69 daqiqada öqiladi

883 marta körilgan

Toğ gözali

Abdujalol Rahimov

(Qissa)

– Bu yerlar hali daşt. Qarang, ğildirakli uyçalardan boşqa heç vaqo yöq, – kuyinib ketdi quriliş boşliği. – Respublika gazetasining muxbiri bölsangiz, qanday taşlab ketaman? Kattalar eşitişsa, terimga somon tiqişadi-ku!

Men uning bezovta nigohiga ergaşib atrofga köz taşladim. Atrofda qum, ğişt uyumlari. Nariroqda gugurt qutisidek qator terilgan kiçik-kiçik oq uylar. U yoği köklam maysalari bilan qoplangan biy dala. Hozir esa ufqqa tutaş bu qir-adirlarni quyoşning qizğiş nurlari siypalamoqda.

Közlari katta-katta, ğölabirdan kelgan boşliq Nazarqul Şodiyevning ovozi mayinlaşdi:

– Heç qursa, menikiga borayik, a, nima dedingiz? Xotin ğilmindiga toza-a usta. Ertasi Toşkentga özim kuzataman?

Men öjarlik bilan oyoğimni tirab oldim. Oxiri unçalik sodda ham bölmagan bu odam yengildi:

– Hay, mayli, mehmonga yöq deb bömaydi, – pişillab böşaşdi Nazarqul. Poçalarini çang qoplagan şimining çöntagidan ğijimlangan daströmol olib, peşonasidagi terni artdi. – Hammasini öz közingiz bilan körmoqçi bölasiz-da, a?

– E-e yaşang, xuddi şunday!

– Aslida, daştda tunaşning ham gaşti bor.

– Tuşungan odamsiz-da, – uni qöllab-quvvatlayman. – Içimdagini topdingiz!

– Xafa böliş yöğ-a?

– Aslo! Meni qorovulga işonib, bahuzur qaytavering.

– Sizdi-i qorovulga emas, Berdiyor akaga topşiraman, – Nazarqul öylanib qoldi. – Öta-a bamaʼni odam. Viloyatdagi hamma quriliş­larda Berdiyor Boboyev desa darrov tanişadi. Boya siz ham uning işini a-ança kuzatdingiz?

Nazarqul Şodiyev aytayotgan örta böy, qizil yuz, möyloviga oq oralagan odamni esladim. Ğişt terayotganida bözçining mokisidek aniq, çaqqon işlarkan. Qöllari ğişt töpi bilan devor örtasida şunaqangi tez borib-kelardiki, nima qilayotganini ilğab ololmaysan.

– Ha-a, ğişt terişning hadisini olgan ekan, – Nazarqulning gapini tasdiqladim.

– Şunday, “katta”. Bir özi tört-beş kişining işini bajaradi. Uni qurilişga bejiz olib kelişmagan-da. “Masterok”ni öynatib yuboradi. Bugun uyçasida yolğiz qolgan. Şerigi javob olib ketdi.

Ming bir tavallolar bilan boşliqning “araz”ini tarqatib, ortidan ergaşdim.

Oqşom qöna boşlagandi. Zaminga mart oyining namxuş havosi ingan. Ulkan quriliş maydoni tungi oromiga hozirlanayotgandek sokin bölib qoldi.

Men Jizzaxdagi industrial hududda olib borilayotgan ulkan işlar haqida yozmoqçi edim. 2013-yili boşlangan bu jöşqin jarayon ikki yilda butun voha böylab quloç yozdi. Respub­lika ahamiyatidagi qurilişlarga eng mohir ustalar jalb etildi. Berdiyor ana şundaylardan edi. U bilan ğişt terayotganida ança suhbatlaşdik. Tengdoşligimiz uçun gapimiz darrov qovuşdi…

Men şularni öylab boşliqning ortidan yurdim. Ğişt, beton parçalariga qoqila-qoqila, gugurt qutilaridek qator qilib joylaştirilgan muvaqqat uyçalarga yetib oldik. Nazarqul quruvçilar “mahalla”sining etagiga boşladi. Naryoği baland-past qir-adir. Barra maysalarning xuşböy hidi kelib turibdi. Butun borliq bahor libosiga burkangan. Bu yoqlarda köklam mangu qoladigandek. Ammo unday emas. Erta-indin yoz quyoşida ajriqlar sarğayadi, şuvoq, yantoq böy körsatib qoladi. Quyoş tandirdek qizdirib, daşt özining asriy hokimligini qöldan bermaslikka urinadi. Şu paytda köp yillar avval özim uçraşgan, çölni özlaştirayotgan odamlarni eslab ketdim. Köz öngimda ön yillar davomida tabiat injiqliklari bilan kuraşayotgan çölquvarlarning mardonavor qiyofalari gavdalandi.

Berdiyor zamonaviy panellardan montaj qilingan oppoq uyçadan jilmayib çiqib keldi. U men bilan tengdoş – qirq beş yoşlarda. Qurilişda, ğişt terayotganida közimga boşqaça köringandi. Hozir jilmayib turgan, yuzi oftobda qizargan qurdoşimning oddiy qişloq kişisidan farqi yöq edi: oq-qora katak köylagining yengini şimarib olibdi, boşida urinib qolgan eski döppi.

– Kelingizlar, – dedi ikki qölini uzatib söraşarkan.

– Berdiyor aka, “katta” bugun siz bilan qoladigan böldilar, –  boşliq gapni çözmay, lönda tuşuntirdi. – Bir mehmon qilasiz-da endi.

– Jonim bilan. Qani, içkariga, – Berdiyor özini çetga olib, oçiq çehra bilan uyçaga işora qildi.

– Menga ruxsat berasizmi, yiğiliş bor edi?

Nazarqul Şodiyevning bu gapi ayni muddao böldi. Uzoq yöl, quriliş obyektidagi yugur-­yugurlar ança tinkamni quritgandi. Bir çekkadagi mana şu uyçada orom topişni özim ham istab turgan edim.

– Bahuzur boravering, men bu kişining suhbatini olay, – dedim çin dildan.

U yana allanimalar deb ğöldiraganiça oq uyçalarni oralab nari ketdi. Biz Berdiyor bilan qoldik.

– Qani, içkariga, – dedi u samimiy jilmayib.

Uyçaga kirib, atrofga alangladim; işçilar yaşayotgan bölsa ham xona ozoda, şinamgina ekan. Jihozlari ikkita karavot, javonçalar, ixçam stol, yana ikkita kursidan iborat. Jajji oşxona, duş ham bor.

Berdiyor biroz qarab turdi-da, karavotining yonboşidagi pastak javonçadan toza soçiq olib uzatdi:

– Yuvinib oling, yengil tortasiz. Issiq suv bor. Men hozir duşga tuşdim.

Rahmat aytib soçiqni oldim-da, yuviniş joyiga kirib ketdim. Duşdan çiqqanimda kunduzgi çarçoğimdan asar ham qolmagandi. Çehram oçilib, stolning yonboşidagi böş kursiga ötirdim. Berdiyor darrov bir piyola çoy quyib uzatdi.

Şu payt uyçamizning oldiga zulukrang “Neksiya” kelib töxtadi. Berdiyor oçiq derazadan bir qur köz taşlab, taşqariga çiqdi. Kim bilandir gaplaşayotgani eşitilib turdi. Birozdan keyin qölida ikkita sellofan xalta bilan kirib keldi.

– Oşga masalliq olib kelişibdi, – dedi beozor jilmayib. – Özimda ham bor edi. Mayli, mehmondi izzati-da.

U darhol oşga unnab ketdi. Berilib sabzi töğrayotganida uyali telefoni yoş bolalarning öyinçoq surnayiga öxşagan ğalati ovoz çiqarib jonlanib qoldi. “Ona qizim”lab ança gaplaşdi. Nevarasining ovozini eşitgisi keldi.

– Nevarani soğinibsiz-da? – dedim qizil tugmaçani bosib telefonini öçirganida.

– Soğinaman, biroq… borolmayman, – Berdiyor boşini çayqadi. – Bu – qizim, birinçi xotinimdan.

Örtamizga bir fursat noqulay jimlik çökdi. Keyin quriliş haqidagi gaplarga alahsib ketdik.

Oş yeb bölib ança paytgaça aççiq kök çoy içib ötirdik. Biz allaqaçon eski qadrdonlardek inoqlaşib olgan edik. Ikkimizning ham uyqumiz kelmasdi. Uyçadan çiqib, taşqarini aylandik. Daşt tuni öziga xos, ajoyib edi. Şaharning şovqin-suronidan yiroqdagi bu sukunatni çigirtkalarning jon-jahdi bilan berilib çirillaşlarigina buzib turibdi. Qöşni uyçalardan quruvçilarning baland ovozda gapirişlari, qöşilişib kulganlari  eşitiladi. Şundoqqina oyoğimning ostidan allanima zuvillab ötib ketdi. Çöçib tuşib, sergaklandim. Berdiyor kuldi:

– Siz öylagan narsa emas, – dedi döstona ohangda. – Ilonlar ho-ov narida. Baniodamga yaqinlaşmaydi. Bu –  tipratikan. Tunda uyçalardi oralab nasibasini terib ketadi.

Biz yana içkariga kirdik.

– Boya gapim çala qoldi, – dedi Berdiyor nimanidir aytişga çoğlanib. – Qizimni birinçi xotinimdan, dedim sizga. Bu ğişt teruvçi xotin olib, xotin qöyaverar ekan-da, deb öylamang. Biroq hayotimda katta xato qilganman, tan olaman…

Unga sinovçan tikildim. Göyo ançadan buyon öziga bir sirdoş topa olmayotgan, içini kuydirib yotgan aççiq dardini kimga tökişni bilmayotgan kişiday uning yuzida oğriq, alam köpçib turardi.

Şundan keyin Berdiyor boşidan ötgan voqealarni gapirib berdi.

…Men ğallazor qirlar, uzumzor boğlar bilan qurşalgan qişloqda katta bölganman. Qişloğimizning nomi ham “Uzumzor”. Bolaligim tuproq köçalarni çangitib yugurişu dala joylarda mol-qöy boqiş bilan ötgan. Maktabda yaxşi öqimadim. Şuning uçun öninçini bitirdim-u, sinfdoş jöram Ğayrat bilan tuman markazidagi qurilişga işga bordim. Bizni ğişt teruvçi ustaga şogird qilib berişdi. Ustamiz Pirmat amaki ellik yoşlardagi, oq-sariqdan kelgan, norğul, gavdali kişi edi.

Qişloqda ösgan baquvvat bolalarmiz. Pirmat amakining aytganlarini qilib, ğişt, paqirda qorişma taşib yuraverdik.

Ğayrat – böyi mendan pastroq, çorpahil, suyagi yirik, çayir bola. Biroz içi qoraligi, şumligi bor edi uning. Qurilişdayam işning oğiri özimning zimmamga tuşdi. Bunga parvo qilmasdim. Jöram-da, kulib qöya qolaman. Zavqlanib-zavqlanib işlayveraman. Menga ğişt teruvçilik yoqib qoldi. Ğayratga qarab ötirmay, ikkalamizga aytilgan yumuşni tez-tez bajarib qöyaman. Şundan keyin Pirmat amakining oldiga borib, ğişt terişini tomoşa qilaman. Usta şunaqangi çaqqon işlardiki, xayolimda göyo közini yumib ham ğişt tera olardi. Böş qoldim degunça yoniga boraverardim. Usta buni payqab yurgan ekan. Bir kuni “Hov bola, bu yoqqa kel”, dedi. Birpasga belçasini berib, qorişmani yoyişni, qanday qilib ğişt terişni tuşuntirdi. Hayajondan qölim qaltirab ğişt tera boşladim. Bunday holat har kuni takrorlanadigan böldi. Şunday qilib Pirmat amakining şogirdiga aylandim. Uning har bitta gapi men uçun qonun edi. Hatto köz qaraşlaridan ham nima demoqçiligini tuşunib oladigan böldim. Özimni ötga-çöqqa urib bölsa ham ğişt terişni örgana boşladim. Bundan özimni yettinçi osmonda his qilardim.

Bir-ikki oyda qölim işga kelişib qoldi. Ğiştni qulf-kalit qilib terişni, ravonlik olişni örgandim. Sement-qumli qorişma jazirama yoz kunlarida tez qotib qoladi. Çaqqon işlaş, terilayotgan ğiştlarning çoklarini buzmaslik kerak. Xato qilsam, ustaning baqirib sökinadigan odati bor edi. Bundan xafa bölmasdim. Birozdan keyin Pirmat amakining özi insofga kelib, muloyimlaşib qolardi.

Ğayrat ustimdan kulib yurdi. “Boşingdan “haligindaqa” tökib yuborsayam çidaysan, ustaning malayi”, deyişgaça bordi. Baʼzida yarim hazil, yarim çin yoqalaşib ketardik. Bir-birimizdan arazimiz uzoqqa çözilmasdi. Jöraçilik şu-da, deb öylardim. Biroq ustamiz Ğayratni sira-sira yoqtirmadi. Bu unga eʼtiborsizligi, bor-yöqligi bilan işi bölmayotganidan ham sezilib turardi.

Şunday qilib, oradan salkam bir yil ötdi. Men yaxşigina ğişt teruvçi bölib oldim. Pişgan ğiştni uşlayverib qölimning terilari şilinib, azob bergan kunlar orqada qoldi. Endi kaftlarim toşdek qotgan, na ğişt, na loy çaplaydigan belçaning dastasi taʼsir qilardi. Ustamning qavatida mustaqil ğişt tera boşladim. Endi Ğayrat menga yordamçi edi. Pirmat amaki öziga boşqa şerik oldi.

Qurilişda Pirmat amakidan ötadigan ğişt teruvçi yöq. Brigadadagi ustalarning aytişlariça, uni katta maoş vaʼda qilib kö-öp qurilişlarga çaqirişgan. Lekin u örgangan joyim, daraxt bir yerda kökaradi, deb unamabdi. Şuning uçun ham obrösi baland edi-da.

Baʼzida oldimga kelib, işimni kuzatib turadigan odati bor edi ustaning. Ziğirdek kamçilik topsa, qölimdan belçani tortib olib, özi ğişt terib ketardi. Şunday paytlarda yoş boladek işiga tikilib turaman. Pirmat amakida özimga nisbatan otalarça mehr borligini ham his qilardim.

Vaqt ötib, biz ança ulğaydik. Endi maktabdagi öquvçilik davrlarimiz ortda qolgan, muallimlarimizning tergaşlaridan ozodmiz. Biroq yaxşi-yomon odamlar orasida öz kunimizni körişimiz kerak. Inidan endigina uçirma qilingan polapondek qiynalgan payt­larimiz ham böldi. Ğayrat brigadamizdagi yigitlarga qöşilib çekişni örgandi. Pirmat amakining u bilan işi yöq. Meni esa hamon tergaşdan çarçamasdi.

Oradan yana bir yil ötdi. Öşa bahorda Ğayrat ikkalamizni harbiy xizmatga çaqirişdi. Tuman markazidagi mudofaa işlari bölimiga qatnay boşladik. Döxtirlar yalanğoç qilib obdo-on tekşirişdi. Quriliş idoramizdan maʼlumotnoma olib bordik. Yana bir talay hujjatlarni töldirdik.

Harbiy xizmatga jönab ketişimizdan bir kun avval ustamning oldiga xayrlaşgani bordim. Öşanda quriliş közimga juda-a çiroyli körinib ketdi. Men bu yerda özimni uydagidek his qilardim. Soçilib yotgan ğiştu qum uyumlari, bu yerdagi har bir unsur, bari-bari mening hayotim edi. Yuragimdan allanarsa uzilib ketayotgandek böldi. Yugurgilab Pirmat amaki işlayotgan joyga bordim. U berilib ğişt terayotgan ekan, kelganimni sezmadi. Qölining çaqqon harakatlariga tikilib könglim buzildi. Mening ham ğişt tergim kelayotgandi. Qöllarimni ğişt terayotgandek qimirlata boşlaganimni sezmay qolibman. Taniş işçilardan biri turtganda uyalib ketdim. Unga eʼtibor bermasdan ustamning oldiga yaqinlaşib, salom berdim. Pirmat amaki boşqaça, qandaydir muloyim bölib qolgandi.

