Sochilib ketaman og‘riqqa, she’rga…

0
286
marta ko‘rilgan.

* * *

Kelmang, menda hech narsa yo‘q,

Topa olmaysiz…

Ruhimda faqat xazonlarning shitirlashlari…

Men shunday mavhumman, xayolday mavhum

Ko‘nglingizga uraman birdan.

Azobman, o‘ziga sig‘magan lahza

Sochilib ketaman og‘riqqa, she’rga.

Tuningizni baribir qilmayman xushbaxt,

Kuningizda quyoshdek jaranglamasman.

Azobga sochilib sokin tortgan dunyoman,

Yodingizni kezib yurgan xayolparastman.

Kelmang, menda hech narsa yo‘q,

Topa olmaysiz,

Ruhimda faqat xazonlarning shitirlashlari.

To‘kilib-to‘kilib sokin tortgan dunyoman.

 

 

SAROSIMA

 

Go‘yo kimdir kelgan meni so‘roqlab

Yoki kimdir ketgan manguga tashlab.

Shunday sarosima qo‘ynida bu tun

Hamma narsa ostinustin yurak ichida.

Yo sen kelgansan-u, ketgansan zumda.

Sen ruhimni yoqqan mangu sarosimasan.

Men esa sig‘inib yashayman oyning nuriga

Va senga dosh bergum, ey sarosima,

shu xira yorug‘ning saboti bilan.

Va men seni sevarman shundoq xatarli,

Har lahza sevarman

Qayg‘u va quvonchning juda uzun hayoti bilan.

 

 

* * *

Onajon, men shahardan boraman sizga,

O‘ylarim ichidan kelaman yelib,

Men sizga bir sokin dunyo eltaman,

Quyoshlar, daryo, to‘fonlar

Ul sokin dunyoga urilgan kelib.

Ul daryoga oqqan achchiq yoshingiz,

Ul to‘fonda mening qahrim, kurashim,

Bir quyosh sizga hech eltmagan quyoshim.

Men sizga bir sokin dunyo eltaman.

 

Tillaniso ESHBOYEVA,
Respublika yosh ijodkorlarning Zomin seminari ishtirokchisi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.