Suyukli ustozimiz, atoqli adibimiz Erkin Vohidov çuqur falsafiy şeʼrlari, mutafakkirona xislatlari bilangina emas, öta samimiy, öta topqirona mutoyibalari bilan ham muxlislar qalbini zabt etib kelgan. Şularni eslar ekanman, Erkin aka, doimo könglimizdasiz, biz bilan birgasiz, degim kelaveradi.
Öşa taniş qorovul
Toşkentga endigina işga kelgan davrim edi. Birovnikida ijarada turardim.
Oylik taʼtilga çiqqan Erkin aka butun oilasi bilan Issiqkölda dam olib kelişga jönadi, men uyni qöriqlab turadigan böldim. Tirikçiligim uçun sovutkiçga töldirib taşlangan xilma-xil noz-neʼmatlarning yarmini yeb ulgurmasimdan, ular sayohatdan qaytib kelişdi.
Bir-ikki oydan keyin ustozni ziyoratlab borsam, hali maktab yoşiga yetmagan kenjatoyi Fozilaxon men bilan juda bölakça quvonib körişdi.
– Bu qizimning sevinçi içiga siğmay turibdi hozir, – deya yelka uçirib kuldi Erkin aka. – Sizni uzoqdan köriboq, menga qarab, dada, yana Issiqkölga boramizmi, deb söradi.
Tinib-tinçimagan it
Ardoqli şoirimiz Erkin Vohidov tiğdor-tiğdor şeʼrlarining orqasidan eski tuzumning tazyiqlariga uçragani, neça-neça tanqidlarga duçor bölgani köpçilikka maʼlum. U kişi bunday ğala-ğovurlarga parvo qilmayotgandek bölib yursa-da, yuragiga maʼlum darajada jarohat yetganini baʼzi bir sözlaridan payqab oliş qiyin emasdi.
Ijodiy safarlardan birida ustoz bilan bitta xonada tunaydigan böldik. Vaqt yarim keçadan oğib boryaptiki, taşqarida bir köppak tinimsiz vovullayverdi. Şunda Erkin aka bosiq tovuşda asta söz qotdi:
– Qiziq! Bu halovatsiz it qaysi arslonning kitobini tanqid qilyaptiykin?!
Muxlis
Bir kuni Erkin akani yöqlab, uyiga bordim. Piça suhbatlaşib ötirdik. Qaytayotganimda meni kuzatişga çiqib, bodring ekişga tomorqam bölmasayam, mana, oltiariqlik ekanimni bildirib, darvozaning yoniga uzum ekib qöydim, deb maqtandi. Bir qaraşdayoq bildim, bu – daraxtlarga ilaşib bölsayam meva qilaveradigan jaydari uzumlardan.
Erkin akaga buni yotiqroq tarzda şamalab, bu juda ğalati uzum, mevasi şirin bölmasayam, tomiri bolalab, muxlislaringiz singari tobora köpayib boraveradi, dedim.
Oradan ikki oyça ötgaç, Erkin aka uyuşmamizdagi bir majlisda oldimga kelib dedi:
– Darvozamizning yonidagi uzumni muxlisingiz deb töğri aytgan ekansiz, şekilli. Yozda köça tomondagi derazamizning fortoçkasi oçiq turadi, uzumning bitta şoxi şu joydan içkariga kirvolib, yangi yozayotgan şeʼrlarimni peşma-peş öqib boryapti.
Özini özi qidiriş
Erkin aka bilan yoşlar naşriyotida birga işlardik. Bir tanişi töyga aytgan ekan, yuring, tekinga tuşlik qilib kelasiz, deb meni ham birga olib boradigan böldi. Garajdan maşina çaqirsa, buzilgan joyini haydovçi hali tuzatib ulgurmagan ekan, mayli, avtobusda boraqolamiz, dedi.
Avtobusga çiqib, orqaroqdagi örindiqqa ötirib-ötirmasimizdanoq, oldimizda konduktor ayol paydo böldi. Pulimizni olib, çipta yirtib uzatarkan, Erkin akaga tikilib boqib, xuddi Erkin Vohidovga öxşarkansiz, dedi.