– Vey, rosti bilan armiyaga ketyapsanmi? – dedi.

Qölidagi belçasini ğiştga qöydi-da, oldimga keldi. Birdan mahkam quçoqlab oldi:

– Sensiz zerikib qolaman-ku, Berdiyor bolam!

U odatda “hov bola” deb çaqirardi. Hozir esa otalarça mehr bilan “bolam” dedi, hatto ovozi titrab ketdi. Men ham ğalati bölib qoldim. Axir, oz emas, roppa-rosa ikki yilga xayrlaşayotgan edik-da. Qanday qilib ustam işlayotgan joyga borganimni sezmay qolibman.

Paqirda qorişma bor edi. Belçani olib indamay işga kirişib ketdim. Qurilişga kelmaganimga ön kundan köproq bölgandi. Şunaqangi ixlos bilan ğişt terdimki, birorta çok buzilmadi, bir tomçi qorişma yerga tökilmadi. Harbiy xizmatga ketayotganimni, bu yerga nima uçun kelganimni unutib qöygan edim. Qorişma tugagunça tinmadim. Şu paytda qilayotgan işimdan har qaçongidan ham köproq rohatlanardim, men ğişt terişni soğinib qolgandim.

Qorişma tugaganda qölimdagi belçani özim tergan ğiştning ustiga qöydim. Yengil tortib, ortimga ögirilganimda Pirmat amaki tergan ğiştimga tikilib turardi. Hozir baqirib beradi, deb öyladim. U odatda özi işlayotgan joyga heç kimni yölatmasdi.

– Ğişt termaganimga ança böldi-da, – dedim özimni oqlab.

Usta sekin oldimga keldi. Bir tekis terilgan ğiştlarga qaradi-da, yelkamga qoqdi:

– Armiyadan qaytganingda töğri oldimga kel. Endi bor, soğ-omon körişaylik, – deb duo qildi.

Pirmat amaki menga öğlidek mehr qöyib qolgan ekan. U bir daraxt bölsa, men uning mevasi edim. U bir toğ bölsa, men bağridan sitilib çiqqan buloq edim. Şu kungaça ustamning duolari bilan yuribman. Sanamoyni ham ustamdan örgangan ğişt teruvçilik kasbim sabab uçratdim…

* * *

Ğayrat bilan bir joyda xizmat qilişni juda-juda xohlagan edim. Bolalikdan jöram, qişloğimizdan yiroqlarda bir-birimizga suyanç bölamiz, deb öylardim. Qarangki, bu niyatim ham ijobat böldi.

Özbekiston mustaqillikka erişganidan keyin yigitlarimiz özimizning yurtimizda xizmat qila boşlaşdi. Biz öz armiyamizning birinçi askarlaridan edik. Bu, ayniqsa, ota-onalarimizni quvontirgan edi öşanda. Esingizda bölsa, mustaqillikdan avval dengizdek qalqib turgan davrlar böldi. Armiyaga ketib, temir tobutda qaytib kelganlar qança edi…

Bizni uzoqqa emas, viloyatimizning uzoq toğli qişloğidagi harbiy qismga olib ketişdi. Bu qişloqning nomi Oydin edi.

Oydindagi harbiy qismimiz, çamasi, sakkiz-ön gektarli katta hududni egallagan. Qismga kirib kelayotganimizda çala kötarilgan devorga közim tuşdi. Bu devorning ğiştlari notekis, pala-partiş urilgandi. Usta körmagan nönoq kimsaning işi kaftdagidek körinib turibdi.

Soqçilikda turgan askar bola tösiqni oçdi. Biz ötirgan avtobus töğriga qarab yurdi. Bu yer harbiy qismning ofitserlar oilasi yaşaydigan taşqari hovlisi ekan. Quyuq daraxtzor ortida pişgan ğiştdan bir tekis qilib qurilgan uylar körindi. Yoş bolalarning qiyqiriğiga itlarning akillaşi qöşilib eşitildi. Men armiyani qurol kötargan askarlaru harbiy texnikalar qatorlaştirib qöyilgan joy deb tasavvur qilardim. Bu yerda esa özimizning qişloqdagidek itlarning ovoziyu bolalarning quvnoq kulgulari eşitilayotgandi.

Töğridagi katta temir darvoza ğörillagan, ğijirlagan ovozlar bilan ikki tomonga surilib oçildi. Avtobusimiz sekin içkariga jilib, ulkan daraxtlarning soyasida töxtadi. Darvoza berkilganda “Endi qişloğimizdan, uyimizdan uzoqdamiz, bu yerda qanday hayot kutyapti?” degan gap xayolimdan keçdi. Yonimdagi Ğayrat ham şunday öyda bölsa kerak, atrofga alang-jalang tikilardi. Ammo şundan keyin bunday öylarga vaqtimiz ham, imkonimiz ham bölmadi. Asfalt yölakda safga tizilgan onimizdan bizlar uçun askarlikning jöşqin hayoti boşlangandi.

Qişloq quyoşida toblangan, qurilişda bilagi qotgan yigitlar edik. Salkam bir oylik yoş askar maşqlaridan yaxşi ötdik. Harbiy qasamyod qabul qilganimizdan keyin haqiqiy xizmatni kördik. Biz harbiy texnikalarni örganar edik. Avvaliga bu juda qiyin bölsa kerak, deb öyladim. Kiçik komandir qilib tayinlangan serjant şunday dedi:

– Velosiped minganmisizlar?

– Ha! – deymiz bir ovozdan.

– Velosipedni taʼmirlagan hamdirsizlar?

– Xuddi şunday!

– Demak, bu texnikalarni ham oson örganib olasizlar.

Darhaqiqat, har kuni tinmay maşq qilaverib, juda murakkab köringan işlarni közimizni yumib ham bajaradigan böldik.

Men harbiy xizmatda qiynaldim deyolmayman. Faqat boşida uyni soğiniş biroz içiktirdi. Bir-ikki oyda bunga ham örganib ketdik. Toğli Oydin qişloğida yoz fasli boşlandi. Qismimiz hududida daraxtlarga qönib olgan quşlar erta tongdan bor ovozda çuğurlaşadi. Roppa-rosa soat oltida turib, badantarbiya maşqlariga çiqamiz. Osmon tiniq, havo toza. Tört-beş çaqirimga yuguriş, turnikda maşq bajarişga örgandik. Muşak­larimiz qotib, baquvvat yigitlarga aylana boşlagandik. Şunday kunlarning birida qismimiz komandiri podpolkovnik Xolbek Safarbekov çaqirtirib qoldi. U askarlarga ortiqça gapirmas, ammo ozodalik, tartib saqlanişini qattiq talab qilardi. Harbiy qismimizning har bir burçagi yoğ tuşsa yalagudek toza, kiyim-boşlarimizga ham doğ tegmaydi. Askarlar yotoğidan çiqib kelganimda komandir hovlida turardi.

– Boboyev, ortimdan yur, – dedi meni körgani hamon.

Gap-sözsiz Xolbek Safarbekovga ergaşdim. Nima gapligiga tuşunolmay ğalati bölib ketdim. Çunki komandirimiz bilan hali biror marta ham yakkama-yakka gaplaşmagan edim. Biz qism darvozasidan taşqariga çiqdik. Ofitserlar yaşaydigan hovlidan bolalarning quvnoq qiyqiriqlari, layça kuçukning jon-jahdi bilan çiyillaşi eşitildi. Oldimizdan katta ola muşuk yugurib ötdi.

Komandir qismga kirayotganimizda körganim – bir çeti qulagan devorning oldiga boşlab bordi.

– Boboyev, qurilişda işlagan ekansan, ğişt terişni bilasanmi? – deb söradi qulagan devorga tikilib.

– Xuddi şunday! Ğişt teruvçiman, – dedim jonlanib.

– Unda ayt-çi, nima uçun bu devor hali bitmasidan qulagan?

Bunday savolni kutmagandim. “Meni sinab körmoqçimi? – deb öyladim. – Rostini aytsam, jahli çiqsa-çi?”

Öylanib turganimni körib komandirning hafsalasi pir bölib qölini siltadi:

– Sen ham xom ekansan!

Bu gap nafsoniyatimga tegdi.

– Devorni usta termagan, çoklar notöğri, har ikki yarim-uç metrga “ustun” qöyiş kerak edi, – dedim şoşib.

Bu gapim komandirga yaşindek taʼsir qildi. Birdan çehrasi oçildi. Menga kulib qarab:

– Şu devorni qulamaydigan qilib kötara olasanmi? – dedi.

– Xuddi şunday! – dadil javob berdim.

– Unday bölsa, ikkita yordamçi olib, şu bugundan iş boşlaysan!

Bu gapni eşitib xursand bölib ketdim. Harbiy xizmatda ham ğişt teruvçiligim kerak bölib qolişi xayolimga kelmagan edi-da.

Yordamçilardan birini özim tanladim. Bu – döstim Ğayrat edi. Ammo keyinçalik ana şu işimdan bir umr afsuslanib yurdim… Eh, komandirga u ham qurilişda işlaganini aytib köndirgandim!.. Ikkinçi yordamçi qilib Esonali degan farğonalik yigitni berişdi.

Biz şu kunning özidayoq bel boğlab işga kirişdik. Bukir yoğoçdek qiyşayib turgan devorni buzib taşlaşga töğri keldi. Devor askarlarning özlari quygan xom ğiştdan kötarilgandi. Ğiştlar-ku bir navi, gugurt qutisidek tekis bölmasa ham işga yaroqli edi. Ammo umrida ğişt termagan “usta”lar özlari bilgança qalaştirib taşlaşgan. Salkam ön metrli devorni ikki kunda buzib, saranjomlab oldik.

Esonali, öşa farğonalik yigit çumolidek tinim bilmasdan işladi. U favqulodda mehnatkaş çiqib qoldi. Göyo öz uyida işlayotgandek edi. Ğiştlarga yopişgan loyni tozalab, birpasda taxlab taşladi. Ğayrat şu yerda ham özini panaga urdi. Tez-tez dam oladi, işning yengiliga ğoz bölib turadi. Unga ortiqça gap aytişdan özimni tiydim. Nima bölganda ham jöram, biz esa bu yerlarda musofirmiz, bir-birimizni qöllaşimiz kerak, deb öyladim.

Esonali bilan basma-basiga, yeng şimarib işga kirişdik. Devor mustahkam bölişi kerak edi. Komandirning oldida uyalib qolmasligimiz lozim. Har ikki yarim metrga tayanç ustunlar terdim. Çoklarni ustam örgatganidek qulf-kalit qilib ixlos bilan işlayverdim. Yana tört azamat askar ğişt quyişga kirişdi. Yozning jaziramasida ğiştlar tez quriy boşladi. Işimiz yurişib ketdi. Tez orada körsang havas qilgudek ravon devor kötarildi.

Sanamoyni şu kunlarda uçratdim. Ularning uyi biz tiklayotgan devorning ortida ekan. Toğ tomondan oqib kelayotgan soy harbiy qismimiz oralab ötardi. Bir qiz har kuni suv olgani çiqadi. Çelak kötargan sarvqad nozanin közimga juda çiroyli körindi. Uning suvga çiqişini zoriqib kutadigan böldim. Qölim işda böladi-yu, xayolimda öşa qizning himo bilan bir-bir qadam taşlab kelayotganini tasavvur qilaman, tez-tez soy tomonga möralayman.

Yoz çillasi boşlanib, kunlar nihoyatda isib ketdi. Oftob zaminni tandirdek qizdirdi. Har zamonda toğ tomondan kelayotgan salqin şabada jonimizga oro kiradi. Şundayam tinimsiz suv içamiz, içgan suvimiz zum ötmay badanimizdan ter bölib oqadi. Paqirdagi qaynatib sovitilgan suvimiz tugab qoldi. Soydan suv olib kelişga heç kimning yuragi betlamadi. Bizga qaynatilmagan suvni içişga ruxsat berişmasdi. Içiş uçun askarlar oşxonasidan qaynatilgan suv olib kelişadi. Qismimiz döxtiri şunday tayinlagan. Çanqab turganimda boyagi qiz çelakda suv olib ötib qoldi. Soy tomondan kelayotganida undan köz uzolmadim. Buni qiz ham payqadi.

– Çanqadingizmi? – dedi bir zumga töxtab.

Qizning şirin jilmayişi yuragimni sirqiratib yubordi. Ovozi çertilgan çinnidek tiniq ekan. Falakdan qarşimga farişta uçib kelgandek böldi. U atirguldek yonib, özidan nur taratib turardi. Toşdek qotib qolibman. Qölimdagi belça tuşib ketdi. Belçani oliş uçun devordan köça tomonga sakradim. Qiz çöçib menga qaradi. U bilan yuzma-yuz turib qoldim. Qiz çelagini yerga qöydi.

– Bildim, çanqagansiz. Mayli, içib oling, – dedi çelakka imo qilib.

Suv içadigan idişimiz devor ortida edi. Ikkilanib turganimda qayta çelagiga işora qildi:

– Şunday içavering.

– Maylimi?

– Ha-da, savob böladi.

Qattiq çanqagandim, çök tuşib çelakdagi muzdek suvdan simirib, töygunimça içdim. Örnimdan turdim-u, nimagadir közim tinib, boşim aylandi. Suv içib rohatlanganimdanmi, bu mohiçehra qarşimda turganidanmi, mast bölib qolgandek edim. Ixtiyorim qöldan ketib, unga tikilib qoldim. Eski askar kiyimidagi davangirdek yigitning yoş boladek möltirab turişi ğalati tuyulgan bölsa kerak, qiz nigohini olib qoçdi. Şunda u yanayam çiroyli bölib ketdi.

Harbiyda bölgandirsiz, şunday holat sizning ham boşingizdan ötgandir. Oylab askarlar yotoği, oşxona, harbiy maşqlardan boşqasini bilmagan yoş yigit uçun bunday onlar juda-juda tansiq bölar ekan-da. Bu qiz meni sehrlab qöygandi.

– Ismingiz nima? – söradim özimni tutib olib.

– Sanamoy.

– Meniki Berdiyor. Rahmat sizga.

– Arzimaydi.

Qiz şunday dedi-yu, çelagini qöliga oldi. Indamay uyi tomon keta boşladi. Xöraga taşna otdek ortidan tamşanib qoldim. Devor ortidan Ğayratning tajang ovozi eşitilganda özimga keldim:

– Hov usta, qayoqda qolding?

– Hozir boraman, – dedim devor urilmagan tomonga yurayotib.

– Tilla topdingmi?

– Şunaqaga öxşaydi.

Biz odatdagi işimizga kirişib ketdik. Baʼzan Ğayratning jaği oçilib qolardi. Bugun ham oğziga kelganini gapiraverib jonga tegdi. Mening xayolim bilan kimning işi bor. Xayolimdan esa öşa qiz ketmay qolgandi.

Kun böyi işlab çarçagan bölsam ham, öşa tun uzoq vaqt uxlolmadim. Soy böyidan yurib kelayotgan qizning jilmayib qaraşlari sira köz oldimdan ketmadi.

Şu kundan Sanamoy bilan tanişib oldik. Soydan suv olgani çiqqanida salom berib ötadi. Menga uning bir oğiz lutfi ham beadad rohat bağişlardi. Uzoqdan sarvdek qomatiga közim tuşsa yuragim qafasdagi quşdek bezovtalana boşlaydi.

