11 daqiqada öqiladi

1 331 marta körilgan

Sust xotin

Iroda Zokir

(Hikoya)

Sust xotin, suzma xotin,

Kölankasi maydon xotin!

Xalq oğzaki ijodi

 

Şamol turib, daraxt şoxlari maromsiz raqsini boşlaydi, yel dastidanmi, yoğoç darvoza ğiyqillab yopiladi. Qişloqda şivir-şivir:

– Falonçixonning qizi juda sust çiqdi-da, tunov kuni maraka qilganimizda qaraşgani kepti, voy-böö, bitta kosani yuvib joyiga qöyguniça qoş qoraydi. Oftobröyaga kölanka yoyilib, kun botdiyamki, tugatdim demaydi-ya.

– Sust çiqqani rost, teng-töşlari allaqaçon ikkinçi bolasini tetapoya qildiradi-yu, bu hali yuribdi. Sovçilarni nuqul qaytararmiş. Bilmadim, u-bu yerda kutgani bormikin yo?! Özi boşdan maʼlum edi içidan pişgani.

Yoğoç eşik yana çertiladi, bosib ötilaverib yeyilib ketgan ostonada ikki juft kavuş paydo böladi. Salom-alik, eson-omonlik, maqsad-muddao, xayr-xöş…

– Şunçasini qaytarganing yetadi. Bunisiga könasan, odamlar nima deydi?!

Qiz xörsinadi. Odamlar deyarini deb böldi, nima demagani qoldi özi? Koşki eşitmasa onasini, quloqlari çippa bitib qolsa ham mayli. Nega odam bolasi öziga berilgan hayotni jimgina yaşab ötmaydi, nuqul tandirdagi çöğday birovlarning hayotini kavlagani-kavlagan. Xuddi hovuriga özining baxti pişib qoladiganday.

– Indinga uçraşuv!

Demak, hammasi hal.

Aytilgan kuni “birov” uni belgilangan joyda kutib turgan böladi. Qiz bilgan ssenariylarda dilga tugilgan hamma niyatlar şu “birov”da jam bölişi kerak. Avvaliga ular birinçi martadayoq soatlab suhbatlaşişlari zarur, xuddi uzoq yillik tanişlarday. Axir, suhbatni ulab ketişga mavzular yetsa, bu ne muammo, hammasi mos tuşgandan keyin. Lekin uning ssenariysi boşqaça böldi. Suhbat uzoq çözilmadi. Salom-alik, hol-ahvol, xayr-xöş… Yoği töngib qolgan şörvaday sovuq va betartim hislar keyin ham iliy demaydi heç.

– Kim köngli bölib rozi bölgan ekanki, sen bölsang. Biz ham yiğlab-yiğlab tegganmiz.

Nima ham desin, qiz köndi: odamlar “sust qiz böldi” demasliklari uçun, zora, şu bilan dahanlari yopilsa.

 

Yomğir yoğdir, höl bölsin, sust xotin,

Yeri jahon köl bölsin, sust xotin.

 

– Eşitdingizmi, anavi sust qiz uzatilibdi. Odamning qanaqaligi töy-u aza kunida bilinadi deyişgani rost-da. Öşa kuni çunonam yomğir yoğib berdiki, tavba, yaqin orada bunaqa jalani körmovdik.

– Bahorgi yomğirni dalalarga foyda deyişadi, ekinlarga yaxşi böldi, şekilli?

– Xudo körsatmasin! Yaxşi odamning töyiyam şunaqa böladimi, dasturxonini kördingizmi, qatqaloq yerday qurib yotibdi-ya…

Yomğir yoğdir, kök bölsin, sust xotin

Qurğoqçilik yöq bölsin, sust xotin.

 

Qiz tuşgan joyida kökarib ketgaç, qolgani silliq ketişi kerak edi-yu, lekin baxtni his qilmoqlikka u silliqlikning özi kifoya qilmadi. Aslida, “tinib-tinçib ketiş” unga özidan ham köra öşa odamlarning nigohidan tezroq qutulişi uçun kerak edi. Qiz öz dunyosida, eʼtibordan holi yaşaşni orzu qilardi.