– Men akasi bölaman, – deya ayolga jiddiy qiyofada yuzlandi Erkin aka. – Bir haftadan beri uyga kelmayapti, deb xotini keça arz qilganidi, mana, öşa Erkinboylaringni ertalabdan beri axtarib yuribman.
Örisça sökiniş
Erkin aka maktab yoşiga yetib-yetmagan paytlar ekan. Bir kuni uç-tört tengdoşini boşlab, Oltiariq maşina-traktor stansiyasi (MTS) direktori lavozimidagi dadasining işxonasiga boribdi. Yuqori taşkilotdan kelgan bir rus kişi bilan gaplaşib turgan dadasi, öğliga boşdan-oyoq qarab olib, şerigining köngli uçun bölsa kerak, rusçalab: “Poçemu bosikom?” (Nega yalangoyoqsan?) deb jerkib beribdi.
Bu voqeani eslab turib, Erkin aka kula-kula şunday degandi:
– Öşanda biz bu gapni örisça sökiniş bölsa kerak deb öylabmiz. Birorta bola jiğimizga tegsa, “He, paçemu basiköm!” deb, özimizça ayovsiz haqoratlagan bölardik.
Öta topqirona çora
Erkin aka yetmiş töqqiz yoşga tölganida, oilasidagilarni dasturxonga urintirib qöymaslik uçun Iqbol Mirzo, Ahror Ahmedov, Azizbek Anvar birgalaşib, ertalabroqda tabriklaşga borsak, kennoyimiz bilan bozor qilişga çiqib ketişgan ekan. Kamtarona tuhfalarimizni nevarasi Iftixorga topşirib, ortga qaytdik.
Ustoz peşindan keyin menga sim qoqib, odamni juda xijolatga qöydilaring-ku, oldindan qönğiroq qilganlaringda, biron-bir vaqtni belgilab olardik, deb dakki berdi. Keçirim sörab bölganimdan söng, taşlab kelgan sovğamning narxini oşirib, tönning içida Oltiariqning eng qöligul çevari tikkan öta toza döppi ham bor, uni faqat katta tantanalarda kiying, deb dabdabavozlik qildim.
– Döppini allaqaçon kiyib kördim, rostdanam juda çiroyli tikilgan ekan, – degan tovuş keldi eşitqidan. – Faqat, boşimga sal kattalik qilib, old tomondagi burçagi oçilib qolyapti. Öşa joyiga kesak qistirib olsammikin deb turibman.
Eşitqidan taralgan yoqimli kulgi mening ham zavqimni jöştirdi.
Erkinlarning eng mansabdori
Yoşlar naşriyotida boş muharririmiz Erkin Vohidovning birmas, ikki adaşi bor edi – yoşlar adabiyoti bölimida işlovçi maşhur tarjimon Erkin Mirobidov, ösmirlar adabiyoti bölimi muharriri Erkin Siddiqov.
Vohada yaşovçi keksaroq bir adibning qölyozmasini körib çiqiş Erkin Siddiqovga topşirilibdi. U bir haftadan keyin muallifga telefon qilib, men Erkinboyman, qölyozma bilan tanişdim, Toşkentga kelsangiz, bir fikrlaşib olardik, debdi. Muallif naşriyotga kelib, Erkinjon kerak edilar, desa, uni Erkin Mirobidovga röpara qilişibdi.
– Hay, hay, hay, sizdek tabarruk odamni köradigan kun ham bor ekan-ku! – deya quloç oçib körişa boşlabdi muallif. – Özlariga bir qoraköl telpak atab qöyganmiz. Qani, boşingizni manavi ipda yaxşilab ölçab olay-çi, keyingi safarimda tiktirib kelaman.
Bu odamning kimligini, nima maqsadda kelganini aniqlab olgaç, andak adaşibdilar, mehmon, siz axtarayotgan Erkin qöşni xonada çaqçayib ötirgan bölişi kerak, debdi Mirobidov. Muallif endi Siddiqovning oldiga kiribdi. Yana qoraköl telpakdan gap oçilib, ipda boşni ölçab köriş boşlanibdi.
