Ko‘ksing yaxshilikka yuz ochsa agar…

0
545
marta ko‘rilgan.

Adashgan xat

 

“Yuragimni qamragan sog‘inch,

Har nafasda eslayman sizni.

Hatto tunlar uxlolmayman tinch,

Tushlarimdan izlayman sizni.

 

Jodu kabi tortarkan mehr,

Xat yozarman bedor tunlarim.

Sog‘inganda ortarkan mehr,

Shukr, yaqin diydor kunlari…”.

 

Har haftaning yakshanbasida

Takrorlanar oddiy odat bu.

Bir yigitdan rafiqasiga

Jo‘natilgan o‘ninchi xat bu.

 

Bu gal biroz bocdimi g‘aflat,

O‘rtada xat tashuvchi qushni,

Xotiniga yozilgan bu xat

Onasining qo‘liga tushdi.

 

Xotin o‘zi bilan ovora,

Na er, na xat bilan ishi yo‘q.

Ammo bugun bu keng dunyoda –

Onasidan baxtli kishi yo‘q.

 

Bizga aql o‘rgatma, demang,

Bir shoirni telba atashib.

Xat bitganda onanggizga ham

Yozib turing, mayli, adashib…

 

 

Sevsang…

 

Sevsang sevgin-da, axir,

Senga mast yigitman-ku.

Alpomish bobomday bir

Zabardast yigitman-ku.

 

So‘zing yo‘qmi so‘zlarga,

Ko‘mma dilni muzlarga.

Har xil ishva-nozlarga

Sotilmas yigitman-ku.

 

Kelgin, tanga jon kelsin,

Somon yuzga qon kelsin.

It tugul, arslon kelsin,

Qopilmas yigitman-ku.

 

Ey qalbimning quyoshi,

Bo‘l bir umr yo‘ldoshim,

Sendan o‘zgaga qoshi

Qoqilmas yigitman-ku.

 

Oshiqlaring bo‘lsa jam,

Barini yenggay bu dam.

Oltin shamshir kelsa ham,

Chopilmas yigitman-ku.

 

Ketsam Tohirday oqib,

Qolma hushingdan og‘ib.

Kunduzi chiroq yoqib

Topilmas yigitman-ku…

 

 

Tilak

 

Sen uchun oddiy hol bo‘lishi mumkin,

Zavol bilmay o‘sib-uning, deyishsa.

Lek nima qilarding do‘xtir yo folbin:

Bu sening oxirgi kuning, deyishsa?

 

Balki ko‘zlaringga yosh to‘lib bu on,

Vasiyat yozishga kirishgaydirsan.

Balki eshitganim yolg‘on deb, yolg‘on,

O‘zingni aldashga tirishgaydirsan.

 

Yoki gado kelsa eshiging chertib,

Boringni unga shu zahot berarsan.

Balki miskinlarga savob bo‘lar deb

Sadaqa berarsan, zakot berarsan.

 

Yo og‘ritgan bo‘lsang kimningdir qalbin,

Borib undan uzr so‘rarsan balki.

Yo ziyorat etib volidang qabrin,

O‘sgan tikonlarin o‘rarsan balki.

 

Suygan taomingni pishirib balki,

Ko‘zingga yosh olib yegaymisan yo.

Vujudingda ajib shijoat qalqib,

Bir boshga – bir o‘lim, degaymisan yo.

 

Umrida kalima keltirmagan zot

Balki sajda etib duo ham o‘qir.

Kelajak avlodlar aylar deya yod,

Kimlardir o‘ziga yodnoma to‘qir.

 

Bir umr chekishga qarshi kurashib

Yashagan tamaki chekadi balki.

Kimdir kimlargadir nafi tegar deb

Mehr bilan nihol ekadi balki.

 

Balki o‘tkazay deb bu kunni shodon

Kimdir mayxonaga bosar qadam ham.

Yomonlik qilgisi kelmaydi bu on

Hatto dunyoda eng yovuz odam ham.

 

Agar shunday o‘tsa oxirgi kuning,

Ko‘ksing yaxshilikka yuz ochsa agar…

Unda oxirgisi bo‘lsin har tuning,

Har kuning so‘ngisi bo‘lsin, birodar!

 

 

Yor ketadi…

 

Yor ketadi ot ustida yot bilan,

Yot yorimni olib ketar ot bilan.

Taqdir ekan deya unga baxt tilab,

Kuzataman faryod bilan, dod bilan.

 

Yoz yomg‘iri junjiktirar tanimni,

Sezdirmayman unga og‘ringanimni.

Go‘yo olmoq istaganday jonimni

Nigoh tashlar ko‘zlari jallod bilan.

 

To‘y kechasi yayrab o‘ynagan ham men,

Oq libosga boqib to‘ymagan ham men,

Qadah to‘la jomni qo‘ymagan ham men,

May do‘st ekan yuragi barbod bilan.

 

Ketib qolgim kelar qorli tog‘larga,

O‘zim kabi mag‘rur, orli tog‘larga,

Malikamni yodga solmas yoqlarga,

Qanday yashay, axir, buncha yod bilan.

 

To‘y ham tugar, hamon o‘sha-o‘shaman,

Na yig‘layman va na haddan oshaman.

Kulibgina u-la vidolashaman,

Go‘yo vidolashganday hayot bilan.

 

Yorim ketar ot ustida yot bilan,

Yot yorimni olib ketar ot bilan.

O‘sha otning tuyog‘iga men tentak

Taqa qoqib edim belda bod bilan…

 

Iftixor XONXO‘JAYEV

1991 yili tug‘ilgan. “Birinchi kitobim” loyihasida “Uyg‘oq yurak”, so‘ngra “Hayot kuyi” nomli kitoblari nashr qilingan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.