Bo‘ronlar tinchidi – yelkamda…

0
20
marta ko‘rilgan.

          * * *
Bag‘rimga bosaman,
titrog‘ing
qo‘ynimda o‘rmalar ilondek.
Ertaklar so‘zladim bir olam,
xuddi yosh boladay ishonding.
Lablaring nenidir pichirlab
aytadir asrlik rozlarin.
Dunyoni mehrga to‘ldirib
sevganing haqida so‘zlading.
Nigohlar – quvlashib bir-birin
axiyri topishgan bolalar.
Bo‘ronlar tinchidi – yelkamda
sochlaring asta tin oladi.

                      * * *
Yashillik o‘rmalar zaminda,
yashildir, oh, jonim yashildir.
Ertaga ochilar, aminman,
gullarni bag‘rimga yashirdim.
Daraxtlar uchida yongan u
uyg‘onmoq zavqini angladim.
Nega jim turibsan sen hanuz,
nahotki hislaring zangladi?
Ko‘ksingni sapchitmas nahotki
g‘unchalar ochilish bonglari?
Mudragan ruhingni uyg‘otgin –
uyg‘onib ketolsin tonglaring.
JALOLIDDIN

Dukurlarga to‘ladi dara,
Shamol tarar otimning yolin.
Bo‘ronlardan o‘zishim sara
Lolalarning olar xayolin.

Ot yeldirib boraman shitob,
Ilg‘anadi olisdan sohil.
Boshga tashlab oq sharfin betob
Yo‘taladi tog‘laram gohi.

Bunchalar tez uradi yerning
Laxta qonga to‘lgan yuragi.
Nechuk tindi na’rasi sherning,
Majaqlandi alpning kuragi?

Hoy, damingni ichga yutmagin,
Bor mador-la hayqirgin, dengiz.
Baski, ko‘kdan umid kutmagin,
Yotaverma endi jim, dengiz!

Yerni mahkam quchadi maysa,
Bossang cho‘zib oladi qo‘lin.
Shu zaminni sevar ko‘paysa,
Har baloning topilar yo‘li.

Dukurlarga to‘ladi osmon,
Bir zalvorli kuch bo‘lar bunyod.
Ot yeldirib borayotirman,
Ozgina jon saqlab tur, Dunyo!
 

 

Otabek ODIL,

Oliy adabiyot kursi magistranti

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.