Sal ötib, ikkala Erkin muallifni örtaga olgança koridorda askiya qilib turişsa, Erkin Vohidov xonasidan çiqib qolibdi. Bölgan voqeani kula-kula eşitib bölib, muallifga debdi:
– Naşriyotdagi eng telpakbop Erkin menman. Bularga şolçadöppiyam bölaveradi.
Tahrirning tagida gap köp
Öşanda hali jurnalistlikka öqib yurgan Aʼzam Öktam şeʼrlarini “Yoşlik” jurnaliga bersa, boş muharrir Erkin aka ularni öqib körib, muallifni huzuriga çaqiribdi, juda gözal narsalar yozibsiz, deb qizğin tabriklabdi. Söng şeʼriy turkumni unga tutqazib, eng zörlarini “plyus” bilan belgilab qöydim, bularga yangilaridan yana bir-ikkita qöşing, közga körinadiganroq qilib bosaylik, debdi.
Aʼzamjon belgi qöyilgan şeʼrlarga köz taşlab çiqib, aynan Anvar Obidjon u yer-bu yeriga qalam tekkizganlarini tanlabsiz, desa, Erkin aka darhol mutoyiba qilibdi:
– Qarang-a! Demak, Anvarjon sizni haddan ziyod hurmat qilarkan. Meni “ustoz” deydi-yu, kitobimga muharrir bölganida, andakkina jon tortişib, şeʼrlarimning biron-bir joyini, loaqal, könglim uçun tahrir qilib qöymadi-ya!
Uzrli sabab
Bir uçraşuvda Erkin akaga savol berişdi:
– “Yoşlik devoni”dagiga öxşagan ğazallarni juda soğinib qoldik-ku. Keyingi paytda işqiy şeʼrlaringiz nimaga kamayib ketdi?
Erkin aka şunday javob qildi:
– Soç oqargani sayin, odam xotiniga xuşomaddan nariga ötolmay qolarkan…
Amal – ötkinçi, uy – abadiy
Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi raisining örinbosari etib tayinlangan Yöldoş Sulaymon bir kuni Erkin akadan söradi:
– Farğonada Yozuvçilar uyuşmasi bölimining boşliği edim, endi yuqori taşkilotga örinbosar bölib keldim. Bilolmay turibman, meni kötarişdimi, pastlatişdimi?
– Bu kötariliş ham, pastlaş ham emas, – deb tagdor javob qildi Erkin aka. – Toşkentdan tekinga kvartira oliş deydilar buni!
Hammualliflar
Adabiy uçraşuvlarning birida ön ikki yoşlar çamasidagi çaqçaqaköz bola Erkin akaning kitobini uzatib, dastxat söradi. Muallif tilaklarini yozayotgan çoğda, şu kitobdagi şeʼrlarning barini özingiz töqiganmisiz, deb savol berdi bolakay.
– Barini emas, – özini kulgidan zörğa tiyib javob qildi Erkin aka. – Nuqta-vergullarning baʼzilarini “korrektor” degan odamlar töqigan.
Professorga daşnom
Töqsoninçi yillarning boşroği edi, çamasi. Bir kuni Erkin aka menga sinçkovlik bilan tikilib turib, nega heç semirmaysiz, birorta jiddiy kasalingiz yöqmi, deb söradi. Eski revmatizm, sariq kasalligining ayrim asoratlari borligini hisobga olmaganda soppa-soğman, dedim.
– Bilasiz, Toşkent Meditsina instituti professori, terapiya bölimi boşliği Erkin Qosimov qudam böladi, – deb jonkuyarlik qilişni boşladi ustoz. – Şu kişiga tayinlab qöyaman, sizni kasalxonasiga yotqizib, çuqur körikdan ötkazadi. Har ehtimolga qarşi-da.
Kasalxonaga borib yotdim. Birorta dori içmadim, birorta ukol olmadim. Ön kun mobaynida turli ixtisosdagi törtta professor, uçta fan nomzodi meni astarimdan avramgaça tekşirişdi, yetti-sakkiz xil apparatlarga solib körişdi. Oxiri, bari birgalikda konsilium taşkil etib, bir töxtamga kelişdi – jiddiyroq taşvişga sabab bölguvçi heç qanday kasallik yöq.
