10 daqiqada öqiladi

130 marta körilgan

Qaytiş

Mohira Eşpölatova

(Hikoya)

Yarim tun…

Ramiz uyğondi – yomon tuşidan xalos böldi.

Vaqt qay mahal bölganini anglolmadi.

U yoqdan bu yoqqa zuv-zuv qatnayotgan maşinalarning sarğiş-qizğiş çiroqlari yettinçi qavat rovonidan turib köçaga tikilgan Ramizning közlarini jimirlatar, talmovsiragan holida qoronği tun, şahar binolari, köça çiroqlari, hammasi çaplanib yaxlit bir rangtasvir uslubidagi kartinadek körinar edi. U “rasm”ga qararkan, qandaydir bir kuç qora öpqon tomon tortib ketayotgandek, boşi pastga oğa boşladi. Miyasiga yana öşa fikr kelib urildi: “Şu yerdan özimni taşlasam, hammasidan qutulamanmi? Tugaydimi şunda bu azoblar?”

Ramiz yana aloq-çaloq tuş körib uyğongan edi. Aniqroği, özini uyğonişga majburlagandi. U suv-suv bölib terlab ketgan, kiyimi tanasiga çippa yopişib, peşonasi va burni ustidan terlar irmoq hosil qilib oqib tuşardi. Bezovta yuragi gupillar, havo yetmayotganday çuqur-çuqur nafas olar edi…

Baxtiga, u har kuni tuş körmaydi, ammo doim, uzluksiz bitta holatni yaşaydi. Makonsizlik, kulrang böşliq, tinmasdan olğa intilib yuguriş. Tamom. Faqat şu. Yugurganda ham jonholatda tez, tanasini oldga taşlab çopar edi. Oldinda nimadir bor, unga yetib oliş hissi butun vujudini egallab, harakatga undardi. Ramizning xayolini “Nima bölgan taqdirdayam, yetib oliş kerak, qöyib yubormaslik kerak”, degan öy band etardi. Bu fikr bosimining va tez yugurişning oxiri yöq edi. Tuşda çarçaganini, terlab ketganini his etmasdi. Faqat şularni tasavvur qilardi. Bu öylar hatto borliqdan ajralib, çuqur uyquga ketganida ham tark etmasdi. Uyğongaçgina oxiri körinmaydigan marafon yugurişning oğir çarçoğini his etar, tongni tuşkun kayfiyatda boşlar edi. Ayni paytda u ham tanasida, ham ruhida çuqur toliqişni sezardi. Odamlar ertalab uyqudan yaşaşga yangi kuç olib uyğonsa, uning holi şu edi. Bu holga yana qança çiday olişini ham bilmasdi.

U ikki kafti bilan boşini qattiq siqdi. Boşi oğriqning zöridan qöllari orasidan otilib çiqib ketadigandek edi göyo. Yana biroz şu kayfiyatda rovonda tursa, özini bir nima qilib qöyişdan qörqdi. Taniş raqamga qönğiroq qilib gaplaşdi, qisqa suhbatdan söng uydan çiqib ketdi.

* * *

– Bir eskiçaga körsatib öqitvoramizmi seni? – dedi Ramizning yelkasiga qöl taşlab dösti.

– Hazil kötaradigan kayfiyatdamasman, – deb uning qölini zarda bilan itarib taşladi Ramiz.

– Jiddiy aytyapman.

– Şu bilan yomon tuşlarimdan qutulamanmi?

– Xudo biladi.

– Naf qilmasa-çi?

– Öşanda öylab köramiz qolganini…

Ramiz uning közlariga qattiq tikildi. Nimanidir, istagani – taskinnimi, xayrixohliknimi yo şunçaki mehrnimi körgaç, böşaşib qoldi. Öz-öziga “Bu yerda nima qilyapman?” degan savolni berdi. “Nimani eşitişni istayman özi, nega yarim keça töppa-töğri uning yoniga keldim? Nega? Şunçaki yolğiz qolişdan qörqqanim uçun keldim. Baʼzan yoningda kimdir bölişini xohlaysan, özingni yöqotgan dunyoga tun çöksa, özing bilan yolğiz qolişdan qörqinçlisi yöq. U esa jon kuydirib gapiryapti, maslahatim u uçun muhim, inobatga oladi, deb öylayapti. Aslida, hammasi menga baribir ekanini qayerdan ham bilsin?!” Ramizning dösti oldida vijdoni qiynaldi.

