaridan biri ölik buzoqboşni ipga boylab, böyniga osib qöyibdi. Bobom uyqudan uyğonsa… kök­ragida jondor yotibdi. Silkinsa ham, ursa ham, tuşmas emiş. Turasolib uyiga qarab yuguribdi. Böyniga tumorday osilganidan bexabar, öngdan ursa, çap tomondan, çapdan ursa, öng tomondan kelib, kökragida turib qolar emiş. Katta gavda bilan kalişni ham qoldirib, yalangoyoq naq ön beş çaqirim masofaga öziça buzoqboşdan qoçib uyiga kelib qöygan. Uyda esa kampiri Mayram enam masxaralay-masxaralay böynidagi ipni kesib olgan, şundayam buzoqboşning öligidan çöçib taşqariga qoçişga şaylanib turganmiş.

* * *

Bobom bir vaqtlar tojik jöralaridan köçat olib, çorboğiga ariq böylab köp olma ekib taşlagan ekan. Çuçuk qizil, sariq, katta-katta olmalar edi. Karsillagan, şunaqa mazali ediki, yeb töymas eding. Yozda birvarakayiga pişib, töpillab tagiga tuşib yaltirab yotar, ariqqa oqib ketganlaridan pastki ovuldagilar ham bahramand bölişarkan. Bir ğaroyib olmalar edi. Daraxtlari ham xuddi yonğoq daraxtidek tarvaqaylab osmonga böy çözib ketgan, to kuzgaça şoxlarida ilinib qolgan olmalarni bitta-bitta uzib yeb mazza qilar edik.

Taqdirni qarangki, Önar bobom yetmişdan oşib çol bölib qolganida hökiz sudrab, mana şu özi ekkan olma tanasiga gavdasi urilib, şol bölib qoldi. Eh, mening oqköngil, mehribon bobom neça yillar mahtal bölib yotdi-ya. Körpada yotib yelkalari açişib ketaverardi, çoği, “Ağdar!” deb baqirar edi. Biz bola edik, amakilarim, kelinlari, goho böyi ösib qolgan Ismat, Damin, Sayimboy akalarim bobomni u yondan bu yonga yonboşlatib qöyişar, şu köyi bir neça soatgina tek yotar, tağin boyagi ahvol takrorlanar edi. Kunlarning birida kiçik amakim qişloq şifoxonasidan oyoqsiz sim karovot topib kelgan, oyoqlari örniga toş qöyib, bobomni unga yotqizişgan edi. Bobom şörlik qoronği uyçada bir özi yotar, höl-quruği bir joyda bölganidan zax xona hidlanib ham ketgan edi.

Onam yoki kelinlaridan boşqa birovi non pişirsa, birinçi kulçalarini olib, bobomning yoniga çopar edik. Yarim non kattaligidagi kulçani bobomning oğziga tutsak, boyoqiş oçiqib ketarmidi yo oşqozoni ham öta baquvvatmidi, katta kulçani bor-yöği ikki tişlab ado qilar edi…

Tengqur-böyinsalari şu yotganida ham yo tegişib­mi, yo yaxşi maqsaddami, bobomning kökragiga boyagiday ölgan buzoqboşni taşlab qöyişgan. Şoyad, qörqqanidan, ha, albatta, qörquvga doş berolmay ör­nidan dast turib ketişini istaşgan. Lekin… bobom qörqsa qörqqandir, baqirib bergandir. Biroq şunday polvon odam… qimir etmay yotavergan! Şu dard bobomga sönggi nafasigaça döst bölib qoldi…

* * *

U vaqtlar, qiziq, dunyoda şovqin kam edimi, odam oz edimi, olis-olis masofadan kişilar bir-birini çaqirib olardi. Otam rahmatli yaqin yillar içida ham uç-tört çaqirim masofadan mollarini qaytarib olganini öz közim bilan körganman.

Ajab!

Katta qişloq nomi Quvkalla bölgani bilan u tarmoqlanib kiçik qişloqlarga bölinib ketadi: Allaberdi, Burgali, Örtaqişloq, Zulmonota, Berdibuloq, Qirgi Şörliq, Tödaqişloq. Allaberdida  Qambar toğa yaşar edi. Novça böyli, polvon, bir avomroq kişi edi. Bobomga öxşagan xöran, bir ötirişda qişloqning katta tandir nonidan uç-törtini saryoğ surkab urib taşlar edi, deyişadi. Eşak minsa negadir uzangi boğlamas, uzun oyoqlari yerga tegib, buta, xaşaklarni supurib yurar edi. Şu odam kun botiş şappatdagi qişloqda yaşovçi jörasi Önar bobom bilan goh Qörğontepa ustiga çiqqanida, goh Kökqum degan joyga, Örtaqirga mol yoygani çiqqanda ikkovi ikki qişloqda turib gaplaşib, hangomalaşib yotar ekan.

Kökqum – Allaberdi. Orasi uç-tört, balki beş çaqirim, yaʼni çaqirim deganni kilometrga mengzab aytayotirmiz… Şunça masofa uzoqlikda ikki çol gurungini tasavvur qiling! Qanday tovuş kerak bunga!

Hozirgi “sotka”larimizning ham çidaş bermay joni çiqib ketar-ov!

Malla bobo sarguzaştlari

Egamqul otam Sulaymon çolning Önardan keyingi öğli. Öziga yetarli jindor boboy edi. Xotinboz edi, deb aytmayman, biroq taqdir taqozosi bilan beş marta uylangan. Ne tongki, uç öğil, bir qizi faqat bir kampiridan tuğilib edi. Qolganlariga tulligiça javob bergan  edi.

Biz bolaroq edik, ikki kampirini yaxşi eslayman: biri qop-qora, semizroq, unisi uzun böyli, sariq kampir edi.

Egamqul otam attorlik qilar, Kattaqörğondan ul-bul opkelib xotin-xalajga sotar edi. Misol, hayitda bir xurjun holva, boşqa vaqtlari arzon mato, saqiç, huştak, matoböyoq, aççiqtoş, yoğoç qoşiq, iroqi döppi, qovun qirğiç, şunga öxşaş eng kerakli narsalar olib kelardi. Boşqa attorlarga öxşab qişloqma-qişloq, uyma-uy kirib yurmas, şundoq uyida pullab qöyaqolardi. Insofli bölganini haligaça aytib, qiliqlarini eslab yurişadi. Kelinlarining har biriga özi ot qöyib, faqat şu laqab bilan atar, atay özining ismini bilmaganga olib ketaverardi. Masalan, bir neça kelinlarini “yovğon” deganini körganman, faqat tanimoli böliş uçun bölsa kerak, “katta yovğon”, “kiçik yovğon” deya aniqlik kiritib qöyardi özi. Opkelgan molini boşqa narsaga, misol, tuxum, eçkining juni yoxud baʼzan öziga kerakli biror buyumga ham almaştirib ketaverardi. Nazarimda, eng “uçib ketadigan” moli böyoq edi, qiziği, Egamqul otam mana şu böyoqlarining işlatilişida ham ustida turardi. Oq junga buni işlat, qorasiga uni, munça miqdorda qöş, aççiq toşdan bunça qöş, köp qöşsang ipni qotiradi, oz qöşsang böyoq tez ketib qoladi, deya keçgaça katta qozonda suv isitib, quçoq-quçoq yigirilgan iplarni böyayotgan xotinlar bilan aralaşib yuraverar edi. U odam bilan yaqinlaşiş ham, arazlaşiş ham oson edi. Birdaniga “Otangning qoq lahatiga!..” deb sökib qoldimi, tamom edi,  şu kuni demak, kim bilandir qirpiçoq böldi deyavering.

