Kimnidir, baribir intiq kutasan…

0
103
marta ko‘rilgan.

TUG‘ILGAN KUNIMDA

Umr – yoydan uchgan o‘qqa o‘xshaydi, 
Yigirma sakkiz bor yoyni tortdim men.
 
Gohida topganim yo‘qqa o‘xshadi,
Gohida mo‘ljallab oyni otdim men.

Katta nishonlarni ko‘zlab qo‘ygandim,
Negadir hammasi zumda yo‘qoldi.
 
O‘zing ayt, qaygacha yetadi sabrim,
 
Rabbim, sadog‘imda qancha o‘q qoldi?

BETOBLIKDAGI O‘YLAR

Issiq jon emasmi, kutmagan payting
Og‘riq zabt etadi butun tanangni.
Bosh qo‘yib bolishga turolmay qaytib
Yodingga olasan faqat onangni.

Ammo xavotirga tushmasin deb u,
Qancha darding bo‘lsa, ichga yutasan.
Xasta ko‘zlaringga kelmaydi uyqu –
Kimnidir, baribir intiq kutasan…

Yolg‘izlik qaynatar battar bu qonni,
(Mehr kutar ekan odamzod doim).
O‘zing ijaraga bergan shu jonni
Ijara uylarda olma, Xudoyim.

* * *
Ikkiga ajratding qora sochingni,
Bir yon Amu bo‘ldi, bir yon Sirdaryo.
Ushbu nahrlarga tikkanicha ko‘z
Xayol surib turar mo‘ysafid dunyo.

Asta upa surtding nafis yuzingga,
(Yuz emas, jannatiy ikkita makon)
Movarounnahr – birining nomi,
Biri nurli manzil – go‘zal Xuroson.

Sening ko‘zingdagi gavhar emas, yo‘q,
Ikkita yulduzdir – so‘nmas, charog‘on.
Agar Zuhro desa birin munajjim,
Yana biri so‘zsiz atalgay Cho‘lpon…

Chashming yulduz bo‘lsa, qora qoshing – oy –
Azon aytgan balki ko‘z tikib Bilol.
Hech zamon osmonda turganmi yovuq
Bir-biriga o‘xshash ikkita hilol?

Sen hozir dunyoning bir chekkasida…
Men ham bir chetini etganman ishg‘ol.
Tobora uzoqlab bormoqda, qara
Bizning yuragimiz – yap-yakkash Orol

 

 

Husan Maqsud,

Oliy adabiyot kursi magistranti

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.