Ğayrat bilan Esonali buni sezmay qolişmadi, albatta. Esonali vodiyça tarbiya körgan, huşmuomala yigit. Meni “usta” deb çaqiradi. Sanamoy bilan qölini köksiga qöyib, “Singlim, yaxşimisiz?” deb salomlaşadigan böldi. Ğayrat özini ğalati tutardi. Sanamoyni oldimda körsa qovoğini uyib oladi, qölidagi ğişt yo loy paqirni jahl bilan uloqtiradi. Sanamoy u bilan oçilib gaplaşmasdi. Şunga jahli çiqayotgandir, deb öylardim. Ança göl ekanman. Uning botinidan qirindi ötayotganini sezmabman…

Oydin qişloğining odamlari oriyatli, oçiqköngil. Dilidagini dangal gapirişadi. Sanamoy ham bizni akalaridek bilib, hol-ahvol söraşib ketaverardi.

Komandir devor qurilişidan har kuni xabar olib turdi. Roppa-rosa yigirma kunda devorimiz bitdi. U işimizdan xursand edi. Bir kuni yelkamga qoqib:

– Yaxşi usta ekansan, – dedi.

Bu menga katta mukofot edi. Ustozim Pirmat amakining işonçini oqlayotganimdan özimda yöq xursand böldim. Ğayrat bilan Esonali komandirning oldiga kelişga haddilari siğmasdan nariroqda turişdi. Bilaman, komandir ketganidan keyin Ğayrat meni “patxalim” deb çaqib-çaqib oladi. Uning ana şunday gaplaridan bezillab qoldim. Şeriklarimning beriroq kelişlarini, komandir ularni ham rağbatlantirişini istayotgandim. Biroq devorga tikilib turgan komandir boşqa narsa haqida gapirdi:

– Xöş, usta, kuz kelsa yoğin-soçinli kunlar boşlanadi. Devoringga soyabon qiliş kerak. Tunuka olib bersak qoqa olasanmi?

– Qoqa olaman-ku…

– Xöş-xöş, gapir, nima demoqçisan?

– Tunuka böyab turilmasa zanglaydi. Biz devor soyabonini pişgan ğiştdan terardik. Salobatli, ham puxta böladi.

– Gapingda jon bor, – komandir öylanib qoldi…

Şu kuni devor qurilişida işlagan askarlarga dam berişdi. Har birimiz tuman markaziga borib keliş uçun ruxsatnoma oldik. Men qişloqda qolişni, Sanamoy bilan uçraşişni rejalab turardim. Lekin unday bölmadi. Serjantimiz boşçiligida tuman markaziga jönadik. Kinoga tuşdik, bozor aylandik. Xullas, özimiz bilgança yayradik.

Ertasiga harbiy qismimizga quyoş nurida oltindek tovlanayotgan, sap-sariq pişgan ğişt, qum, sement olib kelişdi. Ğayrat bu işni komandirga men taklif qilganimni bilardi. Rosa jiğibiyron böldi, “patxalim”dan olib “patxalim”ga soldi. Ammo harbiyda könglingga qarab ötirişmaydi. Buyruq sözsiz bajarilişi kerak! Ğayrat bilan Esonalini yonimga olib yana işga kirişib ketdim. Aslida, bu men uçun rohat edi. Quriliş işlaridan zavqlanib, mazza qilardim.

Biz yana işga tuşdik. Ğayrat qorişma tayyorlaşga boşçilik qildi. Esonalini işlatib, özi “usta” bölib oldi.

Men özimiz yasagan yoğoç eşakka çiqib pişgan ğiştdan devorga  soyabon terayotgandim. Köçada qölida çelak bilan Sanamoy körindi. Unga tikilib turib qolibman. Qorişma olib kelgan Ğayratning tovuşi özimga keltirdi.

– Yana öşa qiz kelyaptimi?! – dedi u tajang­laşib.

– Sekinroq gapir, eşitiladi, – qölim bilan “jim” işorasini qildim.

– Har kuni sendaylarning neçtasi bilan gaplaşadi, – Ğayrat jahl bilan yerga tufladi.

Uning bu gapi Sanamoyning şaʼniga haqorat edi. Qonim qaynab ketdi. Mayli, Ğayrat – döstim, söksa ham çidayman. Lekin men uçun dunyodagi eng suyukli qiz haqida nomaqbul gap aytgan kimsa – yovuz duşmanim! Devorga tiralgan yoğoç eşakdan şiddat bilan sakrab tuşdim. Közim qonga tölgandi. Ğazabimni bosolmay qoldim. Pastda har bir harakatimni sovuqqonlik bilan kuzatayotgan Ğayratning yoqasidan oldim.

– Ovozingni öçir! – dedim öşqirib. Yana allanimalar deya guvrandim.

Ğayrat qarşi hujumga şay turgan ekan. U miqtidan kelgan bölsayam juda baquvvat edi. Töqmoqdek muştlari bilan ikkala bilagimga şunaqangi zarba berdiki, qöllarim öz-özidan yoqasini böşatdi. Ikkinçi muşt yelkamga tuşdi. Orqamga munkib yiqildim. Ğazabim vulqondek qaynab-toşdi. Heç qanday oğriqni sezmadim. Hansirab örnimdan turdim-u, ikki oyoğini ayri yoğoçdek kerib, qöllarini beliga qöyib olgan Ğayrat tomonga otildim. Uning nafrat bilan tikilgan közlarini hozirgaça unutganim yöq. Ha, ha, közlari botinida yiğilib yotgan beadoğ nafratni menga nayza qilib sançişga şay edi. Göl ekanman, bu haqida keyin ham öylab körmabman. Buning sababi bor ekanini juda keç bildim… Keç bilganimdan hozirgaça afsusdaman. Butun umr afsuslansam kerak…

Esonali örtaga tuşmaganida muştlaşuvimiz ançaga çözilişi aniq edi.

– Böldi qilinglar! – u Ğayrat bilan mening örtamga devordek turib oldi. – Oşnalar ham aşinaqa böladimi.

Men Esonaliga qarab biroz böşaşdim. Ammo Ğayratning muştlaşuvni bas qiliş niyati yöq edi. U Esonalini uloqtirib taşlamoqçi bölib yelkasidan uşlab jon-jahdi bilan tortdi. Şunda Esonali emas, uning özi uç-tört qadam nariga uçib tuşdi. Bu bir lahzada yuz berdi. Nima bölganini payqamay qoldim. Faqat çöpdek ozğin Esonali qöllari bilan yaşin tezligida allaqanday harakatlar qilganini kördim. Ğayrat çirpirak bölib uçib ketdi-da, gurs etib quladi. Oyoği qorişma taşiydigan paçoq paqirga tegdi. Paqir daranglab yumalab ketdi. Men sarosimalanib qoldim. Bir Esonaliga, bir Ğayratga qarayman. Ğayrat qattiq tuşgandi. Ixrab-sixrab yerdan boşini kötardi. Eng oğir işlarni qilib yurgan, mömingina “qora işçi”mizga nima böldi, demoqçidek baqrayib qoldi. Esonali özini yöqotmadi. Çaqqon borib Ğayratga qölini uzatdi:

– Turing, oşna, ayb bizda, – dedi qimtinib.

Hozirgina buqadek baquvvat Ğayratni bitta qöl siltaş bilan çillakdek uçirib yuborgan Esonali yoş boladek xijolat çekib turardi. Ğayrat ham, men ham nima uçun muştlaşganimizni unutib qöygandek edik. Jöram rangi oqarib hamon yerda yalpayib yotardi. Nihoyat öziga kelib qimirlab qoldi. Esonalining döstona çözgan qölini siltab, sökinib örnidan turdi. Dördoq lablarini alam bilan qimtib, içiqoralik bilan bir Esonaliga, bir menga öqraydi. Esonali heç gap bölmagandek xotirjam edi. Dumalab yotgan paçoq paqirni olib, qorişmaga ketdi. Men devorga tiralgan yoğoç eşakka tirmaşib çiqdim. Ğayrat nima qilişini bilmay simyoğoçdek biroz qaqqayib turdi-da, u ham pişgan ğişt olib kelgani ketdi. Tuşlikkaça gap-sözsiz işladik.

Nima bölganini Esonali keyinroq aytdi. U bolaligidan “sambo” kuraşi bilan şuğullangan, yoşlar örtasida respublika çempioni ham bölgan ekan.

Ğayrat ikki-uç kun tumtayib yurdi. Keyin hammasi avvalgidek bölib ketdi.

* * *

Purviqor toğlar etagiga yastangan Oydin qişloği xuşhavo, juda gözal. Bahaybat toşlar bağridan sitilib çiqqan buloqlarning suvi kengligi bir quloç keladigan soy bölib oqadi. Soy qismimiz oralab ötadi. Ofitserlar hovlisidan quyiga, dehqonlarning dalalariga buriladi. Suvi qoçganda köça tomondan paqirni töldiriş qiyin. Şunday paytlarda Sanamoy suv olgani ofitserlar hovlisiga kiradi. Soqçilikda turgan paytlarimda u bilan tez-tez körişamiz. Harbiy maşqlardan toliqqanimizda soy böyida ötirib nafas rostlaymiz. Men boşidagi durrasi yengil şabadada hilpirab suv olayotgan Sanamoyni tasavvur qilaman, uni soğinaman…

Kuz keldi. Baʼzan osmonni qora bulut qoplab, yildirimlar yoğdu soçib qoladi. Oydinlik dehqonlar daladagi hosilni şoşilinç yiğiştira boşlaşdi. Biz navbat bilan qismimiz oşxonasi uçun kartoşka kavlagani qişloqqa çiqamiz. Şunday payt­larda Sanamoyni körib qolaman. Yuragim hapriqib ketadi. Oldiga borsam, miriqib gaplaşsam, visoliga töyib taftimni bossam deyman. Tez orada ana şunday imkoniyat böldi.

Kuzning boşlarida hali kunlar iliq edi. Qism böyiça navbatçimiz  komandir çaqirayotganini aytib qoldi. Komandirning xonasiga kirganimda Xolbek Safarbekov bahaybat stolida nimalarnidir yozib ötirardi.

– Buyruğingizga binoan oddiy askar Boboyev keldi! – dedim qoida böyiça.

– Boboyev, suvoqçilik qölingdan keladimi?

 Qurilişda suvoqçilik işlariga ham ança közim pişgandi. Böş qolgan paytlarimda suvoqçi yigitlarning oldiga borib, işlariga qaraşib yurganman.

– Suvoqçilik qila olaman! – dedim dadil.

Gap nimadaligini fahmlagandim. Ğayrat, Esonalilar bilan kötargan devorimizni suvoq qiliş kerak edi. Biroq harbiy öquv maşqlari boşlanib bu iş qolib ketdi. Mana endi komandirning özi şu haqda gap oçdi. Yana Sanamoyni har kuni körişimni öylab iç-içimdan suyundim.

– Unda özing qurgan devorni yordamçilaring bilan suvoq qilasizlar, – dedi komandir.

Şu kuni yana harbiy qismimizdan taşqarida iş boşladik. Sirtqi devorning suvoğini Sanamoylarning hovlisi tomondan boşladim. Ğayrat bilan Esonali qum, sement, ohakni aralaştirib qorişma tayyorlab turişdi. Suvoq ğişt terişga qaraganda ança tez bitadi. Men işni ataylab çözardim. Devorning Sanamoylar hovlisi tarafida işlayotganimizda u çoy damlab kelib turdi.  Har kuni körişib, uzoq-­uzoq suhbatlaşardik. Şu kunlarda bir-birimizga örganib qoldik. Örtamizda muhabbatning körinmas iplari boğlandi. Şeriklarim buni payqamasliklari mumkin emas edi. Ğayratning ğaşligi kelayotganini sezardim. U baʼzan ğamgin bölib qolar, baʼzida meni siltab taşlardi. Bu oddiy ğaşlik emasligini sezmab­man…

Şunday qilib, ikki yil davomida Sanamoy bilan tez-tez uçraşib turdik.  Muddatli harbiy xizmatim tugaşi arafasida gapni bir joyga qöydik: uylariga sovçi yuboradigan böldim.

Men endi avvalgi böş-bayov Berdiyor emasdim. Askarlik hayoti jismimni çiniqtirdi, fikrim tiniqlaşdi, öz yölimni özim topa oladigan böldim. Bilaklarim toşdek qotgan, çaqqon, çörtkesar yigitga aylandim.

Ayni bahorda Ğayrat bilan birgalaşib qişloğimizga qaytdik. Ikki jöra bir kunda xizmatga jönab, bir kunda uyimizga kirib bordik. Ammo Ğayrat juda-juda özgargan, mendan özini olib qoçardi.

Ota-ona, jigarlarimning bağri, qadrdon jöralar bilan diydorlaşiş – juda şirin damlar edi. Boşim osmonda, quvonçli kunlarimda faqatgina Sanamoyning soğinçi qiynadi. U paytlari qöl telefoni yöq. Tunlarim xayolan sevgilim bilan dil izhorlashib ötdi. Uni tuşlarimda körib tong ottirdim. Xat yozişib turamiz, deb kelişgandik. Xatni uylariga jönatolmasdim. Xayrlaşayotganimizda poçta bölimiga “Talab qilib oluvçiga” deb yozişga kelişgandik. Birinçi maktubimni Sanamoyning öziga aytolmagan işqiy hissiyotlarim bilan töldirdim. Tez orada javob xati keldi. U men ketib harbiy qismimiz huvillab qolganini yozibdi. Buning maʼnosini tuşunib,  toğli Oydin qişloğiga quşdek uçgim keldi.

Işqning hijroni yomon bölar ekan, hayhotdek qişloğimizga siğmay qoldim. Bir hafta ötar-ötmas özim işlagan quriliş taşkilotiga bordim. Ustozim Pirmat amaki şu yaqindagi obyektda işlayotgan ekan. Meni körib quvonib ketdi, öz öğlidek bağriga bosib söraşdi. Harbiyda ham ğişt terganimni aytganimda boşi osmonga yetdi. “Endi sen şogird emassan, men bilan birga işlaysan”, dedi. Şu kunning ertasiga boşliqlar bilan gaplaşib, ğişt teruvçi qilib brigadaga işga oldirdi. Birinçi kuni ğişt terayotganimda işimni kuzatib turdi. Köngli töldi, çamasi:

– Balli, unutmabsan, deb maqtab qöydi.

Tez orada yoz kelib, kunlar isib ketdi. Toğ havosiga örganib qolgan ekanman, quyoşning tiğida işlaş oson bölmadi. Biroq meni  Sanamoyning soğinçi köproq qiynardi. Qölim işda-yu, xayolim Oydin qişloğida böladi. Soy böyida uçraşgan paytlarimizni qömsayman. Hoziroq uning oldiga uçib borsam, töyib-töyib bağrimga bossam, deyman. Bir oyni amal-taqal qilib ötkazdim. Unga xat yozib, yaqinda sovçilar borişini xabar qildim.

Birinçi maoşimni olgan kunim bozordan jiyanlarimga kiyim-keçak olib, qöşni qişloqqa uzatilgan Durdona opamnikiga bordim. Meni körib opam suyunib ketdi. Yelib-yugurib dasturxon tuzadi. Oşga unnamoqçi bölganida, “Opa, gap bor”, deb töxtatdim. Durdona opam közlarini möltiratib, xavotirga tuşib qoldi:

– Nima gap, Berdiyorjon? – dedi körpaçaga çök tuşib ötirayotib.

Kulib turaverdim. Opamning içi qizib menga tikilib qoldi.

– Harbiyda bir qiz bilan ahdlaşib qöyganman, – dedim yerga qarab.

– Voy, Berdiyorjon, kim u qiz?! – Durdona opamning gap ohangi birdan özgardi.

– Sanamoy.

– Ismi çiroyli ekan.

– Özi ham çiroyli.

– Ukaginam-a, harbiyda vaqtni bekor ötkazmabsan-da!

– Opa, sovçi yuboriş kerak, uydagilar bilan gaplaşsangiz…

– Gaplaşaman, jonim bilan gaplaşaman! Toğ tomonlar uzoq-ku?

– Özim olib boraman.

– Voy, kuyovning özi sovçilikka boradimi?

– Opa!

– Nima deysan, Berdiyorjon, – opam öylanib qoldi.