Qoramağizdan kelgan kelinlar, hatto nevaralari ham “möltoni”atalardi. “Toşbaqa”, “soyaki” kimligini ham bilamiz.

Özi sariq odam bölgani uçun yangalari “malla” deyar ekan. Bu yangalarning, qayn ismini tutmaslik irimidan kelib çiqqan, biroq u oğizdan oğizga ötib to nevaralarigaça yetib kelgan, ne murodkim, bizlar-da “Malla ota” deb yuraverib, to esimiz kirib, xat-savod örgangunimizga qadar “Malla ota”ning asli Egamqul çol ekanini anglamaganmiz.

Hayit saylida “uşbullak”, yaʼni huştakning turli rangdagisi, bir-biriga tamom yopişib yotgan, rang-barang, çöpi bilan oğizga tiqqaningda birpasda erib tamom böluvçi xörozqandlarning ham asl muallifi Malla otam edi. Kattaqörğon saqiçi, baraka topgur kim işlab çiqarar ekan-a, kunjut holvaday kulça şaklida bölar, otamiz xohlagan yeridan beş, ön, yigirma tiyinlik qilib sindirib uzatib yotar edi. Sabil şunisi bilan qiziq edi. Hozirgiday turli-tuman öyinçoqlar yöq, önlab bolalarning oğzida birdaniga çurillay boşlagan yigirma tiyinlik “uşbullak” eng qimmatbaho matoh edi. Sayil erta tongda, tong qoronğisida maçit yonida boşlanar, ur-töpolon bilan bir soat içida tamom bölar edi. Bunça şoşilinç, nega tong qoronğisida – heç aqlim yetmaydi. Hozir ham xuddi şu “Nonber ota” maçiti yonida hayit sayli böladi, hozir ham holva sotiladi, lekin “uşbullak” yöq, jiyan, nevaralarga sovğa ulaşiş yöq, çunki hayitsiz ham öyinçoq bor, hayit kunisiz ham holva, hatto xurmo tiqilib yotibdi. Endi odamlar özgaça haşamat bilan qurilgan yangi maçitga hayit namozini öqiş uçun keladilar. Avval uç-tört mulla çol tor, zax bir xonaga kirib namoz öqigan bölsa, ehtimol, buni ham bilmaymiz. Biz maçitning yaqiniga ham yölamas, yo qörqar, yo haddan ziyod muqaddas deb öylar edik. Hatto maçit hovlisidagi daraxtning şoxini sindirib qöysak, oğzimiz qiyşayib qoladi yoxud qölimiz şol böladi, arvoh uradi, deb qörqar edik. Bizning tasavvurimizda bu yerda arvohlar yaşaydi, yaqinlaşgan kim­saga ziyoni tegaverar edi…

Ota-onalarimiz ham bu irimga işonganlari uçun şunday bölgan, ehtimol.

Malla otamning biz bilgan qora kampiri ança saxovatpeşa edi. Kaminani ayriça yaxşi körib erkalardi. Bitta tuxum keltirib, şu moyakday saqiç bering, desam, moyakday saqiç berar, söng “qora-qura qaqajonlar” uni bir çaynamdan tişlab bölib, açqimtil-taxir bölişiga qaramay, to uxlagunça zör berib çaynar va uxlaganda sölak bilan qöşilib erib yostiqqa, undan soçimizga yopişib qolib, abgorimiz çiqib yurar edik. Abgorimiz çiqqani şundaki, ertalab onamizga şikoyat qilsak, darhol qayçini olib, saqiç yopişgan beş tiyinlik tangaday joyni öyib qirqib taşlar va biz boşiga temiratki çiqqan boladek köçada iymanib yurar edik.

Malla otam öjarligi uçun bölsa kerak, qişloqqa boşqa attor oralatmas edi, hayqirib, baqirib sökib örtaqirdan oşirib qöyar edi. Buloqdan Rahmon baqiroq, Berdibuloqdan Berdi tömor bu qişloqqa faqat Malla otam yöqligida birrov oralab, darhol köç-köronini yiğiştirib jönab qolar edi. Şunda ham Malla otam daragini bilib qolsa, tek ötirmay çöbiriga minib boyoqişlarning dodini berib qaytardi. Alhol, kelinlarining: “Aka, nega buytasiz, sizda yöq narsalar u attorda bor ekan, nima qipti, haydamang!” deb zorlanişlariga quloq ham solmay, jerkib taşlar edi:

– Ota-bobongning qoq lahatiga… hammangning!

Şu xitobdan söng jami qişloq xotin-xalaji uy-uyiga pusib dami çiqmay qolardi.

* * *

Egamqul otam dutor çertib qöşiq xirgoyi qilardi. Uyida ikkita dutor osiğliq turardi. Uyining ortida “jitirma”, yaʼni yertölaga öxşaş qoronği, past tomi bölib, içida har balo, egar yasaydigan uskuna, mollarning quritilgan paylaridan tortib har xil temir-tersaklar uyilib yotar, mezon şamoli yegan, qişga saqlangan qovun-tarvuzlar ham şu yerda qalaşib yotar, şiftidagi qarağay xodalariga esa kampiri qişqi behilarni qator qilib ilib çiqar, kirganingda di­moğingga gup etib behi va qovun hidi urilib, boşing aylanib ketardi. Ammo boşqa tuynuk yöqligidan içi mudom qop-qoronği bölar, kunduz kuni ham şam yoki fonus kötarib kirmasang, içkaridan biror vaqo topolmasding. Jitirma – yitirmaning maʼnosi şu bölsa kerak.

Sulaymon bobomning usta qöli şu öğilga, undan öz öğli Ömirqulga ötgan bölsa kerak. Ömir akam ham, Xudo rahmat qilsin, oz umr körgan bölsa-da, juda pişiq egar yasar, odamlarning uylariga yasagan eşik, romlarni haligaça maqtab gapirib yurişadi.
Sönggi kampiri Xonbegi enamiz suluv ayol edi. Malla otamning kiçik öğli Xalil akamni juda qattiq suyar, xuddi özi tuğib katta qilgandek yeru kökka işonmasdi. Egamqul otam kampirini urib-sökib qöyib yuborgaç ham, onamiz töy-maʼrakalarda ayollardan Xalil akamni sörab-suriştirar, ham gapirib, ham soğinib yum-yum yiğlayverar ekan.

Bu kampiri pastki Kamarovul qişloğidan edi.

