Qo‘l

1
129
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

Salom tegirmonchi qo‘lni hammadan oldin payqadi. Agar uning oilasi jo‘jabirday jon, ustiga ustak, oz-moz xasisligi bo‘lmaganda, har bir tiyinni xuddi jonini olishayotganday baxillik bilan ishlatmaganda, ehtimol, qo‘lni sezmagan ham bo‘lardi: lekin uning oilasi katta bo‘lib, tegirmondan tushgani oila boqishga yetmagani uchun otasidan qolgan kasbni ham qilardi: u bola-chaqasi bilan tandir yasab sotar, shu sababli uni goh “Salom tegirmonchi”, goh “Salom tandirchi” deb chaqirishardi. Ba’zi tersotaliklar “Salomboyni bitta laqab bilan chaqiraylik, odam chalg‘ib ketayapti!” deganda Panji muallim “Ikkala laqab ham bir-biriga bog‘liq, tegirmon aylanib tursa, tandirdan non uziladi, un bo‘lmasa, tandirni kim oladi?!” degan ekan.

Ana shu ikki laqabli Salom bir kuni do‘ppisini olib, bundoq xomcho‘t qilsa, keyingi haftada uyida oziq-ovqatga odatdagi haftalardan ko‘proq xarajat qilinganday tuyuldi. Xaltadagi un ham oldingi oyga qaraganda ancha oldin bo‘shadi. Yog‘, piyoz, kartoshka ham mo‘ljaldan oldin tugab qoldi. Bundan tashqari, u bolalarining qorni to‘ymay qolayotganini sezardi: ovqatdan so‘ng yana non va shakarga ruju qo‘ya boshlashdi. Shunda buning sababini aniqlashga kirishdi. Xotini yeguliklarni hamishagidan kam miqdorda qilmayotganini aytdi. Balkim bolalari katta bo‘lib qolib, oshqozonlari ko‘proq ovqat talab qilayotgandir? Balkim birontasi boshqalarining haqini ham bildirmasdan ikki hissa paqqos tushirayotgandir? Ana shu shubhada tandirchi ovqat mahali oiladagi har bir og‘izni birma-bir kuzata boshladi. Bolalari ham keyingi paytda qorinlari ovqatga to‘ymayotgani uchunmi, oldiga qo‘yilgan taomdan bosh ko‘tarmay paqqos tushirishga o‘tishgandi.

Tandirchi kuzata turib, ko‘zlariga ishonmadi – oilada oltita jon, ammo ovqatda yettinchi qo‘l ham bor edi – anovilar to‘ng‘ich, o‘rtancha bolalarining qo‘llari, bunisi xotininiki, kenja o‘g‘linikini hali qo‘l ham deb bo‘lmaydi – katta qoshiqqa o‘xshaydi. Lekin anovi qo‘l kimniki? U birdan hushyor tortdi: ko‘zlarini yumib-ochdi. Nazarida bolalarining va ayolining qo‘lidan tashqari yana bir begona qo‘l ovqatga sherik bo‘layotgan edi. U qo‘lni aniq ko‘rib turardi: eng qizig‘i, qo‘l bor edi, ammo egasi ko‘rinmasdi. Qo‘l ham ovqat olayotganda paydo bo‘lib, keyin g‘oyib bo‘lardi. Salom tandirchi qo‘lni ko‘rgach, dastlab, aqldan ozmayapmanmi, deb o‘yladi. Ammo boshqa kunlari ham u xotinining, o‘zining qo‘liga o‘xshamaydigan begona qo‘lni aniq ko‘rdi. Qo‘l bolalari bilan qo‘shilib, kaftini to‘ldirib ovqat olar, bo‘g‘iz barobar ko‘tarilganda taom xuddi havoga singib ketgandek g‘oyib bo‘lardi. Ovqat bilan ovora bo‘lgan na bolalari, na xotini buni sezardi. Dastlab tandirchi bu shubhasini oshkor qilib, bola-chaqasi oldida kulgiga qolgisi kelmadi. U bir necha kun obdon kuzatdi. Yo‘q. Begona qo‘l rostdan ham mavjud edi. Ular bilan qo‘shilib ovqat yer, sindirilgan nonni olar, go‘shtga sherik bo‘lar, hatto mevalardan ham tatib ko‘rar, dasturxonda yegulik qolmasa, g‘oyib bo‘lardi. Salom tandirchi mening ko‘zimga ko‘rinayapti deb o‘ylab, xotiniga bildirmay o‘zini mulla Abzalga o‘qitib ham keldi. Ammo o‘qish ta’sir qilmadi: qo‘l baribir unga xuddi ko‘zga chiqqan chipqondek ko‘rinaverdi. Salom tandirchi bir kuni axiyri jazm qildi: u payt poylab turib, bolalarining qo‘llari orasida turgan, qovoq mantidan olib havo barobar ko‘tarilayotgan qo‘lni shartta ushlab oldi.