– Qizning uyi harbiy qismimizning qavatida. Men jöralarim bilan körişib turaman. Sovçilaringizga Sanamoyning uyini körsatib yuboraman.

– Şunday demaysanmi.

Uyimizga Durdona opam bilan birga qaytdik. Otamga maoşimdan qolganini olib kirib berdim. Uzoq duo qildi. Bu paytda Durdona opam onamning oldiga kirib, gapni pişitayotgan edi. Men tezda uydan çiqib ketdim. Öşa paytda biz tengi qişloq yigitlari juda-a istiholali bölişgan. Mendan avval uylangan jöralarim ham şunday qilişgan.

Keç bölganda uyga keldim. Durdona opam qaytib ketibdi. Onam kulib, odatdagidan boşqaçaroq qarşi oldi. Çehrasidan nur yoğilib turardi. Şu kungi qiyofasi hali-hanuz köz oldimdan ketmagan. Biz onamiz uçun doimo bola bölib qolaveramiz. “Öğlim er yetib qolibdi, keçagina bağrimda olib ötirardim-a, endi uylantirişimiz kerak ekan, bola degani quşning polaponidek tez uçirma bölar ekan-da”, deya öylagan bölsa neajab. Onajonimga, mehribonimga yuragimni yorgim keldi. Sanamoyni sevişimni, uning toğ osmonidagi ukpar bulutlardek mayin, toşdan toşga sakragan ohulardek gözalligini aytiş istagini yengolmay qiynaldim. Oriyatdan hamma gaplarim botinimda qolib ketaverdi. Ayb iş qilib qöygan boladek boş egib turdim.

– Durdona opang hammasini aytdi, – dedilar onam. – Otang ham bildi. Biz rozi. Mayli, bolam, öşa qiz könglingga ötirişgan bölsa, kelin qilamiz. Bir-ikki kun tayyorlik köraylik, otang kimni qöşib bersa, birga borib kelasizlar.

Men yana Sanamoyni körişimni öylab şamdek erib ketdim. Uning oldida yuzim yoruğ bölayotgandi. Tezda sovçilar kelişadi, deb işontirgan edim-da.

Ertasiga otam qarorini aytdi. Sovçilikka Durdona opamning eri Zafar poççam bilan Pirmat amaki boradigan bölişdi. Pirmat amakini köndiriş mening zimmamga tuşdi.

– Otang töğri öylagan, – dedilar onam. – Uzoq yöl, erkaklar borgani maʼqul.

Pirmat amaki rozi bölmasa-çi, deb çöçigan edim. Xavotirim örinsiz ekan. Şu kunning ertasigayoq ustamga yuragimni yordim. Pirmat amaki oçiqköngillik bilan iltimosimga köndi. “Mayli, Berdiyor, toqqa boriş kerak bölsa boramiz-da, sen bola şöx çiqding-ku, kelinni öşa yoqlardan olib kelar ekanmiz-da”, dedi yelkamga qoqib.

Oydin qişloği bizdan ikki yuz çaqirimlar yiroqda edi. Şanba kuni tong otmasdan Zafar poççamning “Jiguli”sida yölga çiqdik. Yozning çillasida jaziramaga qolmasdan yetib olaylik, dedik-da.

Maşinada uç soatlar çamasi yöl bosdik. Qişloqqa yaqinlaşganimiz sari oldindagi yuksak toğlar bostirib kelayotgandek tuyulardi. Moviy osmonga tutaşgan qorli çöqqilarga qarab Sanamoyni esladim. Xayolimda sevgilimning sölim çehrasi jonlandi. Men toğ gözalining şahlo közlarini, kulib-kulib qaraşlarini judayam soğingan edim.

Vaqt ötgan sayin yuragim taka-puka böla boşladi: “Sanamoyning uyidagilar yuq deb oyoq tirab turib olişsa, nima degan odam bölaman?”

Harbiy qismga yetganimizda rulda ötirgan Zafar poççamga töxtaş işorasini qildim. Maşinadan tuşib atrofga alangladim. Xayolimda mana hozir paqirini kötargan Sanamoy soydan suv olgani çiqib keladigandek tuyuldi. Ammo köça böm-böş edi, heç kim körinmadi. Özim, öz qöllarim bilan kötargan ravon devorga birinçi bor körayotgandek havas bilan tikildim. Hozir jonsiz devor ham men uçun qadrdon va suyimli edi. Axir, şu yerda işlayotib Sanamoyni topgan edim-da.

Zafar poççamga devorga tutaş, yaşil daraxtlar kökka böy çözgan hovlini körsatdim.

– Sen jöralaring bilan bölib tur, özimiz çaqiramiz, – dedilar Zafar poççam maşina eşigini yopayotib.

Meni körib harbiy qismimizga kiraverişda qorovulda turgan askarlar suyunib ketişdi. Biri olib, biri qöyib uyda qanday kutib olişgani, hozir nima iş qilayotganimni suriştira boşlaşdi. Ularni tuşundim, uylarini qömsaşayotgan edi. Menga yopişib olişganining boisi şu. Xizmat davrida özimda ham şunday bölgan. Birorta askarga taʼtil berilsa, qaytganidan keyin hammamiz uni qörğalab olardik. Men ham uning taassurotlarini jon quloğim bilan eşitar, göyo özim qişloğimizga borib kelgandek bölardim.

Ança gap-sözlardan keyin bu ikki askar nima uçun Oydinga kelganimni sörab qolişdi. “Sizlarni soğindim, körib ketay deb keldim”, deb qutuldim. Qism navbatçisiga qönğiroq qilib, içkariga kiritişdi. Qadrdon yölkadan tez-tez yurib ketdim. Uçragan jöralarim bilan quçoqlaşib körişdik. Ular meni askarlar yotoğigaça kuzatib borişdi. Içkariga kirganimda navbatçi ofitser komandir sörayotganini aytdi. Xolbek Safarbekovning menga munosabati xizmatimning oxirgi kunlarigaça yaxşi bölib qolgandi. Hatto qisqa muddatli taʼtil ham bergan. Özim voz keçganman. Şundoq ham ikki marta uydagilar kelib ketişgan edi. Komandir quçoq oçib körişdi. Unga kelişimning sababini oçiq aytdim.

– Boboyev, devor urayotganingda qişloğimiz qizini ham yuragidan urgan ekansan-da, – deb kuldi.

Şu kuni harbiy qismimiz oşxonasida mehmon qilişdi. Tuşdan keyin nazorat punktiga çaqirtirişdi. Çiqqanimda Zafar poççam kulib qarşi oldi. Nima gapligini bilolmay hayajonlanar edim. Yuragim bezovta quşdek bejo ura boşladi. Özimni biroz bosib, oldiga bordim.

– Qaynim, kelindi otasini köndiriş ança-a muşkul keçdi, – dedi poççam salmoqlab. – Ammo-lekin seni yaxşi bilişarkan. “Devor urgan askar bola” deganimizda darrov eslaşdi. Pirmat akaga yaxşilab eriydigan bölding. “Meni şogirdim”, deb toza-a maqtovingdi keltirdi. Endi töyga tayyorlik köraveramiz.

Biz Oydin qişloğidan yaxşi xabar bilan qaytdik. Şu kundan uyimizda töy maslahati boşlandi. Zafar poççam bilan Durdona opam kunda, kunora kelib turişdi. Töyning oldi-berdilarini kelişiş ham poççamga yuklandi. Çamasi uç-tört bor Oydinga borib keldilar. Ikki oy içida Sanamoy bilan töyi­miz böldi. Men baxtli edim. Xursandligim olamga siğmasdi. Sevgan qizimga yetişdim. Qurilişdayam işim çakki emas. Bir yigitga yana nima kerak.

Biroq şarşaradek quyilib kelgan quvonç­­li kunlarim bir umrlik emas ekan. Oradan yarim yil ötib baxtimga köz tegdi. Ğayrat yegan oşimga zahar soldi. U harbiydan qaytganimizdan keyin qurilişga bormagandi. Tuman markazidagi suğurta taşkilotiga işga kirib oldi.

Qiş oylari edi. Biz sinfdoş yigitlar bilan haftasiga bir kun gaştak qilar edik. Galdagi ötiriş Şodmonqul degan jöramizning tuğilgan kuniga töğri keldi. Ziyofat quyuq böldi. Men aroq içmas edim. Şu kuni jöralarga qiziqib yaxşigina “olib” qöyibman. Tunda Ğayrat bilan uyga qaytayotganimizda nimadandir gap talaşib qoldik.

– Sen ham tezroq uylanib olsang, bosilib qolasan, – deyişimni bilaman, Ğayrat birdan tutaqib ketdi. Yölning örtasida ketayotgan edik. Oldimni tösib, vajohat bilan turib oldi. Sovuq qiş tunining qorli keçasida ikkimiz yolğiz edik. U menga ğazab bilan tikildi. Közlaridan uçqun saçragandek böldi.

– Bir uylangan senmi! – dedi yonboşiga “çirt” etkazib tuflab.

Meni ajablantirgani Ğayratning ovozida beadoğ bir nafrat bor edi. Dafʼatan gapining mazmunini tuşunolmadim.

– Nima demoqçisan?! – etim jimirlaşib ketdi.

– Xotiningdi qornidagi bola sendan emas! – ilondek vişilladi u. – Sendan emas, löx! Erkaklar bilan oçilib gaplaşib yurişidan bilmadingmi?!

Ğayratning, yaqin jöramning tomdan taraşa tuşgandek bunday deyişi bomba portlaşidek taʼsir qildi. Quloğim şanğillab, vujudim muzga aylandi. Osmondagi yulduzlar badanimga sançilib, butun tanamni tilka-pora qilayotgandek tuyuldi. Böynimga arqon solingandek, dorga tortilgan odamdek böğila boşladim. Qöllarim öz-özidan muşt bölib tugildi. Bor kuçimni töplab yuziga tuşirdim. Nima deganim, qanday sözlarni aytib sökinganimni eslolmayman. Ğayrat ham qarab turmadi. Jon-jahdi bilan yuz-közim aralaş muştlay ketdi. Biz yoqalaşib qorda dumalaşar, bir-birimizni ayamasdan urardik. Ğayrat mendan ança baquvvat, kuçli edi. Uning ketma-ket bergan zarbalaridanmi, alamdanmi, karaxt bölib qorda yotib qolibman.

Bir payt özimga kelganimda Ğayrat yöq edi. Sovuq qiş keçasida, qor bosgan yölda huş-behuş bölib çözilib yotibman. Itlarning akillaşidan boşqa ovoz eşitilmaydi. Sovuqdan etim junjikdi. Yarim tunda qişloq çekkasidagi yöldan kim ham ötardi. Örnimdan qözğamoqçi bölib talpindim. Yuzimda, biqinimda sançiq turdi. Ammo yuragimdagi toşdek oğir dard oldida bu oğriq heç gap emas edi. Qorda ötirib oldim. Örnimdan turişga majolim yöq. Ğayratning gaplarini eslab ökirib yiğlab yubordim. Quloğim ostida “Xotiningdi qornidagi bola sendan emas”, degan dahşatli haqorat qayta-qayta jaranglayverdi. Quloqlarimni berkitib oldim. Öşa tovuş miyamni kemira boşladi…

Şu ahvolda qança ötirganimni bilmayman. Özimga kelib, örnimdan turdim. Boşimni egib uyimiz tomonga gandiraklab yurib ketdim. Mastligim allaqaçon tarqagandi. Alamdan, iztirobdan yurgan yölimda daryodagi qayiqdek çayqalaman. Sanamoyning qiliqlari, erkalanişlari sel boşlanişi oldidagi çaqmoqdek lip-lip etib xayolimdan öta boşladi. Bu öylar meni yanayam kuçliroq ğazablantirdi.

Toğli qişloqning erkagu ayoli oçiqkö­ngil, jaydari. Sanamoy heç kimdan özini olib qoçmasdi. Hamma bilan aka-ukalaridek söraşib-salomlaşib ketaverardi. Şu odati qişloğimizga kelin bölib kelganida ham qolmadi. Birovni aka, boşqasini uka deb yuraverdi. Ğayratning gapidan keyin bular öşa iddaoning isbotidek tuyula boşladi. Yuragimga xanjar sançilgandi! Bu tiğ şu paytda yuragimnigina emas, ongimni ham jarohatladi. Sanamoy haqida öylaganim sari Ğayratning gapida jon bordek tuyulaverdi, uning pokligiga şubham ortdi.

Uyga yetib kelganimda ğazab otiga mingandim. Xotinim közimga buzuq ayol bölib körindi.

Qişloğimizda uylar çetan devor bilan öralgan. Darvoza örnidagi tösiqni surib oçdim. Uzun yölakdan oldinga tomon yurdim. Sanamoy bilan yaşayotgan alohida uyimizning çiroği yoniq edi. Bilaman, keç qolsam uxlamasdan kutadi. Könglim alağda böldi. Ğayratning gapiga işonmasligim kerak, deb ham öyladim. Lekin bu oson emasdi. Bunga kuçim yetmadi! Qöllarim yana öz-özidan muşt bölib tugildi. Uyga şiddat bilan otilib kirdim. Eşik taraqlab oçilganda Sanamoy dahlizga çiqdi. Közimning atrofi kökargan, burnim qonagan ahvolda ekanman. Meni körib rangi-quti öçib turib qoldi. Uni oğiz oçişga qöymadim. Alamimni tökib olmasam yorilib ketay deyayotgandim.

– Qorningdagi bola kimdan, qanjiq?! – deb quturgan buqadek bökirdim.

Sanamoyning közlari pirpiradi-yu, gapirolmay qoldi. Öşa paytda buni aybiga iqrorlik deb öylabman. Özimni tutolmasdan yuziga bor kuçim bilan tarsaki tuşirdim. U çinqirib yubordi-da, yuzini qöllari bilan tösib oldi. Butun vujudi keç kuz böronida qolgan bargdek qaltirardi. Yana xezlanib turganimda madordan ketib yerga yiqildi. Men tepasida turib olib, oğzimga kelgan gaplar bilan uni sökar, buzuqdan olib, buzuqqa solar edim. Sanamoy ingrar, yiğlar, “yöq, yöq” deyişdan nariga ötolmasdi. Men it bölib ketgandim. Xotinimning har bitta harakati, özini oqlaydigan biror söz ham aytmayotgani Ğayratning gapi rostligiga işonçimni yanayam orttirdi. Odam ğazab otiga minganida aql ketadi, deganlari şu ekan-da. Engaşib yana muşt öqtalayotganimda onam kirib qoldi.

– Nima böldi, nima gap?! – titrab-qaqşab baqirdi menga. – Nega urasan kelindi, nodon bola, oğir oyoq-ku, axir! – deya yerda ğujanak bölib yotgan Sanamoyga yopişdi.

Onamni qişloqda “Norgul momo” deb hamma hurmat qiladi. Aqlli, zukko ayol. Sanamoyning turişiga yordamlaşayotib qöli bilan işora qildi:

– Sen çiq bu yerdan! Meni uyimga kirib ötir. Içib kelibsan-da!

Men turgan joyimdan qimirlay olmasdim. Şu payt yiğlayotgan Sanamoy tilga kirib qoldi:

– Ena, enajon! Öğlingiz bola… bola kimdan, deyapti! – u alamdan dodlab yubordi. – Men bu gapni kötarolmayma-an!

– Uni jöralari içirgan, sira içmas edi mening bolam! Sen gapiga eʼtibor qilma, kelin, – onam ovuta boşladi.

Biroq şu tobda buning iloji yöq edi. Zilzila sodir bölgan edi. Hammayoqni vayron qilib bölgandi bu zilzila. Aytilgan söz – otilgan öq. Men nomard Ğayratning gapi bilan pokiza uyimga olib kelgan daʼvo dunyoni ostin-ustun qilib yubordi, Sanamoyning yuragini ovçining öqiga uçgan ohudek yaraladi. Öşanda bu jarohat heç qaçon bitmasligini, mening ham yuragimni bir umrga qon qilib qöyişini bilmas edim.

