Yomg‘irdan so‘ng

0
61
marta ko‘rilgan.

(Hikoya)

Allamahal. O‘g‘lini o‘ylab, nabirasi bilan yotgan mo‘ysafidning uyqusi qochgan. O‘zini o‘zanda qolgan baliqday his etyapti. “Seni shu umid bilan katta qildimmi? Shu umid bilan o‘qitdimmi?  Shuncha gaplarim – nasihatlarim havoga uchganmidi, bolam? Sen shu ishni ravo ko‘rsang, tarbiyangni olgan zurriyod ertaga qanday odam bo‘ladi?”

Kechqurun ota-bola tortishib qolishdi. Mo‘ysafid  xunob. Keliniga yozg‘irib,  yuragini biroz bo‘shatmoqchi edi, u eri tomonga o‘tib qoldi.

– Qo‘ying, xafa bo‘lmang, –  dedi Shahnoz unga, yelkasidan changni mehribonlik bilan qoqarkan. – Otangizni endi ko‘ryapsizmi?

Kelinidan tasalli kutgan mo‘ysafid bo‘shashdi. Badaniga sovuq narsa tekkanday titrab ketdi. “Hm-m, bu erini ovut­yapti-ku. Mengamas, eriga dalda bo‘lyapti!”

Kelin nima dedi? “Endi ko‘ryapsizmi?”

Ha-da, bir gapni ming marta qayta-qayta gapiradagan, qarigani sayin  ezma va injiq bo‘lib borayotgan cholni Sulton endi ko‘rib turibdimi?

Shahnoz qaynotani iliq kutib olgan edi. Ko‘rgan zahoti bobosi tomon talpingan bolalarining ortidan peshvoz chiqarkan:

– Yaxshi keldingizmi, dada? – dedi ochiq chehra bilan.

Samimiy kutib olinganidan ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilgan mo‘ysafid so‘ridagi muloyim ko‘rpachalar ustiga o‘tirgach, nabiralari Umid va Naima unga yopishdilar. Shahnoz ham yoniga kelib o‘tirdi.

– Xush kepsiz, dadajon!

Ha, kelinning kayfiyati yaxshi edi. Lekin keyinroq…

Er-xotin pichirlashdilar. Shahnozning: “Birov so‘rab qolsa, rostini  gapirib berib, sharmanda qip qo‘ymasin-da, deb boladan qo‘rqqandim, dadasi. Mahmadona Umiddan! Lekin otangiz… Kelib-kelib, shu paytda kirib kelishlarini qarang!” – deyishi to‘satdan qaynotaning qo‘log‘ig‘a kirdi-yu, ko‘ngli ezilib, esankirab qoldi.

Hammasi  Sultonning hovliqib  kirib kelganidan boshlandi. U otasi bilan sarosimada so‘rashdi-yu, xotiniga yuzlanib:

– Kelishyapti, –  dedi. – Osh nima bo‘ldi?

– Hozir damlayman.

Shahnoz oshxona tomon yurib ketdi.

Mo‘ysafid:

– Kim kelyapti? – so‘radi.

– Komissiya. Sug‘urta inspeksiyadan, – javob qildi o‘g‘li.

Sulton otasining hayron qolgan nigohini ko‘rib, unga yaqinroq o‘tirdi-da:

– Eski uyning bir tomonini ag‘darvordim, – dedi ovozini pasaytirib. – Ichkari hovliga kirmadingiz-a? Yog‘ingarchilikdan qulab tushdi, deb ariza tashlab qo‘yuvdim. Ana, kelishyapti ko‘rgani.

Sulton omonatgina o‘tirarkan, noxush xabar eshitganday qotib qolgan otasining ko‘nglidan nimalar kechayotganidan bexabar, xush kayfiyatda qo‘shib qo‘ydi:

– Inspektor o‘zimizniki. Odamgarchilik qilsa, anchagina pul chiqishi mumkin. Harna-da, ota. Hech bo‘lmasa, yangi uyning shiferiga yetar? Nima dedingiz?

Avzoyi o‘zgarib ketgan mo‘ysafid: –  Nima ham derdim, – deya dardli jilmaydi. – Balli, o‘g‘lim. Barakalla!

Sulton bir seskandi va:

– Dada! – dedi o‘qrayib qararkan.

– Nima, dada?

– E, nimaning tashvishini qilyapsiz?

– Sen qilgan ishning tashvishini, bolam! Eshitgan quloq nima deydi?

– Kim bilib o‘tiribdi?

