Olamni to‘ldirar bir ishq sog‘inchi…

0
459
marta ko‘rilgan.

YOMG‘IR

 

U meni chaqirar:

darchamdan bir ifor kirib keladi,

Buvimning, bobomning mehrining isi.

 

U meni kutadi:

Men shoshib chiqaman huzuri – ko‘chaga,

Olamni to‘ldirar bir ishq sog‘inchi…

 

Biz quvnaymiz butun zaminni

To‘ldirib yuborar shodlik – tomchilar,

Kuldirib yuborar quvnoq tomchilar.

 

U meni kutadi, kutaveradi:

(Ba’zida yoniga borolmasam-da)

Tomchilar – sabotning sodiq elchisi.

 

U ba’zan ketadi, ketib qoladi,

Bulutga o‘ralib osmonga yetar.

Biroq bilamanki bir kuni qaytar –

U meni sevadi Zamindan Samoga qadar!

 

IQROR

 

Osmon rangsiz…

Namchil dardlar

Tomchi bo‘lib to‘kilar yerga…

 

Sen ketmading, mangu qolding –

Ma’yusgina bir dilda.

 

Endi shafaq qizarmas chunon

Poyim tavof aylamas

Yo‘lak…

Qaytolsaydim yoningga bir on

Derdim: “Dunmas,

Menga Sen

kerak!”

 

Osmon hamon rangsiz,

Shaffof tomchilar –

Yuzimni, ko‘zimni savalar mayin…

Bunchalar tund ekan

Bu dunyo sensiz?!

 

Yurib ketdim

Umrimdan sassiz…

 

 

TONGGA MAKTUB

 

Tongga intiq yurak

Lahzalarda to‘kilib turar.

Yetmadi senga men aytgan ertak.

Yetmabmish,

Demak, yana to‘qish kerak.

Men yasharman “Bir bor ekan”da

Bu bir qachon ikki bo‘ladi?

Qarayman to‘kilgan yuragimga va

Kelasan deb qayta tiklayman –

Bag‘ri yarim xotirlarimni.

Tunning qoq yarmi

Orzulardan armon unib chiqar,

Sabrning kosasi sharob-la to‘lar,

Aytgan ertaklarim yoyilib yurar,

Kelmasang sog‘inchim ming pora bo‘lar.

Ruhimga chulg‘anar savollar:

Tun zanjirin uzib qachon kelasan?

Nafratingdan o‘zib kelasan qachon?

Yo‘lingga intiqdir Guli Nigoring,

Qachon, qachon kelasan, ayt!?

Atrofimda sakrar qachonlar:

Ayt, qachon kelasan,

Ayt, qachon,

Qachon kelasan?

Yolvorishlar cho‘kar vujudga

Nega jarohatlaysan yara yurakni?

Sog‘inchim ekyapman yo‘lingga

Qachon nihol chiqar bulardan,

Niholni Sevinch deb atayman qachon?

Qachon ko‘raman ul gul ruxsoringni?

Iltijolar tutar dunyoni!

Kel sen. Tezroq kel, tezroq.

Qachonlarni yig‘latib kelgin.

Sabrlarim to‘kilar bamisli yaproq,

Faqat sen kel, faqat sen, tezroq!

Kelmasang gar…

Sabr kosa birma-bir sinar,

Subhidamni chilparchin qilar,

Ulug‘ daraxt – Sabotlar yonar,

Hayotning mazmuni – sevgilar yonar,

Yonar yana allanimalar…

Qofiyasiz she’rning qofiyasiz xotimasi…

Bu farahga to‘la tong

Mening g‘azabimda qolmasligi-chun,

Bularning barchasi yonmasligi-chun

Tezroq kel, tezroq,

Imillama, TONG!

Yo‘qsa…

* * *

Tun ko‘ksini parchalab chiqqan,

Yop-yorug‘ xayolga qo‘shilib oqdim.

Bargi xazonlardek chirib, uniqqan –

Tuyg‘ularimni yo‘qotdim, yoqdim!

 

Endi oq xayolga evrilib, yashab –

Tonglarning ko‘ksiga kirarman nurdek.

Yashayverar g‘amlar tirilmay, qaqshab –

Ular boqiy emas Qaqnusdek, guldek

 

Mening-chi, umrimda qirmizi, gulgun –

Afsunlar uyg‘onar, ulg‘ayar dillar.

Yashay oldimmikin jilmayib bugun,

Yashnay oldimmikin so‘nmasdan burun?

 

 BEGONALIK

 

Sargardon tuyg‘u borar

Ikkimizning oramizda.

Xo‘rsinig‘i dil yorar

Ikkimizning oramizda.

 

Berolmading, ololmadim

Qoldi hislar sargardon.

Kelolmading, qololmadim

Bo‘ldi hislar sargardon.

 

Tong otadi

Bolishing –

Xo‘rsiniqqa botadi.

Tong otadi.

Tushlarim –

Suvga hasrat aytadi.

 

Oramizda havolar…

Yot, begona navolar…

Uchramasang bo‘lardi –

Tanimasdi g‘avg‘olar…

 

Guli NIGOR

 

 

 

 

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.

This site uses Akismet to reduce spam. Learn how your comment data is processed.