Haqiqat şu kunning ertasiga ayon böldi…

…Öşa tunda onamning uyiga çiqib ketdim. Otamdan bir şapaloq yedim, sökiş eşitdim. Şundan keyin issiq elitib, uxlab qolibman.

Kun yorişganda onam uyğotdi. Yuragim siqilib örnimdan turdim. Keçagi içkilikning taʼsirida boşim garang edi. Tundagi voqealarni eslab könglim ğaşlandi. Tund başaram onamga yoqmadi:

– Örningdan turib yuvinib kel, – dedi boş çayqab.

Bu tong uyimizda hammaning kayfiyati rasvo edi. Alohida xöjalik bölgan akam bilan yangam kelişdi. Ularni onam çaqirtiribdi. Besarligimizning sababini meni oldilariga çaqirişganda bildim.

– Kelin ketib qoldi, – dedi onam alam bilan. – Endi nima qilamiz? Şarmanda böldik!.. Qol deb Xudoning zorini qildim, bölmadi. “Enajon, mendan rozi böling”, deb yiğlab-yiğlab ketdi. Qişloqda Norgul momoning böyni bukilmagan edi. Endi mana bunday ahvol… Berdiyor bolam, sen aqlli yigit eding-ku, nima böldi? Ayt, seni kim yöldan urdi? Bu tuhmat gaplarni qay gördan kavlab olding?!

Men şundoq ham adoyi tamom bölgandim. Ğayratning “Bola sendan emas” degan gapini eslab iç-etimni kemiraman. Bir söroq qiynaydi: agar bu gap yolğon bölsa, Ğayrat nega bunday dedi?! Maqsadi nima?! Qayerdan oldi bu bombadek portlagan, bir lahzada hayotimni dözaxga aylantirgan, baxtli kunlarimga ilonning zaharini solgan gapni?!

Yiğilganlar mendan javob kutişardi. Uyatdan, alamdan heç narsa deya olmadim. Onamning, jigarlarimning közlariga qarolmadim. Tilim tanglayimga yopişib qoldi. Örnimdan turib, öqdek otilib uydan çiqib ketdim.

Ğayratning oldiga borişim, yoqasidan olib, öşa mağzavadek iflos gapiga javob berişini talab qilişim kerak edi. Qöllarim yana muşt bölib tugildi. Yana keçagidek vujudim yonib, botinim ğazab-nafratga töldi!

* * *

Bizning hovlimiz qişloğimizni yoqalab ötadigan katta yöl böyida, Ğayratlarniki bir köça nari – örtaliqda. Tunda yoqqan oppoq, yumşoq qorni ğarç-ğurç bosib ularning uyi tomonga yurdim. Qorli yerning şaffoflik darajasiga yetgan tiniqligidan közlarim jimirlaşib ketdi. Mening könglim esa buning aksi edi, bugun uni kadar qoplab olgandi. Bu ğam-ğussa yuki yuragimni ğijimlayotgandi, men ado bölayotgandim. Yöl-yölakay  bozorga otlangan bir-ikki hamqişloqlar uçradi. Ularga boşimni qimirlatib, salomlaşgandek ötib ketaverdim. Ortimdan ajablanib qarab qolişganini payqadim. Ammo buni öylaydigan ahvolda emasdim.

Ğayratning hovlisi ham biznikidek çetan devor bilan öralgan. Hovliga kirganimda Ğayratning onasi Sarvi momo kutib turgandek yugurgilab uydan çiqdi.

– Berdiyorjon, kel, öğlim?! –  Sarvi momoning ovozida hadik, qörquv bor edi.

– Ğayrat uydami? – dedim qovoğimni uygança ğöldirab.

– Ğayrat jörang saharlab çiğib ketgan, çiğib ketgan, ayna, – Sarvi momo nimagadir yiğlamsiradi. – Uzoqqa ketdim, dedi. Qaygaligini aytmadi… Nima böldi sizlarga, gödaklikdan ajralmagan jöra edinglar-ku…

Sarvi momoning qolgan gaplarini eşitmadim. U tundagi voqeani bilişini tuşundim. Ğayratning uyida emasligiga esa işonmadim. Uyat va alamdan bir söz ham deyolmay ortimga ögirildim-da, qalin qorni ğarç-ğurç bosib tez-tez yurib ketdim. Şu topda böşaşgan, soddagina Sarvi momo ham mening ustimdan kulayotganga öxşardi.

Qişloqning qorli yölidan tentakdek gandiraklab borardim. Göyo qişloğimiz böylab Ğayratning “Bola sendan emas, bola sendan emas”, degan ovozi jaranglab eşitilayotgandek tuyuldi. Havoning sovuqligidan emas, ana şu alamli öylardan junjikib uyimiz tomonga şoşildim. Yotoqxonamizga kirib kelganimda ham xonada öşa dahşatli sözlar jaranglab eşitila boşladi. Ikki quloğimni berkitib öringa yotdim…

Tuşlik payti bölganda onam uyğotdi. Boladek tumtayib ötirib oldim. Bir maromda keçayotgan tinç, baxtli hayotim tugagandi. Nafaqat mening, uyimizdagilarning ham tinçi buzilgan, hammaning köngli xufton edi.

Onam röparamga ötirib, sekin gap boşladi:

– Sarvi momong keldi… – onam biroz jimib qoldi. – Tuni bilan ular ham uxlaşmabdi. Öğli mastlikda bor gapni aytib beribdi… U ham Sanamoyni yaxşi körgan emiş. Senga aytgan gapi yolğon ekan. Öç olaman deb şunday qilibdi. Sen ahmoq bola…

Onam ökirib yiğlab yubordi. Men sakrab örnimdan turib ketdim. Bu haqiqat boşimga gurzi bölib tuşdi. Peşonamni devorga urgim, dodlagim, özimni muştlab taşlagim keldi. Ammo könglimda heç narsa özgarmadi. Içim böm-böş. На суюндим, на таскин топдим. Badanimda titroq turdi. Ğayratga bölgan nafratim, ğazabim ön, yuz çandon ortdi. Titrab, tirişib qolgan edim. Onam bilagimdan tortdi:

– Ötir! Hamma gaplarni esingdan çiqar! Sendan qörqib Ğayratni qoçirib yuborişgan. Endi uni körmaysan. Kelindi qaytariş kerak. Akangdi Zafar poççangga yubordim,  Sanamoyni olib kelasizlar!

– U kelmaydi, – dedim sekin.

– Keladi! Bolangdi yetim qilib qöymoqçimisan?!

Onamning bu gaplari yuragimga otilgan toşdek qattiq botdi. Men Sanamoyning qaytişini istamayotgandim. Könglim singan çinnidek parçalarga bölinib ketgan, Ğayratning bir oğiz gapi vujudimni sovuq toşga aylantirib qöygan…

Şu yakşanbada Durdona opam bilan Zafar poççam biznikida yotib qolişdi. Durdona opam gödakligimda kötarib katta qilgani uçun menga juda mehribon edi. Könglimni kötarişga urinib ança gaplarni gapirdi. Zafar poççam esa “Obbo qaynim-yey, nima işlar qilib qöyding, toğ tomonlarga yana borarkanmiz-da”, derdi nuqul.

Ertasiga saharda opam bilan poççam Oydinga jönab ketişdi. Duşanba edi, men qurilişga bordim. Qölim işda-yu, xayolim boşqa yoqda. Pirmat amaki kuzatib turgan ekan, oldimga keldi.

– Berdiyor, senga nima böldi, hov bola? Kelin bilan oralaringdan bir gap ötdimi? – sinovçan tikildi u.

Ustaga nima deyarimni bilmasdan boladek kalovlandim. Yuragim qon edi, dardim daryo bölib oqayotgan edi. Sanamoyni yöqotganimni endi-endi his qilayotgandim. Ğayrat qilğilikni qilib qoçib ketdi. Men esa it azobiga qoldim! Sanamoyga ham oğir bölişini öylay boşladim. “Qaytib kelarmikan?” degan söroq uyga qamalib qolgan qaldirğoçdek miyamda çarx uradi. Men-çi, men uning qaytişini xohlaymanmi? Garçi tuhmat bölsa ham örtaga xiyonat haqida gap oraladi. Bu gap bugun-erta qişloqqa yoyiladi. Odamlarning oğzini yopib bölmaydi… Men arosatda qolgandim. Öylarim tagsiz, tayançsiz lomakonda edi…

Xayol surib qolgan ekanman, Pirmat amaki tirsagimga sekin turtdi:

– Ayt, nima böldi?

Özim ham tölib turgandim. Yuragimda töplangan zardob yorilsa-yu, sitilib-sitilib oqsa, ozgina bölsa ham yengil tortsam derdim. Biz yonma-yon ğişt terayotgan edik. Atrofda ustadan bölak heç kim yöq. Yerdagi taxlab qöyilgan ğiştga ötirib oldim. Pirmat amaki qarşimga çökdi. U menga ustoz, döstim, otamdek bölib qolgan. Şuning uçun ham bor voqeani oqizmay-tomizmay aytib berdim. Heç gapni yaşirmasdan, hammasini aytdim. Aytib böldim-u, ança yengil tortdim. Xayolimda Pirmat amaki muammolarimga yeçim topadigandek edi. Öşa tunning azobi, Ğayratning böhton gaplari, ertasiga yaramga tuz sepilgandek qiynalganlarim – bari-barisini aytdim.

Pirmat amaki gapimni bölmasdan eşitib ötirdi. Ahmoqligim uçun sökadi, hatto bir şapaloq urab yuboradi ham deb öyladim. Men bunday jazoga loyiq edim. Usta şunday qilganida yanayam yengil tortgan bölar edim. Pirmat amaki öyga çömib, boşini çayqadi:

– Çatoq bölibdi, çatoq, – dedi afsuslanib. – Berdiyor, uni ikki yil askarlikda yurib sinagan eding. Xotining töydan keyin har kuni yoningda böldi. Qanday ayolligini nahot bilmading? Ğayrat jörang asli tirraqiroq bola edi, senga ham itlik qilibdi-da!

Men nodonni Pirmat amakining gaplari huşyor torttirdi. Birdan közimning oldini qoplagan parda surilib, haqiqatni köra boşladim. Qiziqqonlik bilan qilib qöygan işimning oqibatini öyladim. Bu mening şu yoşimgaça qilgan eng katta xatom edi. Biroq öşa paytda buning jabrini bir umr tortişimni hali bilmasdim.

Iş ham unmadi. Qurilişda kunni bir amallab keç qildim. Uyga kelganimda otam bilan onamdan bölak heç kim yöq edi. Kulib qarşi oladigan sarvqad Sanamoy ham yöq! Uyimiz huvillab qolgan.

Otam hovlida ğimirlab yurgan ekan. Meni körib qovoq uygança indamasdan uyga kirib ketdi. Serrayib turib qoldim. Bilaman, uyimga kirsam, Sanamoyni qiynaganlarim xayolimga börondek yopiriladi, yana ezilaman…

Şu paytdagi ahvolimni onam yaxşi tuşundi. Onalar farzandlarini hamişa, hammadan yaxşi tuşunadi. Dunyoga keltirgan zurriyodlari bilan umrining sönggi damlarigaça közga körinmas teran tomirlar bilan boğlangan böladi. Onamiz borligi uçun ham biz özimizni inson deb his qilamiz. Eng oğir damlarda, hatto ölim çang solganida ham beixtiyor “ona-a!” deya emranamiz.

– Berdiyorjon, uyingga kir, – dedi onam yonimga kelib.

Meni boladek yetaklab içkariga olib kirdilar. Çöyan peçka yoqilgan bölsayam, xona sovuqdek tuyuldi. Har bir jihoz Sanamoy bor paytdagidek joy-joyida edi. Töşaklar taxmonga yiğilgan. Xontaxta atrofiga baxmal körpaçalar solingan. Sanamoyning şoyi pardasi tutilgan derazadan qoronği tuşa boşlagan hovlimiz munğayib körinadi.

Onam bilan xontaxta çetiga ötirdik. Hadik, biroz vahima bilan oğzini poylardim. Men keçagi, hatto ertalabki Berdiyor ham emasdim. Pirmat amakining gaplari aqlimni kiritdi. Göyo osmondagi bulutlar tarqab, quyoş çaraqlab çiqqan edi. Qilib qöygan ahmoqligimning jabrini allaqaçon tortayotgan edim. “Zafar poççam bilan Durdona opam Oydindan qanday xabar olib kelişadi?”. Özim sezmagan holda şu haqda öylay boşlagandim. Qani endi, hammasi bir lahzada unutilsa. Hayotimni ikki kun orqaga qaytarib bölsa edi!

– Poççang bilan opang qudanikiga borib kelişdi, – dedi onam xonadagi sovuq jimlikni buzib. – Quda ham, qaynonang ham aniq bir gap aytişmabdi. Harqalay, “yöq” deyişmabdi-ku. Kelinning özi bölsa “Bormayman, u qişloqqa borolmayman endi”, deb yiğlab turib olganmiş. Durdona opang Sanamoyni köndirişga çunon urinsa ham foydasi bölmabdi… Endi sabr qilamiz, bolam.

* * *

Kunlar asta-sekin iliy boşladi. Qorlar erib, yöl çetlarida yaşil maysalar körindi. Uylarning böğotlarida juft-juft bölib qaldirğoçlar çirqillab qolişdi. Hamma Sanamoyning “böyni yor berib qolişi”ni kuta boşladi. Şunday qilib kunlar, oylar ötdi. Bahor keldi. Durdona opam bilan Zafar poççam hamon bözçining mokisidek Oydinga qatnaşardi.

– Kelin oyoğini tirab turib olgan. “Boşqa ovora bölmanglar, endi qaytmayman”, dedi.

Ular oxirgi marta borib kelganlarida ana şunday deyişdi.

 Men Sanamoydan ayrilgandim. Qilğilikni qilib qöygan Ğayrat esa qişloqqa qadam bosmadi. Çölga ketib qolibdi, degan gap eşitdim. Keçagina karillab yurgan yigit suvga tuşgan toşdek yöq bölib qoldi. Jöralarimdan öşa yoqda uylanganini eşitdim.

Qurilişda kun böyi ğişt teraman. Hammadan köp işlayman. Közimni yumib ham ğişt tera oladigan böldim. Çoklari bexato çiqadi, bir tekis yoyilgan qorişmaga çaqqon-çaqqon ğişt qöyib, qulf-kalit qilib ketaveraman. Pirmat amaki işimdan minnatdor. U mening ahvolimni hammadan yaxşi tuşunar, hayotimning bunday tomonga özgarib ketganiga qattiq açinardi. Har zamonda “Qöyaver, hali yoşsan, hammasi izga tuşadi”, deb qöyadi.

Ertaga nima bölişini aytib bölmas ekan. Hammasi izga tuşib ketmadi. Suddan çaqiruv qoğozi oldim. Sanamoy ajraşiş töğrisida ariza beribdi.

Belgilangan kuni sudga bordim. Sanamoyni köraman, gaplaşaman degan edim. Bu umidim ham puçga çiqdi. Uning nomidan yangasi keldi. Sudning qarori bilan ikki oy muhlat berişdi. Bu muddat ötgandan keyin esa… bizni ajratib yuborişdi. Öşanda yangasi Sanamoyning qizli bölganini aytdi. Mening hali bitmagan yaram yana yangilandi…

Xullas, men xotinim bilan rasman ajraşdim. Sanamoy nafaqa undiriş uçun ariza ham bermadi…

Hayotimdagi bu yöqotişga çidaş oson bölmadi. Tunlari uxlolmasdan tölğanib çiqardim. Şunday paytlarda Ğayratni tutib olib böğgim, avtomat bilan otib taşlab alamdan çiqqim kelardi. Biroq bu mening xomxayolim edi. Endi biz yurgan söqmoqlar tutaşmasligi kerakligini bilardim.

Şunday kunlarda onam meni ikkinçi marta uylantiriş harakatiga tuşdi. Kasbim bor, topiş-tutişim yaxşi. Tegaman degan qizlar ham talaygina. Qişloqda gap yotadimi, boşimdan ötganlarini hamma eşitgan.

