Neki yaralibdi, ishqdandir paydo…

0
69
marta ko‘rilgan.

Ey sen…

Men g‘am darslarida g‘amxona oldi,
“A’lo”ga to‘lgan, qara, mana bu manglay.
Mana bu chiziqlar Taqdir imzosi…
Umr daftarimga yarashgan qanday?..

Sen, yaxshisi, menga kuylashni o‘rgat,
Yonishni o‘rgatgin, kuyishga o‘rgat…
Ikki dunyomga ham yetsin sabog‘ing,
Meni ham o‘zingdek suyishga o‘rgat…

O‘tma, yo‘q… Qaytmagin o‘zga darsingga,
Ularni aytmoqqa yetmaydi dodim…
Barcha sabog‘ingni o‘rgandim, ammo
Faqat ishq bobida yo‘qdir savodim,

 

* * *

Yozolmayin ikki jumla so‘z,

Barmoqlardan sirg‘alar barmoq…

Yurak yutib, tashlolmasdan ko‘z,

Qiyin hatto sen tomon bormoq.

 

Afsun o‘qir ko‘zingdagi g‘am,

Sehrlanib til kelmas so‘zga.

Qo‘y, qarama, qaramay men ham,

Oshkor bo‘lmas dildagi ko‘zga.

 

Sukutlarda yashaymiz faqat,

Sukutlarda ayb-u ismatim.

Yuragimda bittagina xat –

Sening isming – mening qismatim.

 

Amudaryo

Hislarni hovuchlab otyapman senga,
Yolg‘iz bir sirimni sotyapman senga,
Tinglagin irmoqlar bo‘lmasdan ayro,
Yuragimdan oqqin, ey Amudaryo…

Men bilan ufqqa boqdi umidim,
Kuyingda mavj bo‘lib oqdi umidim,
Axir, sen tanhosan, axir, men tanho,
Yuragimdan oqqin, ey Amudaryo…

O‘ngimga aylanmas og‘riq tush bo‘lma,
Holimni bilmasdan holi xush bo‘lma,
Qovjiroq qalbimni qaqshatdi sahro,
Yuragimdan oqqin, ey Amudaryo…

Kelbati kekkaygan g‘ururlarni qo‘y,
Sof bo‘lmasa, soxta sururlarni qo‘y,
Neki yaralibdi, ishqdandir paydo,
Yuragimdan oqqin, ey Amudaryo…

  

Javlon Yaxshiboyev,

Oliy adabiyot kursi magistranti

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.