Men bolaligimda bu qişloqqa talay marta borib, ikki-uç kunlab yurganman. Sababi, şu qişloqda otamning singlisi Qandolat ammam turardi. Tört öğli, tört qizi bor, serfarzand, qizi Maktab men tengi, Abduhamid mendan ikki yoş katta edi. Yozgi taʼtilda Abduhamid toğasi Omon akamning uyida u-bu işlariga qaraşib yurar, köpinça jiqillaşib urişib ham qolardik. Maktab ham Omon akamnikiga kelib, ikki oylab yurib, biz bilan bir sinfda öqib, söng şu haqda maʼlumotnoma olib, özining maktabiga ketar edi.

Ammam öpka kasalidan köp qiynalar, tinimsiz pökillab yötalar, oqşomlarni ham uyqusiz ötirib ötkazar, har tölib yötalganda “Ha, sağana qolgur!” deb yötalini qarğab norozi bölib qöyardi.

Ammamning uyining orqa tarafida, toşloq soy böyida Usmon degan gung çol yaşardi. Biz ermaktalab bolalar kunçuvoqda erinib ötirgan çolni özimizça gapga tutar, u bölsa işoralar bilan nimalardir der, qöqqisdan xunuk tovuş çiqarar, şunda qörqib ketib urra qoçar edik. Şumligimiz tutib yana  yiğilişib kelsak, bu safar çol yaqiniga yölatmay, toş otib quvib solardi. Biz bölsak uni masxaralab qoçardik. Holbuki, u tentak emas, miyasi butun odam, aybi – gungligi edi.

Mening Xonbegi enam şu çolning singlisi ekan. U boşqa joyga turmuşga çiqibdi. Yana tuğmabdi. Lekin har kelganida Xalil akamni eslab, soğinib ammamga yiğlab ketar ekan…

* * *

Egamqul otam dastavval xuddi ertakdagidek soydagi buloq böyida bir qiz bilan tanişadi. Bu qiz qişloqning tengsiz suluvi edi. Ana-mana töy qilamiz deb yer tepişib turganida otamizni uruşga çaqirib qolişadi. Qarağandada poyezddan özini taşlab, oyoği lat yeb, undan Semipalatinskda davolanib, keyin ştrafbatalonda xizmat qilib, kimlarningdir könglini olgan çiqar, uruşga bormaslikning ilojini qiladi. Uruş tugaganda qaytsa, öşa kuni suyuklisining töyi bölayotgan emiş. Qarang, xuddi kitobdagidek. Yangalaridan bu gapni eşitgaç, ot  qöyib qizning uyiga boradi-da – norğul, baquvvat soldat emasmi – qizni otga öngarib opqoçib keladi. Soldat töyi bilan kelin töyini qöşib yuboradi. Bu – bölgan voqea. Momomiz hozir uşbuni öqib turgan baʼzi boşqa odamlarning momosi bölişi mumkin edi. Ayb etmasinlar bizni,  bu bölib ötgan rost gaplar, naçora, boşqa momodan öragan nevara bölding nima-yu, şu suluv kampirdan tarqading nima – taqdir şuni yozgan ekan-da. Tarixdan öpkalaşga na hojat. Malla otamdan öpkalaşga ham na hojat. Dunyo ayvonida endi ular yöq. Pişqirib, yovqurlaşib yaşab ötib ketişdi.

Egamqul otamning xuddi öşa ayolidan Salomat ammam, Ömir akam, Suyun akam, Xalil akam tuğilgan. Kattalar ötişdi. Farzandu nevaralari bir olam.

Xalil akam – kenjasi barvasta bölmasa-da, juda kelişgan, yumşoqtabiat, aqlli odam. Ota qöli, rubob olib qöşiq aytib turadi. Uyatçang. Odam töplansa, aytmay qöyadi.

Xonbegi onamizning suyub-erkalaşi, soğinib közyoşi tökkanlariça bor…

Egamqul otamning qarib, betoblanib töşakka mixlanib qolgan kunlarini yaxşi eslayman. Şu yotişida ham kelinu nevaralarini laqab bilan çaqirar edi. “Yovğon”, “Toşbaqa”, “Palakat”, “Serri”.

Ammo öğillariga boşqaça baqirar edi:

– Ömir, Suyun! Menga bir kampir obberinglar! Şuytib yotmas edim, uyalganimdan turib ketar edim. Meni uylantiringlar axir, ey serri, hökiz, gör­söx­talar!

Uylantirişmadi.

Bobom ham kutib ötirmay, bu dunyoga taloq qöyib yubordi…

Özi qora, köngli oq

Qora otam, yaʼni Ovloqul otam Egamqul otamdan ham ötib tuşgan qaysar edi. Negadir bir onadan bölsa ham, biri sariq, biri qora edi. Qora otamga ham nomni yangalari qöyişgan. “Qora bola” deyişgan çiqar. Piça vaqt eski maktab körgan, unça-munça suralarni oyoğini osmondan qilib öqib taşlar edi. Şu bois baʼzilar mulla Ovlo deyişardi. Birinçi xotinidan Sanobar ammam va Ismoil akam tuğilgan, kampir qaytiş bölgaç, ikkinçisiga uylangan, bunisi bilan turmuş yaxşi bölmagan, bir tuqqan, bola turmagan, keyin qöygan. Içi qoraroq ayol ekanini yaqinlarda Ismoil akam aytib bergan.

Qora otam uruş körgan. Özining aytişiça, to Berlingaça nemisni quvib taşlab qaytgan. Lofi köp edi. Yoniga ötqizib olib, biz kabi teşikquloq bola-baqrani obdan işontirişga urinar, har zamon bu gaplar bekor ekanini kimdir aytib qöyardi-da, hafsalasini yomon pir qilardi. Ammo keyingi safargi suhbatda yana yangi maqomda, qöşib-çatib hikoya boşlardi, deganlariga özi ham işonib ketardi, çamasi. Qiziği, qişloqdan birga ketgan bir guruh quroldoşlari – Narziqul toğa, Hamro böla, Juma toğa, Hamid bobo, Ikrom toğa, Örol toğa, Mansur toğa bir joyda xizmat qilgan. Mansur toğa oğzidan, Ikrom toğa oyoğidan, Qora otam çap qölidan öq yegan.

Ana şu çöloq qöli bilan ketmonni soğ odamdan zör chopardi. Öt örar, ötin qilar, toğdan bodomça, şuvoq çopib eşakka ortib kelardi. Şiddatli, çars, şunga yaraşa juda mehnatkaş, eng muhimi, mehribon, bağri issiq odam edi. Men çaqaloqligimda avlodimizda tengqur bolalar bölmagan ekan, şu boismi, yangalar, bobolar, momolar örtasida doim talaş bölgan ekanman. Onam xamir qoradigan toğoraga ötqazib qöyarkan,  yuvoş ekanman, şu joyda keçgaça miq etmay ötiraverarkanman. Qora otam pastki ovuldan bu yoqqa yöli tuşsa, meni toğora-poğora bilan qöşib uyiga kötarib jönarkan, şunday qilmasa birov javobgar qilarmidi?