Bölib ötgan voqealar taʼsirida könglim karaxt bölib qolgandek edi. Kelin tanlaşni onamning öziga qöyib berdim. Haqiqiy sevgi lazzatini inson bir marta totadi. Sanamoy mening birinçi muhabbatim edi. Xayolimda Oydin qişloğida körganimdek – çelak kötarib soy böyida turgan holida suratga olingandek muhrlanib qoldi. Bilaman, endigisi unday bölmaydi…

Onam kelinlikka Zebi degan qizni tanladi. Zebi hamşiralik bilim yurtini bitirib, qişloğimizdagi ambulatoriyada işlayotgan edi. Bir marta uçraşib, gaplaşdik. Men unga yuragimda borini aytdim. Sanamoyni unutişim qiyin bölayotgani, biroq u endi qaytmasligini – bari-barini tökib soldim. Zebi jim ötirib eşitdi. “Mayli, hammasiga roziman”, degan javobni aytdi. Şundan keyin töyimiz böldi.

Mana, oradan köp yillar ötdi. Xotinimdan nolimayman, yaxşi turmuş qilib kelyap­miz. Hozir yangi qurilgan qişloq vraçlik punktida hamşira bölib işlaydi. Törtta farzandimiz bor. Tönğiç öğlimni uylantirganman, yaqinda nevarali bölaman. Sanamoy haqida bir martayam oğiz oçmadi. Bunga baʼzan özim ham hayron bölaman. U esa köng­limga qaraydi…

Ğayratni sörayapsizmi?.. Öşa voqeadan ön yil ötib yuzma-yuz bölganmiz. Savri momo – onasi qazo qilganda. Ğayratning çöldan kelganini bilganim uçun janozaga borişga ham ikkilanganman.

– Öğlim, hamma gaplar ötib ketdi, endi borib jörangga bandalik bildir, –  dedi onam.

Onamning gapini ikki qilmay, el qatori taʼziyaga bordim. Ğayrat qora çopon kiyib hassakaşlar qatorida turar edi. Menga közi tuşib, yerga qaradi. Yaqin jöralardek yelkasidan olib bandalik bildirişim lozim edi. Agar şunday qilsam, badanimga iflos bir narsa ilaşib qoladigandek tuyuldi. Taʼziyaga boriş burçim edi, burçimni ado etdim, ammo Ğayrat bilan söraşmadim. Rahmatli Sarvi momoning keyingi maʼrakalarida ham şunday böldi. Sinfdoş jöralarimiz meni tuşunişar edi, ortiqça gap qilişmadi.

Şundan keyin Ğayrat bilan uçraşmasam kerak, deb öylagandim. U butunlay çöllik bölib ketgan edi. Qişloqqa kamdan-kam kelar, jöralarimizga ham juda-a qöşilavermasdi. Biroq bundan beş yil avval taqdir bizni yana uçraştirdi…

Vaqt odamlarga böysunmaydi, yillar köng­limizda armon bölib ötaveradi. Tengdoşlarimiz bola-çaqali, oldilari quda-andali. Ulğayganimiz sayin bir-birimizning qadrimizga yanayam köproq yetadigan böldik. Bahor, yoz oylarida qişloq kişilari işdan ortmaydi. Endilikda köpçilikning ğallaçilik, boğdorçilik fermer xöjaliklari bor. Kuzda-ku, dalaning işi qaynagandan qaynaydi. Bizning soçlarimizga oq oralay boşladi. Lekin qiş oylarida avvalgidek gaştakka töplanib olamiz. Bu odatimizni hozirgaça tark etmadik.

Öşanda qahraton qiş edi. Qor böralab yoğayotgan kunda jöralar bilan gaştakka yiğiladigan böldik. Navbat – Safar degan sinfdoşimizniki. Safar – köngli oçiq, hazilkaş, quvnoq yigit. Boşimizni qovuştirib, gaştaklarimizni taşkillaştirib yuradigan ham şu Safarboy.

Safarning uyi qişloq çetida – ulkan yonğoq daraxtlari bilan qurşalgan katta hovli. Yöl yoqalab Safarnikiga ketar edim. Bir payt Ğayrat menga öşa dahşatli sözlarni aytgan joyga borib qolibman. Har safar şu yerdan ötganimda öşa qora tun esimga tuşib asabiylaşaman. Hozir yana şunday böldi…

Öşanda ham qahraton qiş edi… Atrof qor bilan qoplangandi. Yölning narigi tomonidagi ğallazor qirlardan izğirin şamol esib, etni junjiktirardi… Köz oldimda Ğayratning oy yoruğida çaqçaygan qahrli közlari namoyon böldi. Keyin u hayotimni ostin-ustun qilib yuborgan “Xotiningdi qornidagi bola sendan emas” degan öşa dahşatli sözlarni aytdi. Biz qorda yumalaşib, tevalaşib ketdik. Bir-birimizga ayamasdan, jon-jahdimiz bilan muşt tuşirardik… Men heç qanday oğriqni sezmasdim. Qir tomondan esayotgan izğirin şamol ham karaxt bölib qolgan tanamga zarraça taʼsir qilmayotgandi…

Xayol surib borar ekanman, Safarboynikiga yetganimni payqamay qolibman. Qişning çillasi emasmi, kun qisqa, erta qoronği tuşdi. Yölakdan yurib, çiroği yoniq taniş mehmonxonaga yaqinlaşdim. Içkaridan jöralarimning gangir-gungur hangamalaşayotgan tovuşlari eşitildi. Endigi gaştaklarimiz avvalgidek qiyqir-qiyqirlar bilan ötmasdi. Biz qirqdan ötgan, ança bosilib qolgan erkaklar edik.

Mehmonxonaning ostonasiga qadam qöyganimda içkaridan Safarboyning özi çiqib qoldi.

– Berdiyor, jörajon, kelaqol, – dedi şoşib. Söng nimagadir qoqqan qoziqdek tikilib turib qoldi.

– Uyingga kiritasanmi yo qaytib ketaymi?

– E-e, nima deyapsan, – Safar çaqqon harakat bilan özini çetga oldi.

Men heç qanday şubhaga bormasdan mehmonxonaga kirdim. Kirdim-u, birov ustimdan sovuq suv quyib yuborgandek junjikib ketdim. Xonada birovi möylovdor, birovi kösa jöralarim davra qurişgan. Ularning köpçiligi şirakayf. Dasturxonda oçilgan aroq şişalari bor edi. Jöralarimning örtasida, ne köz bilan körayki, Ğayrat ötirardi. Öşa-öşa miqti gavda, yöğon yonoq suyaklari turtib çiqqan yuzi ham özgarmagandek. Faqat tölişibdi,  soçlari oppoq oqarib ketibdi. Atrofida ötirgan tengdoşlaridan ana şu oppoq soçi bilan ajralib turardi. Ğayratga tikilganimça haykaldek qotib qolibman. Menda na hadik, na avvalgidek nafrat bor edi. Uning yana jöralarimga qöşilib olganidan ijirğandim. “U bölgan joyda menga örin yöq”, degan xayolga bordim.

Davrada ötirganlardan ayrimlarining boşlari egik, boşqalari endi nima bölarkin, degan öyda bizga tikilib qolişdi. Hamma nimadir yuz berişini kutardi. Ğayrat ham mast közlarini pirpiratib bir muddat menga tikilib ötirdi. Söngra oğir yuk bilan qözğalayotgan parovozdek pişillab örnidan turdi. Ötirganlarning oyoqlariga qoqilib-suqilib taypanglab oldimga keldi. Endi men ham hayrat bilan uni kuzata boşlagandim. “Ğayrat nega adaşgan böridek bu yerda paydo böldi? Nima kerak unga? Yana muştlaşamizmi? Yoşi ötgan sayin alami ortdimi? Axir, öşa nomardligi uçun u ham yaxşigina jabrlandi. Tuğilib-ösgan qişloğidan badarğa bölgandek qoçdi. Yor-birodarlaridan, jöralarimizdan ayrildi”.

Ğayratga tikilib turarkanman, botinimdagi ğalayonni bosişga urinardim. U menga yaqinlaşib keldi-da, qöqqisdan tiz çökib oldi.

– Berdiyor, men itlik qildim, keçir, – dedi xirilloq tovuşda. – Öşanda aytgan gaplarim yolğon! Yolğo-on!

– Bilaman, Savri momo onamga hammasini aytgan.

– Unda nega Sanamoy bilan ajraşding?! – Ğayrat alam bilan baqirib yubordi.

– Könglim ilimadi.

– Men aytgan gap uçunmi?

– Ha!

– Meni keçir, jörajo-on, keçir! – u telbalardek ikki qölini oldinga çözdi. – Keçiringlar meni-i! Bolangni yetim qilgan ham me-yen! Bilaman, Norgul momo, xotining, sen ham… qarğagansizlar! Ha, qarğagansizlar! Meni qarğiş urdi, Berdiyor! Farzandsizman, bolam yöq, ikkinçi xotinim ham tuğmadi. Men itni qarğiş urdi, jörajo-on!

Ğayratning ovozi titrab ketdi. U jinnisifat bölib qolgandi. Tirişib ketgan yuziga mastlikdan qisilgan közlaridan yoş quyildi.

– Qarğişlaringni qaytib olinglar, – hiqilladi u.

– Men bunday deb qarğaganim yöq, onam ham…

Xona jimjit edi. Hamma jim edi. Ğayrat yana biroz şunday ötirdi-da, örnidan turib, gandiraklaganiça eşikka yönaldi. Safar uning ortidan çiqdi…

Öşa kungi gaştagimiz sovuq ötdi. Içkilik ham jöralarimning köngliga çökkan kadarni ketkazolmadi.

Bahorda çöl tuni ajoyib böladi. Oçiq derazadan körinayotgan falakning bir parçasida yulduzlar sirli-sirli jimirlaydi. Uyçamizdan çöl qöyniga tikilib ötirarkanman, allaqanday nurli çiziqlar jilva qilib qoldi. Uzoq-uzoqlardan turli jonivorlarning çi­­yillagan, uvillagan tovuşlari eşitildi. Biz ötirgan xonaning oçiq darçasidan rutubatli havo tölqini olib kirgan anbar islar dilni qitiqladi. Ikkimizning ham uxlagimiz kelmayotgandi. Gap gapga ulandi, Berdiyor meni öziga yaqin olib, dilidagi armonlarini tökib sola boşladi.

– Ğayratning öşa qiş tunida alamdan aytgan yolğonlari boşimga kö-öp taqdir öyinlarini soldi, – deb hikoyasini davom ettirdi Berdiyor, – Xudoga şukur, hozir oilam tinç, bola-çaqam bağrimda. Onam töqsondan oşdi. Umrini uzoq qilsin, deyman doim. Şunday ekan, Ğayratga yomonlik tilaymanmi. Uning befarzandligiga açindim.

Yana bir gap: men Sanamoyni heç qaçon unutganim yöq. Şunday paytlar böladiki, uning sölim çehrasi xayolimga quyundek yopirilib kelib, köz oldimda turib oladi. Menga araz bilan boqadi, nimalardir deb qiynaydi. Qaçondir bir voqea sodir böladigandek seskanaman.

Ana şunday voqea ötgan yili yuz berdi…

Biz qurayotgan namunali uylar tumanimizning uzoq qişloqlaridan birida edi. Qiş iliq kelgan, quriliş jadal davom etayotgandi. Kun böyi zavqlanib işladim. Öylab köring, qişloq odamlariga pişgan ğiştdan körkam uylar quriş qaysi zamonda bölgan edi! Bu haqda öylaşning özi ham kişiga zavq bağişlaydi!

Qurilişda tajribali ğişt teruvçi bölib qolganman. Ustozim Pirmat amaki bir yil avval qazo qildi. Otamdek aziz insondan ayriliş juda oğir böldi. Işdan taʼtil olib, maʼrakada turdim. Öşanda qattiq iztirob çekdim, botinimdan bir narsa öpirilib ketgandek böldi. Axir, Pirmat amaki yoşligim, qurilişga ilk kelgan kunlarimning, Sanamoyga uylanişim, yana uni bir umrga yöqotişim – butun hayotimning guvohi, suyangan toğim edi…

Mamlakatimiz taraqqiy etgani sayin quriliş taşkilotimiz avvalgidan ança kuçaydi. Yangi texnikalar oldik. Tumanimizda bir paytlar bitta ğişt zavodi işlagan bölsa, endi törttaga yetdi. Qişloğimizning qiyofasi ham butunlay özgarib ketdi. Namunali uylardan roppa-rosa öttiztasini qurganmiz. Şulardan birini menga berişdi. Boşlanğiç tölovini quriliş taşkilotimiz zimmasiga oldi. Hozir bu uyda tönğiç öğlim yaşaydi. Endi işga özimning “Neksiya” maşinamda qatnayman. Ança avval olganman. Jöralarim kulib yurişadi: “Berdiyor, özing oddiy ğişt teruvçi bölsang, “Neksiya”da işga borişing uyat emasmi? Heç bölmasa kiçikroq boşliq bölib olgin”, deyişadi hazillaşib. Boşliqlar mensiz ham yetib-ortadi. Ular mendek ğişt teruvçilarni qadrlaşadi. Şunday ekan, “Neksiya”da qatnab ğişt teraversam nima bölibdi.

Öşa qiş oqşomida uyga yetib kelganimda qoronği tuşgandi. Yoşlikdan bir odatim bor: qayerdan kelsam ham, avval onamning oldiga kiraman. Otamiz ötganidan keyin onam miskin bölib qolgan. Qaçon keladi, deb yölimni poylaydi. Baʼzan otamni eslab közyoş ham qilib oladi.

Şu kuni onamning oldiga kirganimda yonida ötirgan yoşgina kelinçakka közim tuşdi. Uning qölida çamasi bir yarim yoşdagi bola bor edi. Kelinçakning buğdoyrang, biroz çözinçoq yuzi, qimtilgan çiroyli lablari tanişdek tuyuldi. Ança payt körmagan qarindoşlardanmi deb öyladim. U yengil qözğalib örnidan turdi-da, derazaning röparasiga bordi. Bolasini bağriga bosib, şamdek qotib qoldi. Közlarida quvonç, şuning bilan birga, men tuşunolmayotgan qandaydir hadik bor edi.

Ajablanib onamga qaradim. Onamning közlaridan yoş quyilardi. Bu holat meni yanayam hayron qoldirdi.

– Ena, nima böldi?! – dedim oyoğimdagi qönji kalta etikni yeçayotib.

Darhol oldilariga borib, tiz çökdim. Odamlar diydasi qattiq deydigan Norgul momo böynimdan quçoqlab yiğlab yubordi.

– Bu Sanamoyning qizi, seni qizing, – dedi yiği aralaş.

Yuragim qalqib ketdi! Hamon poygakdagi derazaning oldida bolasini bağriga bosib turgan kelinçakka qaradim. Içimdan bir narsa uzilib ketgandek böldi. Şu lahzada yana Sanamoyni esladim. Uning arazlagan qiyofasi köz oldimga keldi. Beixtiyor kelinçakning yuz-közlaridan Sanamoyga yoki özimga öxşaş belgilarni izlayotganimni sezmay qolibman. Onam­ning gaplari osoyişta keçayotgan hayotimga dahşatli töfon yopirilganday taʼsir qilgandi. Kelinçakka tikilib qolgan ekanman, onamning titroq ovozlari özimga keltirdi:

– Bu yoqqa qara, bolam.

Kelinçakdan nigohimni olib, boladek onamga yuz burdim. Qöllarida sarğayib ketgan eski bir surat. Undan boqib turgan munis çehra juda taniş. Bu qiyofa men uçun dunyodagi eng azizlardan ham aziz edi: onamning yoşlikdagi suratlari!

– Tanidingmi, menman, – dedi onam. – Bu suratga tuşganimda yoş bölganman. Sen qölimda, gödak eding. Uyma-uy yuradigan suratçiga otang oldirgan.

