Mag‘lubiyat

0
38
marta ko‘rilgan.

 (Hikoya)

Zo‘r tomosha ko‘ramiz deb kelganlarning hafsalasi pir bo‘ldi. Birinchi davradayoq kurash “alanga olmay, cho‘g‘ligicha” qoldi.

Ikki polvon yarim soatlardan beri bir-biriga suyanib tomoshabinlarni zeriktirib yubordi.

– Ajratib yuboringlar, juda lapashang bolalar ekan!

– Nurali polvon chiqmasa, kurash qizimaydi.

– Nurali chiqsin!

Nurali endigina yigirma besh yoshga to‘lgan, ammo shu paytgacha yelkasi yerga tegmagan polvonlardan edi. El bekorga uni maydonga chorlamayapti. Nurali davrada aylandiyu, lekin talabgor topilmagani uchun yana qaytib joyiga o‘tirdi. Kurashaman deb kelganlarning ko‘pi undan yiqilgan, hammasining alami ichida…

El takror-takror talab qilavergandan keyin bakovul Nuralini yana davraga chorladi. Qo‘lidan ushlab maydonda aylantirib yurdi.

– Nurali polvonga talabkor bormi? – dedi u davradagilarga yuzlanib.

Hech kim chiqmadi. U bilan bir kurashsam, armonim yo‘q, deb kelganlar odob saqlab jim turishardi. Bir payt orqa qatorda o‘tirgan yigitcha o‘rnidan qo‘zg‘aldi.

– Men kurashaman!

Hamma unga qaradi. U chayirgina, miqti bir yigitcha, katta polvonlarga xos belgilari sezilmasdi.

Davrada kimdir hazil qildi:

– Voy-bo‘-o‘y, Alpomish-ku, bu!

– Polvonni yamlamay yutadi-ku, – deya yana birov xiringladi.

Nurali polvon ham nopisand qarab turardi. Uning beparvo jilmayishi yigitchaning g‘ujuriga tegdi.

– Men go‘daklar bilan kurashmayman, – dedi Nurali bakovulga eshittirib.

– O‘z tengini topib bellashsin.

– Qo‘rqayapsizmi? Ochig‘ini aytavering, – dedi haligi talabgor Nurali polvonning nafsoniyatini oyoq-osti qilib.

– Polvon irg‘ib o‘rnidan turdi. Jahldan burun kataklari pir-pir uchdi.

– Bo‘pti, o‘zingdan o‘pkala, bolakay.

Bakovul ularni elga tanishtirdi. Talabgor qo‘shni qishloqlik Dilshod ekan.

Kurash boshlandi.

Talabgor Nurali polvonning belidan tutarkan, shivirladi:

– Qo‘shnimiz, Nafisa opa sizga salom aytdi.

Endigina raqibni siltab otishga cho‘g‘lanayotgan polvonning bilaklari bo‘shashdi. Dilshod paytdan foydalanib yana pichirladi:

– Men uchun yiqilib beradi, deb aytdi.

Nurali polvon butkul sarosimada qoldi. U chindan ham qo‘shni qishloqlik, maktabda muallima bo‘lib ishlaydigan Nafisada ko‘ngli bor edi.

Raqibi o‘sha qizning ismini tilga olarkan, butun a’zoi badanida yoqimli titroq qo‘zg‘aldi. Nuralining allanechuk dovdirab turganini sezgan Dilshod dadil hujumga o‘tdi-da kutilmaganda raqibini “qo‘sh chil”ga oldiyu, chalpak qilib yerga urdi.

– Halol! – deb yubordi bakovul.

– Halol! deya davra dengizday chayqaldi.

Nurali polvon ikki qulochini yozgancha yerda yotar ekan, raqibiga ko‘z qisib qo‘ydi: “Yengding ukam, yengding!”

 

* * *

Sovchilar mahzun, dillari xufton bo‘lib qaytib kelishdi.

– Nima gap, ona? – deb so‘radi betoqat kutib o‘tirgan Nurali.

– Senga tegmasmish, o‘sha Nafisang, – dedi xola chuqur tin olib. – G‘irrom polvon ekansan.

Onasi Nuraliga achingannamo tikildi.

– Menga qara, bolam, sen qaysi kuni kurashda, kimgadir yiqilib beribsanmi?

– Men…men… – chaynaldi Nurali.

– Qo‘ygin, ko‘p kuyinma, – dalda bo‘ldi xolasi – senga undan ming karra yaxshisini topib beraman.

– Menga boshqasi kerak emas! – beixtiyor qichqirib yubordi Nurali tashqariga otilar ekan.

U to‘g‘ri Dilshod polvonnikiga yugurdi. Polvon yo‘lda tajanglashib ketar ekan, negadir hamma unga qo‘lini bigiz qilib ko‘rsatayotgandek, barcha uning ustidan kulayotgandek tuyuldi. Tomog‘iga qandaydir achchiq narsa kelib tiqildi.

Dilshodni chaqirtirdi. Ko‘p o‘tmay o‘sha raqib beparvo chiqib keldi.

– Aldadingmi? – deya uning yoqasidan ushladi Nurali g‘azablanib. – Ayt, nega yolg‘on gapirding?

– Polvon aka, sizni aldamasam bo‘lmasdi. Karim akaning qizi Surayyoda ko‘nglim bor. U agar sizni yiqitsam, menga tegishini aytdi.

Nurali polvon beixtiyor kulib yubordi. Ikkisi daraxt yoniga yonma-yon o‘tirdi.

– Ko‘rding, – dedi Nurali polvon atrofga o‘g‘richa alanglab. – Polvonmiz, deymizu, lekin hammamiz muhabbat oldida mag‘lubmiz…

 

 

Ma’mura TO‘RAYEVA

2001 yili Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan.

Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari ishtirokchisi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.