– Ke, buni ötkazib yuboramiz. Yana boşqa taklifing bormi? – dedi özini jiddiy tinglayotganday körsatib.

– Öylamaslik. Tuşunmayman, nimani öylab, bunça parişonxotir, yer çizib yurasan. Xayolingni band qilgan, öylab siqilganlaring tuşingga kiryapti. Öylamaslikka harakat qil. Özi nima qiynaydi seni? Hamma narsang bölsa, birovdan kaming yöq. Oilang tinç, yana bilmadim, xotining bilan biror muammong bordir, desam, avvaldan, uylanişingdan oldin ham bu “kasaling” bor edi. Heç tuzalmading-tuzalmading-da.

– Ha, onasini emsin, sen aytganday, hamma narsam bor! Baxtsiz bölişga haqqim yöq! Özimni şunday his etişim noşukurlik! Ammo nima qilay, hayotimdan zavq va lazzatni topolmasam? Hammasi vaqtinça, göyo oğriqsizlantiruvçi doridek. Taʼsiri ötib ketgaç, yana tuşkunlik, bezovtalik, tunda nihoyasiz yuguriş boşlanadi. Işonasanmi, uxlaşdan qörqib qolganman. Ölguday çarçagunça işlayman. Jismoniy çarçoq qotib uxlaşga yordam beradi, degan umidda! Ha, baʼzan bu iş beradi, taxtadek qotaman. Lekin qaçongaça şunday davom etişi mumkin? Men ham boşqalarga öxşab yaşaşdan qörqmaslikni istayman. Tinç yotib, tinç turib, xotirjam kun keçirişni istayman… – Ramiz oxirgi gaplarining har bir sözini çertib-çertib, qizişib gapirdi.

– Psixolog bilan gaplaşib körasanmi? Hozirgi yomon qovunni uruğiday bolalab ketganlaridan emas, haqiqiy professionalidan topamiz senga. Xöş, nima deysan?

* * *

Ramiz dösti bilan xayrlaşganda tong ota boşlagan edi. Avtomobillar siyrak yöl çetidan hozirgina bölgan suhbatni tahlil qilib ketayotgandi. Anhor ustidagi köprikdan ötayotib, tonggi salqin havoda sayr qiliş fikri tuğildi. Atrof şovqinsiz, kimsasiz, faqat köprik ustuniga katta kuç bilan kelib suvning urilişidan hosil bölgan şovullaşgina eşitiladi. Anhor yoqalab ketgani sari şavur ham eşitilmay qöydi. Yölda suvga qarmoq taşlab ötirgan odamga duç keldi.

– Ilinyaptimi? – deb söradi u baliqçi yoniga kelib.

– Özi hozir taşladim qarmoqni, – deb beparvo, biroz ensa qotirib javob berdi baliqçi.

– Baliq bormikan özi bu anhorda?

– E, nega bölmaskan, şunaqa zörlari borki! Qunduzlar, ilonlar ham yaşaydi.

– Yaqin-atrofda turasiz, şekilli?

– Şu yerlarda. Bahor, yozda şu atrofda. Sovuq tuşsa, “dom”larning yertölasiga köçaman.

– Nima, muqim yaşaydigan uyingiz yöqmi hali?

– Yöq, aniqroği, endi yöq.

– Nega? Nima böldi özi?

– Sizga nima? Yölingizdan qolmasangiz-çi!

– Töğri, menga nima? Şunçaki, gap yöğida gap-da buyam… Qiziq, körinişingizdan köçada yaşaydiganlarga öxşamaysiz. Ular badböy, kir-çir, piyonista, dunyodan umidini uzgan bölişadi.