Onam neçuk köhna suratni eslab qolganlarini, sirli işoralarni tuşunolmasdan, möyloviga oq oralagan bola bölib möltirab ötirardim. Hamon deraza oldida bolasini bağriga bosib turgan, onam “Sening qizing”, degan kelinçak hayajonning zöridan titroqqa tuşib, bizdan köz uza olmasdi. U taqdirini hal qiladigan nimadir sodir bölişini kutib, yolvorgandek bir onamga, bir menga tikildi. Onam öşa suratni tutgan köyi unga imo qildi. Bu holatni tuşunolmasdan bezovtalana boşladim. Kelinçakka qaradim-u, yuragim orqamga tortib ketdi. U suratdagi onamga, onamning yoşligiga egizaklardek öxşardi. Ha, u quyib qöygandek onamning özi edi!

– Bu Sanamoyning qizi, sening qizing!

Onamning takror aytgan gaplari şundoq ham abgor bölib ötirgan meni titratib yubordi. Hayotimda odamni karaxt qilib qöyadigan titroqni ikkinçi bor his qildim. Ğayrat öşa laʼnati sözlarni aytganida birinçi marta şunday bölgan. Endi esa topgan davlatim, duru javohirlardan ming bora aziz xazinam – onajonim bu kelinçakni mening qizim deyayotgan edi. Öşa daqiqadayoq ongu şuurim közimning oldida isboti bilan turgan bu haqiqatni tan olgandir. Könglim-çi?! Mening besar könglim eng oğir jazoga mustahiq bölganday ozorlanib qolgan edi-da. Töqsonga kirgan onam meni tuşundi. Örnidan turib, biror xatti-harakat qilişga ham haddi siğmayotgan kelinçakning oldiga bordi.

– Bu yoqqa kel, – dedi buyruq ohangida.

Men örnimdan turdim. Özimga böysunmayotgan oyoqlarimni sudrab ularga yaqinlaşdim. Onam bir zum ikkilanib turdi-da, quruqşagan qöllari bilan kelinçakning yoqasini ohista tortdi. Uning közlaridan yoş quyilayotgandi. Zabun holati menikidan qolişmasdi. Böynida xuddi onamnikiga öxşagan, gul yaproğidek yoyilgan xol körindi!

Men adoyi tamom bölgandim. Qarşimda mening zurriyodim, mening farzandim, tuğilganida otalik zavqini tuyolmagan bolam, ota mehridan benasib, begunohim turardi. Endi bunga şak-şubha qolmagandi. Uning onamga quyib qöygandek öxşaşi, böynidagi xol… Içimdan bir nido, bir faryod vulqondek otilib çiqib, köz oldimni zimistonga aylantirib qöydi. Yiğladimmi, ingradimmi, eslolmayman. Qizim bir qöli bilan boladek böynimga osilib oldi.

– Ota, otajon! – quloğim ostida mungli bir tovuş eşitildi. – Mening otam bor, otamni topdim…

Qizimning qölidagi bolasi çinqirib yiğladi…

– Enam, ona qizim! – dedim peşonasidan öpib. – Meni keçir…

Boşqa bir oğiz ham söz aytolmadim.

Şu keça onamning uyida uzoq qolib ketdim. Qizim bilan örtamizda ota-bolalik mehri paydo böldi. Bu gapim sizga ğalati tuyulişi mumkin. Lekin özingiz öylab köring, men uni çaqaloqligida ham körmagan bölsam. Falakning gardişi bilan özi farzandli bölganida qoşimga kelib turibdi. Ana şu holat ikkimiz uçun ham juda-juda sirli va tasodifiy edi. U bizdan közini uzolmas, yöqotgan tilla sirğasini topgan qizaloqdek tikilib töymasdi…

Uzundan-uzoq hikoyaning şu joyida Berdiyorning ovozi pasaydi-yu, jim böldi. Men ham bu ğaroyib taqdirlar qissasidan qattiq taʼsirlangandim. Berdiyorning könglidan keçayotgan tuyğularni his qilmaslikning iloji yöq edi. Yoş yigitning beğubor ilk muhabbati bir oğiz söz bilan zavol topganiga açinmay böladimi!

Daşt tunida Berdiyor ikkimiz bedormiz.

– Taşqariga çiqaylik, – dedi u.

Ilgakdagi kiyimining çöntagini kavlab, bitta sigareta oldi.

– Çekasizmi? – menga ögirildi.

– Yöq.

– Harbiydaligimda yigitlar bilan ermak qilib yurganman. Har zamonda, yurak siqilganda tortib qoladi qurğur.

Ğildirakli uyçadan oldinma-keyin taşqariga çiqdik. Köklamning yoqimli havosi bir zumda köksimni töldirdi. Töyib-töyib nafas oldim. Tun osmoniga tikildim. Yulduzlar hozir yerga tökiladigandek tuyuldi.

– Baʼzi-baʼzida yuragimdagi alamlar şu yulduzlardek bolalab ketadi, – Berdiyor ham osmonga tikildi. Uning labidagi sigareta bir çöğlanib, öçdi. – Bilasizmi, nima uçun bularni sizga aytyapman?

Men uning fikrini bölmaslik uçun indamadim. Berdiyor öz-öziga gapirayotgandek davom etdi:

– Siz qalam bilan işlaysiz. Men ğiştdan uy tiklaganimdek, aytganlarimni qolipga solişingiz mumkin. Agar şunday qilsangiz, mening xatolarim boşqalarga örnak böladimi, deyman-da… Endi, yoşim ulğayganda bularni teranroq tuşundim. Boşimdan ötgan işlarga, Sanamoydan ayrilişimga, qizimning otasiz ösganiga ham qon-qonimizga singib qolgan feʼlimiz sabab… Bu feʼlimiz baʼzan bizni insofli, muşohadali odamdan yirtqiçga aylantirib qöyadi. Lahzada qilib qöygan xatomizning talxi bir umrga yetadi… Aytmoqçi bölganlarimni yaxşi tuşuntirolmayapman. Ğişt terişga ustaman, gapga kelganda nönoq. Yoş edim, adaşganman, qattiq adaşganman.

Berdiyor qoronğilik qaʼriga tikilib hikoyasini davom ettirdi…

…Qizim onasining keyingi hayotini aytib berdi. Dilimga ozor bermaslik uçun tafsilotlarni taşlab ötgani aniq. Uzuq-yuluq hikoyalaridan ham hammasi oydek ravşan edi. Sanamoy uyidagilarga, hatto onasigayam bölib ötgan gaplarni aytmabdi. Qançalar qistovga olişsayam dardini içiga yutib yuravergan. Onasi ortiga qaytarişga ança urinibdi. U oyoğini tirab turib olibdi. Zafar poççam bilan Durdona opam qayta-qayta borişganida ham şu takrorlanavergan. Nihoyat, yangasi – akasining xotini bizni ajratiş uçun sudga kelganida haqiqatni bilib borgan.

Sanamoy oilada yolğiz qiz edi. Singillarining qandayligini akalari yaxşi bilişardi. Yanga aytib borgan gaplar ularning ham quloqlariga yetgan. Qaynoğalarim uç aka-uka edi. Ular qattiq ğazablanişibdi. Meni ğajib taşlaşga tayyor bölib yölga otlanişganida onasi töxtatibdi:

– Bolalarim, ğişt qolipdan köçdi. Endi heç narsa örniga tuşmaydi. Singlinglarni bilasizlar, aytganidan qaytmaydi.

Bu paytda Sanamoy qiz farzandli bölgan. Çaqaloqning böynida onamnikiga öxşagan xoli bor ekan. Sanamoy unga Norgul deb ism qö­­yibdi. Norgul – onamning ismi. Şuning uçun hozir ham qizimning ismini aytolmayman. Uni “enam, ona qizim” deyman.

Onam avvalgi kelinlariga qattiqqöl edi. Sanamoyga esa boşqaça nazar bilan qaradi. Kelinligida qizlaridek körgan. Qizimizga onamning ismini berişiga şu ham sabab bölgandir…

Bilasiz, qornida bolasi bilan ota uyiga qaytib borgan qizga bizda oson emas. Uning öşanda çekkan iztiroblari, aççiq taqdiriga qanday bardoş bergani, bularga qanday kuç topgani yolğiz Xudoga ayon. Men esa soçimga oq tuşib, dunyoning aççiq-çuçugini tuşunganimda sönggina bir paytlar qilib qöygan nodonlik­larimning jabrini tortayotirman.

Qizim kelib, köp yillardan beri yöqotgan oromimni topgandek böldim. Yuragimning tubida toşdek qotgan dard biroz yumşadi.Qizim zimiston könglimga çiroq yoqdi. Ayniqsa, şirin tili bilan mast qilgan jajjigina nevaram tizzamda ötirganida olamda mendan-da baxtli odam yöq edi. Unga Şerali deb ism qöyişibdi. Şerali bobosi ekanligimni bilgandek menga darrov örganib qoldi.

Öşa tunda qizim bilan nevaram onamning oldida qolişdi. Uyimga kirganimda tun yarimlagandi. Xotinim Zebi uxlamasdan kutayotgan ekan. Qovoği soliq. Qizimning kelişi yoqmagani şundoqqina sezilib turibdi. Uni töğri tuşundim. Qizimdan eşitgan gaplarni yotiği bilan aytdim. Sanamoyning allaqaçon turmuşga çiqqani, bola-çaqali ekanini eşitib, birdan çehrasi oçildi. Uning keçmiş­lari Zebini ham befarq qoldirmadi, deb öylayman.

Qizim bilan topişgan kunimizning ertasi, saharda bir narsadan xabar topgandek Zafar poççam kelib qoldi. Nafaqaga çiqqan, soqol qöyib, qişloğining otaxonlaridan bölib olgan edi. Uni körib quvonib ketdim. Axir, Sanamoylarnikiga sovçilikka borgan, ketib qolganida Durdona opam bilan Oydinga sira oğrinmay qatnagan ham şu poççam edi-da.

Onam poççamga bor gapni aytib berdi. Zafar poççamning quvonganini bir körsangiz edi. U xuddi özining qizi qaytib kelgandek hayajonlanardi. Bu holatni körib könglim böşab ketdi. Közimdan oqqan yoşni bilintirmay artdim. Poççam qizimni “Uyga olib ketaman”, deb turib oldi. Onam ham “Mayli, ammasi bilan tanişadi, köngli yoziladi”, dedi. Durdona opamning sevinişlarini köz oldimga keltirib men ham rozi böldim. Onamning oldida birgalaşib çoy içdik. Zebi qovoğini juda-a oçavermadi-yu, hartugul, mehmonlarga xizmat qilib turdi. Zafar poççam “Endi turayik, Durdona opangga “surpriz” qilamiz”, deb şoşirardi. Qizim bilan poççamni özimning maşinamda olib borib qöydim.

Biz qurayotgan namunali uylarda iş tezkor ketayotgan edi. Kuni böyi yoş yigitlardek ğayrat bilan ğişt terdim. Iş tugagan hamon uyga şoşildim. Qizimni, ayniqsa, nevaram Şeralini soğingandim. Bir körganimdayoq jajji nevaramga şunday bir mehr uyğondiki, buni söz bilan tasvirlab berolmayman. Uning munçoq közlari hayrat bilan tikilganida yuragim orziqib, mahkam quçoqlab bağrimga bosib olardim.

Uyga kelganim hamon odatdagidek onamning oldiga kirdim. Qizim bilan nevaram qaytib kelişgan deb öylagandim. Biroq onam yolğiz edi. Qizimni, bir keçagina yotib qolsin, deb Durdona opam olib qolibdi. Buni eşitib, endigina opalarini topgan bolalarim ham ammalarinikiga jönab ketişibdi.

Uyda onam, men, Zebi qoldik. Keça qizim uyalib köp ham gapirmagan edi. Tunda uxlolmasdan onamga bor gapni yaşirmay aytibdi. Şu kuni onam  qizimning hayotini batafsil sözlab berdi…

* *  *

Xotira maktab davrimizda çizilgan surat emaski, yoqmagan joylarini öçirğiç bilan öçirib taşlasak. Umringning yaxşi davrlari ham, qora kunlaring ham köngil puçmoqlarida ipga tizilgan marjondek saqlanib qolaveradi. Hozir öşa voqealarni eslab, Sanamoyga qançalar qiyin bölganini röyi-rost his qilaman.

Qornida bolasi bilan ota uyiga qaytgan kelinçak haqida qişloğida turli gaplar örmalab qolgani tayin. Sanamoyning bu ğiybatlarni yengib ötişi oson keçmabdi. Bola tuğilganidan keyin ham quvoniş örniga ne azoblarni körgan ekan beçoragina. Qizimiz  yoşiga yetganida maktabga kutubxonaçi bölib işga kirgan. Muallimlikka öqiş uçun tayyorgarlik köra boşlabdi.

Qişloq şahar emas, odamlar bir-birlarini yaxşi bilişadi. Yil ötgan sayin hamqişloqlarining Sanamoyga hurmati ortadi. Institutni bitirib, maktabida obröli muallima bölibdi.

Hozir uni yana bir marta, uzoqdan bölsayam körgim keladi. Bu istagim amalga oşmasligini bilaman. U özi bilan işlaydigan Karimboy degan muallim yigitga tekkan. Karimboy avval uylangan, xotini qora bosib ölgan ekan.

Bizning taqdirimizda judolik bor ekan… Endi Sanamoy baxtli yaşasin, deb duo qilaman. U şunga munosib. Men esa qadriga yetolmadim. Birinçi muhabbatimni asray olmadim…

Nodon jöramning tuhmati, mening yoşlikdagi xatom tufayli yöllarimiz ayro tuşdi. Biroq hayot jomimizga Ğayrat solgan zahar hali kuçini yöqotmagan edi. Uning taʼsiri qizginamning tinçgina ötayotgan kunlarini alğov-dalğov qilib yuborişiga ham bir bahya qolibdi.

* * *

Sanamoyni ilk uçratganimda Oydin dunyodagi eng gözal qişloq bölib köringan közimga. Ayniqsa, bahor paytlarida uning körki yanayam oçilib ketadi. Toğ yonbağirlarini qoplagan alvon lolalar betakror gözalligi bilan közni oladi. Tongda turib yuksak çöqqilarga tikilsang, olamning qançalar buyukligini his qilasan. Toza havodan töyib-töyib simirasan. Yaşil maysaga burkangan öngirlarda qöy-qözilar ötlab yuradi. Mağrur turib olgan çöpon qölini peşonasiga soyabon qilib uzoq-uzoqlarga nigoh taşlaydi…

Men bunday manzarani askarlik paytimda juda köp körganman. Sanamoyga uylanganimdan keyin ham Oydinga tez-tez borib turardik. Bizni Sanamoyning onasi qarşi olardi. Qaynonamni qişloqda “Jumagul çeça” deyişardi. U qöşni qişloqdan kelin bölgan. Şuning uçun yoşi ellikdan oşsa ham hamon “çeça”. Qaynonam qotma, buğdoyrang çehra, qalam bilan çizilgandek yupqa lablarini qimtib yuradigan ayol edi. Boşiga “lakki” qilib öragan guldor römollari böy-bastiga salobat bağişlaydi. Biz tomonlarda yoşi uluğ ayollar hozir ham römolni ana şunday, “lakki” qilib öraşadi. Bunda ikkita katta guldor römol yelka aralaş boşga taşlanadi, yana biri qubba qilib öraladi. Sanamoyga mağrurlik ham, çiroy ham onasidan meros edi. U haqiqiy toğ gözali edi.

Sanamoy ikkinçi turmuşga çiqqanida qizimiz onasi Jumagul çeçaning qölida qolgan ekan. U Sanamoyni suyganiga berib oğzi kuygani uçun Norgulni uy qizi qilib östiribdi. Maktabni bitirganidan keyin uydan çiqarmay qöygan. Böy yetgan qizga sovçilar kela boşlabdi. Jumagul çeça şu yerlik Öktam degan yigitni kuyovlikka tanlabdi.

