“Quloqsiz” bolalarga Meni qiling tavsiya…

0
99
marta ko‘rilgan.

SABZI QO‘SHIG‘I

Quyon meni, aftidan,
Ko‘proq yeb qo‘ygan chog‘i.
Bo‘yi o‘sish o‘rniga
O‘sib ketdi qulog‘i.

Ustozlarga maslahat:
Yurmangiz afsus, deya,
“Quloqsiz” bolalarga
Meni qiling tavsiya.

SARIMSOQ


Do‘stlarimdan hech biri,
Mos kelmaydi didimga.
Chunki qochar barisi,
Chidolmasdan hidimga.

Nima qilsam ekan deb,
Juda ko‘p o‘yga toldim.
So‘ng bozordan eng xushbo‘y,
Atirni sotib oldim.

Endi chiqmas noxush hid,
Chindir aytgan so‘zlarim.
Keling, endi boshqatdan
Do‘stlashamiz, do‘stlarim.
LAYLAK

Shanba kuni ertalab
Bozorga tushdi Laylak.
Sotib oldi o‘ziga
Bejirim qizil ko‘ylak.

Lekin shimga kelganda
Omadi hech chopmadi.
O‘ziga mos birorta
Loyig‘ini topmadi.

EHTIYoTKOR SHILLIQQURT

Shilliqqurt
Ey silliq qurt,
Nega mudrab yurasan.
Kosachangni o‘zing-la,
Birga sudrab yurasan?

Men ham hamma qatori,
Yashay deyman to‘g‘ridek.
Lekin barcha hayvonlar
Tuyuladi o‘g‘ridek.

Shuning uchun xavfsirab,
O‘yga tolib yuraman.
Kosachamni o‘zim-la
Birga olib yuraman.

 

Azamat Xudoybergan,

Oliy adabiyot kursi magistranti

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.