Qo‘shni

0
26
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

Kvartiraga ertaroq keldim. Xonaga kirib, palto, so‘ng kostyum-shim, bo‘yinbog‘imni yechdim-da, uy kiyimlarimni kiyib, oshxonaga o‘tdim. Gazga tovani qo‘yib, yog‘ni qizdirib, tuxum pishirishga taraddudlanib turgandim, eshik taqilladi. Borib ochdim. Bir ayol. Egnidagi gul-gul ko‘ylagi badaniga allanechuk yopishib turibdi. Usti jiqqa ho‘l. Yuzidagi qator-qator ajin bo‘ynigacha cho‘zilgan. Ro‘molning ostidan ko‘ringan sochlari paxtani eslatib yuboradi. Quyoshda ko‘p yurganidan bo‘lsa kerak, boshidagi ro‘mol oqarinqiragan. Qo‘llari nozik va ozg‘in. Yuzi cho‘zinchoq. Iyaklari bo‘rtib chiqqan. Qulog‘ida katta zirak osilib turibdi. Ko‘zlari biroz cho‘kkan. Bug‘doyrang. Qirraburun. Lablari quruqshagan… Eshikni keng­roq ochib, salom berdim hayratimni yashirishga urinib.
– Bezovta qildim, uzr, og‘a, – dedi u ham salom berarkan, ko‘zlarini mendan olib qochib.
– Yo‘q, yo‘q. Nega, marhamat, kiring! – dedim (oxirgi so‘zim: “kiring” deganimdan o‘zim xijolat tortdim). – Nima xizmat?
– Anovi xonaga ko‘chib kelgan yangi qo‘shningizman,  – dedi u, biz turgan yerdan bir necha eshik nariroqdagi keng ochib qo‘yilgan, oqqa bo‘yalgan temir eshikka imo qilib. – Oshxonadan suv tortmay qoldi. Urindim, lekin bo‘lmadi. Santexnik chaqiray desam… – deya xijolatomuz oyog‘ining uchi bilan yer chizdi.
Men ayolga tikilib qaradim. Chamasi, u yerdan bir yarim metr balandroq edi.
– Albatta, albatta! – dedim shoshib. So‘ng “men hozir” degandek, oshxona tomon yurdim va gazni o‘chirib, eshikni qulflab, ayol bilan uning xonadoniga yurdik. Ichkariga undan so‘ng kirdim. Bir qarashda bilganim: bir xonali kvartira, oshxona bilan vannasi bor – ular yonma-yon, hojatxona vannaxonaning ichida. Bir-ikki qadam ichkari bosishim hamono issiq, dimiqqan havo bilan g‘alati hid dimog‘imga urildi: juda o‘tkir va ko‘ngilni ko‘tarar darajada – balchiq hidi! Toza havo deyarli yo‘q. Oshxonaga yetgach, bildimki, oyoq osti juda rasvo, ivirsib yotibdi. Biroq men hech narsaga e’tibor bermay ishga kirishdim. Xayriyat, tiqilib qolgan allanimalarni uy sohibasi bergan sim bilan quvurdan tezda olib tashladim. Oshxonadagi rakovina atrofi  chiqindilar bilan to‘ldi. Oyoq osti haliyam rasvoyu raddi…
– Mana, bo‘ldi! – qaddimni rostlab, ayolga qarab jilmaydim.
– Ay-y, bu ortiqcha bosh og‘rig‘i bo‘ldi-da, – ayol shoshib qoldi. – Sizga katta rahmat! – “rahmat”ni u shunday samimiyat bilan aytdiki, etim jimirlab, jarangdor ovozi qulog‘imni shirin qitiqladi.