Öktamning momosi ham Jumagul çeçaning ota qişloğidan edi. Ular qizlik paytlaridan dugona bölişgan. Şuning uçun kelişuvlari moydan qil suğurgandek oson bitibdi. Öktam bilan Norgulning töylari juda tez bölib ötadi. Sanamoy qizini öqitiş niyatida bölgan-u, biroq onasiga qarşi çiqolmagan. Jumagul çeçani ham ayblab bölmaydi. U nevarasining baxtini öylab şunday qilgan.

Qizim kelin bölgan uy boy-badavlat. Öktam oddiy qişloq yigiti. Otasining boğdorçilik fermer xöjaligida işlaydi. Siz Oydin qişloğining olmazor boğlarini körmagansiz. Har tup daraxt yuz ellik, ikki yuz kilogaça meva beradi. Özimizning mahalliy navlar ana şunday serhosil. Qirmizi, oltinrang tovlanadigan olmalarning şirasi tilni yoradi.

Qizim Öktam bilan baxtli yaşay boşlaydi.Oradan bir yil ötib nevaram Şerali tuğilgan. Öktam esli-huşli, mulohazali yigit. Buni u bilan birinçi uçraşganimizdayoq bilganman. Erta bahordan keç kuzgaça boğda işlaydi. Qiş oylarida jöralari bilan biz singari gaştakka yiğilişar ekan. Şunday ötirişlardan birida şirakayf jörasi ataylabmi, “Xotiningdi otasini bilmaysanmi?” deb sörab qoladi. Bu nozik gap Öktamga qattiq botgan. Uyiga kelib xotiniga şu mojaroni boşlaydi. Ona qizim – Norgulimga böy yetganida ham men haqimda heç gap aytişmagan ekan. Sanamoyning keçmişlari uning uçun sir bölib qolavergan. Öktam qayta-qayta siquvga olganidan keyin qizim momosining oldiga borib, bor gapni tökib soladi. Norgulning gaplari momosiga bulutsiz osmonda çaqmoq çaqqanday taʼsir qiladi. Nevarasining hayotidayam qizining taqdiri qaytarilayotgandek dahşatga tuşibdi.

Bularning bariga içimizga örnaşib olgan şayton sabab. Ğayratning bir oğiz tuhmati bilan mening hayotim buzildi. Qizim beçoragayam şunday qora kun tahdid solib qolgan ekan. Jumagul momo Norgulga hamma voqealarni rö­­yi-rost aytibdi. Yiğlab-siqtab, ilojini qilamiz, deb ovutibdi. Öğillari bilan, kuyovlari Öktam bilan maslahatlaşib, Norgulni biznikiga jönatişga qaror qilişibdi. Bu ularga heç ham oson bölmagan. Axir, mening özim ulardan voz keçgan edim. Sanamoyning hayotini dözaxga aylantirgan, qizim onasining qornidaligidayoq undan voz keçgan gumroh ham men edim-da.

Qizim Norgulni bizning qişloqqa toğasi Örol aka olib kelgan. Uyimizga birga kiribdi. Uni onamga topşirib, Oydinga qaytib ketibdi.

Örol aka Sanamoyning akasi. U mendan ikki yoş katta. Öşa paytlarda Örol aka bilan yaxşi çiqişar edik, jöra bölib qolgandik desam ham böladi. U bir gapirib, ön kuladigan köngli oçiq yigit edi.

Qizimni qişloğiga yana Örol aka olib ketişi kerak edi. Men tunda şu haqda öylanib uxlolmay yotdim. Ona qizimni şundaygina ortiga qaytarib yubora olarmidim. Sanamoyning çekkan jabru jafolari, endi qizimning ham tinç hayotiga çang solayotgan işlarga men aybdorman-ku. Şularni taroziga solib, bir qarorga keldim: “Norgulni Oydinga özim olib boraman. Nima bölsa peşonamdan kördim. Sanamoyning akalari yoqamdan olişar, şu yoşimda urib-sökişar ham. Faqat ona qizimning yuzi yoruğ bölsa, uning ham otasi borligini, tagli-tugli ekanini el bilsa bas. Bu yoşlikda qilib qöygan xatolarimning tovonidir balki”.

Ertasiga Zafar poççam bilan Durdona opam qizimni ergaştirib kelib qolişdi. Norgulning çehrasi oçiq, kulib turardi. Nevaramni olmoqçi bölganimda jajji qölçalari bilan menga talpindi.

– Ota, sizga örganib qoldi, endi suykalib bezor qilib yuboradi, – dedi qizim jilmayib.

Uning oçiqköngillik bilan aytgan gapidan könglim toğdek kötarildi. Qizimni, nevaramni topib olib yengil tortgandim şu damda.

Hammamiz uyga kirdik. Onam Durdona opamni körib arz qila boşladi:

– Enam bor deb tez-tez kelib turmaysan. Men ham ğanimat bölib qoldim, bolam.

– Ena-a, bir hafta böldi-ku, kelib ketganimga, – jilmaydi Durdona opam.

– Yöğ-e, şunday degin. Men soğinaman-da. Ukangdi qizini yaxşi mehmon qildingma, axir?

Durdona opam kulib yubordi. Hammamiz kuldik. Uyimizda köpdan beri bunday kulgular eşitilmagandi, çoği. Yoki menga şunday tuyuldi. Hatto xotinim Zebining çehrasi ham ançagina oçilib qoldi. U çaqqon dasturxon solib, qand-qurslarni olib kelgani çiqib ketdi.

– Ena, bugun nevarangiz uyiga qaytadi, – dedi Durdona opam. – Kuyovi tinmay telefon qiladi, öğlini soğinibdi. Toğasi olib ketar emiş.

– Qizimni özim olib boraman! – dedim.

Durdona opamning gapi oğzida qoldi. Hamma ajablanib menga qaradi. Onam norozilik bilan boşini çayqadi. Dasturxon tuzayotgan xotinim Zebi çök tuşib ötirgan köyi yuzimga tikilib qoldi. Ammo bir oğiz gapirmadi. Bu sukunatni qizimning yiğisi buzdi.

– Ota, otajonim! – dedi kafti bilan köz yoşlarini artib.

Hamon bağrimda tipirçilayotgan nevaram onasining ovozini eşitib çinqirib yubordi. Uni Durdona opam qöliga oldi. Qizimning “otajonim” deya hayajonlanişi könglimni buzdi; közimdan yoş çiqib ketdi…

Hammamiz yiğilib ötirganda maslahatlaşib, gapni bir joyga qöydik: Oydinga men, Zafar poççam bilan Durdona opam birga jönaydigan böldik. Şundan keyin onam mening borişimga rozilik berdi. Aslida onam­ning xavotiri ham örinli edi.

Şu payt qizimning qölidagi uyali telefoni jiringlab qoldi. U dam-badam kuyov bilan xabarlaşib, uni xotirjam qilib turar edi. Bugun köpçilik bölib borişimizni aytganida u judayam quvondi. Köngli oçiq yigit ekan, dedim özimça.

Vaqtni ötkazmay, Durdona opamni olib, “Neksiya”da tuman markaziga jönadim. Bozorga kirib, bitta beşik, nevaram, qizimga, kuyovga kiyim-keçaklar xarid qildik. Yöl-yölakay quriliş idoramizga kirib boşliqqa uçraşdim. Bor gapni tuşuntirib, bitta yuk maşinasi söradim. Baraka topgur yoş yigit bölsayam ahvolimni tuşunib, maşina berdi.

Uyga keldig-u, yuk maşinasiga bitta ğunajin, ikki qöyni çiqardik. Buni bizda “ençi” deyişadi. Ota turmuşga çiqqan qiziga soğin sigir qilib olişi uçun bir mol berişi odatimizda bor.

Ona qizim turfa ranglarga böyalgan, qönğiroqçalar ilib bezatilgan beşikni körib biram quvondiki, asti qöyaverasiz.

Bularning bari toğ gözali Sanamoyning, ota mehrisiz ösgan qizginamning tökkan köz yoşlariga arzirmidi. Men nima qilib bölsa ham yuragimdagi oğir yukni yengillatişga urinayotgan edim.

Şu kunning özida onamning duosini olib, yölga tuşdik. Ketayotganimizda ona qizim buvisining yuz-közlaridan öpib, köz yoşi qilib oldi. Xotinim Zebi, ukalari bilan ham şunday xayrlaşdi. Aytiş yodimdan kötarilibdi, qizim uydagi bolalarim bilan allaqaçon apoq-çapoq bölib olgandi.

Oydinga “Neksiya”da ança tez yetib keldik. Qişloqqa kiraverişda töxtab yuk maşinasini kutdik. Men qorli çöqqilari keksa odamning soçlaridek oqarib turgan toğlarga qarab askarlik davrlarim, Sanamoy bilan ilk uçraşgan kunlarimni xotirladim. Toğ gözalining öşa paytdagi qiyofasi xayolimda jonlanib entikiblar ketdim. Bular mening olislarda qolgan, his-tuyğularga töla yoşligim edi…

Bizni kuyovim Öktam, onasi Şodagul opa, bir uy bölib ötirgan qarindoş-uruğlari kutib olişdi. Ularning orasida kiçik qaynoğam Örol akani körib bezovtalanib qoldim. Örol akaning yoşi ulğaygan, soçlari oqarib, ança tölişgan. Faqat oçiq çehra bilan kulişlari öşa-öşa edi. Nima qilişimni bilmasdan jim turaverdim. Uning özi kelib quçoq oçib körişdi. Zafar poççam bilan Durdona opam ham Şodagul opa bilan quda-qudağaylab söraşa ketişdi. Öktam – kuyovim, qotma, yuz-közidan samimiylik yoğilib turgan yigit ekan. U öşa lahzadayoq Şeraliga yopişa ketdi. Nevaraginam otasining böynidan quçoqlab sira qöyib yubormasdi.

Zafar poççam boş bölib ğunajin, qöylar maşinadan tuşirildi. Beşik, sovğalarni Öktamning uyiga olib kirişdi. Qudamnikida bizni xuddi töydagidek kutib olişdi. Qöy söyib, et osildi. Eski gina-kudratlarni heç kim eslamadi. Ayniqsa, kuyovim Öktamning oğzi quloğida edi. Men uni öz farzandimdek tuşunib turardim. Öktamning baxtiga ham öşa mayda gaplar, jöralarining uruğ-aymoqni “kavla-kavla” qilişlari çang solib turgan edi-da.

Şu kuni qudamnikida yotib qoldik. Sanamoylarnikidan birortasi keladi degan öyim ham yöq emasdi. Unday bölmadi. Faqat Örol aka bilan körişdik.

Ertasiga saharlikka toğliklarning mehmon kutiş odatiga köra oq oş qilişdi. Bu xamir yoyib, kesiladigan ugra oşimiz. Sariyoğ quyib, kosada tortiladi. Nonuştadan keyin qudalarning, bir kun qolinglar, deyişlariga qaramasdan yana yölga tuşdik.

Xayolimda Oydin qişloğini bağriga olgan purviqor toğlar bizni xomuş kuzatib qolayotgandek edi. Maşina rulini tutib yölga tikilar ekanman, köz oldimdan Sanamoyning sölim qiyofasi sira ketmadi. Xayr, toğ gözali, könglingga bergan ozorlarim uçun keçir, der edim özimça.

…Öşa tunda biz juda keç yotdik. Berdiyor bilan Sanamoyning taqdirini öylab uyquga ketganimni sezmay qolibman. Quruvçilar uyçasining derazasidan quyoş nuri tuşib yuz-közimni siypalaganda uyğondim. Odatda begona joyda yaxşi uxlolmas edim. Bu yerda öz uyimdagidek qattiq uxlab qolibman. Berdiyorning örni böş edi. Stol ustida bir kosada qaymoq, ikkita tandirdan yangi uzilgan issiq non, soçiq bilan öralgan çoynakda çoy turardi. Yuvinib, nonuşta qilib oldim.

Quriliş maydonida allaqaçon iş qizib ketgan edi. Moviy korjomali uç-tört işçi kötarma kranning patnisga öxşagan tagligiga ğişt taxlayotir. Beton qoradigan moslama oldida belkurakka suyanib olgan şeriklari qorişma tayyor bölişini kutişmoqda.

Berdiyor binoning ikkinçi qavatida ğişt terayotgan edi. Işiga berilib ketganidan meni payqamadi. Yonida qotmadan kelgan yoş yigit ham bor. U tikilib turganimni körib, ustoziga nimadir dedi. Berdiyor pastga qaradi.

– Özim çiqaman, – dedim bor ovozda baqirib.

Tovuşim texnikalarning şovqiniga singib ketdi. Qölim bilan işora qildim-da, sap-sariq ğişt uyumlarini çetlab binoga kirdim. Beton zinadan ikkinçi qavatga kötarilganimda qarşimda Berdiyor jilmayib turardi.

– Özim tuşayotgandim, – dedi xijolat bölib. – Yaxşi yotib turdingizmi?

– Rahmat, döstim.

– Quriliş erta uyğonadi. Korxona şu yilning özida işga tuşadi-da.

Berdiyor yonidagi yigitga imo qildi:

– Erkinboy – mening şogirdim. Qöli işga ança kelişib qoldi. Mustaqil ğişt teryapti. Erta-indin harbiy xizmatga jönaydi. Şundaymi, Erkin?

– Xuddi şunday, usta.

– Qarang, harbiyçasiga javob qaytarişniyam örganib olgan,– kuldi Berdiyor. – Xizmatdan keyin qurilişga qaytasanmi, yo…

– Albatta qurilişga-da, Berdiyor amaki, – Erkin samimiy jilmaydi.

Men Berdiyorning qurilişga kelgan kunlari haqidagi hikoyasini esladim.

– Işlayveringlar, biroz şu yerda turaman, – dedim.

Berdiyor çaqqon ğişt tera ketdi. Men daşt qöynidagi ulkan quriliş maydoniga köz taşladim. Tepamizdan çirqillaşib uçib ötgan bir juft quş xayolimni böldi. Osmon tiniq edi. Uzoq-uzoqlarda çöqqisidagi qorli çiziqlar oqarib körinayotgan toğlar. Berdiyor ham beixtiyor öşa tomonga nigoh taşladi. Balki şu damda ilk muhabbati – toğ gözalini eslab qolgandir.

Abdujalol RAHIMOV

1953-yilda tuğilgan. Toşkent davlat universiteti (hozirgi ÖzMU)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan. “Lomakon”, “Mugat folbin”, “Yölda ketayotgan odam” nomli hikoya va qissalar töplamlari çop etilgan.

“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822

Obuna haqida

Izohlar

Hozirça izoh yöq. Birinçi bölib fikringizni yozing.

Siz nima deysiz?

Izoh tahririyat körib çiqqaç, eʼlon qilinadi.

Şu ruknda köp öqilganlar

Barçasi (258)

Suv. Hikoya

– Öz oyoği bilan jildirabgina kelmagan suv suvlik qiladimi?! Ketaman bu Cahroyi kabirdan… ketama-an-n! Dilşod şunday deya örnidan sapçib turdi-yu, derazadan taşqariga termildi. U avval hovlisidagi qovjirab qolgan…

“Eynşteyn jumboği”

Dekabrning asov şamoli tun bağrida özini har yonga urib, böriday uvillaydi. Uylar ham sovuqdan junjikkanday bağridagi çiroqlarini öçirib, şamolga jör bölib, qoranği tun vajohatini yanada orttiradi. Biroq şu imoratlar…

Uluğbek Hamdam. Yöl (falsafiy roman

Men bir ojiz tomçiman, ammo yuragimda ummon soğinçi yaşaydi. Mavlono Rumiy TUŞDAN OLDINGI VOQEA Ovoz keldi! Ovo-o-oz!.. Eşityapsizmi, ğoyibdan bir ovoz keldi! Dunyolarni töldirib emas, yöq, balki yöl kabi uzun, yöl kabi…