– Kim bilib o‘tiribdi, degin. Xo‘p, hech kim ko‘rmadi bu ajabtovur tomoshani. Hech kim xabardor bo‘lmadi. Lekin sen shuni o‘zingga ravo ko‘rasanmi?

Axir…

Bas. Hoziroq nazoratchi oshnangning yoniga jo‘na. Qaytarvor. To‘g‘risini gapirishga uyalsang, biror bahona top!

Gangib qolgan Sulton harakatsiz o‘tirardi:

– Tura qolsang-chi! – o‘dag‘ayladi mo‘ysafid. – Men nima dedim? Hoy,  seni halol luqma bilan boqqanman, – uning o‘ksik ko‘zlari pir-pir uchdi. – Lekin sen arzimagan harom pulni deb…

– Nima? – tutaqib ketdi Sulton.

Mo‘ysafid cho‘ntagiga qo‘l solib: – Senga qancha kerak? – degan edi,  ko‘zidan o‘t chaqnab:

– Hm-m, sizdek puli ko‘payganni… – olayib qaradi o‘g‘li.

– Menga unaqa qarama!

Sulton istar-istamas o‘rnidan turdi-da, ortiga qaray-qaray ko‘cha eshigi tomon ketdi. Darvozani sharaqlatib yopgan edi, mo‘ysafid bir qalqidi. Ancha vaqt iztirob bilan yopiq darvoza tomon tikilib o‘tirdi. Kelini yaqinlashgan edi, dardli nigohini unga qadab:   

– Zardasini ko‘rdingizmi? – dedi shikoyatomuz.

Shahnoz yerga qaradi. Nimadir demoqchi bo‘ldi, ammo botinolmadi. So‘ng qovog‘i solingan ko‘yi qaynotadan uzoqlashdi. Umidvor mo‘ysafidning ko‘ziga dunyo battar qorong‘ilashdi. Omon bo‘lgur,  bir og‘iz “xafa bo‘lmang” ham demadi-ya!

Ko‘p o‘tmay mo‘ysafid hovuridan tushdi, ammo yuragi hamon g‘ash edi. “Xafa qip qo‘yding bolani. Yotig‘i bilan, muloyimlik bilan tushuntirsang ham bo‘lardi-ku!”– malomat qildi o‘zini.

Sulton tushkun kayfiyatda darvozadan kirib kelar, nigohida “Qaytarvordim, ko‘nglingiz joyiga tushdimi?”– degan malomatomuz ifoda aks etardi. Buni anglagan mo‘ysafid: – Kechir, o‘g‘lim, – dedi xijolatli jilmayarkan.

Sulton otasining yoniga o‘tirdi.

– Dada…

Mo‘ysafid o‘g‘lining qo‘lini kaftlariga oldi.

– Qo‘y, xafa bo‘lma.  Bilasan-ku, xasdek bir “vag‘g‘” etib yonganimda  ranjitib qo‘yaman-da, ke­yin pushaymon bo‘laman.

Mo‘ysafid hammasiga o‘zi aybdorday boshini egdi va o‘ta soddalik, mehribonlik bilan davom ettirdi:

– Ha, aytmoqchi, o‘zim bersam-chi, o‘sha davlat beradiganni. Chin yurakdan aytyapman, bolam. Pulim bor.

Sulton qo‘lini tortib olarkan:

Bilaman, puldorsiz, – dedi istehzo bilan. – Lekin biroz undirsak, davlat kambag‘al bo‘p qolarmidi? Sug‘urta badalini to‘layapman-ku!

Qo‘llari muallaq qolgan mo‘ysafid tag‘in mulzam tortib: – O‘g‘lim-a… – deya boshini sarak-sarak qildi. – Nima, o‘sha pul bilan boyib ketarmiding? Muallim  bolam! Tushunsang-chi, mo‘ysafid otangni.

– Tushunyapman, dada! – ovozini ko‘tardi Sulton.

– Tushunib turib ham… – jig‘ibiyroni chiqqan mo‘ysafidning lablari o‘zidan-o‘zi tit­ray boshlagandi, o‘g‘lining:

– Hamma shunaqa qiladi! – deyishidan portlab ketdi: – Nima deding? Hamma shunaqa qiladi?!

Mo‘ysafidning avzoyi butkul buzilgan edi. “Shu mening bolammi? Muallim bolammi?”

U g‘azabini ichiga yutib, g‘amgin jilmaydi-da: – Hammani o‘z toshing bilan tortma, bolam! – dedi siniq ovozda. – Darvoqe, sug‘urtachilar kimnikida?

– Hasan kirakashnikida. Nima edi?

– Hasan kirakash ham senga o‘xshab…

– Bilmadim, –   cho‘rt kesdi Sulton. –  Boshqalar bilan nima ishim bor?