– Bu kimning qo‘li? – deb so‘radi u qo‘rquv va hayajon bilan.

Uy sohibining qahrli ovozidan hamma bir sapchib tushdi va shoshib o‘z qo‘llariga, keyin, hech narsa tushunmay, ovoz egasiga qarashdi va otalari ushlab turgan qo‘lga ko‘zlari tushdi.

Tandirchi uzun, nozik, ayni paytda shapoloqday qo‘lni ushlab turar, loy qoriyverib, muskullari pishib ketgan baquvvat panjalar orasida qo‘l xuddi qamchi kabi  bilonglardi.

Ana shunda butun oila egasi yo‘q qo‘lni ko‘rdi va qo‘rqqanlaridan baqirib yuborishdi. Salom tandirchi ichida yengil tortdi: demak, qo‘l hammaga ko‘rinayapti, gap o‘zida emas. Qo‘lning bilakdan pasti ko‘rinib turar, go‘yo kesib tashlangan qo‘lga o‘xshardi. Ammo qo‘l kesilgan emasdi, shunchaki tirsakdan naryog‘i havoda ko‘rinmay turardi. Egasi esa umuman ko‘rinmasdi. Bu hol avval bolalarni vahimaga soldi: kenja o‘g‘il bir o‘zining qo‘liga, bir egasiz qo‘lga qarab turib, yig‘lab yubordi: u yaqinlaridan birining qo‘li uzilib tushgan degan xayolga bordi, chog‘i. Xotinining esa tili kalimaga kelmasdi. Hamma dasturxondan u-bu yegulik olib, ko‘tarilayotgan qo‘lga vahima va qo‘rquv bilan tikilib turardi. Salom tandirchining umri og‘ir mehnatda o‘tgani bois ziqna bo‘lsa ham jasur odam edi. U bu yerda qo‘rqadigan sir yoki biron vahima ko‘rmadi: qo‘lni ushlab oldi-da, loyni yerga urib pishitadigan muskuldor qo‘li bilan qattiq qisdi. Qo‘l ilojsiz bilongladi, so‘ng bu baquvvat panjalarga kuchi yetmasligini angladi, chamasi, xuddi erib ketgandek havoda g‘oyib bo‘ldi. Hamma og‘zi ochilgancha qoldi. Salom shu bilan qo‘ldan qutuldim deb o‘ylagandi. Ammo kechki ovqatda qo‘l yana paydo bo‘ldi: xuddi hech narsa bo‘lmagandek, boshqa qo‘llar bilan taomga uzaldi. U ovqatni olar, bo‘g‘iz barobar ko‘tarar, xuddi ko‘zga ko‘rinmas yuhodek havoning o‘zidayoq ovqat g‘oyib bo‘lar, keyin qo‘l pastga tushib, yana taomga uzalardi.

