Bahor yo‘lda – kelyapti

0
205
marta ko‘rilgan.

 ORALIQDA

 

Yer yuzidan qoniqmay, qonmay
Koinotda kezar xayolim.
O‘ylarimni bir pulga olmay
Yonginamda yashar ayolim.
Qadrlidir menga xayolim,
Ozurdadir bundan ayolim.

Tuyg‘ular mo‘l bo‘lar, she’r bitsam,
Tangrim meni yaratdi hischan.
Hislarim ortidan ketsam, 
Uyda yolg‘iz qoladi qizcham.
Nega arzir tuyg‘u-hislarim
O‘pkalasa mendan qizlarim?

Kemtigidan dunyo ko‘rinar,
Shoir dilim, o, sulton ko‘nglim.
Yolg‘izliging ba’zan bilinar,
Ko‘nglim kabi yagona o‘g‘lim.
O‘g‘lim, desam, torinar ko‘nglim,
Ko‘nglim, desam, og‘rinar o‘g‘lim…

 

            Dunyo ta’rifi

 

Dunyo – barno yigit, mag‘rur va bashang,

Bir ayol qoshida boshin egmaydi.

Dunyo – go‘zal bir qiz, erka-yu satang,

To qiyomat qadar erga tegmaydi.

                   AVTOPORTRET


Qirq yil urush kechgan mamlakat – tanda
Bir necha oydirki, tinchlik hukmron.
Tuyg‘u shahid ketgan omonsiz jangda,
Orzu surgun bo‘lgan, fikr – toshbo‘ron.

Yurak – poytaxt, qonga botirilgan – jim,
Qalb saroyi endi misli sovuq g‘or.
Ko‘ngil ko‘chasida ko‘rinmas hech kim,
Ishq qo‘shini butkul etilgan tor-mor.

To‘qlikni baxt bilgan qorinda – bayram,
Yo‘qsil a’zolarning sotqin, boyrog‘i.
Shahvat lashkarlari qilichin qayrar,
Tobora yuksalar g‘aflat bayrog‘i.

Oyoq – taslim bo‘lgan ikki muzofot,
Qo‘llar – qurib qolgan ikkita daryo.
Vujud xilqatini tutgan qo‘sh ofat – 
Ishonch va jur’atdan bo‘lgan mosuvo.

Endi hudud – shayton mustamlakasi,
Tomir – ariqlarda oqar mute’ qon.
Haq hamda huquqning chiqmaydi sasi,
Erksizlik evazi – mo‘l-ko‘lchilik… non.

Lekin o‘sib yotar rangpar soch-soqol,
Sartarosh siridan voqif qamishday.
Qaysi fotih shoxdor, qay biri – to‘qol,
Ajabmas, bir kuni so‘zlab bersa nay. 

Butkul yakson bo‘lgan mamlakat – tanim, 
Balki biroz erish, bu tashbeh, timsol.
Lekin ochiq ketar ko‘zlarim manim,
Yog‘iy yo‘lolmagan darvoza misol!

AYOL


Quyosh sizni aylanib o‘tar,
Chehrangizga ko‘zgu tutar oy.
Yulduzlar bor – yo‘latmas xatar,
Yer – siz uchun tiklangan saroy.

To‘rtta ko‘ylak sizga – to‘rt fasl,
Bari sizga birday yarashar.
Ohori sal ketsa bittasin,
Ikkinchisi bilan almashar.

Shamol – sizning yelpig‘ichingiz, 
Gul-rayhonlar sizdan bo‘y olar.
Haydasangiz, yetar kuchingiz,
Tog‘lar – charchab cho‘kkan tuyalar.

Bari ezgu narsa siz uchun,
Bor mavjudot bilan ahilsiz.
Tushunmayman, nimaga, nechun
Faqat bir men sizga daxlsiz?

                  * * *

Muhrlanib qolgan yodiga,

Ixtiyorsiz pichirlar behol.

Mahzun boqib o‘z hayotiga,

Sherim o‘qib yig‘lar bir ayol.

 

So‘z to‘ldirar ko‘ngil bo‘shlig‘in,

Ohang qalbni band etar darhol.

O‘ksiklarning umumqo‘shig‘i –

Sherim o‘qib yig‘laydi ayol.

 

Baxtsiz bo‘lib qoldi bexosdan,

Qo‘qqis unga yuzlandi zavol.

Izlaganin topib qog‘ozdan

Sherim o‘qib yig‘ladi ayol.

 

Ko‘ngil yig‘lar, ko‘ndirolmayman,

Yozsam – tinchir, boshqasi – malol.

Men-ku, sizni kuldirolmayman,

Yetar o‘qib yig‘lasa ayol.

 

 

Odil Og‘a

 1968-yili tug‘ilgan.

Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning o‘zbek filologiyasida tahsil olgan. “Ilova” nomli she’riy to‘plami  chop etilgan.

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.