Baliqçi samimiy kulib Ramizga qarab qöydi. Şunda bu odamning qavat-qavat ajinlari, qalin qoşlari ostidan közlari aql bilan yonib turgani körindi.

– Odamzod farovonlikning qaysidir nuqtasidan turib, har doim kunim şunday ötadi, deb öylaydi. Men ham şularning biriman-da, nima qilay? Hozirgi turmuşim bir vaqtlar yetti uxlab tuşimga kirmagan. Ammo nolimayman. Bitta odamga kerak hamma narsam bor: uxlaşga joy, yeyişga ovqat, nafas olişga toza havo, erk, xotirjamlik! Vaqt ötgaç, manaman deganlarining ham nomi yöq bölib ketadiganlarmiz. Nimasiga kuyasan dunyoning, töğrimi?

U yelkalari silkinib-silkinib kuldi. Şunda oğzida qolgan sanoqli sarğiş tişlari körindi. Ramiz jirkandi. Suhbatdan keyin undan uzoqlaşarkan, ortidan huştak ovozini eşitdi. Baliqçi qarmoqqa ilingan, kattaligi bilakdek keladigan baliqni baland kötarib:

– Köryapsizmi, bu yerda baliq bor! – dedi.

Baliq baquvvat panjadan çiqişga urinib, jonholatda tipirçilar, baliqçi esa butun dunyoning egasiga aylanib qolgandek xursand, çin dildan quvonayotgan edi. Ortiq Ramizga baliqçining ahvoli ham, tişsiz oğzini katta oçib kulişi ham ayançli körinmasdi.

* * *

Markaziy köçalardan birida yölçiroq işlamayotgandi. Uning qizil çiroği piyodalar uçun yoniq holda qotib qolgan, betoqat bölayotgan odamlarning ustidan kulayotgandek taassurot uyğotar edi. Maşinalar odamlarga ötib oliş uçun yöl bermay, ön daqiqadan beri köchaning narigi tarafiga ötolmayotgan Ramiz asabiylaşa boşladi. Qarama-qarşi tarafdan odamlar yölga qaray-qaray ehtiyotkorlik bilan kela boşlaganini körgaç, beixtiyor özi ham taraddudlandi. Şu payt kutilmaganda biroz oldinda turgan ayolning qölidan beş-olti yoşlardagi öğil bola yulqinib çiqib oldinga yugurib ketdi. Ayol çinqirib yubordi. Çap tarafdan katta tezlikda maşinalar yaqinlaşib kelar, bolakay esa mutlaqo heç nimaga qaramay sakrab-sakrab yugurib ketayotgan edi. Ramiz oniy lahzada yaqinlaşib kelayotgan xavfni sezdi va bolaning ortidan otildi. U maşinalar, odamlar, hatto özini ham batamom unutgandi. Ramiz oldinda yugurib ketayotgan bolanigina körardi. Hamma narsa xuddi azaliy takrorlanuvçi tuşidagidek edi, ammo muhim bitta farqi bor edi, bu – obyektning aniqligi. Bolaning ortidan yugurgan qisqa vaqt uzoq yillar davom etgandek tuyildi unga. Yetib borgaç, uni şartta kötarib olib, mahkam bağriga bosdi. Şu payt ularning şundoqqina yonidan maşina signal çalgança tezlikda ötib ketdi. Bola nima bölayotganini anglamay, begona odamning bağridan çiqiş uçun tipirçilar, nimalardir deb ğingşir edi. Ramiz uni quçoqlagança tuşida yaşayotganday edi. Boyagi ayol ham uning ortidan yetib kelib qayta-qayta rahmat aytdi. Körinişidan qörqib ketgani yaqqol sezilib turar, bolani Ramizning qölidan öz bağriga tortib olişga urinar edi. Ramiz esa karaxt ahvolda uning sözlarini eşitmasdi. Ayol bir amallab undan bolani olgaç, Ramiz böşab qolgan qaltiroq qöllariga qarab tuş va huş örtasida haydovçilarning signali va sökişlariga nişon bölib turib qoldi.