– O‘zing hamma shunday qiladi, deb aytding-ku. Boshqalar shunday qilgan taqdirdayam, sen qilma, uqdingmi? Muallimsan. Adabiyot muallimi! Adab…

Avzoyi tundlashib:

– Bas. Zor qolguring bahridan o‘tdim-ku! – baqirib yubordi Sulton. – Qutulmadimmi?!

Taom tayyor bo‘lgan ekan, Shahnoz suv olib keldi.

– Kam bo‘lmang, qizim, –  titroq qo‘llarini yuvarkan, mo‘ysafid duo qildi va kelinning  ta’bi g‘oyat tirriqligini angladi: “Bunisi ham xafa”.

Osh ham keldi. Ota-bola dasturxonga qaradilar.

Darvozani taqillatdi-yu, ostonada ko‘ringan qo‘shni bolakay: –  Sizni bir odam so‘rayapti, Sulton aka! – dedi baland ovozda.

Xuddi shuni kutib o‘tirganday Sulton darhol qo‘lini artib, o‘rnidan turdi.

U ketdi-yu, mo‘ysafid ham sochiqqa qo‘l uzatdi.

Tez ortiga qaytgan o‘g‘liga:  “Kim ekan?” deganday qaradi mo‘ysafid.

– Abbos amaki.

Mo‘ysafid taraddudlandi: –  Abbos?..  O‘rtog‘immi?

Qo‘zg‘algan edi, Sulton shashtidan qaytardi:  – Ketib qoldi, qo‘shnisining mashinasiga o‘tirib. Kiring, dedim, unamadi.

– Dadam shu yerda demapsan-da…

– Shoshib turgan ekan. Uyi – to‘yxona! Boribsiz-ku.

– Ha, boruvdim. Eh, esimdan ko‘tarilibdi! Sulton bolamga  yetkazarsan, endi o‘zi oqshom bazmiga bosh-qosh bo‘lsin, deb  iltimos qiluvdi, boyaqish. Ovora bo‘p o‘zi ham kepti-ya. Borarsan, “rais bolam?”

Otaning beozor jilmayishi Sultonga istehzodek tuyuldi va: – Xotirjam bo‘ling, bormayman, – dedi sovuqqina ohangda.

Tabassum mo‘ysafidning labida yaxladi.

– Bu nima deganing? “Rais”liging, va’zgo‘yligingga men qarshimanmi? Aksincha, faxrlanaman suxandon o‘g‘limdan.

– E, qo‘ying!

Mo‘ysafidning yuziga xavotirlik soya soldi: – Aytmoqchi, yo‘q demadingmi Abbosga?

– Mensiz ham o‘tadi to‘yi.

– Yaxshi emas. Abbosning o‘zi kepti-ya,  muhtoj bo‘lib. To‘y sensiz ham o‘tadi, lekin…

Xayolchan o‘tirgan Shahnoz:  –   Bu kishi “raislik”ni allaqachon tashlagan, ota, – dedi zaharli kulimsirarkan. – Ha, endi to‘y qayda. Ish faqat azama-aza yurish!

Mo‘ysafidning a’zoyi badani muzlab ketdi. “Nimaga shama qilyapti kelin?”

Ha, Chaman xolaning qazo qilgan kunimidi?  O‘g‘li televizor ko‘rib o‘tiruvdi, u kirib keldi.“Nega bormading? Nima, fursating bo‘lmadimi? To‘y bo‘lsa, vaqt topilardi, shundoqmi? Suxandonlik qilarding tun bo‘yi?!”

Xayollarini yig‘ib, ichida nimadir uzilgandek bo‘lsa-da, iztirobini jilovlashga tirishib, allaqanday xavotir bilan:  – Rostdan ham… borging yo‘qmi? –  dedi mo‘ysafid.

Sulton devorga qarar, yuragiga qil sig‘mayotgani sezilib turardi.

– Bilaman, kayfiyating yo‘q.

O‘g‘li ichkari tomon qadam bosgan edi: –  Bolam, – dedi titroq ovozda mo‘ysafid.