Özining dunyosida özining odamlari bor. Birov birovi bilan işi yöq odamlar, qarorlaringni muhokama qilmaydigan odamlar, öz baxti-yu baxtsizligida bir-birlarini ayblamaydigan odamlar… va yana u olamda toş haykallar ham bor. Yomğir yoğsa, xuşqad gözallar şakli berilgan bu haykallar tirilib, raqsga tuşişni boşlaydi. Qiz har gal yomğir yoğganda somonxonaga çiqib, uzoq kengliklarda yastangan Qiztoğning börtik, keskir tiğday uçli qoyalariga tikilib ötirişni yaxşi köradi. Osmonni qoq ikkiga yorib ötuvçi çaqmoq çaqişi bilan paydo böladigan momaqaldiroq ovozi şu qoyalarda tuğiladi göyo.

Arpa-buğdoy boş tortsin, sust xotin

Kayvonilar oş tortsin, sust xotin.

 

Esida, u hali maktabga çiqmagan vaqtlari buvisinikiga köp borardi. Bir gal borganda osmonni quyuq qora bulut qoplab, jala yoğdi. Keyin buvi nevarasini zeriktirmaslik köyida bir rivoyat aytib berdi:

Qadim zamonda bir podşohning qirqta qizi bölgan ekan. Qirqtasi ham bir-biridan aqlli, bir-biridan xuşröy, oy desa oğzi, kun desa közi bor, ilm-u husni komil qizlar ekan. Vaqti kelib, ular böy yetibdi. Tabiiyki, otasi qizlarini yaxşi kuyovlarga uzatiş taraddudiga tuşibdi. Ammo şunday kunlarning birida mamlakatga yov bostirib kelib, qirğinbarot uruş boşlanib qolibdi. Podşoh laşkarlari bilan yovga qança qarşilik körsatmasin, duşmanning qöli baland kela boşlabdi. Yengilişini sezgan podşoh qizlariga çopar yuborib, yaşirinişni amr etibdi. Voqeadan xabar topgan qirq qiz toğga qarab qoçibdi. Duşman esa ularni izma-iz taʼqib eta boşlabdi. Qizlar toğning eng tepasiga çiqibdi, undan u yoğiga yöl yöq ekan. Orqadan esa duşman laşkarlari bostirib kelardi, ilojsiz qolgan qizlar or-nomusini saqlab qoliş uçun boşlarini qoyalarga urib, özlarini halok qilibdi. Ularning jasadlari öşa zahoti toşga aylanib, qoyalar bölib qad rostlagan ekan. Aytişlariça, har gal yomğir yoğsa, toşqoyalar qizlarga aylanib, raqs tuşarkan…

Bu rivoyat haqiqatga qançalik yaqin, u yoği heç kimga ayon emas, lekin toğning Qiztoğ deb atalaşiga şu afsonani asos qilişadi, çunki Qiztoğning past-baland qoyalarini sanab çiqsangiz, naqd qirqta çiqadi.

Qizning oddiy bir çöpçakka qöygan bola işonçi hamon uni tark etgan emas. Qaçon yomğir yoğişni boşlasa, asriy sukutga berilgan vazmin qoyalarga tikilgani-tikilgan. Göyo möjiza yuz berib, qizqoyalar raqsini boşlaydiganday. Aslida, uning şu qizlarga qöşilgisi, yomğir ostida qalbidagi bor ğuborini tökib raqs tuşgisi, keyin öşa qoyalarning qirq birinçisi bölib, özi ham şu toğlarda qolib ketgisi bor.

Afsus, bu xayollar uzoqqa çözilmaydi. Adoqsiz yumuşlar şunçaki töxtab, derazadan turib tabiatni kuzatişga ham izn bermaydi. Naçora, iloj qança. Sust kelin sustligini körsatmaslik uçun, quyoşdan avval turişi, iş bölsa-bölmasa, hovlida kuymalanib yurişi şart, aks holda, odamlar taʼna qiladi. Sigir-buzoq, idiş-tovoq, kiyim-yamoq… Bularni amallaş sust kelinga çöt emas-u, ammo öşa yetişmaydigan kemtikning örni bir zum mamnun yaşaşga bermaydi. Bora-bora qiz atrofidagilardan butkul uzilib boradi. Hatto “birovi”dan ham. Ularni faqat karmik riştalar boğlab turadi. Faqat tört devor içida qurilgan oilagina qizni hayot mezonlariga böysunib yaşaşga mahkum etadi. Qolgan vaqtlarda esa sovuqlikdan junjikib yaşaşga majbur, inidan ayro qolgan polapon kabi.

Yomğir yoğdir, höl bölsin, sust xotin,

Yeri jahon köl bölsin, sust xotin.