Butun oila endi ovqatlariga begona qo‘l sherik bo‘layotganiga guvoh bo‘lib turardi. Salom bir necha marta begona qo‘lni ushlab oldi, uni jazolash uchun har xil usullarni sinab ko‘rdi: bir qo‘lida ushlagancha ikkinchi qo‘li bilan musht qilib tugganda yoki oldindan yoniga keltirib qo‘ygan bolta, pichoq, qamchiga qo‘l uzalganda yoxud yonib turgan pechkaning ichiga tiqmoqchi bo‘lganda qo‘l o‘z-o‘zidan g‘oyib bo‘lar, keyingi ovqat payti esa hech narsa ko‘rmaganday yana dasturxonda paydo bo‘lardi. U bilan kurashishning natijasi shu bo‘ldiki, qo‘l tezda oila a’zolaridan biriga aylandi: endi hatto kenja o‘g‘il ham uni ko‘rsa vahimaga tushmas, aksincha, qo‘lni hammaga ko‘rsatib, uning harakatlaridan qiqirlab kular, qo‘l esa o‘zini mehribon ko‘rsatib, ba’zida bolalarning boshini mehr bilan silab qolardi: bolalar ham asta-sekin uning boshlarini silashlariga o‘rganib borayotgan edi. Uning yebto‘ymasligi, bir o‘zi uch kishining ovqatni yeyotganini, oilaning moliyasiga, tirikchilikning yo‘rig‘iga zarar yetkazayotganini aytmasa, u beozor qo‘l edi.

U sal bo‘lmasa, begonalar oldida ham o‘zini fosh qilib qo‘yayozdi: hamisha bir yangilik qilib, o‘zining mahalla raisligini eslatib turadigan Azim oqsoqol ota-ona bolalarga dars qilishga qanday sharoit yaratganini tekshirish uchun mahalla nomidan keldi-da, oshxonani hisobga olmasa, ham yotoq, ham mehmonxona, ham darsxona, ham bolalar xonasi vazifasini o‘tayotgan ikki xonaning birida sandalga oyoqlarini tiqqancha kitobdan bosh ko‘tarmay o‘tirgan (mahalla raisi kelishini boshqa xonadonlardan eshitishgani uchun darsliklar va daftarlar bir haftadan beri sandal ustidan olinmas, hammasi maktab va mahalla hamkorligi talab­lariga moslashtirilib, taxt qilib qo‘yilgan, tandirchi ham go‘yo har kuni bolalar shunday sergo‘sht taom yeyishayotganday qassobdan sersuyak bo‘lsa ham go‘sht olib, tushdan so‘ng pilik-pirmosga osdirib qo‘ygan, darvoza taqillab, Bo‘ynoq hurishi bilan hammasi oldindan kelishilgandek sandal atrofiga kelib o‘tirilgandi) bolalarga ko‘zi tushib, qoniqish hosil qilgan bo‘ldi va odatiga ko‘ra dars qilinayotgan xonani birrov ko‘zdan kechirdi-da, tandirchining “Bir piyola choy ichib keting” degan taklifiga “odamgarchilik yuzasidan” yo‘q demadi. Uy bekasi yagona suyakni birato‘la suzib kela qoldi. Go‘sht hil-hil pishgan ekan. Azim rais ortiqcha manziratni kutmasdan ovqatga qo‘l cho‘zdi: tandirchi go‘sht qozondan endi olingani, shuning uchun sal sovitib yeyilsa mazasi boshqacha bo‘lishi haqida ogohlantirishga ham ulgurmadi – rais katta suyakni ikki qo‘llab olib, tishini botirdi – o‘qib yurgan yillarida besh yil yotoqxonada yashagan, shuning uchun har qanday taomni ko‘z ochib-yumguncha oshqozoniga joylashning xo‘b hadisini olgan, bu odatning afzalligini bilgani uchun haligacha tark etgisi kelmas, mahallaga rais qilib saylangach esa, bu qobiliyatining yangi qirralarini namoyon bo‘la boshlagan edi. Salom tandirchi uning go‘sht yeyishiga qarab, labini yalab turganda, lip etib paydo bo‘lgan qo‘lni ko‘rdi va aytadigan gapi esidan chiqib, birpas esankirab qoldi. Yaramas qo‘l hechqursa mehmonlar bor payti istihola qilsa kerak deb o‘ylagandi: yo‘q, unga, aftidan, mehmonmi, boshqasimi, farqi yo‘q edi, dasturxon yozilishi bilan o‘zining ulushini undirish uchun shiraga aylangan pashshaday paydo bo‘lardi. Qo‘l Azim raisning bolalarga shapoloq tushiraverib, yildan yilga kattalashib ketgan yirik panjalari orasida turgan ilik tomon intildi. Qo‘l toki yetib borguncha ilikning to‘piqlari katta tishlar orasida so‘rila boshladi. Bu kutilmagan chaqqonlikdan qo‘l ham birpas havoda muallaq turib qoldi: u o‘zidan ham abjir qo‘l, toshni ham hazm qilib yuboradigan oshqozon borligidan ajablanib, havoda garangsib turib qolgandi. Tandirchi paytdan foydalanib qo‘lni ushlab oldi-da, tagiga bosib o‘tirib oldi: ammo qo‘lni tagida ushlab turolmadi – u tandirchining tagida havoga aylanib, g‘oyib bo‘lib, yana dasturxon boshida paydo bo‘ldi. Bu orada rais kosadagi sho‘rvani ham ko‘tarasiga ichib, bo‘shatib ulgurgan, endi huzur qilib, ko‘zini dasturxondan uzmagan holatda qo‘lini bir-biriga ishqab turardi. Yaxshiyam, ikki ko‘zi dasturxonda bo‘lgani uchun boshida osilib turgan qo‘lni ko‘rmadi.

