Qanotlar parvozi ayirar hushim…

0
11
marta ko‘rilgan.

Oneginga

Mening ne haqqim bor, so‘ylar unim bor,
Sensiz yolg‘izlikda o‘tgan tunim bor.
Bu dunyo gohida bizga bo‘lib tor,
Sensiz ado bo‘ldim, gado bo‘ldim men.

Seni suysin, mayli, suysin sanamlar,
Bizdan-da go‘zallar, qoshi qalamlar.
Bildim, suymaganga yo‘qdir salomlar.
Xatlar yozmamoqqa va’da berdim men.

Nega shuncha jumboq, tushunmas kishi?
Bizni adashtirgan taqdirning ishi.
Sen-la muhabbatim – eng shirin tushim
O‘ngidan kelar deb xato qildim men.

Senga xat yozmayman, qasam ichdim men!..


* * *
Yolg‘iz kecha, muncha yolg‘iz –
Qishning suvaydo kechasi.
Sencha yolg‘iz, mencha yolg‘iz –
Cho‘zildi yaldo kechasi.

Yolg‘iz kecha, muncha yolg‘iz –
Qishning qoraqosh kechasi,
Ming-minglab yulduz kechasi,
Ming-minglab ko‘zyosh kechasi…

Oqqushim 

Toshkent bog‘larida uchratdim seni,
Qanotlar parvozi ayirar hushim.
Yalt yetib qarayman, izlayman seni,
Meni izlab uchib kelgan, oqqushim!

Bir ovuldosh bo‘lib keldingmi yurtdan? 
O‘ngidan kelganday mening chap tushim.
Bergin qanotlaring ko‘zimga surtay,
Amu yoqdan uchib kelgan, oqqushim!

Yonginamda qarab-qarab suzarsan,
Meni unutmabsan, senga olqishim.
Faqat tor shaharga qandoq sig‘arsan,
Keng Orolga sig‘may qolgan, oqqushim!

 

 

* * *

Tangrim, meni nega unga oshiq etding,

Oshiq etib, yuragimni qo‘shiq etding.

Diydorin bir ko‘rish uchun suyganimning

Bu dunyodan kelar mening kechib ketgim!

 

Yo‘llarida poyondozlar bo‘loyin men,

To‘zon bo‘lib so‘qmog‘ida qoloyin men,

Yuzlariga, ko‘zlariga qo‘noyin men,

Tangrim, meni shamollarga sochib ketgin!

 

Yuragimning osmonini suygan sezim,

Shu kiborni suyub qolib kuygan o‘zim.

Qo‘llaguvchi, yo‘llaguvchi yolg‘iz o‘zing,

Tangrim, endi uni menga oshiq etgin!..

 

Abadan TURDIMURATOVA,

Oliy adabiyot kursi magistranti

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.