Qaytgaç, buni ustozga maʼlum qilsam, u kişi qudasi Erkin Qosimovga sim qoqib, daşnom bergan böldi:
– Bu qanaqasi? Professorligingizga işonib jönatsam, Anvarjondan bittaginayam kasallik topolmabsiz-a! Heç yöq, vahimali tikilib turib, şeʼr töqişdek xavfli dardga çalinibsiz-ku, uka, deb qörqitsangiz bölmasmidi?!
Tanqidmisan tanqid!
Ustozning yetmiş yoşga tölişi nişonlanayotgan kunlar edi. U kişi bilan uçraşib qolib, yangi çop etilgan “Özbegim” kitobini yayrab öqiganimni aytsam, meni hadeb maqtayversalaring taltayib ketişim heç gapmas, ora-sira tanqid ham qipturinglar, deb hazillaşdi.
– Töğri, kamçiliklaringiz ham bor, – dedim özimni tersroq tutib. – Eng katta nuqsoningiz şuki… Hm-m…
– Tortinmay gapiravering…
– Oçiğini aytsam, haddan taşqari qizğançiq şoirsiz, nihoyatda qisqa yozasiz. Öqi-i-b boramiz-u, endigina zavqimiz toşayotganida, birdaniga yakun topadi-qöyadi. Şeʼringizga töymay qolamiz.
Erkin aka nimtabassum ila közimga boqib turgaç, kökragini silab dedi:
– Umrim bino bölib, bunaqa ajabtovur dakkini endi eşitişim. Ayamay gapiravering, men ham tanqidingizga töymay turibman.
Şoirning xavotiri
Yozyovon tumanidan Erkin akaning deputatlikka nomzodi qöyildi. Saylovoldi uçraşuvlarida, qayerga bormaylik, bir taklif tez-tez takrorlanib turardi:
– Kimligingizni yaxşi bilamiz. Boşqa gapni qöyib, bizga yangi şeʼrlaringizdan öqib bera qoling!
Bu hol davom etavergaç, Erkin aka yiğinlarning birida şunday degandi:
– Ilgari töqigan şeʼrlarimni öqib berişdan osoni yöq. Mabodo deputatlikka saylansam, endi qonunlarniyam şeʼriy usulda yozib berasiz, demasalaring bas.
Havaskorga havas
Erkin akaning Nozimaxon, Mohiraxon, Fozilaxon degan qizlari bor. Xurşidbek – bittayu bitta öğil. Toşkentda endigina iş boşlagan paytlarim ustozni ziyoratlab borganimda, u kişi astoydil taklif qilib, dedi:
– Xurşidbek öğlim uçta qizning orasida zerikibroq qolyapti. To uy olguningizça, unga şerik bölib, biznikida yaşab tursangiz-çi. Gulçehra opangiz bilan maslahatlaşdik, boloxonani tugalay sizlarga beramiz.
Öta maşhur inson özini menga şu qadar yaqin tutayotganidan juda quvonib ketgan bölsam-da, biron-bir nojöya qiliğim bilan birdamas-birda ğaşini keltirib qöyişdan çöçib, hozirda yolğizqöl kampirnikida yaşab, unga dastyorlik qilib yuribman, qolaversa, şaroit şunaqangi tinçki, odamning yozgan sari yozgisi keladi, dedim.
Erkin aka buni eşitib, yelkamga qöl bosgança, jiddiy qiyofada iltijolandi:
– Jon Anvarjon, öşa kampirnikidan mengayam bitta xona topib bering!
Sovğalar, sovğalar…
Farğonada ötgan ijodiy safarimiz Yaypandan boşlandi, dastlab bir fermerning dalasidagi “Qovun sayli”da iştirok etdik. Biri biridan şirin qovun-tarvuzlarga töygandan töyganimiz yetmaganidek, mehmonxonada yersizlar, deb maşinamizga ham solib berişdi. Keyin bilim yurtlaridan birida uçraşuv ötkazdik. Qaytayotganimizda bir qöltiqdan kitob sovğa qilişdi.
