Sirot kabi nozikdir taqdir

0
83
marta ko‘rilgan.

* * *

Osmon bilan yerning orasi
buncha qisqa, bunchalar qisqa. 
yurak bilan dilning orasi
balogardon hamma yumushga.

kunlar bug‘doy donasi kabi
sitiladi ongingda bir-bir. 
nozik ekan tunlarning ta’bi, 
sirot kabi nozikdir taqdir.

termiladi ko‘kda bitta ruh,
balki uning nomi erur Oy
va o‘sha ruh beradi shukuh,
shukr, chindan mavjuddir Xudoy.

men bormanki, borlig‘im tilsim, 
tirikligim misli chaqindir. 
men bilaman, mehribon o‘lim
Har nafasim kabi yaqindir.

osmon bilan yerni ayirmoq — 
ajratmoqdir bandani Haqdan. 
yurak bilan dilni ayirmoq — 
ajratishdir etni tirnoqdan.

men yermanmi va yoki osmon —
umr oqib bormoqda sokin. 
osmon bo‘lib zamindan pastman, 
zamindirman osmonga yaqin.

 

 

* * *

Ketmang dedi, uzoq yalindi.
Men o‘zimni soldim lohasga.
Yuragimning yarmi tilindi.
Va o‘zimni tashladim pastga.

Tez orada qaytaman dedim.
Zirqirardi har bitta tolam.
Men o‘shanda juda yosh edim.
Ko‘rinmasdi ko‘zimga bolam.

Qaytaman deb so‘z bering, dedi.
Nimanidir hayqirib aytdim.
Qaytdim,

qaytmoq ko‘p og‘ir edi.
Men o‘zimni yo‘qotib qaytdim.

Endi vijdon qiynaydi meni.
Qanday chiqay, axir, bu jardan.
Ne farqim bor ming va
da berib.
Urushdan qaytmagan askardan?

Ketmang dedi, qolsaydim shu tob.
O‘ylarimning bari havoyi.
Bolam – she’rim, yalingan – kitob.
Faqat chorlagandi Navoiy.

 

 

* * *
Tushlarimga kirasiz tinmay – 
Shu hayotdan o‘rganganingiz. 
Yashayvering sira o‘ksinmay, 
Yolg‘on – yaxshi ko‘rganlaringiz.

Ammo Sizga behad tashakkur, 
Menda taqdir gunoh-savobi. 
Siz o‘zimdan begona qilib, 
Tanitdingiz menga Xudoni.

Gohi shodman, gohida tushkun, 
Umrim uzra nedir yopgansiz! 
Menga azob berib kun-u tun 
Nima derdim rohat topsangiz.

Aldar ekan ko‘ngil ham ba’zan, 
Yolg‘onlarning ustida jamman. 
O‘z ko‘ngliga quloq solib so‘ng
Birinchi pand yegan odamman.

Men bilaman, sizda ham qon dil, 
Tushlarimga kirasiz tinmay. 
Xudo, axir, hammadan odil, 
Yashayvering sira o‘ksinmay.

Rosti, Sizni yaxshi ko‘raman, 
Axir, siz ham menga ko‘z tikkan. 
Ikki olam aro Siz menga
Ko‘zmunchoqsiz o‘zi ko‘zikkan.

 

 

BO‘YQIZ HAQIDA SHE’R

 

To‘rt fasl bu ko‘cha menga qadrdon,

Mana, necha yilki sabrimni sinar.

Oddiy somonshuvoq bo‘lgan xonadon

Qishda ham ko‘zimga issiq ko‘rinar.

Bir kunda ming marta o‘taman bundan,

Sababin hech kimga aytmayman dangal.

Xotirjamlik ketar. Har kuni tunda

Bu uy o‘ylarimga soladi changal.

Har manzilga eltar yaqinroq yo‘l bor,

Lekin oshiq tersga borganin ko‘ring.

Nima qilsin, shu uy qilsa gar xumor,

Nodon oyog‘idan horganin ko‘ring.

Bahona topilmas ochiqdir darcha,

Ne holga tushyapman kun o‘tgan sayin?

O‘ligi bor bir kun yig‘laydi, garchi

Jinnisi bor har kun yig‘lashi tayin.

Axir, tushayapman mana ne ko‘yga?

Nechun o‘zni buncha qilyapman sayyor.

Hech kimsa sezmaydi, axir, bu uyda

Bo‘yi tandirdan past, bo‘y yetgan qiz bor!

 

 

* * *

Dardlarimni ichga yutdim hammasini,

Butun umr go‘yo azob tortgandayman.

Ko‘tarolmay o‘z aksimning hamlasini,

Ich-ichimdan nurab borayotgandayman.

 

Bilmaysiz-da, menda mayda dardlar emas,

Olamshumul iztiroblar bergan iz bor.

Hayotimda faqatgina gardlar emas,

Olamlarni qamal qilgan bitta qiz bor…

 

Dard g‘aribi, yuz sorig‘i bo‘ldim netay,

Es-hushimdan, bor-yo‘g‘imdan qilgin judo.

Ich-ichimdan nurab borayotganimda,

Ich-ichimda meni bunyod ayla, Xudo!

 

Shavkat ODILJON

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.