– Arzimaydi-ye! – dedim-da, qo‘llarimni yuvish uchun vannaxonaga kirdim. Qo‘limni naridan-beri chaygan bo‘lib “Boshqa xizmat bo‘lmasa, menga ruxsat”, deya ketishga chog‘langandim, ayol bir piyola choyga taklif qildi. Oldiniga, rosti, ikkilandim, aniqrog‘i, hayratim oshdi. Har holda, begona ayol, men – kap-katta erkak, hayhotday uy, ikkimiz yolg‘iz chaqchaqlashib o‘tirsak to‘g‘ri bo‘lmas. Uy sohibasi ham buni angladi chog‘i, biroz tek turdi-da, keyin dadillashib, go‘yo ahd qilgandek taklifidan voz kechmadi. Garchi bu kutilmagan taklif bo‘lsa-da, sezardimki, o‘zim ham ich-ichimdan bu ayol bilan gurunglashishga rozi bo‘lib turgandim. Shuning uchun ichimda “Oxiri baxayr bo‘lsin-da”, deya taklifga mayl bildirdim. Yakkayu yagona xonaga kira turib oyog‘imdagi shippagimni yechishga chog‘langandim, sohiba bunga ruxsat bermadi. Xonaga kirgach, yon-atrofga ko‘z qirimni tashladim: bir xonali kvartira bo‘lsa ham, juda keng ekan – zalni eslatadi. Ammo bu yerni shinam deb bo‘lmasdi. Gilam ham yo‘q. Polning o‘zi. Faqat u-bu yerga qop yorib solingan, xolos. Qarama-qarshi qilib joylashtirilgan ikkita karavot. Narigi burchakdagi karavotning ustiga sanoqli ko‘rpa, ko‘rpacha va yostiq yig‘ib, ustiga adyol tashlangan. Devorning har-har joyida chivin-pashshalardan qolgan dog‘lar bor. Lampochkali kabel shiftdan osilib, sal qiyshayibroq qarab turibdi. Ayol lampochkani qo‘li bilan burab o‘chirish uchun o‘ziga qulay qilib, bo‘yiga moslab olgan bo‘lsa kerak. Xona o‘rtasida ikki kishilik stol-stul.
Xotin qo‘li bilan stulni ko‘rsatib, o‘zi oshxona tomon yurdi. Men daf’atan chiqarilgan hukmga bo‘ysunuvchi “mahbus”dek  ko‘rsatilgan joyga borib cho‘k tushdim. Taxtadan yasalgan kursi judayam nozik ekan, o‘tirishim bilan og‘rinib g‘ijirladi. Ortiqcha harakat qilinsa, tamom – undan ajrab qolish mumkin. Shuning uchun omonatgina, og‘irligimni oyoqlarimga tashlab o‘tirishga urindim. Stulga joylashib, yana xonaga nazar tashlarkanman, atrofim toza va ozoda ekanligiga amin bo‘lgandim.
– Siz nima ish qilasiz? – oshxona tomondan xotinning ovozi keldi.
– Arxeologman!
Nimadir deb kuldi xotin. Men uning kulganini eshitdim, xolos. “O, zo‘r-ku!” degan bo‘lsa kerak.
So‘ng yana xonadagi har bir detalga sin solib qarashni boshladim. Kirgandayoq devorda osilgan suratga e’tibor bermagan ekanman, hozir o‘sha tomonga o‘girilib, suratni tomosha qildim: unda uzun, qora sochini bitta qilib, yelkasidan tashlab olgan yosh kelinchak asosiy planda ko‘rinadi, uning kiftidan tutgan, qalin mo‘ylovli kishi – erkakning jingalak, dag‘al sochi yelkasiga tushib turibdi, sochu mo‘ylovi o‘ziga xo‘p yarashgan; ayol atlas ko‘ylakda; erkak yoqali plash kiygan; ikkovining ham lablarida tabassum; ularning o‘rtasida dumaloq yuz, qo‘ng‘ir sochli, chamasi, uch yoshlardagi qizaloq – atlas ko‘ylakchada – mayin, shirin jilmayib, momiq, do‘mboq qo‘lchalarini menga tomon qoqib turibdi.
– Arxeologman deng! – ayolning ovozi kuzatuvlarimga nuqta qo‘ydi.
– Shunday-shunday, – dedim shoshib.  
– Men esa Qo‘yliq bozorida gazsuv sotaman, aravachada.
– Gazsuv?! – hayratlanib, ovoz kelgan tomonga qaradim,  u ko‘rinmadi.