Tadbir mutasaddisi navbatdagi anjuman Qöqon paypoq töqiş korxonasida ötkazilişini maʼlum qilganida, Erkin aka dösti Ötkir Hoşimovning qölini qisib, tantanavor tarzda dedi:
– Sizni oldindan tabriklab qöyaqolay, Ötkirjon. Yangi paypoq muborak bölsin endi!
Hozirjavoblik
Ustozning bir kitobiga dastxat yozdirsam, şirin tilaklar bitib, odatdagidek, “E VOH” deb imzo çekdi.
– Agar, “E V” deb qöl qöysangiz, yanayam boşqaça bölarkan, – deya hazilomuz gap yumalatdim. – “E V”ni özimizça yoymalasak, “El Vijdoni” degan maʼno çiqadi.
Erkin aka bu lutfdan zavqlanib jilmayiş bahonasida, bir-ikki sekund öylanib olgan böldi-yu, darhol javob qaytardi:
– Mundoq qaraganda, siznikiyam çakkimas – A O! Bu – alohidalikni bildiradigan “Avtonom Okrug” degani.
Boşqotirma
Pişiqçilik mahali edi. Erkin aka va turmuş örtoği Gulçehra opa bilan olis saylga çiqdik. Qöqonda, Marğilonda bölib, oxiri Oltiariqqa bordik.
Oltiariqlik rahbarlar bu taşrifdan xabar topib, tezda uçraşuv uyuştirişdi. Uçraşuvni tugatib taşqariga çiqqanimizda, “çapaki tirikçilik”ka ustamon bir kimsa karton qutiga xorijiy firma tamğasi bosilgan, öşa paytda behad tanqis sanalgan narsani maşinamiz yukxonasiga tiqayotib, bu mendan sizga sovğa, akaxonim, deya Erkin akaga ukaxonlanib iljaydi.
Har xil nusxalarga tili qisiq bölişni xuşlamaydigan ustoz öşa damda indamay qöyaqolgan esa-da, bir piyola çoy içiş uçun biznikiga kirganimizda, meni yoniga çaqirib, dedi:
– Boyagi odamning sovğasini tezda uyiga taşlab keling. Erkin akamning sizga boşqa bir iltimosi bor ekan, keyinroq aytarkan, deb könglini tinçiting.
U ança ezma odam, şoirimizning qanaqa iltimosi bölsaykin, deb suriştirişga tuşsa-çi, desam, ustoz maʼnodor jilmaydi:
– Erkin akamga bitta parovoz olib berarkansiz, deng. Ölguniça boşi qotib yuraversin.
Söng iyagini balandlatib, tebrana-tebrana kula ketdi. Behad çiroyli edi bu kulgu.
Milliy ğurur
Qöqonda ötgan bir adabiy uçraşuvda mahalliy şoir Anvar Yunusov: “Erkin aka, Armanistonga borganingizda, respublika çempioni bölgan şaxmatçini qanaqa qilib yutgansiz?” deb sörab qoldi.
Ustozning javobi juda oddiy böldi:
– Ğirt özbekça qilib yutganman!
Muammoning yeçimi
Erkin akaning har oyda bir marta bölib turadigan “gap”i bor edi. Qirq beş yil davom etib, oxiri 2016-yilning bahorida professor Umarali Normatovning oş tortişi bilan yakun topgan bu “gap”ga Xudoyberdi Töxtaboyev, Abduğafur Rasulov, Turğun Alimatov, Ibrohim Ğafurov, Rahmatilla Inoğomov, Hasanxöja Muhammadxöjayev, Karim Nazarov, Eson Lutfullayev, Neʼmatullo Ibrohimov, Ötkir Hoşimov singari donği baland zotlar aʼzo edilar.
Uşbu tovoqdoşlik sönggi nuqtasiga yetişidan uç-tört yil yil oldin Erkin aka: “Bugun men navbat beryapman, siz “tuyoq” bölaqoling”, deb meni ötirişga boşlab bordi. Öşa kuni Taxtapul şarşarasi biqinidagi restoranda bölgan ziyofatda kun tartibiga bir masala qöyilib, “gapçi”lardan bir neçasi olamdan ötib ketdi, endi safni töldiriş uçun Iqbol Mirzo, Şuhrat Rizayev, Xurşid Döstmuhammad, Hamidulla Boltaboyev, Anvar Obidjonni ham ulfatçilikka qöşsak, degan taklif kiritildi.
