Umrimni sharobday simiradi vaqt…

0
153
marta ko‘rilgan.

Feruzaga

Kiprigimni vatan qilgan qushlar uchdi,
Namozshomni bedor kutib tushlar uchdi.
Aqlim uchdi… Sarkashlanib hushlar uchdi,
Qadamlarim og‘irmidi, Feruzajon?

 

Ruh suyansa, xarsanglarga dard yetarmi,
Soya o‘lsa, mozor topmay kun o‘tarmi.
Ozor bermay, ozor topmay ishq bitarmi,
Yo‘llarimiz chag‘irmidi, Feruzajon?

 

Sen suyangan oqshomlarning yelkasi tosh,
Men intilgan dunyolarning ro‘yosi fosh.
Qarog‘ingdan shodlik topmay, qarog‘im g‘ash,
Umidimiz sag‘irmidi, Feruzajon?

 

Nimpushtirang tirnog‘imda xatlarim bor,
Tishlarimning kovagida dodlarim bor.
Bu dunyoni bir she’r etib yodlarim bor,
She’rli tonglar sohirmidi, Feruzajon?

 

Tovonimga yopishgan loy xatodandir,
Tun ingrog‘in doyasi kuy satodandir,
Xudodandir, Qismatimiz Xudodandir.
Avvalmidir, oxirmidir Feruzajon.

 

                                 * * *

Xayolingni yoqib qo‘yibman shiftga,

Xonamga kirolmay darg‘azab oqshom.

Faqat manov daraxt uxlashim kutar,

Ildizin kovlaydi ertalabgacha.


U kenglik istaydi, hurlik istaydi.

Mag‘ribni, mashriqni bilgisi kelar,

Suluvga aylanib, joniga aziz

Kimningdir tushiga kirgisi kelar.

 

Armonimiz bitta,

Orzuimiz bir.

Umrimni sharobday simiradi vaqt.

Sening ildizing bor, mening yuragim,

Ayt, kimning qismati og‘irroq, daraxt.

 

* * *

G‘am quyilgan qadahman,
Qismatning panjasida.
Chayqalarman beomon
Bir ishq iskanjasida.

Ruhim – tuproqning tushi –
Ildizi cho‘g‘ ichgan gul.
Daraxtlarning yodiga
Tushov solmish tahayyul.

Barglar qo‘rquvga cho‘kkan,
Soyalarga inmish jon.
Qaylardadir yashar u,
Xuddi mendek bemakon.

Oyning kulgichlaridan
Sizib chiqar o‘lik tun.
Yulduzlarning ko‘zidan
Isyon elanar beun…

Men gunohman, tavbam – u,
Usiz yuzim qarodir.
Yashin tushgan tut kabi
Umrim kuyib borodir!

O, sahih tushlarimdan
Esib o‘tgan hur nasim.
Nahot uni tanimas
Bu dardsevar qismatim?!

 

Madina Norchayeva

1995 yili tug‘ilgan.

Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti talabasi. Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari ishtirokchisi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.