Qora otam ham akasi Malla otam kabi birovga ot qöyişga usta, biroq biz kabi nevaralarini özgaça mehr bilan yaxşi körar, piypalab iskar, soqolining tikanaklari bilan atay yuzing, böyningni tirnar, qitiqlar, oxirida tom şiftiga osilgan quşxaltadan yegulik mevalar olib uzatar, söng uning narxini falon söm deb aytib, otang şuni tölab, keyin seni opketadi, deya öziça jiddiy qörquv solib, uyiga erinmay qamab ham ötiraverardi.

Nega axir, bu odamlarning şunça vaqti köp edimi, mehri öz farzandlaridan ortib yotarmidi, eʼtiborsiz bölsa ham bir joyi kamayib qolarmidi?

Bir qadar esimizni taniganimizda ham, Qora otam bizni quvlab yurar, qoçsak çopib izimizdan kelardi, uşlamay qöymasdi. Yetsa piypalagani-piypalagan edi. Lekin biz xuddi ğanim quvlagandek jon-jahdimiz bilan qoçardik.

Qişda hammayoq qorga tölib ketardi. Ertalab mol-holga, söng esa pastki ovulga bir kurak siqquday yöl oçilardi. Bölmasa u yoqdan baland tovuşda “Padaringga qusur”, “Ot tepkurlar”, “Yovğonlar”, “Otangning qoq lahatiga!” deya yo Malla otam, yo Qora otam yöl oçib kelaverardi. Bu odamlar bir-biriga qattiq gapirar, ayblaşar, mundoq qarasang öşqirayotgan bölardilar, endi-endi öylasam, bir-birlarini ayagan ekan, boşqaça qöpol sözlar bilan aslida mehr bildirgan ekanlar. Bu mehrdan esa biz bolalar tamom bezor edik.

…Qarasam, röparadan Qora otam çoponining ön­giri  burgutning qanotiday  hilpirab çopib kelayotir, ura ortga qoçdim. Etigim toyğinçoq edi, bir-ikki munkib ham ketdim. Yölakdan çiqay desam iloj yöq, gurtuk qorga botib qolaman. Qora otam öljani qöldan çiqargisi yöq, şaşt bilan yugurib kelayotirki, bir poy kalişi gurtukka uçib ketdi ham, mahsiçan ilgarilayotir. Şu vaqt röparamda  suzonğiç qoraola sigirimiz paydo böldi. Sigir maʼqulmi, Qora otammi – birpas ikkilanib turdim-da, sigirning yonidan aldab ötib ketmoqçi böldim. Baxtga qarşi yana etigim sirpanib ketib naq umbaloq oşib  tuşdim. Ne köz bilan körayki, şu holimda sigir ustimga bostirib kelyapti. Har qalay, şoxi badanimga tegmadi-yu, lekin qattiq, döng peşonasi bilan meni qalin qorga botirib kirgizib yubordi. Buning endi vahimasini körsangiz, sigir xuddi jonimni çiqarib olayotganday baqirib dodlayman. Qora otam qandaydir mol tagini tozalaydigan belkurakni topib olibdi-da, sigirning quymiçiga qarsillatib urib quvib yuribdi. Bu urişda jonivorni belangi qilib qöyişi ham heç gap emas. Ayollar duvillab çiqib çolni töxtatişdi.

Qora otam qorga sölagini çözib nos tupurdi-da:

– Bermon kel, dabba. Heç nima qilmadimi? – dedi.

Qora sigirdan qutulib, Qora otamga tutildim.

Qasoskorning qöliga tuşganim uçunmi, har qalay, özim bilib-bilmay yuvoşlanib qolgan edim…

* * *

Hayit kuni edi. Sayildan qaytyapmiz. Endi maktabga boradigan kattagina bolaman. Yonimda sinfdoşlarim. Qora otam sayildan eşakda qaytayotgan ekan, bizga yetib olib, qöqqisdan eşakdan tuşa solib, akang qarağayni quvib jönadi-ku, toyğoq yölda darrov yetib oldi. Qorga burkab rosa piypaladi. Nima deb jerkinganim esimda yöq, ammo şu safar juda xafa bölib yiğlaganman. Sinfdoşlarning  oldida izza bölganman-da. Sakson sakkizinçi yil bir jurnalda Qora otam haqida “Qora çol” degan hikoyam bosildi. Boboy nevaralaridan biriga uni öqitib eşitibdi. Mana şu gaplar,  kampirini urişi, uruş hangomalarini lof-qof qilişlarini kula-kula yozganman. “Hay, baççağar, otasini öşak qipti-da”, debdi. Mening özimga heç narsa demadi, biroq xafa bölgani şu gapdan maʼlum.

Kampiri Musal enamni yaxşigina döpposlar edi. Nozikjussa enamiz neça bor xalaçöpda tayoq yeganlarini ham eşitardik. Balki bu gaplar haqiqatan öşak, yaʼni ğiybatdir. Ular har ikkovi çin dunyoga ketdi. Musal enam ham fariştali kampir edi. Quşnoç, odamlarni  davolar edi. Vosvosga uçragan odamning davosini öşa zahoti aytar, köplarning palakatdan qutulib qolişiga sababçi bölgan edi. Buni hamma gapiradi. Tirnoqqa zor kelin-kuyovlarga ham töğri maslahatini berar, bir neça öğilga muhtoj odamlarning öğilli bölişiga yordam berganiga guvohman. Bu endi tuğmasakni tuğdirardi degani emas,  baʼzi birovlarga senda uruğ körinmayotir deb ham oçiq aytaverardi. Bir kişi haqida uning belida bola yöq, kiçkinaligida öynab yurib quduqqa tuşib ketgan, vahimaga tuşib qörqib uruği qurib ketgan, degan edi. Nega, bolasi bor-ku, deganman. Öziniki emas, dedi, taajjublandim: qanaqasiga? Döxtirlarning ustakorligi-da. Yana taajjublanaman.

– Gapirtirasan-da, bolam.

Bez bölib turganimni körib:

– Kelinçakning tuxumdoniga begona erkakning uru­ğini solib tuvdirib oğon, tuşundingmi? – deb ba­qirib yuborgan.

Bu sirni menga aytganiga puşaymon yedi, şekilli, darrov teskari ögirilib gapirmay qöygan. Menga esa xafa böliş kayfiyatidan köra boyagi yangilik öta muhim tuyulganmi, ağrayib qotib qolganman.

– Bor, ket endi! – deb jerkigan quşnoç enam teskari qaragan köyi.

Turib çiqib ketdim. Xafa ham bölmadim. Özi enam rahmatli jini tutsa, birdan tusi özgarib, boşqa odamga aylanib qolardi.