Restoran yoki kafelarda köpçilikka bu qadar tökin dasturxon yozişga çöntagimning doim ham qurbi yetavermasligini aytişdan iymandim-u, sizlar ziyofatga xotinlaringiz bilan kelar ekansizlar, meniki ğirt qişloqi, bunaqa aralaş ötirişlarga borib örganmagan, degan bahonani rökaç qilib, uzr söradim.
Bunday kutilmagan gapdan hamma tuyqus jimib qolgan paytda Erkin aka davraga quvnoqqina söz taşlab, vaziyatni yumşatdi:
– E, sodda bölmay keting! Bu yerda ötirganlarning bittasiyam xotiningizni tanimaydi. Bizniki mana şu deb birorta bazmbozroq ayolni köçadan yetaklab kelavermaysizmi!
Xaridorgir nom
Saksoninçi yillarning boşroği edi. Yoşlar naşriyotida Erkin akaning bir kitobi bosiladigan bölib, dovruqli şoirning asariga muharrirlik qilişdek ulkan şaraf menga hadya etildi.
Şeʼrlar, kimsan, Erkin Vohidovniki! Söz tugul, hatto birorta vergulni özgartirişga kimning haddi siğarkan?
Şunga qaramay, qölyozmani bosmaxonaga beriş orqaga surilaverdi. Boisi – muallif kunda-kunora fikrini özgartirib, topşirişga şoşmay turing, kitobga boşqaça nom qöymoqçiman, degani-degan.
– Özingizning kimligingizni özingiz bilmaysiz, şekilli, ustoz, – dedim oxiri. – Kitobingizga sarlavhaning umuman keragi yöq, şeʼrxonlarga “Erkin Vohidov” degan yozuvning özi yetib ortadi.
Erkin aka keng manglayini silab turib, mayli, unaqa bölsa, bu – sönggi özgartirişim, deya könglimni tinçlantirdi. Töplamga boşqaça nom qöygaç, xonadan çiqib ketayotib, eşik oldida ozgina töxtalib qoldi. Keyin menga öyçanlik bilan ögirilib, sarlavhaning umuman keragi yöq degan gapni jiddiy aytyapsizmi, deya, odatdagidek, sokin odimlaganiça, ortga qaytdi.
– Jiddiy aytyapman, ustoz.
– Bunaqa oson yöllari borligini bilmaganakanman, – dedi Erkin aka, közlari porpirab. – Endi şeʼr töqib ovora bölmasdan, faqat muqovagamas, içki betlargayam “Erkin Vohidov, Erkin Vohidov” deb yozib, yiliga törttadan kitob çiqaraversammikin?
Öşanda bu söz hazilga yöyib aytilgan esa-da, aslida, Erkin Vohidov degan nomning öziyoq, çindan ham, behad suyukli, juda-juda xaridorgir edi. Hanuz şundayligiça qolmoqda.
El orasida bu qadar qadrli, körganlar yoniqib havas qiladigan darajada eʼzozli böliş baxti barça-barça oydindil kişilarga birdek nasib etaversin, iloyim…
Anvar OBIDJON,
Özbekiston xalq şoiri.
1947-yili tuğilgan. Toşkent davlat universiteti (hozirgi ÖzMU)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan.
“Ona yer”, “Bahromning hikoyalari”, “Alamazon va uning döstlari”, “Ey, yoruğ dunyo”, “Masxaraboz bola”, “Dahşatli Meşpolvon”, “Bezgakşamol”, “Alamazon va Gulmat hangomasi”, “Alişer ila Husayn yoki uç dono va öğri”, “Topsang hay-hay…” kabi şeʼriy va nasriy kitoblari çop etilgan.
“Qönğiroqli yolğonçi”, “Pahlavonning öğirlanişi” kabi pyesalari sahnalaştirilgan.
“Yoşlik” jurnaliga obuna böling · indeks 822
Obuna haqida