 

– Sust kelin sustligiga bordi baribir. Töyiga yil töladi, haliyam köngli heç narsaga sust ketmapti. Bir balosi bor, onasi folbinga qatnab yurganmiş. Dardi oğir, şekilli.

Ayolning bor-u yöq şahdi yanada sustlaşadi, şamol köz oçib lovullaşga izn bermayotgan şamday miltiraydi. Goh bir-birining ketidan quvib, goh bir-biri bilan kimözarga yugurib va goho madori qurigan bemor kabi ohista lökillab yillar ötadi. Ayol könikadi: jerkişlarga, oşkora taʼnalarga, xiyonatga, şafqatsiz kaltaklarga, toş luqmalarga, zaqqum dorilarga…

Yomğir yoğdir, höl bölaylik, sust xotin.

Biz ham senga jör bölaylik, sust xotin.

Öşa yili bahor xasis keldi. Dalalar bir qatra yomğirga zor böldi. Qişloq ahli kelişib, “Sust xotin” ayttirmoqqa qaror berdilar. Faqat “sust xotinlik” qilişga qahramon kerak edi. Rusumiga köra, marosim qöşiği jörligida yoşi öttizdan katta, egiz tuqqan ayol aravaga ötqazilib köçama-köça kezdirib çiqilişi kerak. Qişloq ahli esa ixlos bilan ataganini “sust xotin”ning etagiga taşlaydi. Har gal tanga taşlanganda ayolning boşi ustidan suv soçiladi.

Bir paytlar hayotligida “sust xotin”likka qizning öşa ertakçi buvisi tanlanardi faqat. Şuning uçunmi, kampir odamlar orasida “Sust momo” nomini olgandi. Sust momo laqabiga nomunosib ravişda, baquvvat, dangal kampir edi. Törtta öğli bor, kattalari egiz edi. Tutganini kesmasdan qöymasdi. Şuning uçunmi, bahor quruq kelgan yillari Sust momo tez-tez yöqlab turilardi. Bir galgi marosimda buvisi bilan qöşilib, qiz ham aravaga çiqdi. Öşanda buvining öziga yaraşmagan allaqanday keng kiyimlarda, usti şalabbo holda ötirişini körib qiz qörqib yiğlagan edi. Keyin uni aravadan ayirib qoldilar. Ammo qizning quloqlari ostidan nolaga öxşaş “sust xotin, suzma xotin” xonişlari ança paytgaça ketmay yurdi.

Kayvonilar suriştirib-suriştirib, qişloqning egiz tuqqan ikki-uç ayolini “sust xotin” qilmoqçi bölişdi-yu, ularning heç biri unamadi. Yomğir ob-havoning işi bölsa, telbaga öxşab qöşiq aytib, qişloq kezgan bilan nimani özgartirib böladi?! Qolaversa, heç kimning sovuq havoda suvga bökib, köçama-köça yurgisi yöq. Kayvonilar endi qöşni qişloqlardan odam izlamoqqa kirişdilar. Befoyda böldi. Egiz tuqqan ayolni topiş bir muammo bölsa, uni “sust xotin” tuşişga köndiriş ikkinçi muammo edi.

Ayol birinçi marta bu tafsilotni allaqaysi mehmondorçilikka yiğilgan xotinlardan eşitganda, içida miltirab turgan umid şuʼlasi yarq etganday böldi. Bu umid bir marta bölsa ham, “sust xotin” bölib beriş, zora, şu orqali özining ham niyatlariga yetiş ilinji edi. Axir, bahor oyoq qöygandan buyon osmondan, bir qatra bölsin, tomçi tuşmadi. Ayol qiş adoğidan beri yomğirni kutyapti. Ança böldi, qoyalar raqsini tomoşa qilmaganiga. Boz ustiga, şu safar yomğir yoğsa, qizqoyalarga öz oyoqlari bilan bormoqçi. Ayol şu umid bilan yurak yutib taklifini bildirişga qaror qildi.

– Öşa “sust xotin”ni men öynab bersam qanday bölarkin…

Xotinlar ğala-ğovur gurungdan birpas töxtab, bir-birlariga lab burib alangladilar. Ayrimlar ayolga esing joyidami degan istehzo bilan tikilsa, ayrimlar şunçaki mazxaraomuz hiringlab qöyişdi.

– Siz avval bittasini eplab tuğib, katta qilib oling. “Sust xotin” böliş sizga havasmas!