– Tirikchilik, og‘a, – dedi u. Shunda sezdimki, xotin men o‘tirgan stul oldiga deyarli kelib qolgan edi. Qo‘lida temir choynak va chetlari uchgan juft piyola. Gaz ustida ko‘p turganidan bo‘lsa kerak, choynak qoraygan. Ayol qo‘lidagilarni stol ustiga qo‘ydi va menga qarama-qarshi stulga cho‘kdi…
– Bu xonada yosh yigitlar turar edi, – deya u uzatgan piyolani oldim.
– Hmm. Bo‘lsa bordir, – dedi u beparvo. Keyin: –  Ochig‘i, bu joyni topguncha bo‘larimcha bo‘ldim, – deya tabassum qildi.  – Bu yerdan maktabga yaqin ekan. O‘g‘lim maktabni tugatsin, boshqa kvartira qidiraman. Bu yil sakkizni tamomlaydi u.
Men uning gapidan lol edim. Hayratim yuzimga tepdi, chog‘i, ayol tabassum bilan boshini sarak-sarak qilib qo‘ydi-da:
– Ko‘p qariga o‘xshatganmidingiz, a? – dedi (ammo hali ham kulib turardi).
– Ha, yo‘g‘-e, – jilmayishga urindim,  – faqat, siz…
– Yaqinda qirq ikkiga to‘laman.
– Lekin… Ochig‘i… – kalovlanib qoldim nima deyarimni bilmay.
U menga shunaqa degandek yelka qisdi. Keyin juda horib qolgandek, boshini biroz egdi va peshonasini tirishtirdi.   
– Uydan chiqib ketganimga ko‘p bo‘ldi, – ayol ko‘kragini to‘ldirib nafas olib chiqardi. Keyin allaqanday achinarli tumshayib oldi. – Turmushim ham buzilgan, – u ko‘zlarini yerga tikdi. – Xo‘jayin yana xotin olgisi kelib qoldi. Oldi ham. Shunda men ota uyimga qaytdim… – deb choynakka qattiq tikildi.
Negadir men tim tortdim. Yo‘q, yo‘q, eri bilan ajrashgani uchun emas. Shunchaki… Lekin unga ich-ichimdan taskin berishni istardim ham. Ammo tilimga biror-bir arzigulik so‘z kelmayotgan edi. Nima qilishni bilmay, timirskilandim. So‘ng xayolimga kelgan o‘y tilimga-da ko‘chdi:
– Demak, o‘g‘lingiz maktabda o‘qir ekan-da?
– Ha, halizamon keladi o‘ziyam, – deya boshini ko‘tarib menga qaradi. Men uning horib, kirtayib qolgan ko‘zlarini ko‘rdim. Ko‘z qorachiqlari negadir oqargan, ham qizarinqiragan edi. – Qizim ham bor. U qishloqda.
– Qizingiz… – deb yelka osha devordagi suratga bir qarab oldim.
– Turmushga chiqqan u, – ayol ham o‘sha rasmga termildi. – Egizak nabiralarim ham bor. Hasan-Husan!
–  Juda baxtli ekansiz.
– Bo‘lmasam-chi! Judayam baxtliman! – deya choynakni ko‘tarib, piyolamga choy quydi. “Rahmat” deganday bosh irg‘adim. So‘ng ikkimiz ham jim qoldik. Go‘yo endi gurunglashgani boshqa gap qolmagandek. Birdan ketish kerak degan fikr miyamga urildi. Ammo ayol fikrimni ko‘zimdan uqqandek so‘zlay boshladi (harqalay, ketishimni  istamayotgandi):
– Qizimni, nabiralarimni sog‘inaman, – u piyola chetini qo‘li bilan siladi, – onamniyam ko‘rmaganimga yillar bo‘pketdi. Qizim bilan-ku telefonlashib turamiz. Ammo onam… – ayol stulni orqaga surib, o‘rnidan turdi va vannaxona tomon chayqalib yurib ketdi. Sezdimki, uning ko‘zlari yoshlangan edi. Vannaxonadan xotirjam chiqib kelib, yana joyiga o‘tirdi. Ko‘zlarining ichi hali ham qontalash. Yanoqlari ham biroz qizargan. Lekin u bu odatiy holdek, gapning kelgan jo­­yidan davom eta boshladi. Men uning jarangdor ovozi ham yuzi kabi xira tortib qolganini sezdim.