– Ha, mayli, – dedi nihoyat Azim rais dasturxonda yeyishi mumkin bo‘lgan boshqa tansiqroq narsaga ko‘zi tushmagach, – endi bizga ruxsat.

Keyin har doimgiday nasihatgo‘ylik qilishni esdan chiqarmadi:

– Bolalarni hamisha shunday taomlar bilan ovqatlantiring, iligi to‘q, miyasi to‘liq bo‘ladi. Miyasi to‘liq bo‘lsa, maktabda yaxshi o‘qiydi, maktabda yaxshi o‘qisa, oliy o‘quv yurtlariga kirib, mahallaning obro‘sini oshiradi.

Tandirchi soxta jilmayib, bosh irg‘agan bo‘ldi, ammo ichida zil ketdi: u rais paqqos tushirgan kattagina ustixonni ham mehmon, ham butun oila uchun mo‘ljallab turgandi. Endi esa dasturxonda to‘pig‘igacha so‘rib tashlangan ilik kiyimi shir yechib olingan yalong‘och boladay bo‘lib yotar, hatto kekirdak joyi ham chaynab tashlangandi. Har qalay, chuldirak bo‘lsayam sho‘rvasi qoldi-ku, shunisiga ham shukr, deb o‘yladi tandirchi.

Azim rais yuziga fotiha qilgan bo‘ldi-da, o‘rnidan turib, narigi xonada dars qilayotgan bolalarga yana bir ko‘z tashladi. Keyin mamnun jilmaydi.

– Mayli, dars qilaverishsin, xalaqit bermay chiqib ketaman.

Tandirchining baxtiga rais dasturxonga qaramasdan chiqib keta boshladi: agar qaraganda “Bu ochofatdan biron yegulik qolganmikin?” degan umidda dasturxon ustida timirskilanayotgan egasiz qo‘lni ko‘rishi mumkin edi.

Shundan so‘ng tandirchi uyiga mehmon ham aytmaydigan bo‘ldi: u qo‘ldan tashvishda edi. Agar birontasi ko‘rib qolsa, qishloqda qancha gap-so‘z paydo bo‘lishini tasavvur ham qilolmasdi: hamma tandirchining uyidan jin chiqqanday o‘zini olib qochadi, yana qancha g‘iybatlar ko‘payadi, yana qancha malomatlar yog‘iladi.

