Qush tilida so‘zlar ko‘zlarim…

0
140
marta ko‘rilgan.

* * *

Har kechada kechikmas udum –

uyqusidan uyg‘onadi tun.

Ruhim tinmay potirlar hozir,

Yolg‘izlikka yasalmish yakun.

 

Derazani egallaydi oy,

Devor esa tislanar ortga.

Ko‘k chayqalar, go‘yoki kimdir

Yelkasiga dunyoni ortgan!

 

Yel keltirar osmon atrini,

Ko‘zim to‘qnash kelar farahga.

Yuragimda aylangan kalom

talaffuzda aylanar baxtga…

 

Va peshonam yozig‘i bilan

Imzolayman – yer yuzi guvoh!

Lablarimdan sirg‘alib ketar

Ko‘zlarimga ko‘milgan gunoh!

 

* * *

Har kun…

Chiqillaydi soat boricha,

Yasolmaydi o‘zidan baxtni.

Irg‘itaman o‘rgimchak kabi

Bilagimga ilashgan vaqtni.

 

Xayolimga cho‘kaman og‘ir,

Kuragimga savol botadi.

Tiz cho‘kaman yurakka oxir

Va ko‘ksimdan tonglar otadi.

 

Qush tilida so‘zlar ko‘zlarim,

Hovuchimga to‘ladi isming.

Ko‘zyoshimga inadi titroq,

Yo‘lga do‘nar savdoyi jismim…

 

Shunda gullar oyning nigohi,

Devorlarga zabon bitadi.

Va daraxtlar uyqu aralash

Ko‘zlarimga kirib ketadi.

Har tun…

 

* * *

Yaxshiki, xotirang bor,

Unda sen baxtli –

Mendan ayamaysan shirin so‘zingni.

Va haddim sig‘adi har kuni tongda

suratingga kulib salom bergani…

 

Ovozing axtarib qolgan shu kunlarimda

moychechak ifori yoqadi menga.

balki bu ifordan yaralgandir

sening ovozing!?

 

Toshkent avaylaydi hatto meni ham,

Bag‘ritosh deganlar biroz yolg‘onchi,

Axir, asrayapti bag‘rida seni…

 

Har kech tushlarimda yig‘lasam,

moychechak ifori taralar.

Baribir uyg‘ongim keladi tongda,

Sen mavjud Toshkentni ko‘rgani…

 

Feruza Xayrullayeva

1993-yili tug‘ilgan.

Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari ishtirokchisi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi  tomonidan “Birinchi kitobim” ruknida “Qaqnus parvozi” nomli she’riy to‘plami chop etilgan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.