– Erim bilan ajrashganimdan keyin akalarim menga qaramay qo‘ydi, – dedi u. Yelkalari ko‘tarilib tushdi. – Lekin ularni ayblash yo‘q. Bilaman, har kimning o‘z tashvishi bor, – u ma’yus jilmaydi. – Qizimni turmushga uzatgach, o‘g‘limni olib rizqimni O‘zing ber, deb shu yerlarga keldim. O‘g‘lim o‘qimishli odam bo‘lishi kerak-da… Bilaman, bilaman. Uning aqli kiryapti. Ba’zan manam siz  bilan bozorga chiqsam, ko‘proq pul topsak bo‘lmaydimi, deydi. Qo‘ymayman. Agar xo‘p desam, o‘zingiz ayting, nima bo‘ladi?! Kallasi buziladi. Pulga qiziqib ketmaydimi? Ketadi! Shunga qarshiman-da… – gapini to‘xtatib, tek qotdi. So‘ng to‘satdan she’r o‘qidi. Yoddan:
– Bu gaplar bor edi Marksdan avval,
Ya’ni, qorni ochu va qorni to‘qlar.
Mayli, yumshatayin tashbehni sal-pal,
Imkoni borlaru imkoni yo‘qlar…
– Shoir men uchun yozgandek shu she’rni… – dedi u siniq tabassum bilan. – Buni kim yozgan, bilasizmi? – ko‘zlarini qisib sinovchan tikildi, keyin yelka qisganimni ko‘rib, o‘zi javob berdi: – Abdulla Oripov. Geroy shoir! “Imkon” degan she’ri. Siqilsam, o‘qiyman, – Ayol piyolani labiga olib borib choy simirdi. – Qandaydir taskin beradi odamga. Bu kunlar ham o‘tar-da, deyman.
– O‘tmay qayerga ham borardi?! – deya unga sinchkovroq razm soldim: u hamon o‘ychan ko‘zini piyolaga tikib turardi. Bildimki, shu damda kimlardir haqida chuqur o‘yga berilgan edi. – Men ham adabiyotga qiziqaman, aqini so‘rasa­ngiz. Hatto bir nimalar qoralab yuraman.
Shunda uning menga qiya qarab, qoshini ko‘tarib qo‘yganini ko‘rdim. Keyin jo‘ngina qarab:
– Lekin hozirgi she’rning avtorini bilmadingiz! – dedi hafsalasi pir bo‘lgandek.
– Bir she’rni bilmaslik, bu adabiyotga qiziqmaslik degani emas-ku, to‘g‘rimi? Qolaversa, men nazmgamas, nasrga qiziqaman.
U kinoyali kulib qo‘ydi-da, hali ham o‘sha o‘ychanligi bilan bosh irg‘adi:
– Bu ham to‘g‘ri. Hikoyachimisiz yo roman yozasizmi?!
– Ha, yo‘g‘-a, men arxeologman. Shunchaki, o‘zimcha qog‘oz qoralayman ba’zan… Lekin she’r ham o‘qib turaman. Ammo siz o‘qigan bu she’rga negadir duch kelmabman.
– Bu yangi she’ri shoirning, o‘zimam yaqinda topib yod oldim. Yoqdi-da, yoqdi…
– Gap shunda-da, – dedim.
– O‘zi sizga aytsam, pedagogman, – dedi ayol. – Adabiyotdan maktabda dars berganman. Ey, bunga ancha bo‘ldi. Qishloqda shunday edik, – u yanada shoshib gapirardi, go‘yo to‘xtasa gapini unutib qo‘yadigandek. – To‘rtta akam bor. Bari bir stolning egasi. Oilada hammamiz oliy ma’lumotli bo‘lganmiz-da! Akalarim meni yaxshi ko‘rishardi. Yeru ko‘kka ishonishmasdi meni…
– Qanday yaxshi!
– Ha, shunday, – nazarimda, uning ovozida yig‘i bor edi. U oila mavzusidan yana adabiyotga qaytdi. – Adabiyotning bag‘ri keng. Bilsangiz, u hammaga quchoq ochadi. Faqat unga xiyonat qilmasangiz bas… Xiyonatchini xushlamaydi-da. Suyish kerak.