* * *

“Uka, heç nimani his etmay yotiş qanday ekan? Na issiqni bilasan, na sovuqni. Ustingni qora tuproq yopganmi yo yumşoq körpa, farqi yöq. Demak, mana şunday-mana şunday qilib göringni qöllarim bilan silab erkalasam ham sezmaysan, töğrimi? Soçlaringni silab xuddi xörozning tojidek tikka-tikka qilib qöyganlarim esimga tuşdi. Körinişing juda kulgili edi. Hozir ham özimni kulgidan töxtatolmayman, sen menga qöşilib özingning ustingdan qotib, miriqib kularding…

Qöy, indama, şunday kulib-kulib yiğlab olay. Yiğlab-yiğlab içimni böşatay. Akang şunçalik tölib ketganki, ukam, içiga havo ham kirmayapti. Bugun birovga sira aytmagan gaplarimni senga tökib solmoqçiman. Zora, şu bilan yengil tortsam. Eşitasan-a? Sen tuğilganda kiçkina bola bölganman, lekin bari esimda. Bahor edi. Yomğirlar mavsumi boşlangan, heç tinay demas edi. Ayam tuğuruqdan çiqar kuni dadamga, men ham boraman, deb turib olganman. Dadam esa: “Endi katta bola bölding, akalar ukasini kutib uyda ötiradi”, – degandi. Sizlarni köçaga çiqib kutib turganman. Köchaning muyulişidan dadamning moşinasi körinişi bilan uyga kirib hammani ogohlantirganman: “Ukam kelyapti, he-e-ey, çiqinglar, ukam kelyapti!” Ayamning qölida oppoq matolarga öralgan seni körib “Menga bering!” deb kötarmoqçi bölganman. Tabiiyki, joniqqan akangga işonmay seni kötarişga berişmagan. Keyinçalik mitti odamçani körib qöl tekizişgayam qörqqanman. Aniq eslayman, sen oppoq, jikkakkina, soç-u qoşsiz eding, uzun-uzun kipriklaring esa yaqqol közga taşlanib turardi.

Lablaring börtib turar, nuqul tamşanarding, uzoq uxlarding. Barmoqlaring jajji edi, odamning şunçalik kiçkina bölişi mumkinligi tasavvurimga siğmasdi. Göyo uşlasam, ziyon yetadigandek tuyilardi. Sen juda çiroyli bola bölgansan. Soçlaring tillarang, özing oppoqqina, oğzingdan suving oqib yurar edi. Tinmasding, bir soniya bir joyda tek turmasding. Men sening orqangdan yugurib çarçardim. Öşa kuniyam… Ha, öşa kun! Nega mendan qoçganding özi? Nega quvdim seni? Öyinmidi yo nimanidir bölişolmadikmi? Esimda yöq. Hammasi juda tez sodir bölgan, dastlab anglolmay qolganman. Yodimda qolgani, mendan qoçib öqdek otilib darvozadan çiqding, osmondan tuşgandek paydo bölgan oq moşina, signal, tormozning çiyillaşi, itning hurgani, qon va darvozadan çiqişga ulgurmay qolgan men! Tamom.

Avvaliga nima bölganini körişga ulgurmagan bölsam, keyin oqibatiga qarolmadim. Közlarimni kaftlarimga yaşirdim. Qoning bilan böyalgan asfalt, bir çetda yotgan pajmurda tanangga qarolmasdim. Bir lahzada uyda qiyomat boşlandi. Dahşat! Öşa yerda meni heç kim körmadi, söramadi, ayblamadi, ammo men ham bor edim! Bor edim! Öşandan boşlangan ekan köz yumib yaşaş, qoçiş, göyo tuyaquş boşini qumga tiqib omonlik istagandek. Janozada ham qabring boşiga kelolmadim. Sönggi makoningga dadam qöygan ekan. Men kelolmadim, ukam, keçir! Qarolmasdim qabringga. Irodam yetmasdi. Öşanda yoş bola edim, töğri, lekin undan keyin ulğaygaç ham haqiqatga tik qaraş, tan olişdan qoçib yaşabman. Ortga qaraşdan juda-juda qörqib yaşabman, ukam. U yerda serkiprik çiroyli közlaringni maʼsumlik bilan tikib: “Meni nima qilib qöydingiz, aka?” – degandek qarab turgan sen bor eding, ukam! Sen! Akangning mana şu köksiga ursa, böm-böş idişdan çiqadigan tovuş çiqadi, gup-gup-gup… Men aybdorman. Seni ölimgaça quvib bordim. Şu xotira yuki bilan yaşaş akangga qançalik oğir ekanini bilsayding, ukam. Özimning aybdorligimni bilib yaşaşda davom etiş uçun qança kuç sarflayotganimni bilsayding. Axir, men bunday bölişini istamagandim-ku…