Tandirchi bolalariga ham, xotiniga ham qo‘l haqida birovga g‘ing demaslikni tayinladi: eshitgan odam tandirchining xonadoni ustidan ketini ushlab kulishlari aniq edi. Qolaversa, qo‘l qanday paydo bo‘lgan bo‘lsa, shunday g‘oyib bo‘lar, degan umid ham yo‘q emasdi. Biroq oradan ikki hafta o‘tsa ham qo‘l g‘oyib bo‘lmadi: u o‘rtaga taomga uzalgan oltita qo‘lning yettinchisi bo‘lib, xuddi o‘z uyida taomlanayotganday g‘o­­yibdagi qorniga ovqatni paqqos tashlayverardi, “tushirardi” emas, aynan tashlardi: qo‘l panjalari yoki kaftini to‘ldirib olgan taom bir odamning og‘zi barobar ko‘tarilardi-da, xuddi yutib yuborilgandek g‘oyib bo‘lardi. Ba’zida tandirchi g‘ira-shira, xuddi xira tumandek bijirlab turgan bahaybat, meshday qorinni ko‘rib qolgandek bo‘lar, “Bu qorinni to‘ydurguncha, men adoi tamom bo‘laman-ku” degan vahima bosardi. Qo‘lning paydo bo‘lishi oilaviy xarajatlarni bir hissaga ko‘paytirgan bo‘lsa-da, biroq tandirchining sabr qilishdan boshqa iloji yo‘q edi. Aslini olganda, u bu baloni birovga qanday gapirib berishni bilmasdi: tabiiyki, eshitgan har bir odam tandirchining sog‘ligiga shubha bilan qaray boshlaydi.

Tandirchi qo‘l bilan kurashib oxiri charchadi. Endi u birinchi marta bo‘lganidek qo‘lni ushlab, jazolashga urinmasdi, zero, buning foydasi yo‘qligini ham bilardi.

Salom tandirchi va xotini bu ins-jinslarning ishi deb, uyda qilmagan irim-sirimi qolmadi. Xotini folbinni ham, qo‘shnochni ham, avval isitib, keyin sovituvchini ham yoki soviganni isituvchini ham boshlab kelishdi.

Folbin keksa ayol edi: u shapko‘r bo‘lsa ham o‘rtaga tashlangan qand-qurslarni mazza qilib terayotgan panjalarni ko‘rib qoldi va qo‘lga xuddi tanishini ko‘rganday bir zum ajablanmasdan qarab turdi-da, “Yo piray, bu otangning qo‘li-ku!” deb yubordi to‘satdan. Avvaliga er-xotin sirlari fosh bo‘lganidan dovdirab qolishdi, keyin, bu esi kirdi-chiqdi bo‘lib qolgan kampirning gapiga baribir hech kim ishonmaydi, degan o‘yda unga qo‘l haqidagi bor gapni aytib berishdi. Folbin tezda xo‘roz so‘yib, mushkulkushod qilishni, yettita kampirni chaqirib, is chiqarishni maslahat berdi. “Bu aniq otangning qo‘li. Arvohi chirqillab qolibdi. Ochga o‘xshaydi. Is chiqarsang, kelmay qoladi!” dedi. Salom tandirchi kampirga otasining chap qo‘l o‘rta barmog‘ining yarmi bo‘lmaganini, yoshligida o‘roq yulib ketganini, bu qo‘lning o‘rta barmog‘i esa boshqa barmoqlardan bir en uzun bo‘lib, ko‘zga xunuk ko‘rinib chiqib turganini aytib o‘tirmadi: otasining qo‘li bo‘lmasa, biron avlod-­ajdodining qo‘lidir, hozir buning nima farqi bor?! Tegirmonchi otasining qo‘lini kampir qanday taniganini surishtirib o‘tirmadi, kampir aytgan irimni ham qilib ko‘rishga qaror qildi. Bir oyog‘i go‘rda turgan yettita kampir, ularni yetaklab kelgan yana yettita kelinchak, is chiqishini eshitib, bexabar qolishsa, xafa bo‘lishini hisobga olib qo‘shimcha chaqirilgan o‘ntacha xotin-xalaj, jami o‘ttizga yaqin ayolning is kuni yeb-ichgani tandirchining yarim yillik asrab-avaylaganini havoga uchirdi. Kampirlarning nafasi ham, ularning qo‘lidagi yonayotgan paxta ham surbet qo‘lni cho‘chita olmadi, lekin kampirlar yoqqan paxtalarni deb uyi sal bo‘lmasa yonib ketayozdi – olov pardaga tutashganda tandirchi kirib qoldi va pardani uzib olib, oshxonadagi suv to‘la paqirga tiqdi, oqibatda is chiqarishning asorati bo‘lib, uy devorining yarmi qorayib qoldi.