– Men havaskorman. Adabiyotning ichiga sho‘ng‘ish niyatimam yo‘q, – dedim biroz zarda qilib. – Agar shunday qilsam, tanlagan kasbim-chi?! Unga ham xiyonat qilgan bo‘laman, manimcha…
U kuldi. Go‘yo uning chehrasidagi kulgichlari berkinib turgandi-yu, daf’atan hozir yuzaga qalqib chiqmoqda edi. Men ayolga juda qattiq tikilib qolgan ekanman. U biroz xijolat bo‘layotganini sezdim. Keyin ko‘zimni undan olib, shiftga qaradim va chakki o‘tib, sarg‘imtur tus olganini ko‘rdim. Bu orada xotin qo‘llarini stolga tirab o‘rnidan sekin turdi-da, simli karavot qoshiga yetib, uning ostidagi ola sumkani o‘ng qo‘li bilan tortib oldi. Ochdi. Sumkadan nimadir izlashga tushdi. Qidirgan narsasini topib olgan boladek yayrab-yashnab ketdi. Keyin shaxdam qadam bosib, oldimga keldi.
– Sizga mendan sovg‘a! – deya muqovasidan gulchambar taqqan qiz jilmayib qarab turgan kitobni uzatdi. Kitobni oldim: “Shukur Xolmirzayev, O‘n sakkizga kirmagan kim bor”.
– O‘-o‘, rahmat! Yomonam xursand bo‘ldim lekin! – dedim kitobni varaqlarkanman quvonchim ichimga sig‘may (axir anchadan beri shu kitobni bir o‘qiyin, deb yurgandim-da, akasi).
– O‘qimagan bo‘lsangiz kerag-a?
– To‘g‘risi, asar haqida ko‘p eshituvdim.
– Ichida zo‘r-zo‘r hikoyalariyam bor.
– O‘qib bo‘lgach…
– Qaytarishingiz shartmas, – dedi u stulga borib o‘tirarkan.
– Aytgancha, eringizdan aliment olasizmi? – tomdan tarasha tashladim men. Kitobni stolga qo‘ya turib, hali “Erim bilan ajrashganman”, degani to‘satdan esimga kelib qoldi.
– Aliment?! – chehrasida kinoyali istehzo paydo bo‘ldi ayolning. – Hay-hay demasam, u mendan pul talab qiladi-ku!..
– Lekin siz hali voyaga yetmagan bolani tarbiya qilyapsiz, qonuniy haqingiz bor-ku!
– Bor bo‘lsa bordir. Ammo menga kerakmas uning puli! – dedi ayol tishlarining orasidan gapirib (shu asno uni o‘ljasini qizg‘ongan ona bo‘riga o‘xshatdim xayolimda).
Kitobni qayta qo‘limga olib, mundarijasini ko‘zdan kechirdim.
– Xolmirzayevning “Bodom qishda gulladi” hikoyasini o‘qiganman, – dedim gapni boshqa yoqqa burish uchun. – O‘shayam bor ekan. Zo‘r hikoya!
– O‘-o‘, uni nechchi martalab o‘qiganman, o‘zimam bilmayman, – dedi u endi o‘ziga kelib.
– Real chiqqan.
Ayolning tusi yana parishonlashdi:
– Adabiyotga xiyonat qilganman. Uni qadrlamaganman…
– Qanday xiyonat?..
Ayol lom-mim demadi, shunchaki “qo‘yavering” deganday qo‘l siltadi. Men uning yuziga tikildim. Ammo chehrasi… hech bir ma’no uqib bo‘lmasdi.
Bu xonadonga kirganimda dimog‘imga urilgan yoqimsiz hid hamon uyda kezinib yurgan esa-da, burnim moslashib qoldi, shekilli, sezilmay ketdi.
Men stuldan qo‘zg‘aldim. Yo‘lkaga yetgach, ortimga o‘girildim:
– Kitob uchun yana bir bor rahmat, – sal egilib ta’zim qilgan bo‘ldim. Keyin birdan shoshib gapirdim (go‘yo ayolni qayta ko‘rolmaydigandek edim): – Sovg‘aga kimdan ekanligini yozib bermaysizmi?!
