Muhabbat ahlidan ko‘hna va o‘lmas bir masal bo‘lg‘ay…

0
60
marta ko‘rilgan.

* * *

Yorijon jonimni yoqmish “Yor-a”lab,

Yoralaydur bir qarab kun oralab.

 

Kun aro kunduz xijil orosidan,

“Husnidan bersin zakot”, – der zoralab.

 

Zora rahm etsa bu qotil ko‘zlari,

Mardumi umrimni tashlar qoralab.

 

Qoralaydurman sifotiga qog‘oz:

“Yo‘qdur armonim – bosar bir bora lab!”

 

Boradirman qo‘lda may, ko‘nglim alast,

Qo‘ymagaymanmumikin ovvoralab?

 

Bo‘lmasin ovvora, Anvar, bormayin,

Ne qilarman ketsa ul: “Ey, bor-a”lab.

 

USTOZ ERKIN VOHIDOV G‘AZALIGA MUXAMMAS

 

Muhabbat ahlidan ko‘hna va o‘lmas bir masal bo‘lg‘ay –

“Ichiga ishq o‘ti tushsa, kishi hushdan ozar bo‘lg‘ay”.

Dilim ozurdadur, yordan qayon fursat nazar bo‘lg‘ay,

Seningsiz menga kom yo‘qdur, asal totsam zahar bo‘lg‘ay,

Sening birlan shirin so‘zim, zahar yutsam shakar bo‘lg‘ay.

 

Xayol etsam gugurt yanglig‘ olovlangay g‘arib ko‘ngil,

Yonib bo‘lgach egar boshimni g‘am-anduh bo‘lib zambil.

Yonarman asta-asta, yonishim ham har qachon bir xil,

Yuzingga bir umr boqsam, to‘yurmu ko‘z, qonurmi dil,

Na undan belgi paydo-yu, na bundan bir asar bo‘lg‘ay.

 

Ayo ko‘p bora aytdim menga yorning har so‘zi malham,

Yuzi malham, o‘zi malham, tag‘in qilgan navozi ham,

Pariro‘yim, anisim, dilbarim, yorim, qilur va’dam –

Ikki yor vaslini istab, ikki ishq so‘zin eshitsam,

Ikki ko‘zim ko‘ru, ikki qulog‘im mayli kar bo‘lg‘ay.

 

Ne aylay, qay mahal boqsam jamoling tursa ko‘zguda?

“Nadir holing?!” – debon tinmay mazaxlab, kulsa ko‘zguda.

Bu nedir, har kecha zulmat sochingni o‘rsa ko‘zguda?

Tirilsa nogahon Farhod, yuzingni ko‘rsa ko‘zguda,

Kechib Shirinidan yuz yil ko‘yingda darbadar bo‘lg‘ay.

 

Ne ham derdim, majolim yo‘q, sening izmingdaman butkul

Zabonim bud, jahonim kul, vujudim butu ruhim kul,

Va le Anvarga rohatdir, muhabbat, ishqu hijron – shul

Muhabbat nogahon dilda yozib kurtak, ochibdi gul,

Umidvor Erkining, jono, bu guldan bir samar bo‘lg‘ay?!

 

Anvar JABBOROV,

Respublika yosh ijodkorlarning Zomin seminari ishtirokchisi

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.