Bemor kelib dardini ayta boşlasa, tinglab ötir­masdi. Titroq tutib “hayy!” deya uzun esnab olardi-da, şartta ağanab beş yo ön daqiqa uxlab olardi. Söng turib u yoq-bu yoğini tuzatib olardi-da, turgan uyining qanday joyda örnaşgani, agar ahamiyatli bölsa, falon joydagi  kultepada ziyon ilaşgani, qoraçadan kelgan, közlari çaqçaygan bir juvon irim qilib uyiga, yostiğiga, körpasiga yoki biror joyga duo bekitganini körib turgandek gapiraverardi, löliga öxşab özi borib topib, qizil qöy söydirib, falon söm ata, deb yotmas, nari borsa, bir qora xöroz buyurib hojatini ravo qilib yuboraverardi.

Enamiz özi yetimlikda katta bölgan, ögay onasi köp azob bergan ekan. Bir mahal ena keç tuşganda suv olib kel, deb yoş qizni buloqqa jönatadi. Borsa, buloq böyida bir suqsurday kelişgan qiz soç tarab ötiribdi. Oldida bir butun non.

– Mana bu nonni olaket, oçqagandirsan, – debdi haligi nozanin. Enamiz unamagan. Şunda haligi zörlab nonni qöltiğiga tutqazibdi.

– Dugona, özing ham oçqab-netib yurma-da, – deb ming istihola bilan nonning yarmini uşatib olibdi. Uyga kirgan zahoti ögay ona boşlaydi-ku töpolonni. “Nega hayallab ketding? Öynaş orttirgansan, şu nonni öynaşing bergan, uyni haromga töldirding, ket, yöqol, öl!..” Enamiz haligi qiz non berganini isbotlayman deb borib qaraşsa, heç zot yöq, soç tarab turgan suluv uçdi-kuydi joyida yöq. Qiz beçora kaltakning tagida qoladi. Odamning zolimi yomon bölar ekan, tayoq bilan uraverib, qizning bir közini kör qilib qöyadi. Enam saksonga kirganida ham öşa hikoyasini eslab açinar edim, oq çandiq qoplagan köziga qarab ezilardim. Enam bölsa “E, attang, öşanda mortuvning nonini butun olişim kerak ekan, hozirgidan yuz barobar bilgir bölar edim”, deb afsuslanardi. Qiziq.

Yana ham qiziği, Xudo bergan taqdirni har qança bilgiç bölsa ham anglayolmay qolarkan-da kişi. Hali tetik edi, töqsondan oşar derdim, nevarasining maşinasida çölga ketayotib halokatga uçragan. Maşinada birgina enamning öşa zahoti joni çiqib ketibdi. Boşqalar omon qolgan.

Hoy bolam, oyoğim tortmayapti, bir palakatni sezyapman demagan. Tuş-puş körganiniyam aytmagan.

Mening pokizagina enam…

"Kelin-kuyov" kuraşi

Ismoil akam Ovloqul otamning Xudodan tilab olgan yolğizgina öğil tirnoği edi. Şunga yaraşa qo­ruvligina bölsa ekan, ellik-oltmiş kilodan köp vazn bosmas edi. Xudo bergan oqköngil, hay-hay, oğzini oçsa yuragi körinadiganlardan edi. “Edi” deyotganimning boisi, akani ham şu yilning erta bahorida oltmiş olti yoşida boy berganmiz.

Aka Ovloqul otamning birinçi kampiridan. U enamizni biz bilmaymiz – erta qazo qilib ketgan. Ismoil  akam, garçi kambağal, bolajon odam bölsa-da, yozğirmaydigan odam edi. Faqat bir kun menga yorilgisi keldimi, bolaligini eslab yiğladi.  Ögay enasi köp azob-uqubatlar bergan ekan. Buloq qişloğidan opkegan ekan uni Qora otam. “Eriga bildirmay ögay bolani öz-özidan uraverar ekan, men-ku mayli, ögayman, özi tuqqan çaqaloq ukamni ham bosib öldirib qöygan. Bir vaqt urib hammayoğimni şilib, kökartirib taşlaganida otam nima bölganini söragan, jim ötiraverdim, sörayverdi, yiğlab yubordim. Otam gap nimada ekanini tuşunib, ögay onamni şu qadar qattiq ura boşladiki, oxiri çözib sulaytirib taşladi. Alamiga çidayolmagan ena çaqaloqni bosib nobud qildi. Otam uni hayvonday urib… haydab qirdan oşirib yubordi. Qaytib körmadim”.

Musal enam “Ismoiljon, jon bolam” deb gapirardi. Boş farzand Sanobar ammamni ham “Sanavarjon” deb erkalardi. Özi Safiya opamni tuğdi. Ismoil akam Oysara çeçamga uylanib, qatorlaştirib farzandlar tuğdirdi. Xudoyim bir joydan bermasa, boşqa tirqişdan ol qulim deb yuborar ekan-da. Hovlisi bolaga töldi. Bir yilda ikki martalab töy qildi. Birini uylasa, ikkinçisini turmuşga berdi. Bola parvarişiga kömilib qoldi. Ismoil akam avval Pangat sovxozi va biopunkt direktori Husan Hakimov qölida işlagan. Yap-yangi “Belorus” traktorni mast bölib qirdan yumalatib yuborgan, özi bir yaşik pivo bilan qirda omon qolgan. Şundan söng Hakimovning köziga qaraşga uyalib işga çiqmay qöygan. Keçirimli oqsoqol ekan yoxud bu oqköngil insonni yaxşi körganidan bölsa kerak, iş ustida, qöraga yemiş taşiyotgan vaqti falokat sodir böldi, deb dalolatnoma qilib, boşqa traktor ham vaʼda qilgan, maoşini ham töxtatmagan. Biroq akam şu oriyat yuzasidan qaytib oqsoqolga yöliqmadi, bir umr köziga körinmay qoçib yurdi.

Traktor degani ham u mahal toza isqot qolgan ekanmi, akam çölda, Zafarobod tumanida ham bir muddat traktorçilik qilib yurib avariya qilgan, yiqilib jaği, tişlari singan. Oğzidagi törtta tişi bilan umrining oxirigaça yurdi. Hoynahoy, çol otasining tişidan kamroq edi desam işonavering-da qöying. Öşa halokatdan keyin munkislanib, biroz soqovlanib qolgan. Yaqin-yaqinlarda ham öğillari or qilib tiş qöydiraylik deb qöydirolmadilar. Sababi, akam tiş taqsa battar soqovlanib gapirolmay qolar ekan. Jahldor Ovloqul otam baqirib-sökib urişsa ham, baribir öğlini ayar edi, traktorni dumalatganda bir-ikki xalaçöp yeganini inobatga olmasa, deyarli kaltaklanmagan.

Akam armiya xizmatidan qaytgan yili uylangan. Böyi özidan biror qariç baland Oysara çeçamni qizil saman otga mingaştirib tepa ovuldan pastki ovulga – özining uyiga optuşgan. Orasi juda yaqin edi. Kuyov yigit kelinni otdan kötarib tuşirib qöyganini körib xotinlar “Voy, beti qora, nima qilgani bu, şarmanda-a!” deyişgan. Rusiya örmonlarida daraxt kesib kelgan soğlom yigit parvo ham qilmagan. Yoqilgan gulxan atrofida kelinni uç bora aylantirib, söng şinelining yoqasini tik qilgança özi ham ğoz turavergan. Şinel… öşa kunlarning yaraşiqli kiyimi özi şu edi-yov. Uyam kimda bor, deysiz. Hamma kuyov ham xohlagan vaqti mana şu şinelni topolsa, döppisini osmonga otsa bölardi.