– Ha, yana nima? – og‘rinib so‘radi Sulton. Ota: “Abbosni pisand qilmaysan. Boyvachcha yoki mansabdorning to‘yi bo‘lganida “ucharding!” demoqchi bo‘ldi-yu, ammo tilini tiydi. Bechorahol do‘sti Abbos haq-hurmati:    

– Bolam, bor… – dedi yolvorgan ohangda. – O‘zi ovora bo‘p kepti-ya, qariya.  Yosh o‘tgan sari ko‘ngli nozik bo‘p ketarkan odamni. Mo‘ysafid otang ham – shu. Arzimagan narsaga  boshi osmonda, arzimagan narsaga yuragi chilparchin. Abbos xafa bo‘p qolmasin, to‘yiga bor. Boraqol, jon bolam…

Allamahalda mikrofon orqali butun mahallada eshitilayotgan kuy-qo‘shiq, tantanali so‘zlarga ulanib ketgan suxandon o‘g‘lining va’zgo‘yligi nihoyasiga yetdi-yu, mo‘ysafid yengil tortganday  “xayriyat-ey!” dedi ichida. Xotirjam uxlamoqchi edi… bo‘lmadi – kunduzgi manzara hamon ko‘z oldida jonlanar, xunobi oshib borardi. “Avlodimizda aldoqchi yo‘q edi, bolam, kimga tortding? Bergan tarbiyam, pand-nasihatlarim qayoqqa ketdi? Bolang bor seniyam. U nima bo‘ladi? Ertaga qanday odam bo‘ladi?!”

Ich-etini yeb adoyi tamom bo‘layotgan chol beixtiyor chuqur “uf” tortib, boshqa tarafga ag‘anadi-yu, Umidning ovozi qulog‘iga kirdi:

– Buva.

– E, buvang tasadduq,  – mo‘ysafid nabirasi tomon qaytdi va  uni bag‘riga bosarkan:  – Uyg‘oqmiding? – dedi mehribonlik bilan.

– Buvajon, –  dedi Umidjon bo‘g‘iq ovozda. – Xafasiz, a?

Mo‘ysafid boshini ko‘tardi va: – Yo‘g‘-e! – deya yuzida mung aks etgan nabirasiga mehrli tikildi. – Nega xafa bo‘larkanman, shirintoyim?

– Dadamlar… – bolakay yig‘lamsiragan ko‘yi bir zum jimib qoldi va: – Siz xafa bo‘lmang, buvajon! – deya bobosini mahkam quchoqladi. – Buvajon, xafa bo‘lmang!

Bunday yupatish va hamdardlik tuyg‘usini kutmagan mo‘ysafid bir nafas o‘zini yo‘qotdi. Qattiq ta’sirlanganidan ko‘ziga yosh keldi.

– Buva?!

– Ha bolajonim?

Bolakay yuragi dard-hasratga to‘la bobosining lablari titray boshlagani, ko‘zlari jiq-jiq yoshga to‘lganini sezdi-yu: – Mayli, – dedi.

– Nima?

– Buvajon, yig‘lab oling.

– Nega… yig‘larkanman, bolam? – dedi bobo tutila-tutila. Ovozi titrab chiqdi. Butun vujudi qaltirar, qattiq hayajondaligi sezilib turardi.

Mo‘ysafid o‘zini tutolmadi – yig‘ladi. O‘ksib-o‘ksib, unsiz yig‘ladi. Biroq bu uzoqqa cho‘zilmadi – sharros quyilayotgan yomg‘ir birdan tinib, bulutlar tarqalib, quyosh charaqlaganday yuragi ravshan tortdi. “Bu bola… boshqacha. Bu odam bo‘ladi!”

Tabassum qildi mo‘ysafid. Ko‘zlarida yosh jilolayotgan bolakayning ham yuzi yorishib: – Ana endi menga so‘z bering! – dedi.

– So‘z beray? Nima deb?

– Boshqa hech qachon ko‘zimga yosh olmayman deb! Yig‘lamaslikka so‘z bering, buvajon!

– Xo‘p, so‘z beraman! – hozirgina yig‘lab o‘tirgan mo‘ysafid endi beixtiyor kular, nabirasining yuziga yuzini bosgancha g‘alati entikardi. U mamnun jilmayarkan, tor kulbadan yorug‘ dunyoga, musaffo havoga chiqqanday bo‘ldi – o‘zanda tipirchilab qolgan baliq o‘zini daryoi ravonda his etar, yengil nafas olardi bamisoli. – Senday aqlli bolajonim bor ekan, ko‘nglim to‘q. Xavotirim tarqaldi, Umid!  Xursandman. Hamisha shunday kulib yurishga va’da beraman, jon bolam. O‘g‘lonim!

 

Muhammad ShODIY

 

1959 yili tug‘ilgan.

Xo‘jand davlat universitetini tamomlagan.

“Yurakda qolgan muhabbat”, “Ikkinchi bahor”, “So‘xdaryo sadosi”, “Lolazor”, “Sajdagoh” kabi nazmiy va nasriy to‘plamlari chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.