Ayolning boşi quyi egildi, alamdan tizzalari titray boşladi, lablari pirpiradi. Közlariga jimir-jimir yoş töldi-yu, sizib çiqmay turib qoldi. Nima desin, umr böyi köksiga qamab kelgan ojizligi hozir ham bir söz demoqqa yöl qöymasdi. Ayol lablarini jim tişladi. Heç narsa bölmaganday, töxtagan joyidan davom etib ketgan ğala-ğovur oralab davrani tark etdi. Ketib borardi-yu, oyoqlari qaltirar, tizzalari bukilib-bukilib ketardi. U özini heç qaçon bunçalik zaif his qilmagan. Yaqinlarining töğri gap aralaş oçiq kinoyalari, erining kaltaklari, köçaga haydalgan tunlari ostonada ottirgan tonglarida ham bunçalar ojizlik sezilmagandi. Egiz bolang yöq, deyişdi, axir, uning armonlari egiz emasmi, içida bolalab yotgan kuyuklari, ön beş yildan beri gazaklab ketgan yaralari egizmasmi?! Har keça muşt ostida eziladigan qovoqlari, tunlari ovoz çiqarmay deb römolini kapalab yiğlagan közlari egizmasmi? Nega unga “sust xotin”lik havasmas? Axir, eng ulkan sustligi şular emasmi?!

Ayol xayol bilan qanday qilib toşqoyalar qarşisiga kelib qolganini bilmadi. Öziga kelib qarasa, tört tarafi toş. Qiztoğning haybatli qoyalari bağrida turibdi.

– Va nihoyat, meni topibsizlar-da, – jilmaydi u. – Meni davrangizga qabul qilasizmi? Qirq birinçingiz bölib, şu yerda qolsam, mayli, bir umr yomğirni kutib yaşaşga mahkum etilsam ham çidayman. Axir, odam bölib yaşaş azobi oldida toş bölib yaşaş nima bölibdi?!

Şu onda vazmin qoyalarning asriy sukuti nomaʼlum qizlar şiviri bilan almaşganday böladi. Qizlar uni “kel, kel” deganday imlaydilar göyo.

Ayol ular tomon bir qadam bosadi. Yana ikki qadam qöysa yetarli. Boşi qoyalarga tegadi, undan u yoği esa…

Ammo şu payti uzoqdan kimdir uning ismini aytib çaqirdi.

– Bu kimning ovozi? – seskandi ayol. – Juda taniş…

– Nima qilyapsan bu yerda?! Uyga ketamiz, yur men bilan!

Şu tariqa qolgan hamma narsalar nazoratdan çiqib ketadi.

 

Köklamda öynab-kulaylik, sust xotin.

Ham şöx-u, ham zör bölaylik, sust xotin

Bu orada nima ham bölib, ayolning gapi kayvonilarning quloğiga yetib boradi-yu, öşa zahoti ayolning eşigini yöqlab kelişadi.

– Mard ketibsiz, qizim, heç kimning jurʼati yetmagan jasoratni böyningizga olmoqçi bölibsiz, sizga rahmat. Bemaʼni gaplarni könglingizga olmang…

Ertasi kuniyoq marosim taraddudi boşlandi. Ayolning egniga körkam liboslar kiydirdilar, soçlari mayda örilib, boşiga katta oq şohi römol taşlandi. Hamma baxtiyor, hamma bir-biridan mamnun edi negadir. Oppoq ot qöşilgan aravaga yozilgan qavat-qavat körpaçalar ustida ayol boşi yarim egik, yarim kötarilgança ketib borar, atrofida nimalar bölayotganini tamoman unutgan, faqat hissiz, quruq nigoh bilan odamlarni kuzatar edi. Ot jilovini bir öspirin tutib ketar, odamlar arava izidan yurib, “sust xotin” qöşiğiga jör bölib, ayolning etaklariga yaltiroq tangalar soçişar edi. Har gal tanga taşlanganda ayolning boşidan suv sepiladi. Şohi römol şokilalaridan çak-çak suv tomadi. Suv sovuq, muzday. Hali erta bahor emasmi, izğirin zabti havodan ketmagan, etni junjiktiradi. Bora-bora ayolning badani dir-dir titraşni boşlaydi, ustidagi yupqa kamzuli sovuqni tösişga ojizlik qilib qoladi. Odamlar qöşiq aytişda davom etadilar:

– Sust xotin, suzma xotin

Kölankasi maydon xotin!