Kelin salomni doim hayotdan mamnun şaddod Mastura xola aytar, çildirmani bir xil tarzda urib-urib, bir maromda qöşiq qilar, har zamon ikki qoşi örtasiga juvoldiz bilan urib qöyilgan kökimtir mayda xolini köz-közlayotganday qoş uçirib, öziça “Hayt jonidan!” deb qiyqirib qöyar, tomoşatalab erkak, ayol, bola-baqra uçun bu qiziq edi. Zamon hayotida özi qiziqlik şu – töy edi. Içganing bir kosa şörva, lekin keçgaça töyda töydim deb şataloq otganing otgan edi. Davra sönmasligi uçun gulxanni söndirmaslik lozim, şu bois çolma, tappidan tortib Ovloqul otam toğdan eşakda taşigan şuvoqlarni ham olovga dastalab uloqtirar  edik. Bundan burunroq Mastura xolaning öğli Jöraboy toğaning sunnat töyida bir yigit rubob çalib Ortiq Otajonov va Olmaxon Hayitovaning qöşiqlarini zör berib kuylab yotganida örtoğim bu yoqqa  qara, dedi. U bizdan tört yoş katta Tenglaş akaning fufaykasi orqasiga ingiçka çumakli çoynakda bildirmay suv quyib şakl yasardi. Avvaliga bu hol beadablik, Tenglaş aka bilib-netib qolsa örtoğimni naqd böğib öldirib qöyişini öylasam-da, uning sezmayotganidanmi yo bu surbetlik obdan kulgili ekanidanmi, qotib-qotib içaklarim yulinib ketguday kuldim, qiziği, bu holni keyin uning ukasi, bizga sinfdoş bölib birga öqigan Abduvali jöramiz ham körgan, uyam negadir birgalaşib kulgan edi.

Örtada bir yigit goh Olmaxon, goh Ortiq bölib ohang tortadi, rubobni öynatadi, birpas mediatrni tişlab torlarni tuzatib tinğir-tinğir qilib qolsa, örtadan taklif tuşadi:

“Juda zör aytding, uka, şöxroqlaridan ham bölsin, yoşlar öyinga tuşsin.

Hofiz xuddi Ortiq Otajonovday odob bilan:

– Xöp böladi, talablarga binoan, – deydi-da, rubob dastasini pastga, balandga kötarib-tuşirib, tiringlatib şöx çala ketadi. Gulxan yoruğida sabza möylovini yana bir silab, suvsar telpagini biroz kötaradi-da, – deydi.

– Qani, jonon qizlar, öyinga marhamat!

Şöx-şöx öynar edim,

Sen bilan qirğoqda men…

Heç kim örtaga çiqmaydi. Bir payt Gulsum opa degan sakkizinçi sinf öquvçisi, soçi tovoniga dovur bir örim tuşgan, kelişgan, suluv qiz davradan bir özi ajralib çiqib, gulxan tevaragida öz-özidan muqom qilib öynay ketdi. Nazarimda, Toşkentdagi eng yaxşi raqqosalar ham öynasa, şundan oşirmaydi. Faqat şohi atlas, bejirim nimça, oq yaltiroq tufli, toşlari elektr çiroği şuʼlasida yalt-yalt etguvçi manglayqoş bölsa bas edi. Goh tez-tez yurib, goh töxtab-töxtab, engagi ostida qöllarini qiya qayiqça qilib boş tebratib qöyar, bunga sari qöşiqçi ham avjga minib “hayt!” deb qöyar, qöşiqdan çiqib: “Quling örgilsin saning!” derdi ilhomlanib. Hamma, tavba, bizdan ham öyinçi artist çiqar ekan-ku, degan taajjubda. Çunki bir-ikki Mastura xolaga öxşagan yoşi ötgan kampirlardan boşqa biror qiz-juvon  qölini kötarib davraga çiqib öynamas, uyalar edi. Gulsum opaning poyabzali, yaʼni kalişi ham yangi, yangi bölmasa ham yoğlanganday top-toza körinar edi. Gulxan böyiga boşqa heç kim çiqmadi, Gulsumning bir özi öynayverdi, hofiz qizdan köz uzmagan köyi “Zebolanib kelibsiz”, deya ikkinçi aşulani ulab ketdi, har zamon qiz yoniga öynab kelganida boyagiday odatdan taşqari “Örgilsin quling!” deb hayqirar, yarim egilib ham qöyar, bu hayqiriq olomonga ham, qizga ham maʼqul kelayotgandi, lekin şu paytda orqa tarafdan bir yigit yulqinib çiqib qizning qölidan uşlab qoldi.

– Böldi! – dedi u.

Qiz xijolat böldimi, birpas töxtadi-da:

– Nari tur, qöşiq tugasin, – dedi.

– Böldi deyapman! – deb baqirib yubordi yigit. Qiz uning kökragidan itarib yubordi-da, raqs tuşişda davom etdi. Uning xiromoni hammaga yoqayotgan, iç-içidan tasannolar aytar, “Qöy, öynasin” degan xitoblar ham eşitildi.

Yigit tek turmay tağin gulxan yoniga çiqdi. Qiz muqom qilib röparasiga kelişini kutib turdi va kelgaç bor kuçi bilan yuziga şapaloq tortib yubordi. Qiz lovillab yonayotgan yuzini çangallagança davradan çiqdi. Höng-höng yiğlab yigitni qarğadi. Şu köyi uyiga qarab ketdi. Yigit ham sekin uning ortidan yurdi.

Bu Gulsum opaning ukasi Tölqin edi…

Hozif qöşiqçi oxirigaça aytdi. Tugatib:

– Afsus, odamlar orasida sanʼatni tuşunmaydiganlari ham bor. Şuning uçun zör talantlar qiş­loqlarda qolib ketayotibdi. Sanʼatni xor qiladi bundaylar, – dedi.

Şu bilan davra sovidi. Qöşiq bölsa ham öyin bölmadi. Mastura xola:

– Bolamning töyida öyna hammang, manov artist Iştixonday joydan kelib ötiribdi, – deya biroz silkinib öynadi.

Gulsum opa şundan keyin birorta töyda öynamadi. Sakkizinçi sinfni bitirgaç, erga tegib ketdi. Olis qişloqda bola köpaytirib yurganini eşitamiz.

Oysara çeçamning ham etagi töla farzand ekan, Ismoil akam jörttaga bir iskab qöysayam, yukli bölib qolaveradi, keyingi faslda ingalatib bir çaqaloq armuğon qiladi.

