Har giyoh atrida jannatiy ifor

0
113
marta ko‘rilgan.

YuRTIM DEGAN HAR MARDNING

 

Yurtim degan har mardning chirog‘i hech so‘nmagay,

Bog‘boni bor chamanning yaprog‘i ham so‘lmagay.

Duo olgan omondir, qarg‘ishdan o‘zing asra,

Kimki eldan ayrilsa, ko‘karmagay, unmagay.

 

Mard yigitning qilgani aytganiga mos kelar,

Tili birla ishi bir, asli mardga xos kelar.

Bahodirlar jangda ham dushmaniga rost kelar,

Vatan uchun jon bergan o‘lganda ham o‘lmagay.

 

G‘urur yerda yotmaydi, bozorlarda sotilmas,

Nogohon yo‘qotsang gar, nomusu sha’n topilmas,

Bir burda non topilur, asl Vatan topilmas,

Ko‘zni tuproq to‘ldirur, ungacha hech to‘lmagay.

 

Dilda himmating bo‘lsin hech qursa chumolicha,

Yeganga tog‘ chidamas, rizq kelmas o‘z holicha,

Bu omonat dunyoni qabul etgin boricha,

Omad qushi yelkangga behudaga qo‘nmagay.

 

Nasibang bo‘lmas ekan, suv ham o‘tmas tomoqdan,

Rizq qo‘shilsa ajabmas, kelgay Shomu Iroqdan,

Asli jonfidolikni o‘rgansaydik Shiroqdan,

Hech kim dunyoga ustun bo‘lolmagan, bo‘lmagay.

 

Har qarich tuprog‘idan taralgan hushbo‘y Vatan,

Tinch-osuda kunlarga yarashadi to‘y, Vatan,

Ko‘ngillarda ezgulik, yaratuvchan o‘y, Vatan,

O‘zbek elim mehrdan boshqasiga ko‘nmagay.

 

KERAK BO‘LSIN

Іayot otli uzun-uzun karvon ketar,

Bilolmaysan manziliga yetmas, yetar,

O‘, birodar, taqdiringni Xoliq bitar,

Faqat dilda ezgu orzu, tilak bo‘lsin,

Har bir inson bir-biriga kerak bo‘lsin.

 

Halovatsiz par yostig‘ing toshdek bo‘lar,

Birov moli minnat to‘la oshdek bo‘lar,

Asl do‘stlik kiprigu ko‘z, qoshdek bo‘lar,

Do‘sting bo‘lsa, yo‘g‘ingda ham tirgak bo‘lsin,

Har bir inson bir-biriga kerak bo‘lsin.

 

Muhabbatdan yaralgandir asli olam,

Hayot zavqi ishq atalmish sehrda jam,

Ey, sheryurak, ey, ko‘zlari ohu sanam,

Ursa faqat sen deb urar yurak bo‘lsin,

Har bir inson bir-biriga kerak bo‘lsin.

 

Ota-onang bilan ko‘rkam uying to‘ri,

Ular mehri quyosh kabi qalbing qo‘ri,

O‘g‘ling bo‘lsin, qizing bo‘lsin, ko‘zing nuri,

Mardu maydon ichra g‘olib bilak bo‘lsin,

Har bir inson bir-biriga kerak bo‘lsin.

 

UMRIMIZ

Bir piyola choy ichgulik,

Fursatda o‘tdi umrimiz.

Vo darig‘, ko‘zni ochib –

Yumguncha bitdi umrimiz.

 

Or talab, izzat talab,

Zebu zar, dunyo tilab,

Ko‘zni ochsak, ertalab

Uzlatga ketdi umrimiz.

 

Anglamay sirni biroq –

Uyimizda shamchiroq,

Ota-onadan yiroq

Qaylarga yetdi umrimiz.

 

Tutab borar, umr – sham,

Qilmadik xotirni jam,

Kimga shodlik, kimga g‘am

Baxshida etdi umrimiz.

 

O‘zidan o‘zga panoh,

Yo‘qligin bilsak-da, oh,

Goh savob, gohi gunoh

Qo‘lini tutdi umrimiz.

 

 

KO‘ZTUMOR BO‘LAYLIK

Dunyo havas qilgan qadimiy diyor,

Har giyoh atrida jannatiy ifor,

Ajdodlardan meros zo‘r shiddati bor,

Ko‘z tegmasin desak, shunday oshyonga,

Ko‘ztumor bo‘laylik, O‘zbekistonga.

 

Bobolar yuzida tabassum, viqor,

Momolar so‘zida ajib sehr bor,

Hur Vatan qo‘ynida yashar baxtiyor,

Muqaddas tuprog‘i har bir insonga,

Ko‘ztumor bo‘laylik, O‘zbekistonga!

 

Tadbirkor, mirishkor, har ishga qodir,

Tinchlik qo‘riqchisi, o‘ktam, bahodir,

Yigitlari tanti, qizlari botir,

Shu elni burkaylik, sharafu shonga,

Ko‘ztumor bo‘laylik, O‘zbekistonga!

Qishloqlar jamoli shaharga tengdir,

Odamlari sodda, fe’li ham kengdir,

Biri yoqa bo‘lsa, birisi yengdir,

Fidoyi mehnati sig‘mas dostonga,

Ko‘ztumor bo‘laylik, O‘zbekistonga!

 

G‘anim bor, kir izlar tirnoq ostidan,

Qo‘rg‘onni asraylik uning qasdidan,

O‘zbeklar kechmagay sodiq do‘stidan,

Hushyor bo‘l, qaraylik atrofga, yonga,

Ko‘ztumor bo‘laylik, O‘zbekistonga!

 

Ulug‘larning ruhi qo‘llagay bizni,

Asrab-avaylasak hur yurtimizni,

Shaxd ila bosaylik, munosib izni,

Qo‘lni-qo‘lga berib, hozir, shu onda,

Ko‘ztumor bo‘laylik, O‘zbekistonga!

 

Jahongir Sharofboyev

 

1975 yili Sirdaryo viloya­tida tug‘ilgan.

O‘zbekiston Milliy universiteti (avvalgi ToshDU)ning jurnalis­tika fakultetini tugatgan. “Ko‘zim qarog‘ida surating”, “Ota hovlim” kitoblari chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.