Dunyoni tutmoqda yaproqlar hidi

0
64
marta ko‘rilgan.

MUHABBATGA KO‘M DILNI…

 

Hazrat Alisher Navoiy haykali poyida

 

Ey, Farog‘at, poklan sen, Navoiy poyini o‘p,

Meningdan kech, “men” deya zalolatga botgan ko‘p,

Tomiringda tomir otsin, avliyolar otgan cho‘p,

So‘zga jon baxshida et, jonga so‘z baxshida et.

Dilim daryo desang-u, hayqirib oqolmasang,

Oy nuridan so‘z elab, chaqmoqdek chaqolmasang,

Yuragingni har lahza ming karra yoqolmasang,

Vatanimni sevaman, deganingdan nima naf?..

Muhabbatga ko‘m dilni, yolg‘on dunyo chekinsin,

Shuuringga kuy insin, ashklaringdan gul unsin,

Olovga aylan, sachra, zarrangda tog‘ ko‘rinsin,

Xalq g‘amin chek, g‘amingni ko‘targuvchi shu xalqdir.

Xalqdirki – To‘marisning qasosida tirilgan,

Xalqqa bormoqqa abad Haq yo‘lidan yurilgan.

Yuzlarga hur Vatanning nasimlari urilgan,

Sen uni ko‘rinmagan yovlardan qo‘ri, har on.

Menam shoirman deysan, bunchalar oson deysan,

Oybek tilga kirsa-yu, “hayf” desa nima deysan?..

G‘afur G‘ulom, Zulfiya yig‘lasa nima deysan?..

So‘z uchun o‘zingdan kech, so‘z kechmay turib sendan…

Ey, Farog‘at, poklan sen, ulug‘lar poyini o‘p…

 

* * *

“Kitob –Toshkent” poyezdi jilar,

Havoda chayqalib ingranar ochun.

Kutishdan umid yo‘q,

Kuzatish o‘lim,

O‘zimni batamom unutganim chin.

Poyezd tutqichiga umrim shiddati

Osila-osila, uzilgan kezlar.

Yuragim yoshlari kiprigimgamas,

O‘tli relislarga tizilgan kezlar.

Na-da sevilmoqqa,

Na-da sevmoqqa,

To‘zg‘in xayollarim bermagan imkon.

Qo‘llarimdan ushla, yetakla zamin,

Nafas olmog‘imga yordam ber osmon.

Qor yog‘sa bitarmi

Qon oqqan yaram?..

Vokzal – ko‘zlarimday huvullab borar.

O, uning ketishi, so‘zsiz ketishi,

O‘quvsiz tabibdek ko‘ksimni yorar.

Shunda ham kutaman,

Lekin u haqda,

Biror kimsa xabar, bir so‘z aytmaydi.

Tushimda poyezdlar qaytar har sahar,

Lekin u hech qachon qaytmaydi.

 

 

SHODA-SHODA BAXTDAN…

 

Mezon shamolida toblab hislarni,

Saxiy kuz yo‘l soldi chanqoq bog‘larga.

Yurtma-yurt uchirib moviy qushlarni,

Chinorlar qo‘l cho‘zdi azim tog‘larga.

Orzular qizardi anoryuz bo‘lib,

Umidlar joy oldi hilol yonidan.

Ariqlar oqdilar o‘pkasi to‘lib,

Olmalar rang oldi ko‘ngil qonidan.

Shoda-shoda baxtdan egildi shoxlar,

Bulutlar tashrifi endi g‘am bo‘lmas.

Ilhom buloqlari qaynagan mahal,

Noklardek to‘kilish – shoirga havas.

Dunyoni tutmoqda yaproqlar hidi,

Yulduzlar ko‘zida sirli iymanish.

Bu oqshom, g‘arq pishgan satrlar aro

Zaminga viqor-la mamnun boqar qish…

 

 

QADIMIY OHANG

Chaqmoqning hur qiziman,

Qanot berdi dovullar.

Har silkinsam, uyg‘onar

Mudroq bosgan ovullar.

Yorning qo‘li yetmagan

Taqim sochlarim – tovus.

Kiprigimda nur o‘ynar,

Oltin baliq, gul hovuz.

Tom boshida o‘ltirib

Osmonga otgandim so‘z,

Shamollarning labida

Pora bo‘ldi chanqovuz.

Bobotog‘ qirlarida

Payhon bo‘ldi lolalar.

Yorni yorga kuzatib,

Qilgandirman nolalar.

Suvda yongan shu’lalar

Ko‘rpamga quroq bo‘ldi.

Yor keldi deb uyg‘onsam,

Tutganim firoq bo‘ldi.

Bulutlarning sochida

Arg‘imchoq uchdim, yorim.

Binafshaning bargidan

Chimildiq bichdim, yorim.

Sutday tiniq oqardi

Yoshligimning daryosi.

Qay tomon adashtirdi

Shamollarning dunyosi?

Ay dunyo, hur-hur dunyo,

Farog‘atim olding sen.

Ajab qildim, men sevib,

Ortda yolg‘iz qolding sen.

Ay dunyo,

Tutqun dunyo…

 

 

LOLA SAYLI

Shamol chiqdi lola sayliga,

Qizardi yangi oy yuzlari.

Chashmalarning iliq suvida

Soch yuvadi qishloq qizlari.

 

Qonatarkan qirlar bag‘rini

Quyosh nurlarining sinig‘i.

Kechib o‘tar tog‘ tomon oqshom,

Loyqalanar suvning tinig‘i.

 

Bulutlarni panalab boqar

Oy aksidan qamashgan ko‘zlar.

Lolalarga qo‘shilib oqar

O‘n sakkizga kirmagan qizlar…

 

Farog‘at XUDOYQULOVA

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.