Ismoil akam otasiga öxşab bola-baqrani bosib-piypalab “mazlum” qilmagan bölsa-da, baribir bolajon edi. Birovning könglini qoldiriş qölidan kelmas edi. Kimdan köp, kimdan oz umr kördi. Endi-endi bilayapmizki, er-xotin tamoman bir-biriga bağir bosib qolgan ekan. Gap şundaki, tört yil böldi, urçuqday aylanib, kelinlarga ham iş qildirmay, rözğorning xizmatini qilib yurgan Oysara çeçam hadaha biqinim-biqinim deb yurib ozgina vaqt yotdi-yu, dunyosiga qöl siltab jönab yubordi. Ismoil akamning garangi çiqdi. Dardu dunyosi qoronğilaşib ketganini birov bilmagan ham. Öğillari boşqa uylantirişga urinib körişdi. Jiyanlaridan biri Ingiçka tomondan örislaşganroq birini topibdi. Akam borib köribdi ham, maʼqul kelib öşa kuniyoq taksiga bosib opkelibdi. U yoqda tanişganimda yoşini ança kamaytirib aytgan ekan, kelib yoruqqa tutib qarasam, yoşi menga yovuqligi bilindi, deb kuladi akam. Öşa kuni aptekadan bunça, dökondan bunça qarzim bor dedi, e, ulay-bulay bilan bir milliyonni böyinga olib keldim.

Hammasiyam mayli, har keç kirganda yanga yevropaliklarga öxşab ovqat oldidan ikki yuz gramm uradigan odati bor ekan. Avvaliga, xöjayin, bayram qilmaymizmi, deb özi taklif kiritadi. Akam bolalari va kelinlaridan uyalişini aytib, bu odatni taşla, jöra, deb iltimos qiladi. Lekin har keç aroq sasib turadi, deydi. Taqiqlaş qölidan kelmagani akaga alam qiladi.

– Endi jöra,  siying bitdi, – debdi oxiri akam, – kavuşing uyingga qarab töğri turibdi, kiy-da, jöna, oramiz oçiq sen bilan.

Xuddi şuni kutib turganday, yöl puli sörabdi.

Pulni berib, uyida xayrlaşib, haydaganday qilib çiqaradi aka.

Undan oldin ham, keyin ham baʼzilarini eşitdim. Aka uç marotaba muvaffaqiyatsiz nikohni boşidan ötkazdi. Zerikib, Oysara çeçamni qömsab yurgan kezlari şötanoq ukalaridan biri:

– Ismoil aka, siz şoşmay turing, bugun-erta sizni bir baquvvatiga uylantiramiz, xotin körganday bö­lasiz, yopişib şu bilan yaşab ketasiz. Muhimi – u xotin rozi, – deydi.

– Kim ekan, bilsak böladimi?

– Taniysiz, eşitsangiz xursand bölasiz. Hozirça sir. Ertaga Kömak akanikiga ötirişga borasiz, öşa yerda oğa-inilar bilan bamaslahat hal qilamiz bu işni.

Şu kuni şötanoq uka Kömak akanikiga boribdi.

– Endi aka, bilasiz, Ismoil akam yolğizlikdan qiy­nalib yuribdi, bir yordam qilmasangiz bölmaydi, – debdi.

– Xöş, men nima qilib yordam beray, xotin top, sovçi bölib boray.

– Yöq, sovçilik kerak emas, rozi bölsangiz böldi.

– Nimaga rozi bölay?

– Adaş çeçamni akaga bermasangiz bölmaydi. Kök­ragidan urib qolgan.

– Iye, hali men ölganim yöq-ku, ölmay turib xotinimni tortib olasanmi? Kalla-pallang işlaydimi, özi?

– Gap şundaki, – debdi şötanoq, – Adaş polvonning özi ham rozi, bir kelib kuyov yigit qölimni sörasa mayli, ergaşib ketaveraman deyapti. Siz qarşilik qilmang, xöpmi?

Şötanoqning avzoyiga qarab gap nimadaligini tuşungan Kömak aka kutilganday şartini aytibdi.

– Gap bunday, Ismoilday ukamizga bir xotin sa­dağalar bölsin. Şart şuki, ertaga kelganda ikkovi kuraşsin, Ismoil yiqitsin, ol halol – opketaversin. Biz rozi.

Şanba kuni Kömak akanikida yeyişma-içişmadan keyin kelişuvga muvofiq boşqa uyda Kömak akaning xotini va Ismoil akam örtasida kuraş marosimi uyuştirilgan.

– Bir, ikki, uç – boşlandi! – şunday deya şötanoq şartta chiroqni öçiradi.

– Böldi! – deya qiçqiradi Adaş çeça. Çiroq yoqilsa, yigit yotibdi – çalqança, abgor, hansiraydi. Ustida gömasdan bölib Adaş çeça ötiribdi.

– Oyoğimdan birov tortganday böldi, – deydi Ismoil akam inqillab.

– Turing, çeça, sizniki halol. Lekin, qarang, kuyov bola norozi bölyapti, yana bir olişing.

Boyagiday yana çiroq öçiriladi. Ismoil akam gup etib “kelin”ning ostiga tuşadi.

– Endi-çi? – deydi şötanoq. – Yana oyoğingizdan uş­ladimi birov?

– Yöq, lekin endi çalaman deganimda özim çalinib ketdim. Xuddi birov ataylab…

– Böldi, aka, öziyam çeçam gupçak qilib urdi, ba­hona qilavermang, çalqança tuşganingizda bir narsa “pirt!” etdi. Şimingizning u yoq-bu yoğiga qarang. Çeça siz oğir gavda bilan bosavermang-da, yana bir joyi pirtillaydi hozir…

– Ha… – deya qolganini içida sökinib, tel­pagini topib kiyib, jönashga şaylanadi aka.

– Bir qulayi kelgan edi, Ismoil aka, qöldan boy berdingiz-da. Hay, attang.

Şötanoqlardan biri şunday deya boş çayqab kuladi. Ismoil akam oyoğimni tortgan şu deb öylab çallipatrang qilib sökadi.

Kömak akaning katta öğli bölsa:

– Mol sinalgan mol edi, quruq qoldingiz-da. Otam ikkimiz hasratlaşib, jalov Ismoil akamda ketdi, ana endi siz xotinsiz, biz onasiz qoladigan böldik, köp kuyinmang, Ismoil akam qöyganlarning polvonroğini sizga qaytarib opkelamiz, deb turib edim, – deya "ham­dardlik" izhor qiladi.

Ismoil akam bunga sari uni ham böralatib sökadi. Anvar esa iloji boriça akaning sökişini eşitmaslik çorasi bilan uning oğziga aroq töla piyolani tutib:

– Oling-oling, şuning uçun oling, rahmat, juft bölsin, ha, akang qarağay, tagida qolmasin, – deya qis­tayveradi.

Aka noiloj uni sipqoradi. Yana sökişga oğiz juftlaganida Anvar gazak deb oğziga ilik tutadi. Aka sökişga qöymayotgani uçun zavqi kelib, özi ham ağanab-ağanab kuladi.