 

Ayolning kökarib ketgan lablari faqat bir sözni piçirlaydi. Odamlar unga, xuddi kelinçakka qaraganday, havas va qiziqiş bilan boqadilar. Ayol esa atrofidagi manzarani deyarli unutgan, xayolidagi qirq şerigi bilan uçqur qoyalarda raqs tuşmoq bilan band böladi. Ana, osmondan mayin, xuşyoqar yomğir yoğib turibdi, qizlar şunday gözal raqs tuşmoqdalarki, göyo osmon hofiz-u, ular raqqosalardek, ona tabiat esa ularni zavq bilan tomoşa qiladi. Ayol ham qizlar orasida, quloçlarini keng yozib, yuzini yomğirga tutadi, közlarini yumadi. Mayin tomçilar uning yuzini yengil savalab ötadi, köksiga urilgan şabada lablari şivirlab aytgan öşa bir sözni uzoq-uzoqlarga, öşa özining odamlari yaşaydigan özining olamiga olib ketadi…

 

Yomğir yoğdi, döl böldi,

Yeri jahon höl böldi.

Şaftolilar barg yozdi,

Dunyo töla gul böldi.

 

Kayvonilar töğri aytgan ekan. Odamning qandayligi töy-u azasida bilinarkan. Öşa kungi marosim tugar-tugamas sust xotinning ahvoli oğirlaşib qoldi. Uni şu zahoti şifoxonaga olib ketişdi. Sust xotin sustligini qildi baribir. Tez yordam maşinasi közdan yöqolişi bilan çunonam yomğir yoğib berdiki, dalaman deganning hammasi suvga töydi. Osmonga tikilib, közi teşilayozgan dehqonlarga Xudo berdi, arpa-buğdoylar uç karra boş tortib oldi. Yomğir ketma-ket olti kun töxtamadi. Yettinçi kun şifoxonadan xabar çiqdi.

Sust xotin yaşab qolibdi egiz bolalari uçun.

Iroda ZOKIR qizi

2001-yili Samarqand viloyati Nurobod tumanida tuğilgan. Samarqand davlat universitetini tamomlagan. Alişer Navoiy nomidagi Toşkent davlat özbek tili va adabiyoti universiteti magistranti. Özbekiston Yozuv­çilar uyuşmasi tomonidan ötkaziladigan Respublika yoş ijodkorlarining anʼanaviy “Zomin seminari – 2021” iştirokçisi. “Birinçi kitobim” loyihasi doirasida “Şuʼla” nomli qissasi çop etilgan.

2024/7

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar (7)

  1. Ozod

    Ma'no mazmun topa olmadim. Hikoya ham juda sust yozilgan

  2. Ğiyosiddin Önarov Tahririyat

    Bizning nazdimizda yaxşi hikoya bölgan!

  3. Ğiyosiddin Önarov Tahririyat

    Kimga qanaqa

  4. Zarafşon Himmatqulova

    U hammaga kerkasizdek bölgan uydagilar, eriga şu sust xotin marosimiga qatnaşib kiçik qahramonlik körsatmoqçi bölgan menimça

  5. Ğiyosiddin Önarov Tahririyat

    Şundaydir. Öquvçiga xulosa qilib qoldirgan…

  6. Odina

    Yaxşi. Qiziq. Lekin odamlarni şu irimga işongani açinarli juda.

  7. Ğiyosiddin Önarov Tahririyat

    Şunday!

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (258)

Suv. Hikoya

– Öz oyoği bilan jildirabgina kelmagan suv suvlik qiladimi?! Ketaman bu Cahroyi kabirdan… ketama-an-n! Dilşod şunday deya örnidan sapçib turdi-yu, derazadan taşqariga termildi. U avval hovlisidagi qovjirab qolgan…

“Eynşteyn jumboği”

Dekabrning asov şamoli tun bağrida özini har yonga urib, böriday uvillaydi. Uylar ham sovuqdan junjikkanday bağridagi çiroqlarini öçirib, şamolga jör bölib, qoranği tun vajohatini yanada orttiradi. Biroq şu imoratlar…

Uluğbek Hamdam. Yöl (falsafiy roman

Men bir ojiz tomçiman, ammo yuragimda ummon soğinçi yaşaydi. Mavlono Rumiy TUŞDAN OLDINGI VOQEA Ovoz keldi! Ovo-o-oz!.. Eşityapsizmi, ğoyibdan bir ovoz keldi! Dunyolarni töldirib emas, yöq, balki yöl kabi uzun, yöl kabi…