Abdulla Oripov xotirasiga

0
253
marta ko‘rilgan.

Usmon AZIM

O‘zbekiston xalq shoiri

 

Marsiya

Bolalikdan men ham she’r deb yongan edim,

Ne qilarim bilmay ba’zan tolgan edim,

Oripovdan qarzga olov olgan edim –

Bu qarzimni bugun aytsam, halol bo‘lgay.

 

Har bir so‘zni ko‘ngil bilan tergan edi,

A’moli ham, taqdiri ham she’rdan edi,

Iste’dodni unga xudo bergan edi,

Banda desak, haqiqatga malol bo‘lgay.

 

Tobelikning qo‘rqinchlari hali bisyor.

Dillarida, tillarida ming iftixor:

“O‘zbekiston Vatanim”, deb aytgan ilk bor –

Bu mard zotning mardligidan til lol bo‘lgay.

 

Garchi ajal iltijoga ko‘nmas edi,

Bilamiz-ku, asil shoir o‘lmas edi,

O‘limga ham Vatan sizni bermas edi,

Ajalni yot yurtda yengmoq mahol bo‘lgay.

 

Ko‘z yoshlarim oqayotir nolam uzra,

Shoir – parvoz so‘zda kechgan har dam uzra,

Vohkim, uchdi tobuti ham olam uzra –

Bu parvozlar mangulikdan bir fol bo‘lgay.

 

Og‘ajonim, so‘zda g‘amni shoshirgayman,

Hasratimni qatlariga yashirgayman,

Sizni yolg‘iz xudovandga topshirgayman,

Endi o‘zga so‘z demaklik zavol bo‘lgay.

 

Bu yil dillar vidolarda kuyib o‘tdi,

Vaqt yig‘idan o‘pka-bag‘ri to‘yib o‘tdi,

Ne zotlarni qaro yerga qo‘yib o‘tdi,

Kimga javob, kimga bu hol savol bo‘lgay.

 

Vido aytdim, vido aytdim, vido aytdim –

Bu she’rimni aqlu hushdan judo aytdim,

Zarra qo‘rqmay, margu hayot aro aytdim –

Voh, vidoning qadlari ham ming dol bo‘lgay.

 

 

Iqbol MIRZO

O‘zbekiston xalq shoiri

 

Shoir vafotiga

Bu yil og‘ir keldi O‘zbekistonga,

Sadafdek durlarim to‘kildi qator.

Chig‘atoytepaga shudringdek tomgan,

Hali qurimagan ko‘zyoshlarim bor…

 

Alvido, muhtaram Abdulla Orif!

Garchi ajal bermas hech kimga omon.

Vale shoirsiz el g‘aribdan g‘arib,

Shoirga tosh otgan millat – olomon.

 

G‘iybat qilib to‘kdik gunohingizni,

Sizdan qolgan maydan mayda xo‘plashib.

Muhtasham hayotdan bezdirdik Sizni,

Goh yakka tartibda, ba’zan ko‘plashib.

 

Kimdir qayta-qayta topar asolar,

Uni kosov qilar boshqa g‘o‘r banda.

Ha, kazo-kazolar va hokazolar

Hushyor tortar edi Sizni ko‘rganda.

 

Siz bilan yuzma-yuz qolsak nogahon,

Yodga solardingiz kimligimizni.

Kecha ne sababdan edigu biyron,

Bugun ne sababdan jimligimizni.

 

Rost so‘zni aytmoqlik mushkulligi rost,

Go‘zal oh tortmoqqa yurak kerak, oh!

Tafakkur shiddati Navoiyga xos,

Temurbekka oid bu qattiq nigoh.

 

Bol tomizib maqtab asarlarini,

Shoirni bundayroq ko‘rguvchilar bor.

Tutun purkab haydab asalarini,

Asalni o‘ymoqlab urguvchilar bor…

 

Oqibatni o‘ylab chekdingiz alam,

Gina, o‘kinchingiz beg‘araz tamom.

Maqsadingiz – zavol topmasin olam,

Odamga yarashsin inson degan nom.

 

Sizga oshno bo‘ldim bolalik kezdan,

Sizdan ranglar oldim so‘zimga ayon.

El qatori qarzdor edim men Sizdan,

O‘zimning armonim o‘zimga ayon…

 

Bahri muhit to‘lqin urar yolvorib,

Yulduzlar yo‘l qarar javdirab ilhaq.

Mendan rozi bo‘ling, Abdulla Orif,

Sizdan rozi bo‘lsin Hokimi mutlaq.

 

 

Xurshid DAVRON

O‘zbekiston xalq shoiri

 

Shoir xotirasiga

Yashil bahor olib kelgandi uni,

Yoz daryo bo‘yida suvga zor etdi,

Qahraton yonida yurdi har kuni,

Nihoyat suygani – kuz bilan ketdi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.