Kömak aka öğli Anvarga qarab deydi:

– Hay, bunga nega aroq berasan, enangga quy. Yiqitgan bumi, umi?

Bizning oğa-inilar şunaqa, gap, hazil bilan bir-birini oborib-opkeladi. Bir narsani gap qilib hammaga şov-şuv qiladi, kimdir ösal böladi. Biroq oxir-oqibat buning tagida oddiy hazil, bir odamnigina mot qilişga qaratilgan qitmirlik yotgan böladi.

Öşanda Ismoil akam amakisining xotiniga uylanişni xohlagan deysizmi? Şötanoq aytgan zahotiyoq bu yerda bir gap borligini sezgan, lekin Kömak akani mot qilsam kerak, ölibmanmi, erkakman-ku, Adaş çeçani yiqitarman, deb öylagan.

Kömak aka puxtaroq çiqqan.

Qay bir qöl çetdan kelib, Ismoil akamning oyoğiga yopişişi, çiroq öçirilişi ham uyuştirilgan.

Ismoil akam buni, hatto öşa qöl kimniki ekanini ham yaxşi biladi. Bilib turib qöl egasini sökadi. Qöl egasi ham akaning şubhalanayotganini biladi, şu va ayni onasi akaga yanga bölişini yaxşi bilgani uçun Anvar ham qozoqça sökişlarga çidab, aybi içida, tumşayib turaveradi. Qaytanga, kulib yengadi.

Bu gaplar el aro yoyilib, kulgi bölib, tildan tilga ötib eskirgaç, Ismoil akamga tağin xotin izlaşga tuşişdi. Xolmurod bir kunda Jizzaxning Paxtakoridan boladan tingan, otasining uyida  ikki sigirga çorvador bölib mixlanib qolgan ayolni topdi-yu, öylab-netib, sörab ötirmay uylantirdi-qöydi.

Hozir nima köp – qişloqni ham, şaharni ham bosib ketdi – taksi köp. Bittasiga ötirib, bozordan bir kilo oq, bir kilo sariq qand olib, töğri bostirib borişgan. Taksi köçada kutib turadi.

Otasi – bir çol odam ekan, qölini bigiz qilib Ismoil akamni körsatib:

– Hay, bola, men senga işonyotippan, lekin mana buning ğirt jinoyatçi, közi aytib turibdi, hoynahoy, öğirlik ham qilsa kerak, qizimni baxtsiz qiladi bu! – deydi.

– E, bobo, bu odam pişakni “pişt”  deyişdan oldin ham bir öylab oladi, qiziq ekansiz, nimalar deyapsiz? – deydi Xolmurod.

– Men senga işondim. Yoş bölsang ham, kayvoniçilik qölingdan kelar ekan, agar qizimning közidan yoş şörğalasa, sening yoqangdan olaman.

Ismoil akamning özi bölsa, ğirt jinoyatçiga çiq­qanidan bukilib-bukilib, qotib-qotib kularmiş.

Şuytib, bir kunda savdo pişib, Ismoil akam xotinli böldi-qoldi. Ikki yilgaça gap-sözsiz yaşab yurişdi. Yanga poşşo ham bolalarga, kelinlarga singişdi. Nevaralarni özinikiday bağriga bosdi, kötardi, yupatdi. Xolmurod ham akamni bir kunda baxtli qilib qöyganman, he, yuribsan-da baring, deb katta gapirib yurdi.

Lekin Ismoil akamning özi…

Atigi tört kun avval öğli Isroilnikida ötirib menga telefon qildi. Dimoği çoğ edi. Kelinning tu­ğilgan kuni ekan. Amakivaççalar Jozil, Xolmurod ham şu yerda, ular akaga ketma-ket qadaq uzatib, evaziga sökiş eşitayotganlarini ham bildim. Telefonda kayfiyatidan maʼlum edi.

Ismoil akam kelinga bir paçka pul tutqazgan.

“Keyingi tuğilgan kuningda beramanmi-yöq. Borida olib qöyaver, pensiya olganman”, deb mardlik qi­libdi. Öşa kunlari “Oysarani soğinyapman-da, ça­qi­rib qöymayapti”, deb yurgan.

Odam soppa-soğ bölsa, bu gaplarga heç kim eʼtibor qilmaydi. Köz oçib körgani, bolalarining jonday onasi edi, qömsayotgandir, deb öylaşgan. Keyingi ikki kunda yangi yangamiz bilan ham körpa-örinni boşqa qilgan. Yanga bundan xavotirga tuşgan. Qabatidan ketmaslikka tirişgan. Jerkiyvergaç, majbur, boşqa uy­ga ötib yotgan.

Keyingi kun tong saharda… oğilxonaga kirib…

Yangamiz çala uyquda orqasidan borsa, tanasi sovib bölgan ekan. U özini yulib, özini qarğab yiğlaydi. Endi nima foydasi bor?

Onasi Musal enam tirik bölganida bu işlar böl­mas edi. Şundayku-ya, lekin enamning özi ham… axir kim yaşaşni xohlamaydi – ajalni sezmay qoldi-ku.

Ismoil akam Oysara yangamni örtanib soğingani rost. Ha, rost, oğaynilar, Ismoil akam Oysara yangamning diydorini soğinib yurgan, imlayvergaç, bu hayot bilan xöşlaşib qöyaqolgan. Hayotdagi barça lazzat, zavq yangamning visoliçalik şirin tuyulmagan.

Men buni töğri deb hisoblamasam ham, yaxşi his qilaman…

Heç kimning xotini bemahal, bir-biriga suyanib turgan mahal ketmasin. Juda oğir…

Sobir ÖNAR

1964-yili tuğilgan. Özbekiston Milliy universitetida

tahsil olgan.

 “Orzuga töla qişloq”, “Ovloq adirlar bağrida”, “Çaşma”, “Çambilbelning oydalasi”, “Bibisora” nomli qissa va hikoyalar töplamlari çop etilgan.

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (258)

Suv. Hikoya

– Öz oyoği bilan jildirabgina kelmagan suv suvlik qiladimi?! Ketaman bu Cahroyi kabirdan… ketama-an-n! Dilşod şunday deya örnidan sapçib turdi-yu, derazadan taşqariga termildi. U avval hovlisidagi qovjirab qolgan…

“Eynşteyn jumboği”

Dekabrning asov şamoli tun bağrida özini har yonga urib, böriday uvillaydi. Uylar ham sovuqdan junjikkanday bağridagi çiroqlarini öçirib, şamolga jör bölib, qoranği tun vajohatini yanada orttiradi. Biroq şu imoratlar…

Uluğbek Hamdam. Yöl (falsafiy roman

Men bir ojiz tomçiman, ammo yuragimda ummon soğinçi yaşaydi. Mavlono Rumiy TUŞDAN OLDINGI VOQEA Ovoz keldi! Ovo-o-oz!.. Eşityapsizmi, ğoyibdan bir ovoz keldi! Dunyolarni töldirib emas, yöq, balki yöl kabi uzun, yöl kabi…