Ayol tabassum qildi. Yashirinib olgan kulgichlari yana o‘zini namoyon etdi-yu, tezda g‘oyib bo‘ldi. Xonaga shaxdam yurib kirib, ruchka olib chiqdi. Keyin kitobni olib, tik turgancha uzoq yozdi. Men orada:
– Meni qarzdor qildingiz, – dedim jimlikni buzib. – Sovg‘a borasida deyman.
U, nihoyat, boshini ko‘tardi-da, kitobni menga uzatarkan, yayrab kuldi:
– Juda katta ish qilmadim-ku!
– Qarz qiyomatga qolmaydi! – deya kitobni havoda o‘ynatib qo‘ydim. – Albatta, qaytaraman. Tem bole, ayol kishidan qarzdor bo‘lish… jentelmenga yarashmaydi…
O‘z kvartiram sari yurdim. Koridorda keta turib, ortimdan “sharq” etgan ovozni eshitdim: qirq ikkinchi xonadon sohibasi eshigiga kalit solgandi. Xonamga kirib, oshxonaga o‘tdim – tovadagi yog‘ sovib qolibdi, ikki tuxum shu bo‘yi turibdi. “Kim ham tegardi unga”. Ko‘rpachaga o‘zimni tashladim-da, kitobni ochib, birinchi betidagi qo‘shni xotinning yozib bergan gaplarini o‘qishga tutindim: “Adabiyotni o‘yinchoq bilmang. U – abadiyatga eltuvchi yo‘l. Bir paytlar chiroyli she’rlar yozardim. O‘z yo‘limni topgandim. Keyin bir boyvachcha o‘quvchimning mukofotu mashhurlik uchun qilgan harakatlariga ko‘maklashdim. Unga qancha she’rlar yozib berdim. Pulni ayamasdi. Mendan ketguncha, egasiga yetguncha qabilidagi qoralamalarimdan u xursand bo‘lardi. O‘quvchim mukofot ham oldi, institutga kirdi, mashhur bo‘ldi… Lekin men o‘sha eski – o‘zim izlanib-izlanib topgan o‘z yo‘limni yo‘qotib qo‘ydim. Adabiyot mendan ana shunday o‘ch oldi… Agar adabiyotga qiziqsangiz, sidqidildan yozishga kirishing! Bo‘lmasa, o‘zingizni ham, boshqalarni ham aldamang! Bu kitob muallifi – adabiyotning chin fidoyisi. Fidoyilikni unutmang, deb arxeolog og‘amga Gulsara Mirzayevadan”.
Kitobni yopib, ko‘rpa chetiga qo‘ydim-da, qo‘llarimni boshim ostida chalishtirgancha yolg‘izgina chiroq osilib turgan oppoq shiftga uzoq termilib yotdim. Xayollarimning uchini topolmay chalg‘idim-chalg‘idim. Keyin bir qarorga keldim-u, “O‘t och”, komandasi berilgan askarday sakrab o‘rnimdan turib, xontaxta ustidagi tagiga allaqanday katta kitob – Stendalning “Qizil va qora”si bo‘lsa kerak – qo‘yilgan noutbukimni oldim. Kompyuterni kavlashtirib-kavlashtirib, shu paytgacha yozgan va o‘zimcha ulkan adabiy monument deya hisoblab yurgan barcha hikoyalarimni – ehtimol, hikoya so‘zini qo‘shtirnoq ichida berganim durustdir – xullas, o‘shalarning barisini o‘chirib tashladim. Nega? Bilmadim. Balki, shunchaki qiziqishgina adabiyotga daxl qilish uchun, yozuvchilik da’vosi uchun yetarli emasligini tushungandirman. Balki, adabiyot ulkan jasorat talab qilishi-yu, men bu qadar jasur emasligimni payqadimmi… Bilmadim. Ishqilib, shunaqa qilib qo‘ydim, akasi!

Shohrux SAIDOV

1991 yili tug‘ilgan.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagan.

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.