Gohi sen qanday yigit bölişing mumkinligi haqida öylayman. Sen tirik bölganingda, qanday yaxşi bölardi-ya! Ota-onamiz yolğiz bolam deya bor umidini menga boğlamagan, özim ham bu masʼuliyat bosimidan qiynalib yaşamagan bölarmidim. Tom maʼnoda ozod yaşarmidim, bilmadim. Balki, bir kam dunyoda bitta muammoni özim uçun yaratib olib, u bilan andarmon umr ötkazardim. Bilmadim, har holda, hamma narsaga çora bor. Ölimdan boşqa! Seni soğindim, eşityapsanmi? Judayam. Bolaligimni, öşa taşvişsiz yugurib yurgan hovlimizni, tiniq, toza ruhli Ramizni soğinganman. Odam uçun bu dunyoda ölimdan keyin hamma narsa tugaydi. Menda esa sendan keyin tugagandek tuyiladi”.

* * *

Uyga kutilmaganda kirib kelgan Ramizni eşik ostonasida körgan onasi hayratda qoldi. Öğlini ğalati, yuzida heç bir ifodasiz, közlari şişib ketgan holda körib hayratiga qörquv qöşildi va nimadir tikib ötirgan örnidan turolmadi.

– Iii, ulim, özingmisan?

Ramiz jilmayişga urindi: “Özim”. U töğri kelib onasining tizzasiga boş qöyib, qöllarini boriça oçib quçoqladi.

– Nima böldi senga? Biron joying oğriyaptimi?

Ramiz past, allaqanday mungli ovozda:

– Yöq, aya. Hammasi joyida… Endi yaxşiman. Sizga bir narsani aytib berişim kerak… – dedi.

Mohira EŞPÖLATOVA

 

1995-yili Navoiy viloyatida tuğilgan.

Mirzo Uluğbek nomidagi Özbekiston Milliy universiteti magistranti.

“Olov raqsi” (2023), “Qirq birinçi kun” (2024) nomli hikoyalar töplami naşr etilgan. Zomin seminari iştirokçisi (2022), “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti sohibasi (2024).

2025/3

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (258)

Suv. Hikoya

– Öz oyoği bilan jildirabgina kelmagan suv suvlik qiladimi?! Ketaman bu Cahroyi kabirdan… ketama-an-n! Dilşod şunday deya örnidan sapçib turdi-yu, derazadan taşqariga termildi. U avval hovlisidagi qovjirab qolgan…

“Eynşteyn jumboği”

Dekabrning asov şamoli tun bağrida özini har yonga urib, böriday uvillaydi. Uylar ham sovuqdan junjikkanday bağridagi çiroqlarini öçirib, şamolga jör bölib, qoranği tun vajohatini yanada orttiradi. Biroq şu imoratlar…

Uluğbek Hamdam. Yöl (falsafiy roman

Men bir ojiz tomçiman, ammo yuragimda ummon soğinçi yaşaydi. Mavlono Rumiy TUŞDAN OLDINGI VOQEA Ovoz keldi! Ovo-o-oz!.. Eşityapsizmi, ğoyibdan bir ovoz keldi! Dunyolarni töldirib emas, yöq, balki yöl kabi uzun, yöl kabi…