Shundan so‘ng ma’lum bo‘ldiki, qo‘lning arvohlarga aloqasi yo‘q, u boshqa bir narsaning alomati edi: unga hech narsa, hatto bodi qo‘zib, o‘rnidan turolmay yotgan Mulla Ablazning bir kosa suv orqali yuborgan duoyu nafasi – “dam”i ham kor qilmadi, zero, bu qo‘l g‘oyibning hukmiga o‘xshar, xuddi tandirchining oilaviy tutumini, barakasini yo‘qqa chiqarish, uni kafangado qilish uchun ro‘zg‘origa qarg‘ishdek kirib kelgandi.

Salom bu tang vaziyatdan qanday chiqib ketishni bilmasdi: qo‘lni har ko‘rganda bu balo o‘ziga qayerdan yopishgani, xudoga yoqmaydigan nima gunoh qilgani haqida og‘ir o‘yga cho‘mar, butun umrini taftish qilar, keyin bir paytlar otasiga qattiq gapirib, cho‘lga ketib qolganini, o‘zining aybini tushunib qaytib kelganda otasi bu dunyo bilan xayr-xo‘sh qilib bo‘lganini, otasining ko‘nglini olish qiyomatga qolganini esladi. Balkim, aynan shuning uchun xudo unga mana shunday jazo jo‘natgandir? Ammo tandirchi ichidagini tashiga chiqarolmas, zero, otasi haqidagi xotirani o‘zidan va otasidan boshqa hech kim bilmasdi: tandirchi o‘z yog‘iga o‘zi qovrilib yotardi.

Oradan ikki oy o‘tib, bo‘shab qolgan unxaltayu yog‘ idishlarni ko‘rgach, tandirchining sabri chidamadi. “Bu qanday adolatsizlik! – deb o‘yladi u jahl bilan. – Men bolalarim bilan kun uzog‘i loy tepib, bir tishlam nonni zo‘rg‘a topsam-da, bir tekinxo‘r teng sherik bo‘lib o‘tirsa…” Oxiri u  kirib kelgan to‘ng‘iz yilining xosiyatsizligi  haqida bashorat qilib, Rajab cho‘ponning ola qo‘zisi junida “Alloh” degan yozuv alomatini anglagan mulla Keldiyorga bor gapni aytadigan bo‘ldi.

Nazar ESHONQUL

1962 yili tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan.

Ilk asari – “Urush odamlariqissasidan (1989) so‘ng, “Momoqo‘shiq” (1991), “Yalpiz hidi” (1996), “Ufq ortidagi quyosh”, “Maymun etaklagan odam” (2004), “Shamolni tutib bo‘lmaydi” (2005),  “Shaftoli guli” (2011) kabi kitoblari nashr qilingan.

 

Davomini jurnalimizda o‘qiysiz

 

1 mulohaza

  1. Xikoya professional darajada yozilgan. Nazar aka mulla Keldiyorovning duoxonligiyu Xurshid akaning kelishgan chehrasi ham yo‘qota olmaydi u qo‘lni. Bu kulfatning yagona kushandasi keng qamrovli savodxonlikdir. Savodxonlik yo‘qoltilib loqaydlik boshlangan muhitda u kulfatning o‘ta o‘tkazgichiga aylanib oladi va o‘zi istaganidek erkin harakat qiladi. Agar qo‘lni harakatga keltiruvchi kuch markaziy xarakterga ega bo‘lib chiqsa ish yanada murakkablashadi. Aytaylik bir qop un sotib oldingiz toroziga qo‘ysangiz 45 kg chiqib turibdi. Siz esa 50 kg ga haq to‘lashga maxkumsiz…. 24 asr avval Aristotel unga ekspulatatsiya qiluvchi qo‘l deb ta’rif bergan. Bu sohibi ko‘rinmas ko‘rinmas qo‘l poraga uzatilgan qo‘ldan ko‘ra xavfliroq

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.