Ay, fuzul yuragim, Qichqiriqni qo‘y…

0
83
marta ko‘rilgan.

* * *

Quyundek aylanur idishda qahvo

Shaharning ko‘ziga qo‘na boshlar chang.

Deraza ortida quyuq mojaro –

Boradir kun va tun o‘rtasida jang…

 

Men seni o‘ylayman, g‘izolim!

 

Kiradir janggohga oy qo‘shinlari,

Qarolig‘ urilur shashti nujumga.

Chaqmoqdek zulumot ko‘ksini yorib,

Bashashvor bulutlar o‘tar hujumga!

 

Men seni o‘ylayman, g‘izolim!

 

O‘jar tun sulhga ko‘nmaydi chog‘i,

Kunchiqar tomonga yo‘llaydi josus.

Ilinib qoladir oyning o‘rog‘i

Tillarang zardoli shoxiga tuyqus…

 

Men seni o‘ylayman, g‘izolim!

 

Ko‘zimdan jilmaydi munis qiyofang,

Baribir xulosam uzlatga kotib.

Baribir tinmaydi bu muqaddas jang,

Baribir zardoli ostida yoti-ib,

 

Men seni o‘ylayman, g‘izolim!

 

 

* * *

Sollanar shotutning barglari,

Shaharning uyqusi bug‘lanar.

Kishvarim,

Savsarim,

Qaysarim,

Yelkamni keltirdim –

Yig‘lama!..

 

Banoras bulutlar bir sipo,

Tomchilar havoda tig‘lanar.

Shundog‘am fususim behisob,

Yelkamni keltirdim –

Yig‘lama!..

 

Xayolning sochlari

sarsari

shamolning shavqida dog‘lanar.

Ey maning ko‘zyoshi kavsarim,

Yelkamni keltirdim –

Yig‘lama!..

 

Adirda aprelning naysoni

Taqmoqda sabuhiy sirg‘alar…

Shabnamim,

G‘izolim,

Sha’bonim,

Yelkamni keltirdim –

Yig‘lama!..

* * *

Men oshiq emasman

va yoki shoir,

Deyishim ham qiyin “raso insonman”.

Bir dam o‘zingizni o‘rganmoq uchun

Sizga yuborilgan parcha imkonman.

Kulasiz.

Ranjiysiz.

Tuyasiz tahqir.

Men chidab beraman bari-bariga.

Hamma havas bilan qaraydi axir

Umrida ko‘rmagan havo shariga.

Ba’zan bug‘lanadi tafakkur bahsi,

Yechimlar janglarning homilasidir.

Ehtimol sevgi ham sevgimas asli

Hissiy xohishlarning hosilasidir…

Men oshiq emasman

Va yoki shoir,

O‘rganib yuribman dunyoni, xolos.

Menga taqdim etar bir olam fikr,

Bir qadar ziddiyat,

Qatra ehtiros.

Fe’lim shu –

Barchaning zavqiga hokim

Bo‘lmoq ilinjida aytmoq qo‘shiqlar,

Ammo bir pand bersa menga biror kim,

Unga yopiladi barcha eshiklar!

Poyonsiz bo‘shliqda adashar idrok,

Obro‘ deb ruhingni qiynamoq nechun?!

Menga hamroh kerak fikru zikri pok

Eng toza turkular kuylamoq uchun!

 

 

* * *

Hali siz gullarni o‘pganingiz yo‘q,

Bir malak sochini hidlamadingiz.

Daryolar bo‘yida chopganingiz yo‘q,

Yarim oy ko‘ksini butlamadingiz.

G‘ozlarni quchoqlab yig‘lamoqni ham

Ochig‘i, xayolga keltirmagansiz.

Tovonni qitiqlab turganda ko‘klam

O‘pkani havoga to‘ldirmagansiz.

Adirda entikib chopmoq qayoqda,

Kashtador o‘tovda qimiz simirmoq,

Qayoqda uzangi ilib oyoqqa,

Turkona qirlarda qirg‘iy qidirmoq?!

Hali siz dunyoga kelganingiz yo‘q,

Hali siz go‘daksiz

va yoki holsiz,

pastqam bir kulbada beshon, behuquq,

alahsirab yotgan mudroqi cholsiz!

Uyg‘oning, birodar, uyg‘oning endi,

Qisirlatib tashlang umurtqalarni,

Qilichday yigitlik mag‘ribga enib

ketganda,

bir tutam umr qolarmi?!

 

 

YOLG‘IZLIK

 

Shamlarni yoq.

Maktub – stolda.

Maktubni yoq xijolat qilmay.

Tasvirimni chizib xayolda,

Bir lahza jilmay…

 

Musiqa.

Yarqiroq g‘urubdan

Vujudimga o‘rmalar farah,

Chayqatib, chayqalib turibman –

Qo‘limda qadah!..

 

Barmoqlarim botar pushtirang

Libosing chirmashgan belingga.

Avval yerga qaraysan arang

Va menga…

 

Yelkamdan sirg‘alar qo‘llaring,

Atringga liq to‘ladi o‘pkam.

Menga qanday jodu yo‘llading –

O‘pganim-o‘pgan?!

 

Butun umr yashashga shoshdik,

Kipriklardek yaqindir visol.

Bir lahzada mangu tutashdik –

Shu holingda qol…

 

Shahriyor Shavkat,

Respublika yosh ijodkorlarning